“Oʻzing uchun oʻzingni zabt et” – Hamid Sodiq Senekaning maktublarini sharhlaydi


Saqlash
12:59 / 12.02.2026 331 0

Seneka Lutsiliyga salom yoʻllaydi!

Shunday yoʻl tut, azizim Lutsiliy! Oʻzing uchun oʻzingni zabt et, tortib olinishi yoki oʻmarilishi oqibatida bekorga oʻtgan vaqtingni endi ehtiyot qil va jamla. Yetkazayotganlarim haqiqat ekaniga ishonch hosil qilishing uchun quyidagilarga eʼtibor qil: vaqtimizning bir qismi kuch bilan tortib olinadi, bir qismi oʻgʻirlanadi, bir qismi esa behuda oqib ketadi. Biroq, vaqtni beparvolik tufayli yoʻqotishimiz hammasidan ham sharmandalidir. Yaxshilab nazar sol: axir biz umrimizning koʻp qismini ahmoqona ishlarga, yana anchagina qismini – bekorchilikka yoʻnaltiramiz va qarabsanki butun umrimiz kerakli ishlarga sarflanmaydi.

 

Vaqtning qadriga yetadigan, kunning nima ekanini biladigan, soat sari oʻlib borayotganini anglaydigan birorta odamga ishora qila olasanmi? Baxtsizligimiz shundaki, biz oʻlimni endi keladigan oldimizdagi narsa sifatida koʻramiz; aslida uning katta qismi ortimizda qolgan – axir shuncha yil oʻtdi, bu yillarning har biri oʻlimga tegishli. Shunday ekan, azizim Lutsiliy, menga yozganingdek ish tut: bir soniyani ham behuda oʻtkazma. Bugungi kunni qoʻlingda mahkam tuta olsang, ertangi kunga kamroq qaram boʻlasan. Kechiktirib yurar ekansan, butun hayoting tezda oʻtib ketganini sezmay qolasan.

 

Lutsiliy, bizdagi hamma narsa aslida oʻzganikidir, faqat vaqt bizniki. Tabiat bizga – oʻtkinchi, suv kabi oqadigan vaqtnigina egalik qilish uchun bergan, ammo uni ham kim istasa tortib olaveradi. Oʻlimga mahkumlar chindan ham ajoyib tarzda johildirlar – ular arzimagan va osonlikcha oʻrnini bosish mumkin boʻlgan arzon matoh olsalar, oʻzlarini qarzdor deb biladilar. Lekin kimdir ularga vaqtini ajratsa, bunday odamlar oʻzlarini hech qanday qarzdor deb hisoblamaydilar, holbuki, minnatdor boʻlganlari ham birovning vaqtini qaytara olmaydi.

Ehtimol, sen “Agar menga nasihat qilishga jurʼat etayotgan ekansan, oʻzing qanday yoʻl tutayapsan?” — deb soʻrarsan. Samimiyat bilan tan olaman-ki, isrofgar kabi. Ammo hisob-kitobga puxta odam sifatida qancha sarf qilib yuborganimni bilaman. Hech narsa yoʻqotmayapman deyolmayman, lekin qancha yoʻqotayotganimni, nima sababdan va qanday tarzda ekanini aytib, bu borada yoʻqsilligim sabablarini koʻrsatib bera olaman. Holim shunday: oʻz aybi bilan emas, balki sharoit tufayli nochor boʻlib qolganlar kabi – hamma meni kechiradi, lekin hech kim yordam (vaqtimni qaytarib) bermaydi.

 

Xoʻsh, nima ham derdim? Menimcha, qoʻlida ozgina qolgan boʻlsa ham, ehtiyojiga yetarli boʻlsa, bunday odamni kambagʻal deb boʻlmaydi. Ammo sen oʻz boyliging (vaqting)ni aynan hozirdanoq avayla, chunki boshlash uchun eng toʻgʻri fursat – shu ondir. Ajdodlar aytgani kabi, idish tubida qolganini asrab-avaylashga endi kech. Zotan, tubidagi narsa oz boʻlishi bilan birga sarqit hamdir.

Salomat boʻl.

 

SHARH

Birinchi maktubda Seneka stoitsizm falsafaning yoʻnalishini belgilab berayotganiga guvoh boʻlamiz. U Lutsiliyga “oʻzing uchun oʻzingni zabt et” deb murojaat qilar ekan, insonni tashqi dunyodan emas, oʻz beparvoligidan qutqarishni nazarda tutadi. Bu yerda “zabt etish” harbiy yoki siyosiy maʼnoda emas, balki ichki mustaqillik maʼnosida qoʻllanadi, inson oʻz vaqti ustidan hokim boʻlmasa, u oʻz hayotining egasi ham emas, degan maʼnoni yetkazmoqchi boʻladi.

