Turkiy el-uluslarning uzoq qardoshlaridan biri boʻlgan Venger – mojorlar tili barcha turkiy ellar qatorida oʻzbeklarni ham qiziqtiradi. Kelib chiqishi koʻproq turkiy, tili esa fin-ugorlarga yaqin deb bilinadigan qardoshlarimiz tilida mingga yaqin turkiy soʻzlar uchraydi. Qizigʻi shundaki, vengerchadagi oʻzlashmalar yoki vengerlar turklik ildizidan uncha uzoqlashmagan chogʻlarga tegishli soʻzlar tilimizning ilk oʻrta asrlardan oldingi koʻrinishini kuzatish imkonini bugungi turkiy tillarga qaraganda koʻproq bera oladi.
Ushbu izlanishimizda taniqli vengr tilchilari Árpád Berta va András Róna-Tasning "Old Turkic Loan Words in Hungarian" (Vengr tilidagi eski turkcha o‘zlashma so‘zlar) nomli ilmiy ishiga tayandik. Bilamizki, Fin-Ugor til oilasiga tegishli bo‘lgan vengr tili so‘z boyligining sezilarli bir bo‘lagi eski turkchaning bulg‘or-turk qatlamidan suv ichgan. Shuning uchun bu yerda biz ushbu qatlamga ko‘proq yuzlandik. Vengerchaga oʻzlashgan soʻzlarni eski turk bitiktoshlari, chuvash tili va bugungi oʻzbek tili bilan solishtirib, ularning tovush va anglam – maʼno yoʻllari qanday bosqichlarni bosib oʻtganini oydinlashtirishga intildik. Shu yoʻsinda venger va turk ellarining uzoq oʻtmishining ayrim tomonlarini yoritishga oʻz ulushimizni qoʻshishga tirishdik.
1. ács [ach]. Venger tilidagi anglami: “yogʻoch ustasi”, “bolta bilan ishlaydigan usta”.
Bu atama venger tili qatlamidagi eng eski turkiy oʻzlashmalardan biri boʻlib, u turk ellarining, ayniqsa, bulgʻor tarmogʻining hunarmandchilik madaniyati vengerlarga nechogʻlik chuqur taʼsir qilganini koʻrsatadi. Quyida koʻrib oʻtiladiganidek, biz bu yerda tub turkiy ildiz va uning ming yillab bosib oʻtgan bosqichlariga duch kelamiz:
“Ach” soʻzining oʻzagi turkiy “ïgač” (yogʻoch, daraxt) soʻziga borib taqalib, uning eski turkchasi “ïgačči - yogʻochchi”. Eski turkchada “ï”, “ïgač” soʻzlari “daraxt; yogʻoch” anglamini bildirgan. Unga yumush (kasb) nomi yasovchi “-či” qoʻshimchasi birikib, “ïgačči” (yogʻochsoz, yogʻoch ustasi) soʻzi kelib chiqqan.
Venger tilining fonetik tizimiga koʻra, soʻz oʻrtasidagi -g- undoshi tushib qolgan (eliziya) va soʻz soʻngidagi -či qoʻshimchasi oʻzak bilan qoʻshilib ketib, qisqarish yuz bergan: gai > i – ai > i > cs [ach].
Chuvashcha “jyvăç” soʻzi “daraxt, yogʻoch” maʼnosini bildiradi. Uning eski turkchadagi “ağaç / yïgač” soʻziga borib taqalishi bir qarashdayoq koʻrinib turibdi, biroq, birmuncha oʻzgarishga uchragani koʻzga tashlanib, uni bulgʻor turkchasidagi tovush almashinuvlari bilan ochiqlasa boʻladi. Chuvash tilida eski turkchadagi -g- / -ğ- tovushi -v- tovushiga oʻzgargan, soʻz boshidagi y- esa eski koʻrinishini saqlab qolgan.
