Jadidlar matbuoti Turkistonda milliy ongni shakllantirish, xalqni jipslashtirish hamda mustaqillik g‘oyasining ahamiyatini anglatishda o‘ziga xos ma’rifiy maktab vazifasini bajargan. Ayniqsa, mustamlakachilik zulmi va ijtimoiy-siyosiy turg‘unlik sharoitida yashagan aholi orasida ozodlik hamda taraqqiyot g‘oyalarini targ‘ib etish jadid matbuotining asosiy maqsadiga aylangan edi. Shu jihatdan, “Sadoi Turkiston”, “Sadoi Farg‘ona”, “Samarqand”, “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Hurriyat”, “El bayrog‘i”, “Oyna” kabi gazeta va jurnallar milliy uyg‘onish g‘oyalarini keng yoyishda muhim o‘rin tutdi. Bu jarayonda Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Siddiqiy Ajziy, Muhammadsharif So‘fizoda, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon kabi ma’rifatparvar ziyolilarning xizmatlari beqiyosdir.
Sovet hokimiyati o‘rnatilishi bilan Turkistonda yuz bergan qatag‘on siyosati natijasida ko‘plab turkistonliklar o‘z vatanini tark etishga majbur bo‘lib, Afg‘oniston, Eron, Sharqiy Turkiston, Yaqin Sharq hududlari, Turkiya va Yevropa mamlakatlariga tarqalib ketdilar. Muhojirlik sharoitida ham ular milliy ozodlik g‘oyalaridan voz kechmadilar, aksincha, xorijda turli jamiyat va tashkilotlar tuzib, sovet tuzumiga qarshi ma’naviy va axborot kurashini davom ettirdilar.
Germaniyada 1943-1944-yillarda nashr etilgan “Milliy adabiyot” jurnali ham alohida ahamiyatga ega bo‘lib, u muhojir turkistonliklar tomonidan yo‘lga qo‘yilgan muhim adabiy-ma’rifiy nashrlardan biri hisoblanadi. Jurnal Milliy Turkiston qo‘mitasi tashabbusi bilan oylik nashr sifatida chop etilgan, uning asosiy maqsadi – sovet hokimiyati sharoitida o‘z fikrini erkin ifoda eta olmagan turkistonliklar, ayniqsa yosh avlod uchun milliy ruhdagi fikr va g‘oyalarni yetkazishdan iborat edi.
“Milliy adabiyot” jurnali Berlinda nashr etilgan adabiy to‘plam bo‘lib, uning 1-soni 1943-yil 30-may kuni chiqqan. Tadqiqotlar davomida jurnalning 1943-1944-yillar davomida e’lon qilingan 9 soni aniqlandi. Shulardan 6 tasi 1943-yili, 3 ta soni esa 1944-yili chiqarilgan. 1944-yili nashr etilgan 3–6-sonlarini topish imkoni bo‘lmadi. Jurnalning 1943-yil may oyidagi 1-soni – 64 bet, iyun oyidagi 2-soni – 80 bet, iyul oyidagi 3-soni – 82 bet, avgust oyidagi 4-soni – 65 bet, sentyabr oyidagi 5-soni – 80 bet, oktyabr oyidagi 6-soni – 66 bet, 1944-yil may oyidagi 1-soni – 90 bet, iyun oyidagi 2-soni – 82 bet, noyabr oyidagi 7-soni 65 bet holda chop qilingan.
“Milliy adabiyot” jurnalining bosh muharriri Milliy Turkiston komitetining prezidenti Vali Qayumxon bo‘lgan. Jurnalning mas’ul muharriri sifatida Qobizchi Qo‘rqit, M.Ravshan, shuningdek, Bet-Olmon, Sayran, Xushnud, Sog‘in, Olloberdi, Masrur, Yonqinli kabi tahririyat a’zolari faoliyat ko‘rsatganlar. Ushbu yozuvchilar o‘zlarining maqola, she’r va hikoyalarini muntazam jurnal sahifalarida e’lon qilib borganlar. Jurnal Berlin shahridagi “Berlin SW 68. Neuenburgerstr. 14. Turkestanische Mittelstelle” (Toplam adresi: Berlin SW 68. Neuenburgerstr. 14. Turkestanische Mittelstelle . Tel. 176619) manzilida chop qilingan edi.
