Amerikada tadqiq qilingan Markaziy Osiyo tarixi va bugungi siyosiy jarayonlarga o‘tmishdan rakurs – Ogayo universitetidagi o‘zbek olimi bilan suhbat


Saqlash
15:01 / 22.01.2022 1644 0

“Oyina.uz”ning navbatdagi mehmoni – Amerikada O‘zbekiston tarixini tadqiq qilib kelayotgan Alisher Xoliyorov. Malayziya va Germaniyadagi universitetlarda tahsil olgan, hozirda esa Ogayo davlat universitetida O‘rta Osiyo tarixi va global tarix yo‘nalishi bo‘yicha dars beradi.

 

– Nega doktoranturada o‘qish uchun aynan Ogayo davlat universitetini tanladingiz?

 

– Doktoranturada ilmiy ish qilish jiddiy mehnat va sabr talab qiladi, bu yo‘lda siz tanlagan universitet va ilmiy rahbarning o‘rni juda muhim hisoblanadi. Mening mavzuyim O‘rta Osiyo iqtisodiy tarixi bo‘yicha bo‘lgani bois shu sohada chuqur izlanish olib borgan ilmiy rahbar topish oson bo‘lmagan. Professor Skott Levi O‘rta Osiyo iqtisodiy tarixi bo‘yicha, aynan Buxoro va Qo‘qon xonligi iqtisodiy tarixini o‘rganishda o‘z o‘rniga ega kam sonli olimlardan sanaladi.

Chet ellik talaba uchun Amerika universitetlaridan ilmiy rahbar topish oson emas, ayniqsa, tarix va sotsial yo‘nalishni tanlagan bo‘lsangiz. Chunki bu sohada chet ellik tadqiqotchilarga ajratilgan grantlar juda kam, raqobat esa juda kuchli. Lekin Amerika universitetlarida ilmiy ish qilish uchun imkoniyat boshqa davlatlarga qaraganda kengroq; akademik erkinlik, moliyaviy qo‘llab-quvvatlov Yevropa universitetlaridan ko‘ra ham farq qiladi.

Doktoranturaga o‘qishga kirishimda shu omillar asosiy rol o‘ynagan va bir yillik imtihonlar, suhbatlardan so‘ng 2015-yil Ogayo davlat universitetiga (Ohio State University) qabul qilinganman. Doktoranturada o‘qish olti yil davom etdi, 2021-yil avgust oyida esa tarix yo‘nalishida doktorlik dissertatsiyamni himoya qildim. Hozirda O‘rta Osiyo tarixi va Global tarix yo‘nalishida dars beryapman. Oilaliman, ikki farzandim bor.

 

– 2006–2011-yillar Malayziyada islom iqtisodi bo‘yicha tahsil olib, undan so‘ng Germaniyaning Bonn universiteti va O‘zR FA Tarix institutida tadqiqotni davom ettirganingizni bilamiz. Turli davlatlardagi faoliyat mobaynida o‘rganganlaringiz, qiyosiy fikrlar bilan o‘rtoqlashsangiz.

 

– Malayziyada xalqaro biznes boshqaruvi bo‘yicha bakalavriatda, islom moliyasi bo‘yicha magistraturada tahsil olganman va bu men uchun asosiy fundament bo‘lib xizmat qilgan. Aynan islom moliyasi va iqtisodi yangi yo‘nalish bo‘lgan va juda qiziqish bilan o‘rganganman.

Islomiy banklarning iqtisoddagi o‘rni va bu sohada ta’lim berish bo‘yicha Malayziya dunyoda oldingi o‘rinlardan joy oladi. Men mazkur mamlakatdagi Xalqaro islom moliyasi ta’lim markazi magistraturasida o‘qiganman va hozirgi ilmiy faoliyatimning boshlanishi aynan o‘sha universitet bilan bog‘liq. U yerda o‘qish davomida islom iqtisodi tarixi bo‘yicha o‘tiladigan fanlar menda juda katta qiziqish uyg‘otgan, chunki biz oxirgi ming yillikdagi global iqtisodiy va moliyaviy rivojlanishni qiyosiy tahlil qilib o‘rganganmiz. Darslar jarayonida meni qiziqtirgan savollar paydo bo‘lgan, masalan, ko‘pchilik ilmiy adabiyotlarda O‘rta Osiyoning dunyo iqtisodiy tarixidagi roli va hatto islom mamlakatlari orasidagi o‘rni juda kam tilga olinadi. Bizda pul qarz berish va pul muomalasi tarixi, tashqi dunyo bilan iqtisodiy aloqalarning mahalliy iqtisodiyotga ta’siri masalalari juda kam o‘rganilgani sababli iqtisodiy tarixga oid ko‘plab savollar ochiq qoladi.

