O‘zbek kinematografiyasi shakllanishi, rivojlanishida Xudoybergan Devonov, Sulaymon Xo‘jayevlar bilan bir qatorda buyuk o‘zbek kinorejissyori Nabi G‘aniyevning ham xizmati beqiyos. O‘z davriga xos murakkabliklar, nohaq ayblovlar va qatag‘onlar Nabi G‘aniyev taqdirida ham to‘la aks topsa-da, ijodkor yaratgan kinoasarlarda avvalo sevgi va vafo, mehr va oqibat, muruvvat va do‘stlik kabi chin insoniy fazilatlar ulug‘lanadi, ularda yuksak mahorat bilan milliylik, milliy ruh tarannum etiladi.
Nabi G‘aniyev 1904-yilda Toshkentda qassob oilasida tug‘ilgan. Unda yoshligidanoq so‘zlarni qofiyalash, musiqani bir tinglashdayoq eslab qolib, dutorda ijro etish, chizganlarida esa inson qiyofasining o‘ziga xos jihatlarini mohirona aks ettirish qobiliyati bor edi.
U avvaliga eski usul maktabida, so‘ng “Namuna” maktabida tahsil oldi. O‘sha yillari teatr tomoshalari uchun “reklamalar” chizish, badiiy havaskorlik to‘garagiga rahbarlik qilish va havaskorlik spektakllarini sahnalashtirish ishlari bilan shug‘ullandi. Darhaqiqat, Nabi G‘aniyev O‘zbekistonda bolalar teatri asoschilaridan bo‘ldi.
Rassom bo‘lish orzusi otasining qarshiligiga qaramay uni 1924-yilda Moskvadagi Oliy badiiy-texnika ustaxonalariga o‘qishga yetakladi. Aynan shu davrda kinosan’ati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lgan yosh qahramonimiz qalbida mazkur sohasiga bir umrlik muhabbat tug‘iladi. Unda bir vaqtning o‘zida rassomlik, aktyorlik, rejissyorlik, ssenariynavislik iste’dodi mujassam bo‘lib, bu Nabi G‘aniyevning keyinchalik olgan filmlarida to‘liq namoyon bo‘ladi.
U o‘z davrining ilg‘or ijodkorlari bilan muloqot qilgan: Moskvada o‘qigan kezlarida Abdulla Qodiriy bilan suhbatlashishga muyassar bo‘lgan. Shuningdek, Cho‘lpon bilan yaxshi tanish bo‘lgan, Komil Yormatov bilan do‘stlashgan.
Shu davrda Turkistonda milliy chegaralanish amalga oshirilib, alohida respublikalar tashkil etilgach, ularning har birida kino shirkatlari, studiyalari barpo qilinadi. Shu tarzda “O‘zbek davlat kinosi” (1925), “Tojikkino” (1932), “Turkmenkino” (1929), keyinroq esa Olmaota va Frunze (Bishkek) studiyalari ta’sis etilgan. O‘sha davrda ularni kadrlar bilan ta’minlash muammosi eng dolzarb masalaga aylanadi.
1925-yilda Toshkentga qaytgan Nabijon, shu yili tashkil topgan “Sharq yulduzi” kinostudiyasiga ishga kiradi. Uning tasviriy san’at asoslarini o‘zlashtirgani, rassomlik iste’dodi hamda san’at sifatida shakllanib kelayotgan texnik ixtiro – kinoga bo‘lgan qiziqishi va mehri hal qiluvchi omil bo‘ladi. Nabi G‘aniyev “O‘zbekkino”da direktor, maslahatchi, rejissyor yordamchisi vazifalarida ishlaydi. Kinematografiyachilarning milliy kadrlarni yaratish vazifasiga kamarbasta bo‘lib yangi san’at targ‘ibotchisi sifatida ham faoliyat olib boradi, studiyaga iqtidorli yoshlarni jalb qilishga harakat qiladi. Uning tashabbusi bilan kinostudiyada birinchi kinokurslar ochildi. 1926-yilda esa Nabi G‘aniyev “Kinoaktyor” va “Kinossenariy” nomli o‘zbek tilidagi ilk qo‘llanmalarni yozadi.
