Ashula bilan qo‘shiqning qanday farqi bor?


Saqlash
17:10 / 20.02.2026 21 0

Bugun o‘zidan san’atkor yasab olgan, sahnaga chiqib almoyi-jalmoyi qo‘shiq kuylashdan or qilmaydiganlarning sanog‘i yo‘q. Ular yaratgan “e’jod” namunalarini tinglagan odam na madaniy hordiq, na ma’naviy ozuqa oladi. Qaytanga dili xufton bo‘lib, shunga sarflagan vaqtiga attang deydi. Yaxshiyam, oramizda mumtoz san’atimizni asrab-avaylayotgan, qadr-qimmatini oshirayotgan san’atkorlarimiz bor. Ulardan biri O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdulla Shoma’rupovdir. Uning “Sensan sevarim xoh inon, xoh inonma” (Lutfiy g‘azali), “Ruxsoring” (Bobur g‘azali), “Sallamno” (Fuzuliy g‘azaliga Amiriy muxammasi), “Parvona qilgansiz”, “Mastona bo‘ldim”, “Savdoi muhabbat” (Mashrab g‘azali), “Salom ayting” (Xudoyberdi Qoraboyev she’ri) kabi qo‘shiqlari san’atsevar qalblarga bahramandlik ulashib kelayotir. 

 

Abdulla Shoma’rupovning maqom, haqiqiy asarning jonbaxshlik xususiyati, jonli ijro, “Shashmaqom”, ustoz-shogirdlik mavzularidagi mulohazalariga quloq tutdik.

 

Tahririyat

 

Maqom hech qachon ommaviy san’at turi bo‘lmagan. Uni xoslar kuylagan, xoslar tinglagan. Adabiyot, din va tarixdan tushunchasi bor odamgina maqomdan lazzat ola bilgan. Shu bois “Maqomni ilgari hamma eshitgan, hozir hech kim tinglamayapti”  degan fikrlarga unchalik qo‘shilmayman. Insonning yoshi ulg‘ayib, o‘zligini anglagach, unda mumtoz kuy-qo‘shiqlarga rag‘bat uyg‘onadi.

 

Xoh musiqa, xoh naqqoshlik, xoh xattotlik yo tasviriy san’at bo‘lsin, haqiqiy asargina inson ruhiyatiga ta’sir etish siriga ega. Ular orasida  musiqa o‘ziga xos jihatlari bilan ajralib turadi. Masalan, surat bir marta chizilsa-da, odamlar undan bir necha asrlar davomida ma’naviy ozuqa olishi mumkin. Musiqa san’atida ijrochi yarim soat yoki yigirma daqiqa jonli kuylaydi. O‘sha lahzalarda ijrochi musiqaning ruhiyati va kayfiyatini tinglovchiga yetkazib berishi kerak bo‘ladi. Chunki har ijroda musiqiy asar qayta tug‘iladi. Bu yuksak mahorat va tajribaga bog‘liq.

 

Maqomda shunday turkumlar borki, ularning yoshini hech kim aniq bilmaydi. Ayrimlarining yaralganiga besh-olti asr bo‘lgan deyiladi. Ushbu qo‘shiqlar bastakorining nomi ham noma’lum. Masalan, “Shashmaqomda bastakor nomi noma’lum, biroq juda mukammal asar. “Shashmaqom”ni bir kishi yaratmagan degan taxminlar bor. Yillar davomida har xil bastakorlar sayqallab borgan degan talqinlarga ham duch kelish mumkin. Unda “mo‘g‘ulcha”, “qashqarcha” degan usullar bor. “Mo‘g‘ulchai dugoh”, “Mo‘g‘ulchai chorgoh” deb bejiz aytilmagan. Bu uning jug‘rofiyasi kengligidan dalolat.

 

Ko‘pchilik mumtoz ashulalarimizning barini maqom deb o‘ylaydi. Aslida unday emas. “Shashmaqom” – asarning nomi. “Shashmaqom” xuddi hazrat Alisher Navoiyning “Xamsa”siga o‘xshaydi. “Xamsa”dagi besh dostonning tartibi qat’iy belgilanganidek, “Shashmaqom”dagi olti maqom – Buzruk, Rost, Navo, Dugoh, Segoh, Iroqda notalarning qanday joylashuviga qarab tovushlar ohangi ham o‘zgarib boradi.

