Oq-qora eslanadigan katta shaxsiyat – Fayzulla Xo‘jayevning chigal qismati


Saqlash
16:14 / 06.05.2026 13 0

Barcha fikrlar va barcha bilimlar yagona oliy maqsad – buyuk Vatanimizni barcha choralar bilan mustahkamlashga yo‘naltirilishi lozim.

Fayzulla XO‘JAYEV

 

Dunyoda murakkab taqdirni boshidan kechirganlar kammi? Lekin Fayzulla Xo‘jayev degan nomda bir banda ko‘tara olmaydigan chigallik, bir ruh ko‘tara olmaydigan notinchlik mujassam. Rosti, bu noyobdan-noyob shaxsiyat haqida bilganlarimizdan ko‘ra bilmaganlarimiz ko‘p.

 

Insoniy dardlar ham yuqumli kasallik kabi bir kishidan ikkinchisiga o‘tadi. To‘rt yil burun Fayzulla Xo‘jayevning yagona qizidan tug‘ilgan nevarasi – Rudolf Viktorovich Barxet bilan tanishib, suhbatlashganimdan beri uning dardi kaminaga yuqqandek. Fayzulla Xo‘jayev haqida o‘ylaganim sari Rudolf akaning dardli-hasratli suhbatlari quloq ostida jaranglayveradi.

 

Kim o‘z tarixini yashiradi? Men 25 yoshimgacha, ya’ni 1965-yilgacha ona tarafdan kimning nevarasi ekanimni bilmaganman. Onam o‘tmishini o‘z o‘g‘lidan ham yashirib yashadi. “Men-ku shuncha jabr ko‘rdim, bolam O‘zbekistonning otilgan rahbari nevarasi ekanini bilmasin” degan-da. Onam ish so‘rab, qaramog‘ida ojiza volidasi borligini aytib, Lavrentiy Beriyaga ko‘p xatlar yozgan. Yurtiga qaytishga birinchi imkon tug‘ilgan 1945-yiliyoq onasi va meni olib Toshkentga qaytgan.

 

“Qaydasiz, Fayzullo bobo?” U bobo bo‘lib ulgurmasidan, bor-yo‘g‘i 42 yoshida qatl etildi. Qizi Viloyatxon endi o‘n oltiga qadam qo‘ygan edi. Yillar o‘tib shoir Muhammad Yusuf “Fayzullo bobo” deb she’r yozdi. Chunki u xalqning bobosiga aylanib ulgurgan edi-da:

 

Qadim Buxoroga laylaklar keldi.

O‘zingiz qaydasiz, Fayzullo bobo?

Rivoyatlar keldi, ertaklar keldi,

O‘zingiz qaydasiz, Fayzullo bobo?

 

Shu she’rda “Qo‘ymadik joyiga e’zozingizni” degan og‘ir satr ham bor. E’zozlamaganimiz bir sari, u o‘lib ham malomatlardan qutulmadi: oqlandi, qoralandi, yana oqlandi, yana qoralandi... Har bir zamon undan o‘zicha fazilat, o‘zicha illat qidirdi; qizig‘i, topdi ham. Bu jarayon to‘xtagani yo‘q. Hali-beri to‘xtaydiganga o‘xshamaydi ham.

 

Quvonch ko‘rmay o‘tgan umr. Ming afsus­ki, onam nisbatan erta, 66 yoshida olamdan o‘tdi. U haqda ko‘p yozishim mumkin. Yozsam ham faqat va faqat g‘amini, sitamini tasvirlashim kerak. Chunki uning hayotida quvonchli kunlar ozdan ham oz edi...

 

Hozir yoshlarimizning ko‘pchiligi sho‘ro davri haqida aniq-tiniq tasavvurga ega emas. Umrining yarmi o‘sha davrda o‘tgan biz tengilar uchun bu g‘alati tuyuladi. G‘alati tuyulmasin, tarixning charxpalagi aylanib yotibdi, axir. Shuning uchun Fayzulla Xo‘jayevning qisqa tarjimai holini qistirib o‘tmasak bo‘lmas.

 

Qisqa tarjimai hol. 1896-yil 1-iyulda Buxoro shahrida davlatmand savdogar Ubaydullaxo‘ja oilasida tug‘ildi. Otasi “Amir Olimxongina undan boyroq edi” deya ta’riflangan. Madrasada ikki yil tahsil ko‘rdi. 1907–12-yillari Moskvada xususiy maktabda o‘qidi. Buxoroga qaytib, 1912-yildan “Yosh buxoroliklar” partiyasi, 1913-yildan shu partiya Markaziy Qo‘mitasi a’zosi sifatida faoliyat yuritadi. Otasidan qolgan boylik hisobiga yangi usul maktablar ochadi, partiyani moddiy jihatdan qo‘llab­quvvatlaydi. 1913-yildan jadidchilik harakatiga qo‘shiladi. Abdurauf Fitrat bilan maslakdosh edi. Ular avval Buxoroda (amir saqlab qolinadigan) konstitutsiyaviy monarxiya, so‘ngra demokratik respublika tuzish uchun kurashdi.

 

1917-yili Buxoro shahrida erkinlik talabida norozilik namoyishi tashkil etadi. Namoyish amir tomonidan bostirilganidan so‘ng qochib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri chor Rusiyasiga bo‘ysunadigan Yangi Buxoro (hozirgi Kogon) va Toshkentda ishladi. 1918-yil martida Turkiston Sovet Respublikasi Xalq Komissarlari Soveti raisi Fyodor Kolesov boshchiligidagi qizil armiya bo‘linmalari Turkiston muxtoriyatini bostirganidan keyin Buxoro amirligiga hujum boshladi. Unda qizillar tarafida turib qatnashdi. Kolesov qo‘shini mag‘lubiyatga uchradi. “O‘zining Qo‘qon g‘alabasi bilan mast bo‘lgan Kolesov amir Buxorosini ham shunday yengillik bilan tugatishni o‘yladi. Lekin haqiqat bunga qarshi bo‘lib chiqdi” (Xo‘jyaev F. Buxoro inqilobining tarixiga materiallar. Toshkent, “Fan”, 1997. 123-bet).

