Yashab o‘tgan yillari
Bismillohir Rahmonir Rahim. Alloh taologa cheksiz hamdu sano bo‘lsin. Sevikli payg‘ambarimiz hazrati Muhammad Mustafoga (sollallohu alayhi va sallam) so‘ngsiz salot-u salom bo‘lsin.
Kalom ilmining asoschilaridan biri, hadis va fiqh olamining ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ alloma Abu Mansur Moturidiy hijriy 256, milodiy 870-yilda Samarqand viloyatining Registonga tutash Moturid mahallasida tavallud topdi.
Vafoti – hijriy 333, milodiy 944-yil. Qabri Samarqand shahridagi mashhur Chokardiza qabristonidadir. U zotning sha’niga munosib maqbara barpo qilingan.
1999-yilda yurtimizda Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1130 yilligi keng nishonlandi, bu tadbir xalqimiz hayotida juda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi, xususan, Imom Moturidiy asarlari hamda uning hayoti va ijodiga oid asarlarni chop etish masalasi kun tartibiga qo‘yildi.
Ism-nasabi va unvonlarining sharhi
To‘liq nomi: Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Hanafiy al-Moturidiy as-Samarqandiy. “Imom al-hudo” (“To‘g‘ri yo‘l imomi”), “A’lam al-hudo” (“To‘g‘ri yo‘l bilimdoni”) “Imom al-mutakallimiyn” (“Mutakallimlar imomi”) kabi sharafli nomlar bilan ulug‘langan.
Imom – bir qavm, bir millatning oldingisi, ilg‘ori, peshqadami, muayyan ilm-ma’rifat sohasidagi ulug‘i, yo‘lboshchisi demakdir. Jome’ masjidlardagi jamoatga namozlarni o‘qib beradigan muhtaram olim-qori kishi ham imom deyiladi, lekin u masjid jamoatining imomidir.
“Imom” unvoni bu o‘rinda Moturidiy hazratlarining islomiy e’tiqod mazhabining yo‘lboshchisi, asoschisi, ulug‘i ekaniga dalolat qiladi. Masalan, hadis ilmida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, fiqhda Imom Marg‘inoniy, tafsirda Imom Nasafiy ulug‘ yo‘lboshchi bo‘lganidek, e’tiqod ilmida Imom Moturidiy rahnamodir.
Abu Mansur u zotning kunyasi bo‘lib, Mansurning otasi deganidir. Muhammad – ismi, Ibn Mahmud – Mahmudning o‘g‘li degani. Bu ismlar Imom hazratlarining nasabi ravshan, shuningdek, oilali, farzandli zot bo‘lib, bosh farzandlarining ismi Mansur ekanini bildiradi.
Al-Hanafiy – bu unvon u zotning Imomi A’zam Abu Hanifa mazhabiga mansub ekaniga ishoradir. Jahon musulmonlarining e’tiqod imomi bo‘lgan bir zot fiqh sohasida Imomi A’zam mazhabiga mansub bo‘lishi ko‘pchilikni qiziqtiradi, albatta.
Bilmog‘imiz zarurki, yer yuzi musulmonlari e’tiqod borasida ikki imomga ergashgan: 1. Samarqandlik Imom Abu Mansur Moturidiy. 2. Basralik Imom Abulhasan Ash’ariy (bu ikki zot hamda misrlik Imom Tahoviy zamondosh bo‘lgan.) Bu ikki imom ta’limotida asosiy e’tiqodiy masalalarda ixtilof yo‘q. Tafsilotga oid ba’zi masalalarda va ifodalarda ayrim farqlar bor.
Amal, ya’ni ibodat turlarini bajarishdagi fiqhiy masalalarda dunyo musulmonlari to‘rt imomga ergashdilar: 1. Imomi A’zam Abu Hanifa. 2. Imom Muhammad Shofi’iy. 3. Imom Ahmad ibn Hanbal. 4. Imom Molik ibn Anas (Alloh taolo hammalarini rahmat aylasin). Bu aziz zotlarning yo‘llari Ahli sunnat val-jamoat mazhabini tashkil etuvchi fiqh maktablaridir.
