Beruniy “Tafhim” asarini bagʻishlagan Rayhona kim edi?


Saqlash
15:38 / 15.04.2026 269 0

Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad Beruniy qoldirgan ilmiy meros 152 kitob va risoladan iborat boʻlib, koʻpchilik asarlari zamonasidayoq oʻziga xos ensiklopediya hisoblangan. Ular Turonda qadim va oʻrta asrlardagi aniq va tabiiy fanlar rivoji, xususan, astronomiya, astrologiya, matematika, geometriya, kimyo, farmatsevtika, tibbiyot tarixini yoritishda muhim qomusiy manbalar sirasiga kiradi. Jumladan, "Munajjimlik sanʼati (astrologiya) negizlarini tushuntirish kitobi" – "Tafhim" uning eng yirik asarlaridan biri boʻlib, ensiklopedik xarakterga ega. 1029-yili Gʻaznada yozilgan asar bizgacha fors va arab tillarida yetib kelgan. Unda matematika, astronomiya, geografiya, tarix, xronologiyaning umumiy masalalari va ularning munajjimlik sanʼati (astrologiya)ga tatbiqi bayon qilingan. Kitob odatda “Tafhim”, “Astronomiya” va “Astrologiya” nomlari bilan atab kelinadi. Bunga sabab asarning arabcha nomi “Kitobu-t-tafhim li-avoili sinoati-t-tanjim” jumlasida “Tafhim”, “sinoati-t-tanjim” (“Astronomiya” va “Astrologiya”) soʻzlarining borligi. “Sinoati-t-tanjim” iborasi Yevropa tillariga “Astronomiya” yoki “Astrologiya” deb tarjima qilinadi. Lekin sharqda Beruniyning bu asari “Tafhim” nomi bilan mashhur. 

 

Mazkur asar xorazmlik Hasan ismli kishining qizi Rayhonaga atab yozilgan. Afsuski, Rayhona toʻgʻrisida koʻp maʼlumotga ega emasmiz. U haqida Beruniy asariga yozgan soʻzboshisida quyidagicha maʼlumot beradi:

 

"Shuning uchun men bu eslatma (kitobni) bu (sanʼatning) tolibasi xorazmlik Rayhona Hasan qizi uchun savol va javob tarzida tuzdim, chunki bu (usul) yaxshi va tasavvur qilish uchun osondir. Men handasadan boshladim, soʻngra hisob va sonlarga (oʻtdim), keyin olam tuzilishiga, soʻng yulduzlardan hukm (chiqarishga) oʻtdim, chunki (har qanday) inson ham ana shu toʻrt fanni oʻzlashtirganidagina munajjim ismiga loyiqdir".

 

Bu soʻzlarida olimning metodologik prinsipi va pedagogik qarashlari aniq seziladi. Beruniy astronomiya ilmini eng sodda usullarda tushuntirish bilan oʻz oldiga aniq pedagogik maqsad qoʻyganini koʻrish mumkin. "Tafhim" aynan shu jihati bilan Beruniyning boshqa asarlaridan ajralib turadi. 

 

Kitobdagi har bir bob avvalida bayon qilinadigan fanning asosiy tushunchalari keltiriladi, beriladigan material mantiqiy bogʻliqlikda bayon qilinadi. Har bir boʻlim yoki bob oʻzidan oldingi va keyingisi bilan uzviy bogʻlanadi. Bunda yonma-yon kelgan boblar uchun umumiy boʻlgan biror masala yoritiladi. Beruniyning taʼriflarni bunday tartibda joylashtirishiga chuqur ilmiy-mantiqiy va pedagogik maqsad sabab boʻlgan. Unga koʻra, yoʻnalish eng sodda abstraksiyadan murakkabga qarab boʻlishi kerak edi.

