Jamiyatdagi har bir davr oʻziga xos kechadi. Inson oʻsha oʻzgachalikda yashashga, adabiyot esa uni aks ettirishga intiladi. Jamiyat kabi adabiyot ham sekin-asta oʻzgarib boryapti. Jumladan, bugun mavzular yangilanarkan, ularga yondashish tamoyillari ham oʻzgarmoqda. Zamonaviy yangiliklar, real voqeliklar, dolzarb muammolar sheʼriyatda ham oʻz ifodasini topyapti. Adabiyotning vatan, erk, hayot, inson, oʻlim, ona, muhabbat kabi umrboqiy mavzulari hali ham yashayotgan boʻlsa-da, mohiyatan biroz oʻzgardi. Shunday oʻzgarishlarni Najmiddin Ermatov sheʼrlari misolida koʻrib chiqamiz.
Najmiddin Turon (Ermatov) sheʼriyatida 70-80-yillar adabiyoti anʼanalari koʻproq kuzatiladi. Jumladan, shoir ijodida vatan, hurlik, erk mavzulari yetakchilik qiladi, haqsizliklarga norozilik, ichki bir qarshilik kayfiyati sezilib turadi. Umuman olganda, bugungi 25-35 yosh atrofidagi yoshlarda bunday qarshilik kayfiyati tabiiy bir hol. Negaki, ularga tarix va taʼlim shunday oʻtildi. Oʻzbeklarning boshiga tushgan fojialar, ziyolilar taqdiri, umuman, tarixning ogʻir zarbalariga dosh bergan oʻzbek xalqi bundan buyon farovon hayot va yuksak taraqqiyotga munosib, degan dunyoqarash bilan yashayapti ular. Najmiddin Ermatov esa tengdoshlarining bunday oʻy-xayollarini bir vakil sifatida yozishga va yoyishga harakat qilyapti.
Najmiddin Turon birdaniga maydonga tushib qolgan shoir emas. U oʻzbek adabiyotini, jahon adabiyotini yaxshi oʻqigan, “davra koʻrgan” ijodkor. Uning “Turon sogʻinchi” nomli soʻnggi sheʼriy toʻplami ramzan 3 boʻlimdan iborat: JON, QON, SHON. Birinchi boʻlimda asosan, muhabbat haqdagi sheʼrlar oʻrin olgan. Ishq mavzusi adabiyotda hamma zamonda ham salmoqqa ega boʻlsa-da, vaqtlar oʻtib, unga ham qarashlar oʻzgarib boradi. Masalan, muhabbat mumtoz adabiyotda Oliy ishq deb kuylangan boʻlsa, XX asrlarga kelib, insonning insonga sevgisi tarziga koʻchdi. Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf, Erkin Vohidov sheʼrlarida kuylangan sof, samimiy sevgi bizning asrimizga kelib halokatga uchradi. Abdulla Oripov muhabbatini shunday esga oladi:
Kecha oqshom falakda oy boʻzarib botganda,
Zuhra yulduz miltirab, xira xanda otganda,
Ruhimda bir maʼyuslik, sokinlik uygʻotganda,
Men seni esga oldim, birinchi muhabbatim,
Eslab xayolga toldim, birinchi muhabbatim.
Najmiddin Ermatov esa bunday yozadi:
Men sezaman
Yogʻganda yomgʻir,
Tarnovlardan quyilganda suv,
Meni mendek esga oladi
Meni mendek unutgan suluv.
...Va bulutlar bir-bir tarqaydi,
Shamollarda toʻzgʻiydi xotir.
Soʻng yomgʻirdek namchil hayotga
Singib ketar bamaylixotir.
Abdulla Oripov satrlarida yorqinlik sezilsa, Najmiddin Ermatovda muhabbat dilxiralik bilan eslanyapti. Uning yana bir sheʼri bugungi muhabbatning qay darajada ekanini yanayam ochiqroq tasvirlab beradi:
Qovogʻingga kimdir don sepgan,
kiprigingga qushlar qoʻnibdi.
Dil yedirib boqdingmi, gulim?
Boʻldi, uchir... Ular toʻyibdi.
Oʻzing tusab, axir dilingni
tutaversang, qushlar ketmaydi.
Seni yolgʻiz bu ogʻriqlardan
qutqarishga kuchim yetmaydi.[1]
Najmiddin Ermatov yorining himoyasiga otlangan boʻlsa-da, yori ham oʻzini dunyo qushlaridan asrashi kerakligini uqtiradi. Bu don nima, bu qushlar kim? Ayolning goʻzalligi kiprig-u qoshida. Lekin shoir yorining goʻzalligini olqishlamayapti, madh etmayapti. Aksincha, uni bu goʻzallikdan koʻp foydalanmaslikka chaqiryapti. Zero, bu goʻzallik begona qushlarning ham eʼtiborini jalb etyapti. Zamonaviy dunyoda chin goʻzallik va muhabbat ana shunday himoyaga, asralishga muhtoj boʻlib qoldi. Yana shoir “Oʻzing tusab, axir dilingni” deb yozyapti. Demakki, yor mumtoz sheʼrlardagi kabi agʻyor tarafda. Lekin bu agʻyor bittamikan? Yoki agʻyor rostdan aybdormikan? Klassik adabiyotda, ha, agʻyor yor va oshiq orasini buzgan dushman edi. Oʻtgan asrlarda muhabbatning dushmani Razzoq soʻfi kabi otalar, onalar boʻldi. Bugun esa har kim “oʻzi tusab, dilini” qushlarga tutib beradi. “Goʻzallik dunyoni qutqaradi” degan aqida bugun “Goʻzallikni dunyodan asrash kerak” deya oʻzgardi.