 

Amir hukumati jadidlar va “Yosh buxoroliklar”ga qarshi shafqatsiz qatag‘on o‘tkazdi, taxminan uch ming kishi qatl etildi. Omon qolganlar Samarqand va Toshkentga qochdi. F.Xo‘jayevga ham o‘lim jazosi belgilangan edi. Moskvaga jo‘nayotganida ataman Aleksandr Dutov tarafdorlari tomonidan qamoqqa olindi. Ataman ham uni o‘limga hukm etdi. Bir vaqtlar otasi bilan savdo-sodiq borasida hamkorlik qilgan bir tatar boyi uni qutqaradi. Shundan keyin Moskvada ishladi. Bu voqealar “Yosh buxoroliklar”ni sovet hukumati bilan yaqinlashishga undadi. 1920-yil yanvarda Toshkentda Fayzulla Xo‘jayev rahbarligida “Yosh buxoroliklar” partiyasi Turkiston Markaziy byurosi tashkil etildi. O‘sha yilning aprelidan “Uchqun” gazetasiga muharrirlik qildi.

 

1920-yil 2-sentyabrda Frunze boshchiligidagi qizil askarlar hujumi ortidan Buxoroga keldi. Shahar vayronaga aylantirildi. Amir qochib ketdi. 14-sentyabrda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) Xalq Nozirlar Sho‘rosi tuzildi va unga rais etib saylandi. Yangi respublika Sovet Rossiyasi tarkibida bo‘lsa-da, Eron, Turkiya, Afg‘oniston, Xitoy, Ozarboyjon, Xorazm Xalq Sovet Respublikasi, Germaniya va Yaponiya bilan diplomatik aloqa o‘rnatdi. Markaziy Osiyoning turli hududlaridan talabalarni Germaniyada o‘qitish tashabbuskorlaridan biri bo‘ldi. “F.Xo‘jayevning respublika iqtisodiy va siyosiy rivojlanishida mustaqil ish tutishga qilgan harakatlari adashishlar va xatolar sifatida baholangan” (Karimov R. Fayzulla Xo‘jayev – atoqli jamoat va davlat arbobi. / Fayzulla Xo‘jayev hayoti va faoliyati haqida yangi mulohazalar. Toshkent, “Fan”, 1997. 8-bet).

 

1924-yil 27-oktyabrda Buxoroda O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi (O‘zSSR) e’lon qilindi. U O‘zSSR Inqilobiy qo‘mitasi – Muvaqqat ishchi-dehqon hukumati raisi etib saylandi. 1925-yil fevraldan 1937-yil iyunga qadar esa O‘zSSR Xalq Komissarlar Soveti raisi lavozimida ishladi.

 

1937-yil 9-iyulda Moskvada qamoqqa olindi. Unga quyidagi ayblar qo‘yildi: 1) sovetlarga qarshi “O‘ng troskiychi blok”ka qo‘shilgan; 2) “Milliy ittihod” tashkilotiga rahbarlik qilgan; 3) “bosmachilik” harakati va qo‘rboshilarni qo‘llab-quvvatlagan; 4) Fitrat, Cho‘lpon, Qodiriy va boshqa o‘zbek ziyolilariga g‘amxo‘rlik qilgan.

 

1938-yilning 1–13-mart kunlari troskiychilar ustidan sud olib borildi. Mahkama 21 kishidan 14 nafarini, jumladan, F.Xo‘jayevni ham otuvga hukm qildi. Bu unga nisbatan chiqarilgan uchinchi o‘lim hukmi edi (Naimov N. Men yashashni istayman. Roman-xronika. Buxoro, 1994. 4-bet). Hukm Moskva atrofidagi Butovo qatlgohida 1938-yil 15-mart kuni ijro etildi. Keyinchalik qotil ham aniqlandi – mahkumlarni yerto‘lada Vasiliy Bloxin degan jallod otgan.

 

Bir o‘q bilan ikki quyon. Men o‘zbekchani O‘zbekistonga kelib o‘rgandim. Onam bibim bilan tojik tilida gaplashar edi. Men ba’zi so‘zlarni tushunar edim, xolos. O‘zbekchamizda “bir o‘q bilan ikki quyonni urmoq” degan ibora uchraydi. Har gal shuni eshitsam, rosti gap, o‘kirib-o‘kirib yig‘lagim keladi.

 

Bobom qamalgach, onasi, xotini va qizi ham Toshturmaga tashlanadi. Otilganidan keyin bu haqda rasmiy xabar bosilgan gazetani ular joylashtirilgan hujraga eshik ostidan tiqishadi. O‘g‘lining o‘limidan xabar topganidan so‘ng ona bir necha kun ichburug‘ va quso-qus bo‘lib, omonatini topshiradi. Vrach sifatida aytamanki, katta bibim qo‘ynida yashirincha zahar saqlagan va uni ichgan. Bir o‘q bilan ikki quyonni o‘ldirishadi-da. O‘g‘ilga otilgan o‘q onaning ham yuragiga qadaladi.

