Bugungi kundagi eng mukammal, so‘nggi rusumdagi aerobusdan ko‘ra tarkibi va tuzilishiga ko‘ra oddiy asalari murakkabroq ekan. Zamonaviy ilm-fan buni isbotladi.
* * *
Quyoshdan bir sekundda ajraladigan energiyaning 2 milliarddan bir qismi bizga yetib keladi. Shugina nur ham hayotimiz uchun kifoyadir. Quyoshdan ajraluvchi nurning qolgan qismini o‘rtadagi 150 million kilometrlik masofadagi yetti qavat parda (oxirgisi Ozon qatlami) o‘zida tutib qoladi. Ikki yuz million yilda o‘z makonini bir bora aylanib chiquvchi bu nur manbasi yerga va boshqa yondosh sayyoralarga o‘z yog‘dusini ayamay sochaveradi. Milliard yillardan buyon bu yorug‘lik va tiriklik tevasi horimay yo‘l tortadi. Yer bag‘rida fasllar almashinadi. Nihol ulg‘ayadi. Maysa ko‘kka talpinadi. Odam bolalarining ulug‘ tarbiyachilaridan biri ham shu bobo quyoshdir. Odam tanasidagi ko‘plab xastaliklarni odamning o‘ziga sezdirmay quyosh davolab beradi. Quyosh haqida xayol qilsangiz, adog‘iga yetolmaysiz. Ammo bir-ikkita jo‘ngina savol paydo bo‘ladi. Quyosh o‘zi nima, qanday jism? U o‘z bag‘ridagi otashni qayerdan oladi?
Buyuk tabiat quyosh bag‘riga shunday bir muhabbat otashini jo aylaganki, undagi olov abadiydir. Quyoshda qachonlardir shunday bir muntazam takrorlanuvchi jarayon harakatga keltirilgan: bitta protonga ega bo‘lgan vodorod (H2) atomi gazidan geliy (2He) atomi hosil bo‘ladi. So‘ngra hosil bo‘lgan geliy parchalanib vodorodni hosil qiladi. Bu yerda ikkita – bir-biriga teskari bo‘lgan, ammo biri ikkinchisining bardavom bo‘lishiga xalal bermaydigan reaksiya amalga oshadi. Va har ikkisida ham aql bovar qilmas darajada katta energiya ajralib chiqadi.
4H + a (alfa zarracha) = 4He + Q (Q – harorat belgisi).
Bu reaksiyalar nihoyatda sodda, ammo odatdagi laboratoriyada amalga oshirib bo‘lmaydigan juda qiyin jarayonlar bo‘lib, yadroviy radioaktiv reaksiyalar hisoblanadi va bunga quyosh orbitasigina dosh bera oladi. Yonmoq – quyoshga taqdir! Quyoshning energiya manbasi shu. Odamlar quyosh ma’budiga sig‘inib yurganida bu dalillar bo‘lmagan.
* * *
Yo‘qolgan narsa, albatta, topiladi. Qo‘ldan ketgan narsa qaytib keladi. Topgan narsang bir kun kelib, albatta, yo‘qoladi. “Omad bergan narsa bizniki emas!” deydi Seneka. U – omadning o‘ziniki. Xullas, hech bir narsa yo‘qolmaydi. Faqat ikki tushuncha bundan mustasno. Bular Vaqt va qilingan Mehnat. Vaqt qaytmasdir. Mehnat esa o‘zgalar udda qilolmagan narsani senikiga aylantirishdek mo‘jizakor kuchga ega. Bu tushunchalarni kimyo fani shunday izohlaydi: Reaksiya uchun sarf bo‘layotgan moddalarning massasi hosil bo‘layotgan moddalar massasiga teng. Bu buyuk muvozanat olamlarni ushlab turadi. Yerdan ko‘tariladigan milliardlab tonna chang-g‘ubor, yerga ko‘kdan tushayotganiga oxirgi paysasigacha tengdir. Shu boisdan yer o‘zining mangu yo‘lidan og‘ishmaydi.
