O‘zbek adabiyotida badiiy tafakkur namunalarida kuzatiladigan, ammo adabiyotshunoslik tomonidan nomlanmagan, ayni mohiyati ilmiy talqin etilmagan hodisalar kam emas. Paranormallik masalasi ham adabiyot tarkibida qadimdan mavjud. Ammo bu atama sof adabiyotshunoslik muammosi sifatida o‘rganilmagan.
Paranormal hodisalar shu paytga qadar asosan psixologiya sohasida o‘rganilgan va ayni yo‘nalish muammosi sifatida qarab kelingan. Bunda ko‘proq inson hayotida uchrab turadigan g‘ayrioddiy, g‘ayritabiiy hodisalar e’tiborga olingan. Dastlab faylasuf, sotsiolog va psixologlar ham paranormallik hodisasini mif va uydirma sifatida tushunib, muammoga jiddiy qaramagan bo‘lsalar, keyingi davrlarga kelib masalaga yetarlicha e’tibor bera boshladilar. Hodisaning haqiqatan mavjud ekani, bu nafaqat ruhiy-psixologik, ruhiy-ma’naviy, balki sof fizik, biologik, ijtimoiy asoslarga ega hodisa ekani tajribalar asosida aniqlandi. Natijada umumiy psixologiyaning bir tarmog‘i, individual psixologiyani o‘rganishning bir kichik yo‘nalishi o‘laroq parapsixologiya maydonga keldi. Bugungi kunda jahonning eng ilg‘or psixologik maktablari parapsixologiya bilan maxsus shug‘ullanadilar. Arvohlar, jin-shaytonlar, g‘ayrioddiy hodisalarning ilmiy asoslarini nanotexnologiya, kompyuter texnologiyalari asosida aniqlaydilar. Ushbu hodisa jahon ilm-fanida allaqachon real hodisa sifatida tan olingan.
Hodisa qadimiy, badiiy adabiyot tarkibida eng qadimgi davrlardan beri mavjud. Ayni hodisaning genezisi konseptual muammo o‘laroq, jahon va milliy adabiyoti namunalari folklor, klassik yozma materiallar asosida ilmiy asoslanadi. Hind eposi “Maxabxarata”dan tortib, Gomer “Iliadasi”, shumerlarning “Bilgamish”idan tortib, o‘zbek “Alpomishi”, “Go‘ro‘g‘li”sigacha, xalq ertaklari, hikoya va qissalaridan, o‘zbek mumtoz adabiyoti namunalari tahlili misolida ilmiy isbotini ko‘rishimiz mumkin.
Miflar, folklor, maishiy turmush tarzida doimo duch kelinadigan g‘ayritabiiy voqealar, mavhum hodisotlar azal-azaldan badiiy adabiyotga ko‘chgan va bu ilmiy-nazariy tushuncha sifatida umumiy ma’noda ilmiy atama bilan izohlanmagan. Ammo jin, ajina, iblis, shayton, oziqchi, alvasti, olabo‘ji, arvoh, qoraxayol, yovuz ruhlar kabi tashqi olam kuchlari folklorshunoslikda demonologik personajlar atamasi ostida o‘rganilgan. Biz ilmiy istiloh sifatida olib chiqqan hodisa – paranormallik aynan poetik hodisa sifatida qaralar ekan, bu tushuncha o‘z-o‘zidan yo obraz, yo syujet, yo detal, yo motiv yoki biz tadqiq etayotgan “epizod” tushunchalari bilan birikkandagina muayyan badiiy-estetik mohiyat kasb etadi.
Paranormal epizodlar real hayotda uchrab kelgan, badiiy asarlarda g‘ayritabiiy tarzda tasvirlangan voqelik bo‘lib, ilmiy ta’rifi quydagicha: gʻayritabiiy, gʻayrioddiy va ratsional mantiq bilan tushuntirib bo‘lmaydigan voqelik, zamonning to‘rtinchi, makonning yettinchi o‘lchamiga oid, ekstrimal holat-vaziyatlardagina real olam sarhadlarida kuzatilishi mumkin, uchinchi ko‘z, oltinchi sezgi bilan ko‘riladigan parapsixologik hodisaning badiiy asar syujeti ichidagi kichik epizod tarzida tasvirlanishidir.
