Mafkura – jamiyatning ma’naviy-ruhiy tayanchi, millat va davlat taraqqiyotining g‘oyaviy asosi hisoblanadi. U xalqni bir maqsad atrofida birlashtiradi, yoshlarni tarbiyalaydi, milliy manfaatlarni tamsil etadi. Mafkura muayyan g‘oyalarni yoyish, targ‘ib etishga xizmat qilib qolmay, fuqarolarni ulug‘vor harakatlarga undaydi.
“Mafkura bu – shunchaki g‘oyaviy ta’limot emas, balki butun jamiyatning mafkuraviy tuzilishi, olam, inson to‘g‘risidagi, dunyoda shaxs hayotining mazmuni haqidagi falsafiy, ilmiy, estetik, axloqiy, huquqiy, siyosiy, iqtisodiy, sotsiologik bilimlar va qadriyatlar majmui. Shu bilan birga, mafkura jamiyat kelajagining eng yaxshi tarzda qurilishi to‘g‘risida tasavvur ham beradi” deb yozadi professor Qiyom Nazarov (Nazarov Q. Mafkura. Toshkent, Respublika milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, 2014. 12-bet).
Siyosiy mafkuraning haqiqiy “vazni” uning asosiy funksiyalari va jamoat ongiga ta’sir darajasiga bog‘liqdir (Новейший политологический словарь. Д. Погорелый, В. Фесенко, К. Филиппов. Ростов-на-Дону, “Феникс”, 2010. Стр. 100). Ilmiy tilda aytganda, siyosiy mafkuraning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
1) mo‘ljallanganlik: jamiyat, ijtimoiy hayot, shaxs, hokimiyat haqidagi fundamental g‘oyalarni o‘z ichiga olgan holda, inson faoliyatining yo‘nalishlari tizimini belgilab beradi;
2) safarbarlik: siyosiy idealga erishish yo‘lida kuchlar, vositalar, resurslar va ichki zaxiralarni faollashtirishga ko‘maklashadi;
3) integrativlik: siyosiy mafkura individual yoki guruh manfaatlaridan ustun bo‘lishi baravarida birlashtiruvchi omil sanaladi;
4) amortizatsiya: jamiyat, guruh, shaxs ehtiyojlari va ularni qondirishning real imkoniyatlari o‘rtasida nomuvofiqlik mavjud bo‘lgan vaziyatda ijtimoiy keskinlikni yumshatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mafkura masalasiga e’tibor qaratib, jumladan, bunday degan edi: “Mafkura sohasida bo‘shliq degan narsaning o‘zi hech qachon bo‘lmaydi. Chunki insonning qalbi, miyasi, ong-u tafakkuri hech qachon axborot olishdan, fikrlashdan, ta’sirlanishdan to‘xtamaydi. Demak, unga doimo ma’naviy oziq kerak. Agar shu oziqni o‘zi yashayotgan muhitdan olmasa yoki bu muhit uni qoniqtirmasa, nima bo‘ladi, aytinglar? Bunday oziqni u asta-sekin boshqa yoqdan izlaydi. Shunga yo‘l bermasligimiz kerak” (2017-yil 15-iyun kuni bo‘lib o‘tgan “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzusidagi anjumanda so‘zlangan nutq. https://president.uz/uz/lists/view/649).
Sir emas, dunyo maydonida birinchi navbatda yoshlarning ong-u qalbini egallamoq uchun beayov kurash kechmoqda. Shunga ko‘ra, mamlakatimizda ham yoshlar tafakkurida mafkuraviy bo‘shliq yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ko‘pgina chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yangidan ta’sis etilgan Yoshlar ittifoqi va Yoshlar ishlari agentligi zalvarli vazifalarni o‘z zimmasiga oldi. Hukumat ham yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlayotir. Ammo keyingi yillarda yoshlarning tafakkur dunyosi bilan bog‘liq voqealarni tahlil qilar ekanmiz, mamlakatimizda milliy mafkurani yoshlar ongiga singdirish mexanizmi ishlab chiqilmagani va u kompleks ravishda qo‘llanmagani bois ayrim salbiy holatlar yuzaga kelganiga shohid bo‘lamiz.
