Xoja Ahmad Yassaviy tasavvuf ilmining buyuk namoyondasi, “Yassaviy” tariqasining asoschisi, turkiy she’riyatining yirik vakillaridan biridir.
Yassaviyning qanday zot bo‘lgani, 1105-yilda Qozog‘istonning Sayram qishlog‘ida tug‘ilib, 1166-yilda Turkiston shahri (qadimgi Yassi)da vafot etgani, “Hikmatlar” she’riy to‘plamini yozib qoldirgani ko‘pchilikka ma’lum.
Uning Qozog‘iston respublikasi, Chimkent viloyati Turkiston shahrida joylashgan maqbarasi esa, shubhasiz, musulmon me’morchiligining mo‘jizalaridan biri sanaladi. Bu yodgorlik sohibqiron Amir Temur buyrug‘iga asosan 1385–1405-yillarda avliyoning o‘limidan taxminan 233 yil o‘tib bunyod etilgan. O‘z mahobatiga ko‘ra Samarqanddagi Bibixonim masjidi bilan tenglasha oladigan ushbu me’moriy obida 2003-yili UNESCO umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Ahmad Yassaviy maqbarasi. Turkiston.
Bu ulug‘ mutafakkirning ota-onalari kim bo‘lgani, qayerda yashagani, so‘nggi manzili xususida ma’lumotlar deyarli yo‘q. Yassaviy Sayramlik Ibrohim Shayx oilasida tavallud topgani, onasining ismi Oyisha Muso shayx qizi bo‘lgani, ota-onadan erta ayrilgani (otasi o‘lganida u yetti yashar edi) qayd qilinadi.
Shayx Ibrohim XI asrda Markaziy Osiyo xalqlari orasida islom dini tobora tarqalib borayotgan bir davrda Sayramda (Qozog‘iston) yashagan. Dehqon bo‘lgan. Shu bilan birga, xalq orasida o‘zining avliyolik va bashorat qila olish qobiliyati bilan mashhur edi.
Ibrohim ota nomi bilan ataluvchi maqbara uch joyda Toshkent, Sayram va Turbatda (Qozog‘iston) mavjud. Ahmad Yassaviy asarida otasining qabri Oqturbatdaligini ham qayd qilgan. Demak bu shaxsga oid qabr uch joyda bor va uchchalasi ham hozirda ziyoratgoh sanaladi.
Ibrohim Shayxning asl qabri Sayramning shimoli-sharqida joylashgan. Qabr ustiga XII–XIV asrlarda qurilgan dastlabki maqbara vaqt sinoviga bardosh berolmagan. XIX asr o‘talarida qurilgan yangi maqbaraning gumbazi ham 1950-yildagi zilzila natijasida qulab tushgan.
Ibrohim ota maqbarasi o‘lchami 7x7 metr, balandligi 8,25 metrli inshoot. 1990-yilda Qozog‘iston hukumatining tashabbusi bilan qayta ta’mirlangan va obod ziyoratgohga aylantirilgan.
Ibrohim ota maqbarasi. Sayram.
Qozog‘istonning Turkiston viloyati Qoziyurt rayoni Turbat qishlog‘ida Xoja Ahmad Yassaviy va otasi Ibrohim Shayx bilan bog‘liq yana bir muqaddas ziyoratgoh mavjud. Har yili minglab insonlar bu yerdagi Ismoil ota ziyoratgohiga tashrif buyuradilar.
Ismoil ota maqbarasi haqida ham bir qancha rivoyatlar mavjud. Shularning birida aytilishicha Turbatda dafn etilgan Ismoil Ahmad Yassaviyning amakisi, ya’ni Ibrohim Shayxning akasi bo‘lgan.
Boshqa bir manbada esa mazkur maqbara XIV asrga oid yodgorlik bo‘lib, Amir Temurning amriga binoan Ibrohim otaning o‘g‘li so‘fiy Ismoilning qabri ustida barpo etilgan peshtoq-gumbazli inshootdir. Turbat qishlog‘idagi ushbu yodgorlik majmuasi tarkibiga maqbara, masjid va eski qabriston kiradi.
Ismoil ota maqbarasi. Turbat.
Ushbu maqolaning yozilishiga Toshkent shahri Olmazor tumanida joylashgan “Ibrohim ota” nomi bilan ataluvchi yana bir tarixiy obida sabab bo‘ldi.
“O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi”ning 4-jildida (2002-yil. 64-bet) berilgan ma’lumotlarga ko‘ra Toshkentning me’moriy yodgorliklaridan biri bo‘lgan Ibrohim ota maqbarasi XV–XVII asrlarga mansub inshoot bo‘lib, maqbara (tarxi 6,7x9,34 m, bal. 4,5 m) bir xonali, oldi peshtoqli (balandligi 5,65 m), gumbaz tomli. Tarzlari bezaksiz, ichkarisi ganch suvoq qilingan. Poliga g‘isht yotqizilgan. Eshik tepasidagi tuynukka panjara ishlangan. Maqbaraning g‘arbida yer sathidan 1,5 m chuqurlikda chillaxona ham bor. Maqbara keyingi asrlarda bir necha marta ta’mirlangan.
Maqbaraning atrofidagi 2,28 gektar maydonni egallagan “Ibrohim ota” qabristoni XVIII–XIX asrlarda tashkil topgan. Shu yerdagi mahalla ham Ibrohim ota nomi bilan ataladi. Qabriston hududida eski masjid bo‘lib, mahalla keksalarining aytishicha, masjid tarixi XV–XVI asrlarga borib taqaladi. 1956-yilda masjid hashar yo‘li bilan qayta barpo etilgan. 2006-yilda esa yana bir bor qayta ta’mirlanib, ko‘rkam holatga keltirilgan. Bu jarayonda ham mahalla ahli faol ishtirok etgan.
