Qorachor no‘yon – Amir Temurning mashhur bo‘lmagan ajdodi


Saqlash
12:55 / 05.05.2026 13 0

Amir Temurning bobokaloni Qorachor no‘yon haqida bir nechta tarixiy manbalarda so‘z yuritilgan. Nizomiddin Shomiy “Zafarnoma”sida Chingizxon Oltoydan Sayxun (Sirdaryo)ning o‘rta oqimigacha, undan Jayhun (Amudaryo) quyi oqimgacha bo‘lgan hududlarni, bir necha ming jangovar otliq askarni Chig‘atoyga topshirganini keltiradi. Ana shu otliq qo‘shinning boshlig‘i etib Qorachon no‘yon tayinlanadi. “Chingizxon askarlarini taqsim qilgan vaqtida bir necha ming jangovar otliq askarni Chig‘atoyga topshirdi. Ushbu askarlarning yo‘lboshchisi Qorachor no‘yon edi. Bu kishi barlos qavmidan bo‘lib, Amir Sohibqironning ulug‘ bobosidir”[1]. Bundan ma’lum bo‘ladiki, Qorachor no‘yon Chig‘atoyga topshirilgan qo‘shinning lashkarboshisi sifatida yuqori harbiy mansab egasi hisoblangan. Ushbu asarda Qorachor no‘yon to‘g‘risida boshqa ma’lumot keltirilmagan.

 

Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”sida esa Qorachon no‘yon haqida to‘liqroq ma’lumot berilgan. Unga ko‘ra, Chingizxon o‘g‘li Chig‘atoyga ajratib berilgan hududni birgalikda boshqarish uchun Qorachon no‘yonni bosh-qosh qilib tayinlagani bayon qilinadi. “Chig‘atoyxon otasi vasiyatiga muvofiq, Qorachor no‘yonning kengashisiz va roziligisiz hech bir ishga qo‘l urmas va murod kavkabi ul ulug‘ hukmron ixtiyoridagi ufqdan boshqa joyda chaqnamas edi”[2]. Asardagi ma’lumotlardan Qorachor no‘yon Amir Temurning bobosi sifatida aksariyat o‘rinlarda ijobiy tarafdan gavdalantiriladi. Masalan, jazolash ishlari nihoyatda qattiq va ko‘p bo‘lgan Chig‘atoyxon hukmronligi davrida amir Qorachor no‘yon yaxshi ishlari va tadbiri orqali ana shu “qattiq” jazolarni go‘yoki “yumshatib” ado etganligi ko‘rsatiladi. Undan tashqari aka-uka O‘qtoyxon va Chig‘atoyxonlar o‘zaro hamkorlik qilishda Qorachor no‘yondan maslahat olganlari ta’kidlab o‘tiladi. Keyingi o‘rinlarda ham Qorachor no‘yon faoliyati ijobiy tomondan yoritiladi. “Chig‘atoyxon xursandchilik va ovga juda ishqivoz va aksar vaqt shu bilan band edi. Amir Qorachor no‘yon esa saltanat jahondorlikning muhim ishlarini olib borar, raiyat va lashkar uchun nimaiki lozim bo‘lsa, to‘la-to‘kis amalga oshirardi”[3].

 

Asardagi Qorachor no‘yon bilan bog‘liq voqealardan yana biri 1238-yili Buxoroda bo‘lgan Mahmud Torobiy qo‘zg‘oloni yozilgan. Ushbu voqea tafsilotlariga ko‘ra, Mahmud Torobiy qo‘zg‘oloni bostirilgan vaqtda Buxoro shahri va uning aholisini mo‘g‘ul askarlarining talon-tarojidan Qorachor no‘yon saqlab qolgan. “Lekin mo‘g‘ul qo‘shinlari talonchilik qilish va qul qilish niyatida, ta’ma tishlarini qayrab turardilar. Ular buxoroliklarni qaytadan qul qilmoqchi edilar. Xalq faryodi Allohga yetib, u lutf qildi. Bir qancha [shahar] ulug‘lari turli tuhfalar bilan peshvoz chiqib, qo‘shin boshliqlaridan qatl va talon-torojga bir oz sabr etishni iltimos qildilar va bo‘lib o‘tgan voqeani amir Qorachor no‘yonga yetkazmoqchi, nimaiki farmon sodir bo‘lsa, shunga qarab ish tutmoqchi ekanliklarini aytdilar. Lashkar amirlari, to‘ra (udum)ga muvofiq, albatta [ular istaganiday] javob kelar, degan umidda, sovg‘alarni olib qo‘ydilar va talon-torojdan qo‘l tortdilar. Arzachi marhamati keng [Qorachor] no‘yon qoshiga yetganda, u Buxoro ahli to‘loviga afv qalami ila imzo chekdi. Qo‘shin qaytib kelsin va qatlu talonchilikka aslo qo‘l urmasin, degan [mazmunda] yorliq bitildi. O‘sha nomdor no‘yonning qutlug‘ tadbiri va himoyatidan Buxoro va [uning] atrofidagi aholi ham torobiychilar fitna-fasodidan, ham [mo‘g‘ul] qo‘shinlari qatl-u talon-torojidan xalos topdilar”[4].

