Amir Temur tug‘ilgan qishloq – Xo‘ja Ilg‘or nomi bilan bog‘liq xalq rivoyatlari


Saqlash
17:27 / 17.02.2026 50 0

Jahon tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur shaxsiyati nafaqat yozma manbalarda, balki xalq og‘zaki ijodiyotida ham alohida o‘ringa ega. Sohibqiron tavallud topgan Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘i bugungi kunda shunchaki geografik nuqta emas, balki ma’naviy qadriyatlar va tarixiy xotira maskanidir. Ushbu maskan bilan bog‘liq xalq rivoyatlari Amir Temurning tug‘ilishidan to balog‘at yoshigacha bo‘lgan davrni g‘oyatda ramziy va mifologik unsurlar bilan boyitgan holda tasvirlaydi.

 

Tarixiy manbalarda sohibqiron Аmir Temur tavallud topgan maskan deb tilga olingan Xo‘ja Ilg‘or (Xoja Ilg‘or shaklida ham qo‘llanadi) qishlog‘i Yakkabog‘ tumanida joylashgan. 1926-yil 29-sentyabrgacha Yakkabog‘ tumani tuzilguniga qadar Shahrisabz tumaniga qarashli bo‘lgan. Xalq orasida Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘i, Аmir Temur va unga bog‘liq tarix to‘g‘risida avloddan avlodga o‘tib kelayotgan xalq rivoyatlari, matallari saqlanib kelmoqda.

 

Dastlab, Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘i va bu nomning kelib chiqish tarixiga nazar tashlasak. Bu qishloqda ajdodlari yashagan bir guruh qariyalarning hikoya qilishicha, “Xo‘ja Ilg‘or otaning asl ismi Muhammad Аbulqosim bo‘lib, Muhammad payg‘ambarimiz avlodlaridan bo‘lgan. 632-yili Muhammad (s.a.v) payg‘ambarimiz vafotidan so‘ng, xalifa Hazrat Umar al-Hattob zamonida abbosiylar O‘rta Osiyoga islom dinini yoyishga ahd qiladilar. Bu ishga mas’ul etib 704-yilda sarkarda Qutayba Ibn Muslim tayinlanadi. 706-yili Qutayba O‘rta Osiyoga yo‘l oladi. Natijada, 709-yilda Buxoro xalqi, 712-yilda esa samarqandliklar musulmon bo‘ladilar.

 

717-yilda Xo‘ja Ilg‘or ota Qutaybaning lashkarboshisi sifatida Kesh bekligiga qarashli ushbu qishloqqa ham keladi va Kesh yaqinidagi Laʼliston degan joyda yaralanadi. Shundan so‘ng Xo‘ja Ilg‘or ota sahobalarga “Mening qilichim qayerga tushsa, o‘sha joyga meni dafn etasizlar”, deb aytadi va qilichi shu atrofdagi bir joyga kelib tushadi. Аmmo bu yerda suv bo‘lmaydi. Shunda Xo‘ja Ilg‘or ota hassasini yerga urgan zahoti suv otilib chiqadi. Bu – Qo‘tirbuloq bo‘lib, uning suvidan ne-ne yara-chaqali kishilar shifo topib ketgan. Chunki bu buloq suviga Xo‘ja Ilg‘or otaning jarohatini yuvib, shu yerda dafn etganlar.

 

Albatta, xalq rivoyatlaridagi sanalar va sulolalar tarixida chalkashliklar bor. Negaki, rivoyat yozib qoldirilmagan bo‘lib, og‘zaki shaklda otadan bolaga o‘tganda ma’lum o‘zgarish va qo‘shimchalarga uchrashi tabiiy. Shuning uchun ham raqamlar va sulolalar tarixida chalkashliklar yuzaga kelgan. Negaki, Qutayba abbosiylar davrida emas, ummaviylar davrida lashkarboshi (704–715) etib tayinlanadi. Shuningdek, Kesh va Naxshab hududi 717-yilda emas, 707-yilda bosib olinadi.

 

1928-yili akademik V.V.Bartold bir muddat Shahrisabzda, shuningdek, Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida ham bo‘lgan. Qariyalarning aytishicha, u Sohibqiron tug‘ilishi, bolaligi, o‘smirligi bilan bog‘liq juda ko‘p rivoyatlarni mahalliy aholidan yozib olgan. Bu sinchkov olim bilan suhbatlashgan keksalarning farzandlari Xo‘ja Ilg‘or atrofidagi qishloqlarda hozir ham hayot kechirmoqdalar.

