“Turkistonning yeri bizning tanamiz, suvi bizning qonimiz” – Gazetalar muxtoriyat qulashi haqida nimalar yozgan?


Saqlash
17:58 / 23.02.2026 83 0

Kecha, 22-fevralda Turkiston muxtoriyatining qonga botirilganiga 108 yil to‘ldi. Jadidchilik milliy siyosiy harakati namoyandalarining qat’iyati va tashabbusi bilan 1917-yil 27-noyabrda tuzilgan Turkiston muxtoriyati 72 kun yashagan bo‘lsa-da, uning tashabbuskorlari mustamlakachilarga Turkistonda hurriyat, erkinlik va ozodlik kurashlari doimiy davom etishini ko‘rsatib bera oldilar. Muxtoriyat tugatilgach, Turkiston xalqi milliy qahramonlari bo‘lmish qo‘rboshilari boshchiligida 1918–1935-yillarda, ya’ni 17 yil davomida istiqlolchilik kurashlarini olib bordilar. Bu esa  turkistonliklarning Vatan va millat ozodligi uchun kurashining yorqin namunasi edi. Bu jarayonlar o‘z davridayoq milliy matbuot sahifalarida yoritib borildi.

 

Rus davlatini uch yuz yildan ortiq boshqarib kelgan romanovlar sulolasining so‘nggi vakili Nikolayning taxtdan voz kechishi oqibatida imperiyada ikki hokimiyatchilik vujudga kelgani yaxshi ma’lum. Ushbu jarayonlar ta’siri o‘laroq, 1917-yil martda Turkistonda mustaqillik va milliy davlatchilikni tiklash harakatlari boshlanib, uning boshida Turkiston jadidchiligining yirik namoyandalari Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Ubaydulla Xo‘jayev va boshqalar turgan. 1917-yil 16-aprelda Umumturkiston musulmonlarining birinchi qurultoyi o‘z faoliyatini boshlagan va “Najot” hamda “Ulug‘ Turkiston” gazetalarida ushbu yig‘in tafsilotlari yoritib borilgan. Xabarlarga ko‘ra, qurultoy ta’sischilari 1917-yil 17-aprel kuni milliy davlatchilik masalasini muhokama qilganlar. 22-apreldagi yig‘inda esa maktab, madrasa, vaqf, moliya ishlari, oziq-ovqat, mardikorlik, birinchi jahon urushi, “Sho‘royi islomiya” markazini tuzish, yer-suv ishlari va boshqa masalalar ko‘rib chiqilgan.

 

Turkistonda 1917-yil bahoridan mustahkamlanib olish uchun harakat qilayotgan bolsheviklar shu yilning iyulida Sherali Lapin boshchiligida tuzilgan “Sho‘royi ulamo” a’zolariga yirik mansab va amallar va’da qilib, jadidlarning milliy davlatchilikni qayta tiklash borasidagi harakatlariga qarshi targ‘ibotga chorlagan hamda buning uddasidan chiqqan. Gazeta sahifalarida “Sho‘royi ulamo”ning qarshilik harakatlari, Turkiston ziyolilarining ikki guruhga ajralib ketishi keskin tanqid qilingan. Jumladan, “Ulug‘ Turkiston” gazetasida “Sho‘royi ulamo”chilarning Umumturkiston musulmonlarining ikkinchi qurultoyi haqidagi shunday fikri ketgan: “Bu siyezd bir taqim dinsizlar siyezdi” deb atagani qoralangan va “Biz ... Turkiston o‘g‘li turkmiz. Shul sababli bo‘lurg‘a kerakki, Turkiston musulmonlari orasinda bo‘lg‘an bu ixtilofg‘a bizning ham jonimiz achiydir. Sherali Lapin va boshqa shuning kabi shaxsiy arizalarina berilgan zotlarg‘a ayurub uchreditelniy sobraniyag‘a saylov kabi muhim bir “amr” oldida shunday ixtilof va iftiroq chiqariluvina butun Turkiston va butun doxili Russiya ham Qafqaz musulmonlari ranjiylar, deb bilamiz. Shul sababli ig‘vo etub, ikki orada bo‘lg‘an islomiyat va turklik muhabbatining qilinuvini va bundan so‘ng birlashub, ulug‘ bir muvaqqat tashkil etiluvini rijo va niyoz qilamiz”.