Imomi A’zam fiqhi eng pishiq, mazhabi muqaddam va afzaldir. U zot e’tiqodni “al-fiqhul-akbar”, ya’ni “ulug‘ fiqh” deb atab, “Al-Fiqhul-akbar” nomli kitob yozib, e’tiqod asoslarini bayon qilgan. Shuning uchun Moturidiydek zot ham bu mazhabga ergashdi va “al-Hanafiy” deb nomlandi.
A’lam al-hudo – to‘g‘ri yo‘l bilimdoni, hidoyat yo‘lining donishmandi. Bu nom Imom Moturidiyning e’tiqod ta’limidagi mavqe va martabasi yuksakligini bildiradi.
Al-Mutakallim – lug‘atda: so‘zlovchi, gapiruvchi, bayon qiluvchi, nutq aytuvchi – notiq degani. Istilohda esa islomiy e’tiqodni nafaqat naqliy dalillar bilan, balki aqliy dalillar ham qo‘shib isbot qiluvchi, aqida borasidagi shubhalarni o‘rtadan bartaraf qiluvchi alloma degani (al-Mutakallim Alloh taoloning ismi sifatida qo‘llanganida alohida, xos ilohiy ma’no kasb etadi. Ammo bunday o‘rinlarda esa olim zotlarning unvoni bo‘lib qo‘llanadi). Ayni paytda Moturidiy hazratlarining kalom ilmi, ya’ni islomiy e’tiqod ilmi imomi, asoschisi ekaniga ham bu nom dalolat qiladi. Ilmi kalom – e’tiqod ilmi degan ma’noni kasb etgan.
Al-Moturidiy as-Samarqandiy – imomning vataniga ishora. Moturid Samarqand shahriga qarashli qasaba. Dunyodagi, ayniqsa musulmon olamidagi ko‘p ulug‘ zotlarning nomi tug‘ilgan yoki faoliyat ko‘rsatgan vatanlari nomidan olingan: Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Nasafiy, Abu Lays Samarqandiy, Farg‘oniy, Xorazmiy singari...
Musulmon olamini parokandalikdan saqlab qolishi
Imom Moturidiy yashagan davr (IX asr) e’tiqod masalalarida bir-biriga qarama-qarshi turli qarashlar avj olgan palla edi. Bir tomondan qadariylar, jahmiylar, mu’taziliylar kabi to‘g‘ri yo‘ldan toygan oqimlar nohaq tortishuvlarni kuchaytirsa, ikkinchi tomondan din g‘animlari islomni ichdan yemirishga urinar edi. 816–832-yillarda ahli sunnatdan ajralib chiqqan egri e’tiqodli toifa – mu’taziliylar hukmron tabaqaga aylandi. Ular endi ahli sunnat val-jamoat olimlariga qarshi kurash ochdilar. Lekin IX asr oxiriga kelib mu’taziliylar hukmronligi barham topdi. Ana shunday mojarolar davrida Imom Moturidiy musulmonlarni tarqoqlikka olib kelayotgan oqimlarga qarshi ulug‘ ilm-ma’rifat va dalil-hujjat bilan kurashib, musulmon olamini parokandalik va e’tiqodiy buzilishdan saqlab qoldi. Ana shu sababdan “Musahhihu aqidatil-muslimiyn” – “Musulmonlar e’tiqodini tuzatuvchi” degan yuksak unvonga sazovor bo‘ldi.
E’tiqod nima? Ilmi kalom nima uchun zarur?
