AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi federal agentligi [CIA – Central intellegence agency] ochiq maʼlumotlar portalida tashkilot faoliyatiga oid quyidagi iqtibos keltirilgan: “Dunyodagi yetakchi xorijiy razvedka agentligi sifatida, Markaziy razvedka boshqarmasida bajaradigan ishimiz AQSH milliy xavfsizligi uchun juda muhimdir. Biz xorijiy razvedka maʼlumotlarini toʻplaymiz, tahlil qilamiz hamda maxfiy harakatlar olib boramiz. AQSH siyosatchilari, jumladan, Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti, biz taqdim etgan maʼlumotlar asosida siyosiy qarorlar qabul qiladilar”.
XX asrning 2-yarmida AQSH va SSSR oʻrtasidagi sovuq urush sabab ikki qutblikka daʼvo qilayotgan mamlakatlar bir-birining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, moddiy resurslari va ichki holatini oʻrganib borishi lozim edi. Oʻtgan yuz yillik davomida AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi federal agentligi (qisqartmasi: MRB) tomonidan SSSRning ichki salohiyatlari, demografiyasi, iqtisodiyoti, sanoati, tashqi aloqalari va boshqa shu kabi muhim maʼlumotlari yigʻib borilgan.
AQSH MRB federal agentligining internet bazasida toʻplangan sovet davri, shu bilan birga, Oʻzbekiston SSR tarixi bilan bogʻliq ayrim maʼlumotlar va arxiv materiallari internetda ochiq tarzda ommaga eʼlon qilingan. Bugungi kunda dunyo miqyosida bir qator olimlar, tadqiqotchilar ushbu hujjatlar asosida ilmiy ishlar va maqolalar eʼlon qilib boradi.
Sizga taqdim etilayotgan maqolada MRBning 1947-yil may holatiga koʻra, Oʻzbekiston SSRning korxona va fabrikalari, konlari va elektr stansiyalari toʻgʻrisida CIA-RDP82-00457R00060060014-7 raqamli 2006-yilning 31-yanvarida ochiq yuklashga ruxsat etilgan 6 sahifali arxiv hujjati tahlil qilindi. Hujjatda koʻrsatilgan razvedka hisoboti kim tomonidan tayyorlangani va boshqa ayrim mahfiy koʻrsatkichlar yashirilgan.
Hujjat 40 daraja shimoliy kenglik, 69 daraja sharqiy uzunlikda joylashgan Bekobod shahri iqtisodiy obyektlari, jumladan, Farhod GESi va metallurgiya zavodi taʼrifi bilan boshlangan. Unda keltirilishicha, “Bekobodda Sirdaryodan 8 km yuqori oqimda joylashgan Farhod GES majmuasini qurish 1942-yilda boshlangan. Quvvati boʻyicha SSSRda ikkinchi oʻrinda boʻlishi moʻljallangan damba 1946-yili ishga tushirilishi rejalashtirilgan. 1946-yilning 1-iyulida ikkita gidroquvurlar oʻrnatilgan va yana ikkitasi Kanadadan olib kelinishi kutilmoqda”. Hisobotda berilgan GESning joylashuvi va qurilishi haqidagi maʼlumotlar toʻgʻri, Farhod GESi uchun gidroquvurlar haqiqatda Kanadaning 1882-yilda tashkil qilingan hamda asosan sanoat mashinalari ishlab chiqaruvchi “Dominion Engenering work” firmasi tomonidan tayyorlangan. 1948-yilning 15-fevralida esa stansiyaning birinchi navbati ishga tushirilgan.
“Bekoboddan 3 km uzoqlikda joylashgan 1942-yilda qurilgan metallurgiya zavodi ham Kanadadan keltirilgan uskunalar bilan jihozlangan”. 3 ta martin pechlari va ochiq holdagi temir rudalaridan choʻyan oladigan shaxta pechlari – domna pechlari ham 1946-yilning may oyida oʻrnatilib, ishga tushirilishi natijasida 1500 kishi ishga yollangan.
