Jangovar harakatlarda musiqadan foydalanish harbiy madaniyatning bir qismi hisoblangan. Bu orqali qo‘mondonlar qo‘shinni boshqarish, harbiy usullarni qo‘llash, jangchilarni ruhlantirish hamda urush jarayonlarini muvofiqlashtirishga harakat qilganlar. Turon o‘tmishining harbiy tarixi va madaniyati nafaqat yozma yoki arxeologik manbalarda, balki xalq og‘zaki ijodida ham saqlanib qolgan. Xususan, baxshilar tomonidan kuylangan dostonlarda musiqa harbiy madaniyatning ajralmas bo‘lagi ekanligi urg‘ulangan.
Dostonlarda hukmdorlar o‘z qo‘shini bilan musiqa sadolari ostida jangga tayyorgarlik ko‘radilar yoki urushga chorlov ham ayni tarzda amalga oshirilganiga guvoh bo‘lamiz. Bunda asosan, karnay-surnay hamda dovul (baxshilar shevada “dobil” deb nom berganlar) kabi musiqa asboblaridan foydalanilgani bayon etiladi. Qo‘shinning ruhiy holatiga ta’siri qay darajada ekaniga qarab musiqa asboblari qo‘llanilgan.
“Erali va Sherali” dostonida urush payti chor tarafdan karnay-surnay tortib, lashkar maydonga chiqib kelganligi aks etgan. Harbiy safarbarlik yoki jangga chiqish oldidan karnay-surnay chalinishi bu harakatning nafaqat amaliy, balki ruhiy jihatdan ham tayyorlik darajasini ko‘rsatadi. Manbalarda bu turdagi cholg‘ular xalqni ogohlantirish, lashkarga ruhiy ko‘tarinkilik baxsh etish va ramziy urush ruhiyatini uyg‘otish vositasi bo‘lgan.
“Alibek va Bolibek” dostonida esa baxshi Ergash Jumanbulbul o‘g‘li shunday kuylaydi: “Ana endi Shohpo‘lat dobilni qoqdi, surnay-karnayni tortdi, qo‘lida sarsoz lashkarni jo‘natdi. O‘zi ham otlanmoqchi bo‘lib g‘amini yeyapti. Olisroqlardagi lashkarni, amir-umarolarni otlansin-otlansin deyapti”. Dostondagi bu jumlada musiqiy harakatlar safarbarlik jarayonlarida, ya’ni qo‘shin to‘plash va urushga tayyorlash bilan bir paytda amalga oshirilganini ko‘rsatadi. Qurol-yarog‘lar kuch-qudrat belgisi bo‘lsa, musiqa asboblari urush jarayonlarida ramziy ahamiyat kasb etib, qo‘shinni ruhlantiruvchi vosita sifatida ham ahamiyatli ekanini isbotlaydi. Xo‘sh, musiqaning inson ruhiyatiga qanday ta’siri bor? Nima uchun musiqa janglarning burilish nuqtasi sifatida bayon qilingan?
Jang oldidan qo‘shinni ruhlantirish, dushmandan qo‘rqmaslik uchun chora ko‘rishga alohida e’tibor qaratilgani xususida Aristotel o‘zining “Siyosat” asarida shunday yozgan: “Bundagi sir va hikmat urushda dushmanni qo‘rqitishdir. Chunki baland va daxshatli tovushlarning inson ruhiga daxshatli ta’siri bo‘ladi”. Arablar esa boshqacharoq usulni qo‘llagan, ya’ni janglardan oldin shoirlar qator oldida turib, mardonavor she’rlar bilan askarlar qalbida shodlik uyg‘otib, qahramonlarni hayajonga solishgan va ular darhol hujumga o‘tgan.
Turkiy xalqlar hukmdorlari esa o‘z yurishlari uchun dovul, karnay, burg‘u singari asbob-uskunalar tayyorlatganlar va bular hukmdorlik ramzlaridan biri hisoblangan. Bu holat nafaqat insonlarda, balki hayvonlarda ham namoyon bo‘lib, jumladan tuyalar hud’a deb nomlangan ritmik qo‘shiq yoki otlar hushtak va qichqiriqlar bilan jo‘shqinlashadi. Orkestr musiqa asboblari bilan qo‘shin ichida turgan hukmdor atrofida saf tortib turgan va marshlar chalib, qahramonlarni ruhlantirgan.
Musiqadan jangovar harakatlarda foydalanilgani va uning urush mafkurasidagi ahamiyati to‘g‘risida “Go‘ro‘g‘li” turkumidagi dostonlarda yanada kengroq kuylangan. Buni “Gulnor Pari” dostonidagi jangoldi sahnasi aks etgan quyidagi satrlarda ham ko‘rish mumkin:
Nog‘ora, surnay, karnaylar tortilsin,
Chin polvonning shirin joni sotilsin!
Girishini sozlab oling sari yoyni,
Kamon o‘qi dushmanlariga otilsin!
Peshonada har gap bo‘lsa bitilsin!