1927-yilning o‘zida “Ikkinchi xotin”, “Machit gumbazlari ostida”, “Soyabonli arava”, “Chodra”, “Ravot qashqirlari” nomli besh badiiy filmning yaratilishi “O‘zbek davlat kinosi”ning shu yilgi faoliyati sermahsul bo‘lganini tasdiqlaydi. Ijodkorning o‘zi qayd etganidek, o‘sha yillari u kinoning estetik imkoniyatlarini emas, texnikasini o‘rgandi, filmlarda rollar ijro etdi. “Ikkinchi xotin”dagi Umar (1927), “Soyabonli arava”dagi Boymat (1928), “Moxov qiz”dagi epizodik rol (1928)lar G‘aniyev – aktyor ana shu texnikani, avvalo ijrochilik texnikasini mukammal o‘zlashtirib olganini ko‘rsatdi. Shuningdek, “Baxt quyoshi”, “So‘nggi bek” va boshqa kartinalarda rejissyorlarga assistentlik qildi.
Nabi G‘aniyev rejissyor sifatida 1928-yildan mustaqil film ola boshlaydi. Uning 1937-yilgacha suratga olgan “Hokimiyat kimniki?”, “Lotinlashtirish”, “Ramazon”, “Yuksalish”, “O‘lim qudug‘i”, “Yigit” kabi filmlari o‘z davrida elga manzur bo‘lishi bilan birga, bugungi avlod uchun o‘tgan davr hayotidan ma’lumot beruvchi nodir manba hamdir.
O‘tgan asrning 30-yillari Nabi G‘aniyevning ham boshiga og‘ir kunlarni solgan edi. 1937-yilda Abdulla Qodiriyning maslakdosh do‘sti bo‘lganligi, “Hokimiyat kimniki?”da fojialarga to‘la haqqoniy hujjatli film ishlab sho‘ro davlatining istiqboliga shubha bildirgani uchun aksilinqilobchilikda ayblanib, 27 oyga qamaladi va 1939-yilda hibsdan ozod etiladi.
Nabi G‘aniyev hibsga olinishidan oldin – 1937-yil 2-avgustda Moskvaga Butun ittifoq san’at boshqarmasi boshlig‘i Kerjansevga xat yo‘llab, kino sohasi oldida turgan muammolarga o‘z munosabatini bildirgan edi. Unda shunday jumlalar bor: “Ijodlarini endigina boshlayotgan, kino sirlarini o‘rganayotgan yoshlarga do‘stona tanqid foydali bo‘lardi. Lekin… baxtga qarshi, kinosanoatda har kim faqat o‘z manfaatini o‘ylashi odat tusiga kirib qoldi. Tajriba o‘rganilmadi. Tanish-bilishchilik avjiga chiqdi”; “boshqa respublikalardan taklif etilgan rejissyorlar asosan, pul ishlash uchun kelardilar. Kadrlar tayyorlash sohasida mutlaqo ish olib bormasdilar…”; “…shunisi achinarliki, tanqidiy mulohazalar, takliflar o‘rnini maqtovlar egalladi…”; “rejissyor dramaturg emas. U ssenariy yozishi shart emas…”; “kinodramaturglar yo‘qligi, binobarin, ssenariy tanqisligi bizga to‘sqinlik qilmoqda…”.
Shunisi qiziqki, Nabi G‘aniyevning bu fikrlari Abdulla Qodiriyning kino sanoatiga qarashlariga juda yaqin bo‘lgan.
Nabi G‘aniyev bilan birga o‘zbek kinochilaridan K.Yormatov, Z.Sabitovlar filmlarini suratga olganlar.