“Milliy adabiyot” jurnalining oldiga qo‘ygan asosiy vazifalari:
1. O‘z nashrlari bilan butun turkistonliklar orasidagi birlikni saqlash va bu g‘oyani ko‘proq tarqatish!
2. “Men”, “sen” so‘zlari o‘rniga “biz”, “siz” tushunchalarini butun turkistonliklar orasida yanada kuchliroq o‘rinlashtirish. “Men”, “sen”ni yo‘q qilib, buning o‘rniga yolg‘iz “bizlar”gina bordir deya, butun turkistonliklar birga bo‘lib, bir yoqadan bosh chiqarib, bir maqsadda kurashish. Boshqalarga qo‘g‘irchoq bo‘lmaslik! Harkim o‘zi, o‘z turmushi uchungina yashamasdan, yurt, vatan uchun yashashi kerak! Buni o‘z qobiliyat va qalam kuchi bilan xalqqa va olamga bildirish kerak! Yoshlar yuragidagi o‘tni yanada kuchliroq yondirish kerak! Bu milliy o‘tlar alanga olib, yovlarni kuydirsin!
3. Buyuk milliy yozuvchilar yo‘lidan davom etish lozim! “Turkiston”, “Qarg‘alar” she’rlarini yozgan buyuklarning chizig‘i, bunga misol-o‘rnak bo‘lsin! Turkistonliklarga milliy ruh berishda ishlash va borliq mavzu birlik uchun, birlikning butunligi uchun bo‘lsin! “Turkiston – turkistonliklar uchun!” ekanini xalq orasida tarqatish!
4. Ota-bobolar kabi harakat qilmoq, ota-bobolar kabi chorlov, demak – ular kabi qahramon, to‘g‘ri yo‘ldan chiqmaydigan, hech kimga sotilmaydigan, toza yurakli Turkistonliklar bo‘lish demakdir!
5. Yovga qarshi o‘tli, o‘tkir nashrlar chiqarish!
6. Yurt, millat uchun, Turkiston istiqloli uchun, milliy fundament qurishda, milliy yo‘ldan og‘ishmay, ushbu fikrlarni tarqatish kerak: Milliy adabiyotning prinsipi – Turkiston birligidir!
Jurnali muayyan tuzilma va mazmunga ega bo‘lib, unda “Hikoyalar”, “She’rlar”, “Xalq adabiyotidan”, “Tarjimalar”, “Milliy adabiyot yo‘lidan”, “Boshqarmadan” kabi ruknlar doimiy ravishda yuritilgan. Mazkur ruknlar orqali sovet hokimiyatining Turkistonda olib borgan siyosatini turli qirralarda tahlil qilishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, maorif tizimidagi o‘zgarishlar, diniy hayotga munosabat, til siyosati, shuningdek, sovet adabiyotini yaratish va tarixshunoslikni mafkuraviy asosda shakllantirishga qaratilgan harakatlar tanqidiy ruhda yoritib berilgan.
Jurnal sahifalarida jadid ma’rifatparvarlarining ilmiy va adabiy merosini tiklashga ham alohida o‘rin ajratilgan. Unda Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Elbek, Botu kabi adib va shoirlarning asarlari, ularning milliy uyg‘onish g‘oyalarini aks ettiruvchi ijod namunalari muntazam ravishda chop etilgan. Jumladan, Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”idan parchalar berilgani roman targ‘iboti va adabiy merosni saqlashda muhim ahamiyat kasb etgan.
Muhojirlik sharoitida ijod qilgan turkistonlik adib va shoirlar asarlarida an’anaviy lirik mavzulardan ko‘ra, ijtimoiy-siyosiy mazmunni ustuvor qo‘ydilar. Ular milliy ozodlik, istiqlol, erkinlik, vatan taqdiri va xalqning kelajagi kabi dolzarb masalalarni badiiy talqin etishga intildilar. Shu jihatdan, jurnalda e’lon qilingan Cho‘lponning “Yaproqlar”, “Farg‘ona”, “Zarafshon” (safar esdaligi), Fitratning “Mirrix yulduziga”, “Qon”, “Bir oz kul”, Elbekning “Til”, Botuning “O‘zbek qiziga”, “Qayonga”, “So‘rma” kabi she’rlari milliy ruh, ozodlik g‘oyalari va ijtimoiy kurash mavzularini yoritishi bilan ajralib turadi.