Ma’lumki, o‘zbek va jahon adabiyotida har bir badiiy komponentning o‘ziga xos ta’rif-u tavsifi, kanonlari, spetsifikasi, genezisi bor. Paranormal epizodlar genezisi Qur’oni karim, hadisi shariflarda kelgan real ilohiy voqealar bilan chambarchas bogʻliq. Xususan, bu jihat “Al jami’ as-sahih” hadislar to‘plamida, “Tafsiri Hilol” kitobida, Rabgʻuziyning “Qissasi Rabg‘uziy”, Alisher Navoiyning “Tarixi anbiyo va hukamo” asarida o‘zining ilmiy-ma’rifiy isbotini (shuningdek, ushbu bitiklarda talqin etilgan shayton va iblis obrazlari keyingi davr adabiyotida ham keng aks etdi) topgan. Zamonaviy o‘zbek nasrida paranormal voqelikni yuzaga chiqaruvchi shayton – iblisning badiiy vazifasi Odam Ato, Momo Havvo, iblis uchligidagi “ilk syujet”ini ifodalovchi qissalarda izchil davom etadi.
Qur’oni karimda jinlar haqida qirqqa yaqin oyat bor. Bitta butun boshli sura “Jin” surasi deb nomlangan. Umuman, iblis va jinlarning islomiy manbalar asosidagi tahlillari “paranormal epizod” tushunchasining diniy asoslarini va genezisini belgilaydi. Ammo diniy manbalardagi jin, shayton, iblis qatnashgan voqealarni “paranormal epizod” sifatida talqin qilish to‘g‘ri emas. Qachonki, g‘ayb bilan bog‘liq hodisalar mif, folklor va yozma adabiyot qatlamiga o‘tsa, “paranormal epizodlar” sifatida talqin etishimiz mumkin.
Paranormal epizodlar din va mif bilan chambarchas bog‘liq. Mif esa ilohiy axborotlar, rivoyatlarning asrlar davomida buzib talqin etilgan va qayta ishlangan shaklidir. Ayni obrazlar mif va folklor ijodiyotida “paranormal epizodlar”ning maydonga kelishini ta’minlagan. Dunyo adabiyotida bo‘lgani singari arxetiplarning paranormal voqelik bilan o‘zaro aloqadorligi, ya’ni arxetipik kodlar zamonaviy o‘zbek qissalariga ham xosdir. Adabiyotda “abadiy obraz” o‘laroq yashab kelayotgan arxetiplar zamonaviy o‘zbek qissalarida “paranormal epizodlar”ni yuzaga chiqaruvchi muhim komponent vazifasini bajargan.
Shoyim Bo‘tayevning “Shamol o‘yini” qissasida “paranormal epizodlar” qamg‘oq (o‘rama, girdob) ichidagi g‘ayritabiiy hodisalar, quyun, yonar suv, jin-shaytonlar, ilon-qiz, it-odam ko‘rinishida va jinlarning inson qiyofasidagi talqinlari: Berkinboy, Yoshi Uzoq, Baraka obrazlari hamda ularning razolatga to‘la amallarida namoyon bo‘ladi. Jumladan, qishloq kampirlari marosimi sanalgan “Momo uloq”, “ko‘ch-ko‘ch” amallari, iymon-u e’tiqodida sustkashlik borlarning fol ko‘rish holatlari ham paranormallikka yaqqol misol. Xususan, “Qamg‘oqdan bir qarichcha yuqoridan quyun naq shiftga tegib, charx urardi. Uning ostki qismida odam bo‘lib odamga, it bo‘lib itga o‘xshamagan allaqanday jonivorlar muallaq holatda bir-birlarini ezg‘ilab yanchib yotishardi. Bu maxluqlar quyun yer sahnidan supurilib kelgan suprindilar, burdi-balolar orasidan bitday bijg‘ib chiqishar, bir-birlarini chavaqlashar, o‘zlarining uyat ishlariga shu qadar mashg‘ul edilarki, aqalli sal boshini ko‘tarib atrofi javonibga qarab qo‘yishni xayollariga keltirishmasdi”. [3;54-bet] Shoyim Bo‘tayev paranormal epizodlar orqali badiiy adabiyotda azaliy mavzu bo‘lgan ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurashni g‘ayritabiiy hodisalar fonida tasvirlaydi. Bu epizodlar xalq inonchlari bilan bog‘liq bo‘lib, inson va jamiyat tanazzulining o‘ziga xos ramziy ifodasini aks ettiradi.