Ikkinchi jahon urushi boshlangach Toshkentga M.Romm, Ya.Protazanov, L.Traubeg, G.Kozinsev kabi umumittifoqning ko‘zga ko‘ringan kinosan’ati vakillari evakuatsiya qilinadi va ularning o‘zbek kinoijodkorlar bilan hamkorligi natijasida “Jangchi do‘stlar”, “Nasriddin Buxoroda” filmlari, bir necha “Harbiy kinoto‘plamlar” ishlandi.
Nabi G‘aniyev urush boshlanganiga bir oy bo‘lganda maslakdoshi Mirzakalon Ismoiliy bilan “Biz yengamiz” filmini yaratdi. “Biz yengamiz” filmi frontortidagi voqealar bayoniga bag‘ishlangan bo‘lsa, urush yillarida yaratgan ikkinchi – “Ikki do‘st” filmi syujeti frontda – Ukraina hududlarida sodir bo‘ladi. Ikki do‘st – Sasha va Komil (Sh.Burxonov ijro etgan) nemis desantlari bilan jangga kirib, qahramonlik va topqirliklarini namoyon qiladi. Do‘stlar dushmanni mag‘lub qilib, nemis ofitserini asir olib, o‘zlariga yuklangan topshiriqni – harbiy pozitsiyadagi jangchilarni ovqat bilan ta’minlashni ham uddalaydilar. Filmda voqeani bayon qilish uslubi sodda va shu bilan birga aniq bo‘lib, urush yillarida davr talabiga nihoyatda mos kelgan siyosiy plakat kabi xalqni qahramonlik ko‘rsatishga chaqiriq ruhi bilan yo‘g‘rilgandi.
Shu filmlardan so‘ng Nabi G‘aniyev o‘zining shoh asari “Tohir va Zuhra” filmi ustida ish boshladi. Hamidulla Akbarov ta’kidlaganidek, “Tohir va Zuhra” afsonasi XIV–XV asrda tashqi dushman bilan mardonavor kurash olib borgan xalqimizning ehtiyoji, orzu-umidlari ila paydo bo‘lganidek, bu durdonaning ekrandagi umri ham Ikkinchi jahon urushining og‘ir damlarida boshlangan. Kino muhitigina emas, frontda, uning ortida jasorat ko‘rsatayotgan el-yurtimiz o‘tmish bahodirlari, yuksak his-tuyg‘u sohiblari, hazil-mutoyibaga o‘ch, xushkayfiyat uyg‘otadigan afandilar, masxarabozlar, askiya ustalari tilga, qalamga, mo‘yqalamga qayta olindi, sahnaga, ekranga olib chiqildi. Bu manzara ijodning barcha sohalarida ko‘zga tashlandi. Kino muhitiga murojaat etsak, Xo‘ja Nasriddin haqidagi bir film (“Nasriddin Buxoroda”, 1943) suratga olinganini, ikkinchisiga (“Nasriddin sarguzashtlari”, 1946) taraddud ko‘rilganini, “Alisher Navoiy” ssenariysi, eskizlari ustida ish olib borilganini, unga Guli–Mir Alisher munosabatlariga doir Buxoro afsonasi kiritilganini, nihoyat “Tohir va Zuhra” afsonasi, ertaklari, dostoniga murojaat etilganini qayd etamiz.”[1]
Butunjahon kinematografiya san’ati merosi ham bo‘lgan “Tohir va Zuhra” yangi ijodiy, badiiy, texnik uslublar qo‘llanilgani, filmdagi barcha epizodlar va lavhalarning yuksak mahorat bilan ishlangani, ziddiyatli vaziyatlari mukammal yaratilgani, filmning boshdan oxiriga qadar milliylik ruhi singigani bilan alohida ahamiyatli.
