Inson qo‘rquvlaridan qanday xalos bo‘ladi? Seneka maktublari sharhi


Saqlash
16:27 / 08.04.2026 11 0

Seneka Lutsiliyga salom yoʻllaydi!

Boshlagan ishingni qatʼiyat bilan davom ettir va qalbing kamoloti hamda xotirjamligidan uzoqroq bahramand boʻlish uchun qodir boʻlganingcha ildam boʻl. Qalb yuksalishi va osoyishtalikka intilishning oʻzida ham lazzat bor; biroq nuqsonlardan xoli va begʻubor ruhni mushohada qilganda mutlaqo boshqacha huzur tuyasan.

 

Sen haqli ravishda esga olganing, preteksta (voyaga yetguncha kiyiladigan oliy nasablar kiyimi)ni yechib, erkaklar togasi (voyaga yetgandan keyin kiyiladigan oliy nasablar kiyimi)ni kiyib, forumga olib chiqilganingda qanday quvonchga toʻlgansan? Bolalik feʼl-atvoringdan xalos boʻlib, falsafa seni erkaklar safiga qoʻshganda, undan-da kattaroq quvonch seni kutmoqda. Zero, hozirgacha bizda bolalik bosqichi emas, balki undan-da xavfliroq boʻlgan bolasifatlik saqlanib qolmoqda. Bundan-da yomoni shuki, bizni moʻysafidlar deb hurmat qilishsa-da, ichimizda nafaqat bolachalarning, hatto goʻdaklarning qusurlari yashaydi. Zotan, goʻdaklar arzimas (puch) narsalardan, bolachalar xayoliy (sarob) narsalardan qoʻrqadi, biz esa har ikkalasidan ham.

 

Bir qadam olgʻa tashla, shunda tushunasanki, koʻp narsalarda (asossiz) katta qoʻrquv yashiringani uchungina qoʻrqinchli boʻlib koʻrinadi, xolos. Hech bir yovuzlik (balo) ulkan emas, agar u oxirgisi boʻlsa. Masalan, oʻlim sen bilan abadiy qolib ketganida qoʻrqinchli boʻlardi. Lekin u ayni damda kelmayapti, kelsa ham bir lahzada oʻtib ketadi, boshqacha boʻlishi mumkin emas.

 

“Ruhning hayotni nazar-pisand qilmasligiga erishish oson emas“, deysan. Ammo odamlarning qanday arzimas sabablar bilan hayotdan nafratlanib voz kechayotganini koʻrmayapsanmi? Kimdir maʼshuqasining eshigi oldida oʻzini osib qoʻyadi, boshqa biri xoʻjayin baqir-chaqirini eshitmaslik uchun tomdan oʻzini tashlaydi, yana biri esa qochish paytida qaytarib kelmasin deb qorniga pichoq tortadi. Osuda hayot uni uzaytirish haqida tinimsiz oʻylaydiganlar, koʻplab konsulliklarni (Rimliklar yillarni shu yili saylangan konsullar nomi bilan atagan – H.S) boshdan kechirishni buyuk baxt deb biladiganlar uchun emas.

 

Bu haqda har kuni tafakkur qil, shunda sen koʻpchilik jon-jahdi bilan yopishib olgan hayotdan befarq keta olasan. Ular huddiki oqim olib ketayotgan odamday – tikanli butalar va oʻtkir toshlarga qoʻllari bilan tirmashib boʻlsa ham omon qolishga harakat qilishadi. Koʻpchilik oʻlim qoʻrquvi va hayot mashaqqati oʻrtasida sarson, ular notavondirlar: na yashashni istashadi, na oʻlishni biladilar.

 

Hayotingni yoqimli qil, har qanday tashvishlarni chetga sur. Qalbida uni yoʻqotishga tayyor boʻlmasa, hech qanday neʼmat egasiga quvonch keltirmaydi. Qoʻldan ketganida afsuslanishga arzimaydigan narsadan ayrilish esa ogʻriqsiz kechadi. Shuning uchun hatto eng qudratlilar boshidan kechirishi kutiladigan zarbalarga qarshi ruhingni jasorat bilan mustahkamla va chiniqtir.