Sobir O‘nar “Chambilbelning oydalasi” qissasida paranormallikni ruhiy-kechinmaviy kontekstda tasvirlaydi. Ehtimol, klinik o‘lim voqeasi qisman reallikka yaqin bo‘lishi mumkin. Ammo muallif bu voqeaga ko‘proq emotsional yondashadi va “Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi” dostoni voqealaridan ilhomlanib, jismni tark etgan ruhni badiiy bo‘yoqlarda aks ettiradi. Asar qahramoni tilidan aytilgan “...bu sergap dunyodan og‘ir zil-zambil oyog‘imni uzib olgan, erkin, shamolday yengil bir narsa, balki ruh edim, tez kechgan voqealar, kuzatish, his-o‘ylar jarayonida “Men endi ruh bo‘lsam kerak”, [4;53-bet] kabi fikrlar bu holatni yaqqol tasdiqlaydi.
Ilmiy manbalarda vafot etgan insonning ruhi ortida qolganlarni kuzatishi haqida aniq faktlar yo‘q. Ammo payg‘ambar alayhissalom hadislarida inson ruhi, barzah (Islom e’tiqodiga ko‘ra, inson vafot etganidan boshlab, to Qiyomat kuni (qayta tirilish)gacha bo‘lgan oraliq hayotdir – S.S) olami, tanani tark etgan ruhning bu dunyo ishlaridan xabardor qilib turilishi xususida aytiladi. Qur’oni karimda ham basharga ruh haqida juda kam bilim berilgani haqida marhamat qilinadi: “Va sendan ruh haqida so‘rarlar. Sen: “Ruh Robbimning ishidir. Sizga juda oz ilm berilgandir”, deb ayt” (Isro, 85).
Sobir O‘nar paranormal epizodlar vositasida hayotni metafizik darajada tahlil qiladi; o‘quvchini faqat syujet emas, ichki ruhoniy sayohatga yetaklaydi; zamonaviy o‘zbek adabiyotida kam uchraydigan “qayta tirilish” voqeasini folklor motivlari bilan uyg‘un tarzda tasvirlaydi. Umuman olganda, Sobir O‘nar asarlarida xalq og‘zaki ijodidan olingan motivlar va paranormal epizodlar yozuvchi badiiy niyatini aks ettirishda faol komponent sifatida ishtirok etadi. Xususan, “Chambilbelning oydalasi” qissasidagi klinik o‘lim tasviri va ruhning boshqa dunyodagi sayohati orqali inson o‘z hayotini bor bo‘yicha taftish qilishiga, bir lahzada umrning o‘tkinchi matohdek yelga sovurilishiga, dunyoning naqadar tor va naqadar keng ekanligiga ishora qiladi.
Shodiqul Hamroning “Qora kun”, “Qaqnus qanotidagi umr” va “Muhabbat maktublari” qissalarida asarlarning umumiy konsepsiyasini ifodalashda va badiiy niyati, estetik idealini aks ettirishda paranormal epizodlardan unumli foydalanilgan. Jumladan, “Qora kun”da umuminsoniy muammolar: inson fitratidagi salbiy illatlar, tubanlik botqog‘iga botgan va Olloh buyurgan amallardan yiroq bo‘lgan insoniyatning ma’naviy tanazzulini ramziy ma’noda ifodalaydi. “Qaqnus qanotidagi umr”da toptalgan azaliy qadriyatlarning og‘ir asoratlari yosh go‘dakning bezovta ruhiyati negizida tasvirlangan. “Muhabbat maktublari”da jismidan ajralib chiqqan ruhning o‘zga olamdan bu dunyoga nigoh tashlashi orqali muhabbatning shahvoniy mayllardan ustun turuvchi yuksak tuyg‘u ekanligini badiiy talqin etishda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.