Vatan mavzusi-chi, u bugungi sheʼriyatda qanday ifoda etilyapti? Najmiddin Ermatov sheʼrlarida mana bunday:
Kechang zavolga doʻndi, hamma tosh otib boʻldi,
Sening bor nasibangni beklaring totib boʻldi,
Bugundan-ku ayrilding, ertangni sotib boʻldi,
Yoʻl koʻrsatar mayogʻing oʻchganga oʻxshayotir.[2]
Shu qatorda shoir millatning kechasi, buguni va ertasi haqida yozadi. Ayrim zamon kishisi oʻz davrini yaxshi koʻrishining birinchi talabi oʻtmishni qoralash deb oʻylaydi negadir. Aslida, hech qaysi oʻtmish butkul qora emas; oʻtmishdan nolish esa bugunni yorqin qilmaydi. Shoir birinchi misrada shu haqida yozadi. Zolim va nafsining quli boʻlgan beklar haqida yozgan shoir kammi? Siyosat haqidagi hikoya-yu sheʼrlarni oʻqigan odam hamma davr mustabid-u, hamma asrning beklari zolim, degan xulosaga kelishi mumkin. Najmiddin Ermatovning lirik beklari ham, afsuski, shunday. Bu beklar bugunni ham sotib boʻldi. Bugungi avlod himoyasiz texnologik dunyo va axborot hujumi ostida oʻsarkan, kelajakdan ham umid yoʻq. Kelasi zamonning odami, shubhasiz, bugungidan ham ayanchliroq ahvolda boʻladi.
Bir paytlar Abdulla Oripovning “Oʻzbekiston – vatanim manim”idagi sururni, Erkin Vohidovning “Oʻzbegim”idagi faxrni, Hamid Olimjonning “Oʻzbekiston”idagi goʻzallikni, Shavkat Rahmonning “Turkiylar”idagi shiddat va erkni bugungi sheʼrlardan topish amrimahol. 70-80-90-yillar avlodi kelajakka umid, vatan hurligiga ishonch bilan qarashgan boʻlsa, bugun uchun bu tushunchalar ogʻriq. Vatan katta avlod uchun kurashiladigan maqsad edi, bugungi yoshlar uchun esa noilojlik. Va ular shunga koʻnib ham qolyapti:
Uygʻotay deb kelgan ul bahorlar bekor ketar,
Har tongda quyosh titrab, har shomda bezor ketar,
Boʻgʻzin yirtib shoirlar ming hayqirib xor ketar,
Alloh, bu xalq shu holga koʻnganga oʻxshayotir.
Turkiy elning shiddati soʻnganga oʻxshayotir.
Shunday. Ming asrlar ichida baʼzan shonli, baʼzida qonli kunlarni kechirgan xalq oxiri shu holiga koʻndi-qoʻydi. Bugungi avlod bu holga koʻngan, ammo shu koʻngan holidan kelajak oldida oʻzini aybdor his qiladi:
Biylar gʻolib har doimgiday,
Xalq sukutga, sukut xalqqa mos.
Muteligi agar kam boʻlsa,
Tiligacha kishaningni os.
Mana boʻynim, Sirtmogʻingni sol,
Kosam toʻlib boʻldi sabrga.
Soʻnggi oʻtinch – fotiha oʻqiy,
Soʻz erkining qabri qayerda?!
Tirikligin koʻrmadik biz-ku,
Avlodlar ham soʻraydi bir payt.
Oʻshanda: “Biz oʻldirdik”, – dema,
“Oʻzi qarib oʻlgandir”, – deb ayt...[3]
Bizning davrgacha ham muammo-yu tashvishlar, qoʻrquv va koʻnishlar boʻlgan. Lekin bu uchun hech kim hech kimga hisob bermagan; hech kim bu uchun masʼuliyat his qilmagan. Shoir Najmiddin Ermatov shu masʼuliyatni sezib, yelkasiga olib, zamondoshlaridan bu aybni kelajak avloddan yashirishni soʻrayapti. Toki ular Vatanga ogʻriq bilan emas, eski davrlardagidek umid bilan qarashsin.
Sheʼriyatda davr nafasi ufurib turmas ekan, ularning oʻqilishi qiyin. Yosh shoirlar vakili Najmiddin Turon bitiklarida esa davr, zamon, jamiyat va siyosatning doimgi va yangicha qiyofasi shundoq koʻrinib turadi. Shoir bularni yozishga oʻzini burchli deb hisoblaydi. Hayot davom etar ekan, bu mavzular yana yangicha mohiyat kasb etib boradi va shoir ijodida ham ular yolgʻonlarsiz yozib borilaveradi.
Kumush ODINA
[1] Ermatov N. Turon sogʻinchi. – T.: Akademnashr, 2024. – B. 26
[2] Ermatov N. Turon sogʻinchi. – T.: Akademnashr, 2024. – B. 95
[3] Ermatov N. Turon sogʻiinchi. – T.: Akademnashr, 2024. – B. 124
Adabiyot
Tarix
Tarix
Til
Adabiyot
Vatandosh
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q