Kitob yozish, nusxa ko‘chirib ko‘paytirish, kutubxonada saqlash va kelajakka o‘tkazish tashabbuslari birdaniga, o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan. Kishilik jamiyati asrlab o‘sish, rivojlanish bosqichlaridan o‘tarkan, o‘z fikr-o‘ylarini g‘orlar, tog‘ qoyalariga turli bo‘yoqlar yordamida qandaydir tushuniksiz chizmalardan boshlab, bundan 5 ming yillar oldin suyak, yog‘och, loy, teri ustiga turli-tuman tasvir va belgilarni chizish kabi yo‘llarni bosib o‘tdi.
Dunyo xalqlari orasida ayrimlari miloddan bir necha ming yil oldin, ayrimlari esa yaqin zamonlarda o‘z yozuviga ega bo‘ldi. Ular guvoh bo‘lgan kundalik voqealarni boshlang‘ichda turli-tuman buyumlar sirtiga, tosh va tog‘ qoyalariga, teri va og‘och qobiqlariga yoza boshladilar. Qog‘ozni yaratib, o‘y-fikrlarini yanada qulay anglata boshlaganiga atigi 1,5 ming yil bo‘ldi. Bungacha “kitob”lar O‘rta Sharqda loy ustiga chizib yozilib, keyin quritilgan holda yuzlab sopol lavhalarni qamrab olardi, Xitoyda bambuk taxtalar ustiga iyerogliflar tushirilgan yog‘och kitoblar edi. Asrlar sari yozish kuchayib, kitob turlari ham orta bordi. Dunyoning turli burchaklarida – Rim, Yunon, Misr, Eron, Hind va Chin o‘lkalarida, Turon – Turkistonda birin-ketin kitob yozish madaniyati yuzaga chiqdi, – qay o‘lkalarda bir-biriga bog‘liq, qay o‘lkalarda esa butunlay farqli holda “noshirlik” o‘rtaga chiqa boshladi.
Turkiylar bundan bir yarim ming yilcha ilgari toshlar sirtiga o‘yib yozib, bitiktosh – kitob yarata boshladi. Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘atit turk” asarida “kitob” ma’nosida “bitig” so‘zini keltirib, uning “yozuv”, “tumor” (o‘g‘uzchada) anglamlarida ham kelishini aytib o‘tadi [Koshg‘ariy 1960, I: 365-366; DLT 2014: 590]. Shuningdek, kitobda “ul bitig chekdi – u kitobga nuqtalar qo‘ydi”, “ul bitig ko‘churdi – u kitobdan nusxa ko‘chirdi”, “ul manga bitig bitishdi – u menga kitob yozishda yordam etdi”, “er bitig bitindi – er kishi kitob yozayotgandek ko‘rindi” kabi yana o‘nlab o‘rnaklar beradi [DLT 2014: 239, 253, 257, 273]. “Bitig” so‘zi “Devonu lug‘atit turk”dan ham ancha oldin, O‘rxun-Enasoy yozuvida bitilgan – IX asr boshlariga tegishli “Irq bitig” (Fol kitobi)da shu ma’noda uchraydi [To‘xliyev 1991].
Negizida eski turkcha “biti- “yozmoq, bitmoq” fe’li yotadigan “bitig” so‘zi O‘rxun–Enasoy bitiktoshlaridan (VII–VIII) avval, ilk bor xitoy yozma manbalarida (IV–V) qo‘llanilgan. Xitoyning Toba-Vey sulolasi (386–535) kelib chiqishiga ko‘ra turkiy, yo bo‘lmasa, turk-mo‘g‘ul qorishiq elati bo‘lib, ularga tegishli bir necha o‘nlab so‘z va atamalar xitoy iyeroglifida, xitoycha ochiqlamalari orqali bugungacha yetib kelgan. Ular orasida pi-tê-chên “bitikchi, kotib” so‘zi uchrab, u eski turkcha bitikçin “bitikchi” so‘zi bilan bog‘lab tushuntiriladi [Boodberg 1936: 169-179; Clauson 1960: 114-118; Boboyorov 2023: 67, 69]. Ulardan 300 yil keyin yozilgan O‘rxun-Enasoy bitiktoshlarida mazkur so‘z “bitkachi” ko‘rinishida tilga olinadi. Bitiktoshlardan 3-4 asr keyin yozilgan “Devonu lug‘atit turk”da esa “bititguchi” degan biroz boshqacha ko‘rinishi uchraydi [Koshg‘ariy 1963, II: 369].
