Ramazon – nafsni tarbiya qilishga, sabr va qanoatni mustahkamlashga, atrofdagilarga hurmat va mehr koʻrsatishga chorlaydi. Ayniqsa, u koʻplab olim-u allomalar va shoir-u fozillar hayotida chuqur maʼnaviy ahamiyat kasb etib, ayniqsa Zahiriddin Muhammad Bobur hayotida turfa sinov va darbadarliklarga boy davr sifatida namoyon boʻladi.
Bobur Mirzo qay oʻlkada hukmronlik qilmasin, siyosiy barqarorlikni taʼminlash, ijtimoiy tartibni mustahkamlash hamda jamiyat hayotiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi omillarga qarshi qatʼiy choralar koʻrishga bor kuch-quvvatini ayamadi. Masalan, hind diyorida 1526-yilda ichkilikbozlikni rasman taqiqlash haqidagi farmonini davlat va jamiyat manfaatini koʻzlagan siyosiy-axloqiy qadam sifatida baholash mumkin.
“Boburnoma”da bu haqda quyidagicha keltiriladi:
“...Bu orzu va osoyishtalik toʻla-toʻkis oxiriga yetgandan keyin, olam boʻysunishi lozim boʻlgan farmon ijro sharafiga erishdiki, tinch saxlangan mamlakatda (Xudo ofat va xavflardan omon qilsin) mutlaqo hech bir kishi ichkilik ichishga urinmasin, uni hosil qilishga tirishmasin, ichkilik yasamasin, sotmasin va olmasin, oʻzida saxlamasin, eltmasin va keltirmasin: “Ichkilikdan qochinglar, shoyadki, najot topsangizlar”.
Zero mazkur qaror jamiyatni maʼnaviy jihatdan poklash, harbiy va maʼmuriy intizomni mustahkamlash, davlatchilik poydevorini axloqiy asoslar bilan uygʻunlashtirishga qaratilgan edi. Bu esa Bobur shaxsiyatida din, davlat va jamiyat manfaatlarining oʻzaro mushtarak ekanini koʻrsatadi.
Taassufki, bu ulkan qalb egasining umri doimiy harbiy yurishlar, siyosiy kurashlar va halovatsiz beomon kunlar qurshovida oʻtdi. Garchi sarosar kunlarda ham Ramazon va hayit bayramlari uning doimiy eʼtiborida boʻlsa-da, Bobur Mirzo bu kunlarini chuqur iztirob bilan xotirlaydi:
“...Oʻn bir yoshimdan beri ikki Ramazon hayitini ketma-ket bir joyda oʻtkazgan emasman. Oʻtgan ramazon hayiti Ograda kelgandi. Bu odat buzilmasin deb, yakshanbada, oyning oxirgi kuni hayit qilib Sekriyga bordik. Sekriyda solingan “Bogʻi Fath”ning gʻarbi-shimol tarafidagi toshsupa tayyor boʻlgan edi. Shu supa ustiga oq uy tikib, oʻsha yerda hayit qildik...”
Iqtibosdan shoh va shoirning musofirlik qismati naqadar mahzun va dolgʻali ekani ayonlashadi. Quyida “Boburnoma”da tilga olingan Ramazon va hayit bayramlari bilan bogʻliq ayrim voqealarga diqqatingizni tortar ekanmiz, ulardagi achchiq qismat talxini birgalikda tortamiz.
Bobur Mirzo hayotida bu muqaddas kunlar goh alamli, goh suronli, goh fojiali, goh beqaror damlar sifatida namoyon boʻladi.
Ayniqsa, 12 yoshli oʻspirinning saltanat taxtiga qoʻygan ilk qadami ham aynan Ramazon oyi bilan mushtarak bogʻlanadi:
“Tangri taoloning inoyati va koinot sarvari boʻlgan hazrat Rasuli akramning shafoati, pokkoʻngil chahoryorlarning himmati bilan seshanba kuni, RAMAZON oyining beshinchisida, sakkiz yuz toʻqson toʻqqizinchi yili Fargʻona viloyatiga oʻn ikki yoshda podshoh boʻldim”.
