Mart oyi — dunyo mamlakatlarida ayollar tarixi oyligi sifatida nishonlanadi. Unda gender tenglikka chaqiruvchi aksiyalar, zoʻravonlikka qarshi namoyishlar va ayollarni qadrlashga chorlovchi tadbirlar oʻtkaziladi. Bundan maqsad — ayollarning jahon tarixi va zamonaviy jamiyat rivojiga qoʻshgan hissasini taʼkidlashdan iborat. Mazkur oylik doirasida Oyina.uz ayollar liderlik qilayotgan va muvaffaqiyatga erishgan mamlakatlar tajribasi bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda dunyo siyosatida ayollar yetakchiligi ortib bormoqda. Ilgari siyosat va davlat boshqaruvi asosan erkaklar hukmron bo‘lgan soha sifatida qaralgan bo‘lsa, bugun bu tasavvur asta-sekin o‘zgarib bormoqda. Turli davlatlarda ayollar nafaqat parlament va hukumatlarda faol ishtirok etib kelyapti, balki ularning yirik siyosiy qarorlarni qabul qiluvchi rahbar sifatida namoyon bo‘layotganini ham ko’rish mumkin. Bu jarayon jamiyatda muhim savolni yuzaga keltirmoqda:
Agar dunyoni ayollar boshqarsa, jamiyat va siyosatda qanday o‘zgarishlar yuz berishi mumkin?
Yevropa davlatlari bu savolga javob topish uchun muhim sinov maydoni bo‘lib xizmat qiladi. Masalan, Angela Merkel Germaniyani 16 yil davomida boshqarib, iqtisodiy barqarorlik va siyosiy muvozanatni saqlab qolgan yetakchi sifatida tarixda qoldi. Shuningdek, Sanna Marin boshchiligidagi hukumat Finlyandiyada yosh va gender jihatdan muvozanatli siyosiy jamoa shakllanishining yorqin namunasidir. Bu kabi misollar mamlakatda ayol yetakchiligi – samaraliroq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Ko‘plab tadqiqotchilar ayollar rahbarligi ijtimoiy siyosat, ta’lim, sog‘liqni saqlash hamda gender tengligi kabi sohalarda muhim ijobiy o‘zgarishlarga olib kelishini ta’kidlamoqda. Xususan, tadqiqotchi Konstantina Manoli olib borgan tadqiqotlar natijalarida ko’pgina ayollar boshqaradigan davlatlar dunyoga o’rnak qilib ko’rsatiladi. Shu sababli ham, ayollarning siyosiy jarayonlardagi ishtirokini kengaytirish masalasi xalqaro tashkilotlar va davlat siyosatida dolzarb masalalardan biriga aylangan. Ushbu maqolada Yevropa davlatlari tajribasi asosida ayollar yetakchiligining jamiyat va siyosiy boshqaruvga ta’siri tahlil qilinib, ayol rahbarlik modeli qanday imkoniyatlar yaratishi mumkinligi ko‘rib chiqiladi.
Baxtni qanday baholash mumkin?
Baxtni baholash va mamlakatlar orasidagi farqlarni aniqlashga nima ta’sir qilishi mumkinligi haqidagi savolga “Jahon baxt hisoboti” javob beradi. Jahon baxt hisoboti — bu shaxslarning hayotdan qoniqish darajasini o‘z-o‘zini baholash asosida tuzilgan yillik indeks va maqolalar to‘plami. Muammoli vaziyatlarda odamlarning biror narsaga tayana olishi, adolat, shaffoflik va minimal korrupsiya mavjudligi shaxsiy qadriyatlar va maqsadlarga muvofiq yashash imkoniyati, shuningdek ish va shaxsiy hayot muvozanatini ta’minlovchi siyosatlar va ular orqali shaxsiy va professional rivojlanish imkoniyatlari — mamlakatlarning baxt ko‘rsatkichini belgilovchi omil sifatida sanaladi.
Ushbu ko‘rsatkichlarni shakllantirishda esa hokimiyat va boshqaruv muhim rol o‘ynaydi. Turli sohalarni qamrab oladigan va jamiyatning umumiy farovonligini rag‘batlantiradigan siyosatlar baxtli jamiyatni yaratish va saqlash uchun zarurdir. Barqaror va ilg‘or fikrga ega hukumatlar odamlarni ma'nan kuchli qilib, ularga ijtimoiy yoki iqtisodiy maqom, yosh, etnik kelib chiqishi, diniy e’tiqodi, jinsi yoki jinsiy orientatsiyasidan qat’i nazar teng huquq va imkoniyatlar taqdim etadi.