Milliy mafkura xususida so‘z borar ekan, yirik mafkuraviy tahlil markazlari faoliyatini ko‘zdan qochirmasligimiz kerak. Mafkuraviy markazlar – muayyan g‘oyani ilgari suruvchi, targ‘ibot va tashviqotning turli usul, vositalari orqali odamlar ongi, ruhiyatiga ta’sir etuvchi tashkilot yoki muassasalardir. G‘arb va Sharq o‘rtasida mafkuraviy kurash kechayotgan hozirgi pallada ayrim xorijiy davlatlar maxsus xizmatlari tomonidan g‘oyaviy qo‘poruvchilik faoliyati ham olib borilmoqda. 1950-yillar boshida AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Allen Dalles ilgari surgan “inson ruhiyatiga ta’sir etish” strategiyasida sobiq Ittifoqqa mafkuraviy bosim o‘tkazish vazifasi ham belgilangan edi. “Insonlarni bolalik va o‘smirlik davrlaridan boshlab o‘z izmimizga bo‘ysundiramiz, asosiy e’tiborni yoshlarga qaratib, ularni ma’naviy-axloqiy qadriyatlardan uzoqlashtiramiz, fahsh yo‘liga kiritamiz, tushkunlikka tushiramiz” deydi rus adibi Anatoliy Ivanovning “Mangu chorlov” romanidagi salbiy personaj. Bunday g‘arazli fikr o‘tgan asrda aytilganiga qaramay, hozir ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan, deb hisoblaydi professor Ilyos Islomov (Islomov I. Ma’naviy xavfsizlik. Monografiya. Toshkent, “Complex Print”, 2023. 75-bet).
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarning roli va ahamiyati tobora ortib bormoqda. Virtual platformalar o‘smirlarning muloqot va ma’lumot almashuvga bo‘lgan ehtiyojini maqbul darajada qondiradi. Ijtimoiy tarmoqlarning 1990-yillardan keyingi jadal taraqqiyoti dunyoni ikki qismga bo‘lib yubordi: onlayn va offlayn. Hozir jahonda o‘nlab yirik ijtimoiy tarmoqlar bo‘lib, ulardagi akkauntlarning umumiy soni 6 milliarddan oshgan. Tadqiqotlarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari asosiy qismini 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etmoqda. Bu jabhada aynan yoshlar faol ekanini inobatga olsak, onlayn platformalar ulkan imkoniyat va ayni choqda katta xatar ekanini tasavvur qilish qiyin emas.
Tan olish joizki, biz istiqlol yillarida G‘arb targ‘ibotiga qarshi turadigan ta’lim texnologiyalarini ham, individ, shaxs yuksalishiga xizmat qiladigan usul-uslublarni ham yarata olmadik. Nazarimizda, aynan milliy mafkura jabhasidagi kemtikliklar sabab jamiyatda quyidagi ma’naviy yo‘qotishlar yuz berdi.
I. Milliy o‘zlik va birdamlik: millatning turli qatlamlari yagona maqsad tegrasida birlasha olmadi; yoshlarda milliy g‘urur, o‘z tarixiga va madaniy merosiga sadoqat zaiflashdi; etnik va madaniy xilmaxillik hamda milliy g‘oya doirasida uyg‘unlashgan holda yashash ko‘nikmasi shakllanmadi.
II. Yoshlar ongida g‘oyaviy bo‘shliq: diniy ekstremizm, missionerlik kabi yot g‘oyalar tarqaldi; yoshlarda mafkuraviy immunitet va tashqi ta’sirga qarshi himoya qobiliyati susaydi.
III. Davlat va jamiyat barqarorligi: iqtisodiy-siyosiy jabhada beqarorliklar kuzatildi; fuqarolarning davlat siyosatiga ishonchi va umidi so‘nayozdi; jamiyatdagi ijtimoiy kelishmovchiliklar g‘oyaviy asosda yumshatilish o‘rniga kuch vositalari, ma’muriy yo‘llar bilan hal etildi.
IV. Ta’lim va tarbiya samaradorligi: yoshlarning bilim olishi, ma’naviy barkamollik va vatanparvarlik bobida oqsashlar ro‘y berdi; mutasaddi vazirlik va idoralar, siyosiy elita, ziyolilar, jamoatchilik vaziyatga to‘g‘ri baho berish o‘rniga muammodan o‘zini chetga tortdi; shaxs tarbiyasiga xizmat qiluvchi milliy metodologiya ishlab chiqilmadi.
