Nega raddiyalar baʼzan mediani yumshatish oʻrniga portlatadi?


Saqlash
10:19 / 06.04.2026 114 0

Nima uchun raddiyalar baʼzida media-muhitni yumshatishga emas, portlashiga olib keladi?

 

Inson tabiati ajoyib. Masalan, uzoq yillar “Uzunquloq ota” qabrini tavof qilib kelgan odamga lahadda aslida nafasi oʻtkir avliyo emas, balki harom oʻlgan eshak koʻmilgani, qaysidir “tadbirkor” goʻr ustiga sagʻana qurdirib, bu joyni “ziyoratgoh” deb eʼlon qilgani va sodda kishilarni shilib kelgani haqida faktlar bilan aytilsa, u darrov tavba qilmaydi, aksincha tuzatuvchi maʼlumot berganning yoqasidan oladi, oʻz eʼtiqodini yanada qatʼiyroq himoya qiladi, buning uchun “yangidan-yangi” argumentlarni ham qalashtirib tashlaydi.

 

Bu Xudoyberdi Toʻxtaboyevning asaridan kelib chiqib yozilgan bir oʻxshatish-metafora, lekin tarixda ayni holatga mengzash mumkin boʻlgan misollar yetarlicha: yer quyosh atrofida aylanishini ilmiy asoslab bergan Galiley uning aksiga ishongan olomonning gʻazabiga duchor boʻlgan, Semmelveys aksar ayollarning tugʻruqdan keyingi isitma bilan oʻlishi — shifokorlarning amaliyotdan avval qoʻlini yuvmasligi va xonalar xlor bilan dezinfeksiya qilinmagani bilan bogʻliq ekanini isbotlaganida hamkasblari yanada quturib, uni jinnixonaga ravona qilgan va hokazo.

 

Xoʻsh, nega shunday boʻladi? Nima uchun qarashlarimizga, tasavvurimizga, oʻylarimizga zid dalilga duch kelganda mantiqqa mos yoʻnalish olish, deylik bizga qarshi, ammo toʻgʻri maʼlumotni xotirjam, faqat oʻz qarichimiz bilan oʻlchamasdan qabul qilish, fikrimizni oʻzgartirish oʻrniga battar gʻazablanamiz, oldi-orqamizga qaramay qilich sermaymiz, bunga nima yoki qanday omillar bizni majbur qiladi?

 

Iroqda yadro quroli yoʻq? Safsata!

 

2006-yilda amerikalik siyosiy psixologlar — Brendan Nixen va Jeyson Rayfler tomonidan “Political Behavior” jurnalida eʼlon qilingan “Raddiyalar nima uchun samara bermayapti yoki nosogʻlom tushunchalardan qutula olmaslik sabablari” sarlavhali maqolada juda qiziqarli tadqiqot natijalari keltirilgan:

 

Olimlar yolgʻon maʼlumot va undan keyingi tuzatish odamlarga qanday taʼsir qilishini oʻrganish maqsadida oʻsha paytlarda ommaviy muhokamada boʻlgan Iroq urushi mavzusida tajriba oʻtkazadi. Ishtirokchilar ikki guruhga ajratiladi, 1-guruhga Iroqda yadro quroli borligi haqida feyk maqola beriladi, 2-guruhga ham xuddi shu material tarqatiladi, faqat uning xulosa qismiga “Bu maʼlumot xato, aslida Iroqda hech qanday yadro quroli topilmagan” degan rasmiy raddiya ham ilova qilinadi.

 

Natijalar mualliflarni hayratga solgan: liberal qarashga ega kishilar tuzatuvchi maʼlumotni oʻqigach, oʻzlarini aldangan deb his qilgan, haqiqatni tan olgan, mantiq buzilmagan. Biroq boshqalar hech qanday qurol topilmagani haqidagi rasmiy xabardan aksincha, battar tutaqqan, “Boʻlishi mumkin emas! Bu raddiya bizni chalgʻitish uchun ataylab yozilgan” deb oʻzlarining “haq” ekanini isbotlashga tushib ketgan. Nixen va Rayfler ayni mana shu kutilmagan reaksiyaga nisbatan ilk bor “Teskari taʼsir effekti” (Backfire Effect) terminini ilmiy muomalaga kiritgan.

