Turon yo‘lbarslari – yo‘qotilgan milliy xazina


Saqlash
15:02 / 09.04.2026 519 0

Turon hududida qadim-qadimdan insonlar va hayvonlar birgalikda yashab kelgan. Ayniqsa, bu yerlarda yirtqich hayvonlar juda ko‘p bo‘lgan. Ularning ba’zilari faqatgina shu mintaqada uchragani uchun hattoki o‘lka nomi bilan atalgan. Shunday yirtqich hayvonlardan biri va faqatgina Turon hududigagina xos bo‘lgan va afsuski yaqin o‘tmishda yo‘qolib ketgan milliy xazina – Turon yo‘lbarslaridir. 


E’tibor bersak, yo‘lbars so‘zining kelib chiqishi borasida ham tadqiqotchilar o‘rtasida turli xil nazariyalar mavjud. Ba’zi bir olimlarning fikricha, “Yo‘lbars” so‘zi qadimgi eroniy “tigra” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, uning ma’nosi “o‘q” deganidir. 


Turon yo‘lbarsi (Panthera tigris virgata) alohida kenja turga mansub bo‘lib, uning juni yumshoq, nisbatan uzun va ochroq rangda bo‘lgan. Turkiston o‘lkasida yashagan Turon yo‘lbarsini tana uzunligi (dumidan tashqari) ikki metrdan ham oshganligi va u qonxo‘r, nihoyatda baquvvat va xavfli hayvon ekanligi to‘g‘risida manbalarda bir qator ma’lumotlar uchraydi. U haqida qadimgi yunon-rim olimlari ham bir qancha ma’lumotlar yozib qoldirishgan. Masalan, Ptolemey uni “Girkaniya sheri” deb atagan. Chunki, asrlar davomida ko‘pchilik yozuvchilar Turon yo‘lbarslarini “sher” deb atashganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. 

 

XIII asr sayyohi Marko Polo eslatmalarida Talixon hududidagi “sherlar” haqida yozadi. Ammo bu yerda ham aslida yo‘lbarslar nazarda tutilgan bo‘lishi mumkinligini olimlar ko‘p bor o‘z asarlarida ta’kidlashgan. Shundan kelib chiqib aytish mumkin-ki, miloddan avvalgi 328-yilda Samarqand yaqinidagi Aleksandr Makedonskiy tomonidan o‘ldirilgan yirik mushuksimon yirtqich ham aslida yo‘lbars bo‘lgan. Shuningdek, VII asrda sug‘d hukmdorlari tomonidan elchilik sovg‘asi sifatida uzoq Xitoyga yuborilgan hayvonlar ham, XV asrda tarixchi Hofiz Abru yozishicha, Termiz yaqinidagi Amudaryo kechuvi – Burdaguy atrofidagi katta qamishzorlar orasida yashagan “sherlar” ham aslida turkiston yo‘lbarslari bo‘lgan. 


Bundan tashqari, tarixiy davrlar davomida yo‘lbarslarning o‘zi va hattoki nomidan ham turli xil maqsadlarda foydalanilganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Masalan, o‘rta asrlarda qisman qo‘lga o‘rgatilgan yo‘lbarslardan hukmdorlar qo‘riqchi sifatida ham foydalanishgan. Hayotiga suiqasd bo‘lishidan xavfsiragan ayrim hukmdorlar yo‘lbarsni o‘z yotoqxonalari yaqiniga zanjir bilan bog‘latib qo‘yishgan. Ma’lumki, Somoniy hukmdori Nasr I (Ahmadning o‘g‘li, Ismoilning nabirasi)  kechasi yotoqxonasi oldiga zanjirband yo‘lbars bog‘latgan. Agar kimdir uxlayotgan hukmdor huzuriga kirishga urinsa, yo‘lbars uni darhol parchalab tashlashi kerak edi.


914-yil 23-yanvar kechasida Nasr Amudaryo bo‘yida ov vaqtida chodirda tunab qoladi. O‘sha kechasi xizmatkorlar unutganidanmi yoki ataylabmi, yo‘lbarsni chodir yoniga keltirmaydi. Natijada saroy gvardiyasidagi g‘ulomlar orasidan chiqqan fitnachilar hukmdorni o‘ldirishga muvaffaq bo‘lishadi. 


Ba’zi manbalarga ko‘ra, turonlik bahodirlarga jangdagi jasurligi uchun “Yo‘lbars” degan faxriy laqab berilgan. Ba’zan xonlarning farzandlariga ham shu ism qo‘yilgan-ki, bu orqali bolada kelajakda hukmdorga xos bo‘lgan shohona fazilatlar shakllansin, deb ishonch bildirishgan. 


