Barcha davrlarda ayollarning jamiyatdagi o‘rni alohida ahamiyat kasb etgan. Ularning turmush tarzi va tashqi ko‘rinishi har bir davrda o‘ziga xos bo‘lib, buni tarixiy asarlarni o‘rganish va tahlil qilish orqali bilib olish mumkin. Jumladan, 19-20-yuzyillikda Turkistonga tashrif buyurgan ingliz sayyohlari ham o‘z safarnomalarida bu yerda istiqomat qilgan ayollarning tashqi ko‘rinishi, kiyim-kechaklari, fe’l-atvori, mashg‘ulotlari va jamiyatda tutgan o‘rniga e’tibor qaratishgan. Elchi, sayyoh, savdogar, darvesh va boshqa qiyofalarda kelgan ingliz tilli sayyohlar Turkiston ayollarining tashqi dunyodan ajralgan, yopiq turmush tarziga ko‘proq urg‘u berishgan. Tabiiyki, ular Sharq ayollarini G‘arb ayollariga solishtirish orqali o‘zlarining fikrlarini “orientalistik” nuqtai nazardan ifodalashgan. Bu borada, ayniqsa, Buxoro ayollari doimo alohida diqqat markazida bo‘lib kelgan.
19-yuzyillik 30-yillarida Buxoroda bo‘lgan A.Byorns ma’lumotlariga ko‘ra, ayollarga muomala qilishda o‘ta ehtiyotkor munosabatda bo‘lishgan, bu yerda hech kim ular bilan gaplashmasligi va agar ayol hukmdor haramidan bo‘lsa, hatto u tomonga qarash ham ta’qiqlangan.
19-yuzyillik 60-yillarida Turkistonda bo‘lgan A.Vamberi ham Xivaga borganida xuddi shunga o‘xshash ma’lumot beradi. Shuningdek, u faqat Xiva va Qo‘qonning qishloq hududlarida yashaydigan turmush qurgan ayollar kamdan-kam hollarda yuzini yopishini, Buxoroda esa hatto qishloq joylarida ham, islom tartib-qoidalariga qattiq rioya qilinib, bunday holatlar juda kam uchrashini ta’kidlab o‘tadi.
Turkiston ayollarining kiyimlari ham ularning yoshiga va yashaydigan hududiga qarab ma’lum bir farqlarga ega bo‘lgan. Buxoroda ayollar kiyimlari hashamatsiz va ko‘zga tashlanmaydigan bo‘lishiga e’tibor qaratilgan va jinslar o‘rtasidagi tafovutni yaqqol ko‘rsatib turgan. Buxoro ayollari haqida A.Byorns ularning ot ustida yurishi, paranji yopinishi va oq kiyimdan ko‘ra ko‘k kiyimni afzal ko‘rishlari, chunki ko‘zga tashlanmaslikni xohlashlarini yozib qoldirgan.
A.Vamberi ham ayollarning kiyinishda erkaklar kiyimidan ham ko‘ra ko‘proq hashamatdan qochish ko‘zga tashlanishini urg‘ulaydi. Yoz faslida ayollar uy ichida to‘piqqacha tushadigan uzun ko‘ylak, qishda esa ko‘ylak ustidan ikki qavat qalin paxtali nimcha kiyib, beliga ro‘mol bo‘g‘lashganini va ko‘chaga chiqishganida erkaklar choponiga o‘xshash uzun ustki kiyim kiyib, unga o‘ranib, ikki qo‘li bilan tutib olishgani haqida ma’lumot beradi. Erkaklar yorqin rangli keng kiyimlarda yurishgan bo’lsa, ayollar, aksincha, to‘q ko‘k rangli keng kiyimda bo‘lib, boshlariga yopinchiq tortishgan. Boshdan ko‘krakkacha ot junidan tayyorlangan niqob taqishgan. Oyoq kiyimlari esa og‘ir va qo‘pol charm etiklardan iborat bo‘lgan. Shuningdek, boy va martabali ayollar ko‘chaga chiqmasligi va agar zarurat tug‘ilsa yosh ayollar ham qari va nochor qiyofada ko‘rinishga harakat qilishlari haqida yozib qoldirilgan.
Demak, Buxoro butun Turkistonda islom dinining markazi hisoblanganligi sababli aholi vakillari shariat qonun-qoidalariga boshqa hududlar aholisiga nisbatan qat’iy rioya qilishiga alohida e’tibor qaratilgan. Ayniqsa, ayollar masalasida bu yaqqol ko‘zga tashlanganligini yuqoridagi ma’lumotlardan ko‘rish mumkin.