Xonasi keldi, kollej va litseylar tizimi haqida ikki og‘iz izoh berib ketsak. Ma’lumki, O‘zbekistonda Kadrlar tayyorlash milliy dasturi (1997) asosida kollej va litseylar tizimiga asos solindi. Unga ko‘ra, 9-sinfdan keyin o‘quvchilar umumiy o‘rta ta’limga emas, balki kasb-hunar kollejlari yoki akademik litseylarga yo‘naltirildi. 1997–2009-yillar mobaynida hududlarda shoshmashosharlik bilan kollejlar qurilib, davlat byudjetidan milliardlab mablag‘ sarflandi. Shu yo‘l bilan maktabdan keyin o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish va mehnat bozoriga tayyorlash ko‘zda tutilgan edi. Maqsad nazariyadan amaliyotga yaqinlashish, qisqa vaqtda ishlab chiqarish sohalari uchun kadrlar tayyorlash edi. Ammo bu reja to‘liq ro‘yobga chiqmadi. Gap shundaki, ezgu g‘oya mehnat bozori bilan uyg‘unlashmagan, kollejlarda o‘quv dasturlari va o‘qituvchilar salohiyati zamondan ortda qolgan, yoshlarning tanlov huquqi cheklangan (zotan, 9-sinfdan keyin hamma majburiy ravishda kollejga yuborilgan), boz ustiga, o‘quvchilarning ruhiy-ma’naviy tayyorgarligi haminqadar edi.
Sifatli infratuzilma yo‘qligi ham vaziyatga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi: ayrim tumanlarda zamonaviy laboratoriyalar, ustaxonalar yetishmas, kollejlar markazdan chekkaroqda joylashgan, bu esa davomat ko‘rsatkichini tushirib yuborar edi. Shu tariqa ba’zi yillarda 60–70 foiz kollej bitiruvchilari universitetga kira olmadi. Oliy ta’limga jalb etilmagan yoshlar armiyasi shakllana boshladi – keyinroq biz ularni “uyushmagan yoshlar” deb atadik. 1997–2010-yillarda jamiyat o‘rta maxsus diplomli mutaxassislarga ish topish muammosi bilan to‘qnashdi.
Sirasi, kollej tizimi o‘zini oqlamadi. Ta’limdagi islohotlar, aniqrog‘i, eksperimentlar millat bolalarining fikriy o‘sishiga xizmat qilmadi, bir avlod boy berildi. Kollej bitiruvchilarining shaxsiy hayotidagi norasolik, moddiy va ma’naviy kambag‘allikning sabab-oqibatlari hali xolis, to‘liq tadqiq etilmagan.
Yangi davrga kelib, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ta’lim tizimining jiddiy ravishda isloh qilingani hayotiy zarurat mahsuli edi. 2017-yildan keyin tizim qayta ko‘rib chiqildi va 11 yillik umumiy ta’lim tiklandi. 2026-yil 1-sentyabrdan e’tiboran 12 yillik maktabga o‘tish rejasi e’lon qilindi.
V. Xalqaro imij va tashqi siyosat: milliy g‘oya tizimli yo‘lga qo‘yilmagani bois O‘zbekiston tashqi siyosatda kuchli maqom-mavqega ega bo‘lmadi; milliy g‘oya va mafkura xalq diplomatiyasida “brend”ga aylanmadi.
VI. Iqtisodiy rivojlanishda mafkuraviy omilning o‘rni: milliy g‘oya iqtisodiy, ishlab chiqarish jarayonlarida poydor bo‘lganida idora va tashkilotlarda mehnat intizomi, mas’uliyat, halollikni mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi kurash bobida kiroyi natijalarga erishilardi. Mafkuraviy omil inobatga olinmagani sababli ba’zi sohalarda korrupsiya va shaxsiy manfaatlar kuchayib ketdi.
Daraxt ildizi bilan tirik, mafkurani ham jamiyatning teran tomiriga mengzash mumkin. Mafkurasizlik ortidan mamlakat hayotida jiddiy salbiy oqibatlar yuzaga chiqadi. Avvalo, milliy birlikning zaiflashuvi jamiyatda parokandalik, ijtimoiy birdamlikning yo‘qolishiga olib keladi.
Mamlakatimizda so‘nggi o‘n yil mobaynida jadal iqtisodiy islohotlar kechmoqda. Xo‘sh, ma’naviy-mafkuraviy jabhadagi vaziyat bilan ham maqtana olamizmi?
Ayrim yoshlarning ma’naviy tayanchsiz yashayotgani radikal g‘oyalar, ekstremizm va turli yot ta’sirlarga moyillikni kuchaytiradi, albatta. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “chetga surish” kampaniyasi zamirida ham mafkurasizlik xastaligi yotibdi deyish mumkin.
Mafkurasizlik mamlakatdagi siyosiy jarayonlarda uzviylikka ham raxna soladi. Ayrim yurtdoshlarimizda ijtimoiy faollik sust ekani ana shu jihat bilan izohlansa ajab emas.
