Usmon Azim iqrorlari


Saqlash
17:40 / 17.02.2026 275 0

Jurnalga maqola yozib berish majburiyati zimmamga yuklatilgandan so‘ng ancha o‘yga toldim. Yozishim kerak bo‘lgan maqola mavzusi menga juda qiyin tuyuldi. Nimasi qiyinligini tushuntiray.

 

Bu mavzu baribir o‘zim haqimda ekanligini bilaman. Buning esa bir xavotirli joyi bor. Gap shundaki, hayotimda kechgan ba’zi o‘rinlarni eslashga to‘g‘ri keladi. Bu xotiralarning esa odam o‘zi bilan olib ketadigan joylari borday tuyuladi menga...

 

Ha, hozir yozayotgan hayot lavhalarining ko‘pining ular kechgan paytdayoq ma’nosini chaqqanim yo‘q. Bu voqealardan keyin – yoshim bir joyda yetganda – ma’lum bir xulosalar chiqarganman...

 

* * *

Haqiqiy yozuvchi-shoirlarning hayoti va ayniqsa ijod jarayoni chetdan qaraganda bir-biriga o‘xshash – juda sodda, aniqday tuyuladi... Ha endi, kallaga nimadir kelgach, stolga o‘tirasan-da, yozib tashlaysan. Tamom.

 

Ammo har bir ijodkorning ijod yo‘li o‘ziga xos izlanishlarga to‘la noyob hodisakim, u ma’lum bir kishining hayoti doirasida qolib ketmasligi bilan ajralib turadi. Uning dunyoga o‘zgacha ko‘z bilan qarashi (o‘ziga xoslik deymizmi?), so‘zlar mutanosibligini yuksak darajada his qilishdan kelib chiqadigan alohida injalik, asarlaridagi tushuntirish mushkul allaqanday sehr, hayot haqiqatining badiiy haqiqatga aylanishi tufayli kundalik tashvishlarning go‘zal, teran, kulgili, dramatik va ba’zan fojeali tus olishi alohida bir tajribakim, bu tajriba ijodkorning yaratuvchilik qobiliyati sababidan ko‘pchilikni rom etadi. Tulkiday qilpillagan, bo‘riday irillagan bu dunyoda inson qadri borligini qayta his qildiradi. Adolattalablik, or-nomus, millatparvarlik, insonparvarlik, vatanparvarlik kabi ulug‘ xislatlarini kitobxonlarga yuqtiradi. Vatanni sevishga o‘rgatadi.

 

Bizda kam aytiladigan bir gap: haqiqiy ijodkor Parvardigor mukammal yaratgan dunyoning har bir jilvasidan hayratga tushadi. Bu hayrat uning ongini, ruhini, bor-u yo‘g‘ini tuyrab o‘tadi. Mana shu mahobatli hayratni qog‘ozga tushira olish mahorati esa juda nodir va noyob bir hodisakim, bu maqomga ko‘tarilish hamma ijodkorga ham nasib etavermaydi. Ko‘tarilish nasib etganlar esa dunyoning mukammalligini va o‘z hayratining manbasini ich-ichdan sezadi. “Voh, tangrim!” deb nogahon pichirlaydi u bir kunmas-bir kun. Bu pichirlash barcha hayqiriqlardan baland yangraydi...

 

Xullas, buyuk adiblarning barchasi o‘rtanib yozish unga bekor nasib etmaganini anglaydi. U yolg‘ondan, xushomaddan, mayda manfaatlardan ozod – inson ruhini maydalab tashlaydigan ming turfa illatlarga nafrat bilan qaraydigan, adolat va haqiqat tarafidagi ulkan shaxsga aylanadi.

 

Men Sharq adabiyotidan emas, chetroqdan bir misol keltirib o‘taman.