 

Odatda mumtoz ashulalar o‘rin olgan konsertlarga odamlar kam keladi. Yaxshiyam o‘zbeklarning nahorgi oshi bor. Bugun milliy musiqamiz oshlarda yangrab turibdi. Boshqa oilaviy tadbirlarda milliy musiqa deyarli ijro qilinmaydi.

 

San’at sohasida shogird tayyorlash murakkab jarayon. San’atning aniq formulasi yo‘q. Musiqani o‘qitish, o‘rgatish metodikasi bor, xolos. Yetuk san’atkor bo‘lish uchun falon-falon qilish kerak degan yo‘riqnomalar ham bor. Musiqa bilim yurtida shu yo‘sinda minglab talabalar o‘qiydi, biroq ular orasidan bir-ikki nafar san’atkor chiqadi. Inson qalbida ilm olishga chanqoqlik bo‘lmasa, ustozi kim bo‘lishining foydasi yo‘q. Musiqa ilmi g‘isht quyish, beton qorish kabi majburiy o‘rgatiladigan kasb emas. Bu inson ruhiyati bilan bog‘liq hodisa.

 

Ustozim Kamoliddin Rahimov nihoyatda ziyrak inson edi. Ilk ko‘rishganimda o‘n besh yashar edim. Hamza nomidagi musiqa bilim yurtida o‘qib yurgan yillarim xonadoniga bordim. To‘yga ketayotgan ekan. O‘zi bilan birga olib ketdi. Shu tariqa to‘rt yil yonida yurib, musiqa sirlarini o‘rgandim.

 

Kamoliddin akaning shunday odati bor edi: haqiqiy shinavandaning ko‘nglini juda hurmat qilardi. Bunday odamlarni ustozdek bilardi. “Falon joyida yaxshi aytmadingiz, mana bu yerida so‘zi ketib qoldi degan tanbehlarni ham ko‘tarardi. Ustozga muxlislarining gapi og‘ir botmas, ularning aytganini qilardi. “Muxlislarni xafa qilib bo‘lmaydi, Ular san’atimiz rivojiga hissa qo‘shadigan insonlar”, – derdi u kishi.

 

Kamoliddin Rahimov “Tanovarning to‘qqiz usulini kuylashni bilar edi. Shuningdek, “Nima uchun “Tanovar” deb ataladi? degan savolni qo‘yar va o‘zi javob berardi. Tilimizga arab tilidan, fors tilidan kirgan so‘zlar ko‘p. Arab tilida “anvor” – nurlar degan ma’noni anglatadi. “Anvor” so‘zining oldiga fe’l yasovchi “ta-” old qo‘shimchasini qo‘ysak, u fe’lga aylanadi. Masalan, “kalomning “takallum”ga, “nuzzul”ning “tanazzul”ga, “rahm”ning “tarahhum”ga aylanishi. “Anvor”ga “ta-” old qo‘shimchasi qo‘shilsa, “tanovar”, ya’ni “nurlarning o‘yini, harakati, o‘zidan nur sochish” degan ma’no kelib chiqadi.

 

“Adolat tanovari” turi ayollar tomonidan kuylangan. Erkaklar davrasida maqom yoki katta ashula aytilgan.

 

Haqiqiy san’atkor bo‘lish uchun hayotning achchiq-chuchugini tatib ko‘rish, musofirchilikni ham boshdan kechirish kerak ekan. Harbiy xizmatda vatandan olisda bo‘lganman. Postda qorovullikda turganimda vatanni, yaqinlarimni qo‘msab, ovozimni baralla ko‘tarib qo‘shiq kuylardim.

 

Iztirob chekish har bir insonning boshida bor. Inson dunyoga keldimi, iztirobsiz o‘tmaydi. Qo‘shiqda iztirob bo‘lishi kerak. Hamma gap shunda.

 

Har qaysi kishiga iqtidor beriladi. U ijodning asosiy o‘zagi hisoblanadi. Kimdir iqtidordan foydalanadi, kimdir esa uni ko‘mib tashlaydi.

