Afg‘oniston davlatida 2021-yil 15-avgustda, AQSH va NATO qo‘shinlari mamlakatdan chiqib ketayotgan paytda, Tolibon tezkor hujumlar orqali qayta hokimiyatga keldi. Hozirgi kunda ular Afg‘oniston Islom Amirligi sifatida mamlakatni boshqarmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgan vaqtdan boshlab qo‘shnilari, xususan Afg‘oniston davlati bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirishga harakat qildi. 2021-yil avgustida Afg‘onistonda hokimiyatga kelgan “Tolibon” harakati mintaqadagi barcha davlatlar, jumladan O‘zbekiston bilan ham yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini davom ettirish istagida ekanligini ma’lum qildi. Bu harakat toliblarning mintaqaviy jarayonlarga befarq emasligini va o‘zaro hamkorlik va aloqalarga xayrixohligini namoyon etdi.
E’tiborli jihati shundaki, O‘zbekiston tomoni va “Tolibon” harakati o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar yangi mazmun va ko‘lamda olib borilmoqda.
O‘zbekistonning asosiy suv manbalari asosan daryolar, yer osti suvlari, ko‘llar va sun’iy suv omborlaridan iborat. Eng yirik daryolar – Amudaryo va Sirdaryo bo‘lib, suv resurslarining asosiy qismi tog‘lardagi muzliklar va qorlarning erishidan shakllanadi. Qishloq xo‘jaligi va aholi ehtiyojlari uchun 600 dan ortiq daryo va ko‘plab kanallar xizmat qiladi.
O‘zbekistondagi eng katta va sersuv daryolar – Amudaryo va Sirdaryo hisoblanadi. Xususan, Amudaryo Markaziy Osiyodagi eng yirik daryolardan biri bo‘lib, uning uzunligi 2 600 km ni tashkil etadi. Amudaryoning ikkita asosiy irmog‘i baland tog‘lardan boshlanadigan Panj va Vaxsh daryolaridir. Amudaryo sharqdan g‘arbga cho‘zilgan bo‘lib, bir necha davlatlar hududini kesib o‘tadi. Amudaryo suvlari avval Tojikistonni, keyin Turkmaniston va Afg‘onistonni kesib o‘tadi.
Amudaryo Markaziy Osiyodagi eng sersuv daryo bo‘lib, Orol dengiziga quyiladi va uning asosiy ta’minotchisi hisoblanadi. O‘tgan asrning o‘rtalaridan boshlab Amudaryoning suvlari dalalarni so‘g‘orishga yo‘naltirilgani oqibatida uning sathi keskin pasaydi va bugungi kunda daryo suvi Orol dengiziga yetib bormayapti.
Amudaryo O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining asosiy suv manbai bo‘lib, Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatlaridagi yuz minglab gektar paxta, g‘alla va sholi maydonlarini sug‘orishda hayotiy ahamiyatga ega. Amu-Buxoro kanali va boshqa irrigatsiya tizimlari orqali daryo suvi cho‘l hududlarni o‘zlashtirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish imkonini beradi.
Daryodan boshlanadigan Amu-Buxoro kanali va boshqa yirik kanallar (Qurvonishjarma, Kegeyli) orqali yirik dehqonchilik hududlari suv bilan ta’minlanadi. Amudaryo deltasi (Qoraqalpog‘iston)da 400 ming gektardan ortiq yerda sholi, paxta, don va yem-xashak ekinlari yetishtiriladi.
Yillar davomida ekologik muammolarning og‘irlashuvi natijasida Amudaryoning suv sathi yil sayin pasayib bormoqda. Global miqyosda havo haroratining oshishi va yog‘ingarchilikning kamayishi mintaqadagi ekologik holatni yomonlashtirmoqda.
Mintaqada suv taqchilligi kuzatilayotgan bir vaqtda, Tolibon hukumati 2022-yil mart oyidan boshlab Balx viloyatida ulkan Qo‘shtepa kanalini qurishni boshladi. Rossiyaning “Известия” gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikiston suv ta’minotiga tahdid solayotgan Afg‘onistondagi Qo‘shtepa suv kanali qurilishiga yashirincha homiylik qilgan.