 

Pompeyga oʻlim hukmini bichilgan oʻsmir chiqargandi, Krassga esa shafqatsiz va surbet parfiyalik. Lepidga tigʻ ostiga boʻynini qoʻyishni buyurgan Gay Sezar edi va uning oʻzi ham Xereyaning qilichi zarbasiga duchor boʻldi. Sokinlikka ishonma: bir lahzada dengiz toʻlqinlanib, hozirgina bemalol suzib yurgan kemalarni yutib yuboradi.

Fikr qil, boʻgʻzingga qilichni qaroqchi ham, dushman ham tirashi mumkin. Ammo oliy hokimiyat senga tahdid solmasin, aks holda har qanday qul hayoting va oʻlimingni tasarruf qilishi mumkin. Men shunday deyman: kimki oʻz hayotini nazar-pisand qilmasa, u sening hayoting ustidan egalik qiladi. Uyidagi fitnalar tufayli zoʻrlik yoki hiyla bilan halok boʻlganlar misollarini esla, shunda tushunasanki, qullar gʻazabidan nobud boʻlganlar, podshoh gʻazabidan nobud boʻlganlardan kam emas. Xoʻsh, endi ayt-chi, agar sen qoʻrqayotgan narsa har qanday odamning qoʻlidan keladigan ish boʻlsa, u holda sen qoʻrqayotgan kishining qudrati nima ahamiyatga ega?

 

Aytaylik, dushman qoʻliga tushding va u seni oʻlimga mahkum etdi. Ammo sen shundoq ham oʻsha maqsad (manzil) sari borayotgan eding-ku! Axir nega oʻzingni aldaysan, goʻyo doim yuz berayotgan narsani endi anglagandek? Senga aytamanki, tugʻilgan kuningdanoq oʻlim tomon yoʻl olmoqdasan. Agar soʻnggi soatni xotirjam kutmoqchi boʻlsak, bu haqda doimo oʻylashimiz va esda tutishimiz lozim. Chunki aynan shu soʻnggi soat qoʻrquvi qolgan barcha vaqtimizda bizni xotirjamlikdan mahrum etadi.

 

Maktubimni yakunlashim uchun bugun nazarim tushgan narsani bilib ol (bu oʻzgalar bogʻidan uzib olingan): “Kambagʻallik – tabiat qonuniga muvofiq, katta boylikdir“. Tabiatning bu qonuni bizga qanday chegaralar qoʻyishini bilasanmi? Tashnalikka ham, ochlikka ham, sovuqqa ham yoʻq deyish. Ochlik va tashnalikni qondirish uchun takabburlar ostonasiga yelish, qovogʻi soliq odamlarning dimogʻdorligiga yoki haqoratli mulozamatiga chidash, dengiz sarhadlarida baxt deb zoʻriqish yoki qoʻshin ortidan ergashishning hojati yoʻq. Tabiat talab qiladigan narsalar oson va imkonlidir. Biz faqat ortiqcha narsalar (hashamat) uchungina ter toʻkamiz.

 

Aynan ortiqcha matohlarni deb toʻnni yamoqqa toʻldiramiz, muhoraba chodirlarida qariymiz, begona qirgʻoqlarga tushib qolamiz. Bizga yetarli boʻladigan narsalar esa qoʻl ostimizda boʻladi. Kimga kambagʻallikda ham yaxshi boʻlsa – oʻsha boydir.

Salomat boʻl.

 

SHARH

Toʻrtinchi maktubda stoik falsafasining ikki tushunchasi – kamolot va osoyishtalik oʻzaro ajralmas holda qoʻyiladi. Maktub qisqa, ammo mazmunan juda zich: u falsafani natija emas, jarayon sifatida anglashga oʻrgatadi. Seneka Lutsiliyni “boshlagan ishingni qatʼiyat bilan davom ettir” deya chaqirishi bilanoq, falsafani bir martalik qaror yoki nazariy qiziqish emas, balki uzluksiz mashq sifatida belgilaydi. Bu yerda qatʼiyat – irodaning tashqi ifodasimas, balki insonning oʻz-oʻzi bilan kelishuvi: kimki falsafiy yoʻlga kirgan boʻlsa, u endi ortga qaytishni emas, chuqurlashishni tanlashi kerak. Stoikcha nuqtai nazarda, kamolot tezlik bilan emas, izchillik bilan oʻlchanadi.