 

O‘zbekistonning birinchi rahbari. F.Xo‘jayev avval BXSR, keyin O‘zSSRning ilk rahbari bo‘lgan. Qayd etish joizki, u davrda hukumat boshlig‘i respublikaning birinchi rahbari hisoblangan. “Yo‘ldosh Oxunboboyev O‘zbekiston SSRning birinchi prezidenti” deb yozilishi xato. Y.Oxunboboyev O‘zSSR Markaziy ijroiya qo‘mitasiga raislik qilgan (1925–38). Keyinchalik bu lavozim O‘zSSR Oliy Soveti Prezidiumi raisi deb nomlangan, u mazkur vazifada 1938–43-yillarda ishlagan. Darvoqe, G‘afur G‘ulom u haqda “Prezident” degan maqola yozgan – shu ko‘plarni adashtirsa kerak.

 

G‘amboda onam. Lavozimdan bo‘shatilgach, keyingi ishi masalasini hal qilish bahonasi bilan bobomni Moskvaga chaqirishadi. Odatiga ko‘ra, oxirgi gal ham Moskvaga yakka-yu yagona farzandi Viloyatni birga olib ketgan ekan. Vaziyatning o‘ta qaltisligini his qilganidan uni tez Toshkentga qaytishga undaydi. Respublika hukumati rahbari shaxsiy vagonida borgan 16 yoshli qiz umumiy vagonning uchinchi qavatida yotib, Vatanga qaytadi. F.Xo‘jayev Moskvada qamoqqa olinishi bilan Toshkentdagi oila a’zolari – onasi, xotini va qizi ham hibs etiladi.

 

...1945-yilning noyabrida Toshkentga keldik. Onam sudlanmagan bo‘lsa ham, katta shaharlarda yashashi taqiqlangan edi. Toshkentdan ish topolmaydi. F.Xo‘jayevning Rayhon bibidan tug‘ilgan Robiya degan opasi Bekobodda kolxozda ishlar edi. Onam Bekobodda non korxonasiga hisobchi bo‘lib ishga joylashadi. Bu orada “xalq dushmani”ning oila a’zolari yana qamalar emish, degan gap tarqaladi. Onam men bilan onasini olib, Qirg‘izistonning Issiqko‘lidagi Baliqchi qishlog‘iga ketadi. Hisobchi bo‘lib ishga kiradi. Bu yerda onam ikkinchi bor turmush qurdi. 1948 va 1950-yilda ukalarim tug‘ildi.

 

1957–65-yillari Frunze (hozirgi Bishkek) yaqinidagi Alouddin qishlog‘ida yashaydilar. 1965-yili F.Xo‘jayev oqlanganidan xabar topgan onam Toshkentga keladi.

 

Mustabid tuzumda mustaqil boshqaruvga intilish. U qat’iy pozitsiya va o‘z siyosiy qarashlariga ega rahbar edi. Professor Goga Hidoyatovning dalolat qilishicha, F.Xo‘jayev 1922-yili Moskvadagi yig‘ilishlardan birida Stalinga “SSSRni – katta turmaga, Moskvani – xavfli joyga aylantirdingizlar; u yerda kelgindilarni yo o‘ldirishadi, yo qamashadi” deb dangal aytgan. Professor Qahramon Rajabovning yozishicha, “VKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosi va O‘zbekiston KP MKga nisbatan muxolifat mavqeida turgan “O‘n sakkizlar guruhi”ga (1925-yil, noyabr) xayrixoh bo‘lgan. “Quloq”larni sinf sifatida tugatish siyosatini yoqlamagan. O‘zbekistonda yoppasiga chigit ekilishi paxta yakkahokimligiga olib keladi deb hisoblagan. Zamonaviy sanoat inshootlari qurilishida tashabbuskor bo‘lgan” (O‘zbekiston milliy ensiklopediya­si. 12 jildlik. 9-jild. Toshkent, 2005. 531-bet). Jadidlar tarixini hech kimga ishonmay, o‘zi yozgan. “Buxoro inqilobining tarixiga materiallar” (1926) risolasi “Boburnoma”ni eslatadi: u ham voqealar markazida turgan shaxsning o‘zi tarafidan bitilgan. Respublika rahbarining bu risolasi mahalliy matbuotda tanqidga uchradi: “Totalitar rejim tobora barqarorlashib borayotgan bir sharoitda hukumat doiralari tomonidan “jadidchilikni ulug‘lash – bolshevizmni yerga urish” deb qabul qilindi” (Alimova D. Fayzulla Xo‘jayev va jadidchilik. F.Xo‘jayev asarlari asosida. / Fayzulla Xo‘jayev hayoti va faoliyati haqida yangi mulohazalar. Toshkent, “Fan”, 1997. 39-bet).

 

Sandal. Bola xotiramga muhrlanib qolgan hodisalardan birini aytay. Hozirgi Bosh universal magazin orqasidagi Chaqar ko‘chasida yashovchi qarindoshimiznikiga bordik. Mezbon bizni sandal atrofiga o‘tqazdi. Men umrimda bunday mo‘jizani ko‘rmagan edim. Necha kundan beri suyaklarimdan o‘tib ketgan sovuqdan keyin badanim shunday rohat qildiki, yoshim o‘ttiz beshga to‘lganidan keyin o‘sha iliqlik meni Vatanga bir umrga chorlagandir.

 

Puxta reja. Ba’zi tarixchilar Stalin uning 1920-yillardagi dadil-dangal harakatlarini eslab qolgan deb hisoblaydi. Bizningcha, qatag‘on siyosati “xalqlar dohiysi”ning yillar mobaynida pishitgan tizimli rejasi mahsuli edi.

