Roziya Sulton begim – Hindistonda turkiylar tomonidan tuzilgan Dehli sultonligining birinchi va yagona ayol hukmdori (1236 – 1240). U musulmon tarixidagi rasman birinchi valiahd etib tayinlanib taxtga o‘tirgan ayol hukmdordir. Uning tug‘ilgan yili haqida aniq ma’lumot yo‘q. 1205 yoki 1211-yillarda tug‘ilganligi to‘g‘risida taxminlar mavjud. Otasi Shamsiddin Eltutmish – Turkistonda yashagan “ilbari” nomli turkiy qabiladan bo‘lgan. U akalari tomonidan qul qilib sotib yuboriladi. Shu tariqa Buxoroga kelib qoladi. Keyinchalik Qutbiddin Oybek xizmatiga kirib, uning huzurida katta mavqega erishadi va qiziga uylanadi. Olimlar uning tug‘ilgan yerini Marg‘ilondan Andijonga boradigan yo‘lda joylashgan “Ilomish” qishlog‘i bo‘lgan deb ham taxmin qiladilar. Ba’zi manbalarda Roziya Sultonning onasi Eltutmishning kanizagi Shoh Turkon deb keltiriladi. Biroq, Roziyaning onasi Turkon Xotun – kanizak bo‘lmagan, Qutbiddin Oybekning qizi, Eltutmishning birinchi ayoli bo‘lgan.
Roziya begim bug‘doyrang, uzun qora sochli, beli ingichka, bo‘yni ko‘zadek nozik, ko‘zlari biroz qiyiqroq edi. Aytishlaricha, u o‘zining shu xususiyati bilan saroydagi qizlar orasida paridek edi. Sulton Eltutmish ham bu go‘zal va aqlli qizini “Qurratu’l-aynim” yani “ko‘zimning qorasi” deb chaqirardi. Roziya uzoq vaqt turmushga chiqmagan va otasining o‘ng qo‘li sifatida doimo uning yonida yurgan. Roziya kuchli siyosiy va harbiy bilimga ega edi. U paytda ayollar ro‘mol o‘rab, yuzlarini yopib yurishardi, Roziya bo‘lsa, yuzini berkitmagan, erkaklardek mohir mergan va filni ham mahorat bilan boshqargan. Bu ko‘pchilik amirlarni norozi qilgan va tanqidiga sabab bo‘lgan. O‘z davr manbalarida Roziya ulug‘ donishmand, adolatli, ulamolarni xush ko‘radigan, xalqiga g‘amxo‘rlik qiladigan, qo‘shinni mohirlik bilan boshqaradigan rahmdil hukmdor sifatida ta’riflanadi.
Shamsiddin Eltutmish Roziya begimga jangovar texnikani o‘rgatish vazifasini asli habash bo‘lgan efiopiyalik Jamoliddin Yoqut ismli kishiga topshiradi va Sulton Yoqutning jasorati yoqqanligi uchun uni Roziyaning otalig‘i etib tayinlaydi. Roziya ustozini juda hurmat qilardi, keyinchlik uni saroydagi muhim lavozimlardan biriga mas’ul etadi. Qolaversa, zukko bo‘lgan Yoqutga Sulton Roziya huzurida maqtovlar aytilishi amirlarning hasadini qo‘zg‘atdi. Bu hatto isyonlarni keltirib chiqaradi. Oxir-oqibat isyonkor amirlar Roziyaning buyrug‘i deb bahona qilib, Yoqutning o‘limiga sababchi bo‘ladilar.
Roziya nafaqat harbiy sohada mohir, balki, yoshligidan Qur’on yod olgan hofiza bo‘lganini ham ta’kidlash o‘rinli. Qur’onni nihoyatda chiroyli o‘qigani bois uni “Qur’onxon” deb ham atashardi. U “Shirini Dehlaviy” va “Shirini G‘uriy” taxallusi bilan she’rlar yozib, o‘zining ijodkorlik qobiliyatini ham namoyon qilgan. Uning turkiy she’rlari jamlangan devoni borligi aytiladi, hatto ilk turkiy devon sohibi bo‘lgan degan qarashlar ham mavjud. Otasi ham uning she’r yozishini qo‘llab-quvvatlagan.
Eltutmish o‘zining eng qobiliyatli o‘g‘li Nosiriddin Mahmudni taxt vorisi etib tayinlagan edi. Biroq u Bengaliya hokimi bo‘lib turgan paytida vafot etadi. Shundan so‘ng Eltutmishni vorislik masalasi jiddiy tashvishga soldi. U tirik qolgan o‘g‘illaridan hech birini taxtga munosib deb bilmasdi. Uzoq va tashvishli o‘y-mulohazalardan so‘ng, nihoyat qizi Roziya (Roziya Sulton)ni taxt vorisi etib tayinlashga qaror qildi hamda amirlar va ulamolarni bu qarorni ma’qullashga ko‘ndirdi.