Oʻzbek tilida bu oʻzak “yogʻoch” koʻrinishida saqlangan. Oʻzbek tilining Xorazm shevasida eski turkcha “ïgač” soʻzi “ağač” koʻrinishida qolgan. Tilimizdagi “qayragʻoch” (gujum daraxti) soʻzi ham shu negizdan. Shuningdek, bu soʻz yer otlari – toponim yasaydigan qoʻshimcha oʻlaroq oʻlkamizda va qoʻshnilarimizda birmuncha keng tarqalgan: Beshogʻoch, Beshqayrogʻoch, Yalanggʻoch, Sariogʻoch, Qoʻshogʻoch va b.
2. alma [alma]. Venger tilida anglami: “olma” (meva – yemish oti).
Bu soʻz eski turkchada ham “alma” yoki “almïla” koʻrinishlarida qoʻllanilgan [Koshgʻariy 1960, I: 18]. Venger tiliga bulgʻor qatlami orqali oʻzlashgan deb qaraladi. Chuvashchada bu soʻz “ulma” deb aytiladi. Chuvash tilida turkiy “a” tovushining boshlangʻichda – oʻrta asrlarda “o” (oʻ) tovushiga, soʻnggi bosqichda esa “u” tovushiga oʻtishi (labializatsiya) hodisasi yuz bergan. Venger tili esa soʻzning eski “alma” koʻrinishini deyarli oʻzgarishsiz saqlab qolgan.
“Alma” soʻzi deyarli barcha turkiy tillarda uchrab, tub turkiy soʻz deb bilinadi. Bugungi oʻzbek tilida “olma” koʻrinishida saqlanib qolgan bu soʻzning “alma” [älmä] koʻrinishlari ham uchraydi. Venger tilidagi alma soʻzi turkiy tillarning bulgʻor tarmogʻiga xos boʻlishi bilan bir qatorda turk ellarda bogʻdorchilik madaniyati ancha qadimiy boʻlganini koʻrsatadi. Bu soʻzning negizida eski turkcha “al” (qizil) soʻzi yotadi, deb qaraladi.
3. tömén. Vengercha anglami: “oʻn ming” (tarixiy), bugungi kunda “zich”, “quyuq”, “jamlangan” maʼnolarida ham qoʻllaniladi. Tilimizdagi “tuman” soʻzi eski turkchada son (oʻn ming) va yirik harbiy boʻlinma maʼnosida qoʻllanilgan. Venger tiliga bulgʻor tarmogʻi orqali oʻzlashgan deb qaraladi. Oʻrxun bitiktoshlarida “tümän - oʻn ming; oʻta koʻp”. “Devonu lug‘atit turk”da “tümän (تُمَنْ) – “oʻn ming; koʻp, sanogʻi yoʻq”. Chuvashcha “tĕmen (тĕмен) – “oʻn ming”, “koʻp sonli” demak. Kezi kelganda aytib oʻtish kerak, chuvash tilida turkiy “ü” tovushining ĕ (qisqa “e”) tovushiga oʻzgarishi kuzatiladi. Venger tilida esa bu tovush “ö” koʻrinishini olgan: tümen > tömén.
Oʻzbek tilida “tuman” deb ishlatilayotgan bu soʻzning bir necha maʼnolari bor: 1) maʼmuriy-hududiy birlik; 2) tabiat hodisasi. Shuningdek, “Sanogʻiga yetib boʻlmaydigan; nihoyatda koʻp (odamlar toʻpi)” maʼnosidagi “tumonat” soʻzi “tuman” negizidan kelib chiqqan. Venger tilidagi “tömény” soʻzi turklarning harbiy-ijtimoiy tuzilishi vengerlar turmushiga koʻrsatgan taʼsirining yorqin oʻrnagidir. Soʻzning maʼnosi vaqt oʻtishi bilan “oʻn ming” (sanoq)dan “zich/jamlangan” (sifat)ga aylangan.
4. bélyeg. Vengercha anglami: “tamgʻa”, “belgi”, “muhr”.