 

Lenin davlatda burjua mutaxassislaridan foydalanish g‘oyasini ilgari surgan va bu amalga oshirilgan ham. 1936-yili Stalin SSSRda sotsializm qurilganini e’lon qildi va yangilangan Konstitutsiya kuchga kirdi. Mamlakatda muxolif toifa qolmadi, boylar sinf sifatida tugatildi. Endigi navbat burjua vakillaridan qutulish edi. Asosan ziyolilar qatag‘on qilinganining bosh sababi shu. Davlat ulardan foydalangancha foydalandi, mahv etish vaqti kelgan edi.

 

Malomat ustiga malomat. Yana bir jadid – Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev uning amakivachchasi edi. BXSR moliya noziri (1920), davlat nazorati noziri (1921), Markaziy Ijroiya Qo‘mita raisi (1921–22) lavozimlarida ishlagan. Dushanbe shahrida rus garnizoni rahbari bilan o‘rtalarida nizo kelib chiqadi. Rus komandirini otib qo‘yib, Afg‘onistonga qochib o‘tadi. Bu F.Xo‘jayev uchun katta malomat edi. O‘gay onadan tug‘ilgan ukasi Ibodulla akasining qo‘riqlash xizmati boshlig‘i edi. Ko‘p ichaverganidan bo‘shatilib, ishsiz qoladi. 1936-yili akasi yashab turgan uyning kiraverishida o‘zini otadi. Bu malomat ustiga malomat bo‘ldi.

 

Ikki “xalq dushmani”ning nevarasi. Bir “xalq dushmani”ning nevarasi bo‘lmoq yukini ko‘tarishning o‘zi qanchalar og‘ir ekanini boshidan o‘tkazgangina biladi. Ikki “xalq dushmani”ning nevarasi bo‘lmoq yukini ko‘tarish nima ekanini yer yuzida faqat men bilsam kerak. Ota tarafdan bobom – Ioatan Barxet 1934-yili qamoqqa olinib, Perm o‘lkasiga jo‘natilgan. Qutulib chiqqanidan keyin 1937-yili qayta qamoqqa olinib, Sverdlovsk shahriga yuboriladi. 1938-yilning 9-fevralida gardaniga “nemis josusi” degan ayb qo‘yilib, “uchlik” hukmi bilan otib tashlanadi. 34 kundan keyin esa Moskvada ona tarafdan bobom qatl etiladi.

 

“Xalq dushmani”ning oila a’zolari Stavropol o‘lkasidan surgun qilinib, Ust-Kamenogorskka kelib qoladi. Bo‘lg‘usi otam topograf bo‘lib ishlaydi. 1938-yili onam ham volidasi bilan shu yoqqa badarg‘a qilinadi. 1939-yili to‘y bo‘ladi. O‘shanda otam 22, onam 18 yoshda bo‘lgan. Men 1940-yili tug‘ilganman.

 

Mehrsizdan mehr kutib. O‘zkompartiyaning 1937-yil 17-iyunda bo‘lib o‘tgan VII syezdida F.Xo‘jayev lavozimlaridan bo‘shatilib, VKP(b) safidan o‘chiriladi. U shundan keyin bir necha bora Stalinga qo‘ng‘iroq qilib, gaplasha olmaydi. Oxiri Moskvaga borishga majbur bo‘ladi. Poytaxtning Qozon vokzaliga yetishi bilan shaxsiy vagoni boshi berk yerga kiritiladi. Shaxsiy qo‘riqchilar qo‘yilmaydi. U Tverskaya ko‘chasidagi “Natsional” mehmonxonasiga olib boriladi. Bir necha hafta o‘tadi hamki, Stalin qabuliga kira olmaydi.

 

Kamina ustozim, atoqli sharqshunos Najmiddin Komilovga bag‘ishlangan she’rimda “Mehrsiz kimsadan mehrlar kutib” degan satr bitgan ekanman. Negadir shu esga tushdi.

 

Kechikkan oqlov. 1956-yil KPSSning XX syezdida Stalin qattiq qoralandi. O‘sha yiliyoq O‘zKP(b) birinchi kotibi bo‘lgan Akmal Ikromov oqlandi. Otasining oqlovini surishtirish, Vatanga qaytish huquqini qo‘lga kiritish uchun Viloyat ham 1957-yil iyulda Toshkentga keladi. Biror natijaga erisha olmaydi, taqiq bekor qilinmaydi. F.Xo‘jayev “badavlat kishining farzandi” hisoblanib, oqlanishi 9 yil ortga suriladi. Ana sizga malomat-u mana sizga mazammat!..

 

Nihoyat, 1965-yil 6-martda SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi F.Xo‘jayevni aybsiz deb topdi. 1970-yili uning asarlari uch jildda chop etildi. O‘zbekistonda tavalludining 100 yilligi nishonlandi (1996). Hayoti va faoliyati haqida tadqiqotlar e’lon qilindi. U haqda Asqad Muxtorning “Buxoroning jinko‘chalari” qissasi, Komil Yashinning “Inqilob tongi” dramasi, Nusrat Naimovning “Men yashashni istayman” roman-xronikasi va boshqa badiiy asarlar yaratildi.

 

Og‘riqlar. Sho‘ro davlati har qanaqasiga Buxoroni bosib olar va o‘ziga mos kishini rahbar qilib qo‘yar edi, albatta. Taqdir buni F.Xo‘jayev peshonasiga yozdi. Lekin Buxoro xalqi bu bosqinni undan ko‘rdi. Vaholanki, chor hukumati Buxoroni qaram qilishda ko‘p qon to‘kmagan, shahri sharifning faxri bo‘lmish Minorai kalon XII asrdan buyon ko‘krak kerib turar edi. O‘pirilib ketgan Minorai kalonni ko‘rgan har qanday kishining ko‘nglida yangi tuzilgan hukumatga nafrat hissi jo‘sh urishi tabiiy.