 

Mudom og‘riqli izlanishda bo‘lgan Lev Tolstoy umrining oxirida pravoslav cherkovining qotib qolgan aqidalarini rad etgan. Bu qarashlari uchun cherkov rahnamolari uni “la’nat”lagan va... uni cherkovdan – xristianlikdan “mahrum” etganlar. Holbuki, Tolstoy nasroniy aqidasining tamal toshi – uchlik(“троица”)dan voz kechib, o‘z aqli va ruhi bilan yakkaxudolikka – islomga juda yaqinlashib kelgan edi. Rus adabiyotshunosligi Tolstoyning bu kechinmalarini eslashni xush ko‘rmaydi. Ammo haqiqat xuddi shunday.

 

O‘zbek teatrining asoschisi Mahmudxo‘ja Behbudiy ham ijodning bu yo‘rig‘ini his qilgan. U maqolalaridan birida “teatr masxarabozlik” emasligini qat’iy ta’kidlab o‘tadi. Bu o‘rinda “masxarabozlik” so‘zini kengroq tushunishimiz lozim. Ayniqsa, oldi-qochdi, yengil-yelpi asarlar yozishga moyillik ko‘payib ketayotgan hozirgi paytda bu hol ham o‘sha ulug‘ jadid Behbudiy ko‘zda tutgan “masxarabozlik”ning bir ko‘rinishi ekanligini eslatib turmog‘imiz lozim.

 

Yozishda ilohiylik borligini ta’kidlashdan tolmasligimiz kerak. Yozish (rost tuyg‘ular, o‘rtanishlar) ibodat ekanligini anglamog‘imiz zarur. Bu hol – haqiqiy adabiyotning muhim bir rukni sifatida – adabiyotga qarashni shakllantirishga ko‘mak beradigan adabiyotshunosligimizda ham aks etishi lozimday tuyuladi menga...

 

Biz haqiqiy shoir-u yozuvchilar asarida muhim bu fazilatni mudom payqaganmiz...

 

Ammo bu ilohiylik qachon ijodkorga hamrohlik qila boshlaydi?

 

Endi gapni yana ho‘-o‘-o‘ boshdan boshlashga to‘g‘ri keladi.

 

* * *

Yaqinda Eshqobil Shukur bilan bir shoir ukamizning to‘y oshida qatnashdik. Odatdagiday amri ma’ruf bu safar odatdagiday amri ma’ruf bo‘lmadi. Domla bilimli, buning ustiga qaysi davrada nimani gapirishni biladigan odam ekan.

 

Xullas, domla... shoirlikdan so‘z ochdi!

 

Obbo!..

 

Men shoirlik haqida amri ma’rufni birinchi eshitishim edi.

 

Rosti, dastlab xavotir ham oldim. Odatda amri ma’ruf odob-u axloqdan bo‘lgich edi. Biz ham adabiyotda aylanib yurgan odamlarmiz, bu amalning past-u balandi bizga ma’lum... Domla tag‘in o‘zicha “aqllilik” qilib, aljib qolsa nima bo‘ladi?

 

Ammo domla xavotirga o‘rin qoldirmadi...

 

U kishi shoirlik o‘qib-o‘rganib yetib bo‘lmaydigan kasb ekanligidan gap boshladi. Shoirlikni Parvadigor ona qornidan o‘zi saylagan bandalariga in’om etar ekan...

 

Eshqobil ikkov ko‘z urishtirib oldik. Ana! Biz tug‘ma iste’dod deymiz-ku! Shuni gapirayapti! To‘g‘ri! To‘g‘ri!

 

Domla bu haqiqat Qur’onda ham borligidan gap ochdi. Bir oyat bilan fikrlarini mustahkamladi.

 

Men uchun yaxshi ukamning bu to‘yidagi eng katta mukofot mana shu amri ma’ruf bo‘ldi!