 

Ammo bu voqea haqida boshqa bir tarixiy manba – “Tarixi jahongusho”da Qorachor no‘yonning ismi ham tilga olinmagan. Vaholanki, Juvayniyning mazkur asari Yazdiyning “Zafarnoma”sidan deyarli 150 yil oldin yozilgan va manbaning yozilgan vaqti Mahmud Torobiy qo‘zg‘oloni yuz bergan davrga to‘g‘ri keladi. Xususan, “Tarixi jahongusho”da qo‘zg‘olon shunday bayon qilinadi: “Qo‘zg‘olon ko‘targani uchun mo‘g‘ul qo‘shin boshliqlari Buxoro aholisini qilichdan o‘tkazishga kirishadi. Bu vaziyatda Mahmud Yalavoch Buxoroga kelib, aholini ayovsiz jazolanishidan va talon-taroj qilinishidan saqlab qoladi”[5]. Manbalardagi bunday farqlarni shunday izohlashimiz mumkin: har ikkala muallif o‘z davrining siyosiy vaziyatiga mos tarzda asar bitgan. Juvayniy mo‘g‘ullarga xizmat qilgan amaldor sifatida davlatni idora etib turgan mo‘g‘ul va mo‘g‘ullar xizmatida turgan yuqori lavozimdagi amaldorlar manfaatini hisobga olgani ko‘rinadi. Buni Juvaynining asarida Mahmud Torobiy qo‘zg‘oloni bostirilganidan keyin Buxoro ahlini qattiq jazolanishidan Mahmud Yalavoch qutqarib qolgani to‘g‘risida yozganidan bilib olish mumkin. Zero, Mahmud Yalavoch shaxsan Chingizxon tomonida butun bir Movarounnahr hududini boshqarish uchun noib qilib tayinlangan yuqori mansabdor shaxs hisoblangan.

 

Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asari ham, Nizomiddin Shomiyning “Zafarnomasi ham Amir Temur va temuriylar davrida yozilgani uchun har ikki muallif o‘z davrining hukmron doiralari manfaatini hisobga olishiga to‘g‘ri kelgan. Ikkinchi bir holat esa legitimatsiya masalasi bo‘lib, unga ko‘ra sulola vakilining boshqaruvga yoki biror yuqori lavozimni egallashga huquqiy asosi ko‘rsatilishi kerak edi. Temuriylar davridagi asarlarda Qorachor no‘yon ana shu huquqiy asosga ega lavozim egasi sifatida aks ettirilgan. Bu keyinchalik Amir Temurga hokimiyat boshqaruvida qonuniy haqlilikni isbotlashga manba bo‘lib xizmat qilgan. Amir Temurga Movarounnahr hududini amir sifatida idora etishda o‘sha qonuniylik kerak bo‘lgan. Shuning uchun Mo‘g‘uliston xoni Tug‘luq Temur XIV asrnig 60-yillari boshida Movarounnahrni egallaganidan keyin huzuriga kelgan 24 yoshli Amir Temurni Kesh vohasining dorug‘asi (hokimi) etib tayinlaydi[6].