Yozmoqdagi “yaz- (yoz)” fe’li turkiy tillarda birmuncha kech faollashgan bo‘lib, eski turkcha asarlarda shu anglamda deyarli uchramaydi. Uning eng eski ko‘rinishi chamasi “yar- “yozmoq, yormoq” bo‘lgan. O‘rta asrlarga kelgachgina bu so‘z “bit-“ (bitmoq, yozmoq) fe’linining o‘rnini egallagan. Mahmud Koshg‘ariy zamonida “yaz” so‘zi “bahor, yoz”dan tashqari “yaz- “yechmoq, yechilmoq”, “ozmoq, adashmoq” anglamlarida ishlatilib, turkiylar orasida birgina o‘g‘uzlar “yozmoq, bitmoq” o‘laroq qo‘llangan [Koshg‘ariy 1963, III: 66]. Ulardagi “yozmoq, bitmoq”ning eski turkchasi “yir-” yoki “yar- “yirmoq, yirtmoq, yormoq, ayirmoq, bo‘lmoq, belgi qo‘ymoq” fe’liga borib taqalgan, chamasi. Bunday turkcha so‘zlarning ko‘pchiligi o‘sha ko‘rinishda venger (mojor) tilida saqlanib qolgan bo‘lib, bu tilda ίr “yozmoq”, írás so‘zi “yozuv” anglamida qo‘llaniladi [Rona-Tas, Berta 2011: 125, 459-463]. Bilamizki, bugungacha turkiy el-uluslarning ko‘pchiligi O‘rxun-Enasoy bitiktoshlari asosida old turkcha (prototurkcha) “r” undoshini so‘z o‘rtasi va so‘z so‘ngida “z” undoshiga aylantirishgan.
1-rasm. Qutlug‘ Eltarish xoqon bitiktoshi.
Eski turklarda kitob yozish ancha qadimdan boshlanib, bu an’ana qo‘shni el-uluslar tomonidan ham o‘zlashtirilganini slavyan tillarida, ayniqsa, rus tilidagi “книга” (kitob)ning kelib chiqishi turkiy tillarga borib taqalishi ko‘rsatib turibdi. “Книга” negizida eski turkcha *küinig (kuinig) so‘zi yotib, Dunay bulg‘orlarida *küiniv, uyg‘urlarda kuin, kuinbitig ko‘rinishida uchraydi [Fasmer 1986: 263]. Vengerlarda esa bu so‘z könyv (ko‘niv) ko‘rinishida saqlanib qolgan [Rona-Tas, Berta 2011: 290-291].
O‘rta asrlarda uyg‘ur turklarida “kuin”, “kuin-bitig” so‘zlari uchraganidek, “Devonu lug‘atit turk”da ham “ay-bitigi” (oy-bitigi) so‘ziga duch kelinadi. Mahmud Koshg‘ariy bu so‘zni “askarlarning nomi va ozig‘i yozilgan daftar” deb ochiqlaydi [Koshg‘ariy 1960, I: 76; DLT 2014: 18]. Demak, turkiy el-uluslarda har oyda bir marotaba qo‘shin sanog‘i olib borilgan, buning uchun maxsus daftar tutilgan – “oy-bitig” deb atalgan. Shuningdek, ota-bobolarimiz turli daftarlar, hujjatlarni saqlashda maxsus “obyekt”lardan foydalanishgan. “Devonu lug‘atit turk”da “kesurga – ichiga qog‘ozlar solinadigan muqova” deb keltirilgani buning isboti [Koshg‘ariy 1960, I: 452].
Turkiy tillarning ko‘pchiligida, ayniqsa, o‘zbek tilida saqlanib qolgan “biti- bitmoq, yozmoq”, “yoz- yozmoq“ fe’llari bilan birga eski turkchada “ur- urmoq (biror buyum, tosh ustiga urib yozmoq)”, “to‘qi- to‘qimoq (tosh va tog‘ qoyasi ustiga o‘yib yozmoq), “o‘y- o‘ymoq (qattiq jismning ustini o‘yib yozmoq)” kabi so‘zlar uchraydi, ayrimlari biroz ma’no o‘zgarishiga uchrab bo‘lsa-da bugungacha yetib kelgan.
