Qoraxoniy sulolasi sirlari – mamlakat aloqa tizimi qanday bo’lgan?


Saqlash
15:02 / 21.04.2026 28 0

Qoraxoniylar sulolasi 9-yuzyillikning ikkinchi yarmi va 12-yuzyillik yakuniga qadar Turkiston hududida markazlashgan boshqaruvni yuritgan. Chigil va yag‘mo kabi turkiy urug‘lar negizida shakllangan sulola islomiy huquq va turkiy davlatchilik an’analarini uyg‘unlashtirgan dastlabki yirik siyosiy xoqonlik hisoblanadi. Somoniylar boshqaruvi inqirozidan so‘ng, sulola tomonidan ma’muriy tuzilma, xususan, aloqa tizimi qat’iy tabaqalanish asosida qayta qurildi. Maqolada sulolaning axborot yetkazish ish usullari, rasmiy bitiklar tayyorlanishi hamda “ilimg‘a”, “bitikchi”, “tamg‘achi” kabi maxsus unvonlarni tahlil qilamiz.

 

Qoraxoniylar sulolasi ma’muriyatida xabar-pochta tizimining birlamchi vazifasi xoqon yorliq va farmonlarining tezkor hamda aniq yetkazilishini ta’minlashdan iborat bo‘lgan. Markaziy hokimiyat va chekka viloyatlar o‘rtasida buyruqlarning kechikmasdan yetkazilishi boshqaruv barqarorligining asosiy sharti qilib qo‘yilgan. Axborot almashinuvidagi uzilishlar soliq yig‘ishda xatoliklarga, cherik bo‘linmalari faoliyatidagi tartibsizlikka yoki elchilik topshiriqlarining natijasizligiga olib kelishi mumkin edi. Shu sababli aloqa tizimi sulolaviy yaxlitlikning bevosita kafolati sanalgan.

 

Sulolaviy boshqaruvda yorliq, farmon, noma kabi rasmiy bitiklar muomalasi qat’iy tartibga solingan. Xoqon topshiriqlari yozma shaklda qayd etilib, maxsus tamg‘a bilan tasdiqlangan va mas’ul devon xodimlari orqali yuborilgan. Mazkur tartibot hokimiyatning huquqiy asoslarini mustahkamlashga xizmat qilgan.

 

Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asaridagi chabar, eshkinchi, ulog‘, yalafar, chufg‘a kabi atamalar tizimning ixtisoslashgan darajasini ko‘rsatadi. Atamalarning boyligi 9–12-yuzyilliklarda Turkistonda axborot xizmati boshqaruv qurilmasining tarkibiy bo‘g‘ini sifatida shakllanganini tasdiqlaydi.

 

Hududlarning markaz bilan uzluksiz aloqasi sulolaning siyosiy nazoratini uzoq muddat saqlashga imkon bergan. Mazkur nazorat tartibi mahalliy boshqaruvchilarning markaziy hokimiyatdan ajralib chiqishi yoki o‘zboshimchaligining oldini olishga qaratilgan. Shu nuqtai nazardan, xabar-pochta tizimi Qoraxoniylar sulolasi barqarorligini ta’minlovchi asosiy ma’muriy poydevorlardan biri bo‘lgan. Qoraxoniylar hukmronligi davrida Turkiston Buyuk Ipak yo‘lining markaziy qismi sifatida xalqaro savdoning muhim chorrahasida joylashgan edi. Karvon yo‘llari bo‘ylab tovar ayirboshlash uzviyligi, shaharlar va bozorlar ravnaqi savdo axborotining tezkor hamda aniq yetkazilishiga bog‘liq edi. 

