Hamzaning badali


Saqlash
17:02 / 23.01.2022 5037 0

Atoqli san’atkor Bahodir Yo‘ldoshev Hamza Hakimzoda Niyoziy dunyosiga bir necha bor sayohat qilgan rejissyor. “Boy ila xizmatchi” spektakli so‘nggi bor shu inson talqinida sahna yuzini ko‘rdi va xayrlashdi. “Paranji sirlari” – o‘zidan ko‘ngli to‘lmas rejissyorning noyob beshtaligiga kirgan shoh asar. “Maysaraning ishi” esa Bahodir Yo‘ldoshevning arzandasi, hamon turli talqinlarda yashab kelyapti. Shu bois uzoq yillarga cho‘zilgan dilxufton sukunatni buzishga bu ijodkorning ma’nan haqqi bor deb o‘ylayman...

 

– Hamza Hakimzoda Niyoziyning ijodiy va insoniy qismati haqida o‘ylaganda, Samuil Marshakning misrasi yodga tushadi: “Mana senga ajr, qachonlardir urf bo‘lganing uchun!”

– Bunaqa “urf” bo‘lish ham, bu shon-shuhratga badal to‘lash ham uning o‘ziga emas, siyosatga kerak bo‘ldi. Holbuki, shoir ijodining qanday qilib buzilgani, “Yasha Turon” “Yasha Sho‘ro”ga aylanib qolgani allaqachon isbotlangandi.

 

Hamzaning shoiru yozuvchiligi haqida adabiyotshunoslar gapirgani ma’qul. Men shoirning o‘zi bilan ishlagan aktyorlardan u repetisiyalarga qanday qatnagani haqida eshitganman. Xolida Xo‘jayeva va Sharif Qayumovning hikoyasida Hamza butkul boshqacha odam bo‘lib gavdalanardi. Kitoblardagi Hamzaga o‘xshamasdi. U ijtimoiylashgan qizil arbob bo‘lib gavdalanmasdi. Xullas, eshitganlarim va kuzatuvlarim asosida gapiradigan bo‘lsam, u avvalo teatr kishisi bo‘lgan, degan fikrga kelaman. Teatr tufayli yozuvchilikka ehtiyoj sezgan. Shoir, yozuvchi, musiqachi Hamzadan dramaturg Hamza baland turadi. U o‘zbek teatrining shaklini juda yaxshi bilgan. Bugun Hakimzoda orzu qilgan o‘zbekona shakl buzilgan. Asl o‘zbek teatri – davra teatri. Davra teatrida tomoshabin spektakl ishtirokchisi vazifasini o‘taydi. Ya’ni, voqeaga aralashishi, munosabatini bildirishi mumkin bo‘ladi. Hamza domla bilganmilar yo yo‘q, bu — Shekspir teatri. Shekspir teatrida ham bosh qahramon tomoshabin. Ular Hamletni “himoya qilish” huquqiga ega. Hamza Hakimzoda Vaxtangov maktabini bitirib kelgan Mannon Uyg‘ur bilan Yetim Bobojonovning ko‘p repetisiyasida qatnashgan. Shoir bularning suhbatini eshitib, teatr nimaligini tushungan. Xolida opa “Nim qorong‘i zalda uzoqdan eski do‘ppi ko‘rinib turardi, shundan bilardik, Hamza kelganini”, deb eslardi. Kechgacha o‘tirarkan.

 

– Bir necha yillar oldin e’lon qilingan suhbatingizda bugungi o‘zbek teatrini Hamza qutqarib kelyapti degansiz.

 

– Haliyam shu fikrdaman. Bizda Hamza bilan bo‘ylasha oladigan dramaturg yo‘q. Uning har bir pyesasidan tilni, voqealarni bir-biriga qanday bog‘lashni o‘rganish mumkin. Odatda pyesalar o‘qiladi yoki ko‘riladi. Hamzani ham o‘qiysiz, ham ko‘rasiz. Yumorlari juda nozik, askiyalar me’yoridan o‘tmagan. Masalan, yallachi Mastura satang qarib quyilmagan eshonning ahvolini gapiryapti: “Eshonimiz “Vitir vojib”ni o‘rgatganlari o‘rgatgan. Xabarlari yo‘qki, bir uyda bittasiga bir kishi “Vitir vojib” bilan ovora, to‘rtta uyda to‘rttasiga “o‘tir vojib” bo‘lib chiqadi”.