Ma’naviy tanazzul alomatlaridan ko‘z yumish tuyaqushning tahlikani sezgan vaqtda boshini qumga tiqib olishiga o‘xshaydi. Mafkura haqida so‘z ochilsa, ayrimlar bu tushunchani erkinlik kushandasi deya yanglish talqin qiladi. Holbuki, mutaraqqiy dunyoda, demokratik davlatlarda ham mafkura alohida o‘rin tutadi.
Yevropa ham bunyodkor, ham vayronkor g‘oyalari bilan ma’lum-u mashhur. Liberalizm, sotsializm, fashizm, anarxizm, korporatizm, marksizm, sotsial demokratiya, xristian demokratiyasi, konservatizm, natsionalizm kabi turli-tuman g‘oyalar, mafkuralar shu mintaqada shakllangan.
Zamonaviy Yevropada mafkuralar mamlakatlarning tarixiy taraqqiyoti, siyosiy tizimi, iqtisodiy modeli hamda madaniy an’analariga bog‘liq holda rivojlangan. Hozirda Yevropa integratsiyasi mafkurasi ustuvordir. Xususan, “yevropalik” g‘oyasi, ya’ni Yevropa Ittifoqida umumiy qadriyatlarni shakllantirish, yagona siyosiy, iqtisodiy makon qurish g‘oyasi keng tarqalgan. Qayd etish joizki, Yevropa davlatlari XX asrning ikkinchi yarmidan e’tiboran mafkuraviy plyuralizm muhitiga o‘tgan, ya’ni “ko‘hna qit’a”da turli g‘oya va qarashlar o‘zaro raqobatda.
Xitoy bu borada boshqacha yo‘l tutgan. XXR taraqqiyot modelida mafkura davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Misol uchun, ta’lim tizimi g‘oyaviy tarbiya bilan uyg‘unlashgan bo‘lib, mafkuraga mushtarak tarzda buyuk faylasuf Konfutsiy merosi, an’anaviy xitoy qadriyatlari targ‘ib etiladi. Ko‘zlangan maqsad jamiyatda “Xitoy yo‘li”ga ishonchni mustahkamlash, milliy g‘ururni kuchaytirishdan iboratdir. Milliy media va “WeChat”, “Weibo” kabi mahalliy ijtimoiy tarmoqlarda ham davlat mafkurasi targ‘ib-tashviq qilinadi.
Xitoy atoqli islohotchi Den Syaopin rahbarlik qilgan 1980-yillardan boshlab G‘arb liberalizmiga muqobil milliy taraqqiyot modelini ilgari surib keladi. Ya’ni XXR yagona mafkura asosida qurilgan davlatdir. “Maktablarda izchil ravishda mafkuraga oid darslar o‘tiladi. Har bir xitoylikdan “Besh narsani – mamlakatni, xalqni, mehnatni, ilmni va sotsializmni sevaman” shioriga sadoqat talab etiladi” (qarang: Marianne Bastid. Education, Youth and Social perspectives in the early 1980s / China in the 1980 – and beyond. Studies in Asian topics. 1986, № 9. Copenhagen. P. 15-17).
Yaponiyada ham mafkura xalq ruhiyatiga singib ketgan. Har bir jamoada ijtimoiy bitim – konsensus tizimi ustun maqomda: bitim ijtimoiy normaga mos kelmasa, huquqiy kuchga ega bo‘lmaydi. Atoqli olim Baygan Isida (1685–1744) ilgari surgan etika qoidalariga ko‘ra, ishchilar va tadbirkorlar siyosatdan uzoqda yurib, davlat siyosatiga aralashmaydi.
Kunchiqar o‘lka madaniyatida 和 (wa) tushunchasi markaziy o‘rin tutadi. Ushbu ieroglifning ma’nosi uyg‘unlik, tinchlik, hamjihatlik demakdir. Ma’lum ma’noda u yapon o‘zligini ham anglatadi. Demak, yapon jamiyatida mojaro va kelishmovchilikka yo‘l qo‘ymay, ahillik va birdamlikni saqlash, shaxsiy manfaatdan jamoa manfaatini ustun qo‘yish, mo‘tadillik va sabr tamoyillariga rioya etish asosiy qoida hisoblanadi.
Sovet Ittifoqi tajribasidan olingan asosiy saboq shuki, tarix sahnasidan supurib tashlangan vayronkor mafkura o‘rniga darhol bunyodkor mafkura taklif etilmas ekan, yot g‘oyalar, ta’limotlar kuchayib ketadi. Bizningcha, O‘zbekistonda ham milliy mafkura jabhasida bir qator choralarni amalga oshirish lozim.