* * *
Zarautsoy – Surxondaryoning shimoli-g‘arbidagi Ko‘hitang tizmasida joylashgan, tarix bilan tillashgan qadim manzil. U yerda dunyodagi eng ko‘hna g‘or suratlari omon saqlangan. Zarautsoy qoya suratlari yoshiga ko‘ra, Ispaniyaning Altamir tog‘idagi qoya suratlaridan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Hanuz qad kerib turgan bu qoyalar ko‘ksida qariyb qirq ming yillik tarix muhrlangan. Bu yerdagi qoyalarning birida shunday surat bor: bir kishi g‘or devoriga nimaningdir suratini chizayapti, qo‘lida qizg‘ish tosh – chizg‘ich, devor ro‘parasida esa tosh kursilarda uch-to‘rt kishi uni tinglayapti, ov sirlarinimi, nimanidir o‘rganayapti. Suratda atrofi o‘rab olinayotgan yovvoyi shoxdor buqalar galasi. O‘tirganlarning nigohi surat chizayotgan, ya’ni o‘rgatayotgan kishida. O‘rtada – olov!
Bu manzara odamzodning nafaqat ijtimoiy, balki madaniy qatlami hamdir. Negaki, bu manzilda mustaqillik yillarida atoqli pedagog Bekmurod Qodirov tashabbusi bilan bir necha marotaba xalqaro pedagogik konferensiya o‘tkazilgan edi. Bu bejiz emas, albatta.
Endi ko‘z oldingizga odmigina bugungi kun sinfxonasini keltiring. O‘qituvchi va o‘quvchilar holatini tasavvur eting. O‘qituvchi doska oldida tik turgan holida misol-masalalarni yozib, o‘quvchilarga tushuntirayapti. O‘quvchilar kursida ustoz o‘rgatayotgan narsalarni yozib olayapti, o‘rganayapti. Yoqangizni ushlaysiz! Oradan o‘n minglab yillar o‘tibdi-yu, ushbu manzara o‘zgarmabdi. Faqat turmush tarzi, joyi biroz sayqallanibdi. Go‘yo orada shuncha katta vaqt masofasi yo‘qdek.
“Dunyoda faqatgina qilinishi lozim bo‘lgan kasblargina qolsa, million-million kishilar ochlikdan o‘lib ketgan bo‘lar edi”. Bu fikr olmon faylasufi Georg Lixtenbergga tegishli. Sershovqin shaharlarning ko‘chalarini kezayotgan odam juda ko‘plab “lozim bo‘lmagan” yangi “kasb”larning xizmatidan foydalanishi mumkin. Botinka tozalovchi, botinka tozalovchiga kerak bo‘lgan ashyolarni tayyorlovchi, uning band qilgan o‘rnini ta’minlovchi, tirnoq bo‘yovchi, soch yig‘uvchi, shahar aylantiruvchi, tilmoch; mashina tozalovchi, mashina tozalovchiga zarur ashyolarni yetkazib beruvchi, u matohlarni ishlab chiqaruvchi, sotuvchi, bularni hisob-kitob qiluvchi yoki oddiygina turpdan tayyorlanadigan gazak-salatga necha kishining qo‘li tekkanini bilasizmi? Buni rosa hisoblab chiqishibdi: oltmish kishining! Islomiy aqidaga bu ma’lumot judayam mos. Rizqimiz oltmish qo‘ldan o‘tib keladi, deyiladi manbalarda... Sanab tugatib bo‘lmaydi.
Lekin kishilar shu kabi “kasb” egalarisiz ham ko‘p asrlar yashab kelgan. Bugun esa shu kabi xizmatlar amalga oshmasa nimadir kemtikday.
* * *
Stol chetida turgan sham va gugurt qutisini ko‘rgan bolakay ham ulardan qanday foydalanish lozimligini biladi. Gugurtni yoqib pilikka tutadi va atrof yorishadi. Toki chaqmoqtosh paydo bo‘lmagunicha olovga qo‘lini tekkizsa kuyishini sezgan ilk odamlar uni o‘chirmay asrlarni o‘tkazganligi bilan bu bolakayning ishi yo‘q.
Shu bola quyoshning yer atrofida emas, yerning quyosh atrofida aylanishini, galaktikadagi yagona suvi bor sayyora Yer ekanini qo‘lidagi besh barmog‘iday bilar, ehtimol. Chunki bu dalillar har qanday tabiatshunoslik darsligida bir-ikkita jumla bilan ifodalangan. Ammo polyak astronomi Nikolay Kopernik bu dalil uchun jonini tikkanini, uni isbotlasa-da, tan olinmaganini bilmasligi mumkin.