 

Maktubda “ildam boʻl” degan daʼvat bor, lekin bu shoshqaloqlik degani emas. Seneka bu yerda vaqt qadri haqidagi oʻz taʼlimotiga tayanadi: qalb kamolotiga intilish kechiktirishni koʻtarmaydi. Chunki har bir kechiktirilgan kun boy berilgan ruhiy imkoniyat degani. Shu bilan birga, u insonni natijaga shoshmaslikka ham chaqiryapti: falsafiy harakatning oʻzida ham lazzat bor. Seneka aytadiki, qalb yuksalishi va osoyishtalikka intilishning oʻziyoq huzur manbai. Demak, baxt kamolotga yetib boʻlingandan keyingina emas, balki kamolot sari toʻgʻri harakat qilayotgan onning oʻzida paydo boʻladi. Bu stoik etikaning nozik nuqtasi: baxt – mukofot emas, balki toʻgʻri yoʻlning ichki belgisidir.

 

Seneka ikki xil huzurni farqlaydi. Birinchisi, harakatdan tugʻiladigan huzur: inson oʻzini toʻgʻri yoʻlda ekanini his qiladi, ichki tartibga kira boshlaydi. Ikkinchisi esa mutlaqo boshqacha darajadagi huzur: nuqsonlardan xoli, begʻubor ruhni mushohada qilishdan tugʻiladigan huzur. Bu maqsadga yaqinlashish emas, balki maqsadning oʻzi bilan uchrashuv, degani. Bu yerda “mushohada qilish” muhim. Seneka uchun begʻubor ruh – faqat axloqiy holat emas, balki idrok manbasi hamdir. Inson qalbidagi tartibni koʻra olganida, u nafaqat tinchlanadi, balki oʻzi bilan yarashib oladi. Bu holatda huzur hissiy quvonch emas, xotirjam ravshanlikka aylanadi. Shu tariqa, maktubda stoik falsafaning uch bosqichi yashirin tarzda ifodalangan: falsafiy yoʻlga kirish va qatʼiyat, kamolotga intilish jarayonidan tugʻiladigan huzur, begʻubor ruhni anglash orqali erishiladigan chuqur osoyishtalik.

Senekaga koʻra, falsafa insonni faqat yaxshiroq qilib qoʻymaydi, u yaxshilikni his etish qobiliyatini ham beradi. Kamolot – ogʻir majburiyat emas, balki ongli ravishda tanlangan huzur manbaidir. Shuning uchun Seneka Lutsiliyni tezroq borishga emas, toʻxtamasdan borishga chorlaydi. Keyingi qismlarida aynan shu yoʻlning qanday bosqichlardan oʻtishi ochib beriladi. Jismoniy yosh bilan maʼnaviy kamolot bir xil emas, hatto, koʻpincha ular bir-biriga zid holatda mavjud boʻladi.

 

Seneka Rim anʼanasidagi ramzdan – pretekstani yechib, erkaklar togasini kiyish marosimidan boshlaydi. Bu marosim insonning bolalikdan chiqib, jamiyat oldida toʻliq fuqaro sifatida tan olinishini anglatgan. Lutsiliyning oʻsha paytda his etgan quvonchi tabiiy: u huquqiy, ijtimoiy va ramziy jihatdan “katta” boʻlgan edi. Ammo Seneka uchun bu quvonch hali yuzaki va tashqi. Asosiy burilish shu yerda keladi: falsafa insonni “erkaklar safiga qoʻshganda”, yaʼni uni maʼnaviy jihatdan voyaga yetkazganda, undan-da kattaroq quvonch paydo boʻladi. Demak, haqiqiy voyaga yetish kiyim almashtirish yoki forumga chiqish emas, balki feʼl-atvor oʻzgarishidir. Falsafa insonni maʼlum yoshga yetkazmaydi, balki bolalikdan xalos qiladi.

 

Bizda bolalik yoshi emas, bolasifatlik saqlanib qolgan. Bolasifatlik bu – biologik holat emas, balki ruhiy illat. U qoʻrquvlarda, istaklarda, qaror qabul qilishda namoyon boʻladi. Inson tashqi tomondan katta, hatto qariya boʻlishi mumkin, lekin ichida hali ham tarbiyalanmagan, oʻzini idora qila olmaydigan holat qolaveradi. Bu yerda Seneka “Jamiyat bizni qariyalar deb hurmat qiladi, ammo ichimizda nafaqat bolalarning, hatto goʻdaklarning qusurlari yashaydi. Yaʼni muammo faqat beqaror istaklarda emas, balki aqlga boʻysunmagan qoʻrquvlarda. Inson yosh oʻtgani sari qoʻrquvdan xalos boʻlishi kerak edi, ammo amalda u qoʻrquvlarini faqat shaklan oʻzgartiradi”, demoqchi boʻladi. Oxirgi qiyos bu fikrni chuqurlashtiradi: goʻdaklar arzimas, puch narsalardan qoʻrqadi; bolachalar – xayoliy, sarob narsalardan; kattalar esa har ikkalasidan ham. Bu nozik psixologik tahlil. Katta inson qoʻrquvini inkor qilmaydi, balki uni aql bilan oqlaydi. Shu sababli u qoʻrquvdan qutulmaydi, aksincha, uni murakkabroq shaklga soladi.

