Odamlar qachon “koʻp kitob oʻqigan odam muvaffaqiyatga erishadi” degan qarashga ishonadi? – AQSh tajribasi


Saqlash
12:10 / 19.02.2026 160 0

Kitobga qiziqish har qaysi davr va jamiyatda qoʻllab-quvvatlangan. Oʻzbekistonda xalqning maʼnaviyati, ichki dunyosini boyitish, tafakkurini yanada oʻstirish maqsadida kitobxonlik siyosati bugungi kunda, ayniqsa, yangi bosqichga chiqdi. Targʻibotni kuchaytirish uchun baʼzan qimmatbaho sovgʻa, baʼzan bellashuvlar tashkil etildi. Korxona-tashkilotlarning ayrimlari oylik mutolaaga son bilan talab qoʻysa, boshqalari bu uchun turlicha ragʻbat tizimini yoʻlga qoʻydi.

 

Umuman olganda, bu yoʻldagi har qanday targʻibotni foydali, deyish mumkin. Lekin moddiy manfaat bilan “majburiy” qiziqtirishning oʻzi bilan butun jamiyat oʻqirman boʻlib qolmasligi ham yashirib boʻlmaydigan haqiqat. Demak, kunlik mutolaa ham boshqa foydali mashgʻulotlar kabi, asl maqsadni anglagan holda, ishtiyoq bilan bajariladigan odatga aylantirilgani maʼqul.

 

Lekin bunga qanday erishiladi?

 

 

Amerika katta mehnat bozori, yoshu qari uchun keng imkoniyatlari va yashash tarzi bilan “sehrli diyor” deya eʼtirof etiladi. Shu bilan birga, mamlakatning intellektual salohiyati ham tahsinga loyiq. Birgina misol, AQShning necha yildan buyon eng koʻp kitob oʻqiydigan mamlakat sifatida birinchilikni boy bermay kelishi ham qisqa davrda erishilgan natija emas. World Population Review va CEO World Magazine maʼlumotlariga koʻra, oʻrtacha amerikalik yiliga 357 soat mutolaa qiladi, buning ekvivalenti taxminan 17 ta kitobga toʻgʻri keladi. Va ushbu koʻrsatkich oʻqilgan kitoblar soni boʻyicha AQShni dunyo reytingida birinchilikka olib chiqdi. Ajablanarlisi, global raqamlashish jarayoniga qaramay, aksar amerikaliklar avvalgidek bosma kitoblarni afzal koʻrib, “koʻp kitob oʻqigan odam muvaffaqiyatga erishadi” degan qarashga qattiq ishonadi.

 

Davlat va jamiyat tomonidan shakllantirilgan odat, yaʼni kitobxonlikka hayot tarzining asosiy qismi sifatida qaraydigan Qoʻshma shtatlar aynan shu “fazilati” bilan ham dunyoning aksariyat aholisi taʼlim va karyera uchun eng yaxshi tanlov oʻlaroq intiladigan mamlakatga aylangandir, ehtimol. Dunyoning asosiy intellektual korxonalari, ular uchun kadr tayyorlaydigan top-universitetlaru Kremniy vodiysi ham aynan shu mamlakatda “tafakkur armiyasi” tomonidan yaratilgani ham tasodif emas. AQShning ilm-fan yoʻnalishida ilgʻor boʻlishiga qaysi asosiy faktorlar taʼsir koʻrsatgan? Ular kitob mutolaasini qanday qilib odatga aylantirdi?

 

Har qanday faoliyat yo sohani rivojlantirishda asosiy, biroq doim ham diqqat qaratilmaydigan omillar bor: koʻngillilarni qoʻllab-quvvatlash va hech boʻlmaganda xalal bermaslik. Masalan, kutubxonalarning barcha uchun teng mavjudligi, yetarli resursga egaligi va bepul xizmat koʻrsatishi – tabiiy ravishda kitobxonlar sonini oshiradi. Amerika – aynan kutubxonalar tizimi bilan kitobxonlikni jamiyatga integratsiya qila olgan mamlakat sanaladi.

 

Barcha uchun mavjud kutubxona tizimi

 

Nafaqat kitob, balki boshqa taʼlim resurslaridan ham bepul foydalanish imkonini beruvchi dunyodagi eng ommabop kutubxona tizimlaridan biri AQShda joriy etilgan. Mahalliy aholi uchun bu joy shunchaki kitoblar jamlangan bir manzil emas, ijtimoiy markazga aylanib ulgurgan. Kutubxonalar AQShning har bir hududida mavjud va barcha uchun bepul xizmat qiladi. AQSh qanchalik etnik xilma-xillikka va turli madaniyat vakillariga boy boʻlmasin, kutubxonalarda ularning har biriga (didiga) mos kitoblar muammosiz topiladi.

 

Kutubxonalarda faqatgina mutolaa bilan shugʻullanilmaydi, balki turli madaniy tadbirlar, ilmiy uchrashuvlar ham oʻsha yerda oʻtkaziladi. Bu bilan boshqa qiziqishdagi aholi ham tadbir sabab kutubxonaga kirib, ajoyib muhit ortidan kitoblarga ham qiziqish ehtimoli ortadi. Shu tariqa, kutubxonalar jamiyatdagi kitobxonlik odatini rivojlantirishga zanjir kabi taʼsir koʻrsatadi.