Umuman olganda, Buxoro ayollari doimo chet ellik sayyohlarni qiziqtirgan va ular o‘z vatanlariga qaytib borishganida ham Buxoro ayollarining qanday ko‘rinishda ekanligiga qiziquvchilar ko‘p bo‘lganini yozadi. Buxoro ayollarining shunchalik ko‘zdan yiroq yurishlari sayyohlarni doimo ajablantirgan. Bu haqida keyinchalik 19-yuzyillik oxirida Turkistonga kelgan sayyohlar ham qayd etishadi. Masalan, J.N.Kerzon: “Men Buxorodan qaytgach, menga tez-tez bir savol berishdi – bu, deyarli har bir ingliz odam birinchi bo‘lib so‘raydigan savol edi: “Buxoro ayollari qanday?”, – Men bunga umuman javob bera olmayman, chunki o‘n yoshdan ellik yoshgacha bo‘lgan birorta ayolning yuzini ko‘rmaganman. Kichik qizchalar yopilmagan holda, bo‘sh ipak ko‘ylaklarda yugurishar, sochlari esa kichkina qalpoqchadan chiqib ketgan uzun o‘rimlarda bo‘lardi. Shuningdek, qari kampirlar ham yuzlarini yashirmas edi, chamasi, ular endi hech kimda xavfli his-tuyg‘ularni uyg‘ota olmaydi deb hisoblangani uchun bunga ruxsat berilsa kerak. Ammo ayollarning aksariyati o‘zlarini butunlay ko‘zdan pinhon tutishgan — hatto ko‘rishga urinayotgan odamni ham bezdiradigan darajada”, deya qayd qiladi.
Shu davrda Buxoroga kelgan J.Dobson ma’lumotlariga ko‘ra, Buxoro ayollari Samarqand ayollariga nisbatan yuzlariga ancha qat’iyroq parda tutishgan bo‘lib, “kofirlar” o‘tib ketguniga qadar yuzlarini devorga qaratib, yoki biror burchakka chekinib turishgan. Bu yerda yuzini ochishga ruxsat berilgan yagona ayollar tilanchilar bo‘lib, asosan, beva ayollar bo‘lishgan. Sayyoh fikricha, ular erkaklar e’tiborini tortish va ularning haramiga olinish umidida shunday qilishgan.
Yuqorida ta’kidlanganidek, Turkistonning Buxorodan boshqa hududlarida yashovchi ayollarning hayotida unchalik qattiq cheklov ko‘zga tashlanmagan. Ayniqsa, xivalik ayollar buxorolik ayollardan farqli ravishda paranji yopinishmagani, balki salla o‘rashgani haqida ingliz tilli safarnomalarda ma’lumot beriladi. Mak Gahan xivalik ayollarni kuzatib, ularning baland oq salla o‘rashlarini qayd etib o‘tadi. Mak Gahandan keyin Xivada bo‘lgan F.Byornabi esa, “Xiva ayollari qirg‘izlar orasida odat bo‘lganidek yuzlarini ochishmaydi va Payg‘ambar qoidalariga qat’iy rioya qilishadi. Ular bizga ro‘mollarining burchagidan zimdan qarashdi”, deya ma’lumot beradi.
19-yuzyillik oxirida Ole Olufsen xivalik ayollarga ta’rif berib, “xivalik ayollar yuzlarida ot yolidan to‘qilgan yopinchiq bo‘lsa-da, buxorolik ayollardan farqli ravishda ularni ko‘tarib qarashga cho‘chimaydilar va uy tashqarisida yuzlari ochiq holda ish qiladilar. Turmushga chiqmagan qizlar qizil kiyim kiyib, boyqush patlari qadalgan kichkina do‘ppi kiyishadi. Boyqush patlari esa ularni yovuz ruhlardan himoyalashiga ishonishadi. Keksa ayollar moviy kiyim kiyib, yuzlarini ochib yurishadi”, deya ma’lumot beradi. Demak, ingliz sayyohlari xivalik ayollar buxorolik ayollarga qaraganda erkin ekanliklarini ularning o‘zlarini tutishi va rang-barang kiyim kiyishlarini misol keltirish orqali urg‘ulashga harakat qilgan. O.Olufsen, shuningdek, xivalik ayollarning go‘zal ekanligini, ammo yigirma yoshdan keyin ular go‘yoki keksayib qolgandek ko‘rinishini ta’kidlaydi. Bu esa ko‘pincha ularning barcha ro‘zg‘or ishlarini bajargani bilan bog‘lanadi.
Ayollar shug‘ullanadigan mashg‘ulotlar bilan birga ularning mehnatkashligi haqidagi ma’lumotlar ham sayyohlar asarlarida o‘z aksini topgan. Unga ko‘ra, ayollar ro‘zg‘or ishlaridan tashqari musiqa chalish va hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish kabi mashg‘ulotlar bilan band bo‘lishgan. 19-yuzyillik 40-yillarida Xivada bo‘lgan J.Abbot xivalik ayollarning sevimli mashg‘uloti yahudiy changlarini chalish ekanligi haqida ma’lumot bersa, Mak Gahan xivalik ayollar yoz faslida, teraklar soyasida o‘tirib ipakdan mato to‘qishganini ta’kidlab o‘tadi.