 

Shu maʼnoda, Senekada falsafaning vazifasi taʼlim berish emas, balki ikkinchi bor voyaga yetkazishdir. Falsafa insonni yoshdan emas, bolasifatlikdan chiqaradi; u qoʻrquvni kamaytiradi, istakni tartibga soladi, aqlni hukmron qiladi. Ana shundagina inson haqiqiy maʼnoda “erkaklar safiga” qoʻshiladi. Sen jamiyat nazarida kattamisan yoki oʻz qalbing nazarida? Agar qoʻrquvlaring hali ham goʻdakniki kabi boʻlsa, sen kiyimingni almashtirgansan, xolos, oʻzingni emas.

 

Seneka “bir qadam olgʻa tashla” deydi. Bu jismoniy harakat emas, balki aqliy jasoratga chaqiriqdir. Inson qoʻrquvdan qochib yurgani sari, u qoʻrquv ulkanlashadi; unga roʻbaroʻ kelganida esa, u qoʻrquvning koʻp qismi asossiz ekani maʼlum boʻladi. Demak, qoʻrquvning dahshatli koʻrinishi uning haqiqiy kuchidan emas, oldindan toʻplangan xayollardan kelib chiqadi. “Koʻp narsalarda katta qoʻrquv yashiringani uchungina shunchalik qoʻrqinchli boʻlib koʻrinadi” degan fikr stoik psixologiyaning asosidir. Inson voqeadan emas, balki voqea haqidagi kutilmadan aziyat chekadi. Qoʻrquv – kelajakka koʻchirib qoʻyilgan azob: hali sodir boʻlmagan narsani inson ongida ming marta yashab chiqadi.

 

Seneka “hech bir yovuzlik ulkan emas, agar u oxirgisi boʻlsa” deydi. Bu yerda u oʻlimni nazarda tutadi. Agar bir balo insonni azobdan azobga olib oʻtadigan davomiy holat boʻlsa, u haqiqatan qoʻrqinchli. Ammo oʻlim – uzluksizlik emas, yakun. Shu bois u ulkan emas, u yomonliklar zanjirini uzadi. Oʻlim haqidagi mulohaza stoiklar uchun hal qiluvchi nuqtadir. Seneka aytadi: oʻlim sen bilan abadiy qoladigan narsa boʻlganidagina qoʻrqinchli boʻlar edi. Lekin u yo kelmagan, yo kelsa ham oʻtib ketadi. Bu yerda oʻlim abadiy azob sifatida emas, bir lahzalik hodisa sifatida tasvirlanadi. Inson qoʻrquvi esa uni cheksiz davom etuvchi holatga aylantirib qoʻyadi. Agar oʻlim hali kelmagan boʻlsa, undan qoʻrqishga hozircha asos yoʻq; agar kelgan boʻlsa, undan qoʻrqishga vaqt yoʻq. Demak, oʻlim qoʻrquvi insonni faqat hozirgi ondan mahrum qiladi, xolos. U hayotni asrab qolmaydi, balki uni qisqartiradi. Seneka qoʻrquvni yengishning usulini ham bilvosita koʻrsatadi: u qoʻrquvni hissiy yoʻl bilan emas, aqliy tarzda maydalaydi. Qoʻrquv katta koʻrinadi – uni vaqtga boʻlib chiq; abadiy tuyuladi – uni lahzaga aylantir; nomaʼlum koʻrinadi – uni mantiqiy tahlil qil. Shunda u qudratini yoʻqotadi. Insonda qoʻrquv uygʻotadigan narsa voqealar emas, balki ular haqidagi tasavvurning chegarasizligidir. Bir qadam olgʻa tashlagan inson qoʻrquvning ichida maxluq emas, soya borligini koʻradi. Oʻlim esa soya ham emas, u faqat lahza. Ana shu anglashdan keyin xotirjamlik boshlanadi.

