“Tayyor turing, barchangizni yoʻq qilaman!” — Turkiyadagi hujumlar tafsiloti va tadqiqotlar


Saqlash
10:49 / 22.04.2026 57 0

Soʻnggi yillarda maktablardagi otishmalar butun dunyo, ayniqsa, qurol erkinligi berilgan AQSHni xavotirga solayotgan, tez-tez sodir boʻlayotgan muammoga aylandi. Kuni kecha Turkiya taʼlim muassasalarida ham ikki kun ketma-ket – 14-15-aprel kunlari oʻsmirlar tomonidan otishma hujumi sodir etildi.

 

Hujumlar ortida qanday sabablar yotadi? Ular toʻsatdan amalga oshiriladimi yoki rejaga asoslangan holdami? Quyida otishmalar tafsilotlari va tegishli tadqiqot tahlillari bilan tanishamiz.

 

Siverek shahri

 

 

Birinchi holat Turkiyaning janubi-sharqidagi Shonliurfa viloyati, Siverek tumanida sodir boʻldi. Hujumchi kasb-hunar maktabiga bostirib kirib, tasodifiy ravishda oʻq uza boshlagan, oqibatda jami 16 kishi yaralangan. Ulardan 10 nafari oʻquvchi, toʻrttasi oʻqituvchi, politsiya va oshxona xodimlari boʻlgan.

 

Shonliurfa gubernatori Hasan Shildak maʼlum qilishicha, 2007-yilda tugʻilgan Omer Ket aynan shu maktabning sobiq bitiruvchisi boʻlgan (9-sinfdan keyin masofaviy taʼlimga oʻtgan). Politsiya uni qoʻlga olmoqchi boʻlgan vaqtda Omer oʻsha qurol bilan oʻz joniga qasd qilgan.

 

Maktabdagilar evakuatsiya qilingan. IHA agentligining guvohlar fikriga tayangan axborotiga koʻra, hujumchi avvaliga maktab hovlisidagilarga tartibsiz oʻq uzib, keyin bino ichida otishni davom ettirgan.

 

Gubernator Shildak yagona tasalli – oʻlim holatlari qayd etilmaganini taʼkidlab, yaradorlar shifoxonalarga joylanganini aytgan.

 

Hujumdan avvalgi tahdidlar

 

Hodisa yuzasidan Turkiya Ichki ishlar vazirligi va Milliy taʼlim vazirliklari tergov harakatini boshlagan. Ushbu jarayonda 19 yoshli Omer Ket maktabning instagram sahifasida tahdidli izohlar qoldirgani maʼlum boʻldi:

 

 

“Tayyor turing, bu maktabda bir necha kundan keyin hujum boʻladi, kunduz kuni tayyor turing!”, “kunduzlari barchangizni yoʻq qilaman”, “hujum kuni 50 kishini, birinchi boʻlib seni yoʻq qilaman, mudir (direktor)!” kabi izohlariga foydalanuvchilardan biri: “sen aqlan zaifmisan, kimni yoʻq qilasan?” deb yozadi va “nima demoqchiligimni koʻrasan” degan javob oladi.

 

Bu tahdidlar hujum avvaldan rejalashtirilganini bildirib, ogohlantiruvchi signal boʻlgan boʻlsa-da, unga eʼtibor qaratilmagan, tegishli choralar ham koʻrilmagan.

 

Tergov doirasida shuningdek, toʻrt nafar amaldor: ikki tuman politsiyasi boshligʻi va ikki tuman taʼlim boshqarmasi rahbarlari lavozimidan chetlashtirilgan, bir gumondor hibsga olinib, darslar toʻrt kunga toʻxtatilgan.

 

Deutsch Welle nashrining turk tahririyati qayd etishicha, ushbu qurolli hujumdan keyin taʼlim va fan sohasi vakillari, kasaba uyushmalari ish tashlash (bir yoki bir necha kunlik) va “Maktablarimizni zoʻravonlikka topshirmaymiz” deb yozilgan plakatlar bilan norozilik namoyishlariga chiqish orqali notinch holatga munosabatini bildirgan.

