Toj ortidagi tafakkur: Turon davlatchiligida ayollar fenomeni


Saqlash
13:07 / 16.04.2026 114 0

Davlatchilik tarixi, maʼrifat va arxitektura haqida gap ketganda, koʻpchilikning tasavvurida erkak hukmdorlar, janglar, saltanatlar gavdalanadi. Ayollar esa odatda “haram doirasi”da tasvirlanadi. Ammo XV-XVI asr tarixchisi Xondamir oʻzining mashhur asari “Maosir al-muluk” (“Hamasr podshohlarning munosib ishlari”)da bu stereotipni butkul inkor etadi. Uning talqinida Turon ayollari – davlat boshqaruvida qatnashgan, bunyodkorlik qilgan, ilm-fan homiysi boʻlgan va hatto siyosiy inqiroz davrlarida saltanatni saqlab qolgan kuchli shaxslardir. Avvalo, fikrlar tasdigʻini dalillash Toʻmarisdan (Tomir xotun) boshlanadi. Dunyo tarixida eng mashhur ayol sarkardalardan biri sifatida tanilgan Toʻmaris – miloddan avvalgi VI asrda yashagan, massagetlar qabilasiga hukmronlik qilgan ayol hukmdor edi. Koʻchmanchi jamiyatlarda markazlashgan boshqaruv juda kamyob hodisa hisoblangan oʻsha davrlarda Toʻmaris qabilalar ittifoqini birlashtirib, mustahkam siyosiy qarorlar qabul qila olgan. Bu davr qadimgi turkiy va sak-massaget davlatchiligining shakllanish jarayonida muhim bosqich hisoblanadi. Toʻmaris janglarda oʻziga xos strategik fikrlashi, ochiq jang taktikasi, sabr va puxta oʻylangan harbiy reja asosida gʻalaba qozongan. Uning siyosiy qatʼiyati Kir II ning nikoh orqali bosib olish rejasini tushunib, rad etganligida yaqqol namoyon boʻladi. Toʻmaris bugungi kunda ramziy kuch, milliy mustaqillik timsoli, ayollar liderligi ramzi, oʻzbek davlatchiligi tarixiy identitetining bir qismi hamdir.

 

Qutlugʻ Turkon Xotun (taxminan 1150-1220-yillar) Xorazmshohlar sulolasida ayollarning siyosiy rolini yuqori darajaga koʻtargan malika hisoblanadi. U qipchoq turk qabilasining xoni Qodirxonning qizi, Muhammad Xorazmshohning onasi edi. Uning ismidagi “Qutlugʻ” (baxtli) va “Turkon” (turk malikasi) soʻzlari kelib chiqishi turkiyligini hamda yuqori mavqeyini aks ettiradi. Malika Xorazm imperiyasining ichki siyosati va kengayishi (tashqi siyosati)da faol ishtirok etgan, qabilasini imperiya armiyasining asosiy kuchiga aylantirgan, qarindosh-urugʻlarini yuqori mansablarga tayinlagan. Shuningdek, Turkon Xotun oʻzi uchun maxsus tilla muhr yasattirgan va imperiya hujjatlarini tasdiqlagan – bu oʻrta asrlarda ayollar uchun noyob huquq sanalardi. Malika ijtimoiy hayotda ham faol boʻlib, Kirmonda madrasa, masjid va xonaqohlarni taʼmirlatib, yer-mulklarni vaqf qilib beradi. Chunki oʻrta asrlarda vaqf tizimi iqtisodiy barqarorlik va ijtimoiy himoya mexanizmi edi.

 

Turkon Xotun tarixda mehribon ona sifatida emas, balki qatʼiy siyosatchi sifatida tanilgan. Hatto oʻgʻli Muhammadga qarshi chiqib, uning valiahdligini oʻzgartirishga va imperiyani qoʻlda tutib turishga intilgan. Buni uning saroy ichidagi darajasi va ambitsiyalarini koʻrsatuvchi hol, deb bilishimiz mumkin. Va aytish mumkinki, Turkon Xotun Xorazmshohlar sulolasining choʻqqisi va qulashi davrida markaziy shaxs boʻlgan. Uning faoliyati shuni koʻrsatadiki, Turon ayollari davlatning ijtimoiy-moliyaviy siyosatini ham boshqargan.