 

Seneka Lutsiliyning “ruhning hayotni nazar-pisand qilmasligiga erishish oson emas”, degan eʼtirozini qabul qiladi. Lekin u darhol qarshi savol qoʻyadi – odamlar hayotdan naqadar oson voz kechishga tayyorligini koʻrmaymizmi? Bu yerda u axloqiy paradoksni ochadi: insonlar hayotni aqliy qaror bilan emas, balki arzimas, tasodifiy sabablar bilan tark etishga qodir. Maʼshuqasining eshigi oldidagi haqorat, xoʻjayinning baqirigʻi, qochishda tugʻilgan qoʻrquv – bular hayotning oʻziga emas, uning mayda tahqirlariga berilgan reaksiyadir. Seneka bu misollarni ataylab qattiq shaklda keltiradi. Uning maqsadi oʻlimni targʻib qilish emas, balki shunday savolni oʻrtaga qoʻyish: agar insonlar qoʻrquv, sharmandalik yoki alam tufayli hayotdan voz kecha olsa, nega aql va fazilat tufayli hayotga nisbatan mustaqil munosabat oʻrnata olmasin? Shu yerda u farqni koʻrsatadi: qoʻrquv amalga oshirgan ish fazilatga aylana olmaydi. Yaʼni bir ishning ogʻirligi yoki keskinligi uning axloqiy qiymatini belgilamaydi.

 

Stoik nuqtai nazarda ruhning hayotni “nazar-pisand qilmasligi” hayotni yomon koʻrish emas, bu hayotni abadiy qadriyat emas, balki taqdir bergan neʼmat sifatida qabul qilishdir. Inson hayotni yaxshi koʻrishi mumkin, lekin unga qul boʻlmasligi kerak. Qullik aynan shunda boshlanadi: inson hayotni uzaytirishni oliy maqsadga aylantirib qoʻyadi. Seneka shunday insonlarni tanqid qiladi: ular uchun osuda hayot – yillarni sanash, “qancha konsullikni boshdan kechirdim” degan faxr bilan oʻlchanadigan narsa. Bu yerda vaqt sifat bilan emas, miqdor bilan baholanadi. Stoiklar uchun esa bunday hisob-kitob aldanishdir, aslida koʻp yil yashash emas, balki toʻgʻri yashash – baxt.

 

Shu maʼnoda, osuda hayotni Seneka mutlaqo boshqacha taʼriflaydi. Osuda hayot –oʻlimdan qochib yurib emas, oʻlim ehtimolini anglab turib ham xotirjam qolish. Inson ana shu holatga yetganidagina hayotni toʻliq qadrlay oladi, chunki u endi mazmun bilan yashaydi. Osuda hayot yillar soni bilan emas, ruhning erkinligi bilan oʻlchanadi. Seneka “bu haqda har kuni tafakkur qil” deya maslahat berarkan, oʻlim haqidagi fikrni ruhni ozod qiluvchi mashq sifatida koʻradi. Stoiklar uchun oʻlimni eslash hayotdan voz kechish emas, balki unga qul boʻlmaslikdir.

 

Oqim misoli ham juda taʼsirli. Seneka koʻpchilikni suvda oqib ketayotgan odamga qiyoslaydi: u tirik qolish uchun tikanli butalarga, oʻtkir toshlarga qoʻllari bilan tirmashadi. Bu tirmashish hayotga muhabbat emas, balki dahshatli qoʻrquvdir. Inson ogʻriq keltirishini bilib turib ham tirmashadi, chunki u oqimdan qoʻrqadi. Xuddi shunday, koʻpchilik hayotni qadrlagani uchun emas, uni yoʻqotishdan qoʻrqqani uchun yashab qolishga urinadi. Bu yerda Seneka hayotni asrab qolish bilan hayotni istash oʻrtasidagi farqni koʻrsatadi. Hayotni istash – uni mazmun bilan qabul qilish, masʼuliyat bilan yashashdir. Hayotni asrab qolish esa koʻpincha uning har qanday shakliga, hatto haqorat, qiynoq va maʼnosizlikka ham rozi boʻlishni anglatadi. Shu bois Seneka bunday tirmashishni fazilat emas, zaiflik belgisi sifatida koʻradi. Ushbu parchada oʻlim qoʻrquvi tanqid qilinayotgani bilan, oʻlimning oʻzi targʻib qilinmaydi. Aksincha, Seneka insonni ikki xil qullikdan qutqarmoqchi boʻladi: oʻlimdan qoʻrqish va hayotga koʻr-koʻrona yopishib olish qulligi.