Ushbu soʻz eski turkchaning barcha bosqichlarida “belgü” koʻrinishida qoʻllanilib, “belgi”, “nishon”, “tamgʻa” kabi maʼnolarni anglatgan. Venger tiliga bulgʻorcha qatlam orqali oʻzlashgan deb qaraladi. Oʻrxun bitiktoshlarida “bälgü” – “belgi, nishon, tamgʻa,”; “Devonu lugʻatit turk”da “belgü (بَلْكُو)” – “belgi, nishon”. Chuvashcha koʻrinishi: palla (палла) – “belgi, tamgʻa, iz”.
Chuvash tilida soʻz boshidagi b- tovushi p- tovushiga oʻzgaradi. Venger tili esa soʻzning qadimiy b- bilan boshlanadigan koʻrinishini saqlab qolgan. Vengerchada soʻz so ʼngidagi -ü tushib qolib, oʻrniga -eg qoʻshimchasi qoʻshilgan yoki fonetik oʻzgarishga uchragan: belgü > bélyeg. Turkiy tillarning koʻpchiligida uchraydigan bu soʻz oʻzbek tilida “belgi” koʻrinishida saqlangan.
5. tyúk [tyuk]. Vengercha anglami: “tovuq” (urgʻochi parranda).
Bu soʻz eski turkiy tilda “taqïqu” yoki “taqïγu” oʻlaroq qoʻllanilgan. Venger tiliga bulgʻor tarmogʻi orqali oʻzlashgan deb bilinadi. Oʻrxun bitiktoshlarida “taqağu/taqïğu – “tovuq” (oʻn ikki hayvonli turkiy taqvimdagi yil nomi oʻlaroq); “Devonu lugʻatit turk”da “taqïqu (تَقِقُو) – “tovuq”. Boshqa eski turk yozma manbalarida “taqïγu – tovuq”.
Chuvashcha “čăxă (čăx) koʻrinishida uchraydigan bu soʻz eski turkcha “taqïγu” soʻziga borib taqaladi. Chuvash tili bulgʻor turkchasining oʻrta asrlardagi koʻrinishi boʻlib, bu soʻz anchagina fonetik oʻzgarishga uchragan. Soʻz boshidagi t- tovushi chuvashchada č- (yumshoq “ch”) tovushiga oʻtgan, oʻrtadagi -q-/-γ- tovushlari esa boʻgʻinlar birlashuvidan kelib chiqqan. Vengercha tyúk chuvashcha çăkhă va eski turkcha taqïγu oʻrtasidagi oraliq koʻrinishdir. Venger tilida soʻz boshidagi t- tovushi saqlangan, biroq keyingi unli taʼsirida yumshagan: t \ ty. Bu oʻzgarish venger tilining ichki fonetik tizimi natijasidir.
Turkiy tillarning koʻpchiligida “tavuq, taviq” oʻlaroq uchraydigan bu soʻz oʻzbek tilida “tovuq”, ayrim shevalarida “toʻyïq” koʻrinishida saqlangan. Qizigʻi shundaki, bu soʻz ozarboyjon turkchasida ham “toʻyuq” oʻlaroq qoʻllaniladi.
6. szűr [sür]. Vengercha anglami: “suzmoq”, “süzmoq”, “aritmoq”.