 

Maktubda vaqtni isrof qilishning uch shakli ajratiladi, vaqtni kuch bilan tortib olishadi (zulm, majburiyat, tashqi bosim); vaqtni oʻgʻirlashadi (boshqalar oʻzining maqsadlari uchun irodasiga boʻysundiradi); vaqt behuda oqib ketadi (insonning oʻzi beparvo boʻlib qoladi va vaqt nazoratsiz uzuq-yuluq maqsadlar bilan oʻtadi). Eng ogʻiri – uchinchi holat. Chunki birinchi ikkita vaziyatda inson jabrlanuvchi boʻlishi mumkin, ammo uchinchisining shakllanishiga oʻzi sababchi. Demak, inson baxtsizligi uchun asosiy aybdor taqdir yoki jamiyat emas, balki oʻzining beparvoligi ekani koʻrinadi.

 

Seneka “biz umrimizning koʻp qismini ahmoqona ishlarga, anchagina qismini bekorchilikka sarflaymiz” deya taʼkidlarkan, u vaqtni faqat “bekor oʻtirish” bilan yoʻqotishni emas, balki mazmunsiz faollikni ham tanqid qiladi. Band boʻlish har doim ham maʼnoli vaqt oʻtkazish, degani emas. Inson ishlashi mumkin, lekin keraksiz ish qiladi, harakatda boʻlishi mumkin, lekin maqsadsiz, jamiyat ichida yashashi mumkin, lekin oʻzi bilan umuman yashamasligi mumkin. Natijada butun umri kerakli ishlarga sarflanmay oʻtib ketadi. Bu yerda “kerakli ishlar” deganda Seneka mansab, boylik yoki shon-shuhratni emas, balki insonni ichki jihatdan mukammal qiladigan ishlar – tafakkur, axloqiy poklanish, ruhiy tarbiyani nazarda tutadi. Shuning uchun vaqt – insonning eng qimmat mulki, chunki u yagona qaytarilmas neʼmat. Uni pul kabi orttirib boʻlmaydi, meros qoldirib boʻlmaydi, oʻrnini toʻldirib boʻlmaydi. Kim vaqtini ehtiyot qilmasa, u hayotini ham ehtiyot qilmagan boʻladi. Bu fikr orqali u Lutsiliyni, aslida esa har bir oʻquvchini hayotni kechiktirmaslikka chaqiradi. Chunki hayot keyin boshlanmaydi, u aynan vaqtni sarflayotganingda namoyon boʻladi.

 

“Biz oʻlimni kelajakdagi voqea deb qabul qilamiz, holbuki uning katta qismi allaqachon ortimizda qolgan”. Bu fikr odatiy tasavvurni agʻdarib tashlaydi. Odatda inson “men hali tirikman, oʻlim keyin keladi” deb oʻylaydi. Seneka esa, sen yashab oʻtgan har bir yil, allaqachon oʻlimga tegishli, deydi. Demak, oʻlim faqat oxirgi lahza emas, balki butun oʻtgan umrning nomidir. Shu nuqtada vaqt va oʻlim ajralmas tushunchalarga aylanadi. Bu qarash insonni mohiyatga olib kiradi, sen har kuni yashamayapsan, balki vaqting har kuni kamayib boryapti. Soat oʻtishi – faqat harakat emas, balki yoʻqotish hamdir. Lekin bu fikr qoʻrqitish uchun emas, aksincha, uygʻotish vositasi sifatida qoʻllaniladi. Shuning uchun u Lutsiliyga shunday maslahat beradi: “bir soniyani ham behuda oʻtkazma”. Bu yerda gap toʻxtovsiz ishlab, oʻzini qiynash haqida emas. Gap kechiktirish illatini yengish haqida. Inson hayotini eng tez sovuradigan narsa – ertaga suyanish. Ertaga degan umid insonni bugundan mahrum qiladi. Bugun qoʻldan chiqqani sari, hayot sezilmasdan oʻtib ketadi.

 

“Bugungi kunni mahkam tuta olsang, ertangi kunga kamroq qaram boʻlasan” degan jumla stoik falsafaning tamoyilini ifoda etadi: inson faqat hozirgi lahza ustidan hokimiyatga ega. Oʻtmish qaytib kelmaydi, kelajak esa kafolatlanmagan. Shuning uchun ozodlik ham, maʼno ham, masʼuliyat ham aynan hozirda joylashgan. Kechiktirib yurarkansan, butun hayoting qanday oʻtib ketganini sezmay qolasan. Bu yerda fojia oʻlimning oʻzi emas, balki yashamasdan oʻlib ketishdir. Eng katta baxtsizlik – qisqa umr emas, balki eʼtiborsizlikda oʻtgan umr.