Bu bola pishqirib oqayotgan daryoning xavfli ekanini biladi, ammo suv ma’budi haqidagi cho‘pchaklarni tinglashga hafsala qilmaydi. Bular shunchaki cho‘pchak emas, balki qachonlardir odamlar tirik vujud deya topingan suv ne’mati ekanini uning shuuri hazm qilolmaydi. Bu bola suvning zichligi odam tanasi zichligidan kichikligini nazariy biladi. Lekin bu ilmiy birliklarning har birini topishga kimningdir aziz umri xarj bo‘lganini anglamas.
Bola chiroqni pult bilan yoqadi. Simdagi elektr manbasiga shamol, quyosh, harakatdagi suv doya ekanini ham biladi u. Ammo bu muvaffaqiyatlar qanday qo‘lga kiritilgani bilan qiziqmaydi.
Bu bola daraxt bargidagi yashillik ildizdan ko‘tarilib borayotgan suv va bargda to‘plangan zaharli gaz – karbonat angidridning birikishidan hosil bo‘luvchi glyukoza ekanini ko‘p ham ilg‘amas, ammo daraxtning qanday mavjudot ekanini, uning nima uchun zarurligini biladi.
* * *
Olovga qo‘lini tekkizsa kuyishini, yerning quyosh tegrasida aylanishini, daryoning g‘arq qilishini, qorong‘udan hayiqishni, kunduzdan rizq umid qilishni ming yillar burun o‘rgangan odamlar olov yoqishdan to omochda yer haydashni o‘rgangunicha rosa o‘n ming yillik vaqt yo‘lini bosib o‘tgan. Vaqt va hayotiy ehtiyoj zanjiri odamlarni muvaffaqiyatga yetaklagan. Ammo ularni bunga mudom undaguvchi kuch nima bo‘lgan? Biror-bir ulgusiz ham yashayverish mumkinmikan?
* * *
Qarshimda, o‘qituvchi stoli ortida allanechuk tortinib, tabiatan kamsuqum bir muallim o‘tiribdi. Men esa o‘quvchilar kursisida. Zamonaviy o‘quv ashyolari bilan jihozlangan kimyo kabineti. Xonada ikkimizdan boshqa hech kim yo‘q, o‘quvchilar tanaffusda. Kimyoviy unsurlarning hidi biroz urib qolgan bu xonani tark etganimga ancha yillar bo‘lgan. Men u paytda o‘quvchi edim. Muallim ham ancha yosh edi. Hozir ham qarimagan, ammo sochlarida qorasidan oqi ko‘proq. Ajin chalgan chehrasida pedagogga xos biroz istehzoli, tanish, qadrdon tabassum. O‘quvchining kursisida shunday xususiyat bormi, harqalay, biroz dovdirab qoldim. Domlaning susti bosgandir yoki... qolaversa, sobiq muallimim.
Boysun tumanidagi 28-maktabning kimyo fani muallimi, “Shuhrat” medali sohibi, xalq ta’limi a’lochisi Ashur Hakimovning bu ilm o‘chog‘iga ishga kelganiga chorak asrdan ziyodroq vaqt o‘tdi. U bugun o‘zi o‘qitgan o‘quvchilarining farzandlariga dars o‘tayapti.
1989-yili O‘zbekiston Milliy universitetining kimyo yo‘nalishini tamomlagan Ashur aka ta’lim tizimida ish boshlaganida Mendeleyev davriy jadvalida 103 ta kimyoviy element bor edi. Hozir ularning soni 118 taga yetdi. 15 ta yangi kimyoviy unsur kashf etildi. Bu orada Ashur Hakimovning o‘quvchilari respublika va xalqaro olimpiadalarda g‘olib bo‘lishdi. Imtiyoz bilan tibbiyot akademiyasi, kimyo texnologiya, kimyogarlar oliygohlarida ta’lim olishdi. Ularning ayrimlari muallim, ko‘pchiligi shifokor, yurtimizdagi ko‘plab zavod va ishlab chiqarish korxonalarining yetakchi mutaxassislari sifatida faoliyat yuritayotir.
