XX asrning ikkinchi yarmi Toshkent shahri uchun alohida tarixiy bosqich boʻldi. Bu davrda shahar nafaqat Oʻzbekiston SSRning siyosiy markazi, balki xalqaro diplomatiya va madaniy muloqot maydoniga aylandi. Xususan, Eron shahanshohi Muhammad Rizo Pahlaviy, Indoneziya Prezidenti Sukarno, Hindiston Bosh vaziri Javoharlal Neru, Gana Prezidenti Kvame Nkruma, Kuba inqilobi yetakchisi Fidel Kastro hamda Pokiston prezidenti Muhammad Ayyubxonning tashriflari Toshkent tarixida muhim iz qoldirdi.
Eron shahanshohi Muhammad Rizo Pahlaviy va malika Surayyoning Toshkentga tashrifi
1956-yil 30-iyun kuni Eron shohi Muhammad Rizo Pahlaviy va malika Surayyo Pahlaviy rasmiy tashrif bilan Toshkent shahriga keldi. Ular bilan birga eronlik amaldor va jurnalistlardan iborat delegatsiya ham tashrif buyurdi.
Eron davlat rahbarini kutib olish marosimida Oʻzbekiston SSR Oliy soveti prezidiumi raisi Sharof Rashidov, Oʻzbekiston SSR Ministrlar soveti raisi Sobir Kamolov, Tashqi ishlar vaziri Sultonov, shuningdek, fan, madaniyat arboblari va jurnalistlar ishtirok etdi.
Kutib olish marosimida Sharof Rashidov nutq soʻzlab, quyidagi fikrlarni bildirgan:
“Oʻzbekiston hukumati nomidan va shaxsan oʻz nomimdan siz, Eron shohi Muhammad Rizo Pahlaviy va malika Surayyo Pahlaviy hamda hamrohlaringizni Toshkentga kelganingiz bilan tabriklayman. Sizning Oʻzbekistonga birinchi tashrifingiz alohida ahamiyatga ega. Eron bilan Oʻzbekiston yaqin qoʻshni boʻlgani sababli bu tashrif ayniqsa muhimdir.”
Muhammad Rizo Pahlaviy javob nutqida Toshkentga kelishdan mamnun ekanini bildirib, tashrif davomida Oʻzbekiston xalqining yutuqlari bilan yaqindan tanishishga harakat qilishini taʼkidlagan.
Tashrif davomida shoh va malika Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasiga tashrif buyurib, respublika olimlari bilan uchrashadi. Akademiya prezidenti Zohidov shohga Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarining rus va oʻzbek tillaridagi nashri hamda Sharq qoʻlyozmalarining uch jildlik katalogini sovgʻa qiladi.
Kechqurun mehmonlar Navoiy nomidagi Oʻzbek davlat akademik opera va balet teatrida boʻlib oʻtgan tantanali konsertida qatnashadi. 1956-yil 2-iyul kuni Eron delegatsiyasi Toshkentdan Suxumi shahriga joʻnab ketadi.
Indoneziya Prezidenti Toshkentda
1956-yil 4-sentabr kuni Toshkentda Indoneziya Respublikasining Prezidenti doktor Sukarno tantanali ravishda kutib olinadi. Uni Oliy soveti raisi Hakimov, Birinchi kotib Muhitdinov, Tashqi ishlar vaziri Sultonov va boshqa rahbarlar qarshi oladi.
Kutib olish marosimida Hakimov prezident Sukarnoni oʻzbek xalqi nomidan tabriklab, uning Indoneziya mustaqilligi yoʻlidagi xizmatlarini yuksak baholaydi.
Tashrif davomida Sukarno Toshkentdagi tarixiy va madaniy obidalar, jumladan “Tillashayx” jome masjidida boʻladi, muftiy Eshon Boboxon bilan uchrashadi. Shuningdek, Chirchiq kimyo kombinatida boʻlib, ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishadi. Kolxozda unga qorabayir ot sovgʻa qilinadi.
Mehmonlar shuningdek, Toshkent pedagogika institutiga tashrif buyuradi. Ularga oliygohning moddiy-texnik bazasi, taʼlim jarayonining tashkil etilishi hamda talabalarning bilim olish imkoniyatlari tanishtiriladi.
Shu kuni kechqurun, 5-sentabrda, Paxtakor stadionida aholining Indoneziya Respublikasi prezidenti Sukarno bilan uchrashuviga bagʻishlangan ommaviy tadbir boʻlib oʻtadi. Ushbu tadbirda 75 ming nafarga yaqin kishi ishtirok etadi.
Sukarno oʻz nutqida Toshkent shahrini Indoneziyaning koʻplab shaharlariga oʻxshatib, ikki hudud iqlimi va tabiat sharoitlari oʻrtasida yaqinlik borligini qayd etadi. Indoneziyalik mehmonlar bu yerda oʻzlarini xuddi oʻz yurtlaridagidek, jonajon oilalari bagʻrida yurgandek his qilayotganliklarini bildiradi.
