O‘rta Osiyo xalqlarining urf-odatlari, ma’naviy-ma’rifiy hamda adabiy tutimlarining bir-biriga hamohangligini ko‘pchilik geografik omil bilan asoslashga harakat qiladi. To‘g‘ri, o‘zbek-qirg‘iz bir daryodan suv ichgan, azaldan qo‘shni bo‘lib vaqtning turfa sinovlariga birgalikda bardosh berib kelayotgan ikki qardosh eldir. Lekin uzoq o‘tmishga borib taqaladigan etnik va xalq og‘zaki ijodining o‘zaro uyg‘unlashuvi biz yuqorida ta’kidlagan o‘xshashlikka sabab bo‘lgan, nazarimda. Har ikki xalq ruhining o‘zaro uyqashligi ularning orzu-maqsadlarida ham aksini topgan.
“Alpomish” va “Manas”ning bir-biriga uyg‘un jihatlari haqida shu paytgacha izlanish qilinmagan. Yaxshilab o‘rganilsa, bu ikki – o‘zbek-qirg‘iz eposining o‘zaro o‘xshash tomonlari talaygina.
“Manas” eposi misolida fikrimizni davom ettirsak. “Manas” hajmi va ijro ko‘lamiga ko‘ra jahonda eng yirik epos hisoblanadi. Manasshunoslarning bildirishicha, qirg‘iz oqinlaridan biri Sog‘imboy O‘rozbekov aytgan variantning o‘zi 180 ming misra keladi. Sayoqboy Qoralayev oqin esa “Manas”dan bir million misrani yoddan bilgani haqidagi faktlarning o‘ziyoq eposning miqyosini chamalashga yordam beradi. “Manas” eposi hajmiga yarasha badiiy san’at unsurlarini o‘zida jam qilgani, yuksak ijro mahoratining yorqin namunasi ekani bilan ham e’tirofga munosib. Manaschi oqinlarning dostonni yoddan aytishi, vaziyat va holatdan kelib chiqib ham o‘qib, ham to‘qib, har bir ijrochi dostonning badiiy saviyasini yaxshilash yo‘lida o‘zidan bir ulush qo‘shib borishi tinglovchida “Manas” zamonga moslashib, yosharib borayotgandek taassurot uyg‘otadi.
“Hech bir mubolag‘asiz, o‘zbek folklorining eng yirik janrlaridan biri dostonlardir. O‘zbek xalq baxshilaridan yuz ellikdan ko‘proq syujetga bo‘lingan to‘rt yuzdan ortiq doston yozib olingan. Bu dostonlar nihoyatda ko‘p tarmoqli va ko‘p mavzuli bo‘lib, uzoq asrlar davomida yaratilgan va turli ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda kuylanib kelingan. Ularning qadimiy namunalari qahramonlik dostonlaridir[1]”. Mazkur yo‘nalishdagi dostonlarning o‘zbek folkloridagi eng yorqin namunasi “Alpomish”dir. O‘ninchi asrlardan beri kuylab kelinayotgan ushbu epik dostonda qahramonlik nihoyatda ulug‘lanadi, mardlik va elparvarlik, vafo va jasorat qadrlanadi.
Tili, dini bir bo‘lgan onaning ikki dilbandi, bir daraxtning ikki shoxi yanglig‘ qardosh-qarindosh xalqning aytimlarida ham bir-biriga ikki tomchi suvdek o‘xshash jihatlar shu qadar ko‘pki, ularni ko‘rib ba’zan hayratga tushadi kishi.
Masalan, “Alpomish” va “Manas”dagi asosiy qahramonlar Hakimbek, Barchin, Qaldirg‘och hamda Manasning tug‘ilishi ilohiylik kasb etgani, ularning dunyoga kelishi epik asarlarda eng faol bo‘lgan tush motivi asosida ayon bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin. Bu haqida filologiya fanlari doktori, professor Jabbor Eshonqul o‘zining “Tushning boshqa motivlar bilan qiyosiy tahlili” nomli maqolasida shunday deydi: “Alpomishning boshqa variantlaridagi tug‘ilish motivini ham chuqurroq tahlil qilsak, u bevosita tush bilan bog‘liqligini ko‘ramiz. Fozil shoir variantida “Alpomish”ning tug‘ilishi Shohimardon pirning ravzasida tunab qolish bilan bog‘lanadi, ya’ni qahramonning tug‘ilishi ularning tushida ilohiy karomat qilinadi. Umuman, tush va tug‘ilish motivi dostonlarimizda ko‘pincha yonma-yon keladi.
