Ikki tomonlama bosim, ziyolilar qalam to‘xtatishi, arznomalar – “Oyina”ning sinishi


Saqlash
15:00 / 20.01.2022 1956 0

Mahmudxoja Behbudiy 1913-yil 20-avgustda tashkil qilgan “Oyina” jurnaliga muharrirning eng qizg‘in ijod pallasi aks etib turgan ko‘zgu sifatida qarashimiz mumkin. Turkiy va forsiy o‘rta shevada chiqqan ilk jurnal “Oyina” xalq orasida ancha mashhur bo‘lgan (Qosimov B. Maslakdoshlar. – Toshkent: Sharq, 1994. – B. 14). Birgina Turkistonda emas, “dunyo musulmonlari orasida yaxshigina shuhrat va e’tibor” (Hoji Muin. Tanlangan asarlar. – Toshkent: Ma’naviyat, 2010. – B. 31) qozongan “Oyina” millat uchun “yasalgan” edi: “...majalla bizniki emas, millatnikidur”, deb ta’kidlagan Behbudiyning o‘zi (Mahmudxo‘ja Behbudiy. Tanlangan asarlar. – Toshkent: Ma’naviyat, 2006. – B. 155). Haqiqatan ham, “Turkistonga xizmati buyuk” deb e’tirof etilgan “Oyina” bu yo‘lda og‘ishmay ijod qildi, “o‘lka xalqlarining fikriy uyg‘onishiga katta hissa qo‘shdi” (Do‘stqorayev B. O‘zbekiston jurnalistikasi tarixi. – Toshkent: O‘zbekiston, 2009. – B. 191).   

 

Jurnal sahifalarini tadqiq etish jarayonida uning birinchi yilidagi sonlarida turli mavzudagi maqolalarga keng o‘rin berilgan bo‘lsa, ikkinchi yilga kelganda esa “Oyina”ning tanqid kuchi bir oz susaygan, she’riy parchalar miqdori ortib ketganligini kuzatish mumkin. Xususan, o‘quvchilardan biri yuborgan maktubda bu hol shunday ta’rif etilgan: “Oyina” bultur mushtariylarg‘a ko‘zingni och, deb qichqirar edi. Bu yil esa xonandalarni beshikda tanbur aytib uxlatmoqdadurki, ilgarigi maslakida davom etsun” (Xonandalar maktubidan // Oyina. 1915. №8. – B. 203). Agarda jurnal mundarijasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, unda turli xorijiy va doxiliy xabarlar, ilmiy maqolalar, go‘zal she’r va nasriy asarlar, hajviy parchalar – xullas, mushtariyni jalb qila oladigan rang-baranglikni ko‘ramiz. Biroq katta rejalar bilan ish boshlagan jurnal mushtariylar tomonidan yetarlicha qo‘llab-quvvatlanmadi. Uning tashkil etilgandagi ehtiroslar otashi tez so‘ndi. Barcha ishlar birgina muharrir zimmasida qolib ketdi. Bu esa, o‘z navbatida, jurnal saviyasiga ta’sir etmay qolmadi.

 

Hamma masalada bo‘lganidek, “Oyina”ga nisbatan ham muxlislar nigohida ikki xil qarash bo‘lgan. Jurnal sha’niga yog‘dirilgan “tabrik yog‘murlari” (Fitrat. Himmat va saboti bo‘lmagan millatning haqqi hayoti yo‘qdir // Oyina. 1915. №7. – B. 165) bilan bir qatorda “Oyina”ning tashkil topganiga ko‘p vaqt o‘tmay e’tirozlar bitilgan xatlar ham kela boshladi. Fitratning “Himmat va saboti bo‘lmagan millatning haqqi hayoti yo‘q” nomli maqolasida yuqorida aytib o‘tilgan holat ancha batafsil tahlil etilgan. Xususan, “Butun Turkistonda bo‘lmasa ham, u katta Samarqand shahrinda shul keraklik majallani halokatdan qutqaraturgon bir necha himmat egalari yo‘qmidur, ajabo?! Qani ul tabrik yog‘murlari! Qani ul tashakkur to‘fonlari?..” (Fitrat. Himmat va saboti... // Oyina. 1915. №7. – B. 165) degan iztirob to‘la so‘zlarini keltirish mumkin. Yana bir jihatdan olib qaraganda, bu tanqidlar “Oyina”ning doim e’tiborda bo‘lganligini ham dalillaydi. Lekin bu e’tirozlarning ko‘pi bir-birini inkor qilardi.