Jurnal sahifalarida jadid adiblarining she’rlari bilan bir qatorda, ularning ma’rifiy-tarbiyaviy ahamiyatga ega hikmatli so‘zlari ham keng o‘rin olgan. Ayniqsa, Abdurauf Fitratga mansub “Turma, yugur, tinma tirish, bukilma yuksal! Hurkma kirish, qo‘rqma yopish, burulma qo‘zg‘al! ...” mazmunidagi chaqiriqlar, shuningdek, boshqa jadid ziyolilarining o‘gitlari muhojirlik sharoitida yashagan turkistonliklar uchun ruhiy tayanch va ma’naviy kuch manbayi bo‘lib xizmat qilgan. Ushbu fikrlar orqali jurnal o‘quvchilarni milliy birlikka, jipslikka va sovet hokimiyati yuritgan siyosatga qarshi ma’naviy kurashga da’vat etgan.
Shuningdek, jurnal sahifalarida sovet hokimiyatining qatag‘on siyosati mohiyatini ochib beruvchi qator maqolalar ham muntazam ravishda e’lon qilingan. Jumladan, “Sayid ota” va “Jallodlar” kabi maqolalarda davrning og‘ir va fojiali voqeliklari, inson taqdirlari misolida ochib berilgan. Xususan, jurnalning 1943-yil 1-sonida Abdulla ismli muallif tomonidan yozilgan “Jallodlar” nomli xotira chop etilgan bo‘lib, unda qatag‘on siyosatining asl mohiyati, uning inson hayotiga ko‘rsatgan shafqatsiz ta’siri va zamonning dramatik manzarasi badiiy-ommabop ruhda ifoda etilgan. Mazkur xotirani to‘liq holda keltirib o‘tish, uning mazmun-mohiyatini chuqurroq anglash va tadqiqot nuqtayi nazaridan tahlil qilish imkonini beradi:
“Ozon payti... Tong endigina otib kelayotir. Hamma shirin uyquda. Uzoqdan onda-sonda xo‘rozlarning qichqirgan tovushlari eshitilib qoladi. Ko‘klamning kishini qitiqlovchi shamoli esib turmoqda.
Tongning mana shunday lazzatli bir paytida qo‘shnimizning hovlisida ikki ayol kishining avval birdaniga baqirib, keyin bo‘g‘iqroq tovush bilan yig‘lagan ovozi eshitilib qoldi.
Irg‘ib o‘rnimdan turdim. “Ajabo, bu qanday hol, nima bo‘ldi, nega bevaqt yig‘laydilar?”. Alpin-talpin kiyinib, qo‘shnimiznikiga chiqdim. Risqi xola kelini Mehrixon bilan o‘choq boshining bir burchagiga buqinib, ko‘zlaridan marjon kabi yoshlarini to‘kmoqdalar.
– Xo‘sh, Risqi xola, o‘zi nima so‘z? – deb hovliqib so‘radim.
Risqi xola o‘pkasini zo‘rg‘a to‘xtatib, yengi bilan ko‘z yoshini artib olgach:
– Hamdamjondan ajraldik! – deb ayta oldi va yana ko‘z yoshini oqiza boshladi.
Butun tanimni titroq bosdi. Kutilmagan bu xabar meni esankiratib qo‘ydi. Hech ishongim kelmaydi, Hamdamjon soppa-sog‘ yurgan edi.
Risqi xola mening ahvolimga tushundi. O‘rnidan turib oldimga keldi va uyga tomon ishora qildi.
Uyga qaradim, ilektirik chirog‘ining nuri ostinda oynadan uch kishining gavdasi ko‘rindi. Tanimdagi qaltiroq yana kuchaydi, shoshilib oynaga qarab yurdim. Ko‘zimga avval Hamdamjon ko‘rindi, uning yoninda shipdek bo‘lib, uchta harbiy formadag‘i kishi turur edi. Risqi xola ham mening ketimdan oyna oldig‘a kelib:
– Hamdamjon tiriklayin o‘ldi, o‘g‘lim! – deb, peshonasig‘a bir urdi.
NKVDning tozi itlari Hamdamjong‘a ov qilg‘on ekanlar. Hamdamjon ularning oldida dadil turub, ba’zi qo‘rqoqlarg‘a javob bermoqda edi. Uning er yigitlik xususiyati bor edi. U bahodir bir kishi edi...
Hamdamjonning uyini toza tintidilar. Sanduqdagi barcha matohlarni irg‘itib tashladilar, devolning (devorning – M.D.) teshiklarini pichoq bilan o‘yub kavlab ko‘rdilar... oqibatda bir necha rasm, kitob topdilar, xolos.
