Istaymanki, qalamni qo‘lumg‘a olub ko‘rganda, eshitgan so‘zlarimdan “Oyina” majallasining o‘quvchilarig‘a bir necha g‘alatirog‘ini yozayin. Lekin xushim kelmaydur...
Istaymanki, yozayin: bu yaqin vaqtlarda katta kishilarimizdan biri katta to‘y qilib, necha shaharlardan davlatmandlarni to‘yig‘a da’vat aylab, alarg‘a necha ming so‘mlar sarf qilganda, faqir odamlarni va benavo talabalarni yodig‘a ham solmadi. Lekin xushim kelmaydur...
Istaymanki, yozayin: mashhur tojirlarimizdan bir necha nafari o‘z oralarida juma kunlarini ta’til qilub, do‘konlarini bog‘lamoqg‘a qaror berib, so‘ngra ahdlarini sindurdilar va hozirda “musichai begunoh”dek juma kunlari savdo qiladurlar, xushim kelmaydur...
Istaymanki, yozayin: boylarimizdan biri talabamiz uchun 5 so‘m iona tilaganda bermay, har bayramda rus xonimlarini ziyofat qilub, 100 so‘m-100 so‘m xarj qiladur-da, o‘zini eng muqaddas va mutadayyin odam hisob qiladur, oh, xushim kelmaydur...
Istaymanki, yozayin: merosiy boybachalarimizdan birisi maktabg‘a ikki so‘m bermoqni isrof bilub, fahshxonalarg‘a necha ming so‘mni nobud qilub, oxirda sinub, mayda-mayda bo‘ldi, xushim kelmaydur...
Istaymanki, yozayin: ba’zilar yana dini shia va sunniy masalasini o‘rtag‘a solub, og‘zig‘a kelgan xurofotni so‘ylab, avomlarni jonig‘a kelturub yurubdur, xushim kelmaydur...
Istaymanki, yozayin: haqiqiy mullalarimizdan biri bir necha xilof shar’iy odatlarni, vahshiyona rasmlarni barham beraman deganda, bir necha maftxo‘rlar va qodin quli nimchalar oni raddi ma’raka va tard majlis qildilar, ay qo‘y, xushim kelmaydur...
Xulosa har nima qilamanki, xushim kelsun, kelmaydur, yana kelmaydur!
Agar “Oyina” idorasi ushbu jafangyotimni aynan majallag‘a darj qilsa, shoyadki xushim kelsun!
“Xushyoqmas”
Idora: Ey, odamlarg‘a tosh otmoqg‘a xushingiz keladur-ku! Astaroq oting, “Oyina”g‘a tegmasun.
“Oyina”, 1914. №11. – B. 262-263
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q