Inson tabiatan og‘riq va yo‘qotishlardan qochishga dasturlashtirilgan, shubhasiz. Hayotda biror baxtsizlikka uchrasak, imkon qadar undan tezroq qutulish yo‘llarini izlaymiz. Bunga zid o‘laroq, kinoteatrda pul to‘lab yoxud qalin kitobni qo‘lga olib, qahramonlarning o‘limi yoki ayrilig‘ini tomosha qilib yig‘lashni xush ko‘ramiz. “Otello”dan to “Titanik”gacha asr oshib yashab kelayotgan asarlarning siri, ehtimol, aynan shundadir. Nega biz baxtli, rang-barang syujetlardan ko‘ra, qalbni ezuvchi fojialarga o‘chmiz?
Quyida qadimgi yunon falsafasidan zamonaviy mualliflik kinolarigacha, Fuzuliy sufiyligidan to Abdulla Qodiriy “ro‘mon”larigacha bo‘lgan tafakkur zanjiri misolida insonning fojiaga bo‘lgan bu “nosog‘lom” ishqi aslida qanday chuqur ruhiy ehtiyojlarga borib taqalishini tahlil qilamiz.
Katarsis: Qadimiy teatr ruhiyatni qanday davolagan?
Fojianing inson ruhiyatiga paradoksal ta’sirini birinchilardan bo‘lib qadimgi yunon mutafakkirlari anglab yetgan. Aristotel o‘zining “Poetika” asarida sahnadagi qonli va ayanchli qismat tomoshabinda qo‘rquv hamda rahm-shafqat uyg‘otib, oxir-oqibat uning ruhiyatini qusurlardan tozalashini yozadi. Bu qadimiy jarayon fanda “Katarsis” (tozalanish) deb ataladi.
Diqqat markazimizdagi qahramonning dardini birga yasharkanmiz, aslida o‘zimizning eng chuqur, eng yashirin qo‘rquvlarimizni (ojizlik, tark etilish, o‘lim) xavfsiz masofadan turib tatib ko‘ramiz. Biz qahramon uchun yig‘layotgandek ko‘rinsak-da, ongostida o‘zimizning himoyasizligimiz uchun ko‘z yosh to‘kamiz. Yakunda esa teatr zalidan ruhan yengil tortib, go‘yoki butunlay yangilanib chiqib ketamiz. Biroq zamonaviy psixologiya masalaga bundan-da qorong‘uroq rakursdan yondashishni talab qiladi.
Ongostidagi yirtqich
Antik davr faylasuflari fojiani ruhiy shifo deb bilgan bo‘lsa, XX asr psixoanalizi bu paradoksning ildizini inson ongostidagi istaklaridan qidiradi. Zigmund Freydning fikricha, inson qalbida yashash, ko‘payish va yaratuvchanlik (Eros) instinkti bilan bir qatorda, o‘zini halokatga eltuvchi “Tanatos” (o‘lim instinkti) ham muttasil kurashib keladi. Qolaversa, mashhur psixolog Karl Yung ta’biri bilan aytganda, har birimizning ongostimizda jamiyatdan yashiradigan, hatto o‘zimiz ham tan olishdan qo‘rqadigan ibtidoiy “Soya”miz yashiringan.