 

Bozorlar va karvon yo‘llaridagi vaziyat – soliq miqdorlari, narx-navo o‘zgarishlari, yo‘llardagi xavfsizlik holati hamda savdo bitimlari shartlari haqidagi ma’lumotlar aynan xabar-pochta tizimi orqali markaziy devonga yetkazilgan. Markaziy boshqaruv ushbu ma’lumotlar asosida soliq siyosatini muvofiqlashtirgan, savdo yo‘llari nazoratini tartibga solgan va zarur hollarda harbiy muhofazani kuchaytirgan. Markaz va viloyatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama axborot almashinuvi iqtisodiy hayotning uzviyligini ta’minlovchi asosiy vosita bo‘lib xizmat qilgan.

 

Soliq yig‘ish tartibotida ham xabar almashuvi muhim edi – Har bir hududdan yig‘ilgan boj va soliqlar miqdori, to‘lov muddatlari hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar haqidagi axborotlar tezkorlik bilan markazga yo‘llangan. Natijada sulola hukmdorlari soliq imtiyozlarini joriy etish yoki qo‘shimcha ko‘mak ko‘rsatish yuzasidan o‘z vaqtida qaror qabul qilish imkoniga ega bo‘lgan.

 

Har bir bekat chufg‘a – xabarchilar ulovlarini almashtiradigan, dam oladigan va navbatdagi yo‘nalishga chiqadigan muhim nuqta hisoblangan. Mazkur bekatlar karvon yo‘llari bo‘ylab muayyan masofada joylashtirilgan bo‘lib, ular bir vaqtning o‘zida ham axborot tizimi inshootlari, ham savdo karvonlarining tayanch maskanlari vazifasini o‘tagan. Bekatlarning bunday qo‘shaloq vazifani bajarishi ularning iqtisodiy qiymatini yana-da oshirgan.

 

Harbiy sohada axborot almashinuvining tezkorligi va aniqligi sulolaviy xavfsizlikning hayot-mamot masalasi hisoblangan. Turkistonning ulkan sarhadlarini boshqargan Qoraxoniylar sulolasi sharqdagi ko‘chmanchi urug‘lar bosqini, g‘arbdagi raqib siyosiy kuchlar tahdidi va janubiy chegaralardagi beqarorlikka qarshi doimiy shaylikni ta’minlovchi ogohlantirish usulini shakllantirgan.

 

Sulola ushbu ehtiyojni “qarg‘u” deb nomlangan minoralar tizimi orqali amalga oshirgan. Tog‘ cho‘qqilari va muhim balandliklarda barpo etilgan inshootlardan dushman xavfi haqida olov va tutun yordamida ishoralar berilgan. Bir minoradan ikkinchisiga uzatilgan ishora bir necha soat ichida yuzlab chaqirim masofani bosib o‘tib, 9–12-yuzyilliklarda boshqa barcha aloqa vositalaridan tubdan ustun bo‘lgan.

 

Harbiy yurishlar chog‘ida chabar va eshkinchilar qo‘shin bo‘linmalari o‘rtasidagi aloqani ta’minlagan. Bosh qo‘mondon buyruqlarining cherik qanotlariga kechikmasdan yetkazilishi jang taqdirini hal qiluvchi omil sanalgan. Shu bois, harbiy chabarlikka eng uchqur otlarni jilovlay oladigan, maxfiy yo‘llarni biladigan va axborot daxlsizligini ta’minlashga qodir saralangan kishilar tanlangan.

 

Qarg‘u minoralari orqali berilgan dastlabki ishoralar hamda otliq chabarlar yetkazgan batafsil bitiklar o‘zaro uyg‘un ikki bosqichli mudofaa tizimini tashkil etgan. Yorug‘lik va tutun dushman yaqinlashayotganidan ogoh etgan bo‘lsa, aniq bitiklar harbiy javob choralarini belgilab bergan. Mazkur tizim Qoraxoniylar sulolasi harbiy salohiyatini va mudofaa quvvatini sezilarli darajada mustahkamlagan.