Afsuski, tarixni o‘rganish deganda asosan siyosiy, madaniy va diniy masalalar tushuniladi va iqtisodiy-moliyaviy tomonlarga deyarli urg‘u berilmaydi. Shuning uchun ham magistraturadan keyin ilmiy ishimni pul vaqflari va qarz olish masalalari o‘tmishini o‘rganishdan boshlaganman. Keyinchalik Germaniyaning Bonn universiteti va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix institutida ushbu yo‘nalishda ilmiy izlanish olib borganman.

 

 

– Siz tahsil olgan davlatlarda ijtimoiy hayot, turmush tarzidagi qaysi jihatlarga havas qilsa arziydi yoki bizning millatdoshlarimizning ustun tomonlari haqida ko‘nglingizdan o‘tgan o‘ylar...

 

– Yillar davomida O‘zbekistondan tashqari Osiyo, Yevropa va Amerika universitetlarida tahsil oldim va ilmiy izlanish qildim. Har bir davlatning geografik joylashuvi, demografiyasi va iqtisodiy boyligiga bog‘liq holda o‘ziga yarasha ustunliklari bor. Shaxsiy tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkin, aynan ta’lim sohasida erkinlik, davlat va donor tashkilotlarning moliyaviy qo‘llovi juda muhim hisoblanadi. Masalan, Malayziyada har bir kishi oliy ta’lim olishi kerak degan davlat siyosati bor edi, shuning uchun iqtisodiy va ilmiy salohiyatidan qat’i nazar, barcha oliy ta’lim olishni xohlovchi yoshlarga davlat imkoniyat yaratgan. Germaniyada ham oliy ta’lim davlat universitetlarida bepul va bu iqtisodiy rivojlanishda hamda jamiyatda notenglik kamayishida juda katta hissa qo‘shadigan omil. Amerika universitetlarida ta’lim qimmat turadi, ammo o‘zi tug‘ilib o‘sgan shtatda bakalavr tahsilini olmoqchi bo‘lgan yoshlar uchun chegirmalar mavjud.

Ta’lim sohasida kaminaga yoqqan yana bir jihat shuki, men faoliyat olib borgan davlatlarning hammasida nafaqat davlat grantlari, balki badavlat fuqarolar va nomdor tashkilotlarning ham o‘z ta’lim grantlari mavjud. Qaysi universitetda o‘qib, ishlamay, hamma joyda o‘zbekistonlik talabalar bor va juda yaxshi ko‘rsatkichlarga ega. Bizning yoshlarimizda ilm olishga qiziqish kuchli va o‘zlariga notanish fanlarni o‘zlashtirishda ham hech ortda qolishmaydi. Birgina misol, hozirda Amerika va Yevropa universitetlarida nafaqat ta’lim olayotgan talaba yoshlarni, balki ularga dars berayotgan yosh vatandosh olimlarni ham uchratish juda quvonarli hol.

 

– Faoliyatingizga eng katta ta’sir ko‘rsatgan universitet deb qaysi birini ayta olasiz? Chet eldagi ta’lim muassasalarini kuzatib, bizdagi ta’lim o‘rtasida qanday farqlarni ko‘rgansiz?

 

– Faoliyatimga eng katta ta’sir ko‘rsatgan universitet – Ogayo davlat universiteti. Shu yerda 6 yil davomida doktoranturada o‘qidim va tahsil bilan bir vaqtda o‘qituvchilik faoliyatimni ham boshladim. Ta’lim sifati, o‘qituvchilarning ilmiy darajasi, tadqiqotchilarga yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bo‘yicha Amerikada oldingi o‘rinlarda turadi. Kattaligi jihatidan ham mamlakatda peshqadam uchtalikka kiradi. Universitetimizda 65 mingdan ortiq talaba va 3 mingga yaqin professor-o‘qituvchi faoliyat yuritadi. Kirish imtihonlarida raqobat juda kuchli, masalan, doktoranturada bir o‘ringa 20 kishi to‘g‘ri keladi. O‘qish ham shunga yarasha qattiq, chet eldan kelib doktoranturada tahsilni boshlash va o‘quv dasturiga moslashib ketish ancha qiyin kechadi. Lekin universitet tadqiqotchilariga yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bu qiyinchilikni yengib o‘tishimga yordam berdi.