 

Suyurgʻatmishning singlisi Safavatuddin Podshoh Xotun hokimiyatni qoʻlga olgandan keyingi keskin qarorlari va qatʼiyligi bilan ajralib turgan. Ammo Xondamir uni faqat hukmdor sifatida emas, balki nafis tabiatli, sheʼriyatga oshno ayol sifatida ham tasvirlaydi. Bu yerda bir fenomen yuzaga chiqadiki, Turon ayollari bir vaqtning oʻzida ham siyosiy strateg, ham ijodkor boʻla olgan.

 

Davlatchilikda genealogiya va muqaddaslik ramzi boʻlgan Alanquva haqidagi rivoyat tarixiy xotira va siyosiy legitimlikning muhim qismi hisoblanadi. Nur orqali homilador boʻlish uning pokizaligi va ilohiy tanlanganini ifodalaydi. Rivoyatga koʻra, Alanquvaning avlodidan Buzunjarxon, undan esa toʻqqizinchi avlodda Chingizxon, oʻn toʻrtinchi avlodda esa Amir Temur yetishib chiqqan. Bu rivoyat genealogik asos yaratadi. Yaʼni ayol siymosi butun saltanatlarning siyosiy legitimligi markazida turadi. Alanquva shaxsiy poklik timsoli boʻlish bilan birga, tarixiy davomiylik ramzi hamdir.

 

Sohibqiron davridagi ayollar bunyodkorligini Xondamir alohida taʼkidlaydi. Ayniqsa, Saroymulkxonim davlat ishlarida maslahatlari bilan ishtirok etgan, saltanat boshqaruvidagi muammolarni hal etishda faol boʻlgan. U Amir Temur bilan birga harbiy yurishlarga chiqqan kamsonli malikalardan biri hisoblanadi. U 1394-yilda Armaniston va Kavkazga boʻlgan janglarda Temurning boshqa ayollari bilan birgalikda ishtirok etgan, 1398-yili Hindiston yurishida Kobulgacha hamroh boʻlib borgan va keyin Samarqandga qaytgan. Bibixonim Temurning ishonchli maslahatchisi boʻlib, saltanatda regentlik qilgan “Buyuk xonim” unvoniga ega boʻlgan. Saroymulkxonim hatto xorijiy elchilarni (masalan, 1402-yili Ispaniya elchisi Rui Gonsales de Klavixoni) kutib olgan va ziyofatlar uyushtirgan. Bibixonim diplomatiyada temuriy saltanatining nufuzini oshirishda ham muhim rol oʻynagan –malika chingiziylar naslidan boʻlib, sulolaga qonuniy huquq maqomini bergan.

 

Temuriylar davrida ayollarning siyosat va ijtimoiy hayotdagi oʻrni chindan ham yuqori boʻlgan. Masalan, Amir Temurning suyukli ayoli Tuman Ogʻo begim tomonidan madrasa va rabot qurdirilishi sulola davrida ayollarning iqtisodiy mustaqil boʻlganini koʻrsatadi. Shuningdek, bu oddiy homiylik emas, balki oʻsha vaqtdagi ijtimoiy infratuzilma yaratish jarayonidagi ishtirok degani ham edi.

 

Shohrux Mirzoning rafiqasi Gavharshod begim ham ilm-fan homiysi sifatida mashhur boʻlgan. Yuqori did, ziyolilik, tadbirkorlik, mehribonlik, qatʼiylik, isteʼdodlilik (shoira boʻlgan) malikaning alohida ajralib turuvchi jihatlari edi. T.Fayziyev asarida keltirilishicha, u “bilqisi uzmo” (bilimi cheksiz) va “yuqori maqomli” deb ulugʻlangan.