Ashur aka Hakimov tog‘li Boysunning Pulhokim qishlog‘ida chorvador cho‘pon xonadonida tug‘ilib voyaga yetdi. Bolalik paytlari ancha kitobxon edi. Maktabdan bo‘shadi deguncha chorvador otaga ergashib, qo‘y ortidan Qo‘shbuloq, Boboqozoq qirlariga yo‘l oluvchi bolakayning hamrohi kitoblar edi. Nafaqat maktab dasturiga oid kitoblar, balki adabiy asarlar ham bola qalbi uchun olamga daricha edi. Belboqqa tugilgan kitob oddiy vaqt o‘tkazish vositasi emas, chinakam yo‘ldosh edi. Keyin qir-adirlar bag‘rida, qarshingda bir otar qo‘y yayrab yurgani holida, xayolning bir bandini biror asar qahramoni band etib turishida o‘zgacha bir romantika ham borki, buni boshdan kechirmagan kishi his qilishi qiyin. U kitoblar olis shahar-u diyorlardan, o‘zgacha odamlar olamidan hikoya qilib, jajji yuraklarga ko‘rinmas qanot bag‘ishlab turadi. Ashur aka ana shunday muhitda voyaga yetdi. Keyin maktabdagi kimyo o‘qituvchisi, benazir ustoz Safar Rahmonov o‘quvchida katta taassurot qoldirgan.
Pulhokim qishlog‘i haqida kimki eshitgan bo‘lsa, qishloqni shifokorlar, aniqrog‘i, kimyogarlar qishlog‘i deb ta’riflaydilar. Bu e’tirof o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan. Maktabda uzoq yillar kimyo fanidan saboq bergan Safar Rahmonovning nomi butun respublikadagi sohaga oid dargohlarda ma’lum edi. Safar Rahmonovning ko‘plab shogirdlari tibbiyot sohasida, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Jizzax davlat pedagogika instituti, Termiz davlat universiteti va boshqa ko‘plab nufuzli dargohlarda bugun ham faoliyat yuritmoqda. Ha, Safar Rahmonovning kimyo yo‘nalishida o‘qigan butun bir avlodda ustozlik o‘rni bor. Muallim ko‘p, ustoz esa juda noyob bo‘ladi.
Xuddi shu ustozdan ilmlarning benihoya mo‘jizakori bo‘lgan kimyoni puxta o‘rgangan Ashur aka universitetni tugatgach, maktabga, ustoz qadami tekkan qadrdon go‘shaga qaytib keldi. Bunga ham yigirma yetti yil vaqt o‘tibdi. Qishloqda shunday gap bor: odamlar Ashur Hakimga qarab soatini to‘g‘irlab olishadi. U hanuz bitta maktabda, bitta fandan saboq beradi. Tuman, viloyat, hatto respublika olimpiada komissiyalari vakillari ham gap kimyo faniga kelganda, “Pulhokim maktabi bor hali, xulosaga shoshmaylik” degan ko‘nikmaga kelib qolishgan.
Tarnovdan tushadigan bahor yomg‘iriga umid bog‘lagan, bitta molini bozorga chiqarib sotsa, bir necha muddat ko‘ngli xufton bo‘lib yuradigan, asriy toshlarni yorib o‘sgan archadan tabiiy instinkt bilan ulgu oluvchi boysunliklar hayotida ilmning o‘rni bo‘lakcha. Qolaversa, kamtarin turmush tarziga, ayni paytda beqiyos g‘urur va oriyatga tayangan bu odamlarning bor bisoti farzandlar kamoli bilan uzviydir. Farzand kamolini muayyan hayotiy muqim xulosalarga kelib bo‘lgan ota-onalar va chinakam ustozlar ta’minlaydi. Agarda farzand shu ustozga yetisha olsa.