 

Jadidlarning yana bir nashri – “Chayon” jurnalida Turkiston muxtoriyatiga oid chiqishlar talaygina bo‘lib, ular boshqa gazeta va jurnallarga qaraganda o‘tkir, tanqidiy, hatto ehtiroslarga chegarasiz berilib ketilgani bilan ajralib turadi. Masalan, muallifi ko‘rsatilmagan “Xo‘qand poytaxt” maqolasida muxtoriyatning Toshkentda e’lon qilinmaganining sababchilari deb “ulamo va boylar” ko‘rsatilgan: Yashasun himmatlu, g‘ayratlu Xo‘qand ulamosi va yoshlari! Ong bersun alloh Toshkandning rusg‘a sotilg‘an, sonliq vijdonliq, qalbsiz, ko‘zsiz ulamo va boylarina, quvvat va g‘ayrat bersin alloh ularning qo‘rqoq, jur’atsiz yoshlarina, ziyoliylarina!!!”. Atigi o‘nta gapdan iborat mazkur chiqish o‘sha kezlarda o‘lkada hukm surgan qarashlar qarama-qarshiligining ayrim jihatlarini bilib olishda qo‘l keladi. Maqolaning “Xo‘qand burundan poytaxt edi. Tag‘inda poytaxt bo‘ldi” ta’kididan boshlangani mahalliychilik kayfiyati qay darajada bo‘lganidan tashqari qirq yil burun o‘ta ayanchli ravishda yo‘q qilingan Qo‘qon xonligini qo‘msash alomatlari, umumlashtirganda esa Turkiston muxtoriyatining inqirozga uchrash omillariga yaxshigina ishora bo‘la oladi, deb o‘ylaymiz.

 

Davriy matbuot sahifalaridan yangi tuzilajak hukumatni iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga oid Turkiston xalqiga murojaat va chaqiruvlar ham o‘rin olgan bo‘lib, 17-noyabrni “Muxtoriyat kuni” deb atash va shu kuni imkoniyat doirasida pul yig‘ish taklifi berilgan. Masalan, “O‘z millat majlisina bir necha bo‘lagi millatining buyukligi nisbatinda zo‘r bo‘luvin tilagan har bir musulmong‘a bu kun molin ayamayja iona etumliy vijdoniy burchidir. Bu kun jivilg‘on ionalardan zo‘r bir milliy xazina tashkil etalajagin har bir musulmon xotiridan chig‘armasqa teyush”ligi ta’kidlangan.

 

Milliy matbuotda kechikishlar va uzilishlar bilan 1917-yil 26-noyabrda Qo‘qonda boshlangan Umumturkiston musulmonlarining favqulodda 4-qurultoyi tafsilotlari, Turkiston muxtoriyatining tuzilishi, yangi hukumat va Millat majlisining tarkibi, muxtoriyatni olqishlab o‘tkazilgan namoyishlarga oid maqolalar, xabarlar muntazam chop qilib borilgan. Jumladan, “Hurriyat” gazetasida Turkiston muxtoriyatining Millat majlisi tarkibi haqida quyidagi ma’lumotlar bor: “Turkiston Millat majlisi 54 nafar a’zodan iborat bo‘lub, 36 nafari musulmonlar va 18 nafari g‘ayrimusulmonlardan saylanur. 36 musulmon vakillari Turkistonning 5 viloyatindan bul ravishda saylanurlar: Farg‘ona 10 nafar, Samarqand 5 nafar, Sirdaryo 9 nafar, Yettisuv 6 nafar, Zaqaspiy 2 nafar, 4 nafar esa butun Turkiston shahar dumalari tarafindan tayin bo‘lurlar. Bu muxtoriyatning suratini vujudg‘a qo‘yilushini yaqin orada jumhuriyat idorasi Turkiston majlis muassinig‘a topshurur. Uning ila barobar Turkiston o‘lkasinda ozchilikni tashkil etg‘an millatlarning huquqlari har jihatdan muhofaza qilinur. Yashasun Turkiston Muxtoriyati!”.