Hujjatning davomida Buxoro viloyatidagi iqtisodiy inshootlarga toʻxtab oʻtiladi. Unda Xarkov traktor va velosiped zavodlari haqida soʻz yuritilgan: “Ikkinchi jahon urushi davrida Oʻzbekistonga koʻchirib keltirilgan Xarkov traktor zavodiga ukrainalik Duchenko rahbarlik qilgan. Xarkov velosiped zavodi esa urush yakunlangandan keyin paxta tozalash zavodiga aylantirilgan. Uning barcha zamonaviy uskunalari Xarkovga qaytib olib ketilgan. Eski uskunalar esa Tojikiston SSRdagi Stalinobod (Dushanbe) shahriga olib borib berilgan”.
Toshkentdan 20 mil shimoliy-sharqda joylashgan Chirchiq shahridagi Stalin kimyo kombinati hududi 6 kv kmni tashkil qilgan. Hisobotda keltirilishicha, “Zavod hududida nima tayyorlanishi va ishlab chiqarilishini bilish imkoni boʻlmagan. Zavod hududi atrofida chekish taqiqlangan va MVD (Oʻzbekiston SSR Ichki ishlar vazirligi) xodimlari tomonidan qoʻriqlangan”. Chirchiq elektrokimyo kombinatining qurilishi toʻgʻrisidagi qaror 1932-yili qabul qilinib, 1940-yilda azotli oʻgʻitlar ishlab chiqarish toʻliq ishga tushgan. Urush yillarida harbiy maqsadlarda mahsulot yetkazib bergani uchun kombinat kuchli muhofazalanadigan iqtisodiy obyekt sanalgan. Urushdan keyin boshqa turdagi elektrokimyo mahsulotlarini ham ishlab chiqargan.
Shuningdek, Fargʻona hududidagi paxta tozalash zavodi, Kirov nomli konserva zavodi, 2 000 nafardan ishchiga ega boʻlgan Kattaqoʻrgʻon hamda Buxorodan 8 mil sharqda joylashgan paxta tozalash, yogʻ ishlab chiqarish zavodlari va boshqa korxonalar haqidagi maʼlumotlar razvedkadagi hisobatda aks ettirilgan: “Kirov konserva zavodining yuk mashinasi haydovchisi soliq imtiyozi bilan oyiga 400 rubl, ish boshqaruvchi menejerlari, 2000 rublgacha maosh oladilar”. Ushbu maʼlumotlarni oʻrganishdan maqsad sanoat sohasida ishchilarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini koʻrsatish boʻlgan.
Josuslik hisobotida konchilik markazlari faoliyatiga ham alohida urgʻu berilgan: “Pomir togʻlari hududiga toʻgʻri keluvchi Fargʻonadan 40 km janubda joylashgan 600 nafar ishchisi boʻlgan Qadamjoy konidan va 70 km janubda joylashgan Haydarkondan simob qazib olingan. 1945-yili sovet geologlari Haydarkonda simobdan tashqari uran konini ham aniqlashgan. Qadamjoy va Haydarkondan (Hozirgi Qirgʻiziston Respublikasi hududiga toʻgʻri keladi) olingan simob Fargʻonadan 2 km shimolda joylashgan Margʻilon temiryoʻlidan olib ketilgan”. Hujjatda konlar haqidagi maʼlumotlar davomida Zirabuloq yaqinida joylashgan ishchilariga yuqori maosh va imtiyozlar beriladigan volfram va molibden konlari, Kosonsoydan 60 km janubda joylashgan 800 nafar kishi yollangan Pomir togʻlaridagi oltin, kumush, volfram va uran shaxtalariga toʻxtab oʻtilgan. Shuningdek, shaxtalar yaqinida joylashgan Qizilsuv daryosida rudalar XX asrning 40-yillarida ham ibtidoiy usullarda yuvib olingani aytiladi. Bunda dunyo miqyosida sanoat taraqqiy etib, har bir jabhada yangi texnologiyalar vujudga kelayotgan bir davrda sovet davlatida togʻ-kon sohasida yetarlicha islohotlar amalga oshirilmaganligi va qoloq tizim saqlanib qolgani koʻrinadi. Ushbu fikrning dalili sifatida razvedka hisobotida yana bir fakt keltiriladi: “Samarqand viloyati Xatirchi tumanidagi Langar koni juda yomon jihozlangan. Oʻrtacha har 24 soatda bir vagongina volfram va molibden yuvib olingan”.