Jang oldidan harbiy musiqa asboblari (nog‘ora, surnay, karnay) orqali askarlarni ruhlantirish, safarbar qilish holati elshunoslik jihatdan Turon xalqlarining harbiy tayyorgarlik marosimlari sifatida namoyon bo‘ladi. Nog‘ora jangga chaqirish belgisi hisoblansa, karnay, surnay esa harbiylarni ruhlantirish bilan birga hukmdorning chiqishi yoki urush boshlanishini ifodalovchi unsur sifatida baholangan. Ushbu musiqa asboblari nafaqat jangni boshlash, balki uni yakunlash vazifasini ham bajargan. Dostonda bu haqidagi ma’lumotlarni baxshi quyidagicha kuylagan:
Ayril karnay tortib endi Toy Hindi,
O‘liklarni ko‘rib behush bo‘p ketdi.
Ahmadbek ham ayril deb karnay tortdi,
Tuqqa qarab Go‘ro‘g‘libek boshladi,
Go‘ro‘g‘lini ko‘rib endi qo‘shini,
“Ayriling”, deb vaqtlarini xushladi.
Jangovar to‘qnashuvlarda jangni musiqa bilan to‘xtatilishi va ikki dushman qo‘shinning ajralishi urush madaniyatining bir qismi bo‘lib, baxshi dostonlarda o‘z ijodi orqali namoyon etgan.
Dostonlarda kuylangan ma’lumotlar Ibn Xaldunning tarixiy qaydlariga mos keladi. U “Muqaddima” asarida quyidagicha qayd etadi: “Turklar dovulga o‘xshagan asboblarga katta ahamiyat beradilar, ularning sonini ko‘paytiradilar va unga “kusvot” (ko‘s, mehtar) deb nom berganlar”.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, xalq dostonlarida “dovul” so‘zi shevada “dobil” deb talaffuz qilingan va urushning eng asosiy uskunasi sifatida bayon etiladi. “Go‘ro‘g‘li”da bu haqida aniq tasvirlar ko‘zga tashlanadi: “Alqissa, andin so‘ng, har ikki tomondan askar yig‘ilib, dobil urilib, otlar surilib, Go‘ro‘g‘li sulton bilan Shohdorshoh askarlarining jangga borayotgan chog‘i:
Avval bir karnay tortdi,
Otlar qoziqqa aylandi.
Yana bir karnay tortilganda,
Botir yigitlar saylandi.
Yana bir karnay tortilganda,
Osmon chang bo‘b g‘uborlandi.
Yana bir karnay tortilganda,
Baravar bari otlandi”.
Amir Temur va temuriylar davri haqida ma’lumot beruvchi Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asarida harbiy yurishlar jarayonida cholg‘u asboblaridan foydalanish masalasi ham bir necha bor ta’kidlab o‘tiladi. Jumladan, 1393-yilda Sohibqiron qo‘shinlarining Sheroz tomon amalga oshirgan harbiy yurishi bu borada alohida e’tiborga loyiq. Asarda qayd etilishicha, jang harakatlari boshlanishi bilan yangragan karnay va nog‘oralarning qudratli, quloqni larzaga soluvchi ovozi tog‘ yuragini yorgan, qal’a ahli nihoyat darajada qo‘rqinch va sarosimaga tushib qolgan.
Musiqaning olamni larzaga keltiruvchi kuchi haqida “Xoldorxon” dostonida shunday bayon qilingan: “Ana endi nima deysiz, Taka-Yovmitning lashkarida qancha karnay, surnay, gijjak, balabon, ko‘s, nog‘ora, g‘uburga, nay, qo‘biz, jami na’ma-surud bor edi, birdan qo‘yabordi, sado olamni buzdi. Janggir-junggir, katir-qutur, shatir-shutur, kasir-qusur, vag‘ir-shag‘ir – birdan jami na’ma-surud bor qo‘yabordi. Qrimda Xoldor shoh bilan Qaysar shohning odamlariga davur kayfi uchib ketdi, barining yuragi zir etdi, ko‘zi olarib qoldi”. Bu parchada yana bir muhim jihat shu-ki, ko‘plab musiqa asboblarining nomlari ko‘rsatib o‘tilgan. Ushbu dostonda musiqachilar guruhi bo‘lganligiga ishora qilinib, ularning faoliyati urush jarayonlari bilan bog‘liq holda bayon etilgan.
“Xoldorxon” dostonida keltirilgan musiqa asboblarining nomlari va orkestr faoliyatida xonliklar davri ta’siri kuchli ekani sezilib turadi. Dostonlarning yozib olinish vaqtini hisobga olsak, harbiy ishda musiqaning qo‘llanishi bilan bog‘liq ko‘plab ma’lumotlar xonliklar davri hissasiga to‘g‘ri keladi.
Jumladan, Xiva xonligi qo‘shinida musiqachilardan iborat bo‘linma ham mavjud bo‘lgan. Bu ixtisoslashgan harbiy sozandalar guruhi xonning saroydan chiqishi vaqtini xalqqa ma’lum qilishda, harbiy yurishdan oldin jangchilarni ko‘rikdan o‘tkazishda, jang vaqtida askarlarni ruhlantirishda, shuningdek, turli harbiy harakatlarni muvofiqlashtirishda ishtirok etgan. Bu bo‘linma tarkibida asosan karnaychi (shifurchi), surnaychi, nog‘orachilar bo‘lgan. Demak, hukmdorlarning omma oldiga chiqish jarayonlarida ham musiqa o‘ziga xos ahamiyat kasb etganligi namoyon bo‘ladi.