 

* * *

Albatta, shoir voyaga yetguncha qog‘oz bilan bilan yuzma-yuz holda juda ko‘p qol-u holni boshdan o‘tkazadi. Xudo bergan iste’dodni yo‘qotmay, ma’lum bir darajaga olib chiqish uchun juda ko‘p bosqichlardan o‘tadi. Yaxshi she’rning tumanlar ortidagi qiyofasini his etguncha necha bir ongorti manzillar oshadi. Ruhi oxir-oqibat mudom mavjlanib turadigan bir holga yetadikim, kamina bu holni o‘zimcha “uzluksiz ilhom” deb atayman. Bu – shoir istagan payt she’r yoza olish holati... Bunday holat bo‘ladimi? Bo‘ladi! Menimcha, hazrat Alisher Navoiy shu maqomda ijod qilgan. Aniq.

 

 

* * *

Bolaligimda, yo‘g‘-e, go‘dakligimda ichimda tiqilib, vujudimni o‘rtab yotgan narsa nima ekanligini tushunmaganman. Tushunish qayda? Hali yozish tugul, o‘qishni bilmayman-ku... Yig‘i mudom tomog‘imga tiqilib turgan. Bu holni hozir ham juda ayon eslayman.

 

Mening yig‘loqi fe’limni o‘sha paytda butun qishloq bilgan bo‘lsa kerag-ov. Keyinchalik, yuqori sinflarda o‘qiganimda ham, yoshi mendan katta qishloqdoshlarimga duch kelsam o‘sha yig‘lovimni eslab qolishardi:

 

– Munovi Usmonmi? – deyishardi negadir quvonishib. – Do‘pposday jigit bo‘p qopti-ya! E, buning bolalikdagi jilashlarini!.. Mengnixoloyding kunini bir tutam qigan edi-ya!

 

Yana menga razm solib quvonishardi:

 

– Duppa-durust bo‘pti!

 

Kampirlarning hayratlari boshqacha edi:

 

– Bola jilar ekan, siqtar ekan, o‘lmasa odam bo‘p ketar ekan... Dam olmay jilar edi-ya...

 

Uydagilar meni kasal deb o‘ylab, qilmagan amali qolmagan. Fol ochtirishgan. Tabibga ko‘rsatishgan. Barcha aytilganni sidqidildan bajarishgan. Hatto kimningdir maslahati bilan o‘ng qulog‘imni teshdirishgan ham (hozir ham o‘rni bor). Kor qilmagan.

 

Rahmatli enam (biz onamizni shunday deymiz) eslar edi:

 

“Otangning davrasi bor edi. Boysunning to‘rt-besh katta mullasi kechqurun xufiya yig‘ilib, kitob o‘qirdi. Masala talashardi. Nimaga yashirin deysanmi? Sho‘ro bilib qolishidan qo‘rqqan. Zamon yomon edi, bolam... Ko‘pincha biznikiga kelishardi. Shahardan olis, ovloqroq joyda-ku hovlimiz. Ular keladigan kun alohida tayyorgarlik ko‘rar edik. Otang bir jonliq so‘ydirardi. Men go‘sht qovuraman, sho‘rvani tashlab qo‘yaman. Tunning bir mahali oshga unnayman.

 

Bir oqshom oshxonada unnab yotibman. Bir qo‘limda kapgir, bir qo‘limda sen. Tinmay yig‘layapsan. Mehmonxonaga ham izillaganing eshitilib turgan bo‘lsa kerak. Otang chiday olmapti. “Aka, – depti otang Mufti boboga, – shu bolani bir o‘qib qo‘ying. Ilon chaqqanday chirillayapti”. Seni ko‘tarib, mehmonlar yo‘q xonaga o‘tdim. Mufti bobo kirib keldi. Sen tinmay yig‘layapsan. Yerga qo‘yishning iloji yo‘q. Men seni ovutmoqchi bo‘lib, yurib turibman. Mufti bobo ham yurib o‘qiyapti... Bir-ikki “suf” deganidan keyin birdan kulib yubordi. “Kelin, – dedi, – bu bola kasal emas. Ko‘zini qarang, top-toza. Bu bola xudodan bir narsa so‘rab yig‘layapti. Xavotir olmang, xudo xohlasa, katta odam bo‘ladi!”...