 

Seneka insonni vaqtni hisoblashga emas, balki vaqtni anglashga chaqiryapti. Chunki vaqtni anglagan insongina hayotni anglaydi. Hayot esa keyin emas hozir sodir boʻlyapti.

 

Bizdagi hamma narsa oʻzganiki, faqat vaqt bizniki, tezisi birinchi qarashda gʻayrioddiy tuyuladi, chunki inson odatda mulki, tanasi, maqomi, hatto bilimini “oʻzimniki” deb hisoblaydi. Seneka esa bu tasavvurni shubhaga oladi, boylik ham, shuhrat ham, jism ham – barchasi yoʻqoluvchi, tortib olinadigan narsalar. Inson ularga egalik qilmaydi, faqat vaqtincha foydalanadi. Shu maʼnoda, insonning yagona haqiqiy mulki u sarflayotgan vaqtdir. Tabiat bizga aynan eng beqaror narsani – oʻtkinchi, suv kabi oquvchi vaqtni “egalik”ka bergan. Achinarlisi, odamlar bu mulkni himoya qilmaydilar. Seneka “kim istasa tortib olaveradi” deya taʼkidlarkan, jamiyatda vaqtning hech qanday qiymati yoʻqligini nazarda tutadi, har kim boshqaning vaqtini talab qiladi, boʻladi, yoʻq qiladi va bunga kamchilik sifatida qaralmaydi.

 

Shu nuqtada u “oʻlimga mahkumlar” iborasini ishlatadi. Bu jismoniy jihatdan qatlni kutayotgan odamlar emas, balki barcha insonlar degani, chunki har kim oʻlimga mahkum. Ana shu umumiy holatdagi insonning “ajoyib johilligi” shundaki, u kimdandir arzimagan, oʻrnini oson bosish mumkin boʻlgan narsani olsa, oʻzini qarzdor deb biladi. Lekin vaqtni olarkan, unday deb hisoblamaydi. Axloqiy tartibotning teskari ketgani koʻrsatiladi: qaytarilishi mumkin boʻlgan narsa uchun minnatdorlik bor, qaytarilishi mumkin boʻlmagan narsa uchun esa yoʻq. Holbuki, kimdir senga vaqtini bergan boʻlsa, u senga hayotining bir qismini bergan boʻladi. Seneka taʼkidlaydi: hatto minnatdor boʻlish ham bu qarzni yopmaydi, chunki birovning vaqtini hech qachon qaytara olmaysan. Demak, vaqt – axloqiy jihatdan eng ogʻir qarzni tugʻdiradigan neʼmatdir. Shu tariqa, vaqt faqat xronologik oʻlchov emas, balki axloqiy birlikka aylanadi. Vaqtni behuda olish – bu beadablik emas, balki zulm. Vaqtni beparvo sarflash – oʻz hayotiga nisbatan xiyonat. Boshqaning vaqtini eʼtiborsiz yoʻq qilish esa uning mavjudligini arzimasga chiqarishdir.

 

Seneka insonni mulkka boʻlgan munosabatini qayta koʻrib chiqishga undaydi. Agar inson haqiqatan ham oʻzini ongli mavjudot deb bilsa, u eng avvalo, vaqtni muhofaza qiladi – ham oʻzinikini, ham boshqalarnikini. Chunki vaqtga boʻlgan munosabat hayotga boʻlgan munosabatning aniq oʻlchovidir.

 

Seneka oʻzini mutlaq namuna sifatida koʻrsatmaydi. Aksincha, u Lutsiliy ehtimoliy bildirishi mumkin boʻlgan eʼtirozni oldindan qabul qiladi: “agar nasihat qilayotgan boʻlsang, oʻzing qanday yashayapsan?” Bu savolga u himoya yoki oʻzini oqlash bilan emas, balki samimiy iqror bilan javob beradi. U oʻzini “isrofgar” deb ataydi, lekin befarq isrofgar emas, hisob-kitobini biladigan isrofgar.

