Avval hazrat Navoiyning kamondan oʻq otish fazilatiga bagʻishlangan “Risolayi tiyr andoxtan” nomli risolasidan bir parcha keltiray.
Hazrat Odam Ato alayhissalom shayton hiylasi bilan jannatdan yerga tushirilgach, Allohning amri bilan dehqonchilik qiladi – bugʻdoy ekadi. Ammo qargʻalar ekilgan bugʻdoyni kavlab, yeb qoʻya boshlagach, Xudoga munojot qiladi. Shunda Yaratgan kamon va oʻq yuboradi. Yoydan oʻq otishni farishta Jabroil (alayhissalom) Odam alayhissalomga oʻrgatadi. Odam Atoning qargʻalarga otgan birinchi oʻqi tegmaydi, farishta Jabroil alayhissalom tabassum qiladi. Ikkinchi bor otilgan oʻq nishonga tegadi, shunda Jabroil alayhissalom oʻz tabassumini qoʻyidagicha izohlaydi: “Agar ilk oʻqing nishonga tekkanida qiyomatgacha hech narsa bolalaring qoʻlidan qutilmas edi”.
Odam Ato avlodlari yelkasidan necha asrlar oʻq-yoy tushmay keldi. Iqtibosni shunday talqin qilgim keladi: Qargʻa – qora tusdagi yov, qurol himoyalanish, himoya qilish uchun inʼom etilgan tortiq...
Hikoya qahramoni ham ana shu qadimiy masʼuliyatni yelkasida koʻtarib yashagan mard yigit edi.
***
Qaysidir yili koʻhna Margʻilonga, marhum qahramon leytenant Bobur Gʻaniyev yashagan xonadonga borgan edim. Ha, oʻshanda uy darvozasida shunday yozuv bor edi: “Bu xonadonda Vatanimizning qahramon farzandi Gʻaniyev Boburjon Abdulhamidovich yashagan”.
Mavridi kelib, uning hayotidagi ayrim lahzalarga quloq tutsak. Bu voqealar rasmiy xat-hujjatlarda batafsil qayd etilgan boʻlsa-da, qahramonning onasi Munavvarxon aya tilidan eshitilgan xotiralar ularga butunlay oʻzgacha dard va maʼno bagʻishlaydi.
– ...2000-yilning avgust oyida bir guruh terrorchilar Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Uzun tumanlari togʻli hududlariga bostirib kirishdi. Tish-tirnogʻigacha qurollangan toʻdalar hech kimga shafqat qilmas edi. Vatan himoyasiga otlangan mard oʻgʻlonlarimiz qisqa vaqt ichida tartibli jangovar harakatlarni boshlab yubordilar. Ular orasida leytenant Bobur Gʻaniyev ham bor edi.
Holat: Kishtut darasi. Tun qorongʻisida hududni koʻzdan kechirayotgan leytenant Bobur Gʻaniyev boshchiligidagi yetti nafar jangchi jangarilar pistirmasiga uchradi. Dushman snayperlari leytenant Bobur Gʻaniyev va katta serjant Maʼruf Rajabovni ogʻir yaraladi. Shunda vzvod komandiri ratsiya orqali chekinishga buyruq berdi.
Izoh: ...Harbiy vertolyotlardan berilgan shiddatli zarbalar dushmanni sarosimaga solib qoʻydi. Hududni tozalash jarayonida guruh komandirining oʻrinbosari leytenant Boburjon Gʻaniyev berilgan vazifani oʻta hushyorlik bilan bajarar edi. Terrorchilar pistirmasini sezgan Boburjon tezkor qaror qabul qilib, qulay pozitsiyani egalladi va safdoshlari bilan jangga kirib, bir nechta jangarini yakson qildi.
...Tushdan soʻng harbiylarimiz Kishtut daralaridan birini oʻz nazoratiga oldi. Togʻlarda qosh qoraygan boʻlsa-da, quyuq oqshom choʻkmasidan avval darani sinchkov koʻzdan kechirish haqida buyruq olindi. Leytenant Bobur Gʻaniyev qoʻl ostidagi guruh bilan har bir qoya, oʻngirni diqqat bilan koʻzdan kechirardi.
Tun goʻyo halokatdan oldingi sukunat kabi sokin edi. Qoyalar orasiga pistirma qoʻygan dushman toʻsatdan oʻt ocha boshladi. Havoni avtomat ovozi va porox hidi tutdi. Oʻq yoʻliga gʻov boʻlgan leytenant ogʻir yarador boʻlishiga qaramay, quroldoshlari xavfsiz joyga oʻtguniga qadar bor kuchi bilan jangarilarga qarshilik koʻrsatdi.