Bu feʼl eski turkchada keng qoʻllangan “süz” oʻzagi bilan bitta ildizdan. Soʻzning tub anglami suyuqlikni yoki aralash narsani elak, mato yoki shunga oʻxshash narsalardan ajratib, tozalashni bildiradi. Bulgʻorcha qatlami orqali vengerchaga oʻzlashgan deb qaraladi. Oʻrxun bitiktoshlarida “süz” – “suzmoq, aritmoq, tindirmoq”, “Devonu lugʻatit turk”da “süz- – suvni suzmoq (tindirmoq)”, chuvashcha koʻrinishi: sĕr- (сĕр-) shaklida keladi. Chuvashcha eski bulgʻor tilining izdoshi boʻlgani uchun bu soʻzda rotatizm (z \ r) koʻrinishi kuzatiladi. Bilamizki, eski turkchada soʻz soʻngidagi -z tovushi bulgʻor va chuvashchada -r tovushiga toʻgʻri keladi. Shuning uchun süz- oʻzagi chuvashchada sĕr- koʻrinishini olgan. Vengercha szűr [sür] bulgʻorcha “sür”dan oʻzlashgan. Agar vengerlar bu soʻzni oʻgʻuz yoki qarluq (oʻzbek, uygʻur) guruhidan oʻzlashtirganida, soʻz “szűz” (z bilan) koʻrinishini olgan boʻlar edi. Oʻzbek tili z- turkiy anʼanani saqlab qolgan.
Oʻzbekchada “suz” (toʻgrirogʻi “süz-” — suzmoq) feʼlining boshqa anglamlari ham bor: 1) Suyuqlikni suzgidan oʻtkazmoq (oʻrn. sut suzmoq); 2) Yegulikni idishlarga ajratmoq (oʻrn. osh suzmoq).
7. borjú [bor-yu] Vengercha anglami: “buzoq”.
Ushbu soʻz eski turkchada “buzağu” koʻrinishida qoʻllanilib, sigir yoki uning bolasini anglatgan. Venger tiliga bulgʻor tarmogʻi orqali oʻzlashgan deb qaraladi: buzāgʻu – “buzoq”.
Chuvash tilida bu soʻz “păru” (пăру) koʻrinishida saqlangan bu soʻz r ~ z almashinuvining yana bir yorqin oʻrnagidir. “Buzagu” soʻzining chuvashcha koʻrinishi “păru” ekani bulgʻorchada bu soʻz shunga yaqin aytilgani bilan bogʻliq. Vengercha “borjú” soʻzi r- li turkcha – bulgʻorcha bilan bogʻlanishi bu koʻzqarashimizni kuchaytiradi: buzağu ~ *buragu > borjú.
Demak, vengerchada bu soʻz ikki boʻgʻinli boʻlib, birinchisi – “bur”, ikkinchisi esa “yu”. Soʻz boshidagi b- saqlangan, oʻrtadagi -z- tovushi **-r-** bitta negizdan (z \ r), ikkinchi boʻgʻindagi “yu”ning birinchisi eski turkcha “g (gʻ)” tovushining “y” tovushiga oʻtishi bilan bogʻliq, chamasi. Oʻrnak keltiradigan boʻlsak, Sibir turklaridagi “tayga” soʻzi eski turkchadagı “tağ (togʻ)” soʻzidan kelib chiqqan.
Oʻzbekchadagi “buzoq” soʻzi eski turkcha “buzağu” soʻzining biroz oʻzgargan koʻrinishi boʻlib, ayrim shevalarimizda “buzagʻ, buzaq” koʻrinishlarini olgan.
8. árok [arok]. Vengercha anglami: “ariq”.
Ushbu soʻz eski turkchadagi “arïq” oʻzagidan kelib chiqqan boʻlib, suv oqadigan sunʼiy yoʻlni anglatgan. Venger tiliga bulgʻor turkchasi orqali ancha erta oʻzlashgan. “Devonu lugʻatit turk”da “arïq – “ariq, kanal” tarzida keladi.
Chuvash tilida esa eski anʼanani saqlagan holda, bu soʻzning fonetik oʻzgarishga uchragan koʻrinishini olgan: “ira” (ира) – “kichik ariq”. Umumturkiy “arïq” soʻzi chuvash tilida “ira”ga aylanar ekan, quyidagicha yoʻllarni bosib oʻtgan: soʻz boshidagi a- tovushi chuvash tilining ichki qonuniyatiga koʻra i- tovushiga yaqinlashgan (a \ i), soʻz soʻngidagi -q tovushi esa butunlay tushib qolgan (eliziya). Bu tutum chuvashchadan boshqa turkiy tilning oʻgʻuz va qipchoq tarmoqlarida ham kuzatiladi: sariq – sari, tirik – tiri, yirik – iri va b. Oʻzbekchada “ariq” soʻzi ming yilcha oldingi koʻrinishini saqlab keladi.