 

Bu yerda muhim farq bor. Seneka uchun vaqt yoki hayotni yoʻqotishning oʻzi emas, balki uni anglamasdan yoʻqotish halokatlidir. U “hech narsa yoʻqotmayapman” deb daʼvo qilmaydi, ammo yoʻqotishning miqdorini, sababini va tarzini aniq bilishini taʼkidlaydi. Shu bilan u insonni hayvondan ajratadigan narsani – oʻz harakatlari ustidan hisob berish qobiliyati koʻrsatadi. Matndagi “yoʻqsillik” tashbehi, moddiy kambagʻallik emas, balki vaqt va hayotni boshqarishdagi zaiflik. U oʻzini “aybi bilan emas, balki sharoit tufayli nochor boʻlib qolgan” odamga qiyoslaydi. Seneka bu fikr bilan, inson taqdir, jamiyat, majburiyatlar bosimi ostida vaqtini yoʻqotishini tan oladi. Lekin shu bilan birga u muhim bir haqiqatga eʼtiborni qaratadi – bunday holatda jamiyat insonni kechiradi, ammo yordam bermaydi.

 

“Hech kim vaqtimni qaytarib bermaydi”, jumlasi orqali Seneka axloqiy sarobni parchalaydi, inson oʻz xatolari uchun kechirilishi mumkin, ammo vaqt nuqtai nazaridan kechirimning qiymati yoʻq. Chunki vaqt – qayta tiklanmaydigan neʼmat. Demak, inson hayotida eng ogʻir oqibatlar aybdan emas, balki qaytarib boʻlmaydigan yoʻqotishdan kelib chiqadi.

 

Seneka “men sendan ustunman” demaydi, balki “men ham sen bilan bir holatdaman” deydi. Ustozlik bu yerda namuna koʻrsatish emas, balki oʻz zaifligini anglab, undan xulosa chiqarishda koʻrinadi. Shu bois uning nasihati axloqiy zoʻravonlikka aylanmaydi; u insonni ayblash emas, uygʻotishni maqsad qiladi. Yoʻqotishlar muqarrar, lekin ularni anglash – donishmandlikka birinchi qadamdir. Seneka bu orqali shunday deydi: hayotni toʻliq nazorat qila olmasang ham, uning hisobi sening qoʻlingda. Shu hisob boshlangan joyda falsafa ham boshlanadi.

 

U kambagʻallikni miqdor bilan emas, yetarlilik mezoni bilan oʻlchaydi. “Qoʻlida ozgina qolgan boʻlsa ham, ehtiyojiga yetarli boʻlsa, bunday odamni kambagʻal deb boʻlmaydi”, degan fikr stoitsizm tamoyilini ifodalaydi: insonning baxti egalik qilgan narsalarining koʻpligiga emas, ularga boʻlgan ehtiyojining kamligiga bogʻliq. Kambagʻallik – yoʻqlik emas, balki qoniqmaslikdir. Shu maʼnoda, koʻp narsaga ega boʻlib ham kambagʻal boʻlish mumkin, kam narsa bilan esa boy boʻlish mumkin.

 

Bu yerda “boylik” soʻzi maxsus qavs ichida “vaqt” bilan tenglashtiriladi. Bu juda muhim burilish, Seneka moddiy mulkdan koʻra vaqtni haqiqiy boylik sifatida koʻradi. Agar inson qoʻlida ozgina vaqt qolgan boʻlsa-yu, u hayot uchun kerakli ishlarga yetarli boʻlsa, u hali ham “kambagʻal” emas. Shu nuqtadan keyin maktubning ikkinchi markaziy gʻoyasi paydo boʻladi – hozirni kechiktirmaslik. Seneka uchun hayotni tuzatish, vaqtni avaylash, maʼnaviy tartibga kelish kelajak rejasi emas: u doimo hozir boshlanadi. Ertaga qoldirish – islohot emas, balki oʻz-oʻzini aldashdir.

 

“Idish tubidagini avaylashga endi kech” deyilishi bu – ogohlantirishdir. Bu yerda “idish” inson umrining qiyosi, “tubida qolgani” esa oxirgi yillar, oxirgi kuch, oxirgi vaqtdir. Agar inson hayotini boshidanoq eʼtiborsiz oʻtkazgan boʻlsa, faqat oxirida qolgan ozgina vaqtni “asrab” qolishi uni qutqarmaydi. Chunki tubida qolgan narsa nafaqat oz, balki sarqit, yaʼni kech qolgan, sifat jihatdan ham susaygan boʻladi. Seneka “kech” deganda mutlaq umid uzishni emas, balki xatarni koʻrsatadi: hayotni keyinga qoldirish uni sifatsiz yashash degani. Shuning uchun u hozirgi onni yagona haqiqiy boylik sifatida koʻradi.

 

Seneka shunday xulosaga olib keladi: insonning boy yoki kambagʻalligi qolgan vaqtning miqdori bilan emas, uni qachon va qanday sarflayotgani bilan belgilanadi. Hayotni tuzatish uchun eng toʻgʻri lahza – har doim hozir.

 

Hamid SODIQ

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ta’lim-tarbiya

12:02 / 12.02.2026 0 28
Olmoncha halollik





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//