Demak, ushbu muborak oy uning hayotida nafaqat tarixiy, balki maʼnaviy masʼuliyat va ulgʻayish ramzi sifatida ham namoyon boʻladi.
Taqdir gardishini qarangki, uning otasi Umarshayx Mirzoning vafoti haqidagi alamli xabarni ham u aynan Ramazon oyida eshitadi:
“...Umarshayx mirzo bilan oʻsha fojia yuz berganda, men Andijonda chorbogʻda edim. Seshanba kuni, ramazon oyining beshinchisida bu xabar Andijonga yetib keldi. Iztirob bilan otlanib, yonimdagi navkar va savdarlarim bilan qoʻrgʻonga yoʻl oldim...”
Podshohlikka koʻtarilish ham, ota firogʻi ham Ramazonda yuz berayotgani sinchi oʻquvchini oʻylantirmasdan qoʻymaydi.
Bobur Mirzoning darbadarlik va harbiy-siyosiy yurishlardagi mashaqqatlariga ham bu oy qayta-qayta guvoh boʻlgani rost. Masalan, qishlov izlab yurilgan, siyosiy ittifoqlardan umid uzilgan, xavf-xatarlar kuchaygan bir pallada quyidagilarni yozadi:
“...Qishlov bahonasi bilan Hirotdan shaʼbon oyining yettinchisida chiqib, Bodgʻis yerlarida, toki viloyatlarga narsa yigʻish va ish-kuch toʻplash uchun ketganlar kelib qoʻshilsinlar deb, har yurtda bir kun-ikki kun toʻxtab koʻchar edik. Toʻxtash na kutish shu darajada boʻldiki, Langari Mirgʻiyosdan ikki-uch koʻch oʻtganda ramazon oyi koʻrindi. Viloyatlarga ish-kuch uchun ketgan yigit-yalangdan baʼzisi kelib qoʻshildi, baʼzisi yigirma kun, bir oydan soʻng Kobulga keldilar...”
Ushbu parchada Bobur hayotidagi siyosiy parokandalik, harbiy kuchlarni bir yoqadan bosh chiqarishga urinishlar va doimiy mushkulotlar roʻy-rost ochib beriladi. Shunday murakkab vaziyatda ham “Ramazon oyining koʻrinishi”ga diqqat qaratilishi esa ulkan qalb egasining eʼtiqod va iymoni mustahkamligiga ishoradir.
Bobur Mirzo darbadarlik yillarida ham Ramazon oyini oʻzgacha mehr va shukronalik bilan tilga oladi. Bu hol “Boburnoma” sahifalarida ayniqsa taʼsirchan tarzda namoyon boʻladi. Safar, sovuq, ochlik va xavf-xatarlar ichida kechgan hayot manzarasi orasida Ramazon va hayit kunlari goʻyoki bir taskin manbai sifatida tilga olinadi:
“...Xufton payti, Yakka Oʻlangga kelib tushdik. Yakka Oʻlang eli biz kelib tushgandayoq xabar topdilar. Issiq uylar, semiz qoʻylar, otga oʻt va pichan benihoya, oʻt yoqmoqqa oʻtin va tezak behad hisobsiz edi. Oʻshanday sovuq na qordan qutilib, bunday keng va issiq uylar topmoq, unday mashaqqat va balodan xalos boʻlib, buncha koʻp non va semiz qoʻylar topmoq bir huzurdirkim, buni bunday mashaqqatlarni koʻrganlar biladi, shunday bir farogʻatdirki, buni oʻshanday balolarni boshdan kechirganlar fahm qiladi. Xotirjam va koʻngil tinch holda bir kun Yakka Oʻlanda turdik. Yakka Oʻlandan koʻchib, ikki yigʻoch yoʻl yurib toʻxtadik. Ertasi RAMAZON HAYITI boʻldi”.