“Manas” dostonida ham Manasning tug‘ilishi tushda ayon bo‘ladi. Manasning otasi Jaqipning tushini Boyjigitdan boshqa hech kim ta’birlab berolmaydi. Jaqipning tushidagi burgut va yo‘lbars tug‘ilajak farzand nishonasi sifatida ta’riflanadi.”[2]
Eposlarni mutolaa qilish jarayonida ulardagi uyg‘un jihatlar yanada yaqqol namoyon bo‘lib boraveradi. Jumladan, har ikki epik asarda ham musobaqalashish sahnasi mavjud. Ana shu musobaqa shartlariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ikki dostonda ham bir xil shartlarga guvoh bo‘lamiz. Xususan, “Manas”da kurash, yombi otish, nayza sanchish va ot poygasi shartlari qo‘yilgan asardagi bellashuvlar bilan bog‘liq sahnalarda. Xuddi shunday “Alpomish”da ham Barchinga uylanish uchun da’vogarlar aynan kamondan nishonni mo‘ljallash, kurash va otda poygalashish kabi shartlarda kuch sinashadi. Shu va shu kabi o‘zaro uyg‘un jihatlarning yuzaga kelish sabablari haqida to‘xtalib, ayni bellashuv shartlaridagi o‘xshashlikni geografik omil sabab va qo‘shni xalqlarning bir-birining urf-odatlari, udumlari, marosimlaridan boxabarligi va aytish mumkin bo‘lsa, bir-biriga har tomonlama yaqinligi bilan izohlash mumkin.
Albatta, bu bilan mazkur ikki eposni to‘laligicha bir-biriga o‘xshash, degan fikrdan yiroqmiz. Qirg‘iz xalq eposining nafaqat o‘zbek dostoniga, balki boshqa xalqlarning epik asarlariga o‘xshamaydigan tomonlari ham talaygina ekan. Masalan, “Manas”ning boshqa turkiy ellarning qahramonlik dostonlaridan bir farqi, uning matnida nasriy parchalar – “qora so‘z” yo‘q, boshdan-oxir she’riy yo‘sinda. Ikkinchi bir ayirmasi shuki, “Manas” musiqa jo‘rligisiz, mimika, jestikulyatsiya va rechitativ yordamida ijro etiladi. Bu esa, nazarimda, ayni dostonning epik muhit bag‘ridan hali uzoqlashmaganini ko‘rsatadi. Chunki kuy-qo‘shiqqa qanchalik omuxta bo‘lsa, qahramonlik dostoni asl epik xossalarini boy berib, muayyan darajada “liriklashib” boradi. Bizning “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li” dostonlarida “qora so‘z” she’riy matn bilan qariyb bir xil ko‘lamda. “Oshiq G‘arib va Shohsanam”, “Yozi bilan Zebo”, “Sayotxon va Hamro” kabi dostonlarda esa qahramonlarning bir-biriga aytgan so‘zlarigina nazmiy shaklda, asosiy matn esa nasrda bo‘lishi asarning epik “xossa”larini qariyb yo‘qqa chiqarishga xizmat qiladi. “Manas” eposi shu jihatdan ham o‘ta noyob.
Qirg‘izlarning “Alpomish”i ham, “Go‘ro‘g‘li”si ham “Manas”. Bu asar tipologik jihatdan “Alpomish”u “Go‘ro‘g‘li” bilan bir xil – qahramonlik dostonidir. Va ularning aksari deyarli bir vaqtda, o‘tgan asrning yigirmanchi-elliginchi yillarida yozib olingan. Biroq bizning dostonlar yozib olingan chog‘da o‘zbeklarda epik muhit barham topib, bu asarlar badiiy obidaga aylangan bo‘lsa, xuddi o‘sha XX asr boshida qirg‘iz folklorida epik muhit hali barqaror edi. Bu holat to elliginchi yillarga qadar davom etdi. Uning inersiyasi hatto hozir ham seziladi, har besh-o‘n yilda yangi-yangi “Manas”chi oqinlar yetishib chiqadi.