 

Seneka “hayotingni yoqimli qil” deydi, bu balandparvoz gap emas. Chunki yoqimli hayot neʼmatlardan mast boʻlib yashash emas, balki ular ustidan qoʻrquvsiz turishdir. Inson hayotini azobga aylantiradigan asosiy omil – yoʻqotish ehtimolidan tugʻiladigan tashvish. Shuning uchun Seneka tashvishlarni chetga surishni maslahat beradi: tashvish – kelajakda sodir boʻlishi mumkin boʻlgan yoʻqotishni hozirdanoq boshdan kechirishdir.

 

Hech qanday neʼmat egasiga quvonch keltirmaydi, agar qalbda bu neʼmatni yoʻqotishga tayyor boʻlinmasa. Bu gʻayritabiiy tuyuladi, ammo stoik mantiq juda aniq. Agar inson biror narsani yoʻqotishni tasavvur ham qila olmasa, u uning quliga aylanadi. U neʼmatdan foydalanmaydi, balki uni qoʻriqlaydi. Natijada quvonch emas, xavotir paydo boʻladi. Demak, neʼmatdan lazzat olish uchun uni ixtiyoriy ravishda vaqtinchalik deb qabul qilish kerak. “Qoʻldan ketganida afsuslanishga arzimaydigan narsani yoʻqotish ogʻriqsiz kechadi” degan jumla stoik mashqning mohiyatidir. Bu yerda Seneka insonni ongli tayyorgarlikka chaqiryapti. Agar sen biror narsani yoʻqotishdan oldin uning ketishiga ichki rozilik bergan boʻlsang, yoʻqotish seni vayron qilmaydi. Ogʻriq bogʻlanishning qattiqligidan kelib chiqadi.

 

Shu nuqtadan kelib chiqib, Seneka ruhni chiniqtirish gʻoyasini kiritadi. Hayotdagi zarbalar – faqat zaiflarning boshiga tushadigan tasodif emas; hatto eng qudratlilar ham ulardan qocha olmaydi. Shuning uchun kuch tashqaridan emas, ichkaridan tayyorlanadi. Ruhni chiniqtirish, degani zarbani chaqirish emas, balki uning kelishiga hayratlanmaslikdir.

 

Inson hayotni ushlab qolish uchun emas, unga ochiq turish uchun yashashi kerak. Qoʻrquvsiz ochiqlik esa yoʻqotish imkonini oldindan qabul qilish orqali paydo boʻladi. Ana shunda hayot yoqimli boʻladi, chunki u qoʻldan ketishi mumkin, ammo ruhingni asir qila olmaydi. Seneka bu yerda insonni shunday holatga chorlaydi: neʼmatga ega boʻl, ammo unga bogʻlanma, hayotdan bahramand boʻl, lekin undan qoʻrqma, zarbadan qochma, balki unga tayyor tur.

 

Senekaning taqdir, hokimiyat va inson xavfsizligi haqidagi fikrlari shafqatsiz, ammo oydin shaklda ifodalaydi. Bunda u tarixni ogohlantirish vositasi sifatida qoʻllaydi, avvalo, eng qudratli shaxslarni eslaydi. Rimning buyuk sarkardalaridan biri Gney Pompey oʻsmir va bichilgan odamning qarori bilan halok boʻldi. Boylik va qudrat timsoli Mark Litsiniy Krass surbet parfiyalik qoʻlida oʻldi. Gay Sezar (Kaligula) boshqani oʻlimga yuborishga qodir boʻlgan paytida, oʻzi ham Xereya qilichi ostida halok boʻldi.

 

Bu yerda asosiy gʻoya shundaki, insonni halok qiluvchi kuch doim undan “pastda” turadi. Podshohni qul qatl qiladi, qoʻmondonni sharafsiz odam asir oladi, hukmdorni qoʻriqchisi oʻldiradi. Demak, xavf doim yuqoridan emas, kutilmaganda pastdan keladi. Shu bilan Seneka hokimiyat sarobini parchalaydi: kimki oʻzini himoyalangan deb hisoblasa, u allaqachon zaiflashgan boʻladi.