Yozma tarixiy manbalarga ko‘ra, qadimda Turon yo‘lbarsining yashash hududi juda keng bo‘lgan. Ular asosan yashash joyi sifatida qamishzorlar va zich, o‘tib bo‘lmas to‘qaylarni yoqtirgan. Manbalarga ko‘ra, yo‘lbarslar Turonning quyidagi hududlarida yashaganligi ma’lum: Atrak, Sumbar, Tajang va Murg‘ob daryolari bo‘yida (Murg‘obda, Marvdan 3 farsax sharqda, X asrda “Shirnaxjir” – ya’ni “yo‘lbars o‘ljasi” degan qishloq ham bo‘lgan), butun Amudaryo bo‘ylab – Panj, Vaxsh, Kofirnihon hududlaridan tortib Xorazm va daryo deltasigacha, Zarafshon vodiysida, Sirdaryo bo‘ylab – Farg‘ona, Angren va Chirchiq vodiylaridan to quyi oqimigacha, Talas va Chu daryolari atrofida, Jung‘or Olatog‘ida, Balxash bo‘ylarida, Ili vodiysida – hatto Quljagacha.


Keyinchalik insonlarning katta hududlardagi yovvoyi o‘simlikzorlarni o‘zlashtirib, ekin maydonlariga aylantirishi, qamishzorlarni yoqib yuborishi, natijada yo‘lbarslarning asosiy ozuqasi bo‘lgan yovvoyi cho‘chqalar sonining oz qolishi hamda yo‘lbarslarning bevosita qirib tashlanishi bu yirtqichlarning asta-sekin kamayib borishiga olib kelgan.


Mo‘g‘ul xoni Xulaku Qoraqorumdan Kesh va Shopurg‘on orqali Xurosonga tantanali yurish qilayotib, 1265-yil 1-yanvarda Amudaryoni Kelif yaqinida maxsus qurilgan ponton ko‘prik orqali kesib o‘tadi. Ertasi kuni u hordiq chiqarish uchun daryoning chap sohili bo‘ylab sayrga chiqadi. To‘satdan qalin to‘qay va qamishzor ichidan yo‘lbarslar paydo bo‘ladi. Xulaku ularni o‘rab olib, ov qilishni buyuradi. Otlar yo‘lbarslardan qo‘rqib ketgani sababli, ovchilar tuyalarga minib olishadi. Natijada bir kunlik ov davomida o‘n dona yo‘lbars o‘ldiriladi. Bu raqam XIII asr o‘rtalarida, mo‘g‘ullar istilosidan keyingi davrda Amudaryo bo‘yida yo‘lbarslar ancha ko‘payganini ko‘rsatadi. 


XVIII asr oxiri – XIX asr boshlarida Turon yo‘lbarslarini yo‘q qilish muhim vazifaga aylana boshlaydi, biroq bu ish unchalik muvaffaqiyatli kechmagan. Aynan shu davrda Turkistonda rus bosqini ketayotgani tufayli, ruslar ham endi Turon yo‘lbarslarini o‘ldirishni boshlaydilar. Chunki, ularning harbiy qal’alari atrofida bu turdagi hayvonlar juda ko‘p uchrar edi. 




Bu davrga kelib ularni ovlashni turli xil yo‘llari qo‘llaniladi. Masalan, yakka tartibda yo‘lbarslarga qarshi kurashda ovchilar shunday yo‘l olib borgan: odatda yo‘lbarsni o‘ldirib, bir martada yeb tugatmagan hayvon jasadi yotgan joyga tuzoqlar, o‘q-dorisi tayyor miltiqlar, hatto egiluvchan uzun tayoqlarga mahkamlangan pichoqlar o‘rnatilgan. Yo‘lbars yo‘liga tortilgan ipni bosib yuborsa, miltiq o‘z-o‘zidan otilgan. Yoki maxsus mexanizmni qo‘zg‘atib yuborsa, egiluvchan tayoq tezda tiklanib, unga o‘rnatilgan bir yoki ikki pichoq hayvonga sanchilgan. Biroq ayrim ovchilar yo‘lbars bilan yuzma-yuz chiqishga ham jur’at etgan. Yirtqichni ko‘rib qolgan ovchiga sekin, ammo qat’iy ohangda shunday deyish tavsiya qilingan: “Shir-padsha! Mard, mard”, ya’ni: “Yo‘lbars podshoh! Bu – odam, odam”. Natijada xalq orasida, ayniqsa, yo‘lbarsga ataylab yakka o‘zi chiqadigan ovchilar katta shuhrat qozongan. Masalan, XIX asrda Farg‘onada bir o‘zbek bahodiri yashagan bo‘lib, u Baliqchi yoki Mingbuloq atrofida yo‘lbarsni nayza bilan o‘ldirganligi to‘grisida qarashlar mavjud. 


