Shu kunlarda adabiy jamoatchilik fidoyi va iqtidorli ijodkor Ahmad Otaboyev nomini og‘ir xo‘rsinish bilan tilga olmoqda. Ochig‘i, men bu ijodkor bilan har kuni yoki kunora ko‘rishib turmasam-da, unga katta hurmat va havas bilan munosabatda bo‘lardim. Uning kutilmaganda oramizdan ketib qolishini sira kutmagandim.
Ahmad Otaboyevning ilk tarjima asarini Nurota tog‘larida mol boqib, kitob o‘qib yurgan o‘quvchilik davrlarimda o‘qiganman. U paytlar qishloqqa mashhur “Yoshlik” jurnalining kelishi biz uchun katta bayramga aylanardi. Pochtachi Abduraim akadan jurnalning har bir yangi sonini intiqlik bilan kutardik. Shunday kunlarning birida jurnal sahifalarida Ahmad Otaboyevning mashhur chet el yozuvchisi asaridan o‘girgan tarjimasini berilib o‘qiganman. Asar shakli, chamamda, yarim drama va yarim nasriy edi. Jurnalning har bir sahifasida deyarli bo‘sh joy yo‘q edi; tarjima e’lon qilingan sahifada tarjimonning kulib turgan surati ham berilgandi. U kishining o‘zim tug‘ilib o‘sgan qadim Nurota zaminida dunyoga kelganidan faxrlanganim ham rost.
Ahmad Otaboyev shaxsiyati bilan bog‘liq xotiralar ko‘pchilik ijodkorlar uchun ibratli va saboq olgulikdir. U oddiy oilada o‘sdi, hayotda, ijodda o‘z o‘rnini topishga intildi. Qalam sehriga va adabiyotga sodiq yashab o‘tdi. O‘zini lo‘ttibozlikdan, tilyog‘lamalikdan, zamonasozlikdan va nojoiz qadam tashlashdan tiyib, samimiy yashadi. Hayotdan nolimadi, g‘iybat qilmadi, ijod mashaqqatlaridan cho‘chimadi...
Keyin menga ham Universitetning jurnalistika fakulteti talabasi bo‘lish nasib etdi. Biz talabalar havas bilan ko‘pchilikka tanish “Gazetalar korpusi” binosiga qatnab, qalamkashlar orasiga aralashib ketdik. U paytlar gazetalarning hayotimizdagi o‘rni juda katta edi.
Ko‘pchiligimiz qattiqqo‘l adabiy tahrir ustasi Mahmud Sa’diy maktabini, uning o‘ziga xos samimiy tabiatini yaxshi bilamiz. Ahmad aka u bilan barobar tahrir maktabini davom ettirdi.
Ish jarayonida Ahmad aka bilan Mahmud Sa’diy tortishib, kezi kelganda baqirishib ham qolardi. Ertasiga esa hech narsa ko‘rmaganday kulishib, choy ichib, ijodga kirishib ketaverardi. Biz yoshlar o‘sha gazeta tahririyatiga borsak, albatta, bu ikki siymoning xonasiga kirmasdan qaytmasdik. Mahmud aka bizni quruq jo‘natib yubormasdi: yo chaqib olardi, yo dangasaligimizdan kulardi (bu tanbehdan ruhlanib, o‘zimizni yangi mashaqqatli ishlarga safarbar qilardik). Yoki savol berardi, hech bo‘lmaganda chizib tashlangan naq yigirma betlik qo‘lyozmani tutqazib, o‘zi tahrir qilgan shakli bilan solishtirib o‘qishga jalb etardi. O‘sha “imtihon”dan o‘tsakkina ertasiga bu xonaga kirish imkoni bo‘lardi, bo‘lmasa o‘n besh kun qochib yurardik.
Bugun bu ikki siymo ham oramizda yo‘q. Men esa o‘sha kunlarni katta sog‘inch bilan eslayman. Ahmad aka sira bizga qo‘pol gapirmasdi. Aksincha, bir piyola choy uzatib, tirishib maqola tahrir qilardi. U kishining stoli tortmasida turgan kitoblar bizni o‘ziga jalb etardi, ammo ularni Ahmad akadan yalinib ham olishning iloji yo‘q edi. Endi o‘ylasam, kun bo‘yi tahrir bilan band bo‘lgan odam qanday qilib uyga borib, o‘sha kitoblarni ertalabgacha mutolaa qilishga vaqt topgan ekan? Mahmud aka minglab ijodkorlarning maqola va kitoblarini tahrir qilishga, talabalarga dars berishga umrini sarflagan bo‘lsa, Ahmad aka tahrirdan ortib, jahon adabiyoti durdonalarini o‘zbek tiliga o‘girishga ham vaqt topa oldi. Ko‘ryapsizmi, ularning ikkalasi ham vaqtni yenga olgan siymolar edi. Hozir esa biz o‘zimizni oqlash uchun turmush tashvishlarini bahona qilib, vaqtdan yengilib, umrimizni boy beryapmiz.
Ahmad akaning jahon adabiyotidan qilgan tarjimalari haqida adabiyotshunoslar hali atroflicha to‘xtalar. Men faqat shaxsiy mulohazalarimni bayon etyapman. U kishi jahon adabiyoti namunalarini sinchkovlik bilan o‘qigan kitobxon, tarjima dunyosini puxta o‘zlashtirgan izlanuvchi va bu ishni mahorat bilan uddalagan tarjimon edi.
Bugungi oqsab turgan adabiy tanqidchilikda ham u faol edi.
Shuningdek, Murod Chovushning “Hech” asari haqida ko‘pchilik jo‘yali gap topa olmay turgan bir vaqtda, Ahmad Otaboyevning “Vatan” jurnalida e’lon qilingan maqolasi o‘quvchilarga ma’naviy kuch berdi. Bu maqola orqali Ahmad akaning adabiy yangiliklarga befarq emasligi va hayotdan ortda qolmay ijod qilayotganini yana bir bor his qildik.
Ahmad akaning ijodiy tarbiyasida ulug‘ adib Odil Yoqubovning katta hissasi bor deb o‘ylayman. Olis Nurotadan kelgan oddiy qishloq farzandining poytaxt azoblariga — uy-joy, ro‘zg‘or tashvishlariga dosh berib, o‘sishi oson kechmagan. Ayniqsa, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasidek ulug‘ maktab mashaqqatlarini yengib o‘tish katta matonat talab qilardi. Keyingi yillarda Ahmad aka “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoni bilan taqdirlandi. O‘shanda u kishining nomzodini tavsiya etgan rahbariyatdan jamoatchilik minnatdor bo‘lgandi, chunki Ahmad aka bu e’tirofga chin dildan loyiq edi.
Bugun u kishi oramizda yo‘q. Qadim Nurotada tug‘ildi, poytaxtda yashab ijod qildi va yana Nurota tuprog‘iga qo‘yildi. O‘zidan yaxshi tarbiya ko‘rgan farzandlar, ezgu nom va go‘zal xotiralar qoldirdi...
O‘ljaboy QARSHIBOYEV,
Toshkent — Nurota — Toshkent
Adabiyot
Tarix
Til
Falsafa
Mafkura
Ma’naviyat
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q