 

Axborot-pochta tizimining madaniy ahamiyati sulolaviy boshqaruv tarixida eng uzoq muddat ta’sir ko‘rsatgan jihatlardan biri bo’lib, tizim rasmiy bitik bituvchi, tarjima qiluvchi va tamg‘a bilan tasdiqlovchi yuqori malakali devon xodimlariga bo‘lgan ehtiyojni yuzaga keltirgan. Ularning faoliyati turkiy tilning davlat yozishmalarida rasmiy maqomga ega bo‘lishiga zamin yaratdi. Ilimg‘a (kotib) lavozimining joriy etilishi ushbu milliy siyosatning amaliy ifodasi bo‘lib, mazkur mansabdor xoqon maktublarini turkiy tilda bitgan va xorijiy yozishmalarni turkiyga o‘girgan.

 

Xabar-pochta tizimi orqali xoqon farmonlarining turkiy tilda bitilishi va mamlakat bo‘ylab tarqatilishi ushbu tilning rasmiy yozma madaniyatda mustahkam o‘rin olishini ta’minladi. Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asari va boshqa adabiy namunalar aynan shu shakllangan yozma an’analar negizida maydonga keldi. Demak, aloqa tizimi shunchaki siyosiy ish usuli emas, balki turkiy yozma madaniyatning yuksalishiga xizmat qilgan madaniy-tarixiy hodisadir.

 

Qoraxoniylar sulolasida davlat hujjatlarini tayyorlash jarayoni uch bosqichli bo‘lib, har birida alohida malakali amaldor mas’ul sanalgan. Jarayon ketma-ketlikda – matnni bitish, zaruriyatga ko‘ra tarjima qilish va hukmdor muhri bilan tasdiqlash tarzida amalga oshirilgan. Mazkur uch bosqichli tizim hujjatning siyosiy mazmunini, huquqiy kuchini va lisoniy mukammalligini ta’minlagan.

 

Hujjat tayyorlashning birinchi va eng mas’uliyatli bosqichi bitikchi zimmasiga yuklangan. Bitikchi davlatning ichki va tashqi yozishmalarini yurituvchi, farmon, yorliq va nomalarni yozma shaklga keltiruvchi amaldor bo‘lgan. Uning lavozimi oddiy kotiblikdan tubdan farq qilib, hukmdorning siyosiy irodasini aniq va ilmiy uslubda ifodalashga qodir davlat arbobi sanalgan. Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig”da munosib kotibni “ikki tilni biladigan, yozuvning barcha turini o‘zlashtirgan, zukko va sir saqlaydigan” shaxs sifatida tasvirlaydi. Ikki tilni bilish sharti Qoraxoniylarda turkiy va forsiy tilda yozishma yuritish zaruriyati mavjud bo‘lganini anglatadi.

 

“Sir saqlash” talabi bitikchining nafaqat texnik mahorati, balki axloqiy ishonchliligiga ham yuqori talab qo‘yilganini ko‘rsatadi. Hukmdorning maxfiy ko‘rsatmalari va elchilik muzokaralari matni bitikchi orqali o‘tgani sabab, uning sodiqligi boshqaruv tizimi xavfsizligining kafolati bo‘lgan. Shu bois, bitikchilar uzoq muddatli sinov va nazoratdan so‘ng yuqori mansablarga tayinlangan.

 

Bitikchilar devonxonada qat’iy pillapoyali tartib asosida faoliyat yuritgan. Yuqori martabali bitikchilar hukmdorning shaxsiy farmonlarini, quyi darajadagilar esa oddiy ma’muriy yozishmalarni bajargan. Bunday tabaqalanish hujjatlarning ahamiyatiga ko‘ra mas’uliyat tizimini aniq chegaralash imkonini bergan.

 

Qoraxoniylarda ilimg‘a lavozimi ham bo’lib, u xoqonning rasmiy maktublarini turkiy tilda yozuvchi va xorijdan kelgan bitiklarni tarjima qilib, hukmdorga taqdim etuvchi mas’ul amaldor hisoblangan. Mahmud Koshg‘ariy ushbu mansabni “xoqonning maktublarini turk tilida yozuvchi shaxs” deya tavsiflab, uning devon tartibotidagi o‘rnini qat’iy belgilagan.