 

Gazetaning 1917-yil 8-dekabr sonida esa Millat majlisiga saylangan 32 kishining ism, sharifi to‘liq keltirilgan bo‘lib, ushbu ma’lumotlarga tayangan holda tarix fanlari doktori Qahramon Rajabov Millat majlisi a’zolarining bir qismining tarjimai hollarini tiklashga erishgan.

 

Matbuotda milliy hukumatning qonuniyligini ko‘rsatuvchi chiqishlar ham o‘rin olgan: Bolsheviklar hukumatining boshlig‘i Lenin ham so‘ngg‘i farmonida Rusiyada yashagan millatlarga va, shul jumladin, qozoqlar ila Turkiston musulmonlarina muxtoriyat e’lon qilib, o‘z ishlarini o‘z qo‘llarig‘a olurg‘a mumkin bo‘lg‘onlig‘in bayon etdi. Shu naqldin, bugun Turkiston siyezdining Turkistonni muxtoriyatli e’lon qilinishi ham xalq va ham markaz hukumatning tilagiga xilofi tugaldir. Zotan so‘ngg‘i vaqtda Rusiyada yashagan millatlarning hammasi degan muxtoriyat e’lon qilib yotadir. Millatlar hammasi nufusli boshqalarg‘a qarag‘onda yuzda yetmish besh bo‘lg‘on millatlar oldindanoq yerli muxtoriyat e’lon qilinuvg‘a haqli edilar. So‘ngg‘i qoidalarg‘a ko‘ra, yuzdan oltmish tashkil qilg‘on millatlarda muxtoriyat tashkil qiluv haqiqatga molik sanala boshladilar. Hol shu ila esa, yuzga to‘qson besh tashkil qilg‘on Turkiston musulmonlarining muxtoriyat tashkil qilishig‘a haqlari borlig‘in hech kim inkor qila olmasa kerak”. Ammo shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, ikkiyuzlamachi bosqinchilar tomonidan berilgan va’dalar soxta va vaqtinchalik edi. Bolsheviklar Rossiyadagi qo‘shhokimiyatchilikka barham berguncha, go‘yoki o‘zini xaloskor, mustamlakalarga ozodlik beruvchi kabi qilib ko‘rsatdi va hokimiyatni to‘liq egallab olgach, 1918-1919-yillari muxtoriyat e’lon qilgan barcha xalqlarni qaytadan o‘zining mustamlakasiga aylantirdi.

 

Jadidlar Turkiston muxtoriyatining tashkil topishini mustaqillikning qayta tiklanishi deb bilganlar va uni asrab-avaylashga da’vat etganlar. “Ulug‘ Turkiston” gazetasi muxbiri “Turkiston muxtoriyati” maqolasida Samarqanddan kelgan bir vakilning “Turkistonning yeri bizning tanamiz, suvi bizning qonimiz … kimda-kim bu ikkiga tegadurg‘on bo‘lsa, bizning tanamiz bilan qonimizg‘a teging‘on bo‘lajaq”, degan fikrlarini keltirib o‘tadi. Samarqandlik vakil deb ko‘rsatilgan shaxs Mahmudxo‘ja Behbudiy bo‘lib, u milliy davlatchilik asoschisi hamda butun Turon xalqini jipslashishga chaqirgan yo‘lboshchi edi.

 

“Chayon” jurnalining 1917-yil 1-dekabr sonida e’lon qilingan “Turkiston muxtoriyati” maqolasida millatning inqiroziga hokimlar va ulamolar sabab qilib ko‘rsatilgan hamda bu fikr turli jarayonlar orqali tahlillab berilgan: Turk ulamolarindan birov: Millatning inqirozini yolg‘iz ikki sinf hozirlaydur. Birisi hokimlar, ikkinchisida ulamolari, deyadir. Bu so‘z shul qadar to‘g‘ri va haq so‘zdirki, munkir, inkor qilg‘an kishi kofir bo‘ladir. Voqean Turkistonning favqulodda talantli, iste’dodli millatlarin inqirozig‘a yolg‘iz aning olimlari hozirladi. Zaki turk bolalarina hokim bo‘luv tugal, o‘z o‘zlarinada o‘z oralarindan hokim topolmasdan, allaqaydan, dengiz ortindan izlab, hokim topub hokim qo‘yg‘on slavyan bolalarining Turkistonning ozg‘ina bir kuch birla istilo qilub, hokim bo‘luvini Turkistonning hokimlari ila ulamolari o‘zlari hozirladi”. Shuningdek, ushbu maqolada muxtoriyatni qo‘llab-quvvatlab o‘tkazilgan namoyishda aholining o‘qqa tutilishi hamda 40–50 namoyishchining o‘ldirilishi keskin tanqid qilingan. Yaponlar misolida millatsevarlik, birlik, mustaqillikni asrashga da’vat etilgan.