 

Endi o‘ylayman... bu go‘dakni o‘rtagan azob o‘sha – jonu jahoningni har lahzada, har soat, har kun, yillar bo‘yi – umr bo‘yi tubsiz hayajonda tutib turadigan dard bo‘lsa kerak. O‘sha, Mashrabni sarson-sargardon qilgan, Boburni “saltanatdan kechasan” deb talvasaga solgan... O‘sha...

 

Esim kirganda bu yig‘ini ichimga yutishni o‘rgandim...

 

Ehtimol, men bu xotirotni aslidagidan kattaroq ma’no yuklab eslayotgandirman, lekin u rost. Rostligi bilan qalbimga tirgak bo‘lib turganini sezaman. Shuning uchun yozdim...

 

* * *

Olti yoshda maktabga bordim. Yozishni o‘rgandim va... allanimalarni qoralashga tushdim. Maktab darsliklarida va gazetalarda o‘qigan she’rlar, “Alpomish”-u “Kuntug‘mish”lar ohanglarida nimalarnidir qog‘ozga tushira boshladim...

 

Bu nochor satrlarning qog‘ozga ko‘cha boshlashi, nazarimda, ijodiy tarjimai holimdagi eng katta nuqta – burilish edi.

 

* * *

Bu burilishdan so‘ng kirganim “ko‘cha” betinim mutolaa natijasida kengayib, “o‘zimniki”ga aylanib bordi. Yo‘q, men har kun nimanidir yozib tashlayvermaganman. Barcha tengdoshlarim kabi ro‘zg‘or tashvishining bir cheti mening ham yelkamga tushgan. Juda harakatchan bo‘lganman – o‘yinga ham vaqt topganman.

 

O‘zimni eplab olgandan keyin dala-dashtda bir o‘zim yalangoyoq kezishni yaxshi ko‘rdim. Dunyoning bahori-yu kuzi negadir meni hayajonga solgan. Bu dunyoda mendan yashirin allaqanday sir borday tuyulavergan. Daraxtlarga, maysalarga, tog‘-u toshlar, hatto hashoratlarga soatlab termulib o‘tirganman.

 

Bahorda, maysalar qulf urgan paytda, yomg‘irsiz kunlar bo‘ladi. Quyosh charaqlaydi. Turli-tuman chumolilar, qo‘ng‘izchalar o‘rmalab chiqadi. Chumolilar bir zumda inlaridan o‘tloq oralatib uzun yo‘llar quradi. Ularning harakatida tartib borligini, bu tartib juda murakkab ekanligini o‘shanda sezganman. Hatto yo‘lakchalaridan qarama-qarshi kelayotgan chumolilarning ba’zilari to‘xtab, bir zum mo‘ylovchalarini qimirlatib, bir-biri bilan “gaplashib” (menga shunday tuyular edi) olishlarini hayrat bilan tomosha qilganman. Ana, tuyachumolilar!.. Ularning inlari maysa siyrak joylarda. Yo‘l ham qurib o‘tirmaydi. Har bittasi faqat o‘ziga ma’lum yo‘nalishda tentiraydi. Ular yurmaydilar, yuguradilar... Inlariga biror bir yegulik tashiganlarini ham ko‘rmaganman.

 

 O‘tloqqa yuztuban cho‘zilaman. Oftob yelkamni qizdiradi. Maysalar orasida allaqanday mayda – ignaning uchiday mitti jonivorlar kezib yurganiga ko‘zim tushadi. Bu jonivorlarning otini bilmayman. Nazarimda, hech kim bilmaydi. Negadir ranjiyman. Bu jonivorlar bor-ku! Nega oti yo‘q?..

 

Yoz esa tinimsiz mehnat payti. Odamlar qishning g‘amida tentiraydi. Somon, chalma-tezak tashiladi, g‘alla o‘riladi... Issiqdan labimiz qovjirab, biz bolalar ham kattalar ortidan bu yumushlarga yordam beramiz. Bug‘doy o‘rimi mashaqqat. Necha turfa tikanlar g‘allazorni bosgan. Bir tutam bug‘doyni tutsang, uying kuygur tikanlar kaftingga ariday yopishadi... Keyin-keyin kafting-u barmoqlaring dag‘allashib, unday-bunday tikan o‘tmaydigan bo‘ladi. Qorong‘i tushganda qo‘shxonaga qaytiladi.