Eski turkchada “qog‘oz”
Kunchiqar ellari, ayniqsa, musulmon arab, fors, turkiy va yana bir necha el-ulus tillarida “qog‘oz”, “kog‘az”, “qag‘it” ko‘rinishlarida uchraydigan so‘z uyg‘urcha yozuvli eski turk bitiklarida “kägdä” ko‘rinishida keltirilgan. Ayrim izlanuvchilar “qog‘oz”ni turkchaga sug‘dchadan o‘zlashgan deb qaraydilar – “kâg‘da”, “kâg‘diyah” so‘zlariga tayanib [Tekin 1986: 32]. Forschaga “kog‘az”, “kog‘iz” ko‘rinishlarida o‘tgan bu so‘z turkiy tillarning aksariyatida “qog‘oz”, “qag‘az” bo‘lsa, Onado‘li turkchasida “qag‘it”ga aylangan. Sug‘dlar “qâg‘da”, uyg‘ur turklari “kagda” shaklida ishlatib, keyinchalik boshqa tillarga “kog‘az”, “qog‘oz” ko‘rinishida o‘zlashgan deya qaraluvchi so‘z negizida esa eski xitoycha qorag‘at mevasini anglatgan “qu” (eski xitoycha ko‘rinishi kuk / k’ak) so‘zi yotadi, xitoycha k’ak so‘ziga sug‘diycha -da bo‘g‘ini qo‘shilib yasalgan deb qaraydigan izlanuvchilar ham bor [Tekin 1986: 32], biroq quyida ko‘rib chiqiladiganidek, “qog‘oz” so‘zi turkiy negizga ega.
“Qog‘oz” so‘zi aslida eski turkcha “og‘och (daraxt) po‘stlog‘i, qobiq” ma’nosidagi “qaz”, “qas” so‘zlaridan kelib chiqqan bo‘lishi ham mumkin. “Devonu lug‘atit turk”da “qaz – har bir daraxtning po‘stlog‘i”, “qasuq – har bir daraxt po‘stlog‘i. Bu so‘zning asli “qas”dir, q keyin qo‘shilgan” deb keltiriladi [Koshg‘ariy 1963, III: 165; Koshg‘ariy 1960, I: 363]. Bizningcha, “qobiq” anglamidagi “qaz” so‘zi “qag‘az” (qog‘oz)ga aylanishi eski turkiy tildagi fonetik o‘zgarishni boshdan kechirgani bilan bog‘liq. Bilamizki, eski turkcha til yo‘riqlariga ko‘ra, unlilar orasiga, ayniqsa, uzun unlilar orasiga “g‘” undoshini qo‘shib aytish hollari ham uchragan. Masalan, “O‘g‘uznoma”ning eski turkcha – uyg‘urcha yozuvli nusxasida “qar” (qor) so‘zi “qag‘ar” yozilganidek [O‘g‘uznoma 2007: 9], “qag‘an” (xoqon) so‘zi “qan” (xon) ko‘rinishini olgan bo‘lishi mumkin. “Batur” so‘zi birmuncha keyinroq unlilar orasiga “g‘” undoshi qo‘shilishi bilan “bag‘atur”ga aylangan, undan “bahodur” so‘zi kelib chiqqanidek [Boboyor 2024] “qaz” so‘zidan “qag‘az” (qog‘oz) so‘zi yasalgan, chamasi.
2-rasm. “Irq bitig”dan o‘rnaklar.
Qobiq, po‘stloq, qayin po‘stlog‘i yoki shunga yaqin anglamlardagi “qas”, “qaz”, “qaza”, “qayza”, “qayzg‘a”, “qasmoq”, “qasqon”, “qasiriq” kabi so‘zlar bugun o‘nlab turkiy tillarda, shu jumladan, o‘zbek tili va shevalarida uchraydi [ESTY 1997: 328-329; O‘TIL 2008: 258; O‘XShL 1971: 157]. Qizig‘i shundaki, biror narsaga, ayniqsa, qog‘ozlarni kitob ko‘rinishiga keltirib, jild (qobiq) qoplash bosqichi ayrim shevalarda “qasnoqlov” deyiladi.