 

Qo‘qon, Namangan, Andijon, Toshkent va boshqa shaharlarda muxtoriyatni olqishlab o‘tkazilgan yig‘in va namoyishlar haqida “Hurriyat”, “Najot”, “Ulug‘ Turkiston” gazetalari hamda “Chayon” jurnalida chop etilgan maqola va xabarlardan ular bolsheviklarning nayranglariga munosib javob bo‘lganlari anglashiladi: “27 noyabrda Xo‘qand siyezdinda “Turkiston muxtoriyati” e’lon qilindi. So‘ngg‘i qolub ishlangan bu ish bizning firqa bolshevikning kayfina birda o‘xshamadi. Ular Xo‘qand siyezdina burjavoy boylar siyezdi deya, onda e’lon qilg‘on “muxtoriyat”ini qabul etmasga qaror berganlar. Xo‘qandda e’lon qiling‘on “muxtoriyat” butun qray uchun bo‘lg‘ang‘a, muxtoriyatg‘a qo‘shilg‘anun bildirtuv uchun har bir shahar muxtoriyat kuni yasab “izhori mamnuniyat” qilg‘anlar. Eng so‘ngidin bizim Toshkandgada navbat kelub jetdi”.

 

Har bir davlat yoki har bir hukumatning mustahkam bo‘lishida iqtisodiy ta’minot muhim o‘rin tutadi. Barcha boyliklari uzoq muddat va muntazam ravishda imperiya markaziga tashib ketilgani sababli Turkiston muxtoriyati hukumati oldida iqtisodiy masalalarni hal qilish vazifasi turardi. Shuning uchun Turkiston boylari va aholiga matbuot orqali murojaat qilinib, yangi hukumatni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga chaqirilgan: “Turkiston muxtoriyatining muvaqqat hukumati mamlakatning idora ishlarini yo‘lg‘a soluv xalqning ovqat va g‘alla ehtiyojini teyushdirmak uchun Turkiston o‘lkasinda 30 milliyon so‘mliq doxiliy zayom (qarz) yasarg‘a qaror qilg‘an. Bu qarzdan bir milliyon so‘mini Xo‘qand, besh yuz ming so‘mini Namangan, besh yuz ming so‘mini Andijon shaharlari ushbu hafta ichinda jiyub bitarga va’da qilg‘anlar”. Yana bir maqolada millatning himmatli boylaridan yangi hukumatga homiylik qilishlari so‘ralgan, ularning bu xizmatlari erkin Vatan kelajagi uchun poydevor bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlangan.

 

Matbuot sahifalarida Rossiyaning Sibir va boshqa hududlarida asirlikda tutib turilgan usmonli turk askarlarining muxtoriyatni olqishlab yuborgan maktublari, she’rlari ham bosilganini diqqatdan qochirib bo‘lmaydi. Ularda turkiy xalqlarning ozodlikka chiqib, milliy hukumat tuzishlari tarixiy adolatning tiklanishi sifatida e’tirof etilgan: “Ey, turk-tatar o‘g‘lu! Shu ochdig‘ing ko‘k bayroq ostida butun islomiyat – turklik qit’asi senga “bayraming qutlu o‘lsun!” deya faryod ediyur. Sening dadalaring muqaddas dinini, qiz qardoshlarining nomuslarini mahv edan u zolim ruslardan intiqom olmoq uchun e’lon etdiging shu muxtoriyat bayraming muborak o‘lsun deya takmil turklik olami, islomiyat dunyosi tabrik ediyur”.