“Tohir va Zuhra” (1941-yilda sahnalashtirilgan) musiqali dramasining (Sobir Abdulla so‘zi va To‘xtasin Jalilov musiqasi) iliq kutib olinishi xalqimizning nafaqat teatrning musiqali drama janriga, balki sevgi va sadoqat haqidagi xalq afsonasiga bo‘lgan muhabbatida edi. Nabi G‘aniyev shu tufayli “Tohir va Zuhra” filmini suratga olishga qaror qiladi. Ba’zi ma’lumotlarda quyidagicha aytiladi: “Toxir va Zuhra” filmini yaratish g‘oyasi O‘zbkistonning o‘sha davrdagi Markaziy Komiteti rahbari Usmon Yusupov hamda general Sobir Rahimov tomonidan 1943-yilda aytilgan va o‘sha yili buyurtma asosida spektakl sahnalashtirilgan. Asosiy maqsad Ikkinchi jahon urushidagi jang maydonida kurashayotgan o‘zbek yigitlarini ruhlantirish bo‘lgan.[2]
Ta’kidlash lozimki, film ustida ishlagan ijodiy guruh afsonaning ruhini saqlagan holda mustaqil kino asarini yaratgan. Sobir Abdulla ham, Nabi G‘aniyev ham o‘sha damda tomoshabin olqishiga sazovor bo‘lgan “Tohir va Zuhra” musiqali dramasini kinotasmaga muhrlashdek jo‘n, o‘zini oqlamaydigan yo‘ldan bormadi. Doston, ertaklarning fabulasini qayta idrok etib, urush yillarining og‘ir muhiti, sharoitidan kelib chiqib, sevgi-sadoqat dramasida qahramonlik eposiga xos ko‘tarinki, monumental ruhni saqlab qolish yo‘lidan bordilar.[3]
Film ssenariysi shu nomli musiqali dramaning ekranlashtirilgan takrori bo‘lmay, xalq afsonasi asosida yangitdan yozildi. Rejissyorning shoirona qalbiga xalq afsonasining lirik va romantik ohanglari juda yaqin va tanish edi.
Film 1944-yilda suratga olindi va 1945-yil boshida katta ekranlarga chiqarildi. Unda kinomotografga xos badiiy imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilgan bo‘lib, rejissyorning iste’dodi va nozik didi filmning har bir epizodida namoyon bo‘lgan. Filmning har bir kadrini olishdan avval rejissyorning unga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishi, mayda detallarigacha o‘ylab, chuqur mulohazalardan keyingina tasvirga olishga kirishishi – Nabi G‘aniyev ish uslubining yana bir o‘ziga xos qirralaridan bo‘lgan. Shuning uchun ham film davomida dubllar ko‘p bo‘lmas, plyonka ortiqcha sarflanmas va olingan har bir metr filmga kiritilar edi. Nabi G‘aniyev filmlarini tasvirga olish tugashi bilanoq montajini o‘zi mustaqil ravishda bajarardi. Rejissyor o‘ziga ham, butun ijodiy guruh ishiga ham birdek talabchan edi. Uning ish davomidagi ko‘tarinki ijodiy ruhi barchaga birdek ta’sir qilar, u bilan yonma-yon ishlash nihoyatda maroqli bo‘lgan.
“Tohir va Zuhra” o‘zbek kinomotografining ijodiy barkamollikka yetkanini ko‘rsatdi. Ushbu film xorijiy ekranlarda keng namoyish etilib, katta muvaffaqiyat qozondi va “o‘zbek kinosi jahon sahnalarini zabt etdi” degan bahoni olgandi, – xorij matbuotida ham yuqori e’tirofli maqolalar chop etiladi. Jumladan, 1947-yilning 5-mayida Shvetsiya gazetasi chop etgan maqolada “O‘zining “Tohir va Zuhra” filmi bilan Sharq to‘g‘risidagi bunday asl tasavvurni yaratishga qodir bo‘lgan iqtidorli o‘zbek kinorejissyori Nabi G‘aniyevning darajasiga Gollivud erisha olmagani” qayd etildi.[4] Ular qahramonlardagi oddiylik va badiiy haqqoniylikni, dekoratsiyalarning esa nihoyatda aniqligi va ifodaliligini qayd etgandilar. Maqola mualliflarining barchasi film qahramonlari obrazlarini yaratgan G‘ulom Tojia’loyev va Yulduz Rizayevalarning haqiqiy ertak qahramonlarni yaratishga muvaffaq bo‘lganlarini yozishgan. Barcha maqolalarda “Tohir va Zuhra” filmi rejissurasining yuksak darajasi qayd etilgan.
