– Avval yaxshi edi. Ahmoqligingizni faqat yaqin atrofingizdagi odamlar bilar edi, xolos.
– Endi-chi?
– Endi jinniligingiz butun Internet ahliga ayon! Sababi esa ijtimoiy tarmoqlar…
Bu yarim hazil, yarim chin latifani bugun juda ko‘pchilik eshitgan. Eshitmagan bo‘lsa ham, shundayligini ich-ichidan his etib turibdi.
His etmasinmi, axir? Bugun omma orasida mashhur Telegram, Instagram, Facebook va hokazolarda odamlarning qiyofasi bus-butun, boricha namoyon bo‘lmoqda.
Albatta, besh qo‘l barobar emas. Ijtimoiy tarmoqlarda gohida jiddiy, gohida hazil-mutoyiba bilan teran mazmunli, dolzarb masalalar haqida mushohada yuritayotgan vatandoshlarimiz ko‘p. Ammo…
So‘nggi paytlar nonushtasi, tushligi, kechki ovqatini namoyish etgan, “o‘o‘o‘o‘o‘o‘lar” bilan tushgan suratini ilgan, hali u, hali bu mamlakatda tushgan suratlarini ko‘z-ko‘z qilgan, farzandlari-yu nabiralari suratini ilova qilib, erishgan yutuqlari bilan faxrlangan, layk va e’tirof ilinjida ajab va g‘alat postlar qo‘ygan… lar ham urchigandan urchiyapti-da, axir…
Xullas, ijtimoiy tarmoqlarning milliy segmentida as’asa-yu dabdaba, noqislig-u yuzakilik avjida.
Buni anglash uchun katta aql kerak emas. Birgina misol, “Ishonch” gazetasi sahifalaridan o‘rin olgan haqiqatda muhim, dolzarb masalalarga bag‘ishlangan jiddiy maqolalar onda-sonda “layk” olsa, oldi-qochdi, maza-matrasiz materiallar yuzlab “layk”larga ega chiqadi.
Chindan ham shunday ekan. Nima qilsak ham, ijtimoiy tarmoqlarda “hamma narsa layk va e’tibor tortish uchun” tamoyili amal qiladi. Ijtimoiy tarmoqlardagi PR, shaxsiy manfaat, soxta ijtimoiy faollik… Bular nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyoning muammosi. Adekvat, jiddiy, ijobiy ma’lumotlar tez tarqalmaydi, salbiy, bir lahzalik mavzular yashin tezligida tarqalib, katta rezonansga sabab bo‘ladi!
Qizig‘i shuki, ba’zi virtual “oshna”lar nega mening postimga layk bosmading, fikr bildirmading, degan gina-kudurat qilishdan ham toymaydi. Deylik, Facebook’da mening tanish-notanish uch mingdan oshiq “do‘st”im bor. Ularning “ilhomi jo‘shib” qo‘ygan postlarini o‘qib, “layk” bosishim uchun qancha vaqt sarflashim kerak? Bir soatmi, ikki-uch soatmi? Mening layk bosishdan boshqa ishim yo‘qmi?..
Darhaqiqat, ajib zamonda yashayapmiz. Uyg‘onishimiz bilan qo‘limizga telefon olamiz. Go‘yoki biron muhim yangilikdan quruq qolayotgandek, nonushta qilib bo‘lib, to ishga otlangunga qadar telefondan ko‘z uzmaymiz. Mashinada bo‘lsak, tirbandlikda turib qolsak ham, qo‘limiz beixtiyor telefonni paypaslay boshlaydi. Shahar transportida-ku, aytmasa ham bo‘laveradi. Tushga qadar goh-gohida telefonga kelgan xabarlar-u messenjerlarga chalg‘iymiz, tushdan keyin esa o‘zimiz Facebook yo Telegram’ga biron-bir post qo‘yamiz.
Xullas, dunyo bo‘yicha o‘rtacha hisoblaganda, sutkasiga 5 soat umrimizni smartfonning ekraniga qadalib o‘tkazar ekanmiz. Bani basharning 26 foizi uchun esa bu ko‘rsatkich allaqachon 7 soatdan oshgan! Bu ketishda chin hayotni virtual hayotga alishgan kiber-odamlarga aylanib qolmasmikanmiz? Balki tug‘ilishimiz bilan chiplashtirilib, bosh kompyuterga bog‘lanadigan zamonlarimiz ham yaqindir…
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, inson ekran vaqtining yarmini ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda o‘tkazar ekan. Hatto, bu kuniga 2,5 soat bo‘lsa ham, bir oy ichida mashhurlar hayotini kuzatish, “storiz”lardagi ma’nisiz so‘rovlarda qatnashish, birovning ta’tilda tushgan fotosuratlarini sharhlash, ob-havodan nolish uchun ishimizning to‘liq uch kunini “o‘ldirar” ekanmiz.
Bir qarashda zararsizdek ko‘ringan bu odat vaqtimizni o‘g‘irlabgina qolmay, ruhiyatimizga ham zarar yetkazar ekan. Amerikalik ruhshunos Robert Kraut depressiya va internetda o‘tkazgan vaqt o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik borligini isbotladi: qancha vaqt onlayn bo‘lsangiz, shunchalik qayg‘uga botasiz!
Ijtimoiy tarmoqlar nafaqat memlar va yangiliklar, balki stress, hasad, bulling (ommaviy ta’qib, kamsitish), yo‘qotilgan foyda sindromi, bog‘lanib qolish va qo‘rquv manbai hamdir. Dastlab cheksiz muloqot, motivatsiya va madaniy aloqalar uchun yaratilgan platformalar barchamizni ixtiyoriy ijtimoiy izolyatsiyaga va shaxsiyat buzilishiga yetaklamoqda. Qolaversa, foydalanuvchi qancha yosh bo‘lsa, uning tarmoqda ro‘yxatdan o‘tishdan kasalxonada ro‘yxatdan o‘tishgacha bo‘lgan yo‘li shunchalik qisqaryapti.
2017-yilda keng ko‘lamli tadqiqot natijalari e’lon qilindi, uning doirasida besh yil davomida yarim million amerikalik maktab o‘quvchilarining xatti-harakatlari o‘rganildi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu davrda ijtimoiy tarmoqlarga bog‘lanish fonida o‘smirlarda ruhiy tushkunlik alomatlari 33 foizga, o‘z joniga qasd qilish tendensiyalari esa 56 foizga ortgan.
Shunga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarning halokatli kuchi haqidagi hikoyalar hali ham afsonadek tuyuladi. Oramizda Facebook tufayli aqldan ozayotganlar bor emish, lekin biz bironta aqldan ozganni ko‘rmadik, deydiganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Shifokorlar esa boshqacha fikrda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, barcha ruhiy kasalliklarni ikki guruhga ajratish mumkin: endogen, ya’ni ichki sabablardan kelib chiqadigan va ekzogen – tashqi omillar ta’sirida yuzaga keladigan kasalliklar. Birinchisi – shizofreniya, bipolyar buzuqlik va klinik depressiya. Bu kasalliklar odam avval kasal bo‘lsa, ijtimoiy tarmoqlar uni kuchaytirib yuborishi mumkin. Lekin ikkinchi guruhdagi kasalliklarni hatto dastlab sog‘lom foydalanuvchi ham “yuqtirib” olishi mumkin.
Ushbu ruhiy kasalliklarga Facebook, Instagram, VK va “Odnoklassniki” kabi ijtimoiy tarmoqlarda duch kelish ehtimoli juda katta.
Depressiya alomatlari
Facebook’dagi do‘stlaringiz bilan solishtirganda, hayotingiz juda zerikarlidek tuyuladi; siz doim xeyterlar (nafratlanuvchilar)ning sharhlarini o‘qib, xafa bo‘lasiz; g‘amgin qo‘shiqlar va oq-qora fotosuratlarni falsafiy izohlar bilan joylaysiz; sizning statusingiz Dostoyevskiy kabi adib va faylasuflardan iqtiboslar bilan to‘la bo‘ladi.
Bu nima?
Bu – tushkun kayfiyat, ish unumining pasayishi va hayotdan zavqlanish hissining yo‘qolishi bilan tavsiflanadigan kasallik.
Ijtimoiy tarmoqlar qanday ta’sir qiladi?
Katta ehtimol bilan depressiyadan avval siz yo‘qotilgan foyda sindromini boshdan o‘tkazasiz. FoMO nomi bilan ham tanilgan ushbu sindrom aksiga olib, boshqa odamlar hayotida ro‘y berayotgan qiziqarli va muhim voqealarda yetarlicha ishtirok etmayotganingizni his qilishga majbur etadi. Bu esa o‘zingizni hurmat qilmaslikka va depressiya hamda hadik hissining kuchayishiga olib keladi. Kimdir hali dunyoning u burchagida, hali bu burchagida tushgan suratlarini namoyish qilib tursa, olgan ko‘krak nishonini ko‘z-ko‘z qilsa, kazo-kazolar bilan achomlashib tushgan suratlarini omma ixtiyoriga havola etsa, kim ham qayg‘uga botmaydi, axir?
Obsessiv-kompulsiv buzilish (OKB) alomatlari
O‘z postlaringiz va sharhlaringizni qayta-qayta o‘qiysiz, tahrir qilasiz va mukammal holatga keltirasiz; Instagram’dagi ranglar gammasini uzoq tanlaysiz, rasmlaringizni qayta ishlash va postingiz maketini yaratish uchun soatlab vaqt sarflaysiz; fotosuratlarni albomlarga, do‘stlaringizni esa guruhlarga alohida zavq bilan saralaysiz, kontentini tartibsiz, e’tiborsiz yuklab, mukammal tasmangizni ifloslantiradiganlarni “do‘stlar” safidan o‘chirasiz.
Bu nima?
Odamda chodirxayol fikrlar va maniyalar, mukammallikka intilish kuchayadigan holat yoki nevroz. Mazkur buzuqlik takrorlanuvchi marosimlarning mavjudligi bilan tavsiflanadi.
Ijtimoiy tarmoqlar qanday ta’sir qiladi?
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, OKBga chalinganlar smartfonlardan ko‘proq foydalanishadi. Ular uchun ijtimoiy tarmoq tasmasini yangilash asabiylikni kamaytiradigan marosimlardan biri, ammo qay biri sababu qay biri oqibat ekani haqida aniq tushuncha yo‘q.
Paranoyya alomatlari
Sizningcha, ijtimoiy tarmoqlarda sizni, masalan, sobiq, bo‘lajak va ehtimol, potensial “do‘stlaringiz” diqqat bilan kuzatib borishadi; siz atrofingizdagilar baho berishidan qo‘rqasiz; faqat maxfiy chatlarda yozishasiz; geolokatsiyani yashirasiz; suhbatni o‘chirasiz; layk bosgan har bir begonani qora ro‘yxatga kiritasiz va o‘z postlaringizdan shunchalar shubhalanasizki, ba’zan ularni qo‘yishingiz bilan o‘chirib tashlaysiz.
Bu nima?
Paranoyya – alohida kasallik emas. Ammo ta’qib bilan bog‘liq aljirashlar ko‘plab ruhiy xastaliklarga esh bo‘ladi.
Ijtimoiy tarmoqlar qanday ta’sir qiladi?
Harakatlaringizning boshqa foydalanuvchilar tomonidan baholanishi ijtimoiy harakatlardan qo‘rqish – sotsiofobiyaga olib kelishi mumkin.
Bog‘liqlik alomatlari
Siz har besh daqiqada ijtimoiy tarmoqlardagi tasmalaringizni tekshirasiz; doimo kim bilandir yozishasiz va ular sizga odatdagidan uzoqroq javob berishsa, g‘azablanasiz; umringizni deyarli boricha “storiz”da efirga uzatasiz va ularni boshidan oxirigacha kim tomosha qilganini va kim aloqani uzganini diqqat bilan kuzatasiz.
Bu nima?
Og‘ir darajaga yetgan doimiy ehtiyoj. Biron bir istak sizdan kuchliroq bo‘lib chiqsa, uni bajarmaslikning ilojini topolmaysiz.
Ijtimoiy tarmoqlar qanday ta’sir qiladi?
Har qanday bog‘liqlikni shakllantirish mexanizmi miyaning rag‘batlantirish tizimini buzishga asoslangan. Miya qaysidir voqeani muhim deb bilsa, neyronlar zavqlanish mediatorlarini ishlab chiqaradi. Inson o‘z virtual hayotini qanchalik jiddiy qabul qilsa, unga neyromediatorlarning ajralib chiqishiga sabab bo‘ladigan layk yoki sharh ko‘rinishidagi har bir reaksiya va shu bilan birga, undan keladigan zavqlanish hissi shunchalik muhimdir. Ushbu lazzat uchun kerakli dozaning miqdori vaqt o‘tgan sari ortib boraveradi va inson ijtimoiy tarmoqda tobora ko‘proq faollikka intila boshlaydi. Har qanday qaramlik kabi smartfonga qaramlik ham hayot sifatini sezilarli darajada pasaytirishi mumkin. Og‘ir holatlarda bu yakkamoxovlikka, e’tibor va uyquning buzilishiga olib keladi.
Tajovuzning nazoratsiz xurujlari alomatlari
Siz, albatta, sharhlarda har qanday bahsga kirishasiz, chunki Internetda kimdir noto‘g‘ri fikrlayapti, demak, uni to‘g‘ri yo‘lga boshlash kerak va bu sizning asosiy vazifangiz; siz boshqalarning postlarini tanqid qilishni va ulardan xatolar izlashni yaxshi ko‘rasiz; siz barchani hayotingizdagi har bir salbiy tajribangiz haqida xabardor qilasiz; juda kamdan-kam hollarda layk bosasiz, chunki boshqalarning deyarli barcha postlari sizning g‘ashingizni keltiradi, lekin siz ularni kuzatishda davom etasiz.
Bu nima?
Tajovuz xurujlari – qasddan buzg‘unchi xatti-harakatlar bo‘lib, buning natijasida siz odamlarga ma’naviy yoki jismoniy zarar yetkazmoqchi bo‘lasiz: ideal holatda, ularning jag‘iga musht tushirishni yoki hech bo‘lmaganda, izohlarda ularni kamsitishni istaysiz.
Ijtimoiy tarmoqlar qanday ta’sir qiladi?
Tajovuz xurujlari shaxsiyat buzilishi yoki psixopatiyaga moyil odamlarda paydo bo‘lishi mumkin. Bunday kasalliklar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi – ular bolalikdan irsiy va tarbiya ta’sirida rivojlanadi, ammo ijtimoiy tarmoqlar kontenti ularni kuchaytirib yuborishi, alangalatishi mumkin.
Xullas, azizlar, ana shunday alomatlarni o‘zingizda seza boshlasangiz, ijtimoiy tarmoqlardagi faolligingizni cheklang. Unutmang, ijtimoiy tarmoqlar shaxsiy hayotingiz solnomasi emas!
Jahongir NAHANOV
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q