“Hovuzlar – arteriya tomirlaridir”. Buxorodagi “obi hayot obidalari” nima uchun qurilgan?


Saqlash
16:26 / 24.02.2026 73 0

Buxoro qadimdan Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan sahrodagi shaharlardan biri sanalgan. Jazirama issiq, tandirdek qizigan qum barxanlar har bir sayyoh-u musofirni, mehmon-u mezbonni soya-salqinga chorlagan. Aholiga faraxbaxshlik baxsh etish maqsadida Buxoroda ko‘plab hovuzlar qurila boshlangan. Toj Mahal-u, Misr ehromlari bilan bo‘ylasha oladigan maftunkor hovuzlar Buxoroni Sharqning zebo shahriga aylantirgan.


Obi hayot manbai hisoblangan suv zaxiralarini jamlash va uni ahli guzarlarga yetkazish maqsadida qurilgan Buxoro hovuzlari nodir me’moriy inshootlar bo‘lib, o‘z vaqtida shaharning qon tomiri hisoblangan. Buxoro shahristonida 103 ta, shahar atrofida esa 250 dan ortiq hovuzlar mavjud bo‘lgan.   


Buxoroda hovuzlar xilma-xil, havzi xokiy (loy hovuz), havzi taxta (yog‘ochli hovuz), havzi sangin(toshli)larga bo‘lingan. Bundan tashqari, toshquduqlar, qumquduqlar va korizlar ham mavjud bo‘lgan. Hovuz aslida suv uyi, xonasi ma’nosini bildiradi. Suv uyining Buxoro va uning qaramog‘idagi hududlarda ko‘p uchrashi – suvning ko‘p, kamligi  bilan bog‘liq bo‘lgan. Qayerdakim sersuv ariqlar bo‘lsa, u joylarda hovuzlar kam qazilgan. Suvi kamchil tuman, qishloq, qal’alarda ko‘proq toshhovuzlarga ehtiyoj sezilgan. Taxtadan ihota vositasi bor suv uylari obi hayotni ko‘p vaqt saqlagan. Toshtaroshlik rivojlanib, pishiq g‘isht ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgach, toshquduqlar ko‘proq qurilib, qishloq, ovullar suvsizlik changalidan xalos bo‘lgan.   


Muarrix Muhammad Narshaxiyning “Buxoro tarixi” kitobida podshohlar saroyi Jo‘yi mo‘liyonda go‘zar sarhovuzlar borligi keltirib o‘tilgan. Sada qayrag‘ochlar shunday bir tarzda chodir shaklini olgan edi-ki, sarhovuz labidagi o‘tiradigan joyga sharq tomondan ham, g‘arb tomondan ham zarracha quyosh tushmas edi. Hovuz bo‘yidagi chorbog‘larda nashvati, bodom, yong‘oq, gilos, jilon jiyda va anbar bo‘yli jannatda bo‘ladigan har bir meva g‘oyatda yaxshi va go‘zal tarzda o‘tqazilgan edi. 


Buxoro hududida sarhovuzlar faoliyati ham yo‘lga qo‘yilganligi bois hovli joylar ahli yoz paytida salqin sarhovuz bo‘yida yozni yayrab o‘tkazishgan. Agar yoz to‘qsoni 20-maydan 20-iyulga qadar davom etishini inobatga olsak, hovuzlar naqadar muhim ahamiyat kasb etishini anglash mumkin. 


Buxoro shahristoni ichida 103 ta ko‘cha, guzar, mavze, hovlilar hovuzi bo‘lib, bundan meshkoblar, korxona, masjid, madrasa ahli keng foydalanganligi tarixiy kitoblarda o‘z aksini topgan. San’atshunos L.I.Rempel, etnograf O.A.Suxareva va arxeolog V.L.Vyatkin tadqiqotlarida Buxoro shahriston bag‘rida 103 ta hovuz, bitta shahriston arig‘idan suv olganligini yozadilar. Buxoroda eng katta hovuz Sitorai Mohi Xosa suv xazinasi bo‘lib, u O‘rta Osiyo hududida ikkinchi o‘rinda turadi. Shaharda 5 600 m kub sig‘imgacha kattalikdagi hovuzlar bo‘lgan. 75% hovuzlar 400 m.kv gacha, 25% esa 400 m.kv dan ortiq hajmni tashkil etgan. Eng kam sig‘imli Mirakon hovuzi 144 m.kv, eng katta suv havzasi Labi hovuz bo‘lib, 1 552 m kv.dan iborat bo‘lgan. 