 

Mazkur lavozim sulolaning turkiy tilni ma’muriy boshqaruv tili sifatida qo‘llash borasidagi davlat siyosatining bevosita ijrochisi bo‘lgan. Siyosiy elchilik, uslubshunoslik va tarjima san’atini mukammal egallagan bu mutaxassislar xorijiy davlatlardan kelgan forsiy, arabiy yoki boshqa tillardagi maktublarni turkiyga o‘girish bilan bir qatorda, tashqi yozishmalarni ham tayyorlagan. Yusuf Xos Hojib “bitikchi-ilimg‘a” atamasini qo‘llashi ushbu ikki mansabning o‘zaro uzviy hamkorlikda yoki yaxlit shaxs tomonidan bajarilganiga ishora qiladi.

 

Turkiy tilda bitilgan rasmiy hujjatlar va elchilik nomalari turkiy yozma an’anasining shakllanishiga zamin yaratgan. Ilimg‘alar ma’muriy yozishmalar orqali lisoniy va adabiy me’yorlarning qaror topishiga hissa qo‘shgan. Keyinchalik Yusuf Xos Hojib va Mahmud Koshg‘ariy kabi mutafakkirlar kamol topgan madaniy muhit aynan shu yozma an’analar poydevorida shakllangan.

 

Hujjat tayyorlash tartibotining yakuniy bosqichi tamg‘achi faoliyati bilan bog‘liq edi. Tamg‘achi bitikka xoqon nomidan muhr bosish orqali unga qonuniy kuch bag‘ishlagan. Mahmud Koshg‘ariy “tamg‘a” istilohini “hukmdor muhrining izi” deb izohlaydi. Aynan shu bosqichda hujjat “to‘g‘raqlandi”, ya’ni rasmiy ijro kuchiga kirdi. Tamg‘asiz bitik rasmiy hujjat sanalmagan va uning ijrosi majburiy bo‘lmagan.

 

Tamg‘achi sulola erkinligi va mustaqilligining huquqiy ramzini ifodalovchi mansabdor edi. Xoqon muhri hokimiyatning moddiy timsoli va hukmdor irodasining ifodasi sanalgan. Tamg‘achi ushbu muhrni saqlagan hamda uni faqat oliy devon ruxsati bilan qo‘llagan. Muhrlash jarayonining qat’iy nazorat qilinishi soxta hujjatlar muomalaga kirishining oldini olgan.

 

Qoraxoniylar sulolasidagi tamg‘achi lavozimi qadimiy turkiy siyosiy an’analarga tayanadi. Mazkur atamaning O‘rxun bitiktoshlari va Uyg‘ur matnlarida uchrashi, shuningdek, o‘g‘uzlarda “Bilga-tamg‘achi” unvonining mavjudligi ushbu mansabning islomiy davrlardan oldin ham muhim o‘rin tutganini ko‘rsatadi.

 

Tamg‘achilik lavozimining o‘ziga xosligi shundaki, u turkiy lisoniy xususiyatini saqlab qolgan. G‘aznaviylar va Saljuqiylar saroyida “muhrdor” atamasi qo‘llanilgan bir davrda, Qoraxoniylarda turkiy “tamg‘achi” nomining saqlanishi sulolaning milliy boshqaruv an’analariga sodiqligini isbotlaydi.

 

Shunday qilib, bitikchi, ilimg‘a va tamg‘achining muvofiqlashgan faoliyati Qoraxoniylar sulolasida hujjat madaniyati yuksak bo‘lganini ta’minlagan. Ushbu uch mansabdor o‘rtasidagi vazifalar taqsimoti davlat ma’muriyatida mas’uliyatning aniq chegaralanganidan dalolat beradi. Aynan shu uyg‘unlik rasmiy bitiklarning siyosiy, lisoniy va huquqiy jihatdan mukammal bo‘lishiga imkon yaratgan.