Ilk qog‘ozlar og‘och – daraxt qobig‘idan qilinganidan kelib chiqilsa, bu so‘zni xitoycha “ku” (kuk / k’ak) bilan sug‘diy qo‘shimcha “-da” qo‘shilishidan hosil bzlgan degandan ko‘ra, eski turkcha negizda qarash ancha ishonchliroq.
Eski turklarda yozuv qurollari
Turkiy ellarning o‘tmishdagi yozuvlari – bitiklar toshga, qoyalarga, temirga, sopol va yog‘och bo‘laklariga yozilgan bosqichda – milodning ilk yarmidan IX–X yuzyilliklargacha yozuv moslamasi sirtiga “urib”, “to‘qib (zarba berib)”, “yo‘nib”, “o‘yib”, “tirnab” tushirilgan. Buni yuqorida O‘rxun-Enasoy bitiktoshlariga tayanib keltirilgan o‘nlab o‘rnaklar ko‘rsatib turibdi. Qattiq yuzaga biror harf tushirish oson emasdi, ota-bobolarimiz temirdan qattiq yozuv moslamasi yaratib, u yordamida toshda, metal (tersak)da botiq yoki burtiq tayyorlab yozuvni ancha keng yoydi.
Teriga, qog‘ozga yozish yo‘lga qo‘yilgach “qamish”da yozuv bitish keng tarqaladi. “Devonu lug‘atit turk”da “bitigu – turklarda va boshqalarda siyohdon” deb tilga olgan yozuv quroli va “ujuk” (qamish qalam) endilikda turk bitikchilarining ishini ancha yengillashiradi [Koshg‘ariy 1963, III: 189]. Qamishdan yasalgan yozuv quroli eski turkchada “ujuk” yoki “uzuk” deb atalib, o‘rni kelganda bu so‘z “harf belgisi va bo‘g‘in”, o‘rni kelganda esa “qamish qalam” ma’nosida qo‘llanilardi [Koshg‘ariy 1960, I: 101; DLT 2014: 931; Tekin 1986: 32]. Qizig‘i shundaki, turkiylar “qalam” so‘zini arablardan (ular yunonlardan) olgan bo‘lsalar-da, ayrim izlanuvchilar ilgari surganidek, o‘z tilidagi “qoratosh” so‘zini “karandash” ko‘rinishida slavyanlarga, ruslarga berib yuborishgan [Fasmer 1986]. Eski turklarda yozuv ayrim o‘rinlarda oq yoki qora tosh bilan yozilgani haqida “Devonu lug‘atit turk”da quyidagi ma’lumotlar berilgan: “Qulbaq – turklardan bir taqvodor kishi ismi, U Balasog‘un tog‘larida yashar edi. Aytishlariga ko‘ra, u qo‘li bilan katta qora toshga “tengri quli Qulbaq” deb yozsa, oq xat yozilar, agar oq toshga yozsa, qora xat paydo bo‘lar edi. Uning izlari haligacha ham turibdi, deydilar” [Koshg‘ariy 1960, I: 440; DLT 2014: 207].