 

 “Kitobu-t-tаfhim” аsаridа keltirilgan dunyo xaritasi

 

Asar 530 ta savol va javobdan iborat sakkiz bobni oʻz ichiga oladi. Birinchi bobda 71 ta savol-javob boʻlib, handasa-geometriya va uning asosiy tushunchalari, planimetriya, nisbatlar nazariyasi, stereometriya, sferika xususida soʻz yuritiladi. Bobda geometriyaga taʼrif berilganidan soʻng ketma-ket jism, fazo oʻlchamlari, tomonlar, sirt, chiziq va nuqta tushuntirilgan; ulardan keyin sirt va chiziqning xususiy hollari – tekislik va toʻgʻri chiziqqa oʻtilgan.

 

48 savol va javobdan iborat ikkinchi bobda arifmetika, sonlar nazariyasi, al-jabr, harfiy raqamlash masalalari boʻyicha bahs ketadi. Beruniy hisob ilmiga oid bobda nazariy va amaliy arifmetikani bayon qilgan hamda algebra va abjad hisobining boshlangʻich tushunchalarini bergan.

 

87 savol-javobli uchinchi bobda astronomiya, olam tasviri, vaqtni oʻlchash, sferik astronomiya, oy va sayyoralarning koʻrinma harakati, yulduzlar astronomiyasi, quyosh harakati nazariyasi, oy va sayyoralar harakati nazariyasi, yoritkichlarning oʻlchamlari va masofalariga oid masalalar muhokama etilgan. Astronomiya bobidagi maʼlumotlarni bevosita kundalik hayot bilan bogʻlaydi. Unda quyosh va oyning yillik, kunlik harakatlari natijasida sodir boʻladigan holat, hodisalar bayon qilingan. Bu holatlar musulmon mamlakatlarida diniy marosimlarni amalga oshirishda katta ahamiyat kasb etgan.

 

Toʻrtinchi bob 35 savol-javobdan iborat boʻlib, geografiya, yerning oʻlchamlari, yerning maʼmur qismi, matematik geografiya, gnomonika, iqlimlar, mamlakatlar va shaharlar xususida bahs yuritilgan. 26 savol-javobdan iborat 5-bobda astrologik astronomiya, matolilar va oʻtishlar, astrologik uylar, yoritkichlarning birlashishlari, astronomik tutilishlar toʻgʻrisida soʻz borgan. 57 savol-javobli keyingi bobda xronologiya, kunlar, oylar, eralar, taqvimlar, yahudiylarning mashhur kunlari, xristianlarning bayramlari, musulmonlar, forslar, rumlarning ulugʻ kunlari, sugʻdlar va xorazmliklarning mashhur kunlariga oid masalalar koʻrib chiqilgan. Yettinchi bob 23 savol-javobdan iborat boʻlib, usturlob, undan foydalanish, uning tuzilishi va geometriyaga tatbiqiga oid masalalar muhokama etilgan.

 

184 savol-javobdan iborat 8-bobda astrologiya-ahkomi nujum, burjlar, sayyoralar, astrologik uylar, qurʼalar, yulduzlar hukmi xususida bahs ketadi. Bobda Beruniy munajjimlikni oʻrgatishni emas, balki uning asl yuzini ochib tashlashni koʻzlagan. Masalan, Beruniyga koʻra, munajjimlar “Bekorchilik masalasi” nomli ishlarida mijozga kerakli hukmni aytish uchun oldindan tuzilgan savollar yordamida uning maqsadini bilib olgan va oʻz hisoblashlarini kerakli xulosaga toʻgʻrilagan. Undan tashqari, munajjimlar odatda katta hayot tajribasiga ega, oʻtkir zehnli boʻlishgan. Bu esa savol bermasdanoq kishining yuziga diqqat bilan boqib, uning fikri, niyat va orzularini bilib olish imkonini bergan. Bundan keyin soʻrovchiga mos keladigan xulosani aytish qolgan.

 

“Kitobu-t-tаfhim” аsаridа keltirilgan quyosh va oy harakati

 

Koʻrinadiki, Beruniy “Kitobu-t-tafhim”ni chuqur ilmiy-metodik uslubga koʻra yozgan va matematik jiddiylikka amal qilgan: uning biror qismi asardagi boshqa materiallardan ajralib qolmagan, yaʼni asar butunlay yagona bir tizimdan iborat.