 

Yazdiyning keyingi yozgan ma’lumotlariga qaraganda Chig‘atoy vafotidan keyin Qorachor no‘yon uning nabirasi Qora Hulaguni taxtga o‘tqazadi. Keyinroq O‘qtoy naslidan bo‘lgan Guyukxonning topshirig‘i bilan Qora-Hulaguni taxtdan ag‘daradi. Uning o‘rniga Yasun Munkeni taxtga chiqadi. Biroq Yasun Munke sal o‘tib vafot etganidan so‘ng, Qorachor no‘yon boshchiligida Qora-Hulagu yana qaytadan taxtga o‘tqaziladi[7]. Ushbu voqealar negizida Qorachor no‘yonning siyosiy mavqei ancha baland va ta’siri katta bo‘lganini ko‘rish mumkin. Asardagi voqealarning keyingi bayonida Qorachor no‘yon 1254-yilda (bu sana manbada hijriy yil bilan 652-yil deb ko‘rsatilgan) vafot etgani, sakson to‘qqiz yil umr ko‘rgani yoziladi. Ushbu ma’lumotdan kelib chiqib Qorachor no‘yon taxminan 1165–1170-yillar oralig‘ida tug‘ilgan bo‘lishi mumkin. Lekin tarixiy manbalarda uning qayerda tug‘ilgani, davlat ishlarida xizmat qilishidan oldingi hayoti haqida ma’lumotlar uchramaydi.

 

“To‘rt ulus tarixi” asarida ham Qorachor no‘yon to‘g‘risida bir-nechta “ijobiy” ta’riflarni uchratamiz. Asardagi vaqealarga ko‘ra, Chingizxon 1227-yili vafot etishidan biroz oldin, kasallanib qolgan vaqtida o‘g‘illari va yuqori martabali no‘yonlarni oldiga chaqiritiradi. O‘g‘illari Chig‘atoy, O‘qtoy, Tulilar bilan bir qatorda Qorachor no‘yon ham Chingizxon huzuriga yig‘iladi. Katta o‘g‘li Jo‘jixon 6 oy avval vafot etgan edi. Chingizxon yig‘ilganlarga (asosan o‘g‘illariga) Qorachor no‘yonning fikri va aytganlariga amal qilishilarini vasiyat qiladi. “Shunda Sohibqironi a’zam Chingizxoni muazzam dedi: “barcha ishda Qorachor no‘yonning donoligi va botirligiga ishonaman! Agar mening dil roziligimni mulohaza qilsangiz, hech biringiz uning ravshan ra’y-u fikridan chiqmangiz va u aytgan har bir fikrga qat’iy amal qilingiz!”[8]. Shuningdek, “To‘rt ulus tarixi”da Chingizxon o‘g‘li Chig‘atoyxonga oldinroq Movarounnahr va unga yondosh boshqa viloyatlarni bo‘lib bergan vaqtida Qorachor no‘yonni Chig‘atoyga xizmat qilishini tayin qilganligi keltiriladi. “Shul sababli Chig‘atoyxonni Qorachor no‘yonga topshirib: “Mening tiriklik paytimda mamlakat va lashkar ishida qanday maqomga ega bo‘lsang, mendan keyin Chig‘atoyxon uchun ham shunday yo‘lni tutasan!”, dedi”[9]. Qolaversa asarda Chingizxon va Qorachor no‘yonning ajdodi hisoblangan Qo‘yluxon (Qobulxon) va Qochuli Bahodirlar o‘rtasida tuzilgan ahdnomaga bundan keyin ularning avlodlari ham amal qilishlari kerakligi takidlanadi. Bu ahdnomaga ko‘ra Chingizxon avlodlari xon bo‘lishi va Qorachor no‘yonning avlodlari esa harbiy hamda davlat ishlarini boshqarishda xonlarga xizmat qilishlari kerak edi.