9. kapu. Vengercha anglami: eshik”, “darvoza”, “yoʻl”.
Ushbu soʻz eski turkchada “qapïğ” koʻrinishida qoʻllanilib, “eshik”, “darvoza” yoki “kirish yeri” maʼnolarini anglatadi. Soʻzning tub oʻzagi turkiy qap- (yopmoq, berkitmoq) feʼlidir. Oʻrxun bitiktoshlarida “qapïg – “eshik; kirish joyi”, “qapuğ – “darvoza, eshik” holida uchraydi.
Chuvash tilida “khapkha (хапха)”. Vengercha “kapu” va oʻzbekcha “qopqa” soʻzlarining chuvashchada “xapxa” koʻrinishini olishida bir necha oʻzgarishlarni kuzatamiz. Chuvash tilida soʻz boshidagi qattiq q- tovushi boʻgʻiz tovushi kh- (x)ga oʻzgargan: -ïg \ -xa. Soʻz oxiridagi -ïg qoʻshimchasi chuvashchada -xa koʻrinishini olishi boshqa turkiy tillarda ham kuzatiladi. Oʻrnak keltiradigan boʻlsak, oʻzbek va qozoq tillarida qopqa, qapqa / qaqpa.
Vengercha “kapu” koʻrinishi eski bulgʻorchaga yaqin. Venger tilida soʻz boshidagi tovush saqlangan, biroq soʻz soʻngidagi unli tovush Venger tilining ichki fonetik tizimiga koʻra -u ga oʻzgargan.
Oʻzbek shevalarida bu soʻzning eski turkchaga yaqin “qapï”, “qaviq”, birmuncha oʻzgarishga uchragan “qopqa” [qapqa] koʻrinishi saqlanib qolgan [OʻTIL 2008: 335; Abdullayev 1961: 59]: Temir-qaviq (Navoiy viloyatidagi togʻli qishloq), Teshik-qopqa (Toshkent shahridagi yer oti).
10. tükör. Vengercha anglami: “koʻzgu”, “oyna”.
Ushbu soʻz qadimgi turkiy tildagi “tüz”- (tartibga solmoq, tekislamoq, yasatmoq) feʼlidan yasalgan deb sanaladi. “Koʻzgu” tushunchasi narsalarni “tekis” va “toʻgʻri” koʻrsatishi bilan bogʻliq oʻlaroq kelib chiqqan. Oʻrxun bitiktoshlarida “tüzül- va “Devonu lugʻatit turk”da “tüz – “tuzatmoq, tekislamoq” tarzida keltiriladi.
Chuvashchadagi “tĕkĕr” (tĕкĕр) vengercha “tükör” soʻzining toʻgʻridan-toʻgʻri “qarindoshi”dir. Bu yerda eski bulgʻorchadagi rotatizm (z \ r) kuzatilayapti. Unlilar almashinuvi — ü / ĕ chuvashchaga tegishli eng yorqin tutum boʻlib, boshqa turkiy tillardagi ü tovushi chuvashchada qisqa ĕ (e) tovushiga oʻzgaradi.
Oʻzbek tilida “tuz”- / “tuzuk”. Eski turkcha “tüz — tuzuk, toʻgʻri” tilimizda bir necha anglamda qoʻllaniladi. Shuningdek, ushbu soʻzlar bilan bitta negizdan boʻlmish “tekis, tep-tekis” (aslida “tegiz”) soʻzi vengercha va chuvasha “tĕkĕr / tükör”ga yaqin keladi. Demak, “koʻzgu” soʻzining vengerchadagi koʻrinishi “tükör” chuvashchani aytmaganda, bugungi turkiy tillarda uchramaydi, biroq u bilan bitta negizdan boʻlmish “tekis” soʻzi tilimizda saqlanib qolgan. Bu yerda eski turkcha, oʻzbekcha, chuvashcha va vengercha oʻzgarishlarni koʻramiz: tekiz ~ tekis ~ tĕkĕr ~ tükör.