Temuriy renessansida madaniyat va sanʼatni rivojlantirishda faol ishtirok etgan Gavharshodbegim shoirlar, rassomlar va faylasuflarni saroyga jalb qilgan. Shuningdek, uning arxitektura va shaharsozlikdagi isteʼdodi noyob – Hirot va Mashhadda yirik qurilish loyihalarini shaxsan boshqargan, usta Qavomiddin Sheroziy kabi katta meʼmorlar bilan birga ishlagan edi. Shohrux Mirzoning yonida saltanat va devon ishlarini boshqargan, siyosiy qarorlarda aralashgan, vorislik masalalarida taʼsir koʻrsata olgan.

 

Oʻrta asrlarda faqatgina erkak hukmdorlar Masjidi Jomeʼ (juma masjidlari)ni qurdirish huquqiga ega edi, ammo Gavharshodbegim Hirot va Mashhadda ikkita yirik juma masjidini aynan ayollar uchun bunyod ettirgan. Keyinchalik ular nafaqat ibodat maskani, balki nufuzli siyosiy va diniy markazlarga aylangan. Xondamir Gavharshodbegimni “oqila va tadbirli” sifatlari bilan tilga oladi.

 

Yana bir ilm-fan jonkuyari boʻlgan ayol – Mulki Oroyim Ogʻo qurdirgan “Dor ul-hadis” va “Dor ush-shifo” madrasalarini oʻrta asr ijtimoiy hayotining namunasi, deyish mumkin. “Dor ush-shifo” tibbiy muassasa boʻlib, xalqqa bepul xizmat qilish uchun barpo etilgan. Bu fakt Turon ayollarining sogʻliqni saqlash tizimiga ham alohida eʼtibor qaratganini koʻrsatadi.

 

Toʻti Ogʻo tomonidan Sherozda qurdirilgan yuksak ustunli madrasani Xondamir Kayvon (Zuhal) sayyorasiga qiyoslaydi – bu oʻsha vaqtdagi balandlik va buyuklik ramzi edi. Ushbu qurilish zamirida ham Turon ayollariga xos boʻlgan bunyodkorlik anʼanasi yotadi.

 

Shu tariqa Xondamirning “Maosir al-muluk” asarida Turon ayollari uch yoʻnalishda namoyon boʻladi:

 

Siyosiy strategik ayollar– hokimiyatni boshqargan va nizolarni bartaraf etgan;

Moliyaviy homiy ayollar – vaqf tizimi orqali barqarorlik yaratgan;

Maʼrifatparvar bunyodkor ayollar – madrasa, masjid, rabot, shifo maskanlarini qurdirganlar.

 

Bu dalillar oʻrta asr Turon jamiyatida ayollar faqat ramziy qiyofa emas, balki davlatning asosiy ustunlaridan biri boʻlganini koʻrsatadi. Turon ayollarining tarixiy tajribasi bugungi kunda gender tenglik modeli, xayriya va homiylik anʼanasining ildizi, liderlik tamoyillari sifatida namoyon boʻlishi bilan ham ahamiyatli. Shu maʼnoda Turon ayollari shunchaki oʻtmish siymolari emas, balki davlatchilik, maʼrifat va adolatning tarixiy modelidir.

 

Gulizor SHODMONOVA,

Fanlar Akademiyasi Tarix instituti tayanch doktoranti

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:

Gʻiyosiddin Xondamir. “Maosir al-muluk”, Tehron, 1993.

Azamat Ziyo. “Oʻzbek ayollari tarix sahnasida”, Toshkent, “Fan”, 2002.

Fayziyev T. “Temuriy malikalar”. – Toshkent: “Fan”, 1995.

Ahmedov B. “Oʻzbekiston xalqlari tarixi manbalari”. – Toshkent: “Oʻqituvchi”, 1991.

Uvatov U. “Turon zaminning buyuk ayollari”. – Toshkent: “Maʼnaviyat”, 2002.

Shodmonova G. “Tarix silsilasida gender tenglik yoxud Turon ayollarining tarixdagi ijtimoiy-siyosiy faolligi”. “Golden brain”, ISSN 2181, 72-75-betlar, 2024.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Vatandosh

15:04 / 14.04.2026 0 87
Muqaddas masofalarni saqlab

Adabiyot

11:04 / 13.04.2026 0 149
Bugungi Ovro‘pa adabiyoti qanday yozilyapti?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//