Mustaqillikning ilk yillari ayrim o‘qituvchilar maktablardan ketib qoldilar. Bu holatga sabab ham bordek edi, go‘yo. Maosh haminqadar, oila-ro‘zg‘or tashvishlari bu fidoyi kishilarni biroz gangitib qo‘ygandek edi. Bu holat Pulhokimda ham ozmi-ko‘pmi o‘z izini qoldirdi. Kimdir savdoga qo‘l urdi, yana birovlar pastga – obikor tumanlarga ko‘chib ketishdi. Ammo botinida ustoz bo‘lish mashaqqatiga chidam, ekkan nihollarining hosilini ko‘rishdek totli zavqdan umid hissi begona bo‘lmagan kishilar uchun maktab o‘z muqaddasligini yo‘qotgani yo‘q. Aslida, ustoz so‘zining mohiyatida komillik jam bo‘lar, ehtimol. Modomiki shunday ekan, komillikning ilk sharti qanoat bo‘ladi. Bu iboralar bilan egiz bo‘lgan tag‘in shunday jumlalar bor: “Tomchi toshni teshadi!”, “Bilim qalb taomidir!”, “Bilish zavqi kimgaki esh bo‘lsa, u – biladi. Amaliyot esa boshqa masala”. Ushbu so‘zlar bir-birini boyitgani holda chinakam o‘qituvchining hayotini, qalbini betimsol mazmun bilan to‘ldiradi. Bu mazmundan topiladigan halovatni o‘qituvchi zoti boshqa hech qayerdan topolmaydi.
– Bizlar ham bir diplomi bor, ko‘p qatori o‘qituvchi bo‘ldik-da, – deb gap boshladi Ashur aka, – bu maktabda kimlar ishlamadi. Qanday zotlar bu yerga kelib ketmadi. Safar Rahmonov, Xonim Toshboyev, Malla Norqobilov, Tursoat Xoliyorov... Ular ustozlar edi. Ularning ro‘parasidan kelib qolsang, beixtiyor qayerda turganingni, kimligingni yodga olarding. Bu bir anchayin qo‘rquv emas, biz ulardan qo‘rqmasdik, ichki bir izzat-hurmat bilan hayiqib, odob saqlardik. Axir, ularning hech qaysisi bizga tarbiyaviy soat o‘tgani yo‘q. Biri kimyodan, biri fizika-matematika, yana biri biologiyadan, boshqasi bo‘lsa informatikadan saboq berishgan. Ustozlarning xulq-atvorida chinakam pedagoglik bor edi. Ular tarbiyachi edi. Katta-katta kurashlarda to‘polon bo‘lib ketgan paytda, bakovul eplolmaydigan vaziyatlarni oddiy maktab direktori tinchitib yuborganini ko‘rganmiz. Endi o‘ylasam, maktab direktori, maktab o‘qituvchisi degani oddiy odam emas, oddiy odam bo‘lmasligi kerak ekan-da. Men o‘zim ham o‘n yildan oshiqroq vaqt shu maktabda rahbarlik qildim, o‘sha vaqtda ham darsga, ayniqsa, individual saboqqa fursat ajratdim. Ozmi-ko‘pmi tajribadan xulosa shunday bo‘ldi: o‘quvchining ruhiyatidagi ilmga bo‘lgan katta intilishni tarbiyalash uchun ilmning o‘zi juda kamlik qilar ekan. Buning uchun o‘quvchi bilan ustoz o‘rtasidagi hech narsa (moddiy manfaatlar, tanish-bilishlar) raxna sololmaydigan muqaddas masofani saqlay bilish kerak bo‘larkan. Ba’zan rus yoki yevropa asarlarida, filmlarida o‘quvchi va o‘qituvchi munosabatlarini ko‘rib hayron bo‘laman. Qanchalar erkin, bemalol! Hayotning turli jihatlari haqida suhbatlashishaveradi. Deylik, biror kafega muallim kirsa, u yerda o‘quvchisini ko‘rib qoladi-yu, ikkalasi bemalol chaqchaqlashaveradi. Ammo bu omillarni bizning sharqona tarbiyamizga targ‘ib etib bo‘larmikan? Menimcha, buning iloji yo‘q. Bu “erkinlik” ancha qaltis. Chunki odam har yili bir yangi qatlam hosil qiladigan daraxtday gap. Nihol bilan chinorning fiziologik farqi, hayotdan zavq qilish tarzida tafovutlar bor. Buni inkor etmaslik shart. Tabiatimizdan, atrofimizni o‘rab turgan tabiat qonunlaridan uzoqlashmaslik kerak. Osmonda quyosh bitta, lekin ramziy ma’noda Ma’naviyat degan quyosh ham bor bo‘lishi kerak. Bu oftob odamlarning ichidan, yuragidan balqib chiqadi. Bu quyoshning chiqish va botish joyining o‘zgarishi o‘qituvchiga, oddiy maktab o‘qituvchisiga bog‘liq.