11. sár [şar]. Vengercha anglami: “balchiq”, “loy”, “toshqin qoldigʻi”.
Ushbu soʻz eski turkchada “saz” koʻrinishida qoʻllanilib, “botqoqlik”, “nam yer”, “balchiqli joy” boʻlgan, chamasi. Venger tiliga eski bulgʻorcha orqali oʻzlashgan deb qaraladi. Oʻrxun bitiktoshlari va “Devonu lugʻatit turk”da bu soʻzning “saz” (soz) koʻrinishi uchramasa-da, oʻrta asrlar va bugungi turkiy tillarda shunga oʻxshash soʻz keng tarqalganidan kelib chiqib, bu soʻz eski turkchada ham boʻlgani ilgari suriladi. Qolaversa, Mahmud Koshgʻariyda “sazïnçï taşï – gips, oqtosh” soʻzi uchrab, bizningcha uning negizida “saz” (oʻzbekcha “soz tuproq – eng ogʻir tuproq turi” ) soʻzi yotadi.
Chuvash tilida bu soʻz “shur” (шур) koʻrinishida saqlangan. Vengercha “sár” soʻzining chuvashcha koʻrinishi turkiy tillar oʻtmishidagi chigal fonetik oʻzgarishlar bilan bogʻliq. Bu yerda “s” tovushining ayrim oʻrinlarda “ş” (sh)ga aylanishi kuzatiladi. Qolaversa, umumturkcha s- tovushi bulgʻor tarmogʻida koʻpincha sh- (ш) tovushiga oʻzgargan. Venger tilida ham bu soʻz “s” harf belgisi bilan yozilsa-da, “ş” (sh) deb aytiladi. Umumturkiy “saz” soʻzidagi -z tovushi bulgʻor tarmoğidagi -r” tovushiga aylanishidan kelib chiqilsa, vengercha “sár”, chuvashcha “shur” eski turkchadan uzoq emasligi anglashiladi. Yuqorida bir necha bor aytib oʻtilganidek, barcha turkiy tillarda “a” ko ʼrinishida uchraydigan tovush chuvashchada -u- ga aylangan boʻlsa, vengerchada esa choʻziq -á- koʻrinishini olgan: “sár”.
Eski turkcha “saz” oʻzagi oʻzbek tilida koʻproq yer otlari – toponimlarda, shuningdek, shevalarda saqlangan: Sazagʻon(Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi qishloq va soy nomi). Bundan tashqari, oʻzbek shevalarida “soz” soʻzi “botqoqlik”, “nam yerda oʻsadigan qamishzor” maʼnosini ham anglatadi [OʻTIL 2008: 544-545].
12. ökör. Vengercha anglami: “hoʻkiz, buqa”.
Bu soʻz eski turkchada “öküz” koʻrinishida qoʻllangan. Venger tilidagi r- li koʻrinishi uning bulgʻor turkchasidan oʻzlashganini koʻrsatadi. “Devonu lugʻatit turk”da “öküz – hoʻkiz”dir.
Chuvash tilidagi “văkăr” (вăкăр) (hoʻkiz, buqa) soʻzi ham uning eng eski koʻrinishi “ökör” boʻlgan deyishga turtki beradi. Chuvash tilida soʻz boshidagi unli oldidan v- tovushi qoʻshilishi natijasida bu soʻz “văkăr” koʻrinishini olgan (protetik tovush). Vengercha “ökör” chuvashcha “văkăr” bilan bitta ildizga ega, biroq Venger tilida soʻz boshidagi v- tovushi yoʻq.
