Xalq orasida oʻzbek ayollari ijtimoiy hayotga faqat Sovet davrida kirib kelgan, degan qarash tez-tez uchraydi. Biroq tarixiy manbalar bu tasavvurni toʻliq tasdiqlamaydi. Aksincha, arxiv sahifalarida bu fikrni rad etuvchi unutilgan ovozlar ham mavjud. Mukarrama otin ana shunday shoiralardan biridir.
Aslida, oʻzbek ayol ijodkorlari faoliyati tasodifiy hodisa emas, uzoq davom etgan jarayon. Oʻtgan asrlarda Markaziy Osiyo hududida Buxoro, Qoʻqon va Xiva xonliklari mavjud boʻlib, bu davr murakkab siyosiy va ijtimoiy sharoitlarga qaramay, ilm-maʼrifat va adabiyot maʼlum darajada rivojlandi. Ayniqsa, xotin-qizlar orasidan ham maʼrifatparvar va ijodkor shaxslar yetishib chiqdi. Uvaysiy, Nodirabegim (Mohlaroyim), Dilshodi Barno, Anbar otin kabi shoiralar oʻz davrida ayollar ovozini ifoda etgan muhim siymolar boʻldi.
Xususan, Anbar otin ijodida ayollarning ogʻir qismati, ijtimoiy adolatsizlik va maʼrifat masalalari markaziy oʻrin egallagan. Bu esa ayollar faqat ijtimoiy hayotdan chetda boʻlmaganini, balki oʻz pozitsiyasiga ega boʻlgan ijodkorlar sifatida maydonga chiqqanini koʻrsatadi.
XX asr boshlariga kelib esa bu jarayon yanada jadallashdi. Jadid ziyolilari xotin-qizlarning savodxonligini oshirish, ularni jamiyatning teng huquqli aʼzosi sifatida shakllantirish gʻoyasini ilgari surdilar. Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Avloniy kabi maʼrifatparvarlar ayollar taʼlimini millat taraqqiyotining muhim omili sifatida baholaganlar.
Bu davrda Toshkentda ham oʻziga xos adabiy muhit shakllandi. Ana shunday muhitda faoliyat olib borgan ayol ijodkorlardan biri — Nozimaxonim edi. U nafaqat shoira, balki oʻz davrining ilgʻor fikrli, maʼrifatparvar ayollaridan biri sifatida tanilgan. Nozimaxonim rus va tatar tillarini bilgan, davriy matbuotni muntazam kuzatgan, ayollar huquqi va erkinligi masalalarini koʻtarib chiqqan. Uning “Insonga qancha erk darkor?”, “Xotinlar huquqiga oid” kabi maqolalarida ayollarning jamiyatdagi oʻrni va huquqlari ochiq muhokama qilingan. Bu esa XX asr boshlarida ayollar orasida ham ijtimoiy faollik va ongli qarashlar shakllana boshlaganini koʻrsatadi.
Biroq bu davrda faoliyat yuritgan barcha ayol ijodkorlar tarix sahifalarida saqlanib qolmagan. Ayrimlari esa faqat arxiv hujjatlarida uchraydi. Mukarrama otin ana shunday unutilgan ijodkorlardan biridir.
Mukarrama otin eski tuzum oʻzgarish arafasida qoʻliga qalam olib mazlumlar mazlumasi – oʻzbek ayolining umid, orzularini kuylagan erksevar shoiralardan biridir. 1916-yilda yozilgan “Muncha ham” sheʼriga nazar tashlar ekanmiz, bu sheʼrni yozganida hali 13 yoshda boʻlgan Mukarrama otinni shu davr oʻzbek ayolining umid va orzularini kuylagan shoira sifatida eʼtirof eta olamiz. Mukarrama otin oddiy ijodkor emas, balki oʻz davrining ogʻriqlarini yuragidan oʻtkaza olgan, ilmga tashna oʻzbek qizi boʻlganini koʻramiz.
Quyidagi sheʼr uning ichki kechinmalari va oʻz davriga munosabatini yaqqol aks ettiradi:
Biz faqir bechora qizlar
Xor erurmiz muncha ham,
Bosh egib, qullik qilib,
Nochordurmiz shuncha ham.
Bu qaro zulmat uyida
Koʻrmayin oftob yuzin,
Sargʻayib ruxsorimiz,
Abgordurmiz muncha ham.
Dildagi orzu, havas,
Ramzini oshkor etmayin.
Koʻrsalar kimga ravo,
Biz rozi durmiz muncha ham.
Na uchun dunyoga keldik
Boʻlmasa erk ixtiyor.
Toʻrt devor ichra yuragi,
Qon erurmiz munchaham.
Qalbimizni mehru muhabbat, Etmayin izhor koʻp pinxon.
Tun erurmiz shuncha ham.
Oʻt tushib kuygan zamonimiz, bizga yor boʻlmasa,
Qiz asir “maxluq” degan,
Badnom erurmiz muncha ham.