 

BXSRga rahbarlik qilgan to‘rt yil mobaynida F.Xo‘jayev bu nafratni sezmasligi, his etmasligi mumkin emas edi. Yana bilmadim, O‘zSSRning poytaxti Samarqandga ko‘chirilishining tag‘in bir sababi aynan shudir.

 

Qariganda Vatanni almashtirib bo‘larkanmi?! 4-sinfda o‘qib yurganimda “Geografiya” darsligida “SSSRning ikki nuqtasi borki, jannatga o‘xshaydi. Biri – Ozarboyjondagi Lenkoran, ikkinchisi – O‘zbekistondagi Farg‘ona” degan so‘zlarni o‘qib, qattiq ta’sirlangan, onamning vataniga borib yashagim kelgan. Bu orzum qariyb chorak asr o‘tganidan keyin, 35 yoshimda, 1975-yil martida amalga oshdi: butunlayiga Toshkentga – onamning oldiga keldim. Respublikamizdagi birinchi urolog professor Odil Muxtorov boshqargan klinikada naqd 45 yil ishladim. Xizmat yuzasidan mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘ldim.

 

Ba’zilar familiyamni surishtirib, otam nemis bo‘lganini bilganidan keyin mendan “Nega Germaniyaga ketmagansiz? Axir, sizga o‘xshagan qo‘ligul urologlar u yerda juda katta maosh oladi-ku?!” deyishadi. Ularga soddagina qilib, “Qariganda Vatanni almashtirib bo‘larkanmi?!” deb javob beraman. Ketsam, bobomning ruhi rozi bo‘lmas...

 

Troskiy va “troskiychilik”. Unga sovetlarga qarshi “O‘ng troskiychi blok”ka qo‘shilgan, degan ayb taqalgan edi. Lev Bronshteyn – Troskiy 1917-yil 7-noyabrdagi to‘ntarishning tashabbuskori va rahbarlaridan biri, qizil armiya asoschilaridan bo‘lgan. Lenindan so‘ng davlatga yetakchi bo‘lish uchun Stalin bilan kurashib yengilgan (1924). Keyin Stalin uni yo‘qotish payiga tushgan. Qarashlari “mayda burjuacha og‘ish” deb baholangan. 1927-yili Troskiy 75 nafar faol tarafdori bilan birga partiyadan o‘chirilgan. O‘zi Olmaotaga surgun qilingan. 1929-yili xorijga chiqarib yuborilgan. Turkiya, Fransiya, Norvegiya, Meksika kabi mamlakatlarda yashagan. Stalinni “Oktyabr g‘oyalarining xoini” deb atagan. 1940-yili Mexiko shahrida NKVDga agent bo‘lib yollangan ispan Ramon Merkoder tomonidan o‘ldirilgan.

 

Stalin uchun o‘ziga yoqmagan rahbarlarni “troskiychilik”da ayblash oson va arzon yo‘l edi. Alam qiladigan yeri shundaki, “troskiychi” bo‘lmagan F.Xo‘jayev Troskiydan ikki yil oldin otib tashlanadi.

 

Novvot. Fayzulla bobom oilasida Muslima degan asrandi qiz voyaga yetgan. Ust-Kamenogorsk viloyatida surgunda bo‘lganimizda undan har zamonda kichkinagina posilka olar edik. Ikki-uch dona anor, bir kilo shakar deganday. Anor bo‘laklab qo‘shnilarga tarqatilardi. Malika bibim shakarni qaynatib-qaynatib, novvot pishirar edi. Bibim uchun novvot Vatan timsoli bo‘lganini O‘zbekistonga ko‘chib kelganimdan keyin angladim.

 

Ko‘zlardagi og‘ir mung. 1971–76-yillarda hozirgi O‘zMUning jurnalistika fakultetida yuridik fanlar doktori, professor (keyinchalik akademik) Otaboy Eshonov uchrashuvga kelib, F.Xo‘jayev haqida ma’ruza qilgan edi. Ikki jihat yodimda qolgan: 1) olim uning aksilsho‘ro g‘oyalarga berilmagani, sof markschi-leninchi bo‘lganini isbotlagan edi; 2) 20-yillarda yurtimizga kelgan kommunistparast jurnalist Anna Luiza Strong (1885 – 1970) Fayzulla Xo‘jayev bilan uchrashib, u haqda ocherk yozgan, xotimada “F.Xo‘jayevning ko‘zlarida shunday bir og‘ir mung bor ediki!..” deb qayd etgan ekan.

 

Keyinroq bildimki, Anna Luiza Strong F.Xo‘jayevning harakatchan, kuch-quvvatga to‘lib-toshgan islohotchi, yorqin tafakkur egasi, Amir Temur yurishlari, Buxoro va Samarqand kechmishi haqida soatlab so‘zlab berishi mumkin bo‘lgan tarix bilimdoni ekani, millionerning o‘g‘li bo‘laturib, ishchi-dehqon davlatini qurishga jon-jahdi bilan kirishganini ham yozgan. Men ham qachon uning suratiga qarasam, ko‘zlaridagi kishini beixtiyor og‘ir bir holga solib qo‘yadigan o‘sha og‘ir mungni tuyaman.

 

Istiqlol davri taqiqlari. Mustaqillik ham F.Xo‘jayevni quchoq ochib kutib olmadi. Sho‘ro O‘zbekistoni ravnaqiga hissa qo‘shgan shaxslarga “Baribir mustamlaka tuzumiga, kommunistik mafkuraga xizmat qilgan-ku” deb qaraldi. Bunday siyosatning tayog‘i birinchi galda F.Xo‘jayevning boshiga tushdi. Ayrim tahlilchilar bu xil munosabatda O‘zbekistonning ilgarigi rahbarlari obro‘yini ko‘tarib yubormaslik maqsadi ham yotganini aytishadi. Bo‘lsa bordir.