Ilmi kalom nima? “Kalom” so‘zi lug‘atda so‘z, lafz, gap, nutq, bayon, til, lahja degan ma’nolarni bildiradi. Ammo islomiy ilmda ilohiy so‘z, ilohiy kalom degan ma’noda ham qo‘llanadi. Masalan, Qur’oni karim “Kalomulloh” deyiladi. Bu Allohning kalomi – Allohning so‘zi deganidir.
Istiloh sifatida esa “kalom” so‘zi naqliy dalillar bilan birga aqliy dalillarni ham qo‘shib, musaffo islomiy e’tiqodni isbot qilish, o‘rtadan shubhalarni daf etish degan ma’noda qo‘llanadi. Shunga ko‘ra “ilmi kalom” e’tiqod ilmi deganidir.
E’tiqod istiloh sifatida islom dinidagi ishonilishi shart bo‘lgan zaruriyatdir. Barcha ilohiy dinlarning tamalini, asosini e’tiqod tashkil etgan. Ammo Allohga bo‘ladigan e’tiqodning to‘g‘ri bo‘lishi shartdir. Mirzo Bedil yozadi:
Gar qiyshiq qo‘yilsa boshdan poydevor,
Osmonga yetsa ham qiyshiqdir devor...
Yana So‘fi Olloyor hazratlari e’tiqod ilmining zarurligini bunday ifodalagan:
Aqida bilmagan shaytona eldur,
Agar ming yil amal deb qilsa, yeldur!
Ya’ni, inson to‘g‘ri ishonch-e’tiqodda bo‘lmasa, ming yil ibodat qilsa ham foydasi yo‘q – yelga ketadi! Chunki ibodatlarda xato qilsa, tuzatish, qayta ado etish imkoniyati bor, ammo e’tiqod buzuq bo‘lsa, kechirilmaydi. Dindagi ayrim hukmlar o‘zgarishi mumkin. Lekin sof islomiy e’tiqod o‘zgarmaydi va mansux bo‘lmaydi. Odam alayhissalomdan buyon kelgan dinlarda Allohning birligi, payg‘ambarlar yuborilishi, farishtalar, jannat va do‘zax singari e’tiqodga taalluqli qarashlar o‘zgarmay kelgan. Moturidiya e’tiqodi haqidagi mo‘tabar manba bo‘lmish “Jomi’ul-mutun” kitobida Imom Nasafiyning “Bahrul-kalom” asaridan ma’rifat, iymon, islom va din istilohlariga doir ushbu iqtiboslar keltiriladi:
“1. Ma’rifat, Alloh taoloning zotida va sifatlarida bir ekanligini bilmoq, mislsiz va sheriksiz ekanligiga ishonmoqdir.
2. Iymon, Allohning birligini va hazrat Muhammad(s.a.v.)ning payg‘ambarligini til bilan iqror qilib, qalb bilan tasdiq etmoqdir.
3. Islom esa Allohning vahdoniyatiga (yakka-yu yagonaligiga) iymon keltirish bilan birga, ibodat vazifalarini ado etmoqdir.
4. Din esa shu xislatlar ustida to o‘lguncha sabot ko‘rsatmoqdir” (“Jomi’ul-mutun”, 40-sahifa).
Iymonda shubha bo‘lishi joiz emas
Imom Moturidiy bilan Imom Ash’ariy ta’limotida ba’zi ifodalarda juz’iy farqlar bor dedik. Ana shu farqlardan iymon qat’iyati va inson erk-u ixtiyoriga doir ikki nuqtani bayon qilamiz.
Imom Ash’ariy qavlida “Inshoolloh, men mo‘minman” degan ifoda joiz sanaladi. “Inshoolloh” – xudo xohlasa degani bo‘lib, hali amalga oshmagan xayrli ishni bildiradi. Bu so‘z ilmda istisno deyiladi. Imom Ash’ariy bu ifodani joiz sanaganining boisi shuki, albatta, yaratgan zot bandalarining iymonga kelishini, mo‘min bo‘lishini xohlaydi.