Havzi Nodir Devonbegi esa shahriston ichidagi hovuz bo‘lib, buni havzi sangin (toshli hovuz) ham deydilar. Shaharni asosiy suv bilan ta’minlovchi Shohrud arig‘i qirg‘og‘ida joylashgan hovuzning eni 36 m, bo‘yi 45,5 m bo‘lib, chuqurligi 5 m ni tashkil etadi. Shaharning markaziga aylana boshlagan hovuz atrofida birin-ketin yangi imoratlar qad ko‘tara boshlaydi. Gʻarbida Nodir Devonbegi xonaqohi, sharqida Nodir Devonbegi madrasasi, shimolda Ko‘kaldosh madrasasi va hozirda saqlanmagan Ernazar elchi madrasalari qad ko‘targan. 


Labi Hovuz suv havzasi bir necha tarixiy obidalarni o‘z ichiga olgan arxitektura ansamblining kompozitsion markazidir. Labi hovuzning ansambl kabi shakllanishi diqqatga sazovor. Quyuq daraxtlar bilan o‘rab olingan keng hovuzning monumental binolar kompleksiga qo‘shish Markaziy Osiyo san’at tarixida yangi me’morchilik uslubini boshlab  berdi. 



Shuningdek, Havzi xoni Zayniddin, Havzi Chochchaxona, Havzi Oybinok, Havzi Xoja Ja’far, Havzi Nav, Havzi bodom, Havzi shisha, Havzi Arki oliy, Havzi Tagmanbofon va boshqa hovuzlarni sanash mumkin. Bular orasida Hovuzi Devonbegi, Hovuzi Rashid, Hovuzi Xo‘ja Zayniddin, Hovuzi Bolo kabi o‘nlab suv manbalari Buxoroda mashhur bo‘lganini esa qariyalar ta’kidlashadi. 


Bunday sersuv hovuzlar qishloqlarda ham ko‘p bo‘lgan. Ikki, uch hovli hisobiga qazilgan toshhovuzlardan tashqari mahalla, masjid, choyxona hovuzlari ham aholi xizmatini ado etgan. Shahar 10 ta katta ariqdan suv olgan va Buxorodagi barcha hovuz suv bilan ta’minlangan. Zarafshon daryosidan ariq, rud orqali sersuvligi ta’minlangan hovuzlar qavatiga esa sardobalar ham qo‘shilgan. Bular soni 1000 tani tashkil etgan. Xoja Ubbon yoki Cho‘li Ubon hududida ham sardoba bo‘lgan. Buni xalq tili bilan saron deganlar. O‘sha saron qudug‘i hali ham bor. Hovuzlar atrofi marmar yoki yonilgan toshlar bilan ishlangan bo‘lib, faqatgina Eshoni Imlo, Xalifa Xudoydod hovuzlari ustiga sardoba qurilgan.  

  
Yoshi ulug‘ keksalarning aytishicha, Buxoro hovuzsozligida mashhur usta Majid Qurbonov alohida o‘rin tutadi. Shaharda mashhur hovuzsoz usta Usto Majid Soliyev, O‘zbekistonning eng yaxshi xalq ustasi Usta Shirin Murodov asarlari barcha me’morlar uchun etalon vazifasini bajargan. Hovuzlar qurilishi bo‘yicha uch jihat, ya’ni, seysmik holat, yaxshi joylashuv va suvni yaxshi saqlay olishiga alohida e’tibor qaratilgan. 