Parchadagi tasvirlar Ramazon hayitining safar va mashaqqat ichida oʻtganini, qiyinchilik va beorom lahzalar Bobur qalbida qanchalik iz qoldirganini anglash mumkin.
Darvoqe, Ramazon oyida ham davlat ishlari, harbiy harakatlar va maʼmuriy qarorlar jadal suratlarda davom etgan. Navkarlikka qabul qilish, inʼom berish, iftor marosimlari ijtimoiy hayotning ajralmas qismi sifatida aks ettiriladi:
“...Oyning yigirma toʻqqizinchisida, juma kuni Mir Xurd Hindolga bekota boʻlib xizmatga kirdi va menga taʼzim qildi. Ming shohruxiy sochiq kirgizdi. RAMAZON OYINING beshinchisida, chorshanba kuni Tulak koʻkaldoshning qoshidan Barlos jiki ismli navkar uning xabarini keltirdi. U yerlarga oʻzbak chopqunchisi kelgan ekan, Tulak ularning qarshisiga chiqib, urushib bosibdi. Bitta tirik oʻzbak va bitta bosh keltirdi. Oyning sakkizinchisida, shanba kuni kechqurun Qosimbekning uyiga borib ogʻiz ochdik. Bitta egarlangan ot tortiq qildi. Yakshanba kuni Xalifaning uyida ogʻiz ochildi. Bitta egarlangan ot peshkash qildi”.
Ramazon oyida yuz bergan janglar Bobur hayotining yana bir qirrasini ochib beradi. Mazkur oydagi harbiy harakatlar haqida u shunday yozadi:
“Ramazon oyining oʻn uchinchisida, shanba kuni dushman urush boshlaydi. Lekin urushib hech nima qilolmaydilar. Urush ketayotgan paytda birdan yigʻib qoʻyilgan xas-xashak, kapalar va jar ichiga bir yoʻla oʻt ketadi, qoʻrgʻon ichi tandirdek qiziydi. Qoʻrgʻon devorlari ustida yurib boʻlmay qoladi va ular qoʻrgʻonni oladilar. Ikki-uch kundan soʻng bizning qaytganimiz haqidagi xabarni eshitib, dushman Dalmudga qarab joʻnaydi. Oʻsha kuni ham oʻn kuroʻhcha yoʻl yurib Sekriy viloyatining Jalesar degan qishlogʻi yonida Saru daryosi yoqasida toʻxtadik”.
Ramazon oyidagi yana bir jang tasviri quyidagicha keltiriladi:
“Ramazon oyining yettinchisida, payshanba kuni Bangola va Bihardan xotir jam boʻlib, Sarvaar tarafga Biban va Boyazidni daf qilish uchun yurish boshladik. Bu gʻanimlar bilan jang qilib, ularga shikast yetkazdik. Undan keyin Xariyd va Sekandarpurni sayr qilib, bu viloyatlardan xotirjam boʻlib, ilgʻor bilan poytaxtga qarab joʻnadik va oz fursatda u yerga kirib keldik”.
Ushbu voqealar tahlili shuni koʻrsatadiki, Bobur Mirzo hayotida Ramazon koʻpincha osoyishta oy sifatida emas, balki davlatchilik, harbiy kurash va siyosiy jarayonlar bilan birga kechadi.
Shoh va shoir Ramazon oyini shunchalik intiqlik bilan kutar ediki, hatto yangi oy – hilol chiqishi ham uning doimiy eʼtibor markazida boʻlgan. Bu hol Boburnomada aniq qayd etilgan:
“...Oyning yigirma toʻqqizinchisida, dushanba kuni mana shu Toʻs daryosi qirgʻogʻi manzilimiz edi. Bu oqshom, garchi, havo uncha bulutsiz boʻlmasa ham, bir necha kishi oyni koʻrdi va qozining huzurida guvohlik berishdi. Yangi oyning boshlanishi aniq hujjatlandi. Seshanba kuni tongda HAYIT NAMOZINI oʻqib, yoʻlga tushdik. Oʻn kuroʻh yoʻl yurib, Tayikka bir kuroʻh qolganida, Goʻyi daryosi qirgʻogʻida toʻxtadik. Peshin namoziga yaqin maʼjun yedik...”