 

Ko‘pchilik ashula bilan qo‘shiqning farqiga bormaydi. Ashula va qo‘shiqning musiqiy shaklida  farq bor. Qo‘shiqda so‘z bo‘linmaydi, ohang so‘zga xizmat qiladi. Masalan, “Illila yorim, uyg‘onsin... ”. Bu yerda so‘z bo‘linmayapti.

 

“Sensan sevariiiim... ”da i tovushida ikki, uchta nota bo‘lib ketayapti. Ashulada ohangga so‘z bo‘ysunadi.

 

“Sensan sevarim, xoh inon, xoh inonma...” ashulasi estrada ritmidan tobora yana mumtozlashib borayotgandek...

 

Ijodkor xohlaydimi-yo‘qmi, muhitdan kelib chiqib ijod qiladi. Musiqa ham davr nuqtayi nazaridan o‘zgaruvchan ohang. Bir musiqaning ellik yil oldingi ijrosini xuddi shunday tarzda takrorlab bo‘lmaydi, oqar daryodek qaytarilmaydi.

 

Yoshlik davrimizda yaxshi cholg‘uni topish qiyin edi. Dastavval fabrikada chiqarilgan rubob va dutorlarni chalib o‘rganganman. Sozandaning sozi asbob deyiladi, bu so‘zning o‘zagi “sabab” so‘zidan. Mohirlikda “sababchi” mukammal bo‘lishi muhim. Soz tinglovchi va sozanda o‘rtasida kuy yetkazib beruvchi vosita, ya’ni sababchidir.

 

Hozir chalayotgan sozimni ustozim Kamoliddin Rahimov sovg‘a qilgan. Satoni bo‘lsa 1989-yilda sozgar usta Faxriddin aka yasab bergan.

 

Men san’atsevar oilada ulg‘ayganman. Amakimning oilasi bilan bir hovlida yashardik. Eskishahardagi tor ko‘chadan keng bog‘li hovlimizga kirilardi. Ota-onam san’atga muhabbatli insonlar edi. Har oqshom xontaxta atrofida patnis chertib, xalq qo‘shiqlari yoki Ahmad Yassaviy, Xo‘janazar Huvaydo g‘azallari kuyga solib aytilardi. O‘sha paytlar milliylik qon-qonimga singib ketgan bo‘lsa, ajabmas.

 

Oilada qat’iy bir tartib belgilanmagan edi. Hamma bolalar o‘zini erkin tutardi. Ehtimol, shuning uchun ham ijodkor bo‘lgandirman. Otam ishdan uyga qaytganda, onam bizdan shikoyat qilib, “Bularni urishib qo‘ying, to‘polonchi bo‘lib ketayapti...” derdi, otam esa yoz payti bo‘lsa, “qish kelsin, bularning bir adabini beraman”, qish bo‘lsa, “yoz kelsin, bularning bir adabini beraman...” deb po‘pisa qilib qo‘yardi.  U kishining qattiq tanbeh berib urishganini eslolmayman.

 

“Hofiz” so‘zida katta mas’uliyat bor, yuk bor, burch bor. “Hofiz” so‘zi “muhofiz” – muhofaza qiluvchi, saqlovchi ma’nosini anglatadi. Hofizlik rutbasi faqat Qur’oni karimni o‘quvchilarga emas, balki boshqa san’at sohiblariga  nisbatan ham berilgan. O‘tmishda, inqilobdan oldingi davrlarda san’atkor  ming baytdan ortiq g‘azalni yoddan bilsa, unga hofizlik rutbasi berilgan. Arab tilini bilmayman, ammo mumtoz g‘azallarda uchrovchi arabcha, forscha so‘zlarning mazmunini tushunaman.

 

Nigora UMAROVA yozib oldi.

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025-yil 4-son.

“Ashula bilan qo‘shiqning farqi nimada?” suhbati

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

13:02 / 20.02.2026 0 91
Mirzo Kenjabek sheʼriyatining uch davri

Adabiyot

16:02 / 18.02.2026 0 107
To‘g‘ri yo‘l imomi

Adabiyot

17:02 / 17.02.2026 0 477
Usmon Azim iqrorlari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//