Moturidiya e’tiqod ilmida esa istisno (iymon borasida bir narsani mustasno qilib gapirish) joiz emas. Imom Moturidiy aytadi: “Iymon, Alloh va uning rasuli (sollallohu alayhi va sallam) yetkazgan narsalardan zaruriy tarzda bilish kerak bo‘lgan narsalarning hammasini qalb bilan tasdiq etib, til bilan iqror qilmoqdir. Amal iymondan bir juz (qism) emas. Bu iqror va tasdiqdan keyin har bir inson “men mo‘minman” deya oladi.
Ammo “inshoolloh, men musulmonman” deb bo‘lmaydi. Barcha mo‘minlar iymonda (ishonishda) va tavhidda (Allohni yagona deb bilishda) barobardir. Faqat amali jihatidan farqlidirlar” (“Jomi’ul-mutun”).
Ajdodlari Buxoroi sharifdan bo‘lgan atoqli alloma, xojagon-naqshbandiya shayxi Ahmad Ziyouddin Kumushxonaviy “Jomi’ul-mutun” kitobining “Imom Moturidiyning e’tiqod borasidagi keng izohoti” bo‘limida bu matnni sharhlab aytadi:
“Iymonda istisno bo‘lmaydi. Bir kishi “Alloh xohlasa, men mo‘minman” desa, iymoni sahih emas. Chunki bu bir shubhadir. Iymonda esa shubha joiz emas. Bu xusus bilan bog‘liq oyati jalila ushbudir – Hujurot surasi 15-oyati (ma’nosi):
“Haqiqiy mo‘minlar faqat Allohga va Rasuliga iymon keltirib, keyin (hech qanday) shak-shubha qilmagan va mol-u jonlari bilan Alloh yo‘lida kurashgan kishilardir. Ana o‘shalar (o‘z iymonida) sodiq bo‘lgan zotlardir”.
Insonning juz’iy ixtiyori
Moturidiya e’tiqodiga doir “Ahli sunnat val-jamoat aqoidi” kitobining muallifi Muhammad Zohid Qo‘tqu ibn Ibrohim al-Bursaviy hazratlari yozadi: “Fe’llarning bandalardan sodir bo‘lishi Haq taoloning irodasi, xohishi, hukmi, qazosi va taqdiri bilan bo‘ladi... Bandalarning ishlarida o‘z ixtiyorlari ham bor. Ularga savob va iqob (jazo) bo‘lgaydir”.
Bu Allohning taqdiri, xohish-irodasiga doir nuqta bo‘lib, bu xususni hazrati Alisher Navoiy bunday ifodalagan:
Hech ish o‘lmas ayru Xoliq amridin,
Iltijo maxluqqa kelturma ko‘p!..
“Maxluq” – yaratilgan, xalq etilgan narsalar, jumladan, insonlardir. Yana bir asarda Alisher Navoiy yozadi:
Ki, Haq taqdiridindur olam ichra
Yomon-u yaxshining yaxshi yomoni!..
Bu taqdirga – yaxshilik va yomonlik Alloh taolodan ekaniga ishonmoq haqidadir... Ana shu taqdirot masalasida ash’ariylar insonning erk-u ixtiyoriga hech qanday o‘rin qoldirmaydilar.
Moturidiya e’tiqodida esa iymon va kufr, yaxshilik va yomonlik yo‘lini tanlashda bandaning “irodai juz’iya”si, ya’ni juz’iy xohish-ixtiyori borligi uqtiriladi. Bursaviy hazratlari bunga misol keltirib, “Masalan, Zaydning islomga kirishida va Amrning kufr keltirishida majburiyatlari yo‘q. Balki Zayd o‘z ixtiyori bilan islomni qabul qildi, Amr esa o‘z ixtiyori bilan kufrni tanladi” deydi. Taqdir Allohdan, “Banda o‘z juz’iy ixtiyori bilan kosibdir, bajaruvchidir” deyiladi.