 

 

Bundan tashqari, mamlakatdagi baʼzi OTM faollari, xususan, Anqarada 3500 dan ortiq oʻqituvchi va talabalar hujumga qarshi protest uyushtirib, Milliy taʼlim vazirini isteʼfoga chiqishini talab qilgan. Mamlakat esa milliy motam kayfiyatiga tushib qolgan.

 

 

Qahramonmarash shahri

 

Yuqoridagi holatdan 24 soat oʻtmay, 15-aprel kuni Qahamonmarash shahrining Ayser Chalik maktabida ham otishma sodir etildi. Unda 14 yoshli (8-sinf oʻquvchisi) qurollangan shaxs maktab sinflariga kirib oʻq uzadi. Guvohlar qayd etishicha, hujum vaqtida Isa Aras Mersinli (hujumchi)da beshta qurol boʻlgan. Keyinchalik aniqlanishicha, qurollar uning ilgari politsiya inspektori boʻlgan otasi Ugur Mersinliga tegishli boʻlgan.

 

 

Hujum oqibatida 10-11 yoshli toʻqqiz nafar oʻquvchi va 55 yoshli bir nafar oʻqituvchi vafot etdi. Turkiya IIV vaziri Mustafo Chiftchi xabar berishicha, 13 kishi jarohatlangan. Hujumchi ham voqea joyida halok boʻlgan. Tarmoqlarda tarqalgan videolarga koʻra, oʻzini qanday himoya qilishni bilmagan bolalarning baʼzilar yuqori qavat oynasidan oʻzini tashlagan.

 

 

Tergov doirasida 15-aprel kuni hujumchining onasi ham, sobiq politsiya inspektori boʻlgan otasi ham  sudgacha qamoqqa olingan.

 

Hujum avvaldan rejalashtirilgan

 

Hodisa yuzasidan oʻtkazilgan tergovda aniqlanishicha, ushbu hujum avvaldan rejalashtirilgan boʻlib, Qahramonmarash Bosh prokuraturasi gumonlanuvchining kompyuterida 11-aprel sanasiga oid, uning yaqin kelajakda keng qamrovli jinoyat sodir etish niyatidaligi koʻrsatuvchi hujjat topgan. Bundan tashqari, politsiya oʻsmirning WhatsApp messendjerida 2014-yil AQSH, Kaliforniya shtatining Santa Barbara shahri yaqinida halokatli hujum uyushtirib, olti nafar talabani oʻldirib, keyin oʻz joniga qasd qilgan Elliot Rodger suratiga ishora qiluvchi suratdan foydalangan.

 

 

Baʼzi manbalarga koʻra, bolada autizm sindromi boʻlgan. Buni bilgan tarmoq foydalanuvchilari “ularni jamiyatga moslashishi uchun qolganlar qurbon boʻldi”, mazmunida noroziligini bildirgan. Uning sinfdoshlaridan biri bu Mersinlining gʻayrioddiy harakatlari haqida shunday deydi:

 

7-sinfda uning juda tushunarsiz xatti-harakatlari bor edi. Biz unda psixologik muammolari bor deb oʻylagan edik, chunki u oʻzini normal tutolmas edi. 8-sinfda biz uning video oʻyinlarga qaram boʻlib qolganini, kuniga 10-15 soat kompyuter oldida oʻtirayotganini kuzatdik”.

 

Keyinchalik uning ingliz tilini yaxshi bilganligi va ERASMUS dasturi orqali Polshaga borgani maʼlum boʻldi. 14 yoshli matab oʻquvchilaridan biri Isa Aras Mersinli darsda baʼzi oʻqituvchilarga uzoq vaqt tikilib qarashi va oʻqituvchilar bilan konfliktlarga duch kelgan boʻlishi mumkinligini aytgan.