 

Beruniyning boshqa asarlariga nisbatan “Kitobu-t-tafhim”ning qoʻlyozmalari birmuncha koʻproq saqlangan: Hozirgi kunda uning 20 ta arabcha, 22 ta forscha nusxasi borligi maʼlum. Demak, «Kitob at-tafhim» faqatgina Rayhona uchun darslik boʻlib xizmat qilmagan, undan asrlar davomida koʻplab talabalar ilm olishda foydalanishgan. Buni asarning qoʻlyozmalari Ispaniyadan Malayziyagacha boʻlgan keng hududlarda tarqalgani bilan asoslash mumkin. Shu yoʻsin birgina xorazmlik olima qiz – Rayhona sabab uzoq asrlar davomida dunyo talabalari aniq va tabiiy fanlar boʻyicha yaxshigina ilm olish baxtiga muyassar boʻlishgan.

 

Shu oʻrinda xorazmlik olima qiz Rayhonaning shaxsiy hayoti qanday boʻlgani, u toʻgʻrisida taniqli olimlar bildirgan fikrlarga ham toʻxtalib oʻtish maqsadga muvofiq. "Tafhim"ni ilk bor Londonda 1934-yili ingliz tilida nashr qilgan R.Rayt Rayhona Sulton Mahmud tomonidan Xorazmdan Gʻaznaga koʻchirilib olib ketilganlardan boʻlishi mumkinligi aytadi. Maʼlumki, Sulton Mahmud Gʻaznaviy 1017-yilda Xorazmni egallab, oʻlkadagi taniqli olimlar, siyosiy arboblar va zodagonlarni Gʻaznaga olib ketgan. Shu paytda Abu Rayhon Beruniy, uning ustozi Abu Nasr ibn Iroq va boshqa tanishlari ham Gʻaznaviylar poytaxtiga ketishga majbur boʻlishgan. Bunda Rayhonaning otasi Hasan ham Gʻaznaga kelgan boʻlishi ehtimoli yuqori. Rayhonaning xorazmlik ekani, biroq unga atalgan kitob Gʻaznada yozilgani ham bunga ishora qiladi. Ingliz olimi R.Rayt, shuningdek, Rayhona Hasanning emas, balki Xorazmshoh Maʼmun ibn Muhammadning (995 – 997) qizi, Abul-Abbos Maʼmun ibn Maʼmun ibn Muhammadning (1010 – 1017) singlisi boʻlsa kerak, degan taxminni ham ilgari suradi. Lekin bu fikrga asos boʻladigan aniq fakt shu paytgacha biz tomonimizdan topilmadi. Shu sabab Raytning bu fikri taxminligicha qolmoqda. 

 

Ammo Rayt baribir Rayhona Beruniyning Xorazmshoh Maʼmun saroyidagi doʻstlaridan birining qizi, degan toʻxtamga keladi va kelib chiqishidan qatʼiy nazar, Rayhona sharq ayollari orasida ilmiy bilimga zoʻr ishtiyoqi hamda unga atab bir kitob yozilgani bilan ajralib turishini taʼkidlaydi. Shuningdek, "Tafhim"ning xorazmlik Hasan qizi Rayhonaga atab yozilgani Beruniyning Xorazmshoh Maʼmun saroyi va Xorazmning yirik zodagonlari bilan yaqin boʻlganini ham isbotlaydi. Har holda uning otasi Hasan Xorazmning yirik zodagonlaridan boʻlgani ehtimolga yaqin. Hasanning Maʼmun ibn Maʼmun saroyiga yaqinligi va gʻaznaviylar yetakchisi bilan yurtini tark etganini taniqli olim I. Yu. Krachkovskiy ham oʻz paytida taxmin qilgan.