 

Behbudiy jurnalning 15-sonida xuddi o‘shanday bir-biriga javob bo‘luvchi xatlardan bir qanchasini chop etdi. Birinchi maktub muallifi “Toshkentlik” jurnalni o‘z foydasi uchun xalqqa “xushomad” qilayotganlikda ayblaydi. Uning fikricha, “Oyina” juda bo‘sh yozadi. Yana bir maktub muallifi “Qo‘qonlik” esa o‘quvchilar ko‘ngliga qattiq tegadigan va “xalqni o‘zidan nafrat qilduradur”gan uslubda davom etsa, “Oyina” o‘z-o‘zidan “sinub” yo‘q bo‘lishini aytib, “bo‘sh” jurnalning uslubini “o‘ta qattig‘” deb baholaydi: “...alalxusus ulamo va boylarg‘a, hatto usuli jadidchilarg‘a “Oyina” so‘zlari qattig‘ tegib xalqni o‘zidan nafrat qildiradur. ...ulamo yomon degandan so‘ngra xalq “Oyina”ni o‘qumaydurgan bo‘lur. Albatta, xalqni, xususan ulamoni tanqid qilinmasun...” (Idoradan // Oyina. 1914. №15. – B. 246). Shu kabi “Oyina”ga yo‘l ko‘rsatuvchi yana bir maktubda “Oyina” doim yomon ishlarni topib yozadi, yaxshi jihatlarni ko‘rmaydi, deb tanqid qilinadi. Ya’ni, Behbudiy millat sha’niga noloyiq deb bilgan illatlarga qarshi chiqib, “Oyina” minbarida ularga munosabatini bildirib turganligi tanqid qilinmoqda. Maktub muallifi muharrirning bu ishlariga qarshi chiqadi: “...to‘y va ma’rakani kichik bo‘lsun, masorifi ozaysun, bazmlar yo‘q bo‘lsun deb yozar. Ammo bu nimarsalar avvaldan bor edi. Yana bo‘lur”.

 

Keyingi maktublarda jurnalning tili haqida gap ketadi. Samarqandlik muallif fors tilidagi maqola va she’rlar “Oyina” tilini og‘ir qilib qo‘yayotganligidan nolib, xalq anglaydigan “oson o‘zbakiy ila” yozishga chaqiradi. Yana muallif yozadi: “Bizg‘a tarix va fandan yozmay, har kim bilaturgon va qiziqaturgon xabar va g‘alati ajoyibotlardan yozing. Bu “Oyina”ngiz qiziq emas. Oshiqona g‘azallar ko‘broq yozilsa yaxshi bo‘lurdi”. E’tiroz kayfiyatidan ko‘rinib turibdiki, maktub egasi oddiy avom vakili. Navbatdagi maktub mazmuni esa yuqoridagisining aksi: “Oyina” tilini avomcha va ko‘chagi qilib yuborilibdur. Muni avom o‘qimaydur. Ahli ilm va adabiyoti jadida oshiqlari o‘qiydur”. Maktub muallifining fikricha, jurnal avom uchun emas, uni fanniy narsalardan ko‘proq yozib, ilmiyroq qilish kerak edi.

 

Maktublar ichida birgina fors tilida yozilgani ham bo‘lib, uning muallifi Munzim Buxoriy edi. Munzim forsiy tilning hozirda keng yoyilib borayotgani holda, nima sababdan “Oyina” forscha kam yozadi, deb savol qo‘yadi. Mushtariylar ra’yiga qarab aqalli jurnalning yarmini bo‘lsa ham forsiy she’r va maqolalar bilan boyitish lozimligini maqbul deb taklif kiritadi (Idoradan // Oyina. 1914. №15. – B. 246248). Behbudiyda esa forsiy va turkiyga bir til, ya’ni musulmoniy deb yondashish mavjud bo‘lgan (Baldauf Ingeborg. XX asr o‘zbek adabiyotiga chizgilar. – Toshkent: Ma’naviyat, 2001. – B. 42). Ko‘rinib turibdiki, o‘quvchilarning “Oyina”dan ko‘ngli to‘lmagan. Maqola yo‘llovchilar kam bo‘lgani sababli, ko‘proq muharrirning ijod qilishiga to‘g‘ri kelgan. Bir xil uslub ham o‘quvchilarni zeriktirishi tabiiy. Jurnalning ba’zi sonlariga nisbatan “24 sahifani hamasi Mahmudxo‘jani qalami ila to‘ladur, desak ham bo‘lur” (Mirmuhsin Shermuhammad o‘g‘li. Muharrir va matbuotimiz // Oyina. 1915. №9. – B. 215217). Sababi yuqorida aytilganidek, maqola yuboruvchilar siyraklashib qolgan edi. Behbudiy bularga javoban “Oyina” sahifalari har kimga ochiqligini ta’kidlaydi. (Idoradan // Oyina. 1914. №52. – B. 1234).

 

“Oyina” jurnali juda oz mushtariy bilan ikkinchi yilini boshlaydi. Uning zimmasiga yog‘ilayotgan talablar esa yana-da kuchayadi. Endi mushtariylar jurnalni boshqa nashrlar bilan solishtira boshladi. Buxorolik bir maktub yo‘llovchi “Oyina”ga “Sadoyi Turkiston” imlosini qabul qilish taklifi bilan chiqadi. Namanganlik muallif “Oyina”ni “Sho‘ro” va “Dirilik”dek qilib chiqarilsin, deb keskin talab qo‘yadi (Xonandalar maktubidan // Oyina. 1915. №8. – B. 201). Behbudiy Samarqanddagi matbuot ishlari mukammal emasligini, “Dirilik” va “Sho‘ro”dek chiqarmoq uchun yana 1520 yil vaqt kerakligini tushuntirishga urinadi. Mirmuhsin Shermuhamedov (1895–1929) ham o‘z maktubida jurnal mundarijasi “Sho‘ro” kabi avvalgi sahifada yozilishini so‘raydi. Hamma talablarning qondirilishi ilojsiz bo‘lgani sababli Behbudiy bularni ijrosiz qoldirgan, deb taxmin qilish mumkin.