 

Yuqoridagi manbalarga ko‘ra, Amir Temur va uning ajdodlari hisoblangan barlos urug‘i boshliqlari mo‘g‘ul xonlariga mansab egasi sifatida xizmat qilishi oldindan belgilab qo‘yilgan. Undan tashqari barlos urug‘i vakillariga Kesh (Shahrisabz, Qashqadaryo vohasi) hududlari mulk qilib berilgan bo‘lib, ular shu yerda hokimlik qilish huquqiga ega bo‘lgan. Bu holat huquqiy asos sifatida ko‘rsatilib, Amir Temur ajdodlari, xususan, Qorachor no‘yon faoliyatidan boshlab mamlakatda yuqori harbiy lavozimlardan biri lashkarboshi bo‘lib qo‘shinga boshchilik qilgan. Bu haqida “Temur tuzuklari”da shunday keltiriladi: Hijriy 762 (milodiy 1360-61)-yili Tug‘luq Temurxon ikkinchi marta Movarounnahrga qo‘shin tortib kelib, meni o‘z huzuriga chorlab noma jo‘natdi. Men rozi bo‘lib, uning istiqboliga chiqib, u bilan ko‘rishdim. U oramizdagi ahdni buzib, Movarounnahrni o‘g‘li Ilyosxo‘jaga topshirdi, meni esa sipohsolor qilib belgiladi. Bu ishga ortiqcha ro‘yxushlik bildirmayotganimni ko‘rib, mening bobom Qochuvli bahodir va o‘zining bobosi Qobulxonlarning ahdnomasini ko‘rsatdi. Po‘lat taxtaga imzolangan ahdnomada “xonlik Qobulxon avlodining qo‘lida, sipohsolorlik esa Qochuvli bahodirxon bolalarida bo‘lsin, ular bir-biri bilan yovlashmasin”, degan so‘zlar bitilgan ekan. Buni o‘qib ko‘rgach, ulug‘lar ahdiga vafolik qilish yuzasidan sipohsolorlikni qabul qildim”[10].

 

Shunday qilib qo‘shinga sipohsolor (lashkarboshi)lik qilish Chingizxon va Amir Temurning ajdodlari o‘rtasida imzolangan “shartnoma”ga ko‘ra oldindan belgilangan edi. Qorachor no‘yon ana shunday harbiy lavozimni egallagan amir bo‘lib, u Chig‘atoyxon hukmronligi davridan Chig‘atoy ulusi davlatida katta ta’sirga va mavqega ega bo‘lgan Amir Temurning ajdodi hisoblanadi.

 

Qalandar SAMANDAROV,

Toshkent amaliy fanlar universiteti katta o‘qituvchisi



[1] Nizomiddin Shomiy. Zafarnoma. Fors tilidan tarjima Yuhusxon Hakimjonov. – Toshkent, 1996. – B. 26-27.

[2]Sharafuddin Ali Yazdiy. “Zafarnoma”. Muqaddima. 1-kitob. // Fors tilidan tarjima, so‘zboshi va ilmiy izohlar muallifi Omonullo Bo‘riyev. Shaxs ismlari, joy nomlari, etnik nomlar va atamalar ko‘rsatkichini tuzuvchi Azizjon Sharipov. – Toshkent, 2022. – B. 285.

[3] Sharafuddin Ali Yazdiy. “Zafarnoma”. Muqaddima. 1-kitob. B. 286.

[4] O‘sha asar.  Б. 290.

[5] Tarixi jahongusho (Jahon fotihi tarixi) / Alouddin Atomalik Juvayniy: mas’ul muharrirlar H.Boltaboyev, M.Mahmudov. – Toshkent: MUMTOZ SO‘Z, 2015.  B. 159.

[6] Nizomiddin Shomiy. Zafarnoma. Fors tilidan tarjima Yuhusxon Hakimjonov. – Toshkent, 1996. – B. 33.

[7] Sharafuddin Ali Yazdiy. “Zafarnoma”. Muqaddima. 1-kitob. – B. 291.

[8] To‘rt ulus tarixi. Mirzo Ulug‘bek.  Fors tilidan B.Ahmedov, N.Norqulov va M.Hasaniylar tarjimasi. Toshkent, 1994. – B. 200.

[9] To‘rt ulus tarixi. Mirzo Ulug‘bek.  Fors tilidan B.Ahmedov, N.Norqulov va M.Hasaniylar tarjimasi. Toshkent, 1994. – B. 200.

[10] Amir Temur. Temur tuzuklari. / Forschadan Alixon Soguniy va Habibullo Karomatov tarjimasi. – Toshkent: Yoshlar nashriyot uyi, 2018. – B. 27.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 30.04.2026 0 620
Yerga qo‘nmaydigan qush





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//