 

1930-yili Buxoro pedagogika instituti tashkil etilib, 1931-yili unga F.Xo‘jayev nomi berilgan. 1937-yildan bu nom Sergo Orjonikidzega almashtirilgan. 1990-yildan F.Xo‘jayev nomi qayta tiklandi. Biroq 1992-yil yanvarida Toshkentda talabalar namoyishi yuz berganidan keyin mintaqalarimizdagi ko‘p institutlar, jumladan, BuxDPI ham universitetga aylantirildi. Uning nomi yana tushib qoldi.

 

Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘lidagi bir bekatiga uning nomini berish rejasi e’lon qilingan edi. “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi”da ham Toshkentdagi metro bekati uning nomi bilan atalishi qayd etilgan (O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. J. 9. 531-bet). Biroq amalda bunday bo‘lmadi: avval aytildi, so‘ngra qaytildi.

 

“Apolitiklik”dan – “politiklik”ka. Rus tilida yunonchadan o‘tgan “apolitik” degan so‘z bor. Bu – “politik”, ya’ni “siyosatchi”ning aksi. U siyosatga befarq, ijtimoiy-siyosiy hayot bilan qiziqmaydigan yoki ongli ravishda buni o‘zi uchun begona, nomuhim bilib, unga aralashishdan voz kechgan kishini bildiradi. Kasb taqozosiga ko‘ra, shifokorlar “apolitik” bo‘lishi kerak. Zotan, ular urushda asir tushgan dushman askarlarini ham, o‘ta og‘ir jinoyat bilan qamalganlarni ham... sidqidildan davolashi shart. O‘rtada Hippokrat qasami bor-da.

 

Rudolf aka bir umr tibbiyot bilan shug‘ullangan. Lekin o‘qigan kitoblari, maqolalari, asosiy qiziqish dunyosi – siyosat. Umumiy ma’noda tushunmang: uni sovet davlatining aynan Fayzulla bobosi davri bilan bog‘liq siyosati qiziqtiradi. Stalin va uning atrofidagilar bilan bog‘liq masalalarni o‘sha voqealar ishtirokchisi, guvohi yanglig‘ biladi. Suhbatlarini eshitib, o‘qigan kitob-u gazeta-jurnallarini, kerakli kitoblar orasiga tartib bilan, mavzusiga qarab joylab qo‘ygan qirqimlarni ko‘rib hayratga tushasiz. Rosti, shu davr bo‘yicha katta tadqiqotlar olib borayotgan mutaxassislarning hammasi ham bu qadar boy va batartib ma’lumotlar bazasiga ega bo‘lmasligi mumkin. Afsus, u yozishga chog‘lanmagan. Haqiqatni bilish, bobosi fojiasining mohiyatiga yetmoq uchun yiqqan, o‘qigan bularni.

 

Ziddiyatlar. Falsafa “Hayot ziddiyatlar kurashi va birligidan iborat” deb o‘qitadi. Ziddiyat har shaxsda bor. Lekin... F.Xo‘jayevga Yaratgan bor-yo‘g‘i 42 yillik umri davomida shunday kelishtirib bo‘lmas ziddiyatlarni buyurdiki, asti qo‘yaverasiz!

 

Oq bilan qora rang – ikki qutb. Ikkisini aralashtirsangiz, oqning oqligi, qoraning qoraligi qolmaydi: oq qorayadi, qora oqaradi. F.Xo‘jayev shaxsida ham oq bilan qora aralashgan edi. Bir marta ham emas, bir necha karradan! U avval-boshda jadid edi. Jadid sifatida avval Buxoro, keyin O‘zbekiston rahbari bo‘ldi. Ne tongki, uning rahbarligi davrida (1929) Munavvarqori Abdurashidxonovdek zot otildi. Boylarni quloq sifatida tugatish kampaniyasining boshida ham u turdi.

 

Surgun ustiga surgun. 1941-yil 22-iyunida urush boshlanganidan so‘ng sho‘ro nemislari mehnat lagerlariga joylashtiriladi. Ularning konslagerdan farqi yo‘q edi. Otam sovuqdan-sovuq Vyatskdagi lagerga tushadi. Har kuni 15–20 kishi vafot etgan. Shuni bilamanki, 1953-yilgacha sho‘ro nemislari pasportga ega bo‘lmagan, demakki, bu lagerlardan boshqa yerga ketish imkoniga ham. Onam volidasi va men bilan Ust-Kamenogorskda qolgan. Lekin bizni ham u yerdan kichkinagina Kutixa qo‘rg‘oniga jo‘natishdi. 1945-yilning noyabrigacha o‘sha yerda bo‘lganmiz. Umumiy barakda bir necha oila yashar edik. Qish qattiq kelardi. Qor tomgacha ko‘tarilar edi. Jon saqlash uchun kartoshka ekardik, karam tuzlardik. Bibim, boyning qizi emasmi, umrida qo‘lini sovuq suvga urmagan ayol edi. Onam ham uni, ham meni boqar edi.

 

Oxiri Vatanga qaytishga ruxsat bo‘ldi. Chor hukumati davridan qolgan eski vagonlarda qaytdik. Tamburlargacha odamga to‘la edi. Sovuq vagonlar, fayzsiz vokzallarni eslayman.