XX asrning 90-yillariga kelib paranormal hodisalarga keng rakursda va yangicha talqinda yondashildi. Xususan, Nazar Eshonqulning “Tun panjaralari” va “Qora kitob” qissalarida paranormal holatlar modernizm unsurlari bilan sintezlashdi. Qissalarning umumiy konsepsiyasi inson va jamiyat muammosi, absurd va yolg‘izlik qa’ridagi obrazlar, iymon-e’tiqodidan adashgan insoniyat taqdiri va uning tavba-tazarrusi qora va quyuq bo‘yoqlarda, xususan, shayton va iblis, qoraxayol va ruh motivlari paranormal epizodlar sifatida namoyon bo‘ldi.
Nazar Eshonqulning “Qora kitob”ida paranormal epizodlar qahramonning qoraxayol qutqusiga tushib qolishi va cho‘qqisoqolning g‘ayritabiiy harakatlarida namoyon bo‘ladi. Xususan, qahramon o‘zining holatini quyidagicha ta’riflaydi. “Uxlab yotar ekanman, nazarimda, kimdir ichimdan chiqib kelganga o‘xshadi; u qop-qora kiyinib olgandi, uxlab yotgan meni xuddi libosday yechib tashladida, turib, narigi xonaga kirib ketdi – uyg‘onganimda xona yorishib qolgan, kitob ochiq va sirli holatda yotardi. Meni qora xayol chulg‘ab olgandi”. [5;526-bet]
Qoraxayol badiiy asarlarda qahramonning ruhiy va botiniy holatini aks ettirishda birlamchi vositalardan va insonning ongosti hislariga ham bog‘liq hodisa sanaladi. O‘zbek adabiyotida qoraxayol bilan bog‘liq o‘rinlarga ko‘p marotaba murojaat qilingan. Jumladan, Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanida bosh qahramon Otabekni qoraxayol chulg‘ab olgani, Shoyim Bo‘tayevning “Bir kunlik mehmon” va “Yulduzlarga eltar yo‘l” qissalarida qoraxayolning asar qahramonlariga salbiy ta’sir ko‘rsatgani, Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” romanida ham qahramonni qoraxayol bosishi haqida gap boradi. Rus adabiyotining nodir namunasi bo‘lgan M.Bulgakovning “Usta va Margarita” romanida Usta Volandni qoraxayol mahsuli deb hisoblaydi va muallif tomonidan “qoraxayol – yo‘q narsaning ko‘zga ko‘rinishi, galyutinatsiya”, [6;370-bet] deya ta’riflanadi.
Xususan, Shoyim Bo‘tayevning “Yulduzlarga eltar yo‘l” qissasi sof realistik asar bo‘lib, undagi qoraxayol obrazi mifologik jihatdan yovuz kuchlarni ifodalagan. Asar qahramoni Ismat pochtachi Ikkinchi jahon urushining insoniyatga keltirgan ayanchli oqibatlaridan biri – qoraxat tashishdek “og‘ir yuk”ni yelkasiga oladi. Aynan pochtachining qoraxayol girdobida qolishi urushning minglab kilometrdagi insonlar hayotiga salbiy ta’siri va muallif gumanistik qarashlarining ramziy ifodasi edi. Asarda qoraxayol real voqelik fonida tasvirlanadi va o‘z davrining ijtimoiy-siyosiy holatini, urushning og‘ir asoratlarini va yovuzlik prinsipini o‘zida aks ettiradi. Zero, adabiyotshunos Uzoq Jo‘raqulov ta’kidlaganidek, “Realistik ijodkor uchun ezgulikka xizmat qilish, yuksak umuminsoniy ideallarni kuylash, inson va borliq garmoniyasi sifatida voqe bo‘ladi. Shu bois realistik asarda tasvir etilgan xaotik kuchlar (qalloblar, qotillar, o‘g‘rilar, munofiqlar, xoinlar, jinlar, shaytonlar, vahshiylar) kabi (jumladan, qoraxayol ham – S.S.) gumanistik talqinga xizmat qiladi”. [7;163-bet]
Nazar Eshonqulning “Qora kitob” qissasida esa qoraxayol g‘ayritabiiy voqelik fonida va insoniyatning o‘z-o‘zi bilan kurashida, iymon-e’tiqod sustlashgan joyda shaytoniy kuchlarning ustuvor ekanligida ko‘rinadi, shu bilan bir qatorda, modernistik asar xususiyatlariga xos bo‘lgan badiiy vosita sifatida faol qo‘llaniladi. Umuman olganda, paranormal epizodlar realistik asarlarda gumanistik g‘oyalarni, modernistik asarlarda esa shaytoniy kuchlarni targ‘ib etishining metaforiklashuvi kuzatiladi.