Irodai juz’iyaning sharhi
Irodai juz’iya (insonning juz’iy ixtiyori) Haq taoloning cheksiz xohish-irodasi oldida juz’iydir – kichik bir qismdir. Lekin inson uchun bu buyuk imkoniyat va cheksiz saodat omilidir. Bu juz’iy ixtiyor bir insonning abadiy halokatdan qutulib, abadiy saodatga erishmog‘iga sabab bo‘ladigan ixtiyordir. Chunki iymon va kufr, haq va botil, yaxshilik va yomonlik, halol va harom, to‘g‘rilik va egrilik – bu narsalarni tanlash ixtiyori haqiqatan odamzod uchun buyuk ixtiyordir.
Irodai juz’iyaning dalillari
Mavlono Jaloluddin Rumiy “Irodai juz’iyaning, ya’ni juz’iy ixtiyorning eng ulug‘ dalili Qur’oni karimdir” degan. Haq taolo muqaddas Qur’oni karimni nozil qilib, bandalariga bir yo‘lni tanlash ixtiyorini berdi. Lekin iymon yo‘lini tanlagan insonlar uchun oxiratda ulug‘ ne’matlar: Allohning rahmati, mag‘firati, jannati va jamoli borligidan xushxabar berib, kufr yo‘lini tanlaganlarga cheksiz azoblar borligini e’lon qilib, ularni xabardor qildi va ogohlantirdi. Chunonchi, Haq taolo aytadi:
“Ayting: “Haq (bo‘lmish bu Qur’on) Rabbingizdandir. Bas, xohlagan kishi iymon keltirsin, xohlagan kishi kufr keltirsin (kofir bo‘lsin). Shubhasiz, Biz (kofir bo‘lgan bu) zolimlarga (alangali) chodirlari ularni o‘rab oladigan olovni tayyorlab qo‘ydik” (Kahf surasining 29-oyati).
Alloh taolo iymon va kufrni tanlash borasida insonlarga erk va ixtiyor berib qo‘yganini bu oyati karimada ravshan bayon etgan. Ammo kufrga uning aslo rizosi yo‘qdir.
Yana Baqara surasi 256-oyatida ham bandaning ixtiyori ma’lum qilingan (ma’nosi):
“Din(ga kirishda – iymon keltirish)da majburlash yo‘q. To‘g‘rilik bilan egrilik (iymon bilan kufr, haq bilan botil) ochiq-ayon bo‘ldi. Bas, kimki tog‘utni (Allohdan uzoqlashtiruvchi va uning amrlarini bajarishdan man etuvchilarni) inkor qilsa va Allohga iymon keltirsa, bas, u hech uzilishi (mumkin) bo‘lmagan mustahkam halqaga yopishgandir. Alloh (hamma narsani) haqqoniy eshitguvchidir, bilguvchidir”.
Islom dini iymon keltirish borasida majburlashni emas, yetkazishni, da’vatni va irshodni asos qilib oladi, iymon keltirish-keltirmaslikni har kimning o‘z xohish-iroda va vijdoniga havola etadi (Imom Abu Dovud).
Yana Inson surasi 3-oyatida aytiladi (ma’nosi):
“Shubhasiz, Biz unga (insonga) to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatdik: xoh shukr qilguvchi (bo‘lib, bandalik vazifalarini bajarar), xoh (kufr keltirguvchi) nonko‘r-noshukr bo‘lur”.
Imom Abu Mansur Moturidiy hazratlarining insonning juz’iy ixtiyori borligi haqidagi hukmlari muqaddas va muborak Qur’oni karimning ana shunday ulug‘ oyatlariga asoslangan.
Ana shu – insonning erki-ixtiyori masalasida Imom Ash’ariyning keyingi tarafdorlari ham Imom Moturidiy fikrini qabul qilganlar va e’tiqodda moturidiy bo‘lib ketganlar. Bu jihatdan Imom Moturidiy butun dunyoda e’tiqod ta’limining ustozi hisoblanadi.