 

Shoir o‘lganidan keyin Mannon Uyg‘urdan “Hamza oldingizga ko‘p kelardi, mabodo pyesalari sizda emasmi”, deb so‘rashadi. “Cherdakni ko‘ringlar, bir tugun olib keluvdi, men o‘sha yoqqa tashlab qo‘ygandim”, deydi u. Shu bilan “Boy ila xizmatchi”, “Paranji sirlari” va “Maysaraning ishi” topilgan. Agar o‘shanda axtarib kelishmasa, umuman yo‘q bo‘lib ketardi. Biroq bu pyesalar bizda noto‘g‘ri talqin etilgan. Hamza ko‘nikmayu qoliplarga qarshi ijodkor. Boy deganda semiz, badjahl bashara deb tushuniladi. Hamza “Boy ila xizmatchi”da yozadiki, Solihboy ellikka kirgan, navqiron yigitday odam. Qilichdek o‘ktam, novcha. Gʻofirni barvasta, barno yigit deb o‘ylaymiz. Yo‘q, uni cho‘tir, past bo‘yli deb yozadi. Agar ko‘rkam yigit bo‘lsa, Jamila nega undan keta olmasligi tabiiy hol. Hayratlanarli joyi yo‘q. Lekin asl variantda Jamila kambag‘al, xunuk erini xushsurat boyga alishmaydi! Gʻofir ham kambag‘al, ham cho‘tir, ham past bo‘yli odam. Demak, bu yerda muhabbat bor. Kvazimoda kabi Gʻofirning ko‘ngli go‘zal.

 

Hozir odam savdosi deb fohishalar hayotidan bo‘lar-bo‘lmas pyesalarni yozishadi. Hamza buni allaqachon yozib qo‘ygan. “Paranji sirlari” klassik va hamisha aktual asar. Qiz bolani tovar deb bilish, uning o‘g‘irlanishi va islovatxonaga tushishi butun dramasi bilan ko‘rsatilgan. Yallachi Mastura satang oldida to‘qima mamarozalar hech narsa emas. Mastura “Bo‘ldi men ishimni tashlayman, Makkaga boraman”, desa, eri kuladi: “Shu harom pullar bilan Makkaga bormoqchimisan?” deb. “Maysaraning ishi”ni ham buzishgan. Hidoyatxonni bachchavoz qilib qo‘yganmiz. Bachchavoz bo‘lsa, Oyxonning ortidan yuguradimi? Aslida u kishim nihoyatda nozikta’b, shoirtabiatlar. Bu obrazga dramaturg faqat kulimsirab qaraydi. Shu dastak bo‘lgan. Masalan, “Boy ila xizmatchi”da boyning uch xotini bor. Poshshoyim 27 yoshda. Xonzoda 24, Gulbahor 18 da. Endi boy 16 yoshliga uylanmoqchi. Xotinlaring shunaqa yosh bo‘la turib, nega yana yosh qizga ko‘z olaytirasan, bu ayollaringga nisbatan vijdonsizlik-ku. Biroq bizning sahnada Poshshoyimni ellik yoshli aktrisa, Xonzodani 40 yoshli aktrisa o‘ynab kelgan. Shuning uchun ham Gʻofir “Boy ota, avval uydagilarning hisobini qiling”, deydi. Domlaning Gʻofirga aytgan gapini eshiting: “Sen badbaxtning baxting shundaki, boyning nazari xotiningga tushibdi”. Qarang-a, “baxting shundaki”! Bunaqa dialogni boshqa dramaturgda uchratmaysiz. Komil Yashin ishlagan “Boy ila xizmatchi”ning tiklangan variantida Gʻofir “Qozi domla, xotinimning inon-ixtiyori o‘zida. Boyga tegmoqchi ekan, tegaveradi. Mendan nima istaysiz?” deydi. Axir, qanaqasiga? O‘zbek yigiti shunday deyishi mumkinmi? Nima emish, xotin ham inson, o‘z taqdirini o‘zi hal qiladi. Bu ayol uchun haqorat-ku. Hamzada bu gap umuman yo‘q. “Boy ili xizmatchi”ni qo‘yayotganimda mening maslahatchim Uyg‘ur bilan ishlagan Sa’dixon Tabibullayev edi. Shu inson meni “buzilgan Hamza”dan ihotalab turgan. Dramaturgning o‘zi ham Solihboy rolini o‘ynagan ekan. Uni rus dramaturgiyasi bilan tanishtirib, dramaturg sifatida shakllanishida rafiqasi aktrisa Mariya Kuznesovaning hissasi katta.