Isajon Sultonning “Onaizorim” va “Munojot” qissalarida “paranormal epizodlar” bola obrazining chuqur xayolot va tush mahsuli, ong osti bolalik qo‘rquvlarining samarasi, ruhiy-psixologik xavotirning mahsuli sifatida tajassum topadi. Ra’no va Gʻarib obrazida bolalarcha beg‘ubor va sof xayollar ta’sirida paydo bo‘lgan xafvsiz va ziyon yetkazmaydigan yaratiqlar, sirli hodisotlarning yangicha talqini aks etadi.
Paranormal holatlar Gʻarib tabiatidagi g‘ayrioddiylik bilan uyg‘un va bir-biriga chambarchas bog‘liq holatda tasvirlanadi. U “…ko‘zim uyquga ketay-ketay deganda ko‘rina boshlaydi shunaqa sharpalar. Tush bilan hushning orasidan qalqib chiqishadi… O‘sha odam tepamda uzoq o‘tiradi, [8;95-bet] deydi. Bu tasvirlar Gʻarib obrazidagi illyuzion va galyutsinatsion holatlar bilan bog‘liq. U o‘zining botiniy olamida yolg‘iz, ruhan o‘zga olamda sayr etadi; onasining ta’biri bilan aytganda, jismonan hayot kechirishga noqobil. Ammo Gʻarib oddiy insonlar ko‘ra olmaydigan, ilg‘amaydigan narsalarni, hodisotlarni anglay oladi, tafakkur dunyosi keng, qalbi she’riyatga va san’atga oshufta. Gʻarib ilohiy va ruhoniy quvvatga ega, ichki intiutiv bilim bilan his etish qobilyati bor, “tush va hush” orasidagi olamdagi obrazligiga muallif asarning ko‘p o‘rinlarida ishora qiladi. Xususan, “Tush va o‘ng oralig‘ida qandaydir oppoq kiyingan kimsalarning kelishi va ularning insonga o‘xshamasligi, tasavvurida maysalarning gapirishi hamda go‘yo jonsizday tuyulgan narsalarning ham aslida jonli ekanligi kabi voqealarning bejiz emasligini u aniq-tiniq bilib turardi”, [I.Sulton. Munojot.] kabi tasvirlar yuqoridagi fikrimizni dalillaydi.
Ma’lumki, paranormal hodisalar biz yashayotgan o‘lchamdan tashqarida, ya’ni vaqt va makonning noma’lum qatlamlarida sodir bo‘ladi. Muallif ta’biri bilan aytganda bular – shuur bilan anglanadigan va aql bilan tasdiqlanadigan narsalar emas edi – ular faqat his qilinar edi. [I.Sulton. Munojot.] Qissada vafotidan so‘ng insonning ruhi bir tanadan ikkinchi tanaga yoki hayvonot va nabotot olamida qayta tirilishi haqidagi nazariya – reinkarnatsiya G‘arib misolida ilgari suriladi. Asarda keltirilgan o‘zining bir vaqtlar daraxt bo‘lgani va butaga aylangan zohid haqidagi tasvirlari fikrimizni tasdiqlaydi. Bunday estetik nuqtayi nazar jahon adabiyotiga xos bo‘lib, so‘nggi yillarda o‘zbek adabiyotida o‘zgacha talqinda bo‘y ko‘rsata boshladi. Bu haqida adabiyotshunos Uzoq Jo‘raqulov shunday deydi: “G‘arb ma’naviyatini, xususan, adabiyotini yemirib, bugungi ruhiy inqiroz chohiga tashlagan ikki madaniy-falsafiy faktor bor. Ularning biri, hind va xitoyning buddaviy e’tiqodi asosida turuvchi reinkarnatsiya – ruhning bir jonzotdan ikkinchisiga ko‘chishi haqidagi ta’limot bo‘lib, qachonlardir unga ergashgan beqaror G‘arb sinov uchun yaralmish insonning tozarish imkoniyatlari cheksizligiga soddalarcha ishonib qoldi va ko‘p xatolarni xato bilmay qo‘ydi”.[1;270-bet]