Eski turkiy adabiy til va yozma asarlar
Kunchiqarda Uzoq Sharqqa yaqin Saxa (Yoqut) o‘lkasidan kunbotarda Sharkiy Yevropa – Bolqon turklari, Qirim va Gagauz o‘lkasigacha, shimolda Janubiy Sibir, Volga – Uralbo‘yi, janubda Tibet tog‘lari, Shimoliy Afg‘oniston, Xuroson o‘lkasigacha, janubi-g‘arbda Ozarboyjon, Kichik Osiyogacha cho‘zilgan kengliklarga yoyilgan turkiylar tili, yozma manbalarda keltirilgan ilk turkcha so‘zlar, bu tilning qardoshlari va bosib o‘tgan yo‘li to‘g‘risida ko‘p qarashlar o‘rtaga tashlangan. Ba’zilari bir-biriga uyg‘un kelsa, qaysidir qarashlar mos emas. Bugungi kunda soni 30 dan ortiq, so‘zlashuvchilari 250–300 million bo‘lgan turkiy tillar besh bosqichni boshdan kechirgan. Atoqli tilchi olim T.Tekin yozma manbalarda uchraydigan til bilgilari negizida turk tillari bosib o‘tgan bosqichlarni quyidagicha ajratib ko‘rsatgan [Tekin, Olmez 2003]:
1. Ilk turkcha chog‘i, chamasi, miloddan oldingi so‘nggi mingyillikdan milod boshlarigacha. Bugungi barcha turkiylarning ota-bobolari shu tilda so‘zlashishgan;
2. O‘zak bulg‘orcha va o‘zak turkcha chog‘i – milodiy I–VI yuzyilliklar oralig‘i;
3. Eski turkcha va eski bulg‘orcha chog‘i – milodiy VI–XI yuzyilliklar oralig‘i;
4. O‘rta turkcha va o‘rta bulg‘orcha chog‘i – XI–XVI yuzyilliklar oralig‘i;
5. Yangi turkcha va chuvashcha chog‘i – XVI yuzyillikdan bugungacha. Turkiy tillar orasida o‘zining o‘tmishi va soniga ko‘ra yetakchilik qiluvchi tillardan biri o‘zbek tili ushbu bosqichlarning deyarli barchasining izlarini o‘zida u yoki bu darajada saqlab qolgan.
Turkiy tillarning birinchi va ikkinchi bosqichi davriga tegishli biror yozma asar bugungacha aniqlanmagan. Eski turkcha va eski bulg‘orcha chog‘i – milodiy VI–XI asrlar oralig‘ida yozilgan o‘nlab kitoblar, bitik va bitiktoshlar yetib kelgan bo‘lib, ular qadimgi turk-run, eski uyg‘ur, moniy yozuvlaridadir. Bulg‘or turkchasini aytmaganda, ushbu yozma yodgorliklarning ko‘pi bugungi turkiy tillarning qarluq (uyg‘ur – xoqoniya turkchasi), o‘g‘uz va qipchoq tarmoqlarini qamrab olib, biror turkiy til lahjasida emas, “shevalarusti” yo‘sinda yozilgan. Bu esa o‘sha kezlardayoq turkiylarda adabiy til yuzaga kela boshlaganini ko‘rsatadi.
3-rasm. Moniy inonch tizimiga tegishli “bitik” – kitoblarni yozayotgan eski turk bitikchilari.
Yuqorida aytib o‘tilganidek, eski turkiy tilning bu bosqichidagi yozma namunalarida “bitig” so‘zi ko‘p uchraydi. “Bitig” so‘zi arabchadan o‘zlashgan “kitob” so‘zi bilan teng anglamda bo‘lib, VII asr so‘nggi o‘nyilliklari – VIII asr ilk yarmiga tegishli Qutlug‘ Eltarish, Tunyuquq, Bilga xoqon, Kul tegin, Qorabalg‘asun va yana o‘nlab O‘rxun-Enasoy bitiktoshlarida uchraydi. Ushbu “bitiktosh” – toshkitoblar bugungi kungacha aniqlangan ilk turkiy yozma adabiyotlardir. Turkiy ellarning ilk yozuvi bo‘lmish “O‘rxun-Enasoy bitiklari” tilida yozilgan qog‘oz yoki teriga bitilgan kitoblar IX–X yuzyilliklarga tegishlidir. Qog‘ozga yozilgan eski turkiy kitoblarning ilk o‘rnaklari IX–XIII asrlarda yaratilgan “Irq bitig”, “Oltun yorug‘”, “Kuen-chu kechmishi”, “Sakkiz yukmag”, “Xuastuanivt”, “Qutadg‘u bilig”, “O‘g‘uznoma” kabi jamiyatning turli masalalariga bag‘ishlangan tarixiy va badiiy asarlardir.
To‘xtam
Eski turk kitobchilik an’anasining o‘ziga xos tomonlaridan biri shuki, o‘rta asrlar, ayniqsa, turk-islom o‘rtamida yozilgan asarlardan farqli o‘laroq ko‘pining nomlanishi turkiy tildaligidir. Yuqorida keltirib o‘tilgan “Irq bitig”, “Oltun yorug‘”, “Sakkiz yukmak” va boshqalar yorqin misol. X yuzyillikdan XX yuzyillikkacha turkiy tilda yaratilgan badiiy, tarixiy, diniy, sayohatnoma asarlarning ayrimlarini hisoblamaganda, bosimi arabcha va forscha nomlangan. Sharqiy Turkistondagi adabiy o‘rtamni aytmaganda, ming yillik vaqt kesimida yozilgan arabcha yozuvli turkiy asarlar orasida Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”i va yana bir necha barmoq bilan sanarli asar nomi turkiy tilda, xolos.