 

– Siz qo‘ygan “Paranji sirlari”da Rimma Ahmedova ijrosidagi yallachi Masturaning ruhiy talqini Lutfixonim Sarimsoqovaning sho‘x-shaddod Masturasidan butkul farq qiladi...

 

– Ular spektaklni “Sharqning baxtsiz ayollari” g‘oyasi ustiga qo‘yishgan. Men Hamzaning o‘ziga tayanganman. Hamzaning o‘zini o‘qisangiz, huzur qilasiz. “Paranji sirlari” parcha-parchalardan iborat bo‘lgan. Buni ham hukmron mafkura istagiga bo‘ysundirib, qayta yasashgan. Ilgari o‘zimizda ham o‘g‘irlangan qizlar yaponlarning geyshasidek tarbiyalangan. Ular she’r o‘qigan, dutor chalgan, raqsga tushgan. Qizning nomi sir tutilgan. Masalan, To‘laxon Xolisxonga aylanadi. U joyga duch kelgan odam boravermagan. Poeziyani tushungan, kuyni tushungan odamlar borgan. Boyvachchalar dam olib ketishgan. Hamza bunaqa joylarni juda yaxshi bilardi. Bu pyesada onalar taqdiri, satanglar taqdiri, qizlar taqdiri butun ayanchi bilan aks etgan. Masturaning ayol boshi bilan qanday ko‘ylarga tushishini ko‘rasiz. Mastura “Qora bo‘lgan bu yuzlarimni baytulloga surkamay o‘lsam, ro‘zi qiyomatda qanday bosh ko‘taraman”, deydi va do‘ppi tikib pul to‘playdi. Mastura o‘zining kimligini bilgan ayol. U shunchaki qo‘shmachi xotin emas. Mazkur pyesadagi Norboyvochcha buzuq xotinboz emas, husn shaydosi. Pichoq shaydosi bor, ot shaydosi bor, she’riyat shaydosi bor. U husn shaydosi. Ayol go‘zalligi nimaligini bilgan erkak! Bu dardibalo xilqatni yuqori maqomda ko‘radi. “Opa, qirq kunlik sholipoyamni beraman. Faqat qo‘lidan bir piyola choy ichsam bas”, deydi. O‘sha qizni olib bering demayapti, qo‘lidan bir piyola ichsam bas, deyapti. Husn shaydosida junun yomon kechadi, uni to‘xtatib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham “Tomog‘imdan ko‘z yoshdan boshqa narsa o‘tmaydi”, deb arzi hol qiladi. Hali Hamzaning dramaturgiyadagi sir-sinotiga yetib borolganimiz yo‘q. Faqat sosrealizm qarichidan chiqa olmay, oq kaltagu-ko‘k kaltak qilib yotibmiz. Endi qismatida shu ko‘rgiliklar bor ekan, Shekspirnikiga o‘xshab uning ruhi ham ko‘p sarson bo‘ldi (Shekspirga ham qilinmagan tuhmatu bo‘hton qolmadi: bu haqda qancha qancha kitob chiqib, pyesalar yozilgan, kinolar olinyapti).