– Boburjon oldinga olgʻa bordi. Orqada safdoshi Maʼrufjon ismli samarqandlik yigit yoʻldosh edi. Ikkisi ham son suyagidan yaralangan, ogʻriq kuchayib borardi. Boburjon komandiriga ratsiya orqali murojaat qilib, tibbiy yordam soʻrashga majbur boʻldi. Qahramon ismli feldsher voqea joyiga yetib kelib, bir ahvolda yotgan Maʼrufjonga yordam koʻrsatmoqchi boʻldi, ammo u unamadi.
– Sen avval Boburjonga yordam ber, u jangarilar bilan olishib yotibdi, men bir amallayman, – deydi.
Feldsher panalab Boburjon tomon ketdi. Uni tekisroq yerga yotqizish uchun tizza choʻkib, ozgina sudrab bordi. Muolajalarni boshlar chogʻi esa dushman snayperda uni aniq nishonga oldi. Qahramon shundoqqina yarador poyida jon berdi. Ham jismoniy, ham ruhiy zarbaga uchragan yigit oʻsha zahoti ratsiya orqali komandiri bilan bogʻlanib, axborot berdi:
– Oʻrtoq komandir, boshqa bizga yordamchi kuch yubormang, ular koʻpchilik, yigitlar behuda oʻlib ketmasin... mening ham qoʻl ostimdagi odamlarni darhol olib keting...
– Bu voqeani oʻgʻlimning guruh komandiri aytib bergan edi, – deydi-yu, aya yigʻlab yubordi. Uni oʻzimcha yupataman.
– Baraka topsin oʻsha komandiri, haliyam oʻzini aybdor sezar ekan. Ungayam oson boʻlmagan...
Komandirning aytganlari koʻz oldimdan oʻtdi:
– Oʻsha voqeadan keyin har tongda yuz-qoʻlimni yuvish uchun oyna oldiga yaqinlashar ekanman, Boburjon koʻzimga koʻrinadi. Biz oʻsha yerda turib, unga yordam berolmadik. Ichim eziladi. U tungi 2 gacha jang olib bordi. Tungi 2 gacha uning quroli “tilga kirdi”. Uning tirikligini, bor madoricha dushmanga qarshi jang qilayotganini sezib turdik. Avtomat ovozi oʻchdi, yurakka dunyoni buzgudek titroq kirdi.
***
Munavvara aya uzoq yillik pedagog. Inson qachondir bu dunyodan koʻz yumishini, omonatini egasiga topshirishini yaxshi tushunadi. U gohida oʻgʻlining togʻ-u toshda yashirinib, oʻz jonini asrab yotmaganidan gʻururga toʻladi. Bergan tarbiyasidan shodlanadi.
– Ha, terrorchilar bilan jangga bejiz uni olib borishmagan. Chunki oʻgʻlim dushmanlarni yurtimizdan haydab chiqarmaguncha tinchimasdi. Axir oʻylang, togʻlar orasi, jon saqlayman desa joy koʻp. Ammo u sakkiz joyidan oʻq yedi. Nima boʻlsa ham bolam oʻz vazifasini bajardi. Vataniga, oilasiga, oʻz nomiga xiyonat qilmadi.
Ayaning yana bir oʻgʻli ham jangchi edi:
– Oʻgʻlim Bahodirjon ham oʻsha guruhda edi. Unga yaradorlarni olib chiqish yuklatilgan edi. Uning aytishicha, uch kungacha oʻsha daraga kirib boʻlmagan. Terrorchilar qattiq turishgan. Shundan keyin oʻgʻlim ofitserlik formasini yechib, askar kiyimida avtomat bilan toqqa chiqib ketgan. U 4 ming metr balandlikdagi Kishtut archazorlari, oʻt-oʻlanlar, togʻ-toshlardan emaklab, beshta ofitserni olib chiqishni uddaladi.
Ammo u hanuz Boburjon uchun oʻzini aybdordek his qiladi. Aslida bu taqdir ekanini aytib, unga dalda beraman.
Baxt ostonasida
Munavvar aya: – Bu haqida aytmoqchi emasdim. Ammo Xudodan yashirmaganimni sizlardan berkitib nima qildim. Xullas, oila kattalarining rizoligi bilan 23 yoshli Boburjon unashtirilib, koʻngil berganiga rasm-rusumlarga koʻra “oq kiydi” qilingandi. Hatto toʻy kuni ham aniq edi...
Bilishimcha, oʻgʻlim u qiz bilan uchrashib, gaplashib yurgan emas. Oʻqish joyida avvaldan tanib-bilib yursa-da, ish boʻyicha bir-ikki “spravka” soʻragan xolos. – Oʻgʻil bola degan hech boʻlmasa qizning rasmini olib yurmaydimi, – deya dakki eshitgach, yigitchaning jurʼati yetmay, bir oʻrtogʻiga uzoqdan boʻlsa ham qizning suratini olib berishni iltimos qilgan.