 

Qo‘shxonani bir tepada tashlaganmiz... Katta doshqozondan taralayotgan ovqat isi dimog‘imizga uriladi. Hammaning qo‘lida tunuka kosa. Qozonni o‘rab olamiz. Besh-olti tengqur qur tashlab o‘tiramiz. Brigadir otining xurjuniga to‘ldirib kelgan tandir nonni sho‘rvaga to‘g‘rab, ishtaha bilan yeymiz... Shom o‘tgach, o‘yin boshlanadi. “Oqsuyak”, “Urganni top”... Bu o‘yinlarimizda yoshlar tugul, katta-matta o‘roqchilar ham ishtirok etadi. Kechasi ochiq havoda o‘sha qozonning tegrasini aylanib, to‘shakka kiramiz. Uydan bitagina eski ko‘rpa olib kelganmiz. Boshimga ko‘rpa tagidan yalpoq tosh qo‘yib (ha, tosh qo‘yib!), yostiq yasab olganman. Ko‘rpaning yarmi ustimda, yarmi ostimda. Tepada yulduz sig‘magan osmon. Charaqlaydi. Tunni chirillovuqlar tovushi tutadi... Kun bo‘yi mehnatda horigan odamlar bir pasda uxlab qolamiz.

 

Ertalab tong otar-otmas uyg‘otishadi. Yengilgina choy ichgan bo‘lamiz-da, o‘roqni olib, kecha o‘rimni to‘xtatganimiz dala boshiga boramiz. Boyev Bozor bobo nogahon “ha-a!” deb baqiradi. U jazavasi tutgan odamday g‘ujur bilan g‘allaga o‘roq soladi. Tikan-pikanni ko‘rdim demaydi. “Ha-a!”... Qator bo‘lib o‘rimga tushamiz. G‘ayrat-u shijoat barchaga ko‘chadi. Bosh ko‘tarmay ishga tushamiz. Manglaylarda ter paydo bo‘ladi. Ko‘ylaklarning yelkasi nam... “Ha-a-a!”. Ortimizda ikki-uch kishi har-har joyda uyib qo‘yilgan g‘allani yig‘ishtirib – bog‘lab kelaveradi. Saraton tafti ham sarg‘aytmagan allaqanday o‘simliklardan bovliq yasab, shunday bog‘lashadiki, ataylab silkitsang ham, biror bug‘doy poyasi to‘kilmaydi. Besh-o‘n bog‘ni bir joyga to‘plab ketishadi. Keyin dalaga bir juft ho‘kiz qo‘shilgan chig‘ana kiradi...

 

Chig‘anani ko‘rganlar hozir kam qoldi. Chig‘ana – g‘ildiraksiz arava. Bir o‘rim fasligagina yetsa bo‘ldi deb naridan-beri quriladi. Baquvvat tolyog‘ochlar to‘rtburchak qilib birlashtiriladi. Bu – chig‘ananing asosi. Uning to‘rt burjidan tepaga yana to‘rt uzun xoda tiklanadi. Ularning orasiga va asosga ko‘ndalang qilib yana taxta qoqiladi. Bir tomoni esa ochiq qoladi. Shu ochiq tomondan bug‘doy bog‘lari shoxada ilib, chig‘anaga tashlanaveradi. To‘lib-toshgandan keyin xirmonga eltib, ag‘dariladi.