Ko‘chmanchi hayot kechiradigan qirg‘iz va o’zbek oilalarida barcha ishlarni ayollar bajargani, erkaklar esa ov bilan mashg‘ul bo‘lishgani haqida ma’lumotlar beriladi. Xususan, A.Vamberi ham ko‘chmanchi hayot kechiradigan qirg‘iz ayollarining juda ham mehnatkashligini, barcha dam olayotganida ular tinmay ish qilishlari, turli yoshga mansub ayollarning birgalikda namat to‘qish jarayonini tasvirlab beradi. Xuddi shunga o‘xshash ma’lumotni O.Olufsen ham bergan bo‘lib, unga ko‘ra Buxoroda ayollarga barcha uy yumushlarini bajaruvchi xizmatkordek qaralishi, shu sababli ular erta qarishi va qishloq ayollarining tom ustida meva quritish ishlari bilan shug‘ullanishlari haqidagi ma’lumotlarni qayd etadi. Demak, bu ma’lumotlar orqali turkistonlik ayollarning mehnatkashligi hamda turli faoliyat sohalari bilan shug‘ullanganligiga guvoh bo‘lish mumkin.
Keyinchalik ham ayollar shug‘ullanadigan faoliyat turlari kengayib borgan. 20-yuzyillik boshiga kelib Turkiston ayollarining turmush tarziga alohida e’tibor qaratib, o‘z safarnomasini Turkiston ayollarini kuzatish asnosida yozgan angliyalik ayol A.Miken asarida juda ko‘plab muhim ma’lumotlarni uchratish mumkin. U ayollar shug‘ullangan mashg‘ulotlar turlarini kuzatib, ular haqida ma’lumotlar keltiradi. Masalan, ayollarning uzumlarni uylarning tekis tomlari ustiga yoyib, mayiz tayyorlash ishlari bilan shug‘ullanishganini ta’kidlaydi. Bundan tashqari, marg‘ilonlik ayollar ipak qurti boqish va ipak matolar to‘qishi, savdo bilan shug‘ullanishi, Toshkentda yosh qizlarning sep uchun choyshabga qizil va qora ipak iplar bilan kashta tikishi va ularni sotuvga chiqarishi haqida ma’lumotlarni berib o‘tadi. Qizlar tikkan choyshablar chiroyli tikilganligi sababli hatto Moskva bozorlarida ham ularga talab yuqori bo‘lgan.
Kambag’al oilalardagi ayollar esa qishloq xo‘jaligida mehnat qilishlari haqida ma’lumotlar A.Miken asarida o‘z aksini topgan. Shuningdek, A.Miken asarida akasi bilan haj ziyoratiga borgan ayol haqida ham ma’lumot beradi. U ayol Istanbul va Quddusda bo‘lgani haqida aytadi. Demak, turkistonlik ayollar uy yumushlaridan tashqari turli mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishgan va ular tayyorlagan mahsulotlar nafaqat Turkiston, balki Rossiya bozorlariga ham yetib borgan. Bundan tashqari, ayollar orasida haj ziyoratiga boruvchilar ham bo‘lgan.
Umuman olganda, sharq ayollarining mehnatkashligi, iffatliligi va begonalar nazaridan chetda yurishi kabi odatlar g‘arblik sayyohlarni hayratda qoldirgan. Ular bu holatni faqatgina islom qonunlariga qat’iy rioya qilish deya tushunishgan. Aslida, turkistonlik erkaklar o‘z ayollarini begona ko‘zlardan himoya qilishi va or-nomus tushunchasining kuchliligi ham bunga sabab bo‘lgan. Ba’zi sayyohlar asarlarida asosan sharqqa o‘zlarining orientalistik yondashuvlaridan kelib chiqib, uni go‘yoki G‘arbdan ortda qolgandek tasavvur uyg‘otishga harakat qilishgan.
Shalola MUHIDDINOVA,
O‘zR FA Tarix instituti tayanch doktoranti
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. Abbot J. Narrative of a Journey from Heraut to Khiva, Moscow, and St. Petersburgh, During the Late Russian Invasion of Khiva; with some account of the of the court of Khiva and the Kingdom of Khaurism. In two volumes. Vol. I. London. 1856.
2. Annette M. B. Meakin. In Russian Turkestan: A Garden of Asia and Its People // G. Allen, 1903.
3. Burnaby F. A ride to Khiva. Travels and adventures in Central Asia. Cassel Petter & Galpin: London, Paris, New York. 1877.
4. Burns, Alex. Travels into Bokhara; being an Account of a Journey from India to Kabul, Tartary and Persia // London. John Murray. Vol. I.
5. Curzon N. George. Russia in Central Asia // London, Longmans, Greens and Co., 1889.
6. Dobson J. Russia’s railway advance into Central Asia. London. W. H. Allen & Co., 13, Waterloo place and at Calcutta. 1890.
7. Mac Gahan J. A. Campaigning on the Oxus and the Fall of Khiva // New York, Harper & Brothers, 1874.
8. Olufsen O. The emir of Bokhara and his country. Copenhagen, Gyldendalske Boghandel Nordisk Forlag. London: London: William Heinemann. 1911.
9. Vamberius A. Sketches of Central Asia. Philadelphia. J. B. Lippincott & Co. Wm. H. Allen & Co., 13, Waterloo Place, Pall Mall, London. 1868.
Adabiyot
Adabiyot
Tarix
Tarix
Til
Adabiyot
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q