 

Xo‘jalar yurti. Xo‘jalar – sahobalar hamda sarkarda Qutayba bilan kelgan diniy ulamolar avlodi, degan talqin to‘g‘ri bo‘lsa, ular Buxoroda eng ko‘p edi. Naqshbandiya tariqatining dastlabki nomi ham “xojagon”, ya’ni “xo‘jalar” bo‘lgan. Lekin... Buxorodan “Po‘latxo‘jayev”, “Azizxo‘jayev” kabi familiyalarni izlab ovora bo‘lmang. Kimdir ismi, ota ismi yoki familiyasiga “-xo‘ja”ni qo‘shib olgan bo‘lsa, mustaqillik yillarida bo‘lgan. Buxoro ahli ismi yo familiyasida “xo‘ja” so‘zi borlar F.Xo‘jayev otilganidan keyin uning “dum”i sifatida ko‘p jabr ko‘rganini hozirgacha gapiradi.

 

O‘zbek tili qachon davlat tili bo‘lgan? Hammamiz bu savolni eshitib-eshitmay, 1989-yilning 21-oktyabr sanasini aytamiz, albatta. Holbuki, BXSRning 1921-yil 11-martida qabul qilingan “Til haqida” dekretida turk (o‘zbek) tili respublikaning davlat tili sifatida e’lon qilingan edi. Ya’ni 1924-yili bu millatga “o‘zbek” va milliy respublikaga “O‘zbekiston” deb nom berilishi tasodifiy emas edi.

 

Milliy chegaralanish: birlashishdan bo‘linish sari. F.Xo‘jayev jadid sifatida Markaziy Osiyoda yagona, katta va kuchli mustaqil davlat barpo etilishini orzulamagan deysizmi? Unda nega BXSR hisobidan Germaniyaga jo‘natilgan talabalar orasida uning rahbarligidagi jumhuriyatdan tashqari boshqa hududlar yoshlari ham bor edi?

 

Qo‘qon, Xiva xonliklari va Buxoro amirligi – o‘zbek davlatlari edi. Qo‘qonni – ming, Xivani – qo‘ng‘irot, Buxoroni mang‘it urug‘i vakillari boshqargan. O‘zbeklar bilan tojiklar hamma vaqt bir davlat tarkibida bo‘lib kelgan. F.Xo‘jayev ularni bo‘lib tashlash emas, aksincha, birlashtirish yo‘lini tutdi. 1924-yili bu orzusiga qisman erishdi ham: TojASSR aynan O‘zSSR tarkibiga kiritildi. Ammo hodisalar oqimi boshqa o‘zanga burilib ketdi. Bu endi alohida maqola mavzusidir...

 

Rivoyatlar, ertaklar. Qatl va qo‘rqitish asosida qurilgan hech bir davlatning kelajagi bo‘lmaydi. Bashariyat tarixini o‘qigan har qanday aqlli odam anglab yetadiki, aksar imperiyalar ikki yuz yildan ziyod hukm surmagan. F.Xo‘jayev ham bir kun kelib O‘zbekiston mustaqil davlat bo‘lishini tasavvur etmagan deb bo‘ladimi? Lekin sho‘ro davlati oyoqqa turib, gullab-yashnab kelayotgan bir davrda respublikani ajratib olishning imkoni yo‘qligini ham bilgan, albatta. Binobarin, O‘zbekistonni shu imperiya tarkibida rivojlantirish dardidan boshqa dardi yo‘q edi. O‘zbekistonning ravnaq topishi Stalin boshliq davlatning ravnaq topishiga qo‘shilgan munosib hissa edi. Nadomatlar bo‘lsinki, imperiya o‘z sadoqatli farzandining bo‘g‘ziga pichoq tortdi.

 

Onamdan ayro 19 yil. 16 yoshimgacha onam va o‘gay otam bilan Issiqko‘lda yashadim. 1956-yil martida o‘zimning otam meni Rossiyaning Kirov viloyatiga olib ketdi. O‘sha yerda maktabni bitirib, 1958-yili Perm tibbiyot institutiga kirdim, uni 1964-yili tugatdim. Lager kasalxonasida faoliyat yuritdim. To‘rt yildan keyin Moskva viloyatining Serpuxov shahrida urolog va jarroh bo‘lib ishladim. Otam 2010-yili vafot etdi. Otam-onam yo‘llari 1945-yildan ayro tushgan edi. Ikkalasi ham juda chiroyli insonlar edi.

 

Doston qahramoni. Taniqli shoira Sharifa Salimova “Qabohat saltanati yoxud qor qo‘ynida lolalar” degan she’riy roman yozib, qatag‘onga uchragan ayollar timsollarini yaratdi. Shulardan biri – Viloyat Fayzullayevna. Unga bag‘ishlangan fasl roman ichra bir dostondek o‘qiladi. Unda mana bunday satrlar bor:

 

Fayzulla Xo‘jayev – samo qalbli zot,

Turkiston – ko‘ksidan oqqan daryosi.

Tunlar mijja qoqmas, yurt yuki – og‘ir,

Kunni ham charchatib qo‘yar xayoli.

 

Aybsiz aybdor. Fayzulla Xo‘jayevda avvaldan buyuk Turkiston davlatini qurish g‘oyasi bo‘lgan. Turkistonda eng katta nufusga ega xalq esa o‘zbeklar edi. Ammo Moskvaning zug‘umi bilan Markaziy Osiyo beshga bo‘lib tashlandi. Milliy chegaralanish tamoman Moskvaning hukmi, Stalinning topshirig‘i bilan amalga oshirildi. Ayrim soxta siyosatchilarning bunda kimnidir, ayniqsa, F.Xo‘jayevni aybdor hisoblashiga asos yo‘q.