 

Qarshi fikrlar yozilgan mavzularning biri muhoraba, jang xabarlari edi. Harbiy va siyosiy xabarlar Turkiston matbuotining eng ko‘p o‘quvchi to‘play oladigan mavzularidan biri bo‘lgan. Bunday xabarlar gazetada berish uchun qulay bo‘lib, jurnal oyda bir yoki ikki marta chiqquniga qadar bu xabarlar o‘z yangiligini yo‘qotar edi. “Oyina” jurnalida muhoraba xabarlarining berilishiga M.Shermuhamedov ko‘p e’tiroz bildirgan. Hatto ayrim shunday iltimoslar bilan xat yo‘llagan mualliflarni tanqid ostiga oladi: “Muhoraba xabarlari yoki sud-u sudya voqeotlari yozilmasa yaxshi bo‘lur, nimagaki boshqa jaridalardan bul voqealar ilgariroq eshitilur” (Xonandalar maktubidan // Oyina. 1915. №8. – B. 202). Behbudiy ham ushbu fikrlar tarafdori bo‘lgan. U muhoraba xabarlarini o‘qish uchun “Sadoyi Turkiston” va “Sadoyi Farg‘ona”ni tavsiya qiladi. Jurnal uslubini esa adabiy, ilmiy, tarixiy, fanniy maqolalardan iborat bo‘lishini lozim deb bildi (Idoradan // Oyina. 1914. №52. – B. 1234).

 

“Oyina” tashkil etilgan kunidan uning faoliyati va mazmunini boyitish to‘g‘risida turli-tuman maslahatlar jurnalning oxirgi soniga qadar yonma-yon ketdi. Ularda maqolalar hajmi ikki sahifadan oshmasligi, jurnal “qalinroq” bo‘lishi va ko‘proq chiqishini xohlovchi talablar yangray boshladi. Quruq maslahatlar ko‘p edi. Lekin jurnalning taraqqiysi uchun amaliy ish qiladiganlar yo‘q edi hisobi. Behbudiy bu istaklarni amalga oshirish uchun pul va ko‘ngillilar yo‘qligini, o‘zining “kasal nimkora” holi bilan bu ishda ojizligini ochiq-oydin yozdi (Xonandalar maktubidan // Oyina, 1915. №8. – B. 201).

 

“Oyina”ning asta-sekin darz ketayotganini so‘nggi sonlaridan ham payqash mumkin. Avval boshida Tavallodan boshlangan yuz o‘girishlar (E’tiroz // Turkiston viloyatining gazeti, 1914. №22) samarqandlik ziyolilarga ham o‘tdi. Hoji Muin, Saidahmad Vasliy Samarqandiy, Siddiqiy-Ajziylar “Oyina”dan “qalam”larini to‘xtatdi. Jurnal Behbudiyning ilmiy maqola va she’rlari jamlangan to‘plamga aylanib qolayotgan edi. Shu o‘rinda Mirmuhsin Shermuhamedovning quyidagi fikrlarini keltirish o‘rinli: “...bizda yangi bir asar ko‘runa boshlasa, 5-6 kun baqirib-chaqirib she’r va maqola yozarmiz, so‘ngra charchagan kishi bo‘lib o‘z manfaatimizga bechora millatni qurbon qilib o‘lturavoramiz. Shuning uchun bizim o‘rtamizda matbuot e’tiborsizlanub boradur” (Mirmuhsin Shermuhammad o‘g‘li. Muharrir va matbuotimiz // Oyina. 1915. №9. – B. 215–217). Ushbu “arznoma”lardan sezish mumkinki, “Oyina” haqiqatan ham xalq qalbiga umumiy yo‘l topa olmagan” (Абдирашидов З. Исмаил Гаспринский и Туркестан в начале ХХ века: связи-отношения-влияние. Ташкент: Академнашр, 2011. – Б. 319).

 

1914-yil 52-sonidan keyin “Oyina” o‘z faoliyatini to‘xtatishga qaror qildi. Biroq idoraga kelgan iltimoslar sabab 68-sonigacha davom etdi. 1915-yil 15-iyundagi 16-son (68)dan “Oyina” tugatildi. Idora buning so‘nggi sababi qilib muharrirning betobligi va tahrir etuvchi kishining yo‘qligidan deb ko‘rsatdi. Bildirishnomada “Oyina”ning 17(69)-soni chiqariladi, deyilgan bo‘lsa-da, jurnal qaytib dunyo yuzini ko‘rmadi.

 Nodira EGAMQULOVA,

 filologiya fanlari bo‘yicha

falsafa doktori (PhD)

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23620
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//