Xo‘sh, bu musiqachilarning vazifasi nimalardan iborat bo‘lgan? Janglarning boshlanishi va uning tugatilishi musiqa orqali e’lon qilingani hamda urushda cholg‘ularning askarlarni boshqarishdagi amaliyotini hisobga olsak, zamonaviy signalizatsiya tizimiga to‘g‘ri keladi, deb aytish mumkin.
“Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi” dostonida urushga shaylanish buyrug‘i cholg‘u asboblari orqali amalga oshirilgani qayd etiladi. “Shohdorxon podsho: – Urushga tayyorlik qilinsin, – deb amr qildi. Urush nog‘orasini urdi, karnay-surnaylarni chaldirib, lashkarini otlariga mindirib, miltiqni o‘qlab, piltani choqlab, choq bo‘ldi. Odilxon podsho ham urush nog‘orasini chaldirib, lashkarlarini choqlab otga mindirib, urushmoqqa choq bo‘ldi, ko‘ngillari to‘q bo‘ldi. Ikki taraf podsholarining urush uchun qilgan shon-u shuhratlariga yer tebrandi”, – deya Po‘lkan shoir kuylagan. Bu o‘rinda ikkala hukmdor ham qo‘shinning jangovar tayyorgarlik holatini musiqa bilan amalga oshirganligi ta’kidlangan.
Buxoro amirligiga oid ma’lumotlarga ko‘ra, sarbozlar va to‘pchilar tarkibida harbiy sozandalar ham mavjud bo‘lgan. Bo‘linmalar kesimida taqsimlangan 14 nafar nog‘orachi va 14 nafar naychidan tashqari, sarbozlar qismida yana 2 dona turk nog‘orachisi va 4 nafar karnaychi xizmat qilgan; bundan tashqari 6 nafar karnaychi artilleriya bo‘linmasi huzurida faoliyat olib borgan. Umuman olganda, qirq nafar harbiy sozanda alohida boshqaruv ostida bo‘lib, ular milliy sozandalar boshlig‘i (kapelmeyster) – yuzboshi unvoniga ega shaxs ixtiyorida bo‘lgan. Harbiy musiqachilar guruhi qo‘shinning eng muhim tarkibiy qismiga aylangan. Bundan Qo‘qon qo‘shini ham mustasno emas edi. Odatda Qo‘qon xonligida, har bir 20–30 kishilik guruhga ikki yoki uch musiqachi biriktirilgan.
Harbiy musiqachilarning musiqa asboblari do‘mbira, nog‘ora, karnay va surnaylardan iborat bo‘lgan. Musiqachilarning kiyimi boshqalardan, jumladan, askarlarnikidan ham farq qilgan. Bu haqida A. Fedchenko shunday yozadi: “Uchragan barcha askarlar orasida bizni qizil ko‘ylak, chopon va boshiga qo‘y terisidan tikilgan qora qalpoq kiyib, egari yoniga mis tarelkalarni osib olgan askar hayratga soldi. Keyin bilsak u otliq qo‘shin musiqachisi ekan”. Qo‘shin musiqasi jarangdor va serjiloligi bilan ajralib turgan. Qo‘shin musiqachisining kiyim-kechagi, musiqa asboblari va ta’minotiga xon xazinasidan mablag‘ ajratilgan. Musiqachilar jangni boshlashda, mudofaa va hujum harakatlarida, shuningdek, jangni yakunlashda bevosita qatnashgan.
Umuman olganda, xalq dostonlari o‘zbek xalqining jangovar madaniyati, urushga oid bilimlarini o‘zida aks ettiruvchi manbalardan biri hisoblanadi. Dovul, ya’ni jang nog‘orasi – dobil yoki ko‘s tarzida bayon qilinib, bu musiqa asboblari tarixiy manbalarda urushning muhim vositasi sifatida e’tirof etilgan. Shuningdek, karnay, surnay, qo‘biz, g‘ijjak kabi asboblarning qayd etilishida dostonlarga xonliklar davri harbiy voqeligining ta’siri ekanligi namoyon bo‘ladi.
Baxshilarimiz ijodi va tarixiy manbalar shuni ko‘rsatadi-ki, qadim turkiy harbiy madaniyatida musiqa faqat san’at emas, balki jang boshqaruvi va ruhiy ta’sir vositasi ham bo‘lgan. Karnay, surnay va nog‘ora qo‘shin uchun bugungi harbiy signal tizimlari vazifasini bajargan. O‘zbek xalq dostonlari milliy-harbiy tariximizni yoritishda muhim manba sifatida ahamiyatlidir.
Muxtorjon TOLIBBOYEV,
Fanlar Akademiyasi Tarix instituti tayanch doktoranti
Ma’naviyat
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Tarix
Tarix
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q