2025-yil ma’lumotlariga ko‘ra, kanal qurilishining 80 foizi yakunlangan.
Ta’kidlanishicha, kanal qurilishiga 3,5 ming kishi va 3 ming texnika jalb qilingan. Kanalni 2028-yilgacha qurib bitkazish rejalashtirilgan bo‘lib, uning umumiy qiymati 700 million dollarni tashkil etadi. Tahlilchi Doston Ahrorov tayyorlagan ma’lumotlarga ko‘ra, yangi kanalning uzunligi 285 km, eni 100 metr, chuqurligi esa 8,5 metr bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Qayd etilishicha, kanal qurilishining asosiy maqsadi – Balx, Jauzjon va Farob viloyatlaridagi 3 million jyerib (1 jyerib – 2 000 kvadrat metr) yerni sug’orish va 250 mingga yaqin aholini ish bilan ta’minlashdir.
“Известия” gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari suv xo‘jaligini muvofiqlashtiruvchi komissiya tahliliga ko‘ra, agar Qo‘shtepa suv ta’minoti tizimi ishga tushsa, Amudaryoning quyi oqimidagi havzalar zarur suvning atiga 30 foizini oladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, daryo umumiy oqimining 30 foizi Afg‘onistonda, 6 foizi O‘zbekistonda va 1 foizi Turkmanistonda shakllanadi. Shu bilan birga, Afg‘oniston Amudaryo suv resurslarining atigi 2 foizidan, O‘zbekiston 48,2 foizidan va Turkmaniston 35,8 foizidan foydalanib kelgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, agar Qo‘shtepa kanali loyihasi Afg‘oniston hukumati tomonidan yakunlanib, foydalanishga topshirilsa, O‘zbekistonga keladigan suv hajmi taxminan 15 foizga kamayishi mumkin. Bu esa Xorazm, Buxoro, Samarqand va Navoiy viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shuningdek Turkmaniston uchun jiddiy oqibatlar yaratadi.
Amudaryo havzasida mavjud yerusti suvlarining umumiy qisqarishi Qo‘shtepa kanali qurilishi va iqlim o‘zgarishlari hisobiga 2028-yilda 18,9 foizga, 2030-yilda esa 29,4 foizga yetishi mumkin. Suv tanqisligi Markaziy Osiyo davlatlari kun tartibidagi eng o‘tkir va dolzarb masalalardan biridir.
Amudaryo suvidan foydalanish va uni taqsimlash bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘oniston o‘rtasida umumiy kelishuv imzolangan emas. Yuldosheva Bibirajab o‘zining “1989–2007-yillarda O‘zbekistonda suv resurslaridan foydalanishning holati va o‘zgarishlari” nomli maqolasida quyidagi ma’lumotlarni keltiradi: “Markaziy Osiyoda suv resurslarini boshqarish bo‘yicha kelishmovchiliklarni yumshatish maqsadida 1992-yilda “Transchegaraviy suv resurslarini muvofiqlashtirish bo‘yicha kelishuv” imzolangan. Ushbu kelishuv suv resurslarini davlatlar o‘rtasida adolatli taqsimlash va suvdan foydalanishda hamkorlik qilish tamoyiliga asoslangan edi”.
Biroq kelishuv doim samarali ishlamadi, chunki respublikalar o‘z milliy manfaatlarini ustun qo‘yishda davom etdilar. Shunday bo‘lsa-da, o‘rtada umumiy kelishuv mavjud edi. Biroq Afg‘oniston ushbu kelishuvda qatnashmaganligi sababli suv taqsimoti bo‘yicha munosabatlar jiddiy so‘roq ostiga qo‘yildi.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, “Suv kanali Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun jiddiy ekologik muammolarni keltirib chiqaradi, chunki qurilish ibtidoiy usulda amalga oshiriladi va sug‘orish tizimlarini buzadi.” Qo‘shtepa kanali qurilish jarayonida sifatli qurilish mahsulotlaridan foydalanilmasligi oqibatida kanal sifat talablariga javob bermasligi va kelgusida ortiqcha suv sarfining yuzaga kelishiga olib kelishi mumkin. Bu esa shundoq ham murakkab bo‘lib turgan suv muammosini yanada og‘irlashtiradi.