 

Rasmiy bitik tayyorlanib, tamg‘achi tomonidan xoqon muhri bilan tasdiqlangach, uni manzilga yetkazish amaliyoti boshlangan. Mazkur vazifa sadoqatli va jismonan baquvvat shaxslar – chabar va eshkinchilarga topshirilgan. Ularning faoliyati sulola boshqaruvining uzluksizligini va farmonlarning o‘z vaqtida ijro etilishini ta’minlovchi asosiy qurilma hisoblangan.

 

Chabarlar – Qoraxoniylar sulolasi ma’muriyatida xoqon yorliqlarini uzoq masofalarga tezkor yetkazuvchi maxsus otliq xabarchilar bo’lib, Mahmud Koshg‘ariy “chabar” so‘zini “tez yuruvchi xabar eltuvchi” deb izohlaydi. Chabarlarni xizmatga saralash qat’iy mezonlarga asoslangan. Ular jismoniy chidamlilik bilan birga, topshirilgan bitikni dushman qo‘liga tushirmaslik uchun zarur hushyorlikka ega bo‘lishi lozim edi. Maxfiy hujjatlarni tashuvchi chabarlarga, asirga tushish xavfi tug‘ilganda, bitikni yo‘q qilish choralarini ko‘rish vazifasi ham yuklatilgan.

 

Chabarlar faoliyatini ta’minlash maqsadida chufg‘a deb nomlangan bekatlar tuzilmasi barpo etilgan. Har bir bekatda doimiy shay holatdagi ulov – chopqir otlar saqlangan. Chabar bekatga yetib kelishi bilan toliqqan otini yangisiga almashtirib, yo‘lida davom etgan. Eng shoshilinch xabarlar uchun yalafar deb atalgan maxsus zotdor otlar ajratilgan.

 

Chufg‘a bekatlari muhim jihatdan asosiy savdo va harbiy yo‘nalishlar bo‘ylab joylashtirilgan. Ikki bekat orasi ulov bir kunda bosib o‘ta oladigan masofaga muvofiq belgilangan bo‘lib, xabarning yetib borish vaqtini eng oz darajaga tushirgan.

 

Xabarchilarning harakati qat’iy nazorat qilingan: har bir bekatda bitikning butunligi tekshirilib, kelish va ketish vaqti qayd etilgan. Mazkur qaydlar markaziy devonga hisobot shaklida taqdim etilib, xabarning kechikish sabablarini aniqlash va xizmatchilar mas’uliyatini oshirish imkonini bergan.

 

Chabarlar muntazam axborot yetkazish xizmatini bajargan bo‘lsa, eshkinchilar tor va maxsus vazifalarni ado etgan. Eshkinchi – harbiy va siyosiy jihatdan favqulodda muhim bitiklarni olib boruvchi yuqori darajadagi vakil – xoqonning bevosita farmonlarini, sulola xavfsizligiga oid maxfiy ko‘rsatmalarni hamda muhim muzokaralar natijalarini yetkazgan.

 

Nizomulmulk “Siyosatnoma” asarida hukmdorning mamlakatdagi holatdan doim xabardor bo‘lishi uchun tezkor sohibxabarlar zarurligini ta’kidlaydi. Muallif sohibxabarsiz boshqaruvni “ko‘r-ko‘rona ish tutish”ga qiyoslagan. Qoraxoniylar sulolasidagi eshkinchi mansabi aynan shu tizimning turkiy ma’muriy ko‘rinishi edi. Eshkinchilar nafaqat axborot yetkazgan, balki hududlardagi muhim ma’lumotlarni to‘plab, hukmdorga batafsil hisobot taqdim etgan.

 

Eshkinchi va chabar o‘rtasidagi farq mas’uliyat darajasi va topshiriq mazmunida ko‘rinadi. Chabar bitikni bekatlararo yetkazuvchi zanjir bo‘lagi bo‘lsa, eshkinchi manzilga qadar to‘g‘ridan-to‘g‘ri boruvchi va vakolatli topshiriqlarni bajaruvchi siyosiy shaxs edi. Eshkinchi viloyat hokimlari bilan muloqot qilish, hududdagi holatni o‘rganish va ba’zan hukmdor nomidan qarorlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan.