 

 

Yuqoridagi ikki holat ham dastlabki baholashlarga koʻra terrorizm emas, alohida harakatga oʻxshaydi, deb baholangan. Hujumlar yuzasidan ijtimoiy tarmoqlardagi 940 ta akkaunt bloklanib, 93 ta telegram guruhi yopilgan.

 

Mamlakat boʻylab maktablarda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. 81 viloyatdagi barcha taʼlim muassasalarida politsiya xodimlarining soni oshirilib, har bir maktab kirish qismiga kamida ikkitadan politsiya xodimi biriktirilgan.

 

Mamlakat Taʼlim vazirligiga koʻra, Turkiyada 56 ming dan ortiq rasmiy taʼlim muassasasi mavjud boʻlib, har bir maktabga kamida ikkitadan (doimiy tarzda) zobit tayinlash uchun 112 ming nafardan ortiq xodim talab etiladi. Bu esa mamlakatning taxminan 280 ming kishilik politsiya kuchining katta qismini tashkil qiladi.

 

Tadqiqot: Rad etilish, umidsizlik yoki intizomiy choralar – yigʻilgan agressiya va umumiy “qasos”

 

Ushbu holat Turkiya uchun biroz kamyob boʻlsa-da, dunyo miqyosida, xususan, AQSH, Rossiya mamlakatlaridagi maktablarda tez-tez kuzatilib turadi. Jamiyatda tizimli kuzatiladigan muammolar esa albatta, soha mutaxassislarining tadqiqot obyekti boʻlishga “arziydi”. Mazkur hujumlar ham dunyo tadqiqotchilarining diqqatidan chetda qolmay, necha yildirki, oʻrganilayotgan mavzularidan sanaladi.

 

Tadqiqotlarga koʻra, bunday hujumlar odatda yagona sababga koʻra emas, uzoq davr mobaynida yigʻilib qolgan inqirozli xulosalar, norozi kayfiyat, oʻzini ortiqcha his qilish, tan olinmaslik, oʻz joniga qasd qilishga moyillik, avvalgi (shu kabi) jinoyatlarga taqlid, qurol erkinligi va unga oson erishish kabi omillar kombinatsiyasiga asoslanadi.

 

AQSH Maxfiy xizmatining maktablardagi zoʻravonlik tahlili va “Xavfsiz maktab tashabbusi” hisobotida bu masalaga alohida toʻxtab oʻtilgan. Unda:

 

“Eng muhim narsa – tajovuzkorni hujumga olib boradigan jarayon va uning xulq-atvori”, deyiladi.

 

Tahlillar shuni koʻrsatadiki, maktabga hujum qiluvchilar yagona taʼrifga ega emas, ular yoshi, jinsi, sinf darajasi, irqi va ijtimoiy xususiyatlari jihatidan farq qiladi. Biroq ularning barchasida zoʻravonlikka qiziqish, tengdoshlari tomonidan bezorilikka uchrash va maktabdagi muammolarga muntazam aralashish holatlari kuzatiladi. Yaʼni, har qanday hujum impulsiv (toʻsatdan) amalga oshirilmaydi, u rejalashtirib boriladi.

 

Mazkur tadqiqot 2008-2017-yillarda sodir etilgan 41 ta hodisani qamrab olib, potensial jinoyatchilarda kuzatiladigan belgilar roʻyxatini ham qayd etgan.

 

Unga koʻra, yomon xulq atvordan tashqari, maktabdagi intizomiy choralar, xususan, darsdan, maktabdan chetlashtirish va bulling, oiladagi nosogʻlom muhit, zoʻravonlik holatlarini shaxsan guvohiga aylanish yoki narkotik (sintetik) moddalar isteʼmoli – asosiy taʼsir koʻrsatuvchi omillar sifatida sanaladi. Lekin bu belgilar bilangina oʻquvchini hujum qiluvchi sifatida koʻrish ham oʻrinsiz.