Oʻzbek tilida “hoʻkiz / oʻkiz” deb qoʻllanilishi oʻz ochiqlamasiga ega. Soʻz boshidagi h- tovushi orttirilishi va unlilarning labializatsiyasi yuz berishi turkiy tillar orasida koʻproq xalach, oʻzbek, qoraqalpoq va birmuncha ozarboyjonchada kuzatiladi. Bu soʻz vengerlar turmush yoʻsinida eski turkiy anʼanalar yetakchi boʻlganini koʻrsatadi.
13. béka [bé-ka]. Vengercha anglami: “baqa”, “qurbaqa”.
Ushbu soʻz qadimgi turkiy tilda “baqa” koʻrinishida qoʻllanilib, suvda hamda quruqlikda yashovchi shu turdagi jonzotni anglatgan. Bu oʻzak bitigtoshlarda kishi ismlari va unvonlari tarkibida ham uchraydi (oʻrn. Bağa Tarqan). “Devonu lug ʼatit turk”da esa “bağa – baqa”.
Chuvashcha koʻrinishi “paka” (пака) boʻlgan “baqa” soʻzida chuvash tili yoʻsiniga koʻra, kichik tovush oʻzgarishini boshdan kechirgan: b \ p almashinuvi. Koʻpincha chuvash tilida eski turkcha soʻz boshidagi jarangli b- tovushi jarangsiz p- tovushiga oʻtadi. Vengercha “béka” soʻzi chuvashcha “paka”dan koʻra eski umumturkiy “baqa”ga yaqinroqdir. Bu shuni anglatadiki, vengerlar bu soʻzni oʻzlashtirgan bosqich — VII-IX yuzyilliklarda bulgʻor-turkiy tarmogʻida soʻz boshidagi b- tovushi hali p- ga aylanib ulgurmaganini anglatadi. Venger tilida esa “a” unlisi choʻzilib é [e:] tovushiga oʻzgarishi ham oʻsha bosqichda yetakchi boʻlgan: baqa ~ béka.
Oʻzbek tilida “baqa” soʻzidan bir necha soʻzlar kelib chiqqan: “qurbaqa” (“qurillaydigan baqa”), “toshbaqa” (“kosasi toshdek baqa”). Onadoʻli turkchasidagi “kurbağa”, “kamlumbağa” ham shu negizdan.
14. búza [bú-za]. Vengercha anglami: “bugʻdoy”.
Eski turkcha “bugday” yoki “buğday” koʻrinishida qoʻllanilgan. Biroz quyida koʻrib oʻtiladiganidek, venger tiliga eski bulgʻor-turkiy qatlami orqali oʻzlashar ekan, birmuncha oʻzgarishlarga uchragan: “bugday ~ búza”.
Bu soʻzning chuvashcha koʻrinishi “pări” (пăри) bilan ancha oʻzgarishlar yuz bergani koʻrinadi. Soʻz boshidagi b- \ p- ga, oʻrtadagi -gd- birikmasi esa -r- ga oʻzgargan (rotatizmning oʻziga xos koʻrinishi). Vengercha “búza” koʻrinishi turkiy oʻzakning eski bulgʻorchasidan olinar ekan, soʻz boshidagi b- saqlangan, biroq oʻrtadagi undoshlar venger tovush tizimi bilan uygʻunlashib, oʻziga xos -z- koʻrinishini olgan.
Oʻzbekcha “bugʻdoy” eski turkchadagi soʻzga toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliq boʻlsa-da, shevalarimizdagi “buday”, “biday” koʻrinishlari bu soʻzning qipchoqcha koʻrinishi ham keng tarqalganini koʻrsatadi.
15. szakáll [sa-kall]. Vengercha anglami: “soqol”.