Imom Moturidiyning sharaf va mavqelari
Abu Tohirxoja Samarqandiy aytadi: “(Islom olamidagi) Nojiya (najot topuvchi) firqakim, ularni ahli sunnat val-jamoat derlar, e’tiqod masalalarida ikki qismga bo‘linadilar. Shayx Abulhasan al-Ash’ariyga qarashlilarni asho’ira (ash’ariylar) va hazrati Abu Mansur Moturidiyga qarashlilarni moturudiya (moturidiylar) deb ataydilar.
Rum, Buxoro, Balx, Xorazm, Samarqand, Farg‘ona va Hindistondek katta musulmon o‘lkalarining barcha xalqi va Turkiston hamda Koshg‘ar kabi mamlakatlarda yashovchi ellar hammasi (e’tiqodda) moturidiya mazhabidadirlar” (“Samariya”).
Demak, jahon musulmonlarining ko‘pchilik qismi hazrati Imom Moturidiy ta’limotiga ergashgandir.
Moturudiyning asarlari
Imom Moturidiy asarlari tavhid va e’tiqod mavzusini qamragan holda asosan o‘z davridagi mu’tazila firqasiga, shuningdek, qarmatiylar va rofiziylar kabi to‘g‘ri yo‘ldan og‘gan firqalarga raddiya sifatida yozilgan. U zotning asarlari quyidagilar:
“Kitobat-tavhid” (“Tavhid kitobi”, ya’ni Alloh taoloning yakka-yu yagonaligi haqidagi kitob. Hozir mavjud).
“Kitobal-maqolot” (maqolalar, ya’ni e’tiqod borasidagi nutqlar, so‘zlar, maqolalar, bayonlar kitobi).
“Kitob raddi avoil al-adilla lil-Ka’biy” (Ka’biyning avvalgi kitoblariga raddiya kitobi).
“Kitob bayon vahm al-Mu’tazila” (Mu’tazila firqasi xatolarini fosh qiluvchi kitob).
“Kitob ta’vilot al-Qur’on” (Qur’oni karim oyatlarini ta’vil qiluvchi – muayyan ma’nolarini ochib beruvchi kitob). Hozir mavjud bo‘lgan asarlari orasida eng birinchi bo‘lib shu kitob – “Kitob ta’vilot al-Qur’on” turadi. Istanbul kutubxonalarida bir qancha nusxalari bor.
Imom A’zam Abu Hanifaning mashhur “Al-Fiqhul-akbar” kitobining Imom Moturidiyga nisbat berilgan bir sharhi hozir mavjud (Haydarobod, 1321).
Bundan tashqari yana ko‘p asarlar bitganlari ba’zi manbalarda zikr qilingan. Masalan, Abulmo’in Maymun ibn Muhammad an-Nasafiyning “Tabshirot al-adilla” asarida bir munosabat bilan Moturidiyning quyidagi asarlari zikr qilingan:
“Radd tahzib al-jadal lil-Ka’biy”.
“Radd kitob al-Ka’biy fiy vaid al-fussoq”.
“Radd al-usulal-xamsa li-Abu Umar al-Bohiliy”.
“Radd kitob al-imomat li-ba’zi al-usul ravofiz”.
“Ar-radd ‘alal-Qaromita”. 1-kitob, asoslar bayon etilgan.
“Ar-radd ‘alal-Qaromita”. 2-kitob, unda furu’ – asl-asoslari rad etilgan.
“Ma’xaz ash-sharoyi”.
“Al-jadal” (bu fiqh usuliga doir kitob).
Bulardan tashqari “Risola fil-aqoid” kitobi ham u zotga nisbat berilgan.
Bu asarlarning hammasida Imom Moturidiy islomiy e’tiqod masalalarini qamragan.