NKVD vakillaridan birisi X(i)toy chinnisidan qilingan chiroylik bir kuvachani papkasiga solib olayotgan bir vaqtda, ikkinchisi Hamdamjonga qarab:
– Tezroq kiyin! Biz bilan birga ketasan! – deb, do‘q qildi.
Hamdamjonda bu o‘g‘rilarning qirqtasini bir qozon qilg‘udek kuch bor edi. U har zamonda qoshlarini jimirib, qarshisindag‘i dushmanlarini majaqlag‘udek bo‘lar edi, lekin u na iloj edi...
O‘g‘rilar shubhalangan narsalarini bir buqcha (bo‘xcha – tugun – M.D) qilib, oldilarig‘a Hamdamjonni solib, jo‘nab qoldilar.
Hamdamjonning oq sut berib o‘stirgan onasi dod-faryod qilib o‘g‘lining oyog‘i ostig‘a tashlandi.
– Gunohsiz o‘g‘limni qay yerga olib borasizlar? Voy dod!... deb baqirdi.
Lekin bu foydasiz edi. O‘g‘rilar Risqi xolani bir turtib, ko‘cha eshigini taqillatib chiqib ketdilar. Bechora Risqi xola qon qaqshab qolaverdi.
... Oradan ikki yil o‘tdi. Hamdamjon NKVDning zindonlarida tergovsiz yotaverdi. Risqi xolaning bormag‘an idorasi, yozmag‘an arzi, dodi qolmadi. Ikki yillik sargardonlik natijasinda uyidagi butun moldan ajraldi. Sud organlarida o‘lturg‘on (o‘tirgan – M.D.) o‘g‘rilar yolg‘on-yoshiqlar bilan uni yupatib, pulini olaberdilar. Hamdamjon esa doim so‘roqsiz yotar edi...
Hamdamjon bir iloj qilib, kimlarningdir yordami bilan xat chiqaribdi. O‘qub ko‘rdim. Unda odam bolasi chidab bo‘lmayturg‘on narsalar yozilg‘on.
“O‘limiga roziman onajon! – deb boshlaydi u xatni, – ikki yildan beri azob chekaman. Haqiqat qilmaydilar. Sovetlarg‘a qarshi uyushmada bo‘lg‘oningg‘a iqror bo‘l, deb qistaydilar, uradilar, haqorat qiladilar. Yalong‘och qilib, tomog‘imgacha kelaturg‘on suvga tushurib qo‘ydilar...”
Xatning davomini yozishga til bormaydi. Qanday zolimliq! Toza bir kishini bulg‘aydilar. Oq sutni qora deb aytuvga majbur qiladilar.
Eng so‘ngida Hamdamjonni sud qilishni ep ko‘rmadilar. Moskovga, yahudiy jallodlari qo‘lig‘a yubordilar. Guvohsiz “ayibdorsiz”, u yerda masalaning qanday ko‘rilgani noma’lum. Lekin tez orada Hamdamjonni surgun qildilar. G‘arib ona o‘z o‘g‘lining yuzini ham qo‘rmay qoldi. Uni ko‘z qorasi o‘g‘lidan ayirdilar, xo‘jalig‘ini vayron qildilar.
Oradan uch oy vaqt o‘tdi. Bir kun Risqi xolani NKVDga chaqirtirdilar. Uning qo‘liga “mana o‘g‘lingizning xati” deb bir qog‘oz tutdirdilar. Risqi xolaning uchishga qanoti yo‘q edi. “O‘g‘limning oq xati qo‘limga tegdi” deb, uyiga qarab yugurdi. Xatni qo‘limg‘a berar ekan, tez o‘qib berishimni o‘tindi. Men xatni oldim. Muhur va qo‘llar bilan tasdiqlangan bir rasmiy qog‘oz. Men o‘zimni yo‘q qilib qo‘ydim. Ko‘zlarimdan qanday yosh tomganini o‘zim ham his qila bilmabman.
– Xo‘sh, o‘g‘lim, nima, nima?..., – deb, qaltirab so‘radi Risqi xola.
Yashirishning iloji yo‘q edi.
– Hamdamjon vafo (vabo) kasali bilan og‘rib qolibdi! – dedim.
Oq xat keltirdim deb quvong‘on onaning shu fursatdag‘i hayolini qaramaysizmi? Uning ko‘z oldi qorong‘iliq bosdi. Ranglari o‘chdi, dami ichiga tiqilib, bir necha minut bo‘zrayib qoldi.