Finlyandiya: yetakchilik kuchi
Sanna Marin boshchiligidagi Finlyandiya koalitsion hukumati gender tengligi va ilg‘or boshqaruv ramzi sifatida e’tirofga sazovor bo‘lgan. 2019–2023-yillarda Sanna Marin va uning ko‘plab ayollardan iborat kabineti (jumladan, Katri Kulmuni, Maria Ohisalo, Li Andersson va Anna-Maja Henriksson) Finlyandiyani olti yil davomida dunyoning eng baxtli mamlakati sifatida reytingga kiritgan muhim siyosatlarni amalga oshirdi.
COVID-19 pandemiyasi, immigratsiya va iqtisodiy bosim kabi qiyinchiliklarga qaramay, Marin hukumati ilg‘or qadriyatlar va siyosatni rivojlantirishga sodiq qoldi. Eng birinchi o‘rinda ular oilalarni qo‘llab-quvvatlashni ustuvor vazifa sifatida belgilab, 2020-yilda kuchga kiritilgan “Bolalarni parvarish qilish va ta’lim” milliy qonuni orqali har bir bolaga yuqori sifatli erta ta’lim imkoniyati ta’minlandi. Bu nafaqat bolalarning rivojlanishiga yordam beradi, balki ayollarning ham ishchi kuchi sifatida ishtirokini oshiradi.
2022-yilda joriy etilgan “Ota-ona nafaqasi tizimi” inklyuzivligi bilan e’tirofga sazovor bo‘ldi. Bu tizim barcha ota-onalarga, jinsi yoki oilaviy tuzilishidan qat’i nazar – yolg‘iz ota-onalarga teng imkoniyat yaratadi. Natijada, barcha ota-onalar farzandlarini tarbiyalashda teng ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi, ularning moliyaviy barqarorligi ta’minlandi. Ushbu islohotlar an’anaviy gender normativlarga qarshi kurashib, ota-ona mas’uliyatini bo‘lishishni rag‘batlantiradi, bolalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaydi va ish-hayot muvozanatini yaxshilab, bu orqali jamiyat farovonligini oshiradi.
Bu davrda Finlyandiya iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha ham namuna bo‘ldi. 2022-yilda qabul qilingan “Iqlim to‘g‘risidagi qonun” orqali 2035-yilga qadar karbon neytrallikka erishish maqsadi belgilandi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va barqaror sanoat amaliyotlarini qo‘llash orqali Finlyandiya bugun iqlim faoliyatida yetakchilik qilmoqda.
Ushbu siyosat jamiyatda adolat va inklyuzivlik hissini yaratadi, bu esa aholi orasida, shuningdek, liderlarga bo‘lgan ishonchni shakllantiradi.
Fin sanoat tarmoqlari an’anaviy ravishda erkaklar va ayollar ustun bo‘lgan kasblarga bo‘lingan: ayollarning 66 foizi ayol rahbar yoki menejer qo‘l ostida ishlaydi, erkaklar orasida esa bu ko‘rsatkich atigi 18 foizni tashkil etadi. Davlat sektorida ham ayol rahbarlar ancha ko‘p: davlat xizmatchilarining 71 foizi ayol rahbarga ega. Xususiy sektorda esa bu ko‘rsatkich 31 foizni tashkil qiladi.
Daniya: hayot ishdan ustun
Daniyaning yuqori darajali ijtimoiy ishonch va muvozanat ko‘rsatkichlari, asosan, bosh vazir Mette Frederiksenning siyosatiga bog‘liq. 2019-yildan beri Frederiksen kollektiv farovonlik, tenglik va inklyuzivlikni ustuvor darajalovchi siyosatni ilgari surmoqda.
Yevropaning eng samarali ishchilari sanaladigan daniyaliklar 37 soatlik rasmiy ish haftasida vazifalarni samarali bajarib, uzoq ta’til bilan ishdagi stressni kamaytiradi va mamnunlik hissini oshiradi.
Sog‘liqni saqlash sohasida 2020-yilda joriy etilgan “Umumiy sog‘liqni saqlash siyosati” yuqori sifatli davlat xizmatlari va asosiy ehtiyojlarga kirish imkoniyatini ta’minladi, bu esa moliyaviy stressni kamaytiradi va tengsizliklarni qisqartiradi, deb ma’lumot beradi Jahon Sog’liqni Saqlash tashkiloti.
2020-yilda qabul qilingan “Iqlim kelishuvi” orqali mamlakat jamoaviy mas’uliyatni rivojlantirib, barqaror energiya manbalarida global yetakchilikka erishdi. Frederiksenning boshqaruvi institutlar va fuqarolar o‘rtasida ishonch va hamkorlikni rivojlantiradi, jamiyatni esa farovonlikka yo‘naltiradi.