 

Bu xirmon – maxsus emas, ekin ekilmaydigan tekis joy, xolos. Xirmonchilar bog‘larni chig‘anadan tushirib, “belbog‘”idan ajratadi, aylana shaklda tizza bo‘yi qilib to‘kishadi. So‘ngra chig‘anadan bo‘shagan ho‘kizlarni bo‘ynidan juftlashtirib bog‘lab, bug‘doyning ustiga galagov soladilar. Xirmonchilar “mayda-maydani g‘ayg‘aylab aytib, ho‘kizlarga bir zum tinim bermaydi. Shu tarzda g‘allaning somoni somonga, bug‘doyi bug‘doyga ajratiladi...

 

Juda qattiq mehnat.

 

Yashash uchun odamlar, jumladan, bizday o‘spirinlar ham bir zum tinmaydigan mahallar...

 

O‘sha kunlar mashaqqati va... shavqi suyak-suyagimga singib ketgan.

 

Eng qizig‘i, men o‘rimga ham kitob eltganman.

 

Tushlikdan so‘ng kamar tagida soyalab yotganimizda kitob o‘qiyman. Ba’zan Samariddinxon eshon bobo yoniga chaqirib oladi. U kishi ko‘p dostonlarni yod biladigan odam. Kitob o‘qiganim uchun bo‘lsa kerak, menga alohida mehri bor. Meni sizlab, o‘zining tengiday gaplashadi. Biz dostonlardan, ertaklardan suhbat qilamiz. Kitoblardan o‘qiganim, eshitganim doston-u ertaklardan gaplashsak, u kishi to‘ldirib boradi:

 

“Bu matalning yana bir joyi bor”.

 

“Alpomish bu joyda yana bunday degan”...

 

O‘sha davrlardan qolgan bir odatim bor. Hozirgacha biror narsani o‘ylab turganda birdan hamma narsani unutib, o‘zimga cho‘kib qolaman. Eshon bobo buni ham sezib olgan. “Ha, keldimi?” deydi u kishi... So‘ng jiddiy qo‘shib qo‘yadi: “Yozishdan qolmang”... Qishloqda gap yotarmidi, u kishi mening bir balo yozaman deb unnab yotishimni biladi... Eshon bobo juda zo‘r odam edi! U kishi shoir deb nom chiqargan kunlarimni ham ko‘rdi. Joyi jannatda bo‘lsin!

 

Keyin kuz keladi. Dunyo huvullaydi... Yuragim zimillab dasht-u toqqa qarab o‘tiraveraman. Xudoyim!..

 

Bu huvullashni qanday yozaman?

 

Men ko‘rgan-kechirganlarim va atrofimdagi cheksiz-chegarasiz dunyoda she’r borligini aniq bilaman. Ammo ularni qog‘ozga tushirishni udda qilgunimcha uzoq, juda uzoq yo‘l borligini ham anglayman.

 

Yozishning vahimasi ham bor. Ammo jahd bilan kirishguningcha... Yozishdan qolmayman. Albatta, u qoralamalarni she’r deb bo‘lmaydi. Buni ham bilaman. Lekin yozaman-da!..

 

* * *

Bizning maktab yetti yillik edi. Kenja opam Saida qishlog‘imizdagi maktabni bitirib, Boysun markazidagi 1-maktabda o‘qiy boshladi. Qishloq maktabida adabiyotdan dars beradigan muallim to‘poriroq odam edi. U bizga darslikning falonchi betidan falon betigacha o‘qishimizni tayinlab, o‘zi tashqari chiqib ketar – qaytib kirib, darsini yakunlab qo‘ya qolardi. Opam borgan katta maktabda esa adabiyot o‘qituvchilari juda ko‘p – ulardan birini sirtdan juda yaxshi taniyman. Gap shundaki, uchinchi sinfda o‘qib yurganimda shu muallimning tuman gazetasida e’lon qilingan she’rini o‘qiganman. Ana, xudoning qudrati bilan shu shoir domla opam o‘qiydigan sinfda dars bera boshladi. She’rlarimni shu domlaga ko‘rsatsam, qanday bo‘ladi? Uch-to‘rt oylik o‘ylovdan keyin ikki she’rimni tanlab, opamdan shu kishiga ko‘rtsatishini iltimos qildim...