 

Taqdir hech qachon “xavfsiz hudud” yaratmaydi. Inson qudrat, boylik yoki maqom orqali xavfdan qutulmaydi; aksincha, ular koʻpincha xavfni oshiradi. Seneka “sokinlikka ishonma” deyish bilan insonni qoʻrquvgamas, tayyorlikka chaqiryapti. Stoik uchun xavfni kutmaslik – zaiflik; xavfni tan olib, unga ruhan tayyor turish – donolikdir. Shu maʼnoda, bu parcha hokimiyat egalarigina emas, har qanday inson uchun amal qiladigan qoidani qoʻyadi: hayotda barqarorlik yoʻq, faqat barqaror ruh boʻlishi mumkin. Seneka qudrat – himoya emas, tinchlik –kafolat emas, sokinlik – xavfsizlik emas, demoqchi.

 

Haqiqiy xavfsizlik tashqi sharoitda emas, taqdir zarbasini hayratsiz qabul qila oladigan ruhiy tayyorlikda. Qilichni boʻgʻzingga qaroqchi ham, dushman ham tirashi mumkin. Yaʼni oʻlim xavfi muayyan maqom yoki hokimiyatga xos emas, u umumiy va teng. Shu yerda Seneka muhim burilish qiladi: agar sen oliy hokimiyatdan qoʻrqsang, demak allaqachon hayoting ustidan hukmronlikni yoʻqotgansan. Chunki qoʻrquv – hayot va oʻlim ustidan qarorni boshqaga topshirish demakdir.

 

Kimki oʻz hayotini nazar-pisand qilmasa, u sening hayoting ustidan egalik qiladi. Bu yerda “nazar-pisand qilmaslik” hayotni yomon koʻrish emas; u hayotni mutlaq qadriyatga aylantirmaslikni anglatadi. Kim hayotni har qanday narsa evaziga saqlab qolmoqchi boʻlsa, u har qanday tahdid oldida tiz choʻkadi. Shu bois u qulga ham, podshohga ham qaram boʻlib qoladi. Uydagi fitnalar haqidagi misol bu fikrni tarixiy va ruhiy jihatdan mustahkamlaydi. Seneka eslatadi: qullar gʻazabidan halok boʻlganlar, podshoh gʻazabidan halok boʻlganlardan kam emas. Demak, xavf manbai maqomda emas, insonning oʻzida. Qoʻrquvi bor odam uchun har kim tahdidga aylanishi mumkin; qoʻrquvdan xoli inson uchun esa hech kim mutlaq hokim emas.

 

Agar sen qoʻrqayotgan narsa har qanday odamning qoʻlidan keladigan ish boʻlsa, u holda qoʻrqayotgan kishining qudrati nima ahamiyatga ega? Bu savol hokimiyatning afsonaviy qudratini parchalaydi. Agar oʻlim imkoni hammaga barobar boʻlsa, unda qoʻrquvni muayyan shaxsga bogʻlash aqliy xatodir.

 

Qoʻrquv insonni zaif qiladi va bu uning hayotini boshqalar ixtiyoriga topshiradi. Erkinlik – xavfsizlikka erishish emas, qoʻrquvdan voz kechishdir. Kim oʻlimni qabul qilgan boʻlsa, u hech kimning quli emas; kim hayotga koʻr-koʻrona yopishgan boʻlsa, u hammaning qulidir. Seneka bu parcha orqali shunday axloqiy qoidani qoʻyadi:

hokimiyat qoʻrquvdan oziqlanadi, qoʻrquv hayotni asir qiladi, erkinlik esa hayotni mutlaq deb bilmaslikdan boshlanadi.

 

Shu maʼnoda, haqiqiy xavf podshohda ham, qulda ham emas, oʻz hayotini har qanday narsa evaziga saqlab qolish istagida. Ana shu istakdan voz kechgan insongina hech kimdan qoʻrqmaydi. Senekaning oʻlim haqidagi stoik taʼlimotini eng ochiq, eng shafqatsiz, biroq ayni paytda eng ozod qiluvchi shaklda ifoda etadi. Bu yerda u oʻlimni hodisa sifatida emas, yoʻnalish sifatida anglashga majbur qiladi.

