Bu sheʼriyatga duch kelganimga, eslab koʻrsam, 12 yildan oshibdi. Ungacha Oripov-u Vohidovlar xatm boʻlgan, Rauf Parfi anglab-anglanmay konspekt qilingan, Usmon Azim-u Shavkat Rahmonlar bilan gʻoyibona yuzlashib yurilgan edi. Qishloq boshidagi kollej atalmish binoning panjarali devoridan oshib tushib, boradiganim “repetitor”dagi uch ustozim sabab, “Adabiyot” darsligidagi ikki sheʼrning soʻnggi misralari yodimga qadalib qolgandi:
…Oʻzbek koʻpdir Yerning yuzida ammo
Olamda boshqa hech Oʻzbekiston yoʻq…
…Men shundayin oʻyin oʻylab topaman,
Qoralar yuradi, faqat qoralar…
Bu shoir, tarjimon, jurnalist, mutasavvif olim, shayx Mirzo Kenjabek bilan ilk tanishuv edi. Keyinchalik bildimki, ijodkorning ijodiy quvvati keng sarhadlarga ega. Sof lirikadan chin maʼrifiy bitiklargacha boʻlgan sheʼriyat, jahon adabiyotidan Islomning muqaddas manbalarigacha boʻlgan tarjimalar, joʻshqin siyosiy maqolalardan millat va insoniyat tafakkuriga doxil risolalargacha choʻziladi bu sarhadlar… Adibning ulkan maʼrifiy ijodi, tarjimalari, millat va din yoʻlidagi xizmatlarining barchasi har qancha eʼtirofga loyiq. Biroq kamina uchun Mirzo Kenjabekning lirik sheʼriyati allaqanday sirli, jozibali va koʻngilga yaqin boʻlib qolaveradi. Negadir, ustoz shoirning lirik sheʼriyati adabiyotshunoslar eʼtiboridan chetda qolib ketayotir. Shu bois ustoz Mirzo Kenjabekning joʻshqin, hayotiy sheʼriyatiga nazar tashlash orqali bu kemtiklikni toʻldirishni niyat qildik.
Adabiy tahlilda muallif shaxsidan uning asarlariga kirib borish usuli keng uchraydi. Ammo, biz shoirning lirik qahramonini maxsus formulalar asosida tahlil qilish orqali uning ijodi, demakki, shaxsiyatining ham qirralarini ochishga urinib koʻrdik.
Lirik qahramon. Bir shoir sheʼriyatiga nazar tashlash uchun uning lirik qahramonini tavsiflash va tahlil qilish zarur. Ayrim adabiyotshunoslar lirik qahramonni bir sheʼrga oid tushuncha sifatida taʼriflasa, boshqalar uni shoir ijodidagi lirik subyektlar umumlashmasidan paydo boʻlganini aytadi. Akademik Izzat Sulton lirik qahramonga quyidagicha taʼrif beradi: “Lirik qahramon – lirik asarda kechinmalari tasvirlanayotgan kishi, shoirning umumjamiyat uchun qimmatli his va fikrlarini tashuvchi shaxsdir. U shoir shaxsi bilan estetik idealning omixtasidir”.[1] Olimning fikrini “shoir shaxsi + estetik ideal = lirik qahramon” deb oladigan boʻlsak, juda joʻn izoh boʻlib qoladi. Izzat Sultonning mazkur taʼrifi shoirning butun ijodiga emas, aniq bir asar doirasida berilgan taʼrif hisoblanadi. Mazkur taʼrif lirik qahramonning xususiyatlarini oʻzida nisbatan aniqroq aks ettirgan. Uning kechinmalar ifodachisi hamda shoirning fikrlarini tashuvchi obraz ekani, shoir shaxsi ishtirokida paydo boʻlishi inkor etib boʻlmas aksioma hisoblanadi.
Ayrim asardagi lirik subyekt ham, shoirning butun ijodidagi lirik obraz ham lirik qahramon deyilsa, bu atamaning maʼno qamroviga aniqlik kiritishga ehtiyoj paydo boʻladi. Lirik qahramon bir asar doirasida boʻlishini inkor etmaymiz, ammo mutlaq fikr sifatida ham qabul qilmaymiz.