 

Axborot yetkazish jarayonida xavfsizlik va maxfiylik masalalari sulolaviy boshqaruvning ustuvor talabi sanalgan. Rasmiy bitiklarning dushman qo‘liga tushishi yoki mazmuni buzilishi jiddiy siyosiy va harbiy oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin edi. Shu bois, aloqa yo‘nalishlari nazorat qilinib, muhim nuqtalarda qorovullar joylashtirilgan va xabarchilar harakati qarg‘u minoralari orqali kuzatib borilgan. Xavfli hududlarda xabarchilar maxsus muhofaza bo‘linmalari hamrohligida harakatlangan.

 

Yo‘nalishdagi ko‘priklar, dovonlar va tor o‘tish joylari soqchilar tomonidan doimiy nazorat qilingan. Bitikni yetkazgan chabar yoki eshkinchi uni faqat vakolatli shaxs – viloyat hokimi, noib yoki cherik boshlig‘i huzurida ochishga haqli bo‘lgan. Ushbu tartibot bitik daxlsizligini va begona shaxslar tomonidan o‘qilmasligini kafolatlagan. Maxfiy yozishmalar esa faqat xoqonning ishonchli vakillari tomonidan ochilgan.

 

Sulola boshqaruvida qat’iy jazo tizimi xavfsizlikning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan. Agar rasmiy bitik yo‘qolsa, asossiz kechiksa yoki unga zarar yetsa, mas’ul xabarchi jazolangan. Mazkur tartib tizim ishtirokchilarida yuksak mas’uliyat va intizomni shakllantirgan. Abulfayz Bayhaqiy “Tarixi Mas’udiy” asarida G‘aznaviylar saroyidagi shunday qat’iy choralar, xususan, farmonlarning faqat muhr bilan tasdiqlanishi haqida qayd etadi. Qoraxoniylar sulolasida tamg‘a bosish orqali amalga oshirilgan ushbu amaliyot 9–12-yuzyilliklarda Turkiston va unga tutash hududlarda xavfsizlik tamoyillari mushtarak bo‘lganini ko‘rsatadi.

 

Qoraxoniylar sulolasi davrida axborot yetkazish tizimi faqat ichki boshqaruv bilan cheklanmay, xalqaro elchilik aloqalarida ham muhim o‘ringa ega bo‘lgan. Elchilar va chabarlar Xitoy, Hindiston, G‘azna, Arab xalifaligi va Vizantiya kabi o‘lkalar yo‘nalishida muntazam harakatlanganlar. Ular elchilik nomalari va bitimlarni yetkazish bilan bir qatorda, xorijiy mamlakatlardagi siyosiy vaziyat, harbiy salohiyat va iqtisodiy holat yuzasidan ma’lumotlar to‘plab, hukmdorga maxsus hisobotlar taqdim etganlar.

 

Shu tariqa, chabar va eshkinchilar bir vaqtning o‘zida elchilik va harbiy-siyosiy ayg‘oqchilik vazifasini ado etgan. Ularning xorijiy o‘lkalardagi kuzatuvlari sulola uchun muhim axborot manbayi bo‘lib xizmat qilgan: qo‘shni hukmdorlarning rejalari va cherik quvvati haqidagi ma’lumotlar tashqi siyosatning shakllantirilishida hal qiluvchi rol o‘ynagan. Mazkur holat xabar-pochta tizimini siyosiy ayg‘oqchilikning takomillashgan shakliga aylantirgan.

 

Xulosa qilganda, Qoraxoniylar sulolasi boshqaruvidagi xabar-pochta tizimi ko‘p tarmoqliligi, vazifalarining kengligi va tashkiliy mukammalligi bilan 9–12-yuzyilliklar Turkiston davlatchiligining yuksak namunasi hisoblangan. Tizimning har bir bo‘g‘ini – rasmiy bitikni tayyorlashdan tortib, uni manzilga yetkazishga qadar – qat’iy tartibot va o‘zaro mas’uliyat tamoyillari asosida faoliyat yuritgan.