 

Beruniy astrologiyaga nisbatan «Geodeziya»da ham, "Qonuni Masʼudiy"da ham, «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar»da ham tanqidiy qarashini ochiq aytgan. U astrologiyani "ahkomi nujum", yaʼni "yulduzlardan hukm chiqarish" deb atagan. Alloma haqiqiy ratsionalist olim sifatida fanni qoralagan boʻlishiga qaramay, homiylari talabi bilan bu ishga qoʻl urgan. Aftidan, Rayhona Xorazmning hukmron doiralariga mansub boʻlgan va keyinchalik Gʻaznaga koʻchirilib olib ketilgan yirik zodagonning qizi ekani toʻgʻrisidagi fikr ancha ishonchliroq koʻrinadi. Shu sabab zodagonning talabiga koʻra "Tafhim"da koʻproq astrologiyaga ahamiyat berilgan. 

 

Shu oʻrinda olima qiz Rayhona toʻgʻrisida oʻtgan asrda shakllangan va hozirgacha oʻzbek jamoatchiligida davom etib kelayotgan ayrim qarashlarga ham toʻxtalib oʻtish lozim. Ayrimlar Beruniyning Abu Rayhon laqabidan kelib chiqib, Rayhonani uning farzandi deb hisoblashadi. “Abu Rayhon” arab tilidan Rayhonning otasi maʼnosini anglatishish toʻgʻri, biroq Rayhonani bu bilan bogʻlash asossiz. Dastlab, Beruniy bu laqabni nega olganiga toʻxtalib oʻtaylik. Birinchi taxminga koʻra, uning Rayhon (yoki Rayhona) ismli farzandi boʻlgan, shu sabab alloma mazkur laqab bilan tanilgan. Biroq, Beruniyning bunday farzandi borligi toʻgʻrisida birorta manbada shu paytgacha maʼlumot topilmagan. Yaʼni bu fikr asossiz.

 

Ikkinchi qarash – “Abu Rayhon” arab tilida “rayhonli kishi” maʼnosini ham bildiradi. Bu yerda rayhon deganda faqat bir oʻsimlik turini emas, umumiy tushunish kerak. Yaʼni “Abu Rayhon” oʻsimliklarga qiziquvchi, ularni sevuvchi, ular bilan koʻp shugʻullanuvchi kishi maʼnolarini ham anglatadi. Beruniy yoshligidan oʻsimliklarga qiziqqani, yonidan doim turli giyohlar topilgani sabab shunday laqablangan va bu ancha asosli. Demak, alloma ismidagi qoʻshimchaning Rayhona ismli olima qiz bilan bogʻliqligi yoʻq.

 

Uchinchi qarash boʻyicha olsak, arab tilida “rayhon” soʻzi rahm, shafqat, mehr maʼnolarini ham anglatadi. Beruniy muloyim, mehribon, rahmdil kishi boʻlgani uchun Abu Rayhon (yaʼni rahmdil kishi) laqabini olgan va bu ham asosli, deyish mumkin.

 

SSSR adabiyoti va kinematografiyasida Rayhona obraziga sovet mafkurasi nuqtai nazaridan qaralgan. Masalan, Beruniy haqda olingan filmda u choʻri qiyofasida tasvirlangan boʻlsa, Odil Yoqubovning asarida nasroniy qiz sifatida koʻrsatilgan. Va har ikki asarda ham asli oʻzbek olimasi boʻlgan qizni miskin, begona qiyofada tasvirlash orqali haqiqatga teskari borib, rayhon taqdiri tuzumga xizmat qildirilgan. Xayriyatki, hozirgi oʻzbek adabiyotida Rayhonaga toʻgʻri, tarixiy va manbaviy tomondan asosli qarashlar asta-sekin shakllanib boryapti. Xususan, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sultonning “Abu Rayhon Beruniy” nomli tarixiy-biografik romanida Rayhona allomaning xorazmlik doʻsti Hasanning qizi ekani, Beruniy uning iltimosi bilan asar yozgani aytiladi. Shuningdek, romanda Beruniy va Rayhona oʻrtasida hech qanaqa sevgi, oʻldim-kuydim sahnalari ham yoʻq. Shu jihatdan mazkur roman Rayhonaga turli gʻoyalardan holi, tarixiy jihatdan toʻgʻri va asosli yondashilgan ilk asar sanaladi.