Qahramon choʻntagidagi buyumlar
Uy-muzeyda hammasini oʻz koʻzlarim bilan koʻrganman. Ichimda allanechuk titroq bilan uning buyumlariga qoʻl tekkizaman. Turli chizmalar, harbiylikka oid kundalik qaydlar...
Jangdan soʻng yon choʻntagidan dadasining va oʻsha qizning surati chiqqan ekan. Ularni qoʻlga olaman, suratlarning yon-atrofini qon izlari ivitgan, ammo nedir oʻy bilan xayolchan atrofga boqayotgan koʻzoynakli qiz nigohi yaqqol koʻrinadi. Boʻynidagi jeton osilgan zanjirda ham qon izi bor. Stolda u jang qilgan qurol... yana gugurt, galstuk, poyezd biletlari va moskvalik doʻsti bergan 10 soʻm qogʻoz pul.
Bir hol dilimni battar oʻrtadi. Marhumning chap choʻntagidan chiqqan, uch-toʻrt bukilganidan unniqib ketgan qogʻozni ohista ochar ekanman, undagi xira yozuvlarga koʻz yugurtiraman.
Qogʻozchada muqaddas “Qurʼoni karim”dan “Oyatal kursi” bitilgan. “Bismillohir rohmanir rohiym...”
Xat soʻngida onaning shunday eslatmasi bor:
“Boburjon, bu oyatni yodlab olgin, mana uni beldan yuqoridagi choʻntagingda olib yur. Salom bilan ayajoning”.
“Men bunday Ona oldida taʼzim qilaman...”
– 2000-yilning sentyabri. Oliy Majlisning IX sessiyasida birinchi Prezidentimiz Islom Karimov sessiya minbaridan turib ularga yoʻllagan maktubimdan parcha oʻqib berdilar. Unda shunday yozgan edim:
– Mening bolam koʻcha-koʻyda bezorilik qilib, mushtlashib, birovning moliga tajovuz qilib oʻlgani yoʻq! Mening farzandim Vatan himoyasi uchun jon fido qildi. Men undan mingdan-ming roziman, bergan oq sutimga roziman. Yana ikki oʻgʻlim ham harbiy. Ularni ham yurtimiz tinchligini himoya qilish uchun chegaraga yuborishga tayyorman!..
Men shundoqqina ularning yonlarida edim. Prezidentning koʻzlari yoshlandi, choʻntagidan dastroʻmol olib, koʻz yoshlarini artar ekan: “Men bunday Ona oldida taʼzim qilaman”, dedilar.
Darvoqe, Boburjon yashagan xonadonda uy-muzeyi tashkil etilib, yodgorlik lavhasi oʻrnatilgan. Koʻchaga Boburjon Gʻaniyev nomi berilgan.
U Oʻzbekiston Respublikasi birinchi Prezidentining 2000-yil 25-avgustdagi Farmoniga muvofiq II darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan mukofotlangan.
Aslida qondagi botirlik uygʻonmasa, yurakda zigʻirday qoʻrquv boʻlsa ham inson oʻz hayotini saqlab qolishga taraddudlanib qoladi. Ammo ichingdagi nafrat, tugʻyon kuchaysa bormi, chin yashash lahzalari boshlanadi. Men uning qarorini shunday koʻraman:
Leytenant Gʻaniyev monologi
– Oldinga, leytenant Gʻaniyev!
Orqaga yurishga haqqing yoʻq!
Oldinga, leytenant Gʻaniyev!
Oldinda yogʻilib turar oʻq...
– Oldinga, leytenant Gʻaniyev!
Oldinga, quroldosh joʻralar!
Biz oshkor chiqamiz maydonga,
Dushmanlar panadan moʻralar...
Sudrayman oʻq yegan oyogʻim,
– Qani chiq, gazanda, bekinma!
– Tilga kir, vafodor qurolim,
– Jangga kir, yuragim, chekinma!
Jangga kir, qarshingda jangari
Dushmanni tilkala birma-bir!
Jangga kir, ajdodlar singari,
Jangga kir, jangga kir, jangga kir!!!
Ortimda xalqim bor – umidvor,
Qon boʻlgan libosim – kafanim!
Ortimda Munavvar[1] onam bor!
Ortimda – munavvar Vatanim!
Orqaga qaytmaymiz, Maʼrufjon![2]
Orqaga yoʻl yoʻqdir qaytgulik.
Tur, olgʻa boramiz, Qahramon![3]
Oldinda hayot bor mangulik.
Hech qachon unutmam, doʻstlarim,
Kishtut[4]ning bu gʻamgin tunini.
Oldinga boraman – olgani
Qahramon doʻstlarim xunini.
– Oldinga, leytenant Gʻaniyev!
Bir boshga bir oʻlim, joʻralar...
Biz oshkor chiqamiz maydonga,
Dushmanlar panadan moʻralar...
Kapitan Bobur ELMURODOV
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Tarix
Tarix
Falsafa
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q