 

Sarvar QO‘LDOSHEV,

Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

 

Foydalanilgan adabiyotlar

1.                     Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far an-Narshaxiy. Buxoro tarixi. – Toshkent: Anorbooks, 2022. – 288 b.

2.                     Alaaddin Ata Melik Cüveyni. Tarih-i Cihan Güşa. Çev. Mürsel Öztürk. – Ankara; Türk Tarih Kurumu, 2013. – 1332 s.

3.                     Hudud al-'Alam, The Regions of the World a persian geography, 372 a.h. - 982 a.d. translated and explained byV. Minorsky. – London. 1937. – 548 p.

4.                     Nizamülmülk. Siyasetname. – Istanbul: Nilüfer yayinlari, 2016. – 288 s.

5.                     The Secret history of the Mongols. A Mongolian Epic Chronicle of the Thirteenth Century. translated by Igor de Rachewiltz. Canberra. 2015. – 1317 p.

6.                     Абу Са'ид Гардизи. Зайн ал-Ахбар. Украшение известий. пер. с персидского А.К. Арендс. – Ташкент: Фан, 1991. – 178 с.

7.                     Заҳириддин Муҳаммад Бобур. Бобурнома. – Тошкент: Ўқитувчи, 2008. – 336 б.

8.                     Ибн ал-Асир. Ал-Камил фи-т-тарих Полный свод истории. Пер. П.Г. Булгакова, Ш.С. Камолиддина. — Тaшкент: Узбекистан, 2006. – 608 б.

9.                     Мирзо Улуғбек. Тўрт улус тарихи. (форс тилидан Б. Аҳмедов ва б. таржимаси) – Тошкент: Чўлпон, 1994. – 456 б.

10.                 Юсуф Хос Ҳожиб. Қутадғу билиг (Саодатга йўлловчи билим). Нашрга тайёрловчи Қ. Каримов. – Тошкент: Фан, 1971. – 972 б.

11.                 Зиё А. Ўзбек давлатчилиги тарихи. – Тошкент: Шарқ нашриёти, 2001. – 368 б.

12.                 Donuk A. İdari-Askeri Ünvan ve Terimler. – İstanbul: Türk Dünyası Araştırma Vakfı, 1988. – 168 s.

13.                 Duturaeva D. Qarakhanid Roads to China: A History of Sino‑Turkic Relations. – Leiden: Brill, 2022. – 300 p.

14.                 Genç R. Karahanlı Devlet Teskilatı. – Istanbul: Tifdruk Matbaası, 1981. – 373 s.

15.                 Караев О. История Караханидского каганата. – Фрунзе: Илим, 1983. – 301 с.

16.                 Кочнев Б.Д. Нумизматическая история караханидского каганата (991 – 1209 гг.). – Москва: София, 2006. – 312 с.

17.                 Nuhoğlu Güller. Beyhaki Tarihi’ne göre Gaznelilerde Devlet Teşkilatı ve Kültür. Doktora Tezi. – İstanbul, 1995.

18.                 Babayar G. Karahanlı Hakanlığı Sikkelerinde Görülen Bazı Eski Türkçe Ünvanlar ve Onların Menşei Üzerine. – Бишкек, 2019.

19.                 Hunkan Ö. S. Kâşgarlı Mahmud Devrinde Ülkenin İdarî Yapısı ve Siyasî Оlaylarına Bir Bakış. – Ankara, 2009.

20.                 Маҳмуд Кошғарий. Девону луғоти-т-турк [Туркий сўзлар девони]. Таржимон ва нашрга тайёрловчи Қ. Содиқов. – Тошкент: Ғафур Ғулом номидаги нашриёт-матбаа уйи, 2017. – 488 б.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:04 / 17.04.2026 0 385
Najmiddin Turon ijodida davr ruhi tahlili





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//