2024-yilda qabriston hududidan bir oz tepada ikki qavatli butunlay yangi “Ibrohim ota” masjidi bunyod etildi va hozirda jamoat nomozlari shu yerda ado etilmoqda. Qabriston ichidagi eski masjid esa faoliyat yuritayotgani yo‘q.
Oyim bilan qabristonni tozalagani chiqqanimizda “Xuri buving farzandli bo‘lavermagach 7 yil davomida Ibrohim ota qabri atrofini supirib-sidirib, qabriston xizmatchilariga ehsonlar ulashib Xudodan farzand so‘ragani, Xudoga iltijolari yetib, ketma-ket uch farzandni (bir o‘g‘il, ikki qiz) dunyoga keltirgan”i haqida ko‘p so‘zlab berardi.
Xuri buvimiz uzoq yillar muntazam ravishda Ibrohim ota maqbarasini tozalab, obodonlashtirib yurgan, mahalliy aholi vafot etganlarida buvini shu maqbara oldiga dafn qiladi. Farzandlari tomonidan qo‘yilgan yodgorlik toshida “Xuri Bibi Toshmuhammad qizi. 1832–1949-yy.”, deb yozilgan. Agar undagi sanalar to‘g‘ri bo‘lsa, buvimiz 117 yil umr ko‘rgan ekanlar.
Ibrohim ota maqbarasi eshigi yoniga lavh osilgan, unda quyidagi ma’lumotlar bor: Ibrohim ota bir muddat Toshkentda yashagan. Kamsuqum zot bo‘lib, giyohlar bilan ozuqlanib kam ovqat yer ekan. Qur’onning “Ixlos” surasini sevib o‘qigan. Qizilni yaxshi ko‘rgan, bu rangni yaratganga chin muhabbat ramzi sanagan.
Ibrohim ota maqbarasi. Toshkent.
Ibrohim ota Qur’oni karim va payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) hadislari bitilgan kitoblarni tuyada Toshkentga olib keladi. Diniy va dunyoviy ilimlar, xususan, kimyo va tabobat ilmini puxta egallagan. Samoviy ilmlardan ham xabardor bo‘lgan. Uning oq tuyasi bo‘lib, unga minib boror manzilni aytgan va tuya o‘zi o‘sha yerga olib borib qo‘yarkan. Ibrohim ota chillaxonasidan Qorasaroygacha yer osti yo‘li qurdirgan bo‘lib, bu yo‘llar Xastimomgacha borgan ekan. Yer osti yo‘lini nima sababdan qurdirgani jumboqli, balki tashqi xavf tug‘ilganda, biron dushman bostirib kelganda himoyalanish uchundir. Zero, bu zotning Toshkentga kelishidan ham asosiy maqsad aholiga islom ahkomlarini yetkazish va ularning tinchligini ta’minlashdan iborat bo‘lgan.
Ibrohim ota tabobat bilan shug‘ullanib, og‘ir kasalliklarni ham davolagan. O‘z davrining Luqmoni hakimi deya atalgan. Erta bahordan kech kuzgacha dorivor giyohlarni yig‘ib, dori tayyorlab bemorlarga tarqatgan.
Shuning uchun ham keyinchalik bosh og‘rigi (migren), oyoq tomirlarida xastaligi borlar (vorikoz), shuningdek, ishi yurishmaganlar, farzand talabidagilar avliyoning maqbarasini ziyorat qilib Ollohda shifo va kushoyish so‘ragan.
Toshkentdagi qabr xususida aytsak, rivoyatlarga ko‘ra Ibrohim otaning shogirdlari Shosh (Toshkent)ga kelgach ustozlari ruhiga hurmat yuzasidan Sayramdagi qabridan tuproq olib kelib, ramziy qabr qilgan ekan.
“Ramziy qabr” arabcha “ramz, belgi, ishora” so‘zidan olingan bo‘lib, o‘zbek tili etimologik lug‘atiga ko‘ra, “ishora qilib turuvchi” ma’nosini bildiradi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston hududida bir qancha aziz avliyolar, tabarruk zotlarning ramziy qabrlari mavjud. Jumladan, Qarshi shahrida islom dinini birinchilardan bo‘lib qabul qilgan, payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning eng buyuk sahobalaridan bo‘lgan Abu Ubayda ibn Jarrohning ramziy maqbarasi bor. Amir Temur 1401-yilda Shomni egallaganda bu zotning asl qabridan tuproq keltirib Qarshida ramziy qabr qildirgan.
Ibrohim ota ramziy qabri. Toshkent.
Azaldan xalqimiz tomonidan tabarruk zotlar, aziz-avliyolar e’zozlanib, ularga chuqur ehtirom ko‘rsatib kelingan. Yurtimiz hududida yashagan, islom olamida shayx, xo‘ja, sayyid maqomi bilan avliyo darajasiga ko‘tarilgan zotlar qabrlari muqaddas ziyoratgoh sanaladi. O‘zbekistonda islom dini ulamolari va sahobalar nomi bilan bog‘liq ramziy qabrlar ko‘p bo‘lib, diniy-ma’rifiy qadriyatlarimizning bir bo‘lagi sifatida ular ham jamiyatimizda tarbiyaviy-axloqiy madaniyatni rivojlanishda o‘rinli.
Murod ZIKRULLAYEV,
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat
muzeyi direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari
Adabiyot
Adabiyot
Tarix
Til
Adabiyot
Vatandosh
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q