“Hozirgi yoshlar boshqacha, sabrsiz, qo‘lidan telefon tushmaydi, bizning paytimizda boshqacha edi... ”
Shunday gaplar Sizning ham qulog‘ingizga tez-tez chalinib turadimi? Umuman olganda, har bir davr yoshlari turlicha bo‘lishi tabiiy. Chunki insonni o‘sha zamon, davr tarbiyalaydi. Masalan, bir uyda buva gazeta o‘qiydi, buvi televizor ko‘radi, ota Facebook’da yangilik o‘qisa, farzand TikTok, Instagramda kontent tomosha qiladi yoki sun’iy intellekt bilan suhbatlashadi. Ular bir oilada yashasa-da turli davr vakillari hisoblanadi. Mana shu har bir davr avlodi jamiyat qiyofasini belgilaydi. Chunki jamiyatni siyosat yoki iqtisod emas, avvalo insonlar shakllantiradi. Insonlarni ular ulg‘aygan davr, tarixiy voqealar, texnologiyalar va ijtimoiy muhit tarbiyalaganligi bois, ularning qadriyatlari, ish tamoyili va jamiyatdagi o‘rni sezilarli darajada farq qiladi.
Bir davrda tug‘ilgan insonlarning o‘xshash fikrlar va qadriyatlarga ega bo‘lishi fanda “Generatsiya” (avlodlar) deb ataladi. Turli yosh qatlamlari o‘rtasidagi qarash va qadriyatlar tafovuti esa ko‘pincha “Avlodlar to‘qnashuvi” sifatida talqin qilinadi. Mutaxassislar bu jarayonni tabiiy ijtimoiy almashinuv deb baholaydi. XX asr oxirida Amerikalik tadqiqotchilar – William Strauss va Neil Howe avlodlar almashinuvi nazariyasini ishlab chiqdi. Ular o‘z g‘oyalarini 1991-yilda chop etilgan “Generations” hamda keyinchalik yozilgan “The Fourth Turning” kabi asarlarida bayon etgan. Sotsiologik tasnifga ko‘ra, zamonaviy jamiyat quyidagi asosiy generatsiyalardan iborat:
Silent Generation (1928–1945)
“Silent” – ya’ni “Sokin avlod”. XX asrning birinchi yarmidagi voqealar – Buyuk Depressiya (1929 – 1939) va Ikkinchi jahon urushi va undan keyingi tiklanish davri ta’sirida shakllangan avlod. Ularning soni AQShda 23 million kishini tashkil qiladi, ammo global miqyosdagi ulushi bu ko‘rsatkichdan sezilarli yuqori. Ushbu davr avlodlarining “Sokin” deb atalishiga sabab, ular intizomli, tejamkor, sodiq, jamiyat qoidalariga bo’ysunuvchi shaxslar hisoblanishadi. Ular radio tinglash va kino tomosha qilishni sevadi, texnologiyaga sekin moslashadi, lekin yuzma-yuz muloqotni afzal ko‘radilar.
Baby Boomers (1946–1964)
Ular Ikkinchi jahon urushidan keyin tug‘ilish surati keskin ortgan, iqtisodiy o‘sish davrida tug‘ilib, voyaga yetgan insonlar bo‘lib, mehnatsevarlik va sadoqat bilan boshqa avlod vakillaridan ajralib turadi. Bu davr vakillari raqamli texnologiyalarga to‘liq moslashmagan va an’anaviy ish usullarini afzal ko‘rib, tajriba va boshqaruv sohasida muhim rol o‘ynaydi. Baby Boomer’larga odatda oilaviy qadriyat, davlat boshqaruvi va barqaror iqtisodiy o‘sish tarafdorlari sifatida qaraladi.
Gen X (1965–1980)
Bu insonlar ikki davr orasidagi, analogdan raqamli davrga o‘tish jarayonini boshdan kechirgan avlod bo‘lib, ular ko‘pincha mustaqil qaror qabul qiladigan, moslashuvchan va realistik qarashlarga ega insonlar sifatida tavsiflanadi.