Bundan tashqari, mamlakat kompaniyalari jinsga oid til ishlatilishini yo‘q qilish ustida ham ishlamoqda: masalan, “insoniyat” o‘rniga “umuminsoniyat”, “onalik yoki bobolik” o‘rniga “ota-ona ta’tili”, “xotin va er” o‘rniga “hamkor” yoki “turmush o‘rtog‘i” so‘zlarini ishlatmoqda.
Islandiya: gender tengligini qayta aniqlayotgan mamlakat
Islandiya o‘n yildan ortiq davr mobaynida eng baxtli va gender tengligi yetakchisi sifatida e’tirof etildi. Mamlakatning davlat arbobi, 2017-2024-yillardagi Bosh vaziri Katrin Jakobsdottir 2017-yildan buyon ayollarga teng imkoniyat yaratish siyosatini ilgari suradi. Xususan, teng maosh, ota-ona ta’tili va siyosiy vakillik sohalarida ham.
2018-yilda qabul qilingan “Teng ish haqi to‘g‘risidagi qonun” dunyodagi eng ambitsiyali va samarali gender tengligi choralaridan biridir. Unga ko‘ra, 25 nafardan ortiq xodimi bo‘lgan kompaniyalar erkak va ayollarga bir xil ish uchun teng maosh to‘lashni tasdiqlovchi sertifikat olishga majbur.
Islandiya ayollar, ayniqsa onalarning o‘z reja va orzularini amalga oshirishini qo‘llab-quvvatlash uchun dunyodagi eng saxiy ota-ona ta’tili tizimiga ega. Shu bilan birga, mamlakat ayollari ish joyida jinsiy tajovuzni kamaytirish, ayollar tadbirkorligini rag‘batlantirish va ularni rahbarlik pozitsiyaga tayyorlash uchun mahsus dasturlar asosida qo‘llab-quvvatlanadi.
Mamlakatda hukumatdagi ayollar vakilligining yuqori foizi (48%) gender tengligiga erishishda muhim rol o‘ynaydi va bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir. Jakobsdottir siyosati jamiyatda adolat va qo‘llab-quvvatlash hissini shakllantirib, gender tengligini ijtimoiy barqarorlik va milliy baxtning asosiy omili sifatida ko‘rsatadi.
World Happiness Report 2026 reytingida Finlyandiya 9 yildan buyon birinchilikda bo’lib, dunyoning eng baxtli mamlakati hisoblanadi. Shu bilan birga, ayollar yetakchilik qilayotgan qo’shni mamlakat Islandiya reytingda 2-o’rinda bo’lsa, Daniya 3-o’rinni zabt etdi.
Finlyandiya Tashqi ishlar tizimida yuqoridan quyigacha — 50/50 gender muvozanatiga erishish maqsadi qo‘yilgan. Norvegiyada esa ayollar kam vakillik qilayotgan lavozimlarga ularni jalb etishni ta’kidlovchi kadrlar siyosati ishlab chiqilgan.
“Ayollarning elchilik lavozimlariga murojaati rag‘batlantiriladi. Agar ular (ayol nomzodlar) yetarli malakaga ega bo‘lsa, kamida bittasi, albatta, suhbatga chaqiriladi,” — deydi Norvegiya Tashqi ishlar vazirligining direktor o‘rinbosari Ragnhild Imerslund.
Ayollar yetakchiligida jamiyat muvaffaqiyatga erishadi
Ayol liderlar ko‘pincha empatiya, inklyuzivlik va uzoq muddatli maqsadga kuchli e’tibor, kabi xususiyatlarga ega bo‘ladi va ular mamlakatda sog‘liqni saqlash, ta’lim, oila va atrof-muhit sohalarida keng qamrovli siyosatlarni amalga oshiradi.
Jahon iqtisodiy forumi (2017) ma’lumotlariga ko‘ra, ayollar yetakchilik qilayotgan mamlakatlarda korrupsiya kamayadi, shaffoflik oshadi va ijtimoiy farovonlik yaxshilanadi. Ularning boshqaruvi institutlarga ishonchni mustahkamlaydi, ijtimoiy stressni kamaytiradi va adolat hissini shakllantiradi. Ayol yetakchilikni rag‘batlantirish jamiyatga manfaat keltiradi.