 

Har kun opamdan surishtiraman. Bir haftalardan keyin javob keldi. Ammo opam “o‘qibdi” deb gapni qisqa qilib qo‘ya qoldi. Domlaning nima deganini so‘rayverganimdan keyin oxiri rostiga ko‘chdi: domla “biror kitobdan ko‘chirmaganmi?” deb so‘rabdi opamdan...

 

Men jim bo‘lib qoldim. O‘zimni haqoratlanganday his etdim. Kun bo‘yi bu adolatsizlikka chidamay yurdim... va ertasi birdan ko‘nglim charaqlab ketdi. Muallimning bu xavotiri aslida eng katta maqtov ekanligini angladim! U she’rlarimni, o‘zi bilmasdan, kitobdagi she’rlarga tenglashtiribdi-da! Demak, yozsam bo‘ladi!

 

Sizni chalg‘itmaslik uchun aytib qo‘yay. Keyin bildim, o‘sha paytda kitoblardagi she’rlarning ham ko‘pi juda nochor ekan...

 

* * *

To‘qqizinchi sinf chog‘im birinchi she’rim viloyat gazetasida bosildi. Shu she’r tufayli Erkin A’zam bilan tanishdim. Men adabiyotga shu paytgacha bu darajada qiziqqan odamni ko‘rmagan edim. Endi aytsam, yolg‘oni bo‘lmaydi: men bir umrlik do‘st topgan edim. Ikovimizning suhbatlarimiz olamga sig‘maydi deng. Yozganimizni bir-birovga o‘qib beramiz, tortishamiz... O‘qigan kitoblarimizni va mualliflarni “bo‘ladi-bo‘lmaydi”ga ham ajrata boshladik.

 

Bir kun she’r o‘qiyotganimda, Erkin xayollanib turdi-da, she’r o‘qish ohangim o‘zgarganini aytib qoldi. Nahotki... o‘zgaribdi? She’rni yangicha ohangda – hozir she’rxonlarga tanish bo‘lib qolgan tarzda o‘qiy boshlabman. Ilgari radiodagi diktorlarga taqlid qilib o‘qirdim shekilli. Hozir... O‘zgaribdi. Endi bilsam, o‘sha payt she’rlarimda, tanqidchilar ta’biricha, o‘zimning “ovozim” paydo bo‘lgan ekan. Qulluq bo‘lsin deydigan odam yo‘q. Erkinning o‘zi ham hozir bu “xulosa”sini eslay olmasa kerak.

 

Bu ohangning paydo bo‘lishi muhim bir bosqichdan o‘tganimga dalolat ekanligini endi-endi tushunaman.

 

* * *

Oltmishinchi yillar o‘zbek adabiyotida evrilishlar davri bo‘ldi. Ungacha zamonaviy adabiyotning mundarijasi juda tor edi. Bu yillarda esa adabiyot o‘zgardi. Avvaldan nom chiqargan adiblar ham yangicha yoza boshladi. Birin-ketin yangi nomlar ham ko‘rindi. Biz shu o‘zgarishlar ichida ulg‘aydik. Maktabda yozganlarimdan kitobga kirgan birgina she’r – “Qishki ertak”ni hozir eslayapman... Universitetda o‘qib yurganimda va keyingi yozishlarimni adabiyotdagi aka-ukalarim, do‘stlarim juda yaxshi kutib oldi. Besh-olti kitobim nashr bo‘ldi. Ammo men nimagadir yetib bormaganimni hanuz his qilib yurardim. Oldimda yana bir dovon borday tuyulaverar edi. U qanday dovon?

 

* * *

Taxminan o‘ttiz besh yoshlarimda bir voqea ro‘y berdi. Ichimda allaqachon “buyuk” deb sifat beradigan ustozim Shukur Xolmirzayev uyiga chaqirib, o‘sha paytlar yozilayotgan “Qilko‘prik” romaniga qo‘shiqqa tushadigan bir she’r yozib berishimni iltimos qildi. Bu haqda “So‘ngso‘zlar” kitobimda batafsil yozganim uchun voqeani qisqaroq bayon etaman.