 

Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Xo‘ja Ilg‘or ota qishlog‘i Amir Temur tug‘ilgan zamonlardan oldin va keyin ham Keshning obod qishloqlaridan edi. Аmmo bu yerlar mang‘itlar davrida birmuncha qarovsiz bo‘lib qolgan. Chunki keksalar XX asr boshlarida qishloq atrofida katta-katta to‘qayzorlar bo‘lganini hikoya qiladilar.

 

Ushbu qishloqda joylashgan tarixiy qabristonning o‘rtasida katta qabr bo‘lib, bu Xo‘ja Ilg‘or nomi bilan mashhur Muhammad ibn Аbulqosimning qabri ekanligi aytiladi. Qabr baland ko‘tarilgan va pishiq g‘isht bilan o‘ralgan. Uning bir tomonida ziyoratchilar tavof qiladigan arksimon joy va 4 ta marmar tosh bo‘lib, unga arab imlosida jumlalar yozilgan. Ziyoratchilar ana shu marmar toshlarni va bo‘yi uch metr keladigan ikkita oq tug‘ – yalovni tavof etishadi.

 

 

Qabrdan sal narida supada “ilohiy qudrat”ga ega deb hisoblanadigan “Polvontosh” turadi. Tosh ko‘kimtir rangda, to‘rtburchak shaklda bo‘lib, uning og‘irligi 6 pud 96 kg.

 

Qadimda Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘idagi qabriston yonida katta masjid va ilmi toliblar taʼlim oladigan madrasa-xonaqo hamda chillaxona mavjud bo‘lgan. Hozir masjid va xonaqoh buzilib ketgan. Аmmo, chillaxonaning o‘rni saqlanib qolgan. Shu paytgacha chillaxona o‘rni “g‘or” deb taxmin qilinib, uning og‘zi bekitib qo‘yilgandi. 1995-yili Samarqand arxeologiya instituti professori T.Shirinov rahbarligida bir guruh olimlar bu manzilda qazuv ishlarini olib borgan. Natijada, qazish jarayonida “g‘or” o‘rnida chillaxona bo‘lganligi aniqlangan. Shuningdek, chillaxonadan juda ko‘p eski kitoblar – qo‘lyozma, toshbosmalar topilgan. Suv tagida uzoq turgan bu kitoblarning aksariyati yaroqsiz holga kelib qolgan. Arxeolog olimlar bu joydagi honaqoh va chillaxona XIII-XIV asrlarda faoliyat yuritganini va qabristondagi juda ko‘p mozorlar qabrtoshlari shu davrda qo‘yilganini aniqlaydilar.

 

1995-yil may oyida shahrisabzlik arabshunos muallim Sulton Soyipov bitta qabrtoshdagi yozuvni o‘qib, u 1401-yilda qo‘yilganini aniqlagan. Bundan shunday xulosa chiqadi-ki, Amir Temur davrida Xo‘ja Ilg‘or ota qishlog‘i va uning atrofi obod joylardan bo‘lgan. Ushbu qabristonga Amir Temurning ham ko‘plab qarindoshlari dafn etilgan bo‘lishi mumkin. Аgar qabristondagi hamma qabrtoshlardagi yozuvlar o‘rganilsa, bu fikrimiz haqiqatga aylanadi, albatta.

 

Xo‘ja Ilg‘or ota qabristonidan chamasi 400 metr narida Oqtosh ota, Ko‘ktosh ota ziyoratgohlari bor. Аfsuski, bu ziyoratgohlar uzoq yillar qarovsiz qoldi. Qariyalarning hikoya qilishicha, ushbu qishloqning Oqtosh ota tepaligidagi toshga nisbatan noto‘g‘ri munosabatda bo‘lgan ikki o‘spirin ruhiy xasta bo‘lib qolgan. Ular bu holatni aziz-avliyolar xoki poyi bilan hazillashish yomon oqibatlarga olib kelishiga yo‘yishadi.

 

1995-yili Xo‘ja Ilg‘or ota qabristoni atrofi tekislanib, bu yerda katta bog‘ tashkil etishga kirishildi. Yerlar tekislanayotgan payt bu yerdan ko‘plab har xil mis, kumush tangalar topilgan. Аrab imlosida zarb qilingan tangalarda “Suyurg‘atmish” yozuvi tushurilgani aniqlanadi. Suyurg‘atmishxon Amir Temur davrida nominal xonlikka ko‘tarilgan Chingiziy “xon” edi.

 

Qishloq qariyalarining aytishicha, Xo‘ja Ilg‘or ota qishlog‘i juda katta hududni o‘z ichiga olgan va uning atrofida bir vaqtlar 22 ta masjid mavjud bo‘lgan. Hozir bu masjidlardan birortasi qolmagan.

 

Qabriston yonidagi eski masjid o‘rnida yangisi qurilgan. Аna shunday masjidlardan biri Xo‘ja Ilg‘or ota qabristonidan uncha uzoq bo‘lmagan Tezob qishlog‘ida joylashgan Tezob ota masjididir. Bu yerdagi qabr kimga tegishli ekani hozirgacha aniqlanmagan. Masjid XIV asr oxiri XV asr boshlarida qurilgan. Xonaqohda biri kattaroq, yana biri kichikroq ikkita qabrtosh saqlanib qolgan. Bu toshlardagi yozuv o‘qilganida ular ayol kishilarga tegishli ekanligi va marhumalar Amir Temurning evaralaridan bo‘lganligi taxmin qilinadi.

 

Xo‘ja Ilg‘or ota – Muhammad ibn Аbulqosim taqdiri va o‘limi haqida yana shunday rivoyat mavjud. Bir kuni yosh sahoba Ibn Аbulqosim hazrat payg‘ambardan “Mening ajalim belgisini aytib bering?” deb so‘raydi. Shunda sarvari olam shunday degan ekanlar: “Аjalingiz oldidan siz minib yurgan ot oq tuyaga aylanadi…”. Hazrat Аbulqosim Kesh yaqinida bo‘lgan Laʼliston manzilidagi jangda yaralanib otdan yiqiladi. Bir muddatdan so‘ng o‘ziga kelib, boshini ko‘tarib qarasa, oti o‘rnida oq nortuya pishqirib turganmish. Shunda u kishining yodiga hazrat Payg‘ambar bashorat qilgan so‘zlar tushib, o‘z odamlariga shunday deydi: “Dorulbaqoga jo‘nash fursatimiz kelibdi. Bizni oq tuyaga o‘tqazing, u qayerga cho‘ksa, meni o‘sha joyga dafn qilingiz!” U kishini oq tuya ustidagi kajavaga yotqizishibdi. Tuya ancha yurib, qalʼaga yaqin joyga cho‘kkan paytda uning joni uzilibdi. Аmmo qalʼa tarafdan g‘oyibdan “Sizning joyingiz u yerda emas!” degan ovoz kelibdi. Tuya yana qo‘zg‘alib, qalʼa tomonga yurib ketibdi. Shunda tuyaning ilk cho‘kkan joyidan tiniq buloq otilib chiqqan ekan. Tuya ikkinchi marta cho‘kkan joyda ham haligi ovoz takrorlanib, o‘sha yerdan ham buloq qaynab chiqibdi. Oq tuya oxiri qalʼa yaqinidagi tepa yoniga cho‘kibdi va bu yerda ham uchinchi buloq ko‘z ochibdi. Shu buloqdan suv olib, Muhammad ibn Аbulqosimni yuvib, dafn etibdilar.

 

Rivoyatda keltirilgan sahoba, oq tuya, buloq-chashmalar, tepalik, zardushtiylar qalʼasi so‘zlari bilan bog‘liq joy nomlari Xo‘ja Ilg‘or ota qabristoni atrofida hozirgacha saqlanib qolgan. Аvvalo, zardushtiylarning Laʼliston qalʼasi haqida so‘z yuritsak. Mahalliy xalq otashparastlarining bu qalʼasi Xo‘ja Ilg‘or ota qabristoni atrofida bo‘lgan deyishadi. Bu to‘g‘risida arxeologlarning fikri ham yakdil. Arxeolog Kamoliddinovning fikricha, Hamaytepa, Uchtepa harobalari o‘rnida ham Navqad-Qurayshiy bo‘lgan. Qo‘rg‘ontepa harobalari o‘rnida esa Niyoziy qishlog‘i bo‘lgan.

 

Qo‘rg‘ontepa – hozirgi Yakkabog‘ning tog‘oldi joylaridagi o‘rta asrning eng yirik shaharlaridan bo‘lib, Qizildara vohasidagi yirik sunʼiy sug‘orish tizimining markazi hisoblangan. Bu vohadagi Qizildaryo suv o‘zani hozirgacha saqlanib qolgan. Bizningcha, Laʼliston qalʼasi deyilganda shu Qo‘rg‘ontepa tushuniladi yoki unga yondosh, undan qadimiyroq boshqa bir qalʼa – Xo‘ja Ilg‘or nomi bilan bog‘liq qalʼa haqida so‘z boradi. Chunki Xo‘ja Ilg‘or ota qabristonining shundaygina yonida qadimiy Yangiqo‘rg‘on degan qishloq hozirgacha bor. Bundan tashqari Xo‘ja Ilg‘or ota qabristonidan yuqoriroqdagi Galamula qishlog‘ida G‘ishtlitepa deb nomlangan tepalik bo‘lib, arxeologik qazuv ishlari natijasida bu yerdan eng qadimgi sopol idishlar, yapaloq uchburchak, to‘rtburchak g‘ishtlar chiqqan. Demak, qachonlardir, ehtimol Xo‘ja Ilg‘or ota – Muhammad ibn Аbulqosim arablar qo‘shini bilan birga kelgan paytlarda ham bu joylar obod hududlardan bo‘lgan.

 

Bu qishloqning hududiy chegarasi xususida so‘z yuritsak. Hozirgi Xo‘ja Ilg‘or qadimda juda katta hududni o‘z ichiga olgan bo‘lib, ming yillardan buyon ziyoratgoh joy hisoblanadi. Bu yerda dafn etilgan Langar ota, Makka Sayid ota, Xo‘ja Ilg‘or ota – xalq rivoyatlariga ko‘ra, islom dinini yoyish uchun kelgan muborak zotlardir.

 

Chiroqchi tumaniga tutash yerda Choshtepa, undan pastroqda Ravot va Qullar degan qishloqlar bor. Bu yerlarda ham shunday katta-katta tepalar borki, ular hozirgacha saqlanib qolgan. Qishloqlarning Ravot va Qullar deb atalishi ham bejiz emas. Ravottepadagi qishloqda hokimlar, Qullar qishlog‘ida qullar yashagan, deyiladi rivoyatlarda. Shu atrofda Oq tuya ota degan bir tepalik ham borki, bu Xo‘ja Ilg‘or otaning oq tuyasi bilan bog‘liq, deb aytiladi. Negaki, shu yaqin atrofdagi qishloqlar aholisi Oq tuya buvaga atab jonliqlar qurbonlik qilishadi, hadyalar bag‘ishlanadi.

 

Oq tuya bilan bog‘liq hodisalar islom dini tarixida ko‘p bo‘lgan. Muhammad (s.a.v) payg‘ambarimiz oq tuya minib hijrat qilganlar, janglarga kirganlar. Payg‘ambarimiz oq tuyalari cho‘kkan joyda masjidi Nabaviya qad ko‘targan va bu ulug‘ manzil butun dunyo musulmonlarining ikkinchi muqaddas ziyoratgohidir. Hazrat Ali, Oyisha onamiz ham oq tuya minib yurganlar. Movarounnahrda Hazrat Аlining, shuningdek, sahobalarning oq tuyalari cho‘kkan joylar bilan bog‘liq ko‘plab muqaddas qadamjolar mavjud.

 

Xo‘ja Ilg‘or otaning oq tuyasi tuyog‘idan (baʼzi rivoyatlarda xassasidan) otilib chiqqan chashma – buloqlar haqida so‘z yuritsak. Rivoyatlarda aytilgan Laʼliston qalʼasi yonidagi tepalik atrofidan – oq tuya cho‘kkan joylardan chiqqan buloqlar hozir ham bor. Bu buloqlarning suvi xalq tomonidan shifobaxsh, qo‘tir, qavz, so‘gal, chilla kabi yara-chaqalarni tuzatadi, deb ishonib kelinadi. Shu bois bu buloqlarning birini xalq Chillabuloq deb ataydi. Bir muddat avval tepalik yon atroflaridagi zax suvlarni qochirim uchun zovur qazilgandan so‘ng Chillabuloq qurib qoldi. Shu qishloqlik Burhon ota Kamolovning aytishicha, Chillabuloqning tuprog‘i ham qo‘tir yaralarga davo bo‘larkan. Ilgarilari nimjon, badanida toshmasi bor chaqaloqlarni shu buloq suvida cho‘miltirishgan. Hozir esa tuprog‘ini surtsa, tuzalib ketarkan… Shu atrofda ilgarilari Qavsbuloq ham bo‘lgan. Qavs (qabz) bo‘lganlar otda, tuyada shu buloqni yetti marta aylanib, suvidan ichsa, dardi yengillashib, shifo toparkan.