Qadimgi Eron va Misrda ayollar malika sifatida hukmronlik qilgan, shuningdek, shahzodalar voyaga yetmaguncha regent sifatida davlatni boshqargan holatlar bo‘lsa-da, o‘g‘illar o‘rniga ayolni voris etib tayinlash avval kuzatilmagan yangicha qadam edi. Bu borada vaziri Tojulmulk Mahmudga tegishli farmon tayyorlashni buyurdi. Sultonning bu qaroridan ko‘pchilik amaldorlar norozi bo‘lgan. 1236-yilda Sulton Eltutmish kasal bo‘lib, vafot etadi. Uning o‘limidan so‘ng Dehli ikki lagerga bo‘linib ketdi. Roziyaning ukasi Rukniddin Feruzshoh boshidanoq Roziyaga qarshi boʻlgan saroy aʼyonlari va “Turkoni Chihilgani (Iltutmish tomonidan ishlab chiqilgan muntazam vazirlik organi)” yordamida taxtga oʻtiradi. Ruknuddin Firuz taxtga chiqqach, aysh-ishratga berilib ketadi va davlat boshqaruvi onasi Shoh Turkon qo‘liga o‘tdi. Roziya tarafdorlari tomonidan Rukniddin taxtdan ag‘darilib, qatl etildi. Roziya rasman Dehli taxtini egalladi. U otasi Eltutmish davrida amalda bo‘lgan, qonun-qoidalarni qaytadan hayotga tatbiq etib, adolat o‘rnatdi.
Roziya Sulton hukmronligining dastlabki yillarida zarb qilingan tangalar uning siyosiy mavqeyi va legitimlik masalasini yoritishda muhim numizmatik manba hisoblanadi. Tangalar yozuvlari orqali Roziyaning o‘z hokimiyatini sulolaviy va diniy asoslashga intilgani kuzatiladi. Avvalo, ayrim kumush tangalarda u “binti Shamsiddin Eltutmish” (Shamsiddin Eltutmishning qizi) deb ko‘rsatilgan. Bu nisbat tasodifiy emas, balki Dehli sultonligida hokimiyatni asoslashning an’anaviy usuli – sulola asoschisiga tayangan legitimlik shaklidir. Ikkinchidan, Roziya tangalarida u “Sultan” unvoni bilan qayd etiladi. Bu juda muhim jihatdir, chunki o‘rta asr musulmon siyosiy terminologiyasida “Sulton” hukmron suveren maqomini anglatadi. Roziya Sulton nomi ham erkak hukmdorlar bilan teng maqomni bildiruvchi titul bilan zarb etilgan.
Bundan tashqari Roziya “Roziyat ad-dunyo va din” (“Dunyo va din mahbubi”), “Bilqisi Jahon” (“Olam bilqisi”) unvonlariga ham sazovor bo‘lgan.
Roziya Sulton hukmronligi qisqa vaqt davom etgan bo‘lsa-da, ulkan ishlarni amalga oshirishga ulgurgan. O‘z davri uchun ilg‘or ijtimoiy va siyosiy qarashlarga ega hukmdor sifatida namoyon bo‘ladi. U davlat boshqaruvini tor etnik va harbiy guruh manfaatlaridan chiqarib, kengroq ijtimoiy asosga tayantirishga harakat qilgan. Xususan, uning jizya (musulmon bo‘lmaganlardan olinadigan soliq)ni bekor qilish tashabbusi diniy ajratish siyosatini yumshatish va musulmon bo‘lmagan aholiga nisbatan adolatli munosabat o‘rnatish istagini ko‘rsatadi. Bu taklif saroy amirlari tomonidan keskin qarshilikka uchragan bo‘lsa-da, Roziya diniy hukmlarni formal talqindan ko‘ra ularning ruhiy-axloqiy mohiyati muhim ekanini ta’kidlagan. Shuningdek, davlat lavozimlarini faqat turk amirlari qo‘lida saqlab qolish siyosatiga qarshi chiqdi. U hinduizm dinidan islomni qabul qilgan Imomuddin Rayhonni yuqori mansablardan biriga tayinlashga uringan. Bu ko‘plab noroziliklarga va qo‘zg‘alonlarga sabab bo‘ldi. 1239-yilda Lahor hokimi Malik Izzuddin Kabirxon Ayaz boshchiligida qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Roziya qo‘shin bilan yurish qilib, uni taslim bo‘lishga majbur etdi va Lahor hokimligini tortib oldi, biroq hayotini saqlab qoldi.