“Manas” – ulkan hajmiga yarasha – ko‘p qatlamli, ko‘lamdor doston. Unda qadimgi qirg‘iz hayotiga xos deyarli barcha narsa tasvirlangani bois, tadqiqotchilar “Manas”ni qirg‘iz o‘tmishining ensiklopediyasi, deya atashadi. Dostonda Uzoq Sharq va Oltoydan boshlab Xiva hamda Qrimga qadar bo‘lgan geografik kengliklar yastanib yotadi.
Dostonda islomiy negiz barqaror. Ammo shu bilan birga, eng qadimgi turkiy diniy inonchning bir tizimi bo‘lgan shamoniylik, qolaversa, otashparastlik, buddaviylik ham ahyon-ahyonda bo‘y ko‘rsatib qo‘yadi. Ulkan Osiyo qit’amizdagi o‘nlab xalqlar va elatlarning vakillari syujet voqealarini harakatga keltirishadi.[3]
Bu eposning “Alpomish” dostoni bilan o‘zaro uyg‘un jihatlaridan – tush motivi yana bir o‘rinda uchraydi. Har ikki eposda ham aynan bir xil qahramonlar bilan, bir-biriga juda o‘xshash syujetlarda aks etadi. Ya’ni, “Alpomish”dagi Qorajon bilan “Manas”dagi Almambet asar bosh qahramoniga ilohiy bildirgi asosida do‘st tutingan obrazlar. Ularning mazkur do‘stlik rishtalari aynan tushda ayon bo‘lishi hamda Qorajon va Almambetning epos bosh qahramonlariga maslakdosh bo‘lishi tush motivi orqali ilohiy ma’no kasb etadi.
Ta’kidlash mumkin bo‘lgan yana bir obraz cho‘pondir. Alpomishning maslahatgo‘yi Qultoy biz bilgan oddiy cho‘pon obrazi emas. Aynan shunday “Manas”da ham cho‘pon obrazi mavjud. Manasni bolaligida tarbiya qilib berishi uchun ota-onasi O‘shpir otliq cho‘ponga olib boradi. Manas ma’lum muddat uning qo‘lida tarbiya oladi. Alpomish ham Qultoy qiyofasida gavdalanishi bu obrazlarning ahamiyatini, hali o‘rganish va tadqiq etish mumkin bo‘lgan tomonlari anchagina ekanini anglatadi.
Ikki eposda e’tiborni tortgan yana bir syujet – chiltonlar bilan bog‘liq sahnadir. Dostonda Alpomish Barchinni olib kelish uchun safarga otlanib, yo‘lda qabristonda tunab qolib, quyidagi tushni ko‘radi: “Shohimardon piri chiltonlarga aytdi: – Bul bachcha bizning muridimiz bo‘ladi, bugun sizlarga mehmon bo‘ldi, ko‘nglini naza qilmay, vaqtini xushlab jo‘natingizlar. Shu gapni aytib, Shohimardon piri jo‘nab ketdi.[4]
O‘shpirning qaramog‘ida bo‘lib, qo‘y boqib yurgan Manas bir qo‘yni bo‘ri olib qochayotganini ko‘rib qoladi. Va uning ortidan quvadi.
Bo‘ri esa uni qirq chilton davrasiga yetaklab boradi.
Dostonlarni qiyoslash jarayonida qirg‘iz xalq eposi faqat she’riy yo‘sinda bitilganiga guvoh bo‘ldik. “Alpomish”da esa she’riy ifoda bilan nasriy bayon parallel keltirilgan. Mutolaa chog‘ida “Manas”ning she’riy ifodasida bayonchilikka kengroq o‘rin berilganini, “Alpomish”da esa nasriy bayon bisyorligiga qaramasdan, adabiy san’atdan nihoyatda mohirona foydalanilganiga amin bo‘ldik. Hattoki, nasriy ifodada ham sa’jdan keng foydalanilgani, oddiy bayonchilik-da san’at darajasiga olib chiqilganini kitobxon ich-ichidan anglab boradi.