Ushbu soʻz qadimgi turkiy tilda “saqal” koʻrinishi qoʻllanilib, erkak kishining yuzidagi tukni anglatgan. Bitiktoshlarda bu soʻz koʻpincha yosh yoki ijtimoiy tabaqani anglatuvchi soʻz birikmalarida kelsa, “Devonu lugʻatit turk”da bugungi kundagiday anglamda ochiqlanadi: “saqāl” – “soqol”.
Umumturkiy “saqal” koʻrinishi chuvash tilida “suhal” koʻrinishini olishi chuvashchadagi tovush oʻzgarishlarining yorqin oʻrnagidir: eski bulgʻorcha “s” tovushi ayrim oʻrinlarda “ş” (sh)ga oʻzgargan, ayrim oʻrinlarda oʻz holicha qolgan. Shuningdek, chuvash tilining oʻzgachaliklaridan biri – boʻgʻiz tovushi q- ning yumshab x- tovushiga oʻtishidir. Vengercha “szakáll” chuvashcha “suhal”ga qaraganda eski turkiy “saqal” koʻrinishiga yaqinroqdir. Venger tilida soʻz soʻngidagi -l tovushi choʻzilib, -ll shakliga kelgan. Bu esa oʻzlashmaning ancha eski ekanini, hatto chuvash tilida q \ h oʻzgarishi yuz bermasidan oldin venger tiliga bulgʻorchadan oʻtganini koʻrsatadi. Oʻzbekchadagi “soqol” soʻzi eski turkcha koʻrinishini saqlab, uning bitiktoshlar va Koshgʻariy chogʻidagi holatini deyarli oʻzgarishsiz saqlab qolgan boʻlsa-da, unlilarning labializatsiyasi (o-lashish) yuz bergani kuzatiladi.
Yuqorida keltirilgan oʻn beshta soʻzni qisqacha solishtirib chiqish shuni koʻrsatadiki, venger va turkiy ellarning oʻtmishdagi yaqinligi shunchaki bordi-keldi emas, balki ancha chuqur ildizlarga ega ekanidan darak beradi. Biz koʻrib chiqqan har bir soʻz, u xoh ustachilikka (“ács”), xoh kunlik hayotga (“szakáll”) tegishli boʻlsin, turkiy tillarning bugungi kundagi oʻlik tilga aylangan bulgʻor qatlamini birmuncha kuzatish, tiklash imkonini beradi. Turk ellarini ilk bor dunyoga tanitgan xunlarning yon tarmogʻi boʻlgan bulgʻorlar Turon – Markaziy Osiyoning oʻzak oʻlkalaridan chiqib, milodning ilk ming yilligi oʻrtalarida Sharqiy Yevropaga borib, bu yerda vengerlarning boʻlajak yurtini qurgan boʻlsalar, ilk oʻrta asrlarga kelganda ularning izdoshlari – oʻn-oʻgʻur (venger atamasi shundan), avar, hazar, suvar, mojor kabi turkiy va qarindosh elatlar bugungi venger va chuvash ellarining negizini tashkil etganlar.
Árpád Berta va András Róna-Tas kabi venger tilchilarining izlanishlari bizga shuni anglatadiki, til – oʻtmishdan yetib kelgan eng ishonchli quroldir. Turli xalqlarda bir soʻzdagi tovushlarning oʻzgarishi (masalan, “z/r” almashinuvi), soʻz maʼnolarining saqlanib qolishi turkiy tillarning naqadar keng qanot yoyganini isbotlaydi. Bu kabi oʻrganishlar nafaqat tilshunoslik, balki turkiy ellarning sivilizatsiyadagi oʻrnini anglash uchun ham oʻta muhimdir. Demak, bizga tushgan yumush – unutilayozgan ushbu ildizlarni qayta bogʻlash va umumturkiy merosimizni kelajak avlodga yetkazishdir.
Alparslon BOBOYOR,
Chuvash davlat universiteti talabasi
San’at
Tarix
Falsafa
Jarayon
Tarix
Tarix
Vatandosh
Jarayon
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q