Estetik idealni nasriy asar misolida oladigan boʻlsak, bir adibning turli asarlaridagi obrazlarning ijobiy xususiyatlar umumlashmasidan shakllanishi ayon. Lirik asarda estetik idealni belgilash uchun shoirning lirik qahramonini aniqlash kifoya qiladi. Lirik qahramon va estetik idealning bir narsa deb daʼvo qilolmaymiz. Biroq ular bir-biriga juda yaqin tushunchalar ekani aniq. Lirik kechinma poetik tafakkur natijasida lirik qahramonga yetib borishi haqida bildirilgan fikrlarni inobatga olsak, estetik idealni lirik qahramon paydo boʻlishidan oldin qoʻygandan koʻra, uni lirik qahramondan keyin maydonga chiqishi mantiqan toʻgʻri boʻladi. Yaʼni, shoirning lirik qahramoni orqali “uning estetik ideali kim?” degan savolga javob berish mumkin. “Uning lirik qahramoni kim?” deganda esa estetik ideal orqali toʻliq javob olish qiyin. Chunki estetik ideal yigʻma tushuncha, uni aniqlash uchun lirik qahramonga murojaat qilish kerak. Shunday qilib, estetik ideal va lirik qahramon munosabatini qisqacha shunday taʼriflaymiz: sheʼrdagi lirik subyektda shoir idealining zarralari aks etadi. Uning butun ijodidagi lirik subyektlar birlashib lirik qahramonni yuzaga keltiradi. Lirik qahramon orqali ifodalangan yuksak gʻoyalar umumlashmasi orqali muallifning estetik ideali maydonga chiqadi. Adabiyotshunos D.Quronov lirik qahramon va lirik subyekt oʻrtasidagi farqni izohlar ekan, “lirik subyekt umumiy tushuncha boʻlsa, lirik “men”, ijroviy lirika qahramoni, lirik personaj uning xususiy koʻrinishlaridir”[2], deydi. Olim lirik qahramonni bu guruhga kiritmaydi. Bu atama ayrim asardagi lirik subyektga emas, bir shoirning butun lirik ijodi (yoki sheʼriy turkumi) doirasidagi subyektga nisbatan qoʻllanilishini taʼkidlaydi. Olimning quyidagi fikrlari esa alohida yondashuv talab qiladi: “Shunga qaramay qulayligi yo quloqqa yaqinligi sabablimi, lirik qahramon istilohini umuman lirik subyekt maʼnosida qoʻllash hozirda koʻproq ommalashdi”.[3]
Bizningcha, bu borada ilmiy muomaladagi talqinni inkor etmasdan uni tizimlashtirib olish maqsadga muvofiq. Lirik asarda muallifning subyektiv ishtiroki borligi aniq ekan, uni muomalada lirik subyekt deyiladimi, lirik qahramon deyiladimi, mohiyat oʻzgarmaydi. Shoirning butun ijodida lirik subyektlar jamlanmasi lirik qahramon istilohi ostida birlashishini ham inkor etib boʻlmaydi.
Shunday ekan, quyidagicha talqinni taklif qilamiz:
Lirik qahramon atamasi qamroviga koʻra ikki turga boʻlinadi: tor va keng maʼnodagi lirik qahramon. Tor maʼnodagi lirik qahramon bir asardagi lirik subyektni ifodalab keladi. D.Quronov lirik asar kompozitsiyasi haqida gapirganda lirik syujet oʻrniga tematik kompozitsiya istilohini qoʻllaydi. Shu maʼnoda bir sheʼr doirasidagi lirik qahramon uchun “tematik lirik qahramon” yoki ilmiy muomaladagi kabi “sheʼrning lirik qahramoni” istilohini qabul qilish mumkin. Demak, ilmiy tahlillarda “sheʼrning lirik qahramoni” ifodasi qoʻllanganga, u aynan bir sheʼriy asardagi lirik subyekt nazarda tutilayotgan boʻladi.
Keng maʼnodagi lirik qahramon shoirning butun ijodiga doir boʻladi va uning ijodidagi lirik subyektlar – tematik lirik qahramonlar umumlashmasidan yuzaga
keladi. Ilmiy muomalada “shoirning lirik qahramoni” ifodasi mohiyatida aynan shu keng maʼnodagi lirik qahramon tushuniladi. Shoir Mirzo Kenjabek sheʼriyatini tahlil etishda ana shu tor va keng qamrovli lirik qahramon orqali masalaga yondashamiz.
Mirzo Kenjabekning lirik qahramoni. Lirik qahramon – shoirning sheʼrlarda yashiringan badiiy qiyofasi. Shoirning badiiy tafakkuri yuksalgani sari lirik qahramon ham sayqallanib boradi. Koʻp shoirlarda bu jarayon bosqichma-bosqich, evolutsion tarzda yuz beradi. Biroq Mirzo Kenjabek sheʼriyatiga xos shiddat va keskin ohanglar uning lirik qahramoni tadrijida ham oʻzini koʻrsatgan. Bu sheʼriyatda lirik qahramonning uch xil qiyofasi yaqqol ajralib turadi. Mavzu va kayfiyatga qaralsa, boshqa-boshqa shoirlar yaratgandek ularni. Lekin samimiyat va joʻshqin ruh ularni bir tizginga solib turadi. Ustoz shoir oʻzaro suhbatlardan birida “Men ruhsiz sheʼr yozmadim” degani – chin iqror edi. Yuqorida aytilgan lirik qahramonning uch qiyofasini alohida-alohida oʻrganish shoirning keskin burilishlarga boy ijodiy dunyosiga kirishga yordam beradi. Bu qiyofalar shoir ijodining uch davrida paydo boʻldi deya olamiz.
Mirzo Kenjabekning ilk ijodiy chiqishlari dunyoga, odamlarga boʻlgan tiyiqsiz hayrat izhorlari edi. Insonning yuksak tuygʻularini baralla kuylash, uning nuqsonlaridan ochiq iztirob bu davrda shoirning lirik qahramonini larzaga solgan. Adabiyot maydoniga kirib kelgan 70-yillarning oxiridan 80-yillar oʻrtalarigacha boʻlgan bu davr shoir ijodining HAYRAT davri edi. Adib oʻzining ilk kitobi haqida shunday yozadi: “1982 yilda “Maktublarim” nomli ilk kitobim chiqdi. Albatta, u mahaldagi hayajonlarning tavsifi yoʻq. Nomi asli “Adashgan maktublar” edi, “Yosh gvardiya” nashriyoti kengashida kitob nomiga eʼtiroz boʻlib, “Maktublarim” boʻlib qoldi. Chunki shoʻro davrida maktub adashmasligi kerak ekan. “Adashgan”ning maʼnosi shu ediki, maktub yoʻllangan shaxs oshiq kutgan shaxs emas, balki maʼnan boshqa odam boʻlib chiqishi mumkin. “Men adashib senga yozibman, sen U emas ekansan” degan mazmundadir...”[4].
“Maktublarim” kitobidan oʻrin olgan “Katta tanaffuslar”, “Oraliqdagi manzaralar” kabi asarlar oʻzbek sheʼriyatidagi noyob hodisalardir. “Broun harakati”, “Qorbobo”, “Oʻzbekiston”, “Surxon bogʻlarida” kabi sheʼrlarda esa shoirning hech kimga oʻxshamagan lirik nigohi balqib turadi.
Ijodkorning keyingi sheʼriy kitobi “Quyoshga qaragan uy” 1983-yilda nashr etilib, undagi “Taskin”, “Tilak”, “Rubob”, “Oʻq” kabi sheʼrlar, ayniqsa, mashhur boʻldi. Kitob chop etilgan davrda shoir mavzu va uslub jihatidan koʻplab sheʼriy tajribalarga qoʻl uradi. Shoirning lirik qahramonidagi Hayrat ijtimoiy ruh kasb eta boshlaydi. Shaxs taqdiridagi evrilishlar, insonlik qiyofasining oʻzgarishi shoirning diqqat markazida boʻladi. “Bizlar yoʻqotmadik rubobimizni, // Bizlar kuyimizni yoʻqotdik xolos”, “Sening vujudingda otilgan oʻq bor, // Mening vujudimda otilajak oʻq” kabi tazodiy misralar xayolkash insonning hayot haqiqatlari bilan yuzma-yuz kelishi, ular qarshisida hayratda qolishi 80-yillar boshida Mirzo Kenjabek sheʼriyatining bosh xususiyati edi. Bu davrda shoir ijodida uslubiy jihatdan voqeband xususiyatli, sarbast vaznli sheʼrlar salmogʻi oshdi. Shu bilan birga ijodkorning hayratlari haddi aʼlosiga yeta bordi. Bu hayratlar ado boʻlmasdek tuyulardi. Ayni kayfiyat 1986-yilda chop etilgan “Munojot” kitobida ham davom etdi. Shuningdek, bu kitobda millat va Vatan mavzusi asosiy oʻringa chiqa bordi. Shoir jahon adabiyoti xazinasidan bahra ola boshlaganini “Munojot”dagi tarjimalar ham isbotlaydi. Bu kitobda Mirzo Kenjabekning shoir sifatidagi yoʻlini qatʼiy belgilab olgani koʻrinadi.
80-yillar oʻrtalaridan jamiyatda boshlangan ijtimoiy-siyosiy talotumlarga shoir oʻzini boricha baxshida qildi. Mirzo Kenjabek ijodining bu davriga “qurbonlikka soʻydim isteʼdodimni” deb baho beradi. Uning bu ahdini tushungich zamonlar kelishiga umid qiladi. Kurash millat erki, hurligi, insonlarning haq-huquqlari uchun, zulmga “bas” deyish uchun boʻlsa, oʻzini millat taqdiriga masʼul deb bilgan har bir uygʻoq ziyoli bu yoʻlda isteʼdodini ham qurbon qilishga tayyor kurashchiga aylanadi. 80-yillar oʻrtasi – 90-yillar boshigacha boʻlgan bu muddat Mirzo Kenjabek ijodining KURASH davridir.
1988-yilda shoirning “Sharq tili” nomli kitobi “Yosh Gvardiya” nashriyotida nashrdan chiqadi. Toʻplam nomiyoq oʻsha davr oʻzbek jamiyati kun tartibida boʻlgan til masalasini oʻrtaga qoʻyadi. Mirzo Kenjabek bu kitob haqida shunday xotirlaydi: “Atoqli shoir va adib Xurshid Davron nashriyot rahbari boʻlib turganida “Hozirgi zamon oʻzbek sheʼriyati” ruknini tashkil etdi. Kitob ana shu ruknda chop etilgan”. Kitob “Sharq tili” sheʼri bilan boshlanib, Orol fojiasiga bagʻishlangan “Osmon koʻzgusi” manzumasi bilan yakunlangan.
Shoirning 5-kitobi – “Bahorim yellari” 1991-yili Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida taniqli shoir Muhammad Yusuf muharrirligida chop etilgan. Bu kitob shoir ijodining saylanmasi boʻlishi bilan birga, mustaqillik uchun kurash davridagi eng yorqin lirik sheʼrlarni oʻzida jamlagan. Ularning aksariyati ijtimoiy ruh badiiyatning yuksak mezonlariga javob berishi, ijtimoiylik tom maʼnoda lirik kayfiyat bilan yoʻgʻrilgani bilan ahamiyatli. “Bahorim yellari”dan oʻrin olgan qator sheʼrlar muallifning jasorati va mahorati jihatdan oʻz qadrini yoʻqotmagan. Davr toʻfonlari oralab undirilgan u nihollar bugun ham oʻzbek sheʼriyatining baland daraxtlari qatoridan oʻrin olgan, desak, yanglish boʻlmas. Chunki qayta qurish davrlarida yozilgan aksar sheʼrlar publitsistik kayfiyatdan lirika tomon oʻta olmay qolib ketgan. Ular oʻsha davr uchun yozilib, zamon muammolari unutilgach, yoʻqlikka gʻarq boʻldi. Yoʻq boʻlmaganlari egasining poetik mahoratini savol ostiga qoʻyarlik darajada. Biroq Mirzo Kenjabekning oʻsha davr ogʻriqlariga bagʻishlangan sheʼrlarini bugun ham takror oʻqib, hozirgi zamon uchun yozilgandek, deysiz. Chunki shoir ijtimoiy dardni ham oʻz dardi deb qabul qiladi. U dard uchun maydonlarga chiqadi, u dard uchun “isteʼdodini qurbonlikka soʻyadi”. Shuning uchun ham “Bahorim yellari”dan oʻrin olgan “Shoirning onasi”, “Xayrlashuv” “Jahon oʻzbeklariga”, “Dardchil bola”, “Tarixiy ismlar”, “Abdulla Nabiyev nidosi” (Niqob sarlavha, asli zulmga uchragan Qoʻqon yigitlariga bagʻishlangan), “Qurultoy notiqlariga” va boshqa sheʼrlarda shoirning bezovta, shiddatli, jangovar ruhi balqib turadi.
Millatning asriy umidlari ushaldi, erk qoʻlga kiritildi. Koʻplab ziyolilar qatorida Mirzo Kenjabek ham xalq va davlat xizmatida boʻldi. Davlatning oliy idoralaridagi kurash maydonlardagi kurashdan koʻra qaltisroq edi. Idora bir shaxs irodasiga boʻysunib borgani sari u yerdagi hurfikrlilar chetga chiqib boraveradi. Ana shu chetlashishlar Mirzo Kenjabek ijodidagi, butun maʼnaviy dunyosidagi inqilobga debocha yasadi, deyish mumkin. Bu davr haqida adib shunday xotirlaydi: “Oʻtmishimga nazar tashlasam, faxrlangulik, yupangulik bir holni koʻrmayman. To Qurʼoni karim maʼnolaridan bahra olgunimcha, to “Sahihi Buxoriy”ning ilk oʻzbekcha nashriga muharrir boʻlgunimcha, to aziz Piri komilimni topgunimcha, deyarli butun vaqtim jaholat va nodonlik girdobida oʻtgandek tuyuladi”. Xalqdan chetlashish Haqqa tomon chetlashishga aylandi. Shoir mumtoz adabiyotdagi salaflari kabi tasavvuf diyoriga qadam qoʻyishi uning ijodidagi haqiqiy MUHABBAT davrini boshlab berdi. Xojagon-Naqshbandiya tariqatining pir-u murshidi shayx Mahmud Asʼad Joʻshon hazratlari dargohida adib Mirzo Kenjabek shakl olamidan yuz burib, mohiyat olami sirlari bilan oshno boʻldi. Majoz sheʼriyati Haq sheʼriyatiga aylandi. Endi avvalgi hayratlar va kurashlar faqat muhabbat uchun xizmat qila boshladi. Shu maʼnoda Mirzo Kenjabek oʻzbek adabiyotida yuz yillardan beri uzilib qolgan silsilani qayta tikladi, deya olamiz. Yassaviy, Rumiy, Navoiy, Mashrab, Soʻfi Olloyor, Huvaydo, Haziniy kabi soʻfiy shoirlar kabi soʻzi va shaxsi tariqatga doxil boʻlgan bir mutasavvif shoir yangi oʻzbek adabiyoti uchun zarurat edi. Chunki biz zamonaviy oʻzbek sheʼriyatida tasavvufiy ohanglar haqida gapirganda faqat lirik matndan kelib chiqib, fikr bildiramiz, odatda. Biroq soʻfiy sheʼriyatning eng oddiy sharti – soʻz tasavvufga oid boʻlmogʻi uchun soʻz egasi tasavvuf kishisi boʻlishi kerak. Shoirning bu davriga oid sheʼrlari “Xushxabar”, “Hayot sadolari” kabi kitoblardan oʻrin oldi.
“Bahorim yellari”dan “Xushxabar”gacha 17 yillik masofa bor. Adib bu oraliqda tarjima va kitobat bilan mashgʻul boʻldi. Bu davrda yaratilgan sheʼrlar ikki toifaga boʻlish mumkin: maʼrifiy-didaktik va lirik-tasavvufiy sheʼrlar. Shunday qilib, shoir ijodining MUHABBAT davri majoz olamidan haqiqiy ishq sari yuzlanish davridir. “Ibodat”, “Berkinish”, “Hindiston sigirlari”, “Dunyo siznikidir”, “Muhabbat”, “Mavlono”, “Xoliqo”, “Hali oʻlmay turib doʻstlar…”, “Hasbi hol (Nafsga malomat)” kabi sheʼrlar shu yillarda yozildi va alohida tadqiqni talab qiladi. Chunki ular zamonaviy oʻzbek tasavvufiy sheʼriyati namunalari sifatida muhim oʻringa ega, deb hisoblaymiz.
Yuqorida aytilgan uch davrda shoirning hayotiy va ijodiy “men”ida, lirik kechinmalarida, poetik tafakkurida oʻzgarishlar yaqqol seziladi. Bu oʻzgarishlar shaxsdagi ruhiy inqiloblarning natijasi, mevasidir. Oxir-oqibatda muallif ijodining HAYRAT, KURASH, MUHABBAT davri lirik qahramonlari birlashib, Mirzo Kenjabek sheʼriyatining yaxlit qiyofasini shakllantiradi.
Suhrob ZIYO
[1] Izzat Sulton, Adabiyot nazariyasi, 2005. 174-b.
[2] Quronov, 385-b.
[3] Oʻsha asar, 385-b
[4] Mirzo Kenjabek, Sheʼriyat va ruhiyat.
San’at
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Adabiyot
Adabiyot
Tarix
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q