 

Oʻrta asrlarda Turon hududida hukmron doiralar hamda zodagon tabaqa oʻrtasida geometriya, matematika, geografiya, xronologiya, ayniqsa, astronomiya, munajjimlik sanʼati (astrologiya)ga qiziqish kuchli boʻlgan. Abu Rayhon Beruniy “Tafhim”ining yozilishi ham oʻzbek xalqining turli qatlamlari, xususan, hukmron va zodagonlarning tarix, aniq va tabiiy fanlarga boʻlgan qiziqishlari, farzand tarbiyasi, ayniqsa, qizlar taʼlimiga boʻlgan eʼtibori qanchalar kuchli boʻlganini isbotlaydi.

 

Islom BOʻRIYEV

Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti kichik ilmiy xodimi

 

Foydalanilgan manbalar va adabiyotlar roʻyxati

Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad. Munajjimlik sanʼati (astrologiya) negizlarini tushuntirish kitobi (Tafhim). Soʻz boshi, tarjimon, izohlar va koʻrsatgichlar muallifi Ashraf Ahmedov. – Toshkent-Urganch-Xiva, 2006.

Abul-Rayhan al-Biruni, The Book of instruction in the elements of the astrology, ed. and transl. By R. Wright, London, 1934.

Abu Rayhon Beruniy. Kitobu-t-tafhim li-avoili sinoʻati-t-tanjim. Qoʻlyozma. London. Britaniya kutubxonasi. Sharq qoʻlyozmalari. Or. №8349.

Abu Rayhon Beruniy. Kitobu-t-tafhim li-avoili sinoʻati-t-tanjim. Tehron. 1317 – 1316 hijriy.

Abu Rayhon Beruniy. Kitobu-t-tafhim li-avoili sinoʻati-t-tanjim. Qoʻlyozma. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik Instituti qoʻlyozmalar fondi. Asosiy fond qoʻlyozma asarlari. №3423.

Abu Rayhon Beruniy. Kitobu-t-tafhim li-avoili sinoʻati-t-tanjim. Qoʻlyozma. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik Instituti qoʻlyozmalar fondi. Fotokopiyalar fondi. №142.Abu Rayhoni Beruny. Kitob-ut-tafhim li-avoili sinoʼat-it-tanjim. Dushanbe: Nashriyoti “Donish”, 1973.

Abu Rayhon Beruniy. Tanlangan asarlar. I jild. Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar (Tarjimon A. Rasulov, izohlar muallifi I. Abdullayev va A. Rasulov). Toshkent: “Fan” nashriyoti, 1968.

Abu Rayhon Beruniy. Tanlangan asarlar. III jild. Turar joylar (orasidagi) masofalarni aniqlash uchun manzillarning chegaralarini belgilash (Geodeziya). Muqaddima, tarjima va izohlar muallifi Ashraf Ahmedov. Toshkent: “Fan” nashriyoti, 1982.

Oʻzbekiston Milliy Ensiklopediyasi. I jild. Toshkent: “Oʻzbekiston Milliy Ensiklopediyasi”, 2000.

I. Krachkovskiy. Arabskaya geograficheskaya literatura. Izbrannыye sochineniya. Tom IV. Moskva-Leningrad, 1957.

Odil Yoqubov. Koʻxna dunyo (roman). Toshkent. 2015.

Isajon Sulton. Abu Rayhon Beruniy (tarixiy-biografik roman). Toshkent. 2023.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:04 / 17.04.2026 0 321
Najmiddin Turon ijodida davr ruhi tahlili

Vatandosh

15:04 / 14.04.2026 0 136
Muqaddas masofalarni saqlab





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//