Bundan tashqari, Afg‘oniston Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi suv kelishuvlari bilan bog‘liq masalalarda ishtirok etmaydi, bu esa mavjud vaziyatni yanada og‘irlashtiradi.
O‘zbekiston uchun geosiyosiy va geostrategik jihatdan Afg‘onistonda tinchlik bo‘lishi juda muhimdir. Shuning uchun ham 2018-yilda “Tolibon” hukumatga kelmasidan oldin diplomatik aloqalar boshlangan edi.
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning fikrlariga ko‘ra, Afg‘onistonning demografik o‘sishi juda katta (bugungi kunda aholisi 38 millionga yetgan). U shimoliy uchta viloyatiga suv olib, qishloq xo‘jaligini rivojlantirmoqchi va bu orqali o‘zining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlamoqchi. Natijada ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashni maqsad qilgan. Bu Afg‘onistonga foydali bo‘lsa-da, O‘zbekiston uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Afg‘oniston hukumati o‘zining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ijtimoiy barqarorlikka erishish uchun amalga oshirayotgan chora-tadbirlari ijobiy jarayon hisoblanadi. Ammo mavjud vaziyatda Tolibon hukumati mintaqadagi boshqa davlatlarning ham manfaatlarini hisobga olgan holda loyihalarni amalga oshirishi zarur.
Afg‘oniston masalalari bo‘yicha 10 dan ortiq ilmiy kitob muallifi Suhrob Bo‘ronov Qo‘shtepa kanali masalasiga oid fikr bildirar ekan, quyidagilarni ta’kidlaydi: Suv – kelajak masalasi. Suvni siyosiy qurolga aylantirish haqidagi gaplar ham mavjud.
“Global Water Intelligence” jurnali ma’lumotlariga ko‘ra, bir yilda suv bozorida aylanadigan daromad harbiy maqsadlarda foydalanadigan pul miqdoriga yaqinlashib qolgan. Bu narsa kelajakda chuchuk suv va sug‘orish uchun ishlatiladigan suv masalasini yanada dolzarblashtiradi. Markaziy Osiyoda ham hozirdan bu holat ayon bo‘layapti.
Mintaqa davlatlari rivojlanishi uchun o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash va ishonch muhitini kuchaytirish kun tartibida turib, mamlakatlar o‘rtasida ehtimoliy nizolarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan masalalarni imkon qadar ijobiy tomonlama hal qilish dolzarb vazifa hisoblanadi.
Sputniknews.uz 2023-yilda keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘onistonda qurilayotgan kanal mintaqada ma’lum qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi, bu esa Kobulga foydali. Xususan, qo‘shni O‘zbekiston va Turkmaniston bilan ko‘plab siyosiy masalalarni hal qilish imkonini beradi, deb hisoblaydi Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti Siyosiy-tahlil va ijtimoiy-ruhiy jarayonlar fakulteti boshlig‘i, Afg‘onistondagi jangovar harakatlar faxriysi Andrey Koshkin.
Ekspertning ta’kidlashicha: “Ushbu loyihada Afg‘oniston o‘zi uchun jiddiy geoiqtisodiy va siyosiy imkoniyatlarni ko‘rmoqda, chunki suv taqsimlash masalalarida ular bilan savdolashish boshlanadi. Tolibon hukumati O‘zbekiston va Turkmaniston har qanday masalada murosali bo‘lishini kutmoqda”.
Bugungi kunda Toshkent Kobul bilan suv resurslarini birgalikda boshqarish bo‘yicha kelishuvga erishmoqchi, deb hisoblaydi Andrey Serenko. Yuqorida keltirilgan fikrlar 2023-yilda berilgan bo‘lsa-da, 2026-yilda ham o‘z dolzarbligini saqlab qolmoqda.
Qo‘shtepa kanali qurilishidan maqsad nafaqat mamlakat qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, balki siyosiy maqsadlarni ham amalga oshirish imkonini berishi mumkin. Bu esa mintaqadagi davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning keyingi rivojini jiddiy so‘roq ostiga qo‘yadi.