Dard-u hasrat izhor etiladigan ziyoratgoh
“Shayx Abu Mansur Moturidiy mozori Chokardizadadir. Ushbu qabriston (Chokardiza) shahar ichida, kunchiqar tomonda shaharning bir chekkasidadir. U yer tubda imomi zohid Abu Is’hoq ibn Ibrohim ibn Sammosi Mutava’iyning bog‘i ekan va o‘zi ham o‘sha yerda ko‘milgan ekan. Shu qabristonning o‘rtasida bir masjid bor. Shayx Abu Mansurning mozori shu masjidning janub tomonida va yaqinidadir. Qabr uzoridagi ko‘k tusdagi sog‘ona toshi masjid devoridan besh gaz chamasi olisroqdadir” (“Samariya”).
“Bu masjid (Samarqand) shahar(i) ichida, shahar darvozasi va shahar qo‘rg‘onining yaqinida – kunchiqar tomonda, Chokardiza qabristonining o‘rtasida, Shayxning (Moturidiyning) qabri ustidadir”.
Abu Tohirxoja Samarqandiy yana aytadi: “Eski odatimni qilib, bir kuni o‘sha maqbara ziyoratiga bordim. U yerda bir kishining boshi ko‘rindi, qarasam, bir ko‘r kishi ekan. Unga salom berdim. U menga “Ajabo, bu yer hasratxonaga o‘xshaydi, uning har tarafidan hasrat ma’nisi kishining xotiriga keladi. Bu ahvol o‘zga mozorlarda yo‘qdir” dedi. Mening xotiramga hech qanday javob kelmadi. U kishi ham boshqa bir nima demadi” (“Samariya”).
Bu yerda keltirilgan hasratxonaning ma’nosi shuki, hazrati Abu Mansur Moturidiy qabri ziyoratida duo ijobat bo‘ladi, odamlar Yaratgan zotga o‘z dard-u hasratlarini aytib, duo qiladilar va ijobatni topadilar. Bu holni Abu Tohirxoja quyidagicha tushuntirgan: “Eski zamonlarda bu shaharga vabo yoki biror boshqa balo kelsa, zohid, obid va olimlar shu masjidga yig‘ilishib, duo qilar ekanlar. Shuning bilan tikilgan balo ko‘tarilar ekan. Bu dargoh duo qabul bo‘lib, ulamoning ko‘nglini ochadigan bir o‘rindir” (“Samariya”).
Hazrat Alisher Navoiy duo ijobat bo‘ladilan bunday tabarruk ziyoratgohlarni “Qiblai duo” deb tavsif etgan.
Xulosa
Hazrati Abu Mansur Moturidiy ilm va ma’rifatda zamon rahnamosi, e’tiqod borasida dunyoning imomi, Qur’oni karim mufassiri, benazir alloma, shayx, sohibkaromat valiy zot bo‘lgan. U kishi naqliy dalillarni – Qur’oni karim va hadisi shariflarda bayon qilingan haqiqatlarni aqliy dalillar bilan quvvatlagan, inson aqlining yuksak cho‘qqilarini kashf etgan, naqliy dalilga tayangan aqliy dalilni kamol nuqtasiga ko‘targan orif zotdir. U zot haqidagi har bir asarimiz, har bir so‘zimiz o‘zining sha’n va sharafiga munosib bo‘lmog‘i lozim.
Imom Moturidiy hazratlarining ma’naviy merosini xalqimizga qaytarish, kitoblarini tarjima qilib nashr etish, u zotning ilmlaridan, manoqiblaridan insonlarni bahramand etish O‘zbekiston olimlarining sharafli vazifalaridandir.
Mirzo KENJABEK,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi,
Bobur nomidagi xalqaro mukofot sohibi
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025-yil 4-son.
“Imom Abu Mansur Moturidiy – islomiy e’tiqod ustozi” maqolasi
Tarix
Adabiyot
Tarix
Falsafa
Adabiyot
Ma’naviyat
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q