 

Bolsheviklarga xizmat qilgan ayrim sho‘royi ulamochilar “sharofati” bilan  tobora zaiflashib borgan muxtoriyat hukumati 1918-yil fevral boshlarida Turkiston muxtoriyatining qonga botirilishi bilan yakun topadi. Qo‘qon shahri kulining ko‘kka sovurilishida bolsheviklar, arman dashnoqlari tomonidan amalga oshirilgan xunrezliklar, hukumat rahbarlarining ta’qib qilinishi, Mustafo Cho‘qayning quvg‘indagi xotiralari va boshqalar matbuot sahifalarida yoritib borilgan. Jumladan, “Chayon” jurnalida Qo‘qon fojiasining sababchilari va shaharning ayanchli holati tasvirlab berilgan: “Mana bu favqulotda g‘oyat jirkanch jinoyatlarni kimlar ishladi? Albatta, bu jinoyatlarni bik ko‘p kishilar ishladi. Rus soldatlari, rus rabochiylari, arman xoinlari, musulmon boylari, musulmon ulamosi. Rus soldatlari, rus rabochiylari ular g‘oyat yovuz, favqulotda nodon, ustina cheksiz vahshiy, ular Rusiya ichina qaytsalar, onda ularning osharg‘a ovqati yo‘q, turarg‘a yeri yo‘q. Munda ular Turkiston yerini, ondag‘i erkin xalqni, munda ularning vahshat tomirlari tepa boshliy, o‘zlarining birgina prosent ekanliklarinda unutub, rus xalqning eski hunari, tarixiy kasbi bo‘lg‘on o‘g‘riliq chin ma’nosila amalga qo‘yilar. Hoy, vijdonsiz xariflar! Qahrlar o‘lsun sizga! Alloh balongizni bersun! Hozirga qadar o‘z millatingizni bir-bir xarob etub, ularga qilg‘an yomonliklaringiz, qabohatlaringiz oz edimi?! Endi qavmi najib turk qonina suvsadingizmu?! Yo‘q bu mumkin tugal. Bunga bir chek bo‘lurg‘a teyush!”.

 

“Ulug‘ Turkiston” sahifalarida esa arman dashnoqlarining Qo‘qonni talash, tinch aholini o‘ldirish va qizlar nomusini toptashdek jirkanch jinoyatlari ochiq ko‘rsatib berilgan: Qizil armiyada bo‘lg‘an bir-ikki kishining qutqusi ila qizil armiya kishilari Xo‘qand yaqininda bo‘lg‘an “Yangi qo‘rg‘on” qishlog‘ina borub, dehqonlardan bug‘doy olg‘anlar. Oqcha bermaganlar. Qishloq xalqi qizub, oqcha va yoxud “talon” talab qila boshlag‘ach, bunlar Xo‘qandga qaytub, “bizni Ergash kishilari tutub ura yozdilar, hozir bunlar shaharga hujum qilurg‘a hozirlanalar ekan” deb xabar berganlar. Shundan so‘ng, 50 qadar armani ila 60 qizil armiya askari pilumut va qurollar ila chiqub, Ergash o‘turg‘an Bachqir ila Yangi Qo‘rg‘on qishloqlarini “taftish” qilg‘anlar. Eng ko‘b kishilarni talab, otsizi otqa otlanub, otlisi araba chegub, har xil mol tuyab, boyub qaytqanlar. Musulmonlardan 12 kishi o‘ldirilgan va bir necha qizning nomusi toptalg‘an”.

 

Xullas, so‘z ketayotgan davr matbuoti mustamlakachi va bosqinchilarning Turkiston muxtoriyatini yo‘qotish uchun qanday qabih yo‘llar va usullarni qo‘llaganlari, o‘z maqsadlari yo‘lida millat xoinlaridan ustamonlik bilan foydalanganlari, bir xalq, bir din vakillarini bir-biriga qarama-qarshi qo‘yganlari, ichki nizolarni avj oldirib, turli guruhlarga bo‘lib tashlagach, birin-ketin barchalarini qirib tashlaganlariga oid o‘ta qimmatli ma’lumotlarga boyligi bilan ahamiyatlidir.

 

Dilnoza JAMOLOVA,

FA Tarix instituti direktorining

ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari,

tarix fanlari doktori, professor

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

17:02 / 20.02.2026 0 293
Ashula bilan qo‘shiqning qanday farqi bor?

Adabiyot

13:02 / 20.02.2026 0 253
Mirzo Kenjabek sheʼriyatining uch davri





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//