4-rasm. “Xuastuanivt”dan o‘rnaklar.
Miloddan oldingi asrlardayoq yirik saltanatlar qurib, ko‘plab harbiy yurishlari orqali dunyoning uch qit’asiga yoyilgan turkiy el-uluslar yangi o‘lkalarni qo‘lga kiritish bilangina cheklanib qolmadi, balki o‘zlaridan boy yozma meros qoldirdi. Ular orasida kitob yoki kitobchilik san’ati o‘ziga xos o‘rin tutadi. “Bitig” “kuynig” (kitob), “bitigchi” (kotib, yozuvchi), “ujuk” (qamish qalam), “qoratosh” (qalam), “bitigu” (siyohdon), “qag‘az” (qog‘oz) kabi aksari turkiy til negizida yaratilgan so‘z va atamalarning o‘rtaga chiqishi va qo‘shni el-uluslar tiliga o‘tishi turkiylarda yozuv madaniyatining nechog‘lik yuksak bo‘lganini ko‘rsatib turibdi. Bu tildagi kitoblarning turli yozuvlarda yozilgani va ayrimlarining bir necha qo‘lyozma nusxalari bugungacha yetib kelgani esa kitoblar turkiy el-uluslar ijtimoiy-madaniy turmushining ajralmas bir bo‘lagi bo‘lganini ko‘rsatadi.
G‘aybulla BOBOYOROV,
tarix fanlari doktori, professor
Qo‘llanilgan adabiyotlar
1. Abdurahmonov G‘., Rustamov A. Qadimgi turkiy til. Toshkent: O‘qituvchi, 1982.
2. Boboyorov G‘. Tun yabg‘u-xoqon. Toshkent: “Abu Matbuot-Konsalt”, 2011.
3. Boboyorov G‘. O‘zbek tili tarixi. I. Eng eski chog‘lari. Toshkent: Fan, 2023.
4. Koshg‘ariy, Mahmud. Turkiy so‘zlar devoni (Devonu lug‘otit turk) / Tarjimon va nashrga tayyorlovchi S.M.Mutallibov. 1-3 tomlar. Toshkent: Fan, 1960–1963.
5. Sodiqov Q. “Xuastuanivt”ning qadimgi turkiy versiyasi / “Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 7-son.
6. Sodiqov Q. Turkiy yozma yodgorliklar tili: adabiy tilning yuzaga kelishi va tiklanishi. Toshkent, 2006.
7. O‘zbek xalq shevalari lug‘ati. Toshkent, 1971.
8. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. A.Madvaliyev tahriri ostida. Toshkent, 2008.
9. O‘g‘uznoma. Nashrga tayyorlovchi B.Isabek. Toshkent: O‘zbekiston, 2007.
10. ЭСТЯ – Этимологический словарь тюркских языков. Общетюркские и межтюркские лексические основы на буквы К – Қ. Москва, 1997.
11. Фасмер М. Этимологический словарь русского языка / Пер. с нем. и доп. О.Н.Трубачева. – 2-е изд. – Т. 2 (Е-Муж). – М.: Прогресс, 1986.
12. Rona-Tas A., Berta A. West Old Turkic Turkic Loanwords in Hungarian. ParT I: Introduction, Lexicon »A-K«. Wiesbaden: Harrassowitz Verlag, 2011.
13. Tekin Ş. Eski Türklerde yazı, kağıt, kitap ve kağıt damgaları. İstanbul: Eren, 1993.
14. Tekin T., Olmez M. Tiirk Dilleri-Giri§. İstanbul: Yildiz Dil ve Edebiyat Yayinlari, 2003.
15. Tuguşeva L.Y. Türkler ve Toharlar Arasındaki Münasebetler // TÜRKLER. Ankara, 2002. Cilt 2. S. 152–156.
Tarix
Jarayon
Tarix
Til
Jarayon
Adabiyot
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q