Qo‘shtepa kanalini qurish ishlari Afg‘oniston shimolida amalga oshirilmoqda, loyiha qurilayotgan joy Mozori-Sharif shahridan taxminan 90 km shimoli-g‘arbda joylashgan. Ma’lumki, Afg‘onistondagi ko‘p yillik urushlar tufayli suv ta’minoti tizimi deyarli ishdan chiqqan bo‘lib, amaldagi ekin maydonlari ikki baravar kamaygan.
Shu munosabat bilan kanal qurilishi va umuman sug‘orish tizimini rivojlantirish Afg‘oniston uchun katta ahamiyatga ega, deya ta’kidlaydi Soliyva Aziza o‘zining “Qo‘shtepa kanali loyihasining O‘zbekiston Respublikasiga ta’siri” maqolasida.
Kanal qurilishi bilan bog‘liq muammolarning asosiy sababi Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘oniston o‘rtasida Amudaryo suvidan foydalanish va taqsimlash bo‘yicha imzolangan umumiy kelishuvning yo‘qligidir.
Bugungi kunda ushbu loyihani to‘xtatishning iloji yo‘q. Ana shunday sharoitda Amudaryo suvlaridan foydalanadigan davlatlar barcha manfaatdor mamlakatlarning huquqlari buzilmasligini ta’minlashi va ular o‘rtasida kelgusida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nizolarning oldini olishi zarur.
Yaqin yillarda O‘zbekiston delegatsiyalari Kobulga eng ko‘p tashrif buyurgan xorijiy hukumat vakillari bo‘ldi. Afg‘onistonga amalga oshirilgan eng yuqori darajadagi va muhim rasmiy tashriflar asosan mintaqaviy hamkorlik hamda iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan.
O‘zbekiston va Afg‘oniston hukumatlari o‘rtasidagi rasmiy munosabatlar anchayin yaxshi. Shuningdek, munosabatlarda hamkorlik aloqalari yangi bosqichlarga ko‘tarilayotganini ko‘rish mumkin. Biroq yaqin kelajakda Qo‘shtepa kanali qurilishi yakunlanishi va undan to‘liq foydalanishga kirishilishi hamda O‘zbekistonda suv taqchilligining kuchayishi oqibatida ikkala chegaradosh davlatlarning munosabatlarida turli ziddiyatlar paydo bo‘lishi mumkin.
Afg‘onistonning geografik joylashuvi tufayli Amudaryodan foydalanish huquqini hech kim inkor eta olmaydi. Ammo uning global va mintaqaviy kelishuvlarda ishtirok etmasligi afg‘onlar uchun suvdan foydalanish bo‘yicha hech qanday huquqlarni ta’minlamaydi va majburiyatlarni yuklamaydi. Bu esa Afg‘oniston va O‘zbekiston ikki tomonlama munosabatlarida keskinlikni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan omil hisoblanadi.
Bayonotlariga qaramay, Qo‘shtepa kanalining qurib bitirilishi va ishga tushirilishi Tolibon hukumatiga xalqaro miqyosda tan olinish uchun bosim o‘tkazuvchi vosita bo‘lishi ehtimoli ham mavjud.
Shuningdek, kelajakda suv tufayli bo‘ladigan to‘qnashuvlarning oldini olish uchun Afg‘oniston xalqaro shartnomalarga qo‘shilishi va Amudaryo suvlaridan foydalanish bo‘yicha ikki tomonlama hamda ko‘p tomonlama shartnomalarni imzolashi muhimdir. Mamlakatda tinchlikka erishish jarayonini tezlashtirish va jahon hamjamiyatining Afg‘oniston muammosiga nisbatan e’tiborini jalb qilish zarur.
Xalqaro maydonda yuz berayotgan voqealar mamlakatlar o‘rtasidagi kelishuvlarga yoki xalqaro hujjatlarga bo‘lgan ishonchni so‘roq ostiga qo‘ymoqda. Bularning barchasi bizning qiyin va murakkab bir davrga qadam qo‘yayotganligimizdan darak beradi. Shunday vaziyatda mamlakatimiz tinchligini ta’minlash va manfaatlarini himoya qilish eng oliy vazifa bo‘lishi lozim.
Jamshid POYONOV,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti
magistranti
Adabiyot
Adabiyot
Tarix
Tarix
Til
Adabiyot
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q