Hovuz uchun yaxshi joy tanlangach, keyin chuqur kovlangan. Hovuzni begona o‘t qoplamasligi uchun uning sathiga kigiz to‘shalgan. So‘ngra uning ustiga qora ohak sepilgan. Atrofi marmar yoki yonilgan toshlar bilan bezatilib, zinalar hosil qilingan. Asosan g‘ozg‘on va Nurota toshlaridan foydalanilgan. Zinalar mustahkam bo‘lishi uchun toshlar osti hamda orasiga tut cho‘plar qo‘yilgan. Har 50-60 sm.da tut daraxti yog‘ochlari qo‘yib chiqilgan. Maxsus ishlov berilgan bu yog‘ochlar toshlarni silkinishdan saqlashda bog‘lagich vazifasini o‘tagan. Hovuzlar suvni yaxshi saqlovchi yirik va mustahkam chashkaga o‘xshashi kerak edi. Usta Majid Qurbonov shu usulda qadim shaharning guzarlarida 18 ta hovuz barpo etgan ekan.

 
Hovuzlarning marmar tarnovlari ham uch xil shaklda: oddiy – faqat toshdan ishlov, o‘rta – naqshlar va ornamentlar hamda murakkab – sher, baliq, ajdar ko‘rinishdagilardan iborat bo‘lgan. 


Xo‘ja Zayniddin hovuzi tarnovi baliqning og‘ziga o‘xshatilib, unda nastaliq xatida quyidagi forsiy she’r sangtaroshlar tomonidan bitilgan. Uning o‘zbek tilidagi tarjimasidan quyidagilarni anglash mumkin:

Sayyid Amir Olim Bahodirxon davlatining barokatidan uning asrida hech bir insofsizlik, muruvvatsizlik joriy bo‘lmagan. Amir Nasrulloh qushbegining sa’y-harakati va tashabbusi bilan bu mustahkam toshli bino xayriya tariqasida qurildi. Odamlarga ma’lum bo‘lishi uchun uning ta’mir yilini aql egalaridan so‘radim. Lutf va valoyat egalari mening javobimga shunday dedilar: “Bu xayrli ish joriy bo‘lib, olamga xushxabar yetdi” 1345/1926. 


XIX – XX asr boshlarida Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Qo‘qon va boshqa shaharlardagi yirik binolarda, hovuz (Labi hovuz ansambli, Sitorai Mohi Xosa) xarsangtosh va marmar ko‘p ishlatilgan.  

 
Buxoro hovuzlarining hammasi ham oddiy hovuzlar bo‘lavermagan. Misol uchun, Xavzi Lesak Arki Oliyning janub tomonida joylashgan bo‘lib, uning suvi, loyqasi shifo bo‘lgan. Yara, yiring, zaxm teri kasalliklariga loyi surtilgan. 

  
E’tibor qaratilsa, Buxorodagi ko‘plab yirik va mahobatli inshootlar oldida hovuzlar barpo etilgan va atroflarida tut va chinor daraxtlari ekilgan. Masalan, Gavkushon majmuasi, Bolo Hovuz masjidi, Ismoil Somoniy maqbarasi, Bahouddin Naqshband majmuasi, Sitorai Moxi Xosa saroyi, Chor Bakr yodgorligi va boshqalar. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad imoratlarni zax ta’siridan muhofaza etish bo‘lib, ularning umrboqiyligini ta’minlagan. Masalan, Labi Hovuz bo‘yidagi bir tup daraxt bir yilda 330 litr suvni o‘ziga shimib olishini mutaxassislar isbotlashgan. 



Eski shaharning qon tomiri hisoblangan hovuzlarning vazifasi aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash bilan birga yana ko‘pgina muammolarni hal etishda asqotgan. Jumladan, ular shahar iqlimini moʻtadil saqlash, tarixiy obidalarni sho‘rlanishdan asrashga xizmat qilgan. Eng asosiysi, hovuzlar atrofida odamlar miriqib dam olganlar, turli yig‘in va tadbirlarda ishtirok etganlar. Bundan ko‘rinadi-ki, ko‘hna shahar odam tanasiga qiyos etilsa, hovuzlar esa uning arteriya tomirlari bo‘lgan. 