Chet ellik talabalarni universitet ta’lim tizimiga integratsiya qilishini osonlashtirish uchun maxsus dasturlar va markazlar bor. Amerika universitetlarining yana bir yaxshi tarafi – talabalar va tadqiqotchilarni kerakli ilmiy adabiyot bilan ta’minlash uchun kutubxonalar tarmog‘i mavjudligi. Universitet kutubxonasi sizga kerakli adabiyotni boshqa kutubxonalardan elektron yoki kitob shaklida keltirib berishi mumkin.

Amerikada jamiyat kapitalizm qonun-qoidasiga asoslangan, ta’lim sohasida ham buni sezasiz. Universitetlarda tahsil pullik, lekin iqtidorli va o‘z ustida ishlaydigan talaba uchun imkoniyatlar ko‘p, professor o‘qituvchilarni ishga olish ochiq tanlov asosida, raqobat yuqori – bir o‘ringa 150–200 kishi. Har bir universitet talabalarning shartnoma to‘lovi va professor o‘qituvchilarning oylik maoshini mustaqil belgilaydi va bu ta’lim sifatini oshirishda juda muhim omil. O‘zbekistonda ham yaqinda ayrim universitetlarga mana shunday erkinlik berildi. O‘ylaymanki, bu ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi.

 

 

– Siz tahsil olgan davlatlarda o‘zbeklar hamjamiyatining shakllanish jarayoni qanday kechmoqda? Vatandoshlar o‘zaro munosabatlarni qanday yo‘lga qo‘ygan?

 

– Malayziyada o‘qigan paytimda har bir ko‘zga ko‘ringan universitetda o‘zbekistonlik talabani uchratar edim, chunki o‘qish puli qimmat emas va ta’lim tizimi ancha ilg‘or. Lekin Amerika universitetlarida o‘zbekistonlik talabalar unchalik ko‘p emas. Malayziyada vatandosh talabalar hamisha bayramlarni birga o‘tkazar edik va tez-tez yig‘ilishib turardik. Elchixonamiz ham ko‘plab tadbirlar va bayramlar tashkil qilardi.

Germaniya va Amerikada ham yurtdoshlar yig‘ilib turishadi. Amerikada kattagina o‘zbek diasporasi mavjud, asosan yirik shaharlar va bizneslarga qulay shtatlarda yashaydi. Masalan, Nyu-York va Chikagoda ancha vatandoshlarimiz bor. Hozir nafaqat bayramlar atrofida, balki doimiy ravishda vatandoshlarga xizmat ko‘rsatadigan va ularni bir-biriga bog‘laydigan tashkilotlar, jamoaviy guruhlar tashkil qilinyapti. O‘zbekistonliklar diasporalashish jarayonida faol va bu keyingi avlodni o‘zimizning madaniyat bilan tanishtirishda, yangi kelganlarning Amerika madaniyatiga moslashishiga yordam berish uchun juda foydali.

 

– Tadqiqot mavzusi uchun Markaziy Osiyo tarixini tanlashingizga nima sabab bo‘ldi? Amerikada bu mavzu qanday qiziqish bilan kutib olindi?

 

– Markaziy Osiyo o‘tmishini o‘rganishga mening iqtisodiy tarixga qiziqishim sabab bo‘lgan. Malayziyada islom moliyasini yaqindan o‘rganar ekanman, bu soha bevosita tarix bilan bog‘liqligini va bugungi zamonaviy islom banklarida ko‘rsatilayotgan xizmatlarning qonuniy asoslari bir necha asrlar oldin paydo bo‘lganini kuzatganman. Musulmon mamlakatlar o‘tmishida pul zarb qilish, qarz oldi-berdi masalalari, soliq va sud tizimi islom qoidalari asosiga qurilgan. Shu bois O‘rta Osiyo iqtisodiy tarixini o‘rganish uchun tadqiqotchilar avvalo islom iqtisodi tarixidan xabardor bo‘lishi kerak, chunki XIX asrdan oldingi barcha iqtisodiy munosabatlarimiz shu qonun-qoidalar asosida yuritilgan.

Islom moliyasini tadqiq qilish Markaziy Osiyo iqtisodiy tarixining shu paytgacha o‘rganilmagan qirralarini yaqindan tahlil qilish imkonini berdi. Amerika universitetlarida dunyoning deyarli har bir davlati va mintaqasini tadqiq etadigan markazlar va olimlarni topasiz. Markaziy Osiyo o‘tmishini o‘rganish, ayniqsa, iqtisodiy va atrof-muhit tarixi (environmental history) bilan shug‘ullanishga qiziqish ortib boryapti. Masalan, bizning universitetda O‘rta Osiyo va aynan O‘zbekiston tarixini o‘rganadigan bir necha tadqiqotchi talaba va professorlarni bilaman.

 

Ilmiy ishim Xiva xonligining XIX asr tarixi va qo‘ng‘irotlar davri iqtisodiy o‘tmishini global yondashuv asosida o‘rganishga bag‘ishlangan. Tadqiqot davomida dunyo global iqtisodiyotida bo‘layotgan o‘zgarishlarning xonlik iqtisodiyotiga bo‘lgan ta’sirini savdo va moliyaviy omillar asosida ko‘rsatib berishga harakat qildim. Bu butun Markaziy Osiyoning dunyo global iqtisodiy tarixida o‘z o‘rnini ko‘rsatib berishiga hissa qo‘shadi, shuning uchun bo‘lsa kerak, Amerikada katta qiziqish bilan qabul qilindi.

 

– Markaziy Osiyodagi bugungi siyosiy jarayonlarni asriy davlatchilik rakursidan baholash mumkinmi? O‘tmishda bunday vaziyatlarda qanday qonuniyatlar ishlagan?

 

– Markaziy Osiyo dunyo siyosiy tarixida muhim o‘ringa ega mintaqa sanaladi. Islom sivilizatsiyasi tarixida eng qudratli va uzoq vaqt hukmronligini saqlab kelgan Usmoniylar imperiyasi ham Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan. Yoki XIX asrgacha dunyoning eng qudratli iqtisodiyotlaridan biri hisoblangan Hindiston mintaqasining katta qismini Boburiy hukmdorlar boshqargan. Amir Temur saltanatining Buyuk ipak yo‘li savdosiga qo‘shgan hissasini ko‘pchilik bilsa kerak.

 

 

Markaziy Osiyo xonliklar paytida siyosiy izolyatsiya va iqtisodiy tanazzulga yuz tutdi degan fikrlar bor. Lekin mening tadqiqotlarim mintaqa tashqi dunyo va XIX asrdagi iqtisodiy globalizatsiya jarayoniga bevosita bog‘liq bo‘lganini ko‘rsatadi. O‘tmishda turkiy davlatlar hukmdorlari o‘rtasida hamisha siyosiy nizolar bo‘lgan, lekin bu savdo aloqalari yoki xalqlar orasidagi munosabatlarga kamdan-kam ta’sir qilgan. Afsuski, sobiq sovet tizimi qulaganidan keyin Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida siyosiy-iqtisodiy integratsiya juda sekin kechdi, ba’zan disintegratsiya holati ham hukm surdi. Hozirgi mamlakatlar o‘zaro hamkorlikni kuchaytirib, iqtisodiy rivojlanishni birinchi o‘ringa qo‘yishi kerak. Markaziy Osiyoda dunyoning yetakchi integratsion blokiga aylanish uchun barcha imkoniyat va resurslar mavjud, intellektual boylik va madaniyatlar yaqinligi, yerosti va usti boyliklari, strategik joylashuv va harbiy kuch-qudrat shular jumlasidandir. Yaqinda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘zaro aloqalarining strategik hamkorlikdan ittifoqdosh mamlakat darajasiga ko‘tarilishi mintaqadagi integratsion jarayonni tezlashtiradi, degan umiddaman.

 

– Kelajakdagi rejalaringizni O‘zbekiston bilan bog‘laysizmi?

 

– Faoliyatim tug‘ilib-o‘sgan maskanimdan tashqarida bo‘lsa-da, ilmiy izlanishlarim, kelajakdagi rejalarim, albatta, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bilan bevosita bog‘liq. Hozir yurtimizdagi hamkasblar va ilmiy markazlar bilan doimiy aloqadaman va yaqin yillarda O‘zbekiston iqtisodiy tarixining yangi qirralarini o‘rganishga munosib hissa qo‘shish rejalarim bor.

 

Zulxumor ORIFJONOVA

oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19261
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16146
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi