“Bovirxon” va “Shayvali” – O‘zbek xalq dostonlarida Bobur va Shayboniyxon kurashi


Saqlash
16:58 / 18.02.2026 121 0

O‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixida muhim o‘rin tutuvchi shaxslardan biri, shubhasiz, Zahiriddin Muhammad Boburdir. Buyuk ajdodimizning siyosiy va harbiy hayot yo‘li nafaqat Turon, balki dunyo tarixida ham o‘chmas iz qoldirgan.  Boburning shaxsiyati xalq og‘zaki ijodi, xususan, tarixiy dostonlarda ham o‘z aksini topgan.

 

Yuzyilliklar davomida baxshilarimiz og‘zaki ijro qilib kelgan o‘zbek xalq dostonlari mazmun va xususiyatiga ko‘ra tasniflanib, qahramonlik, jangnoma, tarixiy, romanik hamda kitobiy singari mustaqil yo‘nalishlarga ajratilgan. Ayniqsa, tarixiy dostonlar milliy tariximizda yuz bergan jarayonlar hamda tarixiy shaxslar haqida aniq ma’lumotlar bera oladigan manba sifatida qadrlidir. Dostonlarda davriy ketma-ketlik, ayrim tarixiy ma’lumotlar va dalillarda kichik xatoliklar bo‘lishi tabiiy. Biroq, bu orqali xalq tarixiy jarayonlarning ishtirokchisi sifatida o‘zining bahosini berishga harakat qilgani namoyon bo‘ladi. Shu bilan birga, o‘zbek xalq tarixiy dostonlari ajdodlarimiz hayoti bilan chambarchas bog‘liq holda yaratilib, rivojlanib kelgan.

 

Zahiriddin Muhammad Bobur va Shayboniyxon badiiy timsollari tarixiy dostonlar turkumiga kiruvchi “Oychinor” va “Shayboniyxon” dostonlarida aks etgan. Ushbu dostonlarda 15–16-yuzyilliklarda xalqimiz boshidan o‘tkazgan og‘ir sinovlar, harbiy to‘qnashuvlar va hokimiyat uchun olib borilgan kurashlar mohiyati Zahiriddin Muhammad Bobur hamda Shayboniyxon o‘rtasidagi ziddiyatli munosabatlar asosida yoritilgan. “Oychinor” dostonini Qodir baxshi Rahim o‘g‘li tog‘asi Turdi shoirdan o‘rgangan va uni ijodiy qayta boyitib, bizgacha yetkazgan. Shayboniyxon dostoni esa xalqimizning mashhur baxshisi Muhammad Jomurod o‘g‘li Po‘lkan ijrosidan 1927-yil Fotma Mirzo degan kishi tomonidan yozib olingan va 1928-yilda folklorshunos olim Hodi Zarifov tomonidan arab imlosida nashrga tayyorlangan. Ikki hukmdor nomi baxshilar tomonidan “Oychinor”da “Bobir” va “Shayboniy”, “Shayboniyxon” dostonida esa “Bovirxon” hamda “Shayvali” shaklida ijro etilgan.

 

“Shayboniyxon” dostonida, asosan, Shayvali obrazi keng talqin qilingan bo‘lsa, “Oychinor”da shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning badiiy timsoliga nisbatan kengroq urg‘u berilgan hamda uning o‘ziga xos xususiyatlari ochib berilgan. Haqiqatan ham, dostonlarda Shayboniyxon va Boburning tarixiy shaxs sifatidagi keng ko‘lamli ijtimoiy-siyosiy faoliyati, adabiy ijoddagi muvaffaqiyatlari hamda u yashagan davrning tarixiy-madaniy muhitiga oid shart-sharoitlar to‘liq hamda mufassal yoritilmagan. Shunga qaramay, asarlarda yaratilgan “Bobir”, “Bovirxon” va “Shayboniy”, “Shayvali” epik timsollari tarixiy shaxs Zahiriddin Muhammad Bobur hamda Shayboniyxon siymosi haqida muayyan tasavvur hosil qilish imkonini beradi.

 

Dostonlarda Zahiriddin Muhammad Boburning faqat Turondagi davri hikoya qilinib, uning Hind va Afg‘on diyoridagi siyosiy-ijodiy faoliyati haqida ma’lumotlar berilmagan. Jumladan, “Oychinor” dostoni o‘zbek xalq og‘zaki ijodida Bobur obrazini ilk bor keng epik yo‘nalishda badiiy tasvirlab bergani jihatidan alohida e’tiborni tortadi. Dostondagi Bobur obraziga xalq orzusidagi adolatli davlat boshlig‘iga xos muhim xususiyatlar, belgilar singdirilgan. Asar mutlaq tarixiy xarakterga ega bo‘lib, unda Bobur degan yosh yigit Andijon hukmdori ekanligi aytiladi. Bu ma’lumot  esa tarixiy haqiqatga to‘laqonli mos keladi.

 

Dostonning boshlanma qismida baxshi Bobur shaxsini tinglovchilarga tanishtirar ekan, uning tashqi qiyofasini epik qahramonlarga xos badiiy talqin asosida tasvirlaydi: “Nazarboy qulluq qilib chodirga Boburning oldiga boradi. To‘rda bir yosh yigit chordana qurib o‘tiribdi. Boshida tilla toj qo‘ndirilgan salla, ustida zarbop to‘nlar, murti lab ustida o‘ziga yarashib turibdi. O‘zi polvon siyoqli, burgut qaboqli, har egni qirday, qarashi to‘qaydagi sherday. O‘ng va chap tomonida bashang kiyingan ikki mo‘ysafid, qo‘llarida tasbeh, haligi yigitga muntazir bo‘lib turibdi. Bularni ko‘rib Nazarboy: “Bobur shoh shu bo‘lsa kerak”, — deb nafasi ichiga tushib ketdi”. Zahiriddin Muhammad Boburning juda yosh chog‘ida hukmdorlik tojini kiyganligini hisobga olsak, dostondagi parcha tarixiy asosga ega ekanligiga guvoh bo‘lamiz.

 

Shayboniyxon tarixiy timsoli esa dostonlarda tajribali, ayyor va hiylakor harbiy yetakchi sifatida talqin etilgan. Bu “Oychinor”dagi quyidagi parchada o‘z isbotini topadi: “Shayboniy Qaysarning gapi bo‘yicha otlarga chapar (Xirmon yanchishda ish hayvoniga bog‘lab ishlatiladigan maxsus moslama. Bu yerda chang chiqarish uchun foydalanilgan)larni sudratgan edi. Soyda yigirmata, o‘ttizta navkar bo‘lib, ot chopib chapar sudratib, changitib yotgan edi. Ba’zi navkarlar tepaga chiqib bir ko‘rinish berib qo‘yar edi. Bo‘lmasa, Shayboniyning lashkari ham Bobirning lashkaridan uncha ko‘p emas edi. Shayboniy Boburning urush qilishidan qo‘rqar edi”.

 

Ko‘rinib turibdi-ki, Shayboniyning tajribali sardor sifatidagi kuchi hamda uning harbiy bilimi g‘alabalarining omili ekanligi kuylangan. Biroq, bu harbiy usulni Shayboniyxon Bobur Mirzoga qarshi qo‘llagan emas. Sun’iy chang chiqarish orqali dushmanga ko‘p sonli lashkar yaqinlashayotgandek taassurot berib, ruhiy bosim o‘tkazilgan. Turon harbiy an’analarida raqibni chalg‘itish va aldash o‘ziga xos urush usuli hisoblangan. O‘rta asrlarda xuddi shu harbiy hiylani Sohibqiron Amir Temur dushmanlarga qarshi qo‘llaganligini Sharofiddin Ali Yazdiy o‘zining “Zafarnoma” asarida qayd etgan. Ya’ni 1364-yili Ilyos Xojani Keshdan haydab chiqarishda bor-yo‘g‘i 300 kishidan iborat otliq askari otlarining ikki tarafiga shox-shabbalarni boylab, chang-to‘zon ko‘tarib, yirik lashkar kelayotgandek dushman ko‘ngliga vahima solishi orqali ularni chekinishga majbur qilgan.

 

Shayboniyxon dostonida esa ikki tarixiy shaxs o‘rtasidagi qarama-qarshilik baxshi tomonidan badiiy toqima asosida taqdim etilgan. Shayboniy Samarqand hukmdori Bobirning amaldorlaridan biri bolib, Joravoy ismli vazir bilan kelishmovchilik sabab podsho uni saroydan haydaydi. Albatta, Shayboniyning Bobur Mirzo qol ostida amaldor bolishi hamda uning vaziri bilan janjallashib Samarqanddan quvilganligining tarixiy asosi mavjud emas. Chunki, Shayboniyxon Dashti Qipchoqda davlat tuzgan paytda Bobur Mirzo hali juda yosh edi.  Biroq Shayboniyning o‘z davrida Buxoroda ta’lim olganligi va Samarqandda bo‘lganligi, shuningdek, temuriyzodalar qo‘lida harbiy xizmatchi bo‘lganini hisobga olsak, tarixiy haqiqatga ishora borligini ko‘rishimiz mumkin. Demak, Shayboniyxon Turon shaharlari bilan avvaldan tanish bo‘lganligi tarixiy manbalar qatorida ushbu tarixiy dostonda ham ifodasini topgan.

 

Shuningdek, Shayboniyxonning Turon hududiga haqiqiy xavf ekanligi, bosqinining jiddiy oqibatlari dostonda ifodalanishi tabiiy hol. “Shayboniyxon” dostonidagi quyidagi parchada 16-yuzyillikning so‘nggi choragida Dashti Qipchoqdagi chorvador o‘zbeklar davlatining kuch-qudratiga, uning Turonga jiddiy xavf solib turganligiga Bovirxonning To‘ravoy ismli vazirining so‘zlari orqali ishora qiladi:

 

Shayvali urug‘li eldi Bovirxon,

Shayvali o‘lsa, o‘zbaklar bilar.

Osh pichog‘in bari charxlashib,

Qirilgani nayza qip o‘zbaklar.

Juring deyishib yoppa-jovlik jiyilib,

O‘zbak degan ko‘p mehrli Bovirxon.

Samarqand shahringni tep-tekis qilar.

 

Ikki hukmdorning tarixiy nizo, harbiy to‘qnashuvlar esa dostonda Boburning vaziri Jo‘ravoy bilan Shayboniyning mojarosi oqibatida kelib chiqqani baxshi tomonidan badiiy bo‘yoq ostiga olingan.

 

Bu davrning yana bir ahamiyatli masalasi hisoblangan Temuriylar davrining so‘nggidagi inqiroz, ichki ziddiyatlari “Oychinor” dostonida badiiy ijod orqali ko‘rsatib berishga harakat qilingan. Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”da qayd etishicha, Uzun Hasan va Ahmad Tanbal birlashib unga qarshi fitna qo‘zg‘atib, aka-ukalar o‘rtasida nifoq urug‘ini sochishga intilganlar.

 

Dostonda Bobur hukmronligi chog‘ida bo‘lgan ichki fitnalar uning vaziri Qaysar obrazi orqali namoyon etilgan. Dostonda shunday qayd etiladi: “Vazir Qaysar Bobirning otasi o‘lgandan keyin Bobirga ham vazirlik qilgan edi. “Bobir ham yosh bola, uni ham o‘z nog‘oramga o‘ynataman, qilolmagan ishlarimni endi qilaman”, deb o‘ylagan edi. Lekin bo‘lmadi: Bobir otasidan ham dono, zukko, o‘zining  bilganini qiladigan, o‘zganing gapiga kirmaydigan bo‘lib chiqdi. Hatto Qaysarning ba’zi gaplariga: “Vazir dono bo‘lsa yurting ham obod bo‘lar, vaziring bo‘lsa xatak, obod yurt noobod bo‘lar”, deb kulib qo‘yar edi. Shu vaqtlarda Shayboniy degan xon chiqib qolgan edi. Qaysar Shayboniyxon bilan gaplashib yurar edi. Bobur Qaysarning gapiga kirib Andijonda Shayboniy bilan urushda shaharni tashlab chiqib ketgan edi”.

 

Shunday murakkab vaziyatda Bobur Mirzo Shayboniyxon bilan sulh tuzishga majbur bo‘lganiga tarix guvoh. “Shayboniyxon” dostonida Shayvali tomonidan Bovirxon oldiga “sulh” tuzish haqidagi taklif qo‘yilishi sahnasining kiritilishi tabiiydir. Zotan, baxshining so‘zlari zamirida tarixiy haqiqat mavjudligini payqash qiyin emas. “Boburnoma” asarida shunday deyiladi: “Shayboqxon sulh so‘zini oraga soldi. Agar bir tarafdin umidvorlig‘ bo‘lsa edi, yo zahira bo‘lsa, sulh so‘ziga kim quloq solur edi. Zarurat bo‘ldi, sulhguna qilib, kechadin ikki paxr bo‘la yovushib edikim, Shayxzoda darvozasidan chiqildi”.

 

“Oychinor” dostonida ham sulh tuzishga qaratilgan fikrlar mavjud. Shayboniyxon bir otliqni elchi qilib Boburning oldiga yuboradi. Otliq: “Ey, Boburshoh urush qilasizmi yoki yurtni tinchgina topshirasizmi”, dedi. Boburshoh esa: Xov elchi, bu joy Shayboniyning chegarasiga kirmaydi, chegarasiga kirsa yozgacha ruxsat berarmikan deydi. Shunda elchi: “Shayboniyning chegarasi bu yog‘i Xo‘tan, bu yog‘i Amu Shayboniy bunga ruxsat bermaydi”, – deydi. Bobur maslahat qilishi kerakligini aytadi. Javobini tongda aytaman deydi. Sulh oqibati esa Bobur Mirzo uchun naqadar og‘ir bo‘lganligi hamda yurtni tashlab ketishga majbur etilgani to‘g‘risida tarixiy manbalar aniq ma’lumotlar bergan.

 

Asarda Bobur va Shayboniy munosabatlaridagi muhim nuqta shu-ki, Shayboniy o‘zining chegaralarini aniq belgilab olgani ifodalanadi. Amurdaryo ikki hukmdor o‘rtasidagi chegara sifatida qayd etiladi. Dostonda ham Bobur Turonni Amudaryo orqali tark etganligi tarixiy haqiqat bilan to‘liq mos keladi. Shuningdek, Bobur ham yurtdan butunlay ketmoqchi emasligi, yana qaytishni maqsad qilgani urg‘ulanadi. Shu sababdan ham Zahiriddin Muhammad Bobur Turonni tark etganidan so‘ng Samarqandni bir necha marta egallashga harakat qilganiga ishora bergan bo‘lishi mumkin.

 

Boburning vatanni tashlab ketishdagi ichki kechinmalari, iztiroblari hamda ichki ziddiyatlardan charchaganligi xalqning e’tiboridan chetda qolishi mumkin emas edi. “Oychinor” dostonida Boburning asar qahramoni Oychinorga aytayotgan nutqi orqali baxshi buni yuksak badiiy mahorat bilan ijro etgan.

 

Bugun bildim Qaysarni,

Endi ko‘zim ochildi.

Shundayin qilig‘idan,

Taxtim sassiz yiqildi.

 

Yoki yoshlik qildimmi,

Tergab-tergab bilmadim,

Yomon tuzalar dedim,

Tanda jonin olmadim.

 

Qo‘ynimdagi oltinim,

Ilon bo‘lib o‘rladi,

Belimdagi kamarim,

Ushlamoqqa to‘r oldi.

 

Do‘st deb kosov ushlasam,

Dushman bo‘ldi o‘zimga.

O‘ylasam keng dunyoni,

Tor ko‘rinar ko‘zimga.

 

Qildim bobom ishini

Kofir deb gap tarqatdi.

Avliyoga sig‘insam,

Imonsiz deb tosh otdi...

 

Oychinorjon, Oychinor,

Menga singil bo‘l endi.

Yurt, elim deb o‘ylasam,

Menga hamdard bo‘l endi.

 

Zahiriddin Muhammad Boburning iztiroblari, yurt qayg‘usi uning ruboiylarida ham o‘z aksini topib, buyuk hukmdor Bobur endi vatandan yiroqlikni, garchi bu martaba Hindiston taxti bo‘lsa ham, qismatdagi “yuz qarolig‘”, deb hisoblaydi:

 

Tole’ yo ‘qi jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi,

Har ishniki ayladim xatolig‘ bo‘ldi.

О‘z yerni qo‘yib, Hind sori yuzlandim,

Yo Rab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi?!

 

Umuman olganda, mazkur ikki tarixiy dostonda na Bobur Mirzo, na Shayboniyxon mutlaqo salbiy qahramon sifatida tasvirlanmaydi. Baxshi ularga butunlay salbiy bo‘yoq berishdan qochadi. Biroq, ushbu dostonlarda Zahiriddin Muhammad Boburning Shayboniyxon bilan siyosiy raqobatiga ikki xil qarash mavjudligini payqash mumkin. “Oychinor”da Bobur shaxsiga kuchli e’tibor qaratilib, yosh, zukko va aql-zakovatli yigit sifatida tasvirlansa, Shayboniyxon haqida qisqaroq to‘xtalib o‘tilgan.

 

“Shayboniyxon” dostonida esa Shayboniyga asosiy urg‘u qaratilib, Boburning Samarqand hukmdori sifatida Shayboniyxon bilan harbiy to‘qnashuvi tilga olinishi orqali asil tarixiy mohiyat yoritib beriladi. Zahiriddin Muhammad Bobur Temuriylar sulolasining so‘nggi yirik vakili ekanligi urg‘ulanib, davrning ichki ziddiyat, fitna va qarama-qarshiliklari mahorat bilan kuylangan. Shu bilan birga, Shayboniyxondan mag‘lubiyatga uchragach, Boburning Amudaryoni kechib Afg‘oniston tomon yo‘l olishi uning tarixida keskin o‘zgarish yasagan burilish nuqtasi bo‘lib, baxshining ijrosi tarixiy voqealar rivoji bilan to‘liq uyg‘unlashadi. Ikki hukmdorning siyosiy maydondagi kurashuvining haqqoniy tarixiy jarayonlarga mos kelishi xalq dostonlari ham o‘zbek davlatchiligi tarixini o‘rganishda muhim manba bo‘la olishini ko‘rsatadi.

 

        

  Muxtorjon TOLIBBOYEV,

O‘zR FA Tarix instituti tayanch doktoranti

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:02 / 18.02.2026 0 29
To‘g‘ri yo‘l imomi

Adabiyot

17:02 / 17.02.2026 0 412
Usmon Azim iqrorlari

Falsafa

15:02 / 17.02.2026 0 49
O‘zlikni topish shartlari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//