 

Xullas, “qo‘shiq” ham, hatto naqorati ham yozildi.

 

Shukur akamizning tavsiyasi bilan hofiz va yozuvchi Xoliq Xursandov bu she’rni qo‘shiq qildi va bu qo‘shiq Boysun aro mashhur bo‘ldi.

 

Menga berding osmonning bir tinig‘ini,

Toshlar otding, terib oldim sinig‘ini...

Qahratonning qatronini men tortdim, yor,

Ag‘yor bildi so‘zlaringning ilig‘ini.

Kuydi jonim, kuydi mening jonim, kuydi,

Bevafo yor bizni qo‘yib kimni suydi?

 

Bu voqeadan uch-to‘rt yillar so‘ng Shukur aka, rahmatlik Rauf Parfi bilan uchovlon bo‘lib Boysunga bordik. Boysunda do‘kondan turkiyshunos olimlarning Moskvadagi bir yig‘inidagi va’zlari asosida nashr etilgan bir kitob sotib oldim. Varaqlab ko‘rayotib, ishoning, nogahon Shukur akaning uyida yozilgan “qo‘shiq”ning naqoratiga duch keldim. Yozilishicha, bu satrlar qarayim xalqi og‘zaki ijodiga tegishli ekan. Ana, xolos! Butun badanim muzlab ketdi. Men uchun bu hol nihoyatda hayajonli edi.

 

Bu voqeaning ta’siridan ancha payt o‘zimga kelolmay yurdim. Xudoyim! Bu nimasi? Bu nimaga ishora? Qay qudrat bu ikki satrni avval menga yozdirib, so‘ng Moskvada chiqqan kitobni Boysunga keltirib, qo‘limga tutqazdi? Ey, Parvardigor!.. Men seskanib ketdim. Nima?... Ha, Parvardigor!.. Parvardigor!..

 

* * *

Mening yozishimda o‘zgarish ro‘y berdi. Qachonlardir orzu qilganim she’rga yetganday edim. She’rlarimga yozishga kuchim yetmay to‘lg‘onganim – dunyo shovuri, manzaralari, ruhi, holati kirib kela boshlaganini sezdim. Parvardigorga iltijolarim ko‘paydi. U meni yozish uchun yaratganini angladim. Istagan paytda yozishim mumkin bo‘lgan hayajon ixtiyorida qoldim. Nasr va dramaturgiyaga qo‘l urdim. Ssenariylar yozdim. Barchasi oson va tabiiy kechdi. Zarra ham zo‘riqish bo‘lgani yo‘q. Chunki meni qo‘llab turgan – bu olamning Ijodkori ekanini fahmlagan edim...

 

Men shu oxirgi jumlani yozmasligim kerakligini anglab turibman. Bu maqola avvalidagi ikkilanishlarim sababini tushungandirsiz? Ammo qirq yoshimga yetar-yetmas yozishimda ro‘y bergan o‘zgarishlar mohiyatini boshqacha qanday qilib sizga anglataman?

 

Bu maqoladigi iqrorlarim kimgadir og‘ir botmaydimi?

 

Ehtimol, bu maqolani bosmassizlar?

 

* * *

Umrimning yetmish olti yoshini yashayapman. Yana qancha yashashimni Parvardigorning o‘zi biladi.

 

Hozirgacha yaxshi ko‘rgan ishim bilan shug‘ullanishga imkoniyat bergan Parvardigor, son-sanoqsiz shukronalarimni, hamd-u sanolarimni qabul et!

 

Usmon AZIM,

O‘zbekiston xalq shoiri

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025-yil 4-son.

“Mavjlar, tinimsiz mavjlar” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Falsafa

15:02 / 17.02.2026 0 29
O‘zlikni topish shartlari

Mafkura

14:02 / 13.02.2026 0 404
O‘zbek xalqining milliy g‘oyasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//