Muallif bir necha oʻrinda “maʼjun” isteʼmol qilganini tilga oladi. “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da maʼjun turli dorivor giyohlar, ziravorlar, asal yoki shakar qiyomiga baʼzan afyun qoʻshib tayyorlanadigan, sharq tabobatida quvvat va darmon beruvchi shifobaxsh vosita ekani aytilgan. Ayrim manbalarda u “chordori” deb ham ataladi. Doimiy yurishlar, oziq-ovqat tanqisligi va jismoniy mashaqqatlar sharoitida Bobur va uning safdoshlari tanani quvvatlantirish uchun shunday vositalardan foydalanar edi.
Bunday kuzatuvlar asarning bir qancha oʻrinlarida takrorlanadi:
“...Oyning oxirida, yakshanba kuni Joʻyi Shohiydan koʻchib, Qirqariqqa kelib tushdik. Men bir necha xos kishilarim bilan solga tushdim. Hayit hilolini shu joyda ekanimizda koʻrdik... Hayit tongida, dushanba kuni yoʻlga tushdik. Yoʻlda xumorni daf qilish uchun maʼjun yedik”.
Demak, hayit Bobur hayotida koʻpincha yoʻl ustida, jang oldidan yoki siyosiy harakatlar jarayonida nishonlangan.
Yana bir Qurbon hayiti munosabati bilan u bir voqeani xotirlaydiki, unda shoirning yuksak badiiy mahorati, oʻzidan qoniqmaslik xislatlari yaqqol namoyon boʻladi:
“...Qurbon hayiti Shohruxiyada oʻtdi. Toʻxtovsiz yurib, xon huzuriga – Toshkandga bordim. Bu ruboiyni aytib edim. Yaxshi qofiyalashtirishda ikkilangandim. U paytda sheʼr istilohlari talablariga unchalik qattiq amal qilmasdim. Xon xushtaʼb kishi edi, sheʼr bitardi, garchi tuzukroq gʻazali kam boʻlsa-da, bu ruboiyni xonga manzur etib, taraddudimni arz qildim. Koʻngil tingudek qoniqarli javob topmadim. Aftidan, sheʼr istilohlari talablariga kamroq rioya qilib yozilgandir. Ruboiy ushbudir:
Yod etmas emish kishini mehnatta kishi,
Shod etmas emish koʻngulni gʻurbatta kishi.
Koʻnglum bu gʻariblikka shod oʻlmadi hech,
Gʻurbatta sevunmas emish, albatta, kishi”.
Ushbu ruboiyda gʻariblik va darbadarlik dardi mujassam. Ayniqsa, “Gʻurbatta sevunmas emish, albatta, kishi” misrasi Boburning ichki iztirobini ochiq ifoda etadi. Muallifning ruboiyga nisbatan tanqidiy munosabati esa uning oʻziga nisbatan naqadar talabchan va badiiy mezonlarga masʼuliyat bilan yondashganini koʻrsatadi.
Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti misolida Ramazon oyi darbadarlik, jang-jadallar va harbiy harakatlar bilan uygʻun holda kechgan. Shu maʼnoda, Bobur Mirzoning Ramazon oyiga oid xotiralari nafaqat tarixiy manba, balki har birimiz uchun maʼnaviy saboq hamdir. Yaʼni, kim qanday sharoitda boʻlmasin, eʼtiqod va masʼuliyatni saqlab qolsagina oʻzi koʻzlagan ulkan maqsadlar ostonasiga yetib boradi.
Bobur ELMURODOV,
jurnalist
San’at
Adabiyot
San’at
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Adabiyot
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q