 

“Bejazo” qolmagan uy. “Xalq dushmani” tug‘ilib o‘sgan hovli qo‘lma-qo‘l... 1925-yili poytaxt Samarqandga ko‘chirilganidan keyin bu yerdan bosmaxona, qizlar hunar maktabi, texnikum, maktab, bilim yurti va yotoqxona sifatida foydalanilgan. 1980-yilda imorat o‘ta ta’mirtalab holga kelib qolgan. 1996-yili F.Xo‘jayev tavalludining 100 yilligi munosabati bilan UNESKO yordamida tarixiy hovli ta’mirlandi. Biroq tuppa-tuzuk ishlab turgan “Fayzulla Xo‘jayev uy-muzeyi” 2013-yili “Buxorolik boy savdogar uy-muzeyi” yodgorlik majmuasiga aylantirildi. Negadir Fayzulla Xo‘jayev nomi yoqmay qoldi. Shukrki, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentyabrdagi 543-qarori asosida “Buxorolik boy savdogar uy-muzeyi” yodgorlik majmuasi “Fayzulla Xo‘jayev uy-muzeyi” deb qayta nomlandi.

 

Tuganmas ta’nalar. Tarix – taqdir. Bittagina yo‘l bor: uni boricha qabul qilish kerak. Sho‘ro davri ham, qanday bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z o‘tmishimiz, begonaniki emas. U davr kishilari, rahbarlari haqida ham bor haqiqatni boricha, beg‘araz aytishga majburmiz. Ammo Fayzulla Xo‘jayev shaxsi hali-hanuz bunga muyassar bo‘lganicha yo‘q.

 

Uning yurtga din tarqatgan ajdodlarning avlodi, ya’ni xo‘ja bo‘laturib, islomga qarshi kurashganini yozishadi. Dahriyona kommunistik siyosat rahbarlaridan biri sifatida boshqacha yo‘l tuta olarmidi?!

 

Millionerning o‘g‘li bo‘laturib, boy-badavlat kishilarni sinfiy dushman sifatida yo‘qotishga hissa qo‘shganini ayb qilib betiga chaplashadi. Axir, ishchi-dehqon partiyasi rahnamolaridan biri sifatida shundan boshqacha siyosat yuritishi mumkinmidi?!

 

F.Xo‘jayev otasidan qolgan boyliklarni markaziy davlatga topshirdi. Go‘yoki, shular evaziga mansabini sotib olgan...

 

Ana endi har qanday odam uning o‘rniga o‘zini qo‘yib ko‘rsin!

 

Kenja Xo‘jayevlar. Onam keyinroq ikki o‘g‘lining familiyasini Xo‘jayev deya o‘zgartirdi... Umri iztiroblar ichida o‘tgan onam 1987-yil 2-yanvarda olamdan o‘tdi. Yunusoboddagi Sultonqul qabristoniga qo‘ydik.

 

Buxoro oltinlari. Frunze to‘plari ming yildan beri qilt etmay turgan Minorai kalonni o‘pirib tashlagani aks etgan fotosuratni ko‘rganmisiz? Shu tarixiy fotodan har qanday yurtdoshimizning yuragi minorday ilma-teshik bo‘ladi. Sharif shahar ko‘chalarining umumahvolini shundan qiyos qilavering. Qayd etganimizdek, vayronaga aylangan shahar xalqi Fayzulla Xo‘jayevni yaxshi qabul qilmadi. Bundan tashqari, Yevropa davlatlari yangi Sovet davlatini yakkalab qo‘yish uchun embargo o‘rnatadi, ya’ni u bilan savdo-sotiq qilmaslik, mabodo savdo qilinsa ham, faqat oltin hisobida amalga oshirish yo‘lini tutadi. Rossiyada esa oltin yo‘q edi. Akademik O.Eshonovning hikoya qilishicha, o‘shanda Feliks Dzerjinskiy Leninga Buxoroda tilla ko‘pligini aytadi. Shundan keyin Buxoroni bosib olish tezlashtiriladi. Buxoro inqilobi bosqinchi davlatga zudlik bilan 18 vagon oltinni qo‘lga kiritish uchun kerak bo‘lgan edi.

 

Tragediya. Ulug‘ adabiyotshunos Vissarion Belinskiy dramani lirika va eposdan ustun bilib, tragediyani uning eng yuksak cho‘qqisi deb ataydi. To‘qima timsollar, soxta fojialar asosida bitilgan romanlarni o‘qishga qiynalaman. Shunday kezlarda ko‘ngildan “Qani endi bir sohibi iste’dod Fayzulla Xo‘jayev hayotining biz sanagan, sanab ulgurmagan fojiaviy sahnalari asosida bir buyuk tragediya yaratsa!..” degan fikr kechadi. Zero, xalqimiz orasida Fayzulla Xo‘jayev kabi chigaldan-chigal qismat, notinchdan-notinch ruh egasini topish amrimahol.

 

P.S. “Sizningcha, Fayzulla Xo‘jayev qanday yo‘l tutishi kerak edi?” deb so‘rayman bandaga xos ojizlik bilan. “Moskvada qamoqqa olinguniga qadar xorijga qochib ketib, jonini saqlashi lozim edi”, deydi Rudolf aka.

 

Yo‘q! U amir Olimxon emas, axir! Aslo­aslo bunday qila olmas edi!..

 

Sultonmurod OLIM

 

“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 1-son.

“Chigal qismat, notinch ruh” essesi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Mafkura

18:05 / 05.05.2026 0 29
Muxolifat qanday shakllanadi?

Adabiyot

18:04 / 30.04.2026 0 649
Yerga qo‘nmaydigan qush





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//