XIX asrda Rossiya Turkistonni bosib olgach, yo‘lbarslarga qarshi kurash ancha kuchayadi. Shunga qaramay, 1860–1880-yillarda ayrim hududlarda yo‘lbarslar hali ham yaxshi qurollanmagan mahalliy aholi uchun jiddiy xavf tug‘dirardi. Rus ma’muriyati rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 1882–1883-yillar qishida Chirchiq vodiysida, Sa’dirkul degan joydagi qamishzor orqali o‘tuvchi yo‘lda joylashib olgan bir juft yo‘lbars qo‘shni ovullar va bozorlarga qatnab yurgan 20 nafar kishini o‘ldirgan. Bu hujumlar faqat bahor kelgach to‘xtagan. Natijada, yirtqichlar va yovvoyi cho‘chqalarni yo‘q qilish uchun harbiy qismlar tarkibida maxsus ov otryadlari tuzilgan. Ular itlar yordamida hayvonlarni quvib, miltiqlar bilan otib tashlashgan. Shuningdek, xususiy tashabbuslar ham rag‘batlantirilgan. Yo‘lbars o‘ldirgan har qanday ovchiga 25 rubl mukofot berilgan. Keyingi har bir o‘ldirilgan yo‘lbars uchun mukofot 5 rublga oshirib borilgan.


Turkistonga ko‘chirib keltirilgan yosh Ural kazaklari orasida jasoratini ko‘rsatmoqchi bo‘lganlar ham topilgan. Ular uzun dastali bolta va pichoq bilan yo‘lbarsga yakka o‘zi qarshi chiqqan. XIX asr o‘rtalarida “Sirdaryo chizig‘i” deb atalgan harbiy hududda yo‘lbars ovchilari orasida Orenburg kazak qo‘shinining oddiy askari Mantiq (Mantyk) juda mashhur bo‘lgan. U 1858-yilda Fort Perovskiy (Qo‘qon xonligiga tegishli Oqmachit qal’asi, hozirgi Qizilo‘rda) yaqinida o‘zining navbatdagi – o‘n uchinchi yo‘lbarsini ovlash paytida yirtqich tomonidan tilka-pora qilingan.


Bundan tashqari, XIX asr oxirida Toshkentda nafaqaga chiqqan askar Gamov mashhur bo‘lgan. U kichik bo‘yli, ozg‘in bo‘lishiga qaramasdan, bir necha o‘nlab yo‘lbarslarni o‘ldirgan va hattoki bir marotaba yaralangan yirtqichning qo‘llari orasida qolib, uning dahshatli quchog‘ida yarador bo‘lishiga qaramasdan yo‘lbarsni o‘ldirishga erishadi.


Ammo, XX asrda Turon yo‘lbarslarining soni keskin kamayib ketadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Sirdaryo viloyatida 1910–1915-yillarda sakkiz yo‘lbars o‘ldirilgan. Bu davrda Turon yo‘lbarslari asosan, Amudaryoning yuqori oqimlari, Panj va Vaxsh daryolari bo‘yidagina qoladi. Boshqa hududlarda, masalan, Ohangaron vodiysida oxirgi yo‘lbars 1920-yillarda o‘ldirilib, uning o‘qlar bilan to‘ldirilgan terisi uzoq yillar Toshkentdagi Ovchilar uyushmasida noyob eksponant sifatida saqlangan. Chirchiq vodiysida esa 1920-yillarning o‘rtalarida bir juft yo‘lbars mavjudligi haqida ma’lumotlar mavjud,  xolos. 


Umumiy jihatdan aytganda Turkiston hududidagi Turon yo‘lbarslari milliy xazina bo‘lib, insonning tabiatni o‘zlashtirishga nisbatan keskin harakatlari tufayli bu tur yer yuzidan yo‘qolib ketdi. 

 

 

Shohruz SHARIPOV, 

Toshkent xalqaro moliyaviy  boshqaruv va 
texnologiyalar universiteti dotsenti, 
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//