Otam rahmatli cho‘pon edi. Bir gapni ko‘p aytardi: “Ulim, o‘qi, odam bo‘l! Ilmli odam hech qachon xor bo‘lmaydi. Amal likillagan rizq, olimlik bilqillagan rizq”. Bu gapdagi “likillagan”, “bilqillagan” degan so‘zlarni sizlar yaxshi tushunasizlar.
Kimyoda bir ma’lumot bor: uran degan radioaktiv elementni bilasiz, eshitgansiz, albatta. Ana shu elementning bir kilogrammi 100 million yilda 15 grammini yo‘qotadi. O‘n besh gramm uran boshqa narsaga aylanib ketadi. Bir kilogramm uran parchalanib ketishi uchun olti yuz oltmish olti million yildan ko‘proq vaqt kerak. Qanchalik sabrli-ya, tabiat! Ana shu nodir metall ham odamdan, uning aziz umridan aziz emas-ku! To‘g‘rimi? Shunday bo‘lgach, odamiylik degan juda katta, Olloh nasib etgan sirli qatlam – ma’naviyatga putur yetmasligi kerak-da?! Bu qatlam ruhiyatimizdan ketsa, bizning dashtda o‘tlab yurgan jonivordan farqimiz qoladimi? Biz o‘qituvchi bo‘lsak, o‘quvchi ongiga shu narsani singdira olishimiz kerak. Elni e’tiqod suyaydi...
Domla so‘zlashdan to‘xtadi. Bu vaqtda men kimyo xonasida ekanimni endi unutib qo‘ygandek bir holatdaman. Oradagi jimlik judayam ovozga to‘la bo‘ladi.
Odam tiynatida ham jug‘rofiy jihatga mos lalmi va obi hududlar bor. Odamning obikor va lalmi maydonlari bor. Ana uning lalmisini obod qilishdek vazifalar mavjud. Bu ishni chinakam ustoz ado etadi. Ashur aka uchun, maktabning kimyo fani o‘qituvchisi uchun bu jumlalar biroz g‘alat eshitilar, biroq u bu tushunchalarning mohiyatini qalban his etadi, amalda ko‘ra biladi. Muallim, ayniqsa, qishloq muallimi uchun qiyin bir jihat bor. U hamisha, hamma joyda namuna bo‘lmog‘i kerak. O‘z o‘quvchilariga-ku, butunlay, o‘zidan yoshi ulug‘lar uchun ham u “domla, ustoz” degan maqomda, yozilmagan qonunga ko‘ra, ichki bir hurmati bo‘ladi. Bu nufuzni oqlamoq esa ko‘p mushkul. Qishloqda bir-biriga begona, qarindosh bo‘lmagan odamning o‘zi yo‘q. To‘y bor, ma’raka bor. Elchilik. El bilan yelkadosh bo‘lish, uning yaxshi-yomon kunida birga turishning teran bir shartlari bor. Bu shartlarni bajarish boshqa kasb egasidan ko‘ra ham muallimga qiyinroq kechadi. Chapani, bir qop yong‘oqday guldiragan odamlarning og‘zidan goh nasihat, goh hazil tarzida chiqib ketadigan so‘zlarning hech birini muallim aytolmaydi. Bitilmagan qonun amalda: muallim namuna bo‘lishi kerak! Atrofida hech bo‘lmaganda, ikki-uchta o‘quvchisi bor-da...
* * *
Ashur Hakimov pedagogik faoliyati davomida ko‘plab yigit-qizlarga ustozlik qildi. Uning o‘quvchilari viloyat, respublika, xalqaro Mendeleyev olimpiadalarida bir necha bor oltin medallar olib qaytdilar. Qishloqqa yo‘li tushganida maktab ostonasidan kirib keluvchi har bir sobiq o‘quvchi, albatta, domlaning ikki og‘iz suhbatini tinglashga intiladi. Domla esa odatiga ko‘ra, darsda yoki kimyo to‘garagida mashg‘ulotda bo‘ladi. U kishining kichik o‘g‘li domlaning sohasini tanladi – Termiz davlat universitetida talaba. Kattasi... kattasining ham o‘ziga yarasha tashvishlari bor. Oilaning kundalik muammolari domlaga ham begona emas. Bu yumushlardan tashqari yomon o‘zlashtirayotgan qay bir o‘quvchisini o‘ylashga vaqt topish ham uning gardanida.