“Manas”ni o‘zbek kitobxonlariga taqdim etgan ustod Mirtemir, Sulton Akbariy, Tursunboy Adashboyev, Zuhriddin Isomiddinov va boshqalar mutarjimlikni maromiga yetkazgan. Biz yuqorida ta’kidlagan bayonchilikning maloli o‘quvchiga bilinmaydi.
Shu o‘rinda tarjimonlarning mehnatini e’tirof etish lozim. Ayniqsa, ustod Mirtemir “Manas”ni o‘zbekchalashtirishdan oldin bir necha oylab Qirg‘izistonda ijodiy safarlarda bo‘lib, manaschi oqinlar, yozuvchi-shoirlar bilan uchrashib, fikrlashib, maslahatlashgan. Natijada asarning ruhiyatini saqlagan holda o‘zbek tiliga o‘girishning uddasidan chiqqan. Undan so‘ng 1987-yilda kamtarin shoir Sulton Akbariy tomonidan eposning ikkinchi qismi juda ham qisqartirilgan holda o‘zbek kitobxonlari e’tiboriga havola etilgan. “Manas”ni bolalarbop holda o‘zbekchalashtirishni ustoz shoir Tursunboy Adashboyev maromiga yetkazgan. 2017-yili Qirg‘iziston Prezidenti O‘zbekistonga tashrif buyurganida davlatimiz rahbari “Manas”ning o‘zbek tiliga tarjima qilingan yangi variantini tuhfa qilgan edi. Ana o‘sha o‘girma manasshunos olim Zuhriddin Isomiddinov tomonidan o‘zbekchalashtirilgandi. Mazkur tarjimaning avvalgilaridan farqli jihati shuki, u eposning qisqartirilgan emas, aksincha, qisilgan variantining o‘zbekcha shaklidir. Aniqroq qilib aytganda, Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Beksultan Jakiyev dostonning siqilgan variantini tayyorlashga muvaffaq bo‘ldi. Zuhriddin Isomiddinov aynan o‘sha variantni o‘zbek tiliga o‘girgan.
Rus olimlaridan biri V.Jirmunskiy “Alpomish”ni o‘rganib, dostonining kelib chiqish tarixini qo‘ng‘irot, o‘g‘uz, qipchoq va oltoy versiyalariga ajratgan. Ana shu so‘nggi versiyaga ko‘ra, “Alp Manas” oltoy qahramonlik ertagi mavjudligi haqida gap boradi. Ko‘pchilik folklorshunoslar “Alpomish” va “Manas” dostonlaridagi o‘zaro uyg‘unliklarni mana shu ertak bilan bog‘lab, qadimda Alp Manas otliq qahramon bo‘lgani va xalq ichida uning mard, jasur, elparvar o‘g‘lon sifatida dovrug‘ qozongani bilan izohlashadi. Keyinchalik turli sabablarga ko‘ra, doston ijrochilari xalq orasida ma’lum va mashhur bo‘lgan eposlarni kuylash chog‘ida turkiy xalqlar orasida tilga tushgan epizodik sahnalar, turli syujetlar va bir-birini takrorlovchi motivlardan unumli foydalangan bo‘lishi mumkin, deya mulohaza qilishadi. Yeri va suvi bir bo‘lgan qardosh ellarning orzu-umidlarini aks ettirgan epik asarlarning ildizi uzoq o‘tmishda yashab o‘tgan turkiy xalqlar halqasiga borib taqalsa, ajab emas...
Dilmurod DO‘ST,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
[1] O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari. 100 jildlik, birinchi jild. “Alpomish”dostoni (Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li varianti). G‘.G‘ulom nashriyot-matbaa uyi. – Toshkent, 2015. – B. 11-15.
[2] J.Eshonqul. Tushning boshqa motivlar bilan qiyosiy tahlili. https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/tushning-boshqa-motivlar-bilan-qiyosiy-tahlili/?imlo=k#_ftnref12
[3] Manas. (Qirg‘iz xalq eposi). Z.Isomiddinov tarjimasi.“Uluu toolar” nashriyoti. – Bishkek, 2019. B. – 273.
[4] J.Eshonqul. Tushning boshqa motivlar bilan qiyosiy tahlili. https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/tushning-boshqa-motivlar-bilan-qiyosiy-tahlili/?imlo=k#_ftnref12
Adabiyot
Tarix
Tarix
Til
Adabiyot
Vatandosh
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q