 

Amaliy psixologiya va falsafaga oid ilmiy lugʻatlarga koʻra, bu insonlarning oʻz qarashlariga zid boʻlgan dalillarni rad etishi va paradoksal ravishda dastlabki pozitsiyalarini yanada mustahkamlashiga olib keluvchi kognitiv buzilishdir.

 

2014-yilda oʻtkazilgan boshqa bir eksperiment mazkur effekt jamiyat uchun real tahdidlardan biri ekanini yana bir bor tasdiqlagan: farzandlarini qizamiqqa chalinmaslik uchun emlatishga qarshi boʻlgan yoki natijasiga shubha bilan qaragan ota-onalarga vaksina va autizm oʻrtasida hech qanday bogʻliqlik yoʻqligini isbotlovchi ilmiy maʼlumotlar berilganda ularning aksari tinchlanish oʻrniga, aksincha bolalarini emlatish niyati yoʻqligini maʼlum qilgan.

 

Qoch yoki jang qil

 

2016-yilda Janubiy Kaliforniya universiteti miya va kreativlikni oʻrganish institutining Yonas Kaplan boshchiligidagi neyrobiologlar Teskari taʼsir effektini tushunish uchun muayyan siyosiy pozitsiyaga ega bemorlar ustida magnito-rezonans tomografiya oʻtkazganida oʻz eʼtiqodiga zid, ammo toʻgʻri maʼlumot-dalilga duch kelgan odamning miyasidagi reaksiya, jismoniy xavf paydo boʻlganda kuzatiladigan reaksiya bilan bir xil boʻlishini qayd etgan.

 

Miyada biz koʻrayotgan faollik, goʻyoki inson kimsasiz oʻrmonda ketayotib odamxoʻr ayiqni uchratib qolganda roʻy beradigan oʻzgarishga juda oʻxshaydi, — degan edi ilmiy ish mualliflaridan biri Sara Gimbel. — Miya sizga oniy lahzalarda “Qoch yoki jang qil” degan signalni yuboradi va himoyaga tayyorlanadi. Yaʼni, baʼzi qadriyatlar inson shaxsiyati uchun shunchalik muhimki, abstrakt gʻoyalarni ham oʻz jismoniy mavjudligiga tahdid sifatida qabul qiladi.

 

Oʻzining nohaq ekanini koʻrsatuvchi fakt/fikrga duch kelgan (va oʻzini xavf ostida his qilgan) inson koʻpincha uni qayta ishlash va miyani “perezagruzka” qilishdan bosh tortadi, aksincha rad etish yoʻllarini izlay boshlaydi (“himoya instinkti” yoqiladi). Kembrij universiteti lektori Itamar Shatsning qayd etishicha, ayni shu jarayonda Teskari taʼsir effekti yarq etib koʻzga tashlanadi:

 

Yangi maʼlumotni inkor qilishga urinishda, odamlar eng avvalo oʻz argumentlarida foydalanishi mumkin boʻlgan eski/ notoʻgʻri bilimlarini eslashga harakat qiladi, bu esa oʻsha “bilimlar”ni ular ongida yanada mustahkamlanishiga olib keladi, shuningdek inson hech qanday yangi faktlar boʻlmagan taqdirda ham, shunchaki, nafsiga yoqmagan mavzuda mulohaza yuritish orqali miyadagi maʼlumotlar omborini “boyitish” salohiyatiga ega.

 

Sinab koʻring: esini tanigandan beri Ronalduga muxlis boʻlgan futbol ishqiboziga: “Messi jarima zarbalaridan Krishtianuga nisbatan koʻproq gol urgan” (fakt) deng-chi — qarshisida sizni emas, Zuhrasini oʻgʻirlagan Qorabotirni koʻradi, portugalning raqibidan ustun boʻlgan boshqa oʻnlab rekordlarini sanab tashlaydi, Ronalduning oʻzi ham bexabar yangi-yangi qirralarini yoqangizga yopishtiradi, xullas siz keltirgan dalil teskari taʼsir qiladi.