 

Kutubxona dizayni boʻlsa, alohida mavzu. U yerga shunchaki dars tayyorlash, kitob oʻqish yoki boshqa mashgʻulot bilan shugʻullanish uchun kirgan har bir oʻquvchi eng kamida estetik ozuqa, maʼnaviy zavq olib chiqishi mumkin. Tabiiyki, bu atmosfera tashrif buyuruvchilarni yana va yana kelishga chorlaydi.

 

 

Taʼlim

 

AQSh taʼlim tizimi shunday shakllantirilganki, boshlangʻich maktab oʻquvchisidan to universitet talabasigacha darslikdan tashqari qoʻshimcha mutolaa qilishiga toʻgʻri keladi. Lekin bu majburiy shaklda emas, qiziqtirish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Masalan, boshlangʻich maktablarda turli hikoya va ertaklar baʼzan oʻyin, baʼzan sahna koʻrinishi yoki audio-media shakldagi taqdimotlar bilan tushuntiriladi. Natijada, hikoya bola ongida saqlanib qolishidan tashqari, ularning oʻzaro suhbat mavzusiga ham aylanadi.

 

Bundan tashqari, maktab oʻquvchisi va taʼlim muassasasi uchun turli ragʻbatlarni nazarda tutuvchi Reada-thon kabi kitob oʻqish marafonlari yoʻlga qoʻyilib, baʼzan ularga yirik nashriyotlar ham hamkorlik qiladi. Ragʻbat shakli esa moddiy buyum yoki pulni emas, bolaga maʼnaviy ozuqa va unga mos madaniy hordiqni nazarda tutadi.

 

Misol tariqasida, Scholastic nashriyoti maktablarda tashkil etiladigan bunday marafonlarni doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlaydi.

 

Nashriyot barcha bolalarni tasavvurini kengaytirish, oʻziga va atrof muhitga qiziqish uygʻotish orqali ularni umri davomida kitob oʻqishiga ilhomlantiradi”, deb yozadi Scholastic ushbu marafon haqida.

 

Musobaqalar oʻquvchida kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishni kuchaytirishdan tashqari, maktab jamgʻarmasini boyitishga ham xizmat qiladi. Bunda nashriyot marafonga jalb qilgan xomiylar bolalarning kitob oʻqigan soati yoki sahifasi uchun mablagʻ ajratadi. Uning maʼlum miqdori maktab jamgʻarmasiga, tegishli qismi gʻolib oʻquvchilarni sertifikat, medal va baʼzan istirohat bogʻlariga safar xarajatlariga yoʻnaltiriladi, 20 foizi boʻlsa nashriyotga tegishli kitob klublari uchun kupon shaklida taqdim etiladi.

 

Kitob klublari – ijtimoiylashuv uchun eng optimal yoʻl

 

Amerikaliklar uchun kitob mutolaasi – orzular realizatsiyasining fundamental qismi boʻlsa, kitob klublari – ijtimoiylashuv uchun eng optimal yoʻl sanaladi. Bunday klublar orqali ular oʻziga doʻst, hamfikr va oʻxshash dunyoqarashli sherik topadi. Klub ishtirokchilari oʻziga mos kitob tanlab, muddat belgilaydi va belgilangan sanada uning muhokamasi uchun yigʻiladi. Shu tariqa, doʻstlar bilan intellektual uchrashuv – yangi chop etilgan asarni oʻqish uchun motivatsiya boʻlsa, mutolaa – ayni qiziqishdagilarni birlashtiruvchi obyektga aylanadi.

 

Kitob klublari asosan oddiy aholi, qoʻshni va doʻstlar orasida, baʼzan mashhurlar tomonidan ham tashkil etilib, ikkinchi shaklda jamiyatning kitobxonlikka u qadar qiziqmagan qatlami ham mutolaaga jalb qilinish ehtimoli yuqori boʻladi.

 

Masalan, AQShda dunyodagi eng mashhur va nufuzli ayollardan biri, Garvard universitetining faxriy doktori Opra Uinfri hamda Oskar mukofoti sovrindori, dunyo tanigan aktrisa Riz Uizerspun kabi mashhurlarning ham kitob klublari bor. Ular tavsiya qilgan kitoblar esa boshqalariga nisbatan qisqa muddatda millionlab nusxada sotiladi.

 

Bill Geyts, Ilon Mask va Mark Kyuban kabi mashhur tadbirkorlar ham kuniga bir necha soatdan kitob oʻqishini doimiy taʼkidlab keladi. Bu oʻz oʻrnida, ularning bugungi holati doimiy mutolaa ortidan shakllanganini bildirib, yaxshi namuna va motivatsiya boʻla oladi.

 

Maqolaning davomi bor. 

MUQADDAS Musaeva tayyorladi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:02 / 18.02.2026 0 62
To‘g‘ri yo‘l imomi

Adabiyot

17:02 / 17.02.2026 0 441
Usmon Azim iqrorlari

Falsafa

15:02 / 17.02.2026 0 51
O‘zlikni topish shartlari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//