 

 

Xo‘ja Ilg‘or ota qabristoni atrofida yana to‘rtta chashma – buloq mavjud. Bular  Kattachashma, Qo‘shchashma, Sovuqbuloq, Аmir Temur chashmasi. Bu chashmalarning suvi ham shirin, shifobaxsh bo‘lib, odamlar koriga yaraydi. Xo‘ja Ilg‘or ota bilan yondosh Tollibuloq ota, Qo‘tirbuloq ota qabriston – ziyoratgohlar ham bevosita ana shu Ibn Аbulqosim oq tuyasi izlari bilan bog‘liq.

 

Hozirgi kunda ham Amir Temur tug‘ilgan manzil – Xo‘ja Ilg‘or ota dafn etilgan joyga ziyoratgoh sifatida mahalliy aholi va qo‘shni mamlakatlardan ziyoratchilarning oyog‘i uzilmaydi. Rivoyat qilishlaricha, bu manzilga Buxoro amirlari ham ziyoratga kelib turishgan. Shu qishloqlik Bahromjon Rahmatovning hikoya qilishicha, bir gal Buxoro amiri Аmir Muzaffar Xo‘ja Ilg‘or ota ziyoratiga kelganda, besh-olti bola Non, non! deb yig‘lab turganini ko‘radi. Аmir bolalarning ota-onasini surishtiradi. Bolalarning kattasi: “Otamiz bek molini boqqani yaylovga, onamiz o‘tin sotib non olib kelgani bozorga ketganlar, men va ukalarimning esa qorni och, deb yig‘laydi. Shunda amir Muzaffar bu yerlarni o‘zbek urug‘ining Xo‘ja aymog‘iga mansub Bahromxon Rahmatovning bobolariga vaqf qilib bergan ekan. Shundan beri bu yerlar xo‘jalar avlodiga rizq-ro‘z manbai bo‘lib kelmoqda, deydi otaxon.

 

Bahromxon ota Rahmatov Xo‘ja Ilg‘or qabristoni darvozasi yaqinidagi usti asfaltlangan tizza bo‘yi baland supani ko‘rsatib, “Mana bu aslida supa emas, qadimiy obod masjidning o‘rni. Yoshligim guvoh, juda ko‘rkam manzil edi. Yuzlab odamlar juma namozini shu yerda o‘qishardi. O‘ttizinchi-qirqinchi yillar oralig‘ida zamonning “ilg‘or” kishilaridan birining ko‘rsatmasi bilan masjid buzdirilib, g‘ishtidan binolar qurilishida foydalanilgan ekan. Shu bilan birga Xo‘ja Ilg‘orning qadimiy yodgorliklaridan eng oxirgisi ham yo‘qotilgan edi”, – deydi otaxon.

 

Xulosa qilib aytganda, Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘i bilan bog‘liq xalq rivoyatlari Amir Temur shaxsiyatining xalq xotirasidagi ma’naviy qiyofasini belgilovchi muhim manbadir. Rivoyatlar orqali xalq o‘z qahramonini ilohiylashtirib, uning buyuk kelajagi aynan mana shu muborak tuproq bilan chambarchas bog‘liq bo‘lganini uqtiradi. Shuningdek, ushbu rivoyatlarning tahlili xalq og‘zaki ijodi va rasmiy tarixshunoslik o‘rtasidagi uyg‘unlikni ko‘rsatib beradi. Xo‘ja Ilg‘or toponimi atrofidagi afsonalar yosh avlodni vatanparvarlik va milliy g‘urur ruhida tarbiyalashda, shuningdek, Amir Temur fenomenini xalq e’tiqodi prizmasi orqali chuqurroq anglashda bebaho ilmiy-madaniy ahamiyatga ega.

 

 

Sevinch ULASHOVA,

Alfraganus universiteti dotsenti, PhD.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

17:02 / 17.02.2026 0 276
Usmon Azim iqrorlari

Falsafa

15:02 / 17.02.2026 0 29
O‘zlikni topish shartlari

Mafkura

14:02 / 13.02.2026 0 404
O‘zbek xalqining milliy g‘oyasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//