Siyosiy jarayonlarda muxolifatning ahamiyati juda katta. Shu nuqtayi nazardan bu siyosatshunoslikda chuqur o‘rganilgan masalalardan biri hisoblanadi.
Siyosiy tizimga munosabatidan kelib chiqib u tizimli va aksiltizimli muxolifatga ajratiladi. Tizimli muxolifat mavjud siyosiy tuzumni ag‘darish emas, rivojlantirishni ko‘zlaydi. Shu jihatdan uni konstruktiv muxolifat deb atash mumkin. Aksiltizimli muxolifatning pirovard maqsadi esa mavjud siyosiy tuzumni ag‘darishdan iborat. Ushbu maqsadni amalga oshirish uchun to‘ntarish, inqilob, tartibsizliklar, siyosiy yetakchining joniga qasd qilish, axborot xurujlari va boshqa vositalardan foydalaniladi. Aksiltizimli muxolifat barqarorlik va istiqbol uchun xatarlidir.
Mutaraqqiy dunyoda konstruktiv muxolifat davlatning rivojlanishi, siyosiy tizimning takomillashuvida muhim rol o‘ynaydi. Shu bois uni parvarishlash davlat siyosati darajasiga olib chiqilgan va huquqiy, siyosiy, tashkiliy asoslari yaratilgan.
Shu o‘rinda bahsli savol yuzaga chiqadi: muxolifat jamiyat ichidan mustaqil tarzda shakllanib chiqishi kerakmi yoki uni hokimiyat parvarishlashi lozimmi? Ma’lumki, muxolifat muayyan siyosiy liderlar tegrasida tashkil topadi. Yetakchining shakllanishi uzoq va davomli jarayon hisoblanadi. Bunda sifatli ta’lim-tarbiya bilan birga, siyosiy maydondagi kurashlarda toblanish ham muhim o‘rin tutadi. Ana shu jarayonda amaldagi hokimiyat bo‘lajak liderlarga bag‘rikenglik qilishi lozim.
Masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Bo‘lajak siyosiy lider uchun siyosiy iroda, qat’iyat va jasorat suv bilan havodek zarur. Zero, hamma ham shirin halovatdan, shaxsiy farovonlikdan voz kechishni xohlayvermaydi. Bunday xususiyatlar tug‘ma bo‘lib, keyinchalik tarbiyalanadi. Har bir jamiyatda tug‘ma qobiliyatga ega bo‘lajak siyosiy liderlar ko‘plab topiladi. Ayni choqda, ularning shakllanishida jamiyatning ham o‘rni katta: har qanday shaxs ijtimoiy muhitda shakllanadi va ulg‘ayadi; mavjud tartibot va qadriyatlar uning rivojlanishida hal qiluvchi o‘rin tutadi. Bo‘lajak siyosiy liderlarning qobiliyati, avvalo, jamiyat, ya’ni oila, maktab va mahallada namoyon bo‘ladi. Bu ijtimoiy institutlarda bo‘lajak siyosiy liderning intilishi rag‘batlantirib borilsa, unda ishonch va intilish kuchayadi. Ya’ni hokimiyatning muxolifatga nisbatan bag‘rikenglik siyosati va jamiyatning siyosiy liderlarni tarbiyalashi o‘zaro uyg‘unlashib, chinakam muxolifatning shakllanishiga qulay zamin yaratiladi.
Hukumat siyosatiga muqobil yo‘nalishlarni taklif etish, qat’iy pozitsiyani shakllantirib, saylovchilari manfaatlarini himoya qilish, parlamentda munozara va e’tirozlar orqali qarorlar qabul qilish tartibini takomillashtirish, byudjet loyihasini tanqidiy ko‘rib chiqish, hukumat faoliyatini kuzatish va nazorat qilish, qonuniylik, javobgarlik va siyosiy jarayonlar shaffofligini ta’minlash muxolifatning muhim vazifalaridir.
Muxolifat odatda siyosiy partiya sifatida shakllanadi. Uning faoliyatini ikki davrga bo‘lish mumkin: saylovgacha va saylovdan keyingi davr. Birinchi davrda u hokimiyatni egallashga intiladi. Agar muvaffaqiyatga erisha olmasa, saylovdan keyin hokimiyatni egallagan partiyaga nisbatan muxolifona faoliyat yuritadi.
Muxolifat birinchi navbatda hokimiyatni egallagan hukmron partiya faoliyatini tiyib turish uchun kerak. Haqiqiy muxolifat hokimiyatni qonunni buzmasdan faoliyat yuritishga, qarorlarni yetti o‘lchab qabul qilishga, xalqni aldamaslikka undaydi. Noqulaylik tug‘dirgani, cheksiz erkinligini tushovlagani bois hokimiyat muxolifat bilan kurashib, uni yo‘qotishga, kamida chalajon qilishga intiladi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun siyosiy islohotlar orqali muxolifatni kuchaytirish kerak bo‘ladi.
Masalaning murakkabligi shundaki, bu – o‘z raqibingizning boshini silashdek gap. Shuning uchun ham avtoritar tuzumlarda bunday qadamlar tashlanmaydi. Qayd etganimizdek, muxolifat hokimiyat uchun kurashadi. Iqtidordagi partiya esa qo‘lga kiritgan “shirin”gina kuchni bergisi kelmaydi. Shuning uchun ham jadid bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy “Haq olinur, berilmas” degan.
Xullas, muxolifat o‘ziga xos siyosiy fenomen hisoblanadi. U siyosiy jarayonlarning muvozanatini ta’minlab, hokimiyatni tiyib turishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada muxolifat o‘rnini bosadigan boshqa muqobil siyosiy institut mavjud emas.
Oybek SIROJOV,
siyosiy fanlar doktori, professor
“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 1-son.
Tarix
Vatandosh
Adabiyot
Adabiyot
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q