Buxoro atrofi suv ta’minotini mirob boshqargan. Uning boshqarmasi amir saroyi – Shirbudun oldida, Shohrud tarmog‘ining boshida bo‘lgan. Suv shahar ichkarisiga oqib kirgani zahoti uni xalifa boshqargan. Xalifaning kuzatish joyi Mozori Sharif darvozasi oldida bo‘lib, u shahardagi hovuz va bog‘larning suv ta’minotini amalga oshirgan. Chunki, Shohrud arig‘i Mozori Sharif darvozasidan Xo‘ja (madrasasi) bozorigacha ochiq holda oqqan. Hovuzlarni ishlatish ustidan qattiq nazorat olib borilib, mirshablar, nazoratchilar hovuzlar suvini o‘lchab turishgan. Meshkoblardan suvni isrof qilmaslik qat’iy talab qilingan. Shu bois hovuz ham, undagi suv ham qadrlangan, mudom atrofi toza tutilgan.

 
Aholi suv bilan ta’minlanish maqsadida meshkoblar xizmatidan foydalangan. Buxoro amirligining devonxonasi, madrasa, karvonsaroylar, choyxona, bozor, badavlat xonadonlarni meshkoblar doimiy suv bilan ta’minlab turgan. Birgina Nodir devonbegi hovuzidan 80 ta meshkobchi suv tashigani manbalarda uchraydi. Buxoroning Mirzo Haydari poyon guzarida meshkobchilar oilasi istiqomat qilgan. Har bir hunar ahli biror tarixiy yoki diniy afsonaviy shaxsni o‘zlariga pir deb hisoblagani kabi, meshkoblar o‘zlarining piri sifatida Abbos (payg‘ambarning amakisi)ni tanlashgan. 


Har hovuz meshkobchilarining oqsoqolini shu hovuzdan suv tashiydigan meshkobchilar ommasi ochiq tarzda saylashgan. Kichik hovuzlarning meshkobchilari oz sonli bo‘lgani sababli, oqsoqol saylovida o‘zlariga yaqinroq katta hovuz meshkobchilariga qo‘shilib saylov o‘tkazishgan. 


Meshkoblar oqsoqolining vazifasi suv iste’molchilari oldida meshkobchilar huquqini himoya qilishdan iborat bo‘lardi. Masalan, bir meshkobchi bir hovli egasi bilan kuniga bir yo ikki mesh suv keltirib berishga kelishadi. Agar meshkobchi bilan hovli egasi orasida janjal chiqsa, ya’ni hovli egasi meshkobchining haqini to‘lab bermasa, meshkobchi u hovliga suv tashishni to‘xtatib, bu haqda oqsoqolga xabar qilardi. Bunday mavridda hovli egasi qancha ortiq pul bersa ham, boshqa biror meshkobchi unga suv tashib bermasdi.



Agar biror meshkobchi pulga aldanib, unga suv tashib berguday bo‘lsa, oqsoqol uni qoidani buzgani uchun jarimaga tortib, qayta u joyga suv tashishni man etardi. Agar u meshkobchi ikkinchi marta qoidani buzib u hovliga suv keltirsa, oqsoqol uni suv tashish huquqidan mahrum etib, meshkobchilar qatoridan chiqarib yuborardi. Xullas, to hovli egasi o‘zining avvalgi meshkobchisini rozi qilmaguncha boshqa meshkobchi unga suv tashib bermasdi. Hovli egasi avvalgi meshkobchisini rozi qilgandan so‘ng, u hovliga suv tashish huquqi birinchi navbatda o‘sha avvalgi meshkobchining o‘ziniki bo‘lardi. Bordi-yu, u o‘z ixtiyori bilan bu joyda suv tashishni istamasa, u holda boshqa meshkobchi bu hovliga suv tashishga haqli bo‘lardi. Meshkobchilarning huquqlarini bu xilda himoya qilish bo‘yicha ularning tartib qoidalari aks etgan risolalarida yo‘q edi. Lekin hayot ularning o‘z huquqlarini himoya qilish uchun risolada yozilmagan shu qoidani joriy etishga majbur qilgan edi.  