 

Sen dushman qoʻliga tushding va oʻlimga mahkum etilding. Bir qarashda bu favqulodda fojia tuyuladi. Lekin u darhol bu sarobni parchalaydi: sen aslida allaqachon oʻsha manzil tomon yoʻlda eding. Dushman hukmi hayotingga yangi yoʻnalish qoʻshmadi, faqat yashirib kelingan haqiqatni oshkor qildi. Shu bilan Seneka insonning oʻzini aldash mexanizmini fosh qiladi: goʻyo oʻlim faqat keyin, goʻyo u odatiy hayotdan tashqarida. “Nega oʻzingni aldaysan?” degan savol qoʻyiladi. Inson oʻlimni favqulodda voqea deb oʻylaydi, holbuki u doimiy jarayondir. Seneka uchun hayot – oʻlimga qarshi qoʻyilgan holat emas; hayotning oʻzi oʻlim tomon harakatdir. Shuning uchun u aniq fikrni aytadi: tugʻilgan kundanoq oʻlim tomon yoʻl olamiz.

 

Xotirjamlik oʻlimdan keyin emas, u haqida rost oʻylashdan boshlanadi. Ana shu rostlikka yetgan inson uchun dushman hukmi ham, taqdir zarbasi ham yangi fojiamas, oldindan maʼlum boʻlgan yoʻlning navbatdagi qadami, xolos. Seneka kambagʻallik, tabiat va haqiqiy boylik haqidagi stoik taʼlimotini yakunlovchi xulosa sifatida oʻta puxta shaklda ifoda etadi. Bu yerda Seneka faqat axloqiy nasihat bermaydi, balki inson hayotini boshqarib turgan qalbaki qiymatlar tizimini tubdan qayta baholashga undaydi. U maktubni “begona bogʻdan uzib olingan” bir hikmat bilan yakunlaydi: “Kambagʻallik – tabiat qonuniga muvofiq katta boylikdir”. Yaʼni inson tabiatan kam talabli mavjudot, uni kambagʻal qiluvchi narsa ehtiyoj emas, balki ortiqcha istakdir. Tabiat bizga qanday chegara qoʻyadi? Tabiat ochlikka, tashnalikka, sovuqqa chegara qoʻymaydi, yaʼni ularni qondirish uchun haddan ortiq vositalar talab etmaydi. Inson tirik qolishi va munosib yashashi uchun hashamat, tahqirlovchi iltimos, qoʻrqinchli xizmat yoki xavfli safarlar shart emas. Bu yerda tabiat bilan jamiyat oʻrtasidagi keskin ziddiyatni ochib berilgan.

 

Uning tanqidi, ayniqsa, kuchli: inson ochlikni qondirish uchun emas, ortiqcha orzu-istaklarni taʼminlash uchun oʻzini xorlaydi. Takabburlar ostonasida boʻyin egadi, dimogʻdorlarga chidaydi, qoʻshin ortidan ergashadi. Yaʼni inson oʻz hayotini xavf ostiga qoʻyadi, lekin tirik qolish uchun emas, shunchaki “koʻproq olish” uchun.

 

Seneka bu “koʻproq”ni ortiqcha matohlar, hashamat deb nomlaydi. U sabab inson kiyimini yamoqqa toʻldiradi, ammo ruhini yamoqlamaydi; chodirlarda qariydi, lekin tinchlikka erishmaydi; begona qirgʻoqlarga tushib qoladi, lekin oʻzini topolmaydi. “Bizga yetarli boʻladigan narsalar esa aslida qoʻl ostimizda”. Yetarlilik kelajakda emas, hozir bor, uzoqda emas, yaqinda. Insonni baxtsiz qilayotgan narsa yoʻqchilik emas, balki yetarli ekanini tan olmaslikdir.

 

“Kimga kambagʻallikda ham yaxshi boʻlsa oʻsha boydir”. Bu yerda boylik mulk bilan emas, ruhning holati bilan oʻlchanadi. Agar inson kam boʻlganida ham oʻzini toʻla his qilsa, u hech narsaga muhtoj emas. Agar inson koʻpda ham qoniqmasa, u abadiy kambagʻaldir. Seneka uchta xulosani oʻrnatadi: Tabiat insondan kam narsa talab qiladi. Azobning manbai – ehtiyoj emas, ortiqcha istak. Haqiqiy boylik – kam boʻlganda ham qoniqishdir.

 

HAMID SODIQ

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//