Mukarrama otin 1903-yilda Toshkentda, Hasanxon domla oilasida dunyoga keldi. Uning onasi Mastura otin ham ichkarida maktab tutib qizlarni oʻqitdi. Onaning ilk farzandi boʻlmish ziyrak, zehni baland, koʻp narsani biladigan Mukarrama Mashrabdan, Navoiydan sheʼrlar yodlab, bayozlarni oʻqiydigan boʻlib qoladi. 13 yoshda otasining soʻfiyona yozgan sheʼrlarini oʻqib yurib oʻzi ham sheʼr mashq qila boshlaydi. Yozgan sheʼrlarini maktabdagi qizlarga oʻqib beradi. Unga ergashib Shohiya va Roqiya degan qizlar ham adabiyotga qiziqib qoladilar. Mashrab, Furqat, Muqumiy gʻazallarini oʻqishadi. Baʼzan juma kunlari toʻplanib toʻquvchilik bilan shugʻullanish davomida gʻazalxonlik qilishadi. Oʻzlari yozgan sheʼrlarini ham oʻqishadi. 1918-yilga kelib, jamiyatda katta oʻzgarishlar sezila boshladi. Bir tomondan, taraqqiyparvar ziyolilar yoshlar va xotin-qizlar savodxonligini oshirish gʻoyalarini tinimsiz ilgari surar edi. Ikkinchi tomondan esa sovet hokimiyati ayollar “ozodligi”ni taʼminlash orqali ularni jamiyat hayotiga keng jalb etish, shu tariqa yangi ijtimoiy tizim uchun zarur ishchi kuchini shakllantirish siyosatini boshlab yuborgandi.
Shu yillarda Hasan domla ham yangi ochilgan maktabda dars bera boshladi. Bolalar tarbiyasi bilan oʻralashib qolgan Mastura otin maktabni yigʻishtirib qoʻydi. Mukarrama, Ruqiyalar qoʻshni mahallada ochilgan yangi maktabga qatnay boshladi. Maktabda Habiba xonum Yusupova va bir nechta ayollar dars berardilar. Shu yilda Mukarramni bir mullabachchaga uzatdilar. Mukarram maktabdan koʻngil uzolmay koʻp yigʻladi, ammo qalamni tashlamadi. Keyinchalik birin-ketin koʻrgan farzandlari bilan yupandi. Shunda ham qoʻlidan kitobini uzmadi.
XX asrning 20-yillariga kelib, xotin-qizlar ijodi yanada faolroq koʻzga tashlana boshlagan bir davr edi. 1926-yilda yosh shoiralar ijodi alohida toʻplam holiga keltirilib, “Erk kuylari” nomi bilan nashr etiladi. Ushbu toʻplam asosan “Yangi yoʻl” jurnalida faol ishtirok etgan yosh qalamkash ayollar ijodidan tuzilgan boʻlib, oʻz davrining muhim adabiy hodisalaridan biri hisoblanadi.
Bu haqda ilk jurnalist ayollardan biri Saodat Shamsiyeva oʻz xotiralarida shunday yozadi:
“1926-yil boʻlsa kerak, u mahallar sevimli yosh shoirimiz hisoblangan Oybek xotin-qizlar bilim yurti yosh qalamkashlarining ilk mashqlaridan iborat sheʼrlarini toʻplab, kichik toʻplam qilib chop ettirdi. Unda Oydin Sobirova, Xosiyat Tillaxonova, Saodat Rahmonova va boshqalarning sheʼrlari bor edi…” (Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi, R-2854-fond, 1-roʻyxat, 59-yigʻmajild).
Mazkur sheʼrlarda erkinlik, ozodlik va yangi hayotga intilish gʻoyalari aks etgan boʻlib, bu davrda ayol ijodkorlar ham ijtimoiy jarayonlarga faol munosabat bildira boshlaganini koʻrsatadi. Biroq bu toʻplam va umumiy adabiy jarayonlarda Mukarrama otin nomi uchramaydi. Bu esa uning ijodi koʻproq yopiq, oilaviy muhitda shakllanib, keng adabiy maydonga chiqmay qolganini anglatadi.
Mahbuba Rahim qizi va Saodat Shamsiyevaning yozishicha, shoira farzand dogʻida oʻrtanib, 6 oʻgʻil, 3 qiz farzandlari birin-ketin nobud boʻlaverib nihoyat ikki bolasi bilan qoladi va umrini shu farzandlariga bagʻishlaydi.
Mukarrama otinning hayoti murakkab va sinovlarga boy boʻlganiga qaramay, u hech qachon ilm va kitobdan voz kechmadi. Turmush tashvishlari, erta nikoh, farzand dardlari – bularning barchasi uning yoʻlini toʻsishga urinadi. Ammo u baribir qalbida bir narsani – bilimga boʻlgan chanqoqlikni saqlab qoladi. U maktabni tark etishga majbur boʻlgan boʻlsa-da, qalamni tashlamadi. Hayot uni turli yoʻllarga boshladi, ammo u har qanday sharoitda ham kitobga suyanib yashadi. Hatto eng ogʻir damlarda ham u uchun najot – mutolaa boʻldi.
Shoiraning quyidagi satrlari uning ichki dunyosini juda aniq ifodalaydi:
Varagʻida sokin may tutar,
Meni labbolab jonim kitob.
Ajabo, kular raqiblarim.
Meni qoʻlda rahbarim kitob.
Menga bu ozodlik koridir,
Meni dilga sayqalim kitob.
Bu mukarrami dili xastaga,
Meni dori-darmonim kitob.
Barcha sinovlarga qaramay, Mukarrama otin qoʻlidan kitobni qoʻymaydi. Mukarrama otin uchun kitob shunchaki bilim emas, najot edi. U – sabr edi. U – yashashga kuch beradigan tayanch edi.
Maqola Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida saqlanayotgan Saodat Shamsiyevaning shaxsiy fondi materiallari (R-2854-fond, 1-roʻyxat, 59-yigʻmajild) asosida tayyorlandi.
Nasiba NARZULLAYEVA,
O`zMU tayanch doktoranti
Tarix
Tarix
Mafkura
Tarix
Vatandosh
Adabiyot
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q