Birinchidan, mafkuraviy siyosatni davlat strategiyasi darajasiga olib chiqish maqsadga muvofiqdir. Mafkurani faqat ma’naviy targ‘ibot sohasi deya cheklab bo‘lmaydi. Shunga ko‘ra O‘zbekistonda Milliy mafkura konsepsiyasi ishlab chiqilishi, unda mafkuraviy siyosatning maqsadi, vazifalari, baholash indikatorlari va monitoring tizimi aniq belgilanishi kerak.
Ikkinchidan, ta’lim tizimida mafkuraviy tarbiyani kuchaytirmoq lozim. Jumladan, o‘rta va oliy ta’limda “Milliy g‘oya va mafkura”, “Milliy qadriyatlar” fani va amaliyot darslarini zamonaviy metodlar asosida qayta tashkil etish, yoshlarda tanqidiy tafakkur, milliy iftixor va vatanparvarlikni shakllantirishga qaratilgan interaktiv dasturlar joriy etish, pedagoglar uchun “Mafkuraviy pedagogika” fani bo‘yicha qayta tayyorlash kurslarini joriy qilish muhimdir.
Uchinchidan, axborot makonida milliy mafkurani himoya qilish lozim. Internet va ijtimoiy tarmoqlarda mafkuraviy kurashni yangi shaklda olib borish, jumladan, milliy g‘oya va qadriyatlarni targ‘ib qiluvchi media kontent (video, podkast, serial, multfilmlar) yaratish, Mafkuraviy monitoring markazini tashkil etish, jurnalistlar, blogerlar va ijtimoiy faollar uchun “Mafkuraviy kommunikatsiya” fani bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etish davr talabidir.
To‘rtinchidan, yoshlar siyosatida mafkuraviy ishni tizimlashtirish kerak. Yoshlar – mafkuraviy barqarorlikning asosiy sub’ektidir. Mafkuraviy tarbiya yo‘nalishida Yoshlar ittifoqi, yoshlar parlamentlari va volontyorlar faoliyatini kuchaytirish; milliy g‘oya ruhida yoshlar forumi, debat klublari, innovatsion g‘oyalar tanlovlarini tashkil qilish; yoshlarga tarix, madaniyat va milliy an’analarni zamonaviy vizual vositalar orqali yetkazish lozim.
Beshinchidan, ilmiy-tadqiqot va falsafiy asosni mustahkamlamoq darkor. Mafkura faqat shiorbozlik emas, u ilmiy, falsafiy asosga ega bo‘lishi kerak. Fanlar akademiyasi, universitet va institutlarda Milliy g‘oya va mafkura tadqiqot markazlarini tashkil qilish, mafkuraviy tahdidlar bo‘yicha muntazam tahlillar o‘tkazish zarur.
Oltinchidan, madaniyat va san’at orqali ta’sirchan mafkuraviy muhit yaratish ham muhim. Mafkura oddiy so‘z bilan emas, his va obraz orqali qalbga kirsa, uning ta’siri kuchli bo‘ladi. Milliy g‘oyani yoshlarga teatr, kino, adabiyot va musiqa asarlari, qolaversa, zamonaviy formatdagi madaniy loyihalar orqali yetkazish vaqti keldi.
Yettinchidan, davlat va fuqarolik jamiyati hamkorligini kuchaytirishda ham gap ko‘p. Mafkura nafaqat davlat shafeligi, balki jamoatchilikning faol ishtirokida takomillashadi. Shu bois NNT, mahalla, oila va ta’lim muassasalari o‘rtasida mafkuraviy hamkorlik platformasini yaratish lozim.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Yangi O‘zbekistonni barpo etish va Uchinchi renessans poydevorini qo‘yish kabi ezgu g‘oyalarni amalga oshirish xalqimizdan siyosiy iroda, kuchli bilim, keng dunyoqarash va yuqori siyosiy madaniyatni talab qiladi. O‘zbekistonda mafkurani kuchaytirishning tizimli yechimi bu – boshqaruv, ta’lim, madaniyat, axborot va fuqarolik jamiyati sohalarini bir butun mafkuraviy tizimga aylantirishdan iborat. Bu tizimning asosiy tamoyili quyidagicha bo‘lishi lozim: “Bir g‘oya – bir maqsad – bir ruh”. Bizningcha, ushbu konsepsiya milliy birdamlik va ma’naviy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Baxtiyor OMONOV
“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 1-son.
“Ildizidan uzilgan og‘och” maqolasi
Tarix
Vatandosh
Tarix
Vatandosh
Ma’naviyat
Mafkura
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q