Sukarno oʻzbek xalqiga quyidagi jumlalarni yozgan: Indoneziyada shunday maqol bor: “Yoʻl uzoq-u, koʻngil yaqin”. Men bugun Toshkentdan joʻnab ketmoqdaman. Ammo Siz va Sizning mehmondoʻstligingiz qalbimda hamisha saqlanib qoladi...
Hindiston Bosh vazirining Toshkentga tashrifi
Atoqli davlat arbobi, Hindiston Bosh vaziri Javoharlal Neru 1961-yil 9-sentabr kuni Toshkent shahrida tantanali ravishda kutib olinadi. Uni respublika Oliy soveti prezidiumi deputatlari, Oʻzbekiston SSR Ministrlar soveti va Tashqi ishlar vazirligining masʼul xodimlari qarshi oladi.
Kutib olish marosimida 8-sinf oʻquvchisi Nafisa Faxriddinova hurmatli mehmonga hind tilida murojaat qilib, uni Oʻzbekistonga tashrif buyurganligi munosabati bilan samimiy tabriklaydi.
Javoharlal Neru oʻz nutqida bundan olti yil avval SSSRga qilgan safari xotiralarini eslab oʻtadi. U oʻsha safar davomida Oʻzbekistonda ham boʻlganini, Toshkentning goʻzal manzaralari bilan tanishganini hamda xalqning koʻplab vakillari bilan uchrashganini taʼkidlaydi.
Tashrifi davomida Neru va delegatsiya aʼzolari Oʻzbekiston SSR Ministrlar soveti raisining oʻrinbosari hamda Tashqi ishlar vaziri Azimov hamrohligida Toshkent shahrining diqqatga sazovor maskanlari bilan tanishadi. Shahar boʻylab amalga oshirilgan safar chogʻida Neru Toshkentning yangi bunyod etilayotgan Chilonzor tumanida boʻlib, 163-maktab faoliyati bilan tanishadi.
Javoharlal Neru respublika hayoti bilan tanishishni davom ettirib, Orjonikidze tumanida joylashgan “Qizil Oʻzbekiston” kolxoziga tashrif buyuradi hamda chorvachilik fermasi faoliyati bilan yaqindan tanishadi. Tushlikdan soʻng Javoharlal Neru Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutiga tashrif buyurib, respublikaning taniqli olimlari bilan uchrashadi.
1961-yil 10-sentabr kuni Javoharlal Neru sharafiga tantanali ziyofat uyushtiriladi. Javoharlal Neru oʻzining nutqida hind va oʻzbek xalqlari oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar chuqur tarixiy ildizlarga ega ekanini qayd etdi hamda Oʻzbekistonda oʻziga koʻrsatilgan samimiy mehmondoʻstlik uchun chuqur minnatdorlik izhor qildi.
Gana Respublikasi prezidenti Kvame Nkrumaning Toshkentga tashrifi
1961-yil iyul oyida Gana Respublikasining Prezidenti Kvame Nkrumani tantanali kutib olish marosimi munosabati bilan respublikaning bir qator rahbar xodimlari Toshkent aeroportiga tashrif buyuradi. Ular orasida M. Abdurazzoqov, O. Alimov, G. Gabrielyan, M. Musaxonov, Y. Nasriddinova, Sh. Rashidov va boshqa masʼul shaxslar bor edi. Prezident bilan birga bir guruh rasmiylar va jurnalistlar ham tashrif buyuradi.
Oʻzbekiston SSR Oliy soveti prezidiumining raisi Y. Nasriddinova Kvame Nkrumani va uning rasmiy vakillarini Oʻzbekistonga kelgani munosabati bilan samimiy qutlab, ularga iliq tilaklar bildiradi.
Kvame Nkruma Oʻzbekiston SSR Oliy soveti Prezidiumining raisi Y. Nasriddinova huzurida boʻladi. Uchrashuv davomida ikki tomon oʻrtasida erkin va doʻstona suhbat boʻlib oʻtadi.
Oʻzbekiston SSR Ministrlar Soveti raisi O. Alimov agar Gana hukumati paxtachilikni rivojlantirishga qaror qilsa, Oʻzbekiston mutaxassislari oʻzlarining boy tajribalari va ilgʻor bilimlarini afrikalik doʻstlari bilan baham koʻrishga tayyor ekanligini bildiradi.
Gana Respublikasi Prezidenti Oʻzbekiston aholisi hayoti va mehnat faoliyati bilan tanishishni Orjonikidze tumanida joylashgan “Qizil Oʻzbekiston” kolxoziga tashrif buyurishdan boshlaydi. U paxta hosildorligi, gʻoʻzani parvarish qilish usullari, dala ishlarini mexanizatsiyalash jarayonlari bilan batafsil qiziqadi. Kolxoz mablagʻlari hisobidan barpo etilgan maktab-internat oʻquvchilari ganalik mehmonlarni kutib oladi. 5-sinf oʻquvchisi Baxtiyor Toʻraxonov Gana Prezidentidan Gana bolalariga oʻz salomini yetkazib qoʻyishni iltimos qiladi.
