Adabiy tilda “mushuk”, lekin ko‘pgina shevalarda “pishak” (pishay, pishiq) ham deyiladi. Ulardan qaysi birlamchi? Yoki biri boshqa tildan o‘zlashganmi?
Birinchi navbatda xayolga “forschadan o‘zlashgan bo‘lishi mumkin”, degan fikr keladi. Ammo forschada ham, tojikchada ham uning nomi – “gurba” (“گربه”), “pishak” yo “mushuk” emas. Deylik, “pishak”ning kurd yo pushtun kabi boshqa tillardan barcha turk tillariga o‘zlashishi mantiqqa zid. Chunki “mushuk” bilan birga “pishak” ham ko‘pgina turk til va lahjalarida yashab kelmoqda.
Qolaversa, O‘zbekistonda ham deyarli yarim aholi (Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax, Xorazm...) “mushuk” emas, shevada “pishak” deydi. Bundan tashqari, turkman, ozarboyjon, xalaj, eski usmonli turkchasida – “pişik”, qoraqalpoqcha – “пышық”, boshqa ba’zi turkiy lahjalarda: pisik, pijik, pshik, pushuk, pүsүk, pushek, pisi, pichi va hokazo.
Endi “mushuk” shakliga kelsak, qozoq, qirg‘iz, no‘g‘ay, qirimtatarlarda – “мысық/ мышық”, uyg‘ur, o‘zbekchada – “mushuk” va boshqa ba’zi lahjalarda: mishix, mishek, mijek, mo‘shek, mishi, mushi, mish, mush va hokazo.
Umuman, “mushuk” va “pishik”, birinchi tovushlar: “m” va “p”ni hisobga olmaganda, shaklan bir-biriga yaqin. Ammo boshqa ba’zi turk til va lahjalarida uning “bushuk”, “bishik” shakllari ham bor. Deylik, boshqirdcha – “bisey”, qo‘miqcha – “bishev”, boshqa ba’zi sheva va lahjalarda: bishek, bo‘shek, bisi va hokazo. Hatto uning chuvashcha nomi – “kushak” ham hamohang.
Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘otit-turk”da “mushuk”ni – “mush” deb keltiradi va shunday izohlaydi: “Mush – mushuk (chigilcha). O‘g‘uzlar “чӭтук” deydilar” (DLT.III.T.1963.140. Ma’lumot uchun: qadimgi chigilcha bu qarluq lahjasi, hozirgi o‘zbek tiliga yaqin).
“Devon”ga tayangan holda “mushuk” so‘zining qadimiy ko‘rinishi “mush” bo‘lgan ekan, deyish mumkin. Shu bois ba’zi lahjalarda uning – “mish”, “mushi”, “машы” kabi shakllari hozirgacha saqlangan. “Mushuk/мышық/”dagi “-uk”, “ық” yoki “pishak/pishik”dagi “-ak”, “-ik” qo‘shimchalari esa, mutaxassislarga ko‘ra, kichraytirish qo‘shimchasidir. Chunki qadimgi turkiyda “мачы”, “мǝчи”, “pisi” so‘zlari nafaqat mushuk, balki ba’zi lahjalarda maymun, quyon kabi hayvonlarga nisbatan ham ishlatilgan. Mutaxassislarga ko‘ra, qadimgi turkiydagi “maymun” ma’nosidagi “bičin” so‘zi ham ayni shu o‘zakdan.
XIII-XIV asrlarda ovrupalik missionerlar tomonidan kumon-qipchoqlarning tilini o‘rganish maqsadida tartib berilgan lug‘at “Kodeks kumanikus”da ham bu so‘z – “machi” (“mazi”) shaklida keltirilgan (gata – gurba – mazi: Codex cumanicus.Budapest.Edit.G.Kuun.1981.p.128).
Xush, yuqorida keltirilgan misollardan qanday xulosa qilish mumkin?
Ma’lumki, turkiy tillar, lahja va shevalarda ba’zi undosh tovushlarining o‘zgarishi kuzatiladi:
Misol uchun “m” va “b” tovushlari almashinuvi: deyarli bir davrda yaratilgan Kultegin va Tunyuquq yodgorliklarini solishtirsak, Kultegin toshbitigida “men” so‘zi – “m” (𐰢) orqali “mӭn” deb yozilgan bo‘lsa, Tunyuquq yodgorligida – “b” (𐰋) tovushi bilan “bän” shaklida yozilgan. Shuningdek, shevalarda “b” va “m” tovushlari almashinuviga misollar: bo‘yin – mo‘yin, burun – murun va hokazo.
Shu kabi “b”ning “p”ga almashinuvi ham ko‘p uchraydi, misol: bichaq – pichoq, but – put, bishig‘ – pishiq, balaban – polopon, bolta – polta va hokazo.
Shunday qilib, “mushuk” va uning variantlari, “pishak” va uning variantlari, “bisey/bushuk” va uning variantlari aslida bir so‘zning turli davr, hudud, til va lahjalardagi o‘zgarishlarga uchragan ko‘rinishlaridir. Shuni ham aytib o‘tish kerakki, ba’zi mutaxassislar “pishak” shakli – turk tillarida mushukni chaqirish uchun “pish-pish”, haydash uchun “pisht” deyilishi natijasida paydo bo‘lgan, degan fikr bildirgan, bizningcha, bu – bahsli.
Abduvohid HAYIT
Jarayon
Adabiyot
Adabiyot
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q