Butun koinotni muqim qonun asosida tutib turadigan kuchlar haqida biroz ilmiyroq tilda mulohaza yuritdik. Bularning barchasi kimyoviy jarayonlarga bog‘liq ekanini angladik, menimcha.
Biz bir kimyogar muallimning hayot yo‘liga nigoh tashladik. Bu yo‘l esa kimyo bilan, kimyoviy va odamiy jarayonlar bilan uzviy ekaniga amin bo‘ldik. Bilim qalb taomidir, degan so‘zga duch keldik. Qalbi to‘q odamning naqadar davlatmand ekaniga guvoh bo‘ldik. Bir paytlar cho‘pon bobo aytgan “Olimlik bilqillagan – ketmas davlat” ekaniga ishondik.
Bilish zavqi azaldan qiziquvchan bo‘lgan odamzodni tinch qo‘ymagan. Aksincha, hayotdan ma’no ketgan bo‘lur edi.
Odam bolalari ana shunday da’vo bilan dunyoning avvalida yo‘lga tushishgan. Juda ko‘p narsani o‘z foydasiga ilmiy jihatdan hal etishgan ham. Ammo taraqqiyotning qadam olishiga boqib turib shunday o‘y xayolga keladi: kun kelib bugungi erishgan yutuqlarimiz ham oddiy, ibtidoiy turmush tarzi bo‘lib qolishi mumkin. Shu o‘rinda taraqqiyotning, ilm yutuqlarining tarbiya bilan egizak bo‘lishi naqadar muhim ekanini anglaysiz. Globallashgan davr farzandlarining hayoti naqadar murakkabligiga amin bo‘lasiz. Va beixtiyor maktab o‘qituvchisining jamiyatimizda naqadar tengsiz o‘rni borligini tushunasiz.
Muallim dunyoga berilgan salomdir! Bu salomga – ezgu tilakka javobni har bir davr har xil fason va ohangda aytadi. Bu salomga olingan alik davrga, jamiyat kishilari kamoliga quyosh nuridek bevosita ta’sir etadi. Bundan ulug‘ Suqrotning bir xulosasi yodga keladi: “E’tiborsiz shogird o‘zi uchungina zarur bo‘lgan narsani yo‘qotadi. Uni jalb etolmagan ustoz esa kelajagini boy beradi!”
Bugun dunyoning ayrim burjlarida libos, mashina, samolyot, hattoki izzat-ikrom va obro‘ ham ijaraga berilayotir. Bu insonning ibtidoiy va eng yuksalgan qiyofasiga juda begona narsa. Shunday bir vaziyatda “Illatni oshkora tanqid qilish uning targ‘ibotidir”, “Ba’zilarda fikr, ba’zilarda hamfikr bor”, degan xulosalar bilan qutlug‘ masofalarni saqlab, o‘zlikni har narsadan baland qo‘yib, kasbiga sodiq bo‘lib yashayotgan Ashur Hakimovdek fidoyi ustozlarning o‘rni beqiyos ekanini teran his etasan, kishi.
* * *
Ustozning urgan joyi qiyomatda kuymasmish. Bu muborak kalimani birinchi ma’nosida qabul etmaslik zarur. Ikkinchi, ramziy ma’nosi ham yetadi. Zero, ustozdan olingan saboqning har birida ezgulikka da’vat yashaydi.
Shu va shu kabi xulosalar bilan kimyo kabinetidan tashqariladim. Doimo ustoz bo‘lib qoluvchi sobiq o‘qituvchimga ich-ichimdan tashakkur aytib, u bilan xayrlashdim. Kun peshindan ancha og‘ib qolgan, osmonda quyosh bir zaylda nur sochardi.
Shodmonqul SALOM
Ma’naviyat
Adabiyot
Adabiyot
Tarix
Vatandosh
Adabiyot
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q