Roziya Sulton saroydan tashqarida bo‘lgan paytida esa unga qarshi fitna uyushtirildi. 1240-yil 3-aprelda Dehliga kelib, Ixtiyoriddin Oltuniyning Tabarhinda isyon ko‘targanini bildi. Dehlidagi ayrim zodagonlar ham unga qarshi fitnaga qo‘shilganidan bexabar holda, u Tabarhinda tomon yo‘l oldi. U yerda qo‘zg‘olonchilar Yoqutni o‘ldirib, Roziyani asir oldilar. Bu xabar Dehliga yetgach, zodagonlar Iltutmishning o‘g‘li Muizuddin Bahromni taxtga o‘tqazdilar. Keyinchalik Roziya Oltuniyni o‘z tomoniga og‘dirib, unga turmushga chiqdi va Dehlini qaytarib olishga urindi. U mardonavor kurashgan bo‘lsa-da, mag‘lubiyatga uchradi va qochish chog‘ida o‘rmon ichida bosqinchilar tomonidan o‘ldirildi.
Roziyaning o‘limi to‘g‘risida boshqa hikoyalar ham mavjud. Masalan, “Tabaqoti Akbariy” da uning o‘limi boshqacha shaklda keladi. 1240-yil 14-oktabrda hind dehqoni Roziyani qochib ketayotganda o‘ldirib, dalasiga dafn qilgan. Rivoyatga ko‘ra, Roziya ukasi Bahromshoh yuborgan qo‘shin bilan jangda mag‘lub bo‘lgach, asir tushmaslik uchun qochadi. Uzoq sarsonlik va ochlikdan so‘ng bir hindu dehqonidan ovqat so‘rab, uning bergan quruq nonini yegach, holdan toyib uxlab qoladi. Dehqon uning kiyimi ostidagi qimmatbaho kaftanni ko‘rib, uni o‘ldirib dalaga ko‘madi. Keyinchalik kiyim parchasini sotmoqchi bo‘lganida shubha uyg‘otib, qozi huzuriga olib boriladi va so‘roq davomida Roziyani o‘ldirganini tan olib, dafn etilgan joyni ko‘rsatadi. Sulton Roziyaning jasadi chuqurdan olib chiqilib, uning ustida diniy marosimlar o‘tkazilgach, yana o‘sha joyga dafn etilgan, qabr ustiga qabrtosh o‘rnatilgan.
Bugungi kunda Roziya qabri Eski Dehlidagi Turkman darvozasi yaqinida joylashgan. Ustiga gumbaz qurilgan, odamlar undan baraka tilaganlar. Hozirda bu joy deyarli eʼtibordan chetda qolgan. Hindiston Arxeologiya xizmati uni har yili ta’mirlab turadi. Ammo uni yanada obodonlashtira olmaydi, chunki u noqonuniy qurilish bilan oʻralgan va faqat tor yo‘lakcha orqali borish mumkin.
Xulosa o‘rnida aytish mumkin-ki, Dehli sultonligining yagona ayol sultoni Roziya Sulton hind-turk tarixida alohida o‘rin tutadi. Manbalarga ko‘ra, u hukmdorlik uchun zarur fazilatlarni o‘zida mujassam etgan va otasi Eltutmish tomonidan aka-ukalaridan ustun deb topilgan. Roziya markaziy hokimiyatni mustahkamlash, davlatni adolat asosida boshqarish hamda saroy zodagonlarining haddan tashqari ta’sirini cheklashga intildi. Va bu yo‘lda u juda qattiq qarshiliklarga duch keldi. Shunga qaramay, u hokimiyatni qayta tiklash yo‘lida kurashni davom ettirdi va bu yo‘lda jonini ham fido qildi.
Roziya shaxsiyati turkiy ayollarning tarixan siyosiy iroda, harbiy jasorat va davlat boshqaruvida faol ishtirok eta olish qobiliyatiga ega bo‘lganini yaqqol namoyon etadi. U jasoratli, qat’iyatli va mustaqil hukmdor sifatida nafaqat o‘z davrining, balki butun turkiy ayollar tarixining yorqin timsolidir.
Ma’suma IBROHIMOVA,
O‘zR FA Tarix instituti kichik ilmiy xodimi
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Juzjani Tabakat-I Nasiri: A General History of the Muhammadan Dynasties of Asia, (trc. H.G. Raverty), Calcutta, 1881.
2. Erkan Türkmen, Sultan Raziye, NKM Yayınevi, İstanbul, 2007.
3. Dr. Bahriye Üçok: Delhi Müslüman - Türk Sultanlığının Kuruluşu Ve Sultan Raziye'nin Saltanatı, Ilâhiyat fakültesi dergisi,Ankara, 1961.
4. Cüzcanî, Tabakât-ı Nâsırî I, Nşr. A. Habibî, Kabil, 1963.
5. Stanley Lane-Poole: The Coins of the Delhi Sultans, London, 1884.
6. Rafiq Zakaria. Razia – Queen of India. Bombay, 1966.
7. H. Hilal Şahin. Müslüman Türk Devletinin Tek Kadın Sultanı: Belkîs-i Cihan Raziye Begüm. Akademik Tarih ve Düşünce Dergisi 2018.
Tarix
Tarix
Tarix
San’at
Adabiyot
San’at
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q