 

– O‘ylab turib, qazoi qadar adolatiga hayron qolasan. Shoirning o‘zligidan mosuvo etgan “shunos-shunos”laru zamonasoz ijodkorlarning uzoq umrguzaronlik qilishganida, siyosiy evrilishlarning guvohi bo‘lishganida hikmat ko‘raman. Shuning o‘zi ham yunon tragediyalari bilan bo‘ylasha oladigan shekspirona drama emasmikan?

 

– Hamzashunoslar ko‘rgiligi alohida fojia. Adabiyot ahli insofli odam bo‘lishi kerak. Davr deb bir yozuvchining umriga zavol bo‘lmaslik kerak. Qo‘y, yozma, buyurtmani bajarma, unvoningni olma. Bu kasallik faqat hamzashunoslikka yoki sho‘ro davrigagina tegishli illat emas. Hamzashunoslar ko‘rgiligi — ilohiy haqiqat, samoviy saboq. Xudo zamonasozlik oqibatini, nima qilib qo‘yganingni o‘z ko‘zing bilan ko‘r, deb ularga uzoq umr bergan. Bu jazo edi. Seni bir vaqtlar qilgan “xizmat”ing uchun Hamza nelarga duchor bo‘lganini ko‘rgin, degan. Men davrni emas, davr labbaygo‘ylarini ayblayman. Agarda men hamzashunos bo‘lsam, shoir nomini darsliklardan o‘chirilishi, haykallarining qulatilishi, asarlarini teatr repertuarlaridan olib tashlanishiga, buzilgan pyesalari va she’rlari qanday fosh etilishiga guvoh bo‘lish yuragimni sug‘urib olgandek og‘riqli kechardi. Axir butun bir umring o‘tgan-a! Men baribir ich-ichimdan ishonardim, mafkurabozlar har qancha chiranmasin, Hamza nomini o‘zbek madaniyati tarixidan o‘chira olishmasdi! Hamzaniki oyoqosti qildik, o‘zbek teatri shu darajaga tushdi. Biz nonko‘rlikka bordik. U teatrdan hatto o‘z nomini ham olib ketdi, bu joy menga munosib emas, deb. Islom madaniyati marhumlar haqida ehtiyot bo‘lib gapirish kerak, deb bejiz uqtirmaydi. Chunki ruhlar tinch qo‘ymaydi. Lekin Hamzaga ahmoqona hukm o‘qishgan mahalda ham men baribir “Maysaraning ishi”ga murojaat etdim, studiya tinglovchilariga dramaturg Hamzani tanishtirishdan chekinmadim. Behuda gaplarga e’tibor qilmadim, shukrki, menga ham e’tibor qilishmadi. Bir o‘ylab ko‘ring-a, har qancha tayyorgarliklarga qaramay, 2014 yili teatrning yuz yillik yubileyi nega bu qadar rangsiz, muvaffaqiyatsiz o‘tdi? Chunki Hamza Hakimzoda Niyoziyga juda katta adolatsizlik qilingandi. Prezidentning tabrigida hammaning nomi bor, faqat u zot eslanmadi. O‘zbek teatri Hamzasiz yuzga kira olarkanmi?! Bu teatr yetmish yil davomida mavsumni “Boy ila xizmatchi” asari bilan ochdi. Mannon Uyg‘urni Mannon Uyg‘ur qilgan, Yetim Bobojonni Yetim Bobojon qilgan, Obid Jalilovni Obid Jalil qilgan Hamzaning pyesalari-ku. Abror Hidoyatov, Shukur Burhon, Sora Eshonto‘rayeva, Xolida Xo‘jayevalarning biografiyasini boyitib turgan ham shu Hamza! Birgina u zotning unutilishi, qarang, teatr tarixidagi qancha ulug‘larning umrini kul qilayozdi!

 

Iqbol QO‘SHSHAYEVA

suhbatlashdi.

2017 yil

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:12 / 03.12.2024 0 288
Buyuklarning “maydalik”lari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22618
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//