Erkaklar hukmronligi: gender muvozanati zarurati
Siyosatda ayollarning ishtiroki ijtimoiy farovonlikni oshirishi isbotlanganiga qaramay, ko‘pgina hukumatlar hanuz faqat (aksariyat) erkaklar hukmronligida qolmoqda. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bunday mamlakatlarda hukumatga ishonch past, korrupsiya yuqori bo‘lib, ijtimoiy stress oshgan. Ko‘plab Yevropa mamlakatlarida tezkor hayot tarzi, iqtisodiy bosim va ishdagi stress sababli ish-hayot muvozanati buzilgan.
Masalan, Gretsiya parlamentida ayollar vakilligi darajasi past. Mamlakatda ayollar jinsiy tajovuz, femitsid va oilaviy zo‘ravonlik kabi muammolarga duch keladi. 2021-yilda oilaviy zo‘ravonlik bo‘yicha shikoyatlar 72,9 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2022-yilda bu ko‘rsatkich yana 137,6 foizga yuqorilagan. 2020-2022-yillar oralig‘ida esa politsiya tomonidan qayd etilgan oilaviy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollar soni sezilarli darajada (4 310 tadan 10 356 tagacha) oshgan.
COVID-19 pandemiyasi davrida ayol liderga ega mamlakatlar muvaffaqiyati
The Guardian nashriga ko’ra, hattoki COVID-19 pandemiyasi davrida ham dunyoning ko’plab siyosiy lider ayollari o’zining qat'iyati va xalq bilan yaqinligini ko’rsatib, ko’plab o’lim holatlarini oldini olgan. Ushbu davrda Germaniyadan Yangi Zelandiyagacha, Daniyadan Tayvangacha ayol yetakchilar koronavirus inqirozini yuqori darajada boshqardi. Albatta, erkak yetakchilar boshqarayotgan Vetnam, Chexiya, Gretsiya va Avstraliya kabi davlatlar ham yaxshi natijalarga erishgan. Biroq birinchi qayd etilgan davlatlar orasida muvaffaqiyatsizlari deyarli yo‘q:
39 yoshli Yangi Zelandiya bosh vaziri Jacinda Ardern “karantin” davrida fuqarolarni qo‘llab-quvvatlab, uyidan turib “uyda qoling, hayotlarni saqlang” degan hamdard videomurojaatlar yo‘lladi. U har kuni matbuot anjumanlari va Facebook Live orqali samimiy muloqot olib bordi. Bu o‘z o‘rnida fuqarolarga ishonch va yolg‘iz emaslik hissini bergan. Germaniyada Angela Merkel virusni (1945-yildan keyin) mamlakat duch kelgan eng katta sinov deb atadi va har bir o‘limni insoniy yo‘qotish sifatida ta’rifladi. Keng qamrovli testlar, yetarli reanimatsiya o‘rinlari kabi barcha tegishli choralar va ogohlantirishlar tufayli Germaniyada o‘lim ko‘rsatkichi Yevropaning ko‘plab davlatlariga qaraganda past bo‘ldi. Islandiya bosh vaziri Katrin Jakobsdottir barcha fuqarolar uchun bepul test joriy etdi va keng qamrovli kuzatuv tizimi orqali maktablarni yopmasdan virusni nazorat qila oldi.
Nyu-York universiteti professori Kathleen Gersonning aytishicha, ayol yetakchilar odatda hukumatga ishonch yuqori bo‘lgan jamiyatlarda saylanadi. Bundan tashqari, erkaklar uchun an’anaviy yetakchilik stereotiplaridan chiqish qiyinroq bo‘lishi ham mumkin. Eng yaxshi liderlar esa bir vaqtning o‘zida qat’iyatli va mehribon bo‘la oladi. Ayollarda bu sifatlar bir-biriga zid emas, balki bir-birini to‘ldiruvchi ekanini ko‘rish mumkin. Ayollarni yetakchilikka jalb qilish farofon, sog‘lom va barqaror jamiyatlarni yaratish uchun muhimdir. Yuqorida sanalgan Finlyandiya, Islandiya va Daniya kabi mamlakatlar gender muvozanatli boshqaruv orqali iqtisodiy farovonlik, ijtimoiy birdamlik va aholining farovonligini oshirish mumkinligini ko‘rsatadi.
Ayollarni siyosat kabi asosan erkaklar bilan tasavvur qilinadigan sohalarda qo‘llab-quvvatlash − strategik va axloqiy foyda berib, turli qaror qabul qilish jarayonlariga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. Siyosatda ggender teglik − adolatdan tashqari, tengsizlik, iqlim o‘zgarishi va ruhiy salomatlik inqirozlari kabi global muammolarni hal qilish strategiyasi hamdir.
Diyorbek NORMURODOV,
Oyina.uz
Adabiyot
Falsafa
Tarix
Tarix
Ma’naviyat
Tarix
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q