Reinkarnatsiya paranormal hodisaning bir ko‘rinishidir. Ruhning bir tanadan boshqa tanaga o‘tishi nazariyasi ilmiy adabiyotlarda “reinkarnatsiya”, arab tilida esa “tanosuh” atamasi bilan yuritiladi. Mazkur asossiz nazariya, asosan e’tiqodiy qarashlari buzilgan boshqa din vakillarida uchraydi. Islom dinida esa bu kabi nazariyalar qat’iyan rad etiladi. G‘arib obrazi haqida adabiyotshunos Bahodir Karimov quyidagicha fikr bildiradi: “Bir narsa aniqki, qissa qahramoni ruhiy-g‘aybiy olamga oshno etilib, dunyo falsafasidagi, xususan, hind va yunonlardagi inson ruhining o‘lgandan keyin boshqa narsaga ko‘chish haqidagi “tanosuh” e’tiqodiga bog‘lab qo‘yiladi”[2;20-bet]. Diniy ahkomlarimizga ko‘ra, bunday g‘ayri e’tiqodiy qarashlar, ya’ni o‘lgan odamning ruhi yana shu dunyoga hayvon yoki o‘simlik bo‘lib kelishi botil amal hisoblanadi. Zero, inson vafot etgandan keyin ruh tanasini tark etadi va bundan keyingi hayoti ruhning ko‘chishi tarzida davom etishi ma’rifiy va ilmiy haqiqatlarga ziddir. Muallifning reinkarnatsiya nazariyasiga oid qarashlari tanqidiy mulohazalarga yo‘l ochadi.
Jahon va o‘zbek adabiyoti namunalarini kuzatish natijalaridan ma’lum bo‘ldiki, “paranormal epizodlar” badiiy asar tarkibiga tasodifan kirib qolmagan. Kirishning uchta muhim asosi bor: birinchisi diniy, mifologik, folklor manbalari asosida; ikkinchisi ijtimoiy-psixologik holat, hodisa va vaziyatlar ta’sirida; uchinchisi botiniy, individual holatlar natijasida. Jadidlar davrida paranormal epizodlar badiiy adabiyotda nisbatan kamroq aks etgan. Bu o‘sha davr ijtimoiy-siyosiy muhiti bilan bog‘liq jarayon. Sovet davri qissachiligida ayni hodisaga tanqidiy-nigilistik munosabat bo‘lgani bois paranormal epizodlarning yaqqol namunalari uchramaydi. Mustaqillik davriga kelib qissachilik o‘zining asl o‘zanlariga qaytdi, barcha ta’qiqlangan syujet, motiv va epizodlar qatorida paranormal epizodlarning ham xilma-xil badiiy talqinlari maydonga keldi. Biz buni yuqorida zikr qilingan qissalar asosida ilmiy asoslashga harakat qildik.
Sanobar SAYDAZIMOVA,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori,
Samarqand davlat chet tillar instituti o‘qituvchisi
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
1. Jo‘raqulov U. Nazariy poetika masalalari: Muallif.Janr.Xronotop. – Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2015.
2. Karimov B. Ruhiyat alifbosi. – Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2015.
3. Bo‘tayev Sh. Shamol o‘yini. – Toshkent: Yozuvchi nashriyoti, 1995.
4. O‘nar S. Tanlangan asarlar. – Toshkent: Sahhof, 2024.
5. Eshonqul N. Saylanma II. – Toshkent: Akademnashr, 2022. – B. 526.
6. Bulgakov M. Usta va Margarita. – Toshkent: Kamalak-press, 2019. – B. 370.
7. Jo‘raqulov U. Hududsiz jilva. – Toshkent: Fan, 2006. – B. 163.
8. Sulton I. Boqiy darbadar. – Toshkent: O‘zbekiston, 2011.
9. Shayx Muhammad Yusuf Muhammad Sodiq. Tafsiri Hilol. 6-juz. – Toshkent: Hilol-nashr, 2008.
Falsafa
Adabiyot
Adabiyot
Tarix
Til
Falsafa
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q