Shundan soʻng Kvame Nkruma Toshkent toʻqimachilik kombinati faoliyati bilan tanishadi. U yerda yangi uskunalar, ilgʻor texnologik jarayonlar va ishlab chiqarish usullari bilan yaqindan tanishadi. Kombinat ishchilari va mutaxassislari Gana Prezidenti hamda uning hamrohlariga esdalik sovgʻa sifatida korxonada ishlab chiqarilayotgan gazlama namunalari topshiradi.
Fidel Kastroning tashrifi
Kuba va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlar 1959-yilda Kubada yakunlangan Kuba inqilobidan keyin boshlangan. Sovet davrida Kuba delegatsiyalari Oʻzbekiston SSRga koʻp marotaba tashrif buyurgan. Xususan, 1963-yil may oyida Fidel Kastro Oʻzbekiston SSRga tashrif buyuradi. Oʻsha tashrif guvohlarining soʻzlariga koʻra, uni kutib olish uchun oʻn minglab odamlar Toshkent koʻchalariga chiqishgan.
Fidel Kastro Toshkentdan tashqari Samarqandga ham tashrif buyuradi va u yerda qadimiy shaharning bir qator meʼmoriy diqqatga sazovor joylari bilan tanishadi. Sayohat davomida Kastro Toshkent viloyatidagi Tuyaboʻgʻiz suv omborida ham boʻladi, Katta Fargʻona kanali qurilishi haqidagi hikoyalarni tinglab, oʻzbek xalqining jasoratini eʼtirof etadi.
Shuningdek, u ham Toshkent viloyati Orjonikidze (Qibray) tumanidagi “Qizil Oʻzbekiston” kolxozida boʻlib, respublikaning qishloq xoʻjaligi bilan tanishadi. Kastroning kelishi sharafiga kolxozda respublika rahbariyati va SSSR markaziy organlari ishtirokida katta ziyofat uyushtiriladi.
Oʻzbekiston SSRga safaridan soʻng Kastro ham Kubani rivojlangan qishloq xoʻjaligi mamlakatiga aylantirishga qaror qiladi va Oʻzbekiston SSRdan qishloq xoʻjaligi mutaxassislari Kubaga taklif qilinadi. Kastroning respublikaga tashrifi chogʻida unga Oʻzbekistonning oʻsha paytdagi rahbari Sharof Rashidov hamrohlik qilgan.
Pokiston prezidenti Muhammad Ayyubxonning Toshkentga tashrifi
Sovet hukumatining taklifiga binoan, 1965-yil 3-aprelda Moskvaga kelgan Pokiston prezidenti Muhammad Ayyubxon 9-aprelda Oʻzbekistonga tashrif buyurgan. Respublikaning rahbar xodimlari (Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumi raisi Y. Nasriddinova, R. Qurbonov, Sh. Rashidov va boshqalar) Muhammad Ayubxon va uning hamrohlarini kutib oladi. Pokiston Prezidenti bilan birga Tashqi ishlar vaziri Z. Bxutto va boshqa rasmiylar keladi. Mehmonlar Navoiy nomli opera va balet teatrida Oʻzbekiston sanʼat ustalari konsertini tomosha qiladi. Boʻlib oʻtgan suhbat vaqtida Y. Nasriddinova va R. Qurbonov Muhammad Ayyubxonni respublika iqtisodi va madaniyatining taraqqiyoti bilan tanishtiradi.
Oʻzaro foydali savdo-sotiqni rivojlantirish, iqtisodiy va texnik hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, ilmiy va madaniy aloqalarni mustahkamlash borasida bir qator muhim bitimlar imzolanadi. 9-aprel kuni kechqurun Prezident hamda Pokistondan kelgan rasmiy mehmonlar maxsus poyezdda Toshkent shahridan Samarqandga joʻnab ketadi. Samarqand shahrida pokistonlik mehmonlar shahar bilan tanishib, uning Oʻzbekiston xalqlarining koʻp asrlik boy madaniy merosini, shuningdek, Oʻzbekiston va Pokiston xalqlari oʻrtasidagi tarixiy aloqalarni oʻzida mujassam etgan meʼmoriy va tarixiy yodgorliklarini koʻzdan kechiradi.
Mehmonlar Mirzachoʻl boʻylab amalga oshirilgan safarlari davomida hudud aholisining toʻplagan boy tajribasi bilan yaqindan tanishadi. Xususan, sugʻorish texnikasi, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash usullari, qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda qoʻllanilayotgan zamonaviy yondashuvlar ularning katta qiziqishini uygʻotadi. Delegatsiya Toshkent shahriga qaytib keladi.
Xullas, Muhammad Rizo Pahlaviy, Sukarno, Muhammad Ayyubxon, Kvame Nkruma, Fidel Kastro va Javoharlal Neruning Toshkentga tashriflari shahar tarixida muhim siyosiy va madaniy voqealar boʻlib, Toshkentning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamladi. Bu tashriflar xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik, hamkorlik va madaniy muloqotning yorqin namunasi boʻlib tarixda qoldi.
Mirshod Siddiqov
Tarix instituti kichik ilmiy xodimi
Tarix
Tarix
Tarix
San’at
Adabiyot
San’at
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q