Oʻzbekiston SSR iqtisodiy inshootlarining 1947-yil may holati aks etgan razvedka hisobotidan ishlab chiqarishning boshqa turlariga tegishli boʻlgan maʼlumotlar ham oʻrin olgan: 500 ishchiga ega boʻlgan Samarqand yaqinidagi “Krasniy dvigatel” zavodi, urush davrida ipakdan parashyut yetkazib bergan, har oyda 240 ming metr ipak mahsulotlarini ishlab chiqargan Margʻilon ipak fabrikasi, 700 ishchiga ega Namangan konserva zavodi, 1943-yil qurilishi boshlangan, ammo 1946-yilda ham yakunlanmagan harbiy xomashyo tayyorlovchi Fargʻonadagi Skobelev zavodi shular jumlasidan.
Hisobotni shakllantirishda Toshkent viloyatida joylashgan harbiy-iqtisodiy obyektlarga alohida eʼtibor qaratilgan. Masalan, tank va traktor qismlarini ishlab chiqaruvchi 50-60 ming ishchiga ega 5-sonli, ikki dvigatelli yuk tashuvchi va yoʻlovchi samolyotlarini ishlab chiqaruvchi 5 ming ishchiga ega 84-sonli, kichik turdagi qurol ishlab chiqaruvchi 179-sonli, qishloq xoʻjaligi texnikasini ishlab chiqaruvchi Voroshilov nomidagi 702-sonli, urush davrida Rostovdan koʻchirilib, turi aniqlanmagan portlovchi minalar, urushdan keyin kombaynlar ishlab chiqargan “Rosselmash” nomidagi 708-709-sonli zavodlar, urush davrida (turi nomaʼlum) bombalar ishlab chiqaruvchi 724-sonli, qamrovi jihatida eng katta – 18 ta qismga ajratilgan, harbiy qurollar, mina va bombalar, qishloq xoʻjaligi mashinalari va kombaynlar ishlab chiqargan “Oqsoy” nomidagi 735-sonli, 3-4 ming kishilik ishchilarga ega boʻlgan urush yillarida portlovchi minalar, urushdan keyin qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqarishga moʻljallangan, ammo hisobot davrida faoliyati sustlashgan 783-sonli zavod; “Kaganovich” lokomotiv va vagon taʼmirlash zavodi, savdo maktabi, poligrafiya kombinati; xomashyosi Andijon va Leninsk (Asaka) tumanlaridan temiryoʻlda olib kelinadigan “Vanovskaya” kerosinni qayta ishlash zavodi; paxta yogʻi va sovun ishlab chiqaruvchi Yangiyoʻl zavodi haqida keltirilgan maʼlumotlar oʻrin olgan.
AQSH MRB federal agentligining internet sahifasida 2017-yildan boshlab 1940-1990-yillarga tegishli boʻlgan 12 mln sahifadan iborat 1 mlnga yaqin arxiv hujjatlari ochiq bazaga foydalanish uchun joylashtirilgan. Ushbu maqolada esa Markaziy razvedka boshqarmasining Oʻzbekiston SSR iqtisodiy obyektlariga tegishli birgina hujjat haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, biz ochiq internet bazasidagi OʻzSSRning iqtisodiy tarixiga oid, paxtachilik va irrigatsiya tizimlari, harbiy, qishloq xoʻjaligi sanoatiga tegishli 2 mingdan ortiq hujjatlar Oʻzbekiston sovet davri tarixini oʻrganishda zarur manba boʻlib xizmat qiladi.
Mavluda RAHMONOVA,
Oʻzbekiston FA Tarix instituti kichik ilmiy xodimi
Adabiyot
Vatandosh
Adabiyot
Tarix
Tarix
Falsafa
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q