Darhaqiqat, “Tohir va Zuhra” filmi o‘zbek oltin fondidan munosib o‘rin egalladi. U xalq ijodini kinomotografga ko‘chirishning haqiqiy etaloni bo‘lib xizmat qiladi.
Gollivud kinostudiyasi Nabi G‘aniyevni “kinoda eng yaxshi tasvirlovchi bilimdon rejissyor” hisoblab “1001 kecha” ertaklari asosida yaratiladigan filmiga postanovkachi-rejissyor sifatida chaqiradi. Sobiq Sovet Ittifoqi tomonidan olib borilgan “temir panjara” siyosati o‘zbek rejissyorining Gollivud kinostudiyasiga borishi u yoqda tursin, hatto nomini tilga olishga ham yo‘l qo‘ymasdi. Nima bo‘lganda ham, sobiq Sovet Ittifoqi rejissyorlari ichida birinchi bo‘lib o‘zbek rejissyorining Gollivud kinostudiyasida tan olinishi, biz uchun katta faxr![5]
O‘zbek folklorining boy va o‘ziga xosligini chuqur his etgan Nabi G‘aniyev bu sohadagi ishlarini davom ettirib, “Nasriddin sarguzashtlari” filmini olishga kirishadi. Bu ishga dastlab “Markaz” ruxsat bermaydi. Ular: “Hamma qayg‘uga botgan paytda, xalq dostoni – Afandi haqida film olish shartmi?” deyishadi. Nabi G‘aniyev esa aksincha, xalq qayg‘u-alamga botgan paytda, uning ko‘nglini ko‘tarish uchun ham quvnoq voqealar aks etgan filmlar yaratish zarur, deb fikrini “markazdagilar”ga asoslab beradi va Afandining oddiyligi, quvnoq va donoligini xalq og‘zaki ijodi orqali tildan-tilga o‘tib yurgan doston, latifalarni ekranga ko‘chiradi. Uning nazarida kino qanchalik mukammal, zamonaviy texnika mutaxassislari bilan ta’minlanmasin, avvalo, milliy meros va qadriyatlar asos bo‘lishi kerak edi.
Uning bu qarashlari hasadgo‘ylarning muhokama mavzusiga aylandi, 1948-yilda (1937-yildagi kabi) ham turli bahonalar bilan uni ayblashga harakat qiladilar. Tazyiqlarga qaramay qahramonimiz o‘z ijodiy yo‘lida sobit davom etdi.
Nabi G‘aniyev “Tohir va Zuhra” uchun Italiyada bo‘lib o‘tgan 19-Osiyo filmlari festivalida “Jahon kinosiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun” maxsus diplomiga munosib ko‘rilgan. “Tohir va Zuhra” bosh qahramonlarini ijro etgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Yulduz Rizayeva va G‘ulom Tojia’loyev O‘zbekiston Respublikasi birinchi prezidenti Islom Karimov farmoniga muvofiq “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
Nabi G‘aniyev 1953-yil 19-oktyabr kuni hayotdan ko‘z yumadi. Toshkentda dafn etilgan. 1965-yil Toshkent kinotexnikumiga Nabi G‘aniyev nomi berilgan.
Sevar PO‘LATOVA,
tarix fanlari nomzodi
Tarix
Falsafa
Tarix
Tarix
Tarix
Tarix
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q