 

Faktlar fikrni oʻzgartirmaydi

 

Mutaxassislarning fikricha, haqiqatni koʻrsatishning eng samarali usuli — oddiyroq tushuntirishlardan foydalanish va maʼlumot taqdim etish usulini oʻzgartirish. Yaʼni, Gitler haliyam tirikligi yoki dunyoni masonlar boshqarayotganiga “iymon keltirgan” kishilarni faktlar bilan “peshanasiga urish”, oʻta murakkab va ilmiy tushuntirish berish, bosim oʻtkazish, mazax yoki kinoya qilish, shaxsiyatiga tegish faqat teskari effektga olib keladi.

 

Raddiya yoki tuzatuvchi maʼlumotni agressiv ohangda taqdim etish, kishilar qanchalik nohaq boʻlmasin, ish berishi dargumon, chunki bu ularni yangi dalillarni qabul qilishni istamaydigan himoyalanish holatiga tushirib qoʻyadi, —  deb yozadi Shats. — Chunki agar odamlar sizni odobsiz yoki dushman sifatida qabul qilsa, argumentlaringiz har qancha ratsional boʻlsa ham, uning toʻgʻriligiga shubha qilish ehtimoli oshadi.

 

Baʼzan, muayyan info-holat yoki notoʻgʻri axborot boʻyicha davlat organlari tomonidan beriladigan munosabat yoki raddiyalar media-muhitni yumshatish oʻrniga, aksincha olovga moy sepishini endi tushunyapsizmi? Chunki ayrim hollarda tuzatuvchi axborot faqat murakkab tushunchalar va faktlardan iborat boʻladi, foydalanuvchilar “yolgʻon axborotga javobgarlik bor”ligi bilan qoʻrqitiladi, “tanqid qilish yoki feyk tarqatishdan oldin saviyang ustida ishla” mazmunida shaxsiyatga oʻtiladi, hatto ommaviy qoralash kampaniyalari uyushtiriladi.

 

Maʼlumotni qanday koʻrsatish — nimani taqdim etish kabi muhim

 

AQShda qiziq keys kuzatilgan: odamlar onlayn-platformalar orqali davlat byudjetidan ijtimoiy sohaga kam mablagʻ ajratilayotganidan norozilik bildira boshlaydi, masʼul organlarning ijtimoiy taʼminot dasturlari haqidagi faktlarni taqdim etishi foydalanuvchilar fikrini deyarli oʻzgartirmaydi. Shundan soʻng yondashuv oʻzgartiriladi: ikki savoldan iborat soʻrovnoma tashkil qilinadi:

 

1.“Sizningcha, hozir qancha ajratilyapti?” (taxmin).

2. “Sizningcha, aslida qancha ajratilishi kerak?” (istak).

 

Odamlar oʻz pozitsiyasini belgilaganidan keyin ularga real raqamlar koʻrsatilgan: asl miqdor foydalanuvchilar taxminidan ham, ular xohlagan nollardan ham koʻp boʻlib chiqqan. Yaʼni, fuqarolar oʻz javoblari tufayli “tuzoq”qa tushgan va xatosini tan olishga majbur boʻlgan.

 

Bu kuzatuv, agar kimnidir u yanglishgani yoki xato fikrda ekanini koʻrsatish kerak boʻlsa, maʼlumotni qanday taqdim etish — nimani taqdim etish kabi muhim ekanini, tuzatuvchi maʼlumot omma ixtiyoriga konfrontatsiyasiz havola qilinganda kutilgan samara berishini anglatadi.

 

Dilshod NURULLOH,
Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

15:04 / 03.04.2026 0 167
Bu poygada ot choptirib ko‘rganmiz...

Tarix

15:04 / 03.04.2026 0 196
Soxta darveshning Turkiston sayohati. 1-maqola





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//