Oqsoqolning yana bir vazifasi suv tashish tartibini nazorat qilish bo‘lgan. Meshkobchi meshni yerga qo‘ymasligi lozim edi, suv olayotgan vaqtda meshning bir tomoni hovuz zinasiga tegib turadi, shuning uchun meshkobchi zinaning shu joyini yuvishi, so‘ngra meshning bir uchini shu toza joyga qo‘yib, suv olishi lozim. Shuningdek, meshga suv quyadigan charm do‘lchani yerga qo‘yish man etilgandi. Meshkobchi o‘z meshini suv bilan to‘ldirar, do‘lchani mixga yoki daraxtga ilib qo‘ymog‘i lozim edi. Agar meshkobchi shu qoidalarning birortasini buzsa, oqsoqol undan qoidani buzgani uchun ikki tanga jarima olardi va shu yo‘l bilan to‘plangan pullarni “Arvoxi pir” ziyoratiga sarf qilardi. Meshkobchilarning ham “Arvoxi pir” ziyorati diniy ruhda o‘tkazilgan.


Buxorodagi hovuzlar chuqurda joylashgan bo‘lib, suvlari oqib turmagani bois doimiy yangilab turilishi lozim bo‘lgan. XIX asr oxiri XX asr boshlarida yerlar o‘zlashtirilib, Shohrud arig‘i Buxorogacha oqib kelolmaganligi sababli hovuzlarning suv ta’minoti qiyinlashgan. Buning natijasida hovuzlarning suvi hidlangan. Yuqumli kasalliklar, jumladan, rishta kasalligi avj olgan. XX asrda 50 000 aholisi bor Buxoroda 171 ta kasallik qayd etilgan. Tarixiy hujjatlarning birida Buxoro shahridagi oliy o‘quv yurtlarining (madrasalar) rishtaga yo‘liqqan 127 nafar talabasi ro‘yxati keltirilgan. Shahardagi tibbiyot vakillari rishtaga qarshi qiyinchilik bilan kurashardi. Shunda bu ishga “Rusiya siyosiy agentligi” ham aralashadi va taraqqiy etgan Gʻarb ta’limini olgan mutaxassislar bu muammoni bartaraf qilishga jalb etiladi. Tadqiqotchi R.Pochekayev yozadi: “Muhandis X.Gelman 1895-yilda Rus siyosiy agentligi ko‘magida Buxoro hovuzlarini tozalash va tibbiy nazorat qilish uchun amir hukumatining roziligini oladi. Lekin bir qancha sabablar bilan loyiha amalga oshmay qoladi.


Hovuzlar keyinchalik ko‘milib tashlangan. Shundan so‘ng buxorolik Mirzo Abdulvohid Burxonov (Munzim) bor mol-mulkini sotib, to‘plagan mablag‘ini Buxoroga suv keltirishga safarbar qilgan. 1920-yil to‘ntarishdan so‘ng, sentyabr oyida  Buxoro Xalq Respublikasi tashkil etilgach, Abdulvohid  Burxonov Maorif hamda sog‘liqni saqlash noziri vazifasida ishlab, uning ishtirokida 1925-yilda Ark yonida Shuxov suv minorasi qurilib, shahar suv bilan ta’minlana boshlandi. 



Istiqlol qadim Buxoro bag‘riga yangicha nafas olib kirdi. Ko‘plab ko‘hna hovuzlar, jumladan, Hovuzi Nav, Hovuzi Boboniyoz, Hovuzi Xo‘ja Zayniddin, Hovuzi Lesak, Bolohovuz, Hovuzi Eshoni Imlo, Ismoil Somoniy, Xo‘ja Kalon hovuzlari qayta ta’mirlandi. Sharif shahardagi ko‘hna hovuzlarni asl holiga keltirish yo‘lida ham katta jonbozlik ko‘rsatildi. “Devonbegi”, “Hazrati Imom”, “Piridastgir” hovuzlarining qayta barpo etilgani ham buning yorqin dalilidir. 

 


Shavkat BOBOJONOV,


Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros
ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim mudiri,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//