“Sirli osmon toqi” sitoralari – yulduzlar bezakmi yo belgi?


Saqlash
16:07 / 12.02.2026 30 0

Insoniyat qadim zamonlardan beri osmondagi yulduzlarga qarab ilhom olgan, yo‘l topgan va ulardan o‘zgacha ma’nolar izlagan. Yulduzlar nafaqat osmon jismlari, balki turli madaniyatlar, dinlar va san’atda ham muqaddas ramz sifatida qadrlangan. Ular insoniyat ongida orzu, najot, rahnamolik, ilohiylik kabi timsollarga aylangan. Ko‘plab madaniyatlarda yulduzlar qorong‘ulikda yo‘lni yorituvchi yo‘lboshchi sifatida yo‘nalish va xavfsizlikni anglatgan. Shuningdek, astrologiyada yulduzlar insonlarning taqdiriga va shaxsiyatiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi, deb hisoblangan.

 

Ko‘plab davlatlar ramzlarida, shuningdek, san’at namunalarida yulduzlardan keng foydalaniladi. Ulardan foydalanish shunchaki bo‘lmay, bir qancha ma’nolarni ham aks ettirishi bilan ajralib turadi.

 

Yulduzlardan eng birinchisi besh qirrali yulduz. Yana bir nomi pentagramma bo‘lib, u 36° burchak ostida chiziqlar bilan hosil qilingan, beshta teng masofali nuqtalarga ega geometrik shakldir. Besh qirrali yulduz qadim zamonlardan beri insoniyatning muhim diniy va mafkuraviy ramzi bo‘lib kelgan. Uning tasvirlari Falastindan Yaponiyaga qadar barcha ilk sivilizatsiyalar paydo bo‘lgan joylarda topilgan.

 

Tarixan bu belgi Shumer, Misr davlatlarida sehrli narsa, tumor – talisman sifatida tushunilgan, Qadimgi Rimda u urush xudosi Marsning ramzi bo‘lgan, Xitoyda u beshta asosiy elementning: olov, yer, metall, suv va yog‘ochning o‘zaro ta’sirini ifodalagan. Fransiya inqilobi davrida yulduz inqilobchilar tomonidan yosh, yangi paydo bo‘lgan davlatning ramzi sifatida ishlatilgan, Rossiya Laplandiyasi xalqi orasida u bug‘ularni himoya qiluvchi universal tumor hisoblangan, shuningdek, Podsho Rossiyasi davrida harbiy anjomlarni, kiyimlarni bezashda ham foydalanilgan.

 

1918-yil bahorida esa Qizil Armiya askarlarining dunyoga ma’lum bo‘lgan o‘ziga xos nishoni “omoch va bolg‘ali besh qirrali yulduzi”ga aylangan. Fashistik Italiyada u Milliy Xavfsizlik Ko‘ngilli Militsiyasining (Qora ko‘ylaklilar) emblemasini bezagan va italyan askarlarining yoqa yorliqlariga taqilgan.

 

Besh qirrali yulduz (pentagramma) himoya, birlik, inson (bosh, qo‘llar, oyoqlar) yoki beshta unsurni anglatuvchi qadimiy, ko‘p qirrali ramzdir. Tarixan u ritsarlik fazilatlarini, Sovet an’analarida beshta qit’a bo‘ylab proletariatning birligini ifodalagan. Pifagor ta’biricha, juft sonlar ayollik, toq sonlar esa erkaklik deb hisoblansa besh raqami nikohni anglatadi. Besh qirrali yulduzni uzluksiz chizish orqali esa oxir-oqibat boshlang‘ich nuqtaga qaytish mumkinligi sababli, u tabiat aylanishining ramzi ham hisoblanadi.

 

Shunday qilib, bu yulduz eng universal ramzlardan biri hisoblanadi. Chunki, bu yulduz dunyoning asosiy dinlari tomonidan hurmatga ega bo‘lib, o‘ziga xos ma’nolarni bildiradi. Xususan, xristianlikda besh qirrali yulduz Iso Masihning beshta yarasi (uning boshidagi tikanli toj va xochga mixlanish paytida qo‘llari va oyoqlaridagi tirnoq yaralari)ni anglatadi. Islom ta’limotida esa uning asosiy besh ustunini ifodalaydi.

 

Eng mashhur kosmologik simvollardan yana biri olti qirrali yoki ikkita uchburchakni birlashishidan tashkil topgan yulduz hisoblanadi. Ba’zi adabiyotlarda Dovud yulduzi, geksagram, Magen David nomlari bilan ham ataladi. Uning ramziy ma’nolari haqida gap borganda, avvalo, yahudiylik dini va Isroil davlati ko‘z o‘ngimizga keladi. Chunki, olti qirrali yulduz bu bayroqning markazidan o‘rin olgan.

 

   

Olti qirrali yulduz dinlar doirasida turli xil nom olgan: Yahudiylar va nasroniylar orasida “Dovud yulduzi”, islom madaniyatida “Sulaymon muhri” nomi bilan mashhurdir. Olti qirrali yulduzdan dastlab musulmonlar va yahudiylar dekorativ va mistik maqsadlarda foydalangan. Dovud yulduzining yahudiylar ramzi sifatida qoʻllanila boshlashi XVII asrda Pragaga toʻgʻri keladi.