Millenials yoki Gen Y (1981–1996)
“Millenium” – yangi mingyillik avlodi. Internet, mobil aloqa va ijtimoiy tarmoqlarni o‘rganib katta bo‘lgan birinchi avlod vakillari. Ular raqamli dunyoga moslashgan, lekin katta iqtisodiy inqirozlarni ham boshdan kechirgan insonlardir. Ko‘pchilik o‘z ishida erkinlikni, tajriba orttirish va rivojlanishni afzal ko‘radi. “Qayerda ishlayman?” degan savoldan ko‘ra “Nima uchun ishlayman?” degan qadriyat ular uchun muhimroq sanaladi.
Gen Z (1997–2012)
Z avlod vakillari smartfonsiz hayotni tasavvur qilolmaydi, tezkor axborotlarga o‘rganib qolgan, bir vaqtning o‘zida bir nechta vazifani bajaradi va ijtimoiy masalalarga faol munosabat bildiradi. Ekologiya, psixologik salomatlik kabi mavzular ular uchun muhim hisoblanadi. Bugun O‘zbekistondagi startap, SMM, blogerlik va axborot texnologiyalari kabi yo‘nalishlarda aynan shu avlod vakillari yetakchilik qilmoqda.
Alpha (2013–2025)
2013 – yildan keyin tug‘ilgan bolalar Alpha avlod deb ataladi. Ular smartfon, planshet va internet rivojlangan davrda dunyoga kelgan. Millennials avlod internetni o‘rganib ulg‘aygan, Z avlod internet ritmini tezlashtirgan bo‘lsa, Alpha avlod internet va sun’iy intellektni tabiiy muhit deb biladigan avlod hisoblanadi. Ularning ota-onasi asosan Millennials va Z avlod vakillari bo‘lgani uchun, tarbiya jarayonida erkin fikrlash va shaxsiy tanlovga hurmat kuchliroq namoyon bo’lmoqda.
Alpha avlod – bu shunchaki generatsiya emas, balki jamiyat taraqqiyotining yangi bosqichidir. Ular sun’iy intellekt va global integratsiya sharoitida voyaga yetmoqda. Agar to‘g‘ri yo‘naltirilsa, ular yanada innovatsion va yuqori texnologiyali jamiyatni shakllantira oladi. Agar nazorat va tarbiya masalasida muvozanat saqlanmasa, raqamli muhitning salbiy jihatlari ustun kelishi ham ehtimoldan holi emas. Shunga ko’ra, bu avlodning kelajagi – faqat texnologiya masalasi emas, bu tarbiya, ta’lim va ijtimoiy mas’uliyat masalasi hamdir.
Mavzu avvalidagi savolga qaytsak: avlodlar tafovuti ziddiyatmi yoki taraqqiyot omili? Avlodlar almashinuvi – shunchaki yosh tafovuti emas, balki tarixiy tajriba, qadriyatlar va texnologik muhit bilan shakllangan dunyoqarashdir. Raqamlashtirish, sun’iy intellekt, global axborot maydoni va ijtimoiy transformatsiyalar bugun yosh avlod tafakkurini tubdan o‘zgartirmoqda. Ish joyi, ta’lim tizimi va jamiyat hayotida avlodlar o‘rtasidagi farq tushunilmasa, ziddiyat, tushunmovchilik paydo bo‘ladi va samaradorlik pasayishi yuz beradi. Agar uyg‘unlashsa — taraqqiyot tezlashadi, innovatsiyalar va jamiyatni rivojlantirish imkoniyatlari kengayadi.
Avlodlar almashadi, qadriyatlar yangilanadi. Biroq bu tafovut emas, balki ijtimoiy va iqtisodiy evolyutsiyaning tabiiy ko‘rinishidir. Chunki jamiyat taraqqiyoti turli avlodlar tajribasi va innovatsiyasining uyg‘unlashuviga bog‘liq.
Maʼrifatxon MAMIRJONOVA,
Oyina.uz
San’at
Tarix
Falsafa
Tarix
Tarix
Tarix
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q