– Voy uying kuygirlar! – deb baqirib yig‘ladi.
Aza ochdilar. Undan-mundan qarz-qurz to‘plab motam o‘tkazdilar.
Kunlardan bir kuni yana shu qora tanali harbiy formadag‘i kishilar kirib keldilar. Ular tag‘in Hamdamjonning uyiga kirdilar. Yana tintuv. Ular o‘zlarincha nimanidir qidirgandek bo‘lib, allaqanday qog‘ozlarini olib ketdilar. Oradan yana bir necha haftalar o‘tib ketdi. Uzoq Sibiriyadan Risqi xolaning otig‘a bir xat kelib qoldi. Men shoshilib xatni o‘quy boshladim.
– Eh, jallodlar! – deb qichqirib yubordim.
Hamdamjonning ozarbayjonli bir do‘sti haqiqatni bildirib yozib yuboribdi ekan.
Surgunning azobi qattiq bo‘lg‘on. O‘ruslar, yahudiylar musulmonlarni og‘ir ishlarg‘a buyurib qiynag‘anlar. Hamdamjonning sabri ketgan. U o‘zining toza, sof yigitlik paytining tugalishiga chiday olmagan. Hamdamjon, gunohsiz bir turkistonlik yigitni urayotgan soqchiga intilib, (soqchini – M.D.) urgan. Unga boshqalarda qo‘shilg‘on. Natijada yahudiy soqchi chala o‘lik qilib tashlangan. Bu voqea yuz bergan oqshomi Hamdamjonni otib o‘ldirganlar. Lekin bu o‘ldirish hech kimga bildirilmasdan bajarilgan...
– Eh... Jallodlar... Hamdamjonning boshig‘a yetdinglarmi?! – deb baqirdim.
Ona esini yo‘qotib yotib qoldi.
Bu voqeadan so‘ng meni askarlikka oldilar...”
Umuman olganda, “Milliy adabiyot” jurnalining nashri yo‘lga qo‘yilishi turkistonlik yoshlarni, yozuvchilarni, shoirlarni bir marraga – nuqtaga birlashtirgan. Jurnalda e’lon qilingan qatag‘on siyosatiga oid maqolalar orqali mustamlaka-sovet hokimiyatining Turkiston adabiyotini o‘stirmay, qullikda ushlab kelishiga qarshi kurashgan. Milliy adabiyot bilan qurollantirib, yoshlarni milliy ruhda tarbiyalashga xizmat qilgan.
Umuman olganda, “Milliy adabiyot” jurnali chop etilishi turkistonlik yoshlarni, yozuvchilarni, shoirlarni bir maqsadga birlashtirgan. Jurnalda e’lon qilingan maqolalar orqali mustamlakachilarning Turkiston adabiyotini o‘stirmay, qullikda ushlab kelishiga qarshi kurashgan. Milliy adabiyot bilan qurollantirib, yoshlarni milliy ruhda tarbiyalashga xizmat qilgan.
Mashhuraxon DARMONOVA,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent
Foydalanilgan manbalar ro‘yxati
1. Mashhura Darmonova. Jadidlar faoliyati va ijodida milliy uyg‘onish masalasi. “Vodiynoma” jurnali. 2023-yil. № 3. 49-bet.
2. “Milliy adabiyot” jurnali. Berlin. 1943. 1-son. 1–3-betlar.
3. Turkiyaning Adana shahrida istiqomat qilayotgan farg‘onalik Chig‘atoy Ko‘char jurnal haqidagi o‘z bilganlarini aytib berdi. Adana. 2023-yil 18-avgustdagi suhbat.
4. Vali Qayumxon. Yangi yumushlar. “Milliy adabiyot” jurnali. Berlin. 1944. 2-son. 16-bet.
5. Abdulla Qodiriy. O‘tkan kunlar (shu nomli romandan olindi) Raqib izidan. “Milliy adabiyot” jurnali. Berlin. 1943. 5-son. 20–30-betlar.
6. Abdulla. Sayid ota. “Milliy adabiyot” jurnali. Berlin. 1943. № 2. 62–68-betlar.
7. Abdulla. Jallodlar. “Milliy adabiyot” jurnali. Berlin. 1943. № 1. 51–55-betlar.
Tarix
Til
Falsafa
Mafkura
Ma’naviyat
Tarix
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q