 

XIX asrda yulduz Sharqiy Yevropaning yahudiy jamoalari orasida keng qoʻllanila boshlandi. 1897 yilda Shveytsariyaning Bazel shahrida oʻtkazilgan birinchi sionistlar kongressida yahudiylarning milliy bayrogʻi uchun belgi sifatida tanlanganidan keyin Dovud yulduzi sionizmning ramziga aylandi. Birinchi jahon urushining oxiriga kelib, u yahudiy xalqi uchun xalqaro miqyosda qabul qilingan ramzga aylandi va halok boʻlgan yahudiy askarlarining qabr toshlarida qoʻllanila boshlandi.

 

 

Bu yulduzdan Usmonlilar imperiyasi davrida ko‘plab san’at asarlarida, hatto masjidlarda ham foydalanilgan. Bu ramz islomda nihoyatda muhim va qadrlidir. Chunonchi, Sulaymon payg‘ambarning muhrida bu yulduz tasvirlangan. Shuning uchun, bu ramz qadimgi turk davlatlari va Usmonlilar imperiyasida juda qadrlangan.

 

Islomda Sulaymon muhri sifatida tanilgan bu yulduz Sulaymon payg‘ambarning uzugida joylashgan. Sulaymon payg‘ambarning uzugi tepasiga o‘rnatilgan olti qirrali yulduz payg‘ambarga uzuk orqali dunyoni boshqarishga imkon bergan.

 

 

Sakkiz qirrali yulduz yoki sakkizburchak turli madaniyatlarda uchraydigan qadimiy va universal ramz bo‘lib, uyg‘unlik, muvozanat, yaratilish va ilohiylikni anglatadi. Bu ramzning o‘ziga xosligi dunyoning barcha burchaklariga tarqalganligidir. Sakkiz qirrali yulduz ikkita ustma-ust qo‘yilgan kvadratdan iborat bo‘lib, osmon bilan yer o‘rtasidagi bog‘liqlikni ramziy ma’noda ifodalaydi.

 

Islomda (payg‘ambarlar ramzi, jannatning sakkizta darvozasi), pravoslav xristianligida (Baytlahm yulduzi, abadiyat), qadimgi madaniyatlarda (Xitoy, Mesopotamiya) kompas sifatida (shamol ko‘tarildi) uchraydi. Bu yulduz ham ramz sifatida universal hisoblanadi. Quyosh nurlari Yerga sakkiz daqiqada yetib kelganligi sababli, sakkiz raqami kosmik muvozanat soni  ham hisoblanadi.

 

Sakkiz qirrali yulduz bibi Maryamning yulduzi deya e’tirof etiladi. Bu ramzdagi asosiy ma’no ayol, ilohiylik, yaratilishdir. Sakkiz qirrali yulduz – abadiy hayot ma’nosida ham qo‘llaniladi. Chunki, Pravoslavlikda 8 raqami kelajak asrning ma’nosiga ega, chunki Xudo dunyoni olti kunlik yaratganidan keyin va oxirgi qiyomatgacha Rabbiyning yettinchi kuni davom etadi. Qiyomatdan keyin sakkizinchi kun – Abadiy hayot bo‘ladi.

 

 

 

Diniy manbalarga ko‘ra, Islom sakkizta tamoyilga asoslangan bo‘lib, sakkiz qirrali shakl ushbu dinda muvozanat, adolat va totuvlik ramzi hisoblanadi. Sakkizta shoxning har biri iymon, rahm-shafqat, sabr-toqat, saxovat, ezgulik, donolik, taqvo va farosat kabi ma’lum bir ruhiy sifatni ifodalaydi. Bu xislatlar islomning amal qilishiga asos bo‘lib, musulmonlar hayotida muvozanat va uyg‘unlikni saqlashga yordam beradi. Jannatning sakkizta darvozasi mavjudligi orqali sakkiz qirrali yulduz sakkizta osmonni ramziy ma’noda ifodachisi, deb ham ta’kidlanadi. Qur’onda arab xattotligida bir suraning oxirini belgilash uchun ishlatiladi. U o‘rtasida doira bo‘lgan ikkita ustma-ust qo‘yilgan kvadrat sifatida tasvirlangan.

 

Ba’zi adabiyotlarda keltirilishicha, sakkiz qirrali yulduz Saljuqiylar timsoli ham hisoblanadi. Umuman olib qaraganda, bu yulduz ko‘plab madaniyatlarda qo‘llanilgan bo‘lib, ko‘p ma’noli ramzlardan sanaladi.

 

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, yulduzlar insoniyat tarixida oddiy osmon jismlari sifatida emas, balki chuqur ma’naviy, diniy va falsafiy mazmunga ega ramzlar sifatida namoyon bo‘lib kelgan. Turli davr va madaniyatlarda ular yo‘l ko‘rsatuvchi, himoya qiluvchi, ilohiy kuch bilan bog‘lovchi belgilar sifatida talqin etilgan. Besh, olti va sakkiz qirrali yulduzlar timsollari turli dinlar va sivilizatsiyalarda turlicha nom va ma’nolarga ega bo‘lsa-da, ularni birlashtirib turuvchi umumiy jihat – inson va koinot o‘rtasidagi uyg‘unlik g‘oyasidir.

 

 

Roziyajon RO‘ZMETOVA,

 

Ma’mun universiteti o‘qituvchisi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ta’lim-tarbiya

12:02 / 12.02.2026 0 27
Olmoncha halollik





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//