 

2000-2015-yillar oraligʻida sodir boʻlgan 132 ta ommaviy hujumni oʻz ichiga olgan yana boshqa tadqiqotlarda esa uni amalga oshirganlarning 70 foizida ochiqchasiga agressivlik, gʻazab belgilari aniqlanib, eng koʻp holatda rad etilish, tashlab ketish, haqorat va xoʻrlash kabilar gʻazab qoʻzgʻatuvchi omil sifatida koʻrsatilgan. 2020-yilgi Aggression and Violent Behavior jurnali boʻlsa uyat, obroʻsizlantirish va xoʻrlash holatlari yosh bilan bogʻliq inqirozni boshidan kechirayotgan oʻsmirlarda tajovuzga olib keluvchi asosiy his-tuygʻu boʻlishi mumkinligini qayd etadi. Shundan keyin ularda oʻzi uchragan kamsitilishlarning oʻrnini toʻldirish istagi paydo boʻlib, holat zoʻravonlikka olib borishi mumkin.

 

Huquq professori Jeyms Silver bu kabi ommaviy hujum sodir etganlarning aksariyati voqea joyidan qochishga urinmasligini, hayoti oʻsha yerda nihoyasiga yetganini qabul qilishini, shuning uchun ham yo oʻsha joyda oʻzini ham oʻldirishini yakuniy harakat – qasos sifatida tasvirlaydi. Yuqoridagi halokatli otishmani sodir etgan Elliot Rodger ham hujumdan avval bu ishi uni rad etgan ayollarga qarshi qasos ekanini aytib video tasvirga olgan edi.

 

Hujum kayfiyati yuqumli(mi?) – zoʻravonliklarda ijtimoiy tarmoq, OAV va video-oʻyinlar roli

 

Ijtimoiy tarmoqlar rivojlangan zamonda ijobiy amallar qanchalik tez tendensiyaga aylanib borsa, hujum, otishma va shu kabi zoʻravonlik harakatlari ham potensial agressorlarga qulay va “istiqbolli reja”ga aylanishi mumkin.

 

Tadqiqotchilar soʻngi vaqtlarda hatto, tarmoqlardagi suhbatlar (tvit, post, trend) bilan ham hujum ehtimoli oʻrtasida bogʻliqlik borligini aniqlagan. Ushbu sohadagi eng fundamental tadqiqotlardan biri – 2015-yilgi PLOS One ilmiy jurnalida chop etilgan maqola tahliliga koʻra, maktablardagi otishmalardan keyin taxminan 13 kun davomida yangi hujum ehtimoli ortadi, hujum bilan bogʻliq har bir voqea statistik jihatdan yangi hodisalarni “qoʻzgʻatadi”.

 

Yana boshqa izlanishlar natijasiga koʻra, anʼanaviy OAVlarda turli hujum, qotillik, voqealarning dramatik rivojini koʻrsatilishi va tafsilotlar haqida qayta-qayta gapirilishi – hujum kayfiyatining yuqish mexanizmini shakllantiradi.

 

Potensial hujumchi uchun shuningdek, video-oʻyinlar ham zoʻravonlikni kuchaytiruvchi omil sifatida taʼsir qilishi mumkin. Ilmiy tadqiqotlar, xususan, 2023-yil AQSHning Stenford universiteti tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot video-oʻyin va haqiqiy hayotdagi qurolli zoʻravonlik oʻrtasida bogʻliqlik topmagan.

 

Biroq ayovsiz otishma sahnalari oʻyinchi uchun bu jarayonni normallashtirib, otib, oʻldirish ishtiyoqini azart darajasiga olib chiqishi jamiyatni va ruhshunoslarni xavotirga soladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